Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222263 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 36 B


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:06:21

Hazrati Oyisha (r.a.) aytadilarki: "Biz Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) oilalari bir oylab o‘choqqa o‘t yoqmas edik. Faqatgina xurmo va suv bilan kifoyalanardik. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytardilar: "Albatta, Alloh taolo dunyodan ko‘ra yomon ko‘radigan maxluqni yaratmagan. Alloh taolo uni yaratgandan beri unga nazar solmaydi".

Agar sizlar dunyoni talab qilsangizlar, mashaqqat chekasizlar. Agar oxiratni talab qilsangizlar, mashaqqat chekmaysizlar va o‘shanda Alloh taolo sizlarni yaxshi ko‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Kimki tong ottirganda dunyodan ko‘ra kattaroq g‘am-tashvishi bo‘lmasa, uning qalbi to‘rtta xislatga mubtalo bo‘ladi. Birinchisi, aslo ajralmaydigan tashvish, ikkinchisi, aslo forig‘ bo‘lmaydigan mashg‘ullik, uchinchisi, aslo boylikka aylanmaydigan kambag‘allik, to‘rtinchisi, intihosi bo‘lmagan orzu-umidlardir". Va yana Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "To‘rt narsa borki, u baxtsizlikdandir: ko‘zning quruqligi, qalbning qattiqligi, orzu-umidning ko‘pligi, dunyoni yaxshi ko‘rish". Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yana aytdilarki: "Agar Alloh nazdida dunyoning qadri pashsha qanotichalik bo‘lganda, kofirlarga dunyodan bir qultum suvni ham ravo ko‘rmas edi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:07:28

O‘ttiz yettinchi majlis
O‘LIMNING QATTIQLIGI BAYONI


Alloh taolo aytadi:
"Yana ushbu kitobda Idris (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat, u juda rostgo‘y payg‘ambar edi. Va Biz uni yuksak martabaga ko‘tardik" (Maryam surasi, 56—57-oyatlar).

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Nabiy va rasullarga salovot aytinglar, chunki ular ham men kabi elchi qilib yuborilganlar", deganlar.

Xabarlarda keladiki, agar Alloh taolo bir mo‘min bandani vafot ettirishni iroda qilsa, o‘lim farishtasi uni og‘zi tarafidan jonini olishga keladi. Shunda qilgan zikrlari chiqib: "Senga bu tarafdan yo‘l yo‘q. Chunki u bu og‘zida Rabbimni zikr qilgan", deydi. O‘lim farishtasi Alloh taoloning oldiga qaytib borib, bo‘lgan voqeani bayon qiladi. Alloh: "Uning jonini boshqa tarafidan ol", deb amr etadi. O‘lim farishtasi bandaning qo‘l tarafidan keladi. Uning sadaqalari, yetimlarni boshini silaganlari, yozgan ilmlari chiqib, avvalgisi aytgandek aytadi. So‘ng oyoq tarafidan keladi. Oyoqlari ham avvalgi gapni aytib: "Albatta, u men bilan jamoat namozlariga, ilm majlislariga borgan", deydi. So‘ng qulog‘i tarafidan keladi, quloqlari ham o‘sha gapni aytib: "U men bilan Qur’on va zikr tinglagan", deydi. So‘ngra ko‘zi tarafidan keladi, ko‘zlari ham avvalgi gapni takrorlaydi. Shunda o‘lim farishtasi Alloh taoloning oldiga borib, "Ey Rabbim, bandaning a’zolari menga hujjat bilan g‘olib kelishdi. Uni jonini qanday olaman?" deydi. Alloh taolo: "Kaftingga Mening ismimni yoz, so‘ngra uni mo‘minning ruhiga ko‘rsat", deydi. Allohning ismini mo‘min ruh ko‘rgan vaqtda, xursand bo‘lib, uning og‘zidan chiqadi. Alloh ismi barakasidan bandaning jonini olish vaqtidagi achchiqlik ham ketadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:08:30

