Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222234 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:03:39

Imom Roziy raziyallohu anhu o‘z tafsirlarida shunday deydilar: «Qadr kechasida Jabroil alayhissalom Allohning amri bilan: «Yo farishtalar jamoasi, safarga, safarga!» deb nido qiladi. Farishtalar: «Yo Jabroil alayhissalom qaerga boraylik?» deyishadi. Jabroil alayhissalom shunday deb javob beradilar: «Bu kechaning bir qismida dunyoga nuzul qilamiz, chunki bu kechada Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummatlariga rahmat nazari bilan qaraydi va to‘rt guruhdan boshqa barchaning gunohlarini mag‘firat etadi». «U to‘rt guruh kimlar?» deb so‘radi farishtalar. Jabroil alayhissalom dedi: «Birinchi guruh — sharobxo‘rlar, ikkinchi guruh — ota­onasiga oq bo‘lganlar, uchinchisi mehr­shafqatni tark etganlar va to‘rtinchi guruh — musulmonga nisbatan gina­adovat saqlaganlar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Kim Qadr kechasida ikki rak’at namoz o‘qisa va salomdan keyin yetmish marta «Astag‘firillohi taolo va atibu ilayhi» desa, o‘rnidan turmasdanoq, Alloh taolo uni va ota­onasini mag‘firat etadi. Bir farishtaga u banda uchun jannatda daraxt o‘tkazishni, qasr bunyod etishni va ariq ochib, suv oqizishni amr etadi. U banda jannatdagi o‘zining joyini ko‘rmagunicha bu dunyodan ketmaydi».

Muso alayhissalom: «Iloho, sening yaqinligingni istayman», deb munojot qildilar. «Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman», dedi Alloh taolo. Muso alayhissalom: «Iloho, sening rahmatingning orzusidaman», deganlarida, «Mening rahmatim, Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir», dedi Alloh taolo. «Iloho sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman», dedilar. Alloh taolo aytdi: «Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman». Muso alayhissalom dedilar: «Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovvul qilishni istayman». «Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi», dedi Alloh. Muso alayhissalom: «Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman», deganlarida Alloh taolo aytdi: «Qadr kechasida istig‘forni ko‘p aytganlar do‘zaxdan najot topadilar». Muso alayhissalom: «Iloho, sening roziligingni topishni istayman», dedilar. «Yo Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rak’at namoz o‘qiganlar topadilar», dedi Alloh taolo.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:03:53

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Qadr kechasida Alloh taolo farmoni bilan osmondan to‘rtta yalov yerga keltiriladi. Har bir yalov ostida yetmish ming farishta saf tortib turadi. Har bir yalovda «La-a ilaha illallohu Muhammadur rasululloh» kalimasi naqsh etilgan bo‘ladi. Farishtalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning Ahmad yalovini yer bilan osmon o‘rtasiga, Mag‘firat yalovini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ravzai muboraklariga o‘rnatadilar. Rahmat yalovini Ka’ba tomiga, Karomat yalovini Baytul Maqdisdagi Saxra ustiga o‘rnatadilar. Bu kechada farishtalar har bir musulmon eshigiga borib, yetmish marta salom berishadi. Bu kechada kim uch marta «La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasulullohu» desa, Alloh taolo o‘sha bandasini mag‘firat etib, jannatdan joy beradi».

Qadr kechasi xususida olimlar turli fikrlarni bayon etganlar. Ulamolardan ba’zilari, Laylatul qadr ramazon oyining boshidadir, deganlar. Ba’zilari uni ramazon oyining o‘n yettinchi kunida, ba’zilar esa, uni ramazonning oxirgi o‘n kunligida bo‘ladi, deganlar. Lekin sahobalar va mujtahidlarning umumiy fikri Laylatul qadr ramazon oyining 27-kechasida bo‘lishini ta’kidlaydi. Boyazid Bistomiy raziyallohu anhu: «Umrim davomida ikki marta qadr kechasini topganman. Bu ramazon oyining 27 kechasida sodir bo‘lgan edi», degan edilar.

