Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Ayol erining uyidan ziynatlanib atrlarni sepib ko‘chaga chiqsa va uning bu ishiga eri rozi bo‘lsa, Alloh unday erga uning xotinining har bir qadami barobarida do‘zaxdan bir uy bino qiladi".
Talha ibn Abdulloh (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qaysi bir ayol erining yuziga noxush nazar qilib, qalbiga g‘am-anduh solsa, to u ayol erining yuziga kulib xursandchilik bilan boqib, surur baxsh etmaguncha, Allohning g‘azabida bo‘ladi".
Salmon Forsiy (r.a.) rivoyat qilganlar: "Fotima (r.a.) Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) nazar solib yig‘lab yubordilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Fotima! Nimaga yig‘layapsan?" dedilar. Fotima: "Kecha men bilan kuyovingiz ikkovimizning o‘rtamizda mazaxli so‘zlar bo‘ldi. Natijada erim mendan ranjib qoldi. Shunda men erimning g‘azabnok bo‘lganini ko‘rib, g‘am-anduhga tushdim, afsus-nadomatlar qildim. Erimning atrofida yetmish ikki marotaba aylanib, "Mendan rozi bo‘ling", dedim, axiyri yuzlarida xursandchilik va rozilikni paydo qildim", dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey qizim! Allohga qasamki, agar sen eringni rozi qilmay vafot qilganingda, janozangni o‘qimasdim", dedilar. So‘ng: "Ey qizim! Bilki, erning rizosi Xudoning rizosi va erning g‘azabi Allohning g‘azabi turur. Ey qizim! Agarchi ayol Imron qizi Maryamdek Allohga ibodat qilsa ham, lekin undan eri rozi bo‘lmasa, Alloh uning ibodatini qabul qilmaydi. Ey qizim! "Ayolning eng oliy ibodatlari — eriga itoat etish, afzal amallari esa tikish-bichishlaridir. Zero, bir soat to‘qish ishi ayollar uchun yuz yillik ibodatdan afzaldir. Chunki to‘qigan kiyimlari barobarida bir shahidning savobi ularning namoi amoliga bitilgay. Ey qizim! Qaysi bir ayol ip yigirib, undan eriga va bolalariga kiyim qilsa, unday ayolga jannat vojib bo‘ladi", dedilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qaysi bir kishining ikkita xotini bo‘lib, ikkalasining o‘rtasida taomda, nafaqa va yotishda barobarlikni qilmasa, unday er mening shafoatimdan umid qilmasin", dedilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimning xotini ikkita bo‘lib, ammo ularning o‘rtasida odillik bilan ish yuritmasa, birisiga ko‘proq moyil bo‘lsa, qiyomatda u bir yelkasi bir tarafga osilgan holida keladi" ("Murshidul mutfahhilin").