Rivoyat qilinishicha, oriflarning ba’zisi, Qur’oni karimda Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Mo‘min jon jasadidan xamirdan qilni sug‘urgandek chiqadi", deb aytgan hadislarini qo‘llab-quvvatlaydigan oyat bormikin, deb o‘yladi. So‘ng Qur’onni tadabbur bilan o‘qib chiqdi, ammo topa olmadi. So‘ng tushida Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) ko‘rdi va: "Yo Rasululloh, Qur’oni karimda bu hadisning ma’nosini topmadim", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Yusuf surasidan qidir", dedilar. U uyqusidan turib, Yusuf surasini o‘qigan vaqtda, quyidagi oyatni topdi: "Keyin (Yusufga) ularning oldiga chiq, dedi. Bas, qachonki uni ko‘rishgach, (ular beixtiyor uni) olqishladilar va (o‘zlari sezmagan hollarida qo‘llaridagi pichoqlari bilan) o‘z qo‘llarini kesa boshladilar" (31-oyatdan). Ya’ni, ular Yusufni (a.s.) ko‘rgan vaqtlarida, u zotga mahliyo bo‘lib, qo‘llarini kesayotgandagi og‘riqni sezmadilar. Xuddi shuningdek, mo‘min farishtalarni, jannatdagi o‘rnini, undagi ne’matlarni, hurlarni, qasrlarni ko‘rgan vaqtda, ularga qalbi mahliyo bo‘lib, o‘limning alamini sezmay qoladi.

Idrisning (a.s.) jannatga ko‘tarilishlarini sababi haqida aytiladiki, u kishidan har kuni yer ahlining amalicha amal ko‘tarilar edi. Shunda o‘lim farishtasi u kishini ko‘rishga mushtoq bo‘ldi. Va Alloh taolodan Idrisni (a.s.) ziyorat qilishga izn so‘radi. Alloh taolo ruxsat bergandan keyin, inson suratida u kishining oldilariga keldi va salom berib, huzurlarida o‘tirdi. Idris (a.s.) ro‘za tutgan edilar, iftor vaqtida o‘lim farishtasiga, sen ham yegin, dedilar. Farishta yemasdan o‘tiraverdi. So‘ng Idris (a.s.) ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar, hatto quyosh chiqdi, farishta esa u kishining oldilarida o‘tirardi. Idris (a.s.): "Ey kimsa, men bilan sayr qilib kelmaysanmi?" dedilar. U, mayli, dedi. Ikkalasi sayr qila boshlashdi. Bir ekinzorga borgan vaqtlarida o‘lim farishtasi undan: "Bu ekinzordan yeyishimiz uchun boshoq olishimga izn berasanmi?" deb so‘radi. Idris (a.s.): "Subhanalloh! Kecha halol taomni yemading, bugun harom taomni yeyishni xohlaysanmi?" dedilar. Ikkalalari yana sayr etib ketishdi, oradan to‘rt kun o‘tdi. Idris (a.s.) hamrohlarida inson tabiatiga zid bo‘lgan holatlarni ko‘rdilar. Undan: "Sen kimsan?" deb so‘radilar. "Men o‘lim farishtasiman", dedi u. "Jonlarni olguvchi senmisan?" dedilar. "Ha", deb javob berdi farishta. Sen mening huzurimda to‘rt kundan beri turibsan, shu muddat ichida birorta jonni oldingmi?" deb so‘radilar. U: "Ha, juda ko‘p jonlarni oldim. Maxluqotlarning jonlari mening huzurimda dasturxon kabidir, sen xuddi luqmalarni olganingdek, men ham ularni olaman", dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:09:04