Laylatul qadr to‘qqiz harfdan iborat. Alloh taolo Qadr surasida «Laylatul qadr» so‘zini uch marta takrorlaydi va uning yg‘indisi 27 soniga tengdir. Uning yashirin bo‘lganining hikmati shundaki, musulmonlar ramazon oyining kechalarini toat­ibodat bilan o‘tkazib ko‘proq savobga erishsinlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:04:18


Yetmish birinchi majlis
Ramazon hayitining fazilati


Alloh taolo aytadi: «Darhaqiqat, (kufru isyondan) pok bo‘lgan va Parvardigorining nomini yod etib namoz o‘qigan (har bir) kishi najot topgandir. Yo‘q, sizlar (ey kofirlar) hayoti dunyoni ustun qo‘yursizlar! Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir. Darvoqe, bu (surada mazkur bo‘lgan pand­nasihatlar) avvalgi (payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan) sahifalarda — Ibrohim va Muso sahifalarida ham bordir» (A’lo surasi, 14­19-oyatlar)

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam minbarga chiqib: «Amin», dedilar. So‘ng yana bitta ko‘tarilib: «Amin», dedilar. So‘ng yana bir bor ko‘tarilib: «Amin», dedilar. Muoz ibn Jabal: «Yo Rasululloh, minbarga chiqayotib, uch marta «Amin», dedingiz. Buning hikmati nima?» deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening oldimga Jabroil alayhissalom keldi­da: «Ey Muhammad, kim ramazon oyiga yetsa-yu, unda oxirigacha ro‘za tutmasa va bu oydan mag‘firat qilinib chiqmasa, Alloh uni o‘z mag‘firatidan yiroq qilsin», dedi. Men: «Amin» dedim. Va «Kimning ota­onasi yoki ulardan biri hayot bo‘lib, ularga yaxshilik qilmasdan vafot etsa, Alloh uni o‘z mag‘firatidan yiroq qilsin» dedi, men: «Amin» dedim, «Kimning oldida ismingiz zikr qilinsa-yu, u sizga salovot aytmasa, Alloh uni o‘z mag‘firatidan yiroq qilsin» dedi. Men: «Amin», dedim».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:04:29

Ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Agar mo‘minlar ramazon ro‘zasini tutib, so‘ngra hayitga chiqishsa, Alloh: «Ey farishtalarim, birovning xizmatini ado etgan kishi xizmat haqini talab etadi. Bandalarim Mening ro‘zamning xizmatini ado etib, haqlarini olmoq uchun namozgohga bormoqdalar. Sizlar guvoh bo‘ling, ularni mag‘firat qildim» deydi. Shunda farishtalar: «Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlari, endi uylaringizga boringlar. Alloh taolo gunohlaringizni kechirdi», deb nido qiladilar. «Ey bandalarim, Men uchun ro‘za tutdingiz, mening farmonim bilan og‘iz ochib, iftor qildingiz, endi shod bo‘ling, sizni mag‘firat etdim», deydi Alloh».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firatdir. Oxiri esa do‘zaxdan ozod bo‘lishdir» dedilar. Boshqa bir hadisda esa: «Alloh ramazonning har bir soatida Qadr kechasigacha azobga haqli bo‘lgan 600 ming kishini do‘zaxdan ozod qiladi. Bu kechada esa oyning boshidan buyon ozod qilinganlar adadicha insonlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ramazon hayitida esa butun oy va Qadr kechasida ozod qilinganlar miqdoricha bo‘lganlarni do‘zaxdan ozod qiladi» deganlar.
Anas ibn Molik Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan aytdilar: «Bandalarning tutgan ro‘zalari fitr sadaqasini bermagunlaricha osmon bilan yer o‘rtasida muallaq holda qoladi. Fitr sadaqasini bergach, Alloh ularning ro‘zasiga ikkita qanot ato qiladi. U bu qanotlar bilan yettinchi osmongacha uchib boradi. So‘ngra Alloh uni bu ro‘zaning egasi kelgunicha arshning qandillarida saqlaydi». Boshqa bir hadisda esa: «Mo‘min banda uchun beshta hayit (bayram) bor: nomai a’moliga gunoh yozilmagan har bir kun, dunyodan iymon va shahodat bilan ketmoq, sirot ko‘prigidan o‘tib, qiyomat dahshatlaridan omon qolgan kun, jannatga kirgan kun, jannatda Allohning jamolini ko‘radigan kuni.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:04:43

