Hukamolar aytadi: «Kimga to‘rt narsa berilsa, to‘rt narsadan mahrum bo‘lmaydi. Kimga duo qilish nasib etsa, ijobatdan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Qur’oni karimda Alloh: «Menga duo qilinglar, Men sizlarga ijobat qilaman», degan. Kimga istig‘for aytish berilsa, mag‘firatdan mahrum bo‘lmaydi. Alloh taolo: «Parvardigoringiz (Alloh)dan mag‘firat so‘ranglar, albatta, u o‘ta mag‘firatli bo‘lgan zotdir», deydi. Kimga shukr qilish berilsa, ne’matlarning ziyoda qilinishidan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Qur’oni karimda Alloh: «Agar shukr qilsalaring, batahqiq sizlarga ziyoda qilaman», degan. Kimga tavba qilish nasib etsa, qabuldan mahrum bo‘lmaydi. Zero, Alloh taolo: «U (Alloh) bandalaridan tavbalarni qabul qiladigan, gunohlarni afv qiladigan zotdir», deya marhamat qilgan.
Abu Hoshim Sufiy rivoyat qiladi: «Basraga otlandim. Bir kemaning oldiga keldim, unda bir kishi va uning joriyasi bor edi. U kemada joy yo‘qligini aytdi. Shunda joriya undan meni ham olishni so‘ragach, u meni oldi. Yo‘lga tushgan vaqtimizda kishi joriyasiga nonushta keltirishni buyurdi. Bas, nonushta keltirdi. Joriya: «Ana u miskinni ham chaqir», dedi. Birgalashib nonushta qildik. Nonushtadan keyin kishi: «Ey joriya, sharob keltir», dedi. Sharob ichgach, menga ham uzatishni buyurdi. Men bosh tortganimdan keyin Joriya: «Mehmonning haqqi bor» degan edi, meni tark etdi. U sarxush bo‘lib: «Ey joriya, nayingni keltir», dedi. Joriya nayni olib kuylay boshladi. Kishi menga qarab: «Shunaqa hayot kechirish yaxshimi?» dedi. «Menda bundan yaxshiroq narsa bor», dedim. «U nima ekan?» dedi. Shunda men: «A’uzu billahi minashÂshaytonir rojiym», deb ushbu oyatlarni o‘qiy boshladim: «Quyosh o‘ralib (nursizlanib) qolganida. Yulduzlar ham (o‘z falaklaridan) to‘kilganida. Tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida"¦» Shunda u yig‘lay boshladi. Men: «(Nomai a’mol) sahifalari ochilganida» oyatiga yetganimda, u: «Ey joriya, bor, sen Allohning roziligi uchun ozodsan», dedi va sharobni to‘kib yubordi, nayni sindirdi. Meni kelib quchoqladi-da: «Ey birodar, nima deysan, tavba qilsam, Alloh qabul qiladimi?» dedi. Men esa: «Albatta, Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutuvchilarni yaxshi ko‘radi», dedim. U men bilan birodar tutindi. Biz to uning o‘limiga qadar qirq yil inoq do‘st bo‘ldik. Birodarim vafot qilgach, uni tushimda ko‘rdim va unga: «Ey birodar, nimaga erishding?» dedim. U: «Jannatga erishdim», dedi. «Jannatga nima bilan erishding?» deb so‘raganimda, u: «Sening «(Nomai a’mol) sahifalari ochilganida» oyatini qiroat qilishing bilan», deb javob berdi».