Idris (a.s.): "Ey o‘lim farishtasi! Sen meni ziyorat qilish uchun keldingmi yoki jonimni olish uchun?" deb so‘raganlarida, "Ziyorat qilish uchun keldim", deb javob berdi. Shunda Idris (a.s.): "Ey o‘lim farishtasi, mening senga bitta hojatim bor", dedilar. O‘lim farishtasi: "Qanday hojat?" deb so‘radi. "Jonimni olsangu Alloh taolo meni yana qayta tiriltirsa. O‘limning achchiqligini ta’tib ko‘rganimdan keyin yanayam ko‘proq ibodat qilaman", dedilar. O‘lim farishtasi: "Men Allohning iznisiz birorta jonning jonini olmayman", dedilar. Shunda Alloh taolo Idris (a.s.) jonini olishni farishtaga vahiy qildi. Bas, shu soatdayoq jonlarini oldilar. Idris (a.s.) vafot etdilar. O‘lim farishtasi Alloh taolodan birodari Idrisni (a.s.) tiriltirishni so‘radi. Alloh ijobat qilib, Idrisga (a.s.) qayta hayot berdi. Farishta: "Ey birodar, o‘limning achchiqligi qanaqa ekan?" deb so‘raganida, "Tirik hayvonni terisini shilishdan ming barobar alamliroq ekan", deb javob berdi. O‘lim farishtasi: "Men seni joningni olishdagi yumshoqlikni biror kimsaga qilmagan edim", dedi. Idris (a.s.) aytdiki: "Ey o‘lim farishtasi, mening senga yana boshqa hojatim bor. Albatta men jahannamni ko‘rishni xohlayman. Agar men undagi azoblarni ko‘rsam, yanayam ko‘proq Allohga ibodat qilaman". O‘lim farishtasi: "Allohning iznisiz, seni qanday qilib jahannamga olib boraman", dedi. Alloh taolo unga Idrisni (a.s.) jahannamga olib borishni vahiy qildi. O‘lim farishtasi Idrisni (a.s.) jahannamga olib bordi. Idris (a.s.) jahannamda kofiru zolimlarga tayyorlab qo‘yilgan jamiki azob turlarini ko‘rdilar. So‘ngra qaytishdi. Idris (a.s.) o‘lim farishtasiga: "Mening senga yana bitta hojatim bor. Meni jannatga olib bor, u yerda mo‘minlar uchun tayyorlab qo‘yilgan ne’matlarni ko‘ray va ibodat qilishim yanada ziyoda bo‘lsin", deganlarida, farishta: "Men seni Allohning iznisiz, qanday qilib jannatga olib boraman", deb javob berdilar. Shunda Alloh taolo o‘lim farishtasiga Idrisni (a.s.) jannatga olib borishni vahiy qildi. Farishta Idrisni (a.s.) jannat eshigi oldiga olib keldi. Idris (a.s.) jannatdagi ne’matlarni ko‘rgan vaqtlarida: "Ey birodar! O‘limning achchiqligini ta’tib ko‘rdim, jahannamning dahshatini ham bildim, endi mendan o‘limning achchiqligi, jahannamning qo‘rquvi ketishi uchun jannatga kirib suvlaridan ichib, mevalaridan ta’tib ko‘rishimni Alloh taolodan so‘rab bera olasanmi?" dedilar. O‘lim farishtasi izn so‘ragan edi, Alloh taolo kirib chiqishga izn berdi. Idris (a.s.) jannatga kirib, daraxtning ostida kovushlarini qoldirib chiqdilarda: "Ey o‘lim farishtasi, mening ikki kovushim jannatda qolib ketdi, meni jannatga qaytar", dedilar. Qaytib kirdilar-da chiqmadilar. O‘lim farishtasi: "Ey Idris chiq", dedilar. Idris (a.s.) chiqmayman, chunki Alloh: "Har bir nafs o‘lim sharbatini tatib ko‘rguvchidir", degan, men tatib ko‘rdim. Va: "Sizlardan har biringiz uni (jahannamni) ko‘rguvchidir", degan. Men ko‘rdim, va "ular jannatdan chiqquvchi emaslar", degan. Bas, endi kim meni jannatdan chiqaradi", deb aytdilar. Alloh o‘lim farishtasiga, qo‘yaver, Men azaldan uning ahli jannat bo‘lishini taqdir qilganman", deb vahiy qildi.

Ey birodar! G‘aflat uyqusidan uyg‘on va amalingni xolis Alloh uchun qil, chunki har bir amal xolis Alloh uchun qilinmas ekan, u riyodir. Riyo esa maxfiy shirkdir. Alloh riyokorning amalini qabul qilmaydi.

Ibn Avs aytadilar: "Bir kuni Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) yig‘lab turgan hollarida ko‘rdim va: "Yo Rasulalloh! Nima yig‘layapsiz?" deb so‘radim. "Ummatimning shirk keltirishlaridan qo‘rqyapman. Ular sanamlarga ibodat qilmaydilar, balki amallarida riyo qiladilar", deb javob berdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:06:07

O’ttiz sakkizinchi majlis
Namozni tark qiluvchilar bayoni


Alloh taolo aytadi: «So‘ng ularning ortidan namozni zoe qiladigan va shahvatlarga beriladigan kimsalar o‘rinbosar bo‘ldilar. Endi u (o‘rinbosarlar) albatta, yomonlikka, (ya’ni. yomon jazoga) yo‘liqurlar. Magar iymon keltirib, yaxshi amal qilgan zotlargina (azobga duchor qilinmaslar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror zulm qilinmas» (Maryam surasi, 59—60-oyatlar).