Vahib ibn Munabbahdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Iblis alayhi la’na har bir hayitda ovozining boricha qichqiradi. Shunda barcha shaytonlar uning oldiga jamlanadilar va unga: «Ey Sardorimiz, kim seni g‘azablantirdi. Biz uni halok qilamiz» deyishadi. Iblis: «Hech kim, lekin Alloh taolo bu kunda mo‘min bandalarini mag‘firat qildi. Agar sizlar harak’at qilib, ularni nafs shahvati va sharobxo‘rlikka mashg‘ul qilsangiz, Alloh taolo ularni azobga duchor etgan bo‘lardi», deydi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey ummatlarim, Alloh taolo hayit kuni sizlarni fitr sadaqasi va xayrli amallaringiz uchun, namoz va zakot, tasbeh va tahlillaringiz uchun gunohlaringizni mag‘firat etadi, duolaringizni qabul qiladi. Alloh sizlarga rahmat nazari bilan qaraydi», dedilar.

Hikoya qilinishicha, Solih ibn Abdulloh raziyallohu anhu fitr (ramazon) hayiti kunida hayit namozini o‘qib, uyiga kelgandan keyin ahli oilasini atrofiga to‘plab, o‘z bo‘yniga zanjirlar solardi va boshiga kul­tuproq sochib, zor­zor yig‘lardi. Oila a’zolari unga: «Ey Solih, bugun hayit hamma xursand bo‘ladigan kun. O’zingizni nega bunday ahvolga solasiz?» deb so‘rganlarida, u shunday deb javob berardi: «Bugun hayit va shodlik kuni ekanini yaxshi bilaman. Parvardigorim menga ro‘za va fitr xizmatini ado etishni buyurgan edi, ularni qo‘limdan kelganicha bajardim. Lekin qabul qilgan­qilmaganini bilmayman».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Ramazon hayiti kuni Alloh farishtalarni yuboradi. Ular yerdagi shaharlarga tushadilar va: «Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummati hayit namoziga chiqinglar» deydilar. Ular namozgohlarga borganlarida Alloh taolo aytadi: «Ey farishtalar, guvoh bo‘linglarki, albatta, Men ularning tutgan ro‘zalarining savobiga roziman va ularni mag‘firat qildim».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:04:55

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hayit kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko‘chaga chiqdilar. Bolalar o‘yin­kulgi bilan mashg‘ul edilar. Faqat bitta kir va juldur kiyimli bola chetda o‘tirib yig‘lardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Ey bola, bugun hayit, hamma bolalar quvnab, o‘ynab-kulib yuribdi, sen nega yig‘layapsan?» deb so‘radilar. U dedi: «Otam g‘azotga borib halok bo‘ldi, onam esa turmushga chiqdi va menga tegishli mol­ashyolarni yeb tugatdi. O’gay otam meni uydan haydab yubordi. Hozir mening na kiyishga kiyimim, na yeyishga ovqatim bor va na uy­joyim. Hamma bolalarning ota­onalari bor ular, chiroyli kiyimlar kiyishib, bugun o‘yin-kulgu qilyaptilar. Agar otam tirik bo‘lganda edi, men ham yangi kiyimlar kiyib, o‘ynagan bo‘lardim», dedi. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bolaning qo‘lidan ushlab: «Ey bola, men otang bo‘lsam, Oisha onang bo‘lsa, Ali amaking, Fotima opang, Hasan­Husayin akalaring bo‘lsalar, rozi bo‘larmiding?» deb so‘radilar. «Yo Rasululloh, albatta rozi bo‘lardim», dedi bola. Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni uylariga olib borib, qornini to‘ydirdilar, chiroyli kiyimlar kiydirib, har xil hidli narsalar sepdilar. Bola Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uylaridan xursand bo‘lib chiqdi va bolalarga qo‘shilib o‘ynay boshladi. Uni ko‘rgan bolalar: «Hozirgina yig‘lab o‘tirgan eding, endi esa juda xursand ko‘rinasan», deyishdi. «Otam yo‘q edi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam otam bo‘ldilar. Oisha raziyallohu anhu onam bo‘ldilar, Och edim qornimni to‘ydirdilar, yalang‘oya edim, anvoyi kiyimlar kiydirdilar, men xursand bo‘lmay, kim xursand bo‘lsin», dedi bola. «Qaniydi bizlarning otalarimiz ham g‘azotda shahid bo‘lganlarida edi», deyishdi bolalar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlarida bola faryod qilib yig‘lab: «Men endi g‘arib va yetim bo‘ldim» dedi. Shunda Abu Bakr uni o‘z homiyliklariga oldilar.
Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu bir safar fitr sadaqasini berishni unutgan ekanlar. Hayit namozidan keyin eslariga tushib, fitr sadaqasi o‘rniga bir qulni ozod qildilar, so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, fitr sadaqasini hayitdan oldin berishni unutgan ekanman. Uning o‘rniga bir qulni ozod etdim» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytdilar: «Ey Usmon, yuzta qulni ozod etganing savobi fitr sadaqasini hayitdan ilgari berganlikning savobiga teng bo‘lmaydi».

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh taolo fitr sadaqasini hayitdan oldin ado etgan kishini gunohlardan poklaydi va unga o‘nta yaxshilik ato qiladi: uni barcha do‘zax otashidan ozod qiladi, tutgan ro‘zasini qabul qiladi, o‘sha bandaga jannatni vojib qiladi, qabrdan sog‘­salomat turg‘izadi, o‘sha yili qilgan barcha xayrli amallarini qabul qiladi, o‘sha bandaga Payg‘ambar alayhissalomning shafoatini vojib qiladi, Sirot ko‘prigidan yashin tezligida o‘tkazadi, Mezonda uning savoblarini og‘ir qiladi, uning ismini baxtsizlar daftaridan o‘chirib tashlaydi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:05:16

Yetmish ikkinchi majlis
Zulhijja oyining o‘n kuni haqida


Alloh taolo aytadi: «Tongga qasam; (Zulhijja oyidagi avvalgi) o‘n kechaga qasam; juft va toq (rak’atli namozlar)ga qasam. O’tib borayotgan kechaga qasamki, (albatta kofirlar azobga giriftor bo‘lurlar)! Mana shu (qasam ichilgan narsalarda) aql egasi uchun (etarli) qasam bordir?!» (Val­fajr surasi, 1­5-oyatlar).

Hasan ibn Alidan raziyallohu anhu aytdilar: «Agar masjidga kirsang, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salom bergin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mening qabrimni saylgoh qilib olmanglar va uylaringizni esa qabr qilib olmanglar (ya’ni, uylaringizda ham namoz o‘qiyveringlar) va qaerda bo‘lsalaringiz ham menga salovot aytingiz, albatta sizlarning salovotlaringiz menga yetib turadi», deganlar.

Avsdan raziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Juma kuni menga salovotni ko‘p aytinglar, albatta sizlarning aytgan salovotlaringiz menga ko‘rsatib turiladi», deganlar. Salmon ibn Sihim aytadilar: «Men tushimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rdim va: «Yo Rasululloh! Odamlar sizni oldingizga kelib, sizga salom bermoqdalar, ularning salomlarini eshitasizmi?» deb so‘radim. U kishi: «Ha, eshitaman va salomlariga javob ham qaytaraman», dedilar».
Kim zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida ro‘za tutsa, Alloh o‘sha bandaga quyidagi yaxshiliklarni ato qiladi: umriga baraka beradi; molini ko‘paytiradi; ahli oilasini turli balo va ofatlardan saqlaydi; bu ro‘zani gunohlariga kafforat qiladi; solih amallarni ziyoda qiladi; jon berishini oson qiladi; qabrini yorug‘ qiladi, mezon tarozusida solih amallarni og‘ir qiladi; do‘zax otashidan ozod qilib, jannatda darajasini ko‘taradi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh nazdida zulhijjaning o‘n kunidan ulug‘roq kun yo‘qdir. Hech qaysi amal ushbu o‘n kunda qilingan amalchalik Alloh taologa suyukli emas. Bas, o‘sha kunlarda tahlil, takbir va hamdni ko‘p aytinglar!» (Ahmad rivoyati)

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:05:33

Ushbu o‘n kun ichida kelgan juma esa ikki fazlni o‘zida jamlagani uchun boshqa jumalardan afzal sanaladi.

Alloh taolo yil kunlari ichidan uchta o‘n kunlikni tanlab olgan: Laylatul qadrning fazilati sababli ramazonning oxirgi o‘n kuni. Zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni, chunki unda tarviya va arafa kuni, qurbonlik, talbiya, haj va boshqa turli ibodatlar mavjud. Uchinchisi, Ashuro kuni sabab Muharram oyining avvalgi o‘n kunidir.

Arafa kuni alohida fazl va xususiyatlarga ega bo‘lgani uchun uning fazilati va sharafi xususida batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Birinchidan, arafa kuni dinimiz mukammallikka yetgan kundir.

Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Yahudlar menga kelib aytishdi: «Sizlar bir oyatni o‘qiysizlar. Agar o‘sha oyat bizga nozil bo‘lganda edi, uni bayram qilib olgan bo‘lardik». «Men o‘sha oyatning qachon va qanday nozil bo‘lganini, u nozil bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaerda turganlarini ham bilaman. Allohga qasamki, u arafa kuni bo‘lib, biz ham, Arafotda edik. Bu oyat ushbudir: «Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne’matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim» (Moida, 3­oyat)

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:05:57

Bundan tashqari, Alloh taolo haj ibodatini Ibrohim alayhissalom asoslariga qaytardi. O’sha yili haj mavsumidan boshlab hajda mushriklar ishtirok etishi ham, shirk amallari bajarilishi ham man qilindi. Shuning uchun o‘sha yildan buyon Arofotda musulmonlar orasida mushriklar bo‘lmadi. Ne’matning to‘kis bo‘lishi esa Alloh taoloning mag‘firati tufayli hosil bo‘ldi. Zero, ne’mat mag‘firatsiz to‘liq bo‘lmaydi.
Alloh taolo shunday deydi: «Ey Muhammad, Alloh sizning gunohingizdan ilgari o‘tgan va keyin keladigan narsalarni (ya’ni barcha gunohlaringizni) mag‘firat qilish va sizga O’z ne’matini to‘kis­komil qilib berishi uchun...» (Fath surasi, 2­oyat)

Ikkinchidan, arafa bayram kunidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Arafa kuni qurbonlik va tashriq kunlari bo‘lib, biz ahli islomning bayramidir. Bu kunlar yeb­ichadigan kunlardir» (Abu Dovud rivoyati).

Uchinchidan, arafa kuni tutilgan ro‘za ikki yilga kafforat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Arafa kuni tutilgan ro‘za o‘tgan va kelgusi yil (dagi gunohlar)ga kafforat bo‘ladi» To‘rtinchidan, arafa kuni gunohlar kechiriladigan va jonlar do‘zaxdan ozod etiladigan kundir. «Oishadan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh taolo biron kuni arafa kunichalik ko‘p bandani do‘zaxdan ozod etmaydi. So‘ng ular bilan (ya’ni do‘zaxdan ozod qilingan bandalari bilan) farishtalar oldida faxrlanadi» (Muslim rivoyati)

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:06:14

Ibn Abu Barr aytadilar: «Bu o‘sha bandalarning gunohlari mag‘firat etilganiga ishoradir. Chunki Alloh taolo gunoh­ma’siyat ahli bilan hech qachon faxrlanmaydi. Faqat tavba va mag‘firatdan so‘ng bu narsa bo‘lishi mumkin.

Xabarlarda keladiki, Muso alayhissalom shunday deb munojot qildilar: «Yo Parvardigoro, dargohingdan hojatimni ravo qilishni so‘rab duo qilgan edim, ijobat bo‘lmadi. Barokotidan hojatim ravo bo‘ladigan biror narsa bergin. Allohdan vahiy keldi: «Yo Muso, zulhijja oyining o‘n kunligida «La-a ilaha illalloh»ni ko‘p aytgin. Muso alayhissalom dedi: «Yo Parvardigoro. «La-a ilaha illalloh» zikrini aytish menga xosmi, yoki har bir bandang uchunmi?»Bunga javoban shunday vahiy keldi: «Har kim zulhijja ayyomida «La-a ilaha illalloh» kalimasini bir marta aytsa, tarozining bir pallasiga osmon va yerning yetti tabaqasi, ikkinchi pallasiga «La-a ilaha illalloh» kalimasi qo‘yilsa, bu kalima ularning hammasidan og‘ir keladi».

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Alloh taolo Odam alayhissalom tavbasini zulhijja oyining birinchi kunida qabul qildi. Bu kunda kim ro‘za tutsa, Alloh taolo uning barcha gunohlarini mag‘firat qiladi. Zulhijjaning ikkinchi kuni Yunus alayhissalomning tavbasi qabul qilindi va baliq qornidan eson­omon xalos bo‘ldi. Har kim bu kunda ro‘za tutsa, Alloh hech kamu­ko‘sti bo‘lmagan, bir yillik toat­ibodatning savobini o‘sha bandaning nomai a’moliga yozadi. Zulhijjaning uchinchi kuni Alloh Zakariyo alayhissalomning duosini qabul qildi va Yahyo alayhissalom ni unga ato etdi. Ushbu kuni ro‘za tutganlarning duolarini Alloh taolo mustajob etadi. Zulhijjaning to‘rtinchi kuni Iso alayhissalom tavallud topdilar. Bu kuni ro‘za tutgan bandadan Alloh faqirlikni yiroqlashtiradi. Zulhijjaning beshinchi kuni Muso alayhissalom tavallud topdilar. Bu kunda ro‘za tutgan bandani Alloh ikkiyuzlamachilikdan, munofiqlikdan saqlaydi. Zulhijjaning oltinchi kuni Xaybar fath etildi. Shu kuni ro‘za tutgan bandaga Alloh taolo hurmat nazari bilan qaraydi va bundan keyin uni azobga solmaydi. Yettinchi kuni do‘zax eshiklari yopiladi va bu o‘n kunlik tugamagunicha ochilmaydi. Bu kuni ro‘za tutgan kishidan mashaqqatning uch eshigi yopiladi va osoyishtalikning o‘ttiz eshigi ochiladi. Zulhijjaning sakkizinchi kuni «talviya», deb nomlanadi. Bu kuni ro‘za tutgan bandaga Alloh taolo shuncha mukofot ato etadiki, uning hisobini O’zidan boshqa hech kim bilmaydi. Zulhijjaning to‘qqizinchisi arafa kuni bo‘lib, bu kunda ro‘za tutgan bandaning ikki yillik — avvalgi va kelgusi yilgi gunohlarini mag‘firat etadi. Zulhijjaning o‘ninchi kuni qurbonlik kunidir. Bu kunda har kim qurbonlik qilsa, Alloh taolo qurbonlik qonining har qatrasi barobarida uning va ahli oilasining gunohlarini mag‘firat etadi. Qurbonlikning go‘shtidan taom tayyorlab, musulmonlarga bersa yoki go‘shtini sadaqa qilsa, uning savob tarozisi Uhud tog‘idan ham og‘irroq keladi».

Qayd etilgan