Hasan ibn Ali raziyallohu anhu aytadilar: «Agar masjidga kirsang, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salovot ayt. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mening uyimni saylgoh, o‘z uylaringizni qabriston qilib olmanglar. Qaerda bo‘lsangizlar ham, menga salovot aytaveringlar, chunki sizlarning salovotlaringiz menga yetkaziladi», deganlar». Boshqa bir hadisda: «Juma kuni menga ko‘p salovot aytinglar, chunki sizlarning salovotlaringiz menga ko‘rsatiladi», deyiladi.

Oyatdagi «namozni zoe qiladigan kimsalar»ning ma’nosi, uning vojibligiga e’tiqod qilmaydilar, deganidir. Ba’zilar, masjid va ibodatxonalarga bormay, ularga e’tibor bermay, xarob qiladilar, deyishgan. Ba’zilar esa, namozni, ibodatni ado etgandan so‘ng g‘iybat va riyo bilan zoe qilib yuboradilar, degan bo‘lsa, boshqalar, namoz o‘qiyotganda uning shart va arkonlarini tark etadilar, deganlar. Ba’zilar esa, g‘aflat bilan namozni tark qilib qazosini o‘qimaydilar, deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:06:16

Tarjimadagi «yomonlik» oyatda «g‘oyy» deb kelgan. Vahb ibn Munabbah: «G’oyy — jahannamdagi bir daryo bo‘lib, uning qa’ri chuqur, harorati issiq, ta’mi esa achchiqdir. Uning bir tomchisi bu dunyoga tushgudek bo‘lsa, dunyo ahlining hammasi halok bo‘ladi», deganlar. Ibn Abbos esa: «G’oyy jahannamdagi vodiydir. Jahannamning boshqa vodiylari, Alloh taolodan bu vodiyning yomonligidan panoh so‘rab, har kuni ming marta iltijo qiladilar. ¢oyy vodiyi namozni va jamoatni tark qiluvchilar uchun hozirlab qo‘yilgandir», deganlar. Zahhok: «G’oyy halokat va hasratdir», deb aytganlar.

Hikoya qilinishicha, bir kishi sahroda yurar edi. Bir kuni shayton unga hamroh bo‘ldi. U odam bomdod, peshin, asr, shom, xufton namozlarini o‘qimadi. Uxlaydigan payt bo‘lganda, kishi yotishga hozirlandi, shunda shayton qocha boshladi. U shaytonga: «Nima uchun mendan qochyapsan?» deb so‘radi. Shayton: «Men umrim davomida Alloh taologa bir marta osiylik qilib, mal’un bo‘ldim. Sen esa bir kunda besh marta osiy bo‘lyapsan. Alloh taolo senga azob yuborsa, senga qo‘shilib men ham azobga qolmay, deb, qo‘rqib qochyapman», dedi.

Rivoyat qilishlaricha, kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namoz haqida gapirib: «Kim namozni muhofaza qilsa, qiyomat kunida namozi u uchun nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kim namozni muhofaza qilmasa, qiyomatda uning uchun nur ham, najot ham, hujjat ham bo‘lmaydi. Namozga beparvo bo‘lganlar, uni o‘qimay zoe qilganlar qiyomat kuni Qorun, Fir’avn, Hamon va Ubay ibn Xalaf bilan birga bo‘ladi», dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:06:32

Yana Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilinadi: «Kim namozni jamoat bilan birga o‘qishga ahamiyat bermasa, Alloh undan o‘n ikki balo bilan qasos oladi. Uchtasi dunyoda, uchtasi o‘lim vaqtida, uchtasi qabrda, uchtasi qiyomatda. Dunyodagi uchta qasos: Alloh taolo uning kasbi va rizqidan barakani ko‘taradi; undan solihlarning nurini olib tashlaydi; u mo‘minlarning qalbida yomon ko‘rilib qoladi. O’lim vaqtidagilari: jonini olayotganda chanqab o‘ladi, hatto butun daryoning suvini ichib yuboradigan darajada bo‘ladi; joni qiyinchilik bilan chiqadi; Alloh saqlasin, iymonsiz ketishi ham mumkin. Qabridagi uch qasos: unga Munkar va Nakirning savoli qattiq bo‘ladi; qabri qop-qorong‘u bo‘ladi; qabri torayadi, hattoki qovurg‘alari bir-biriga kirishib ketadi. Qiyomatdagi qasoslar: unga hisob-kitob qattiq bo‘ladi; Rabbi unga g‘azab qiladi; uni do‘zax bilan azoblaydi». Shuning uchun azonni eshitgan kimsaga jamoatni tark qilish ruxsat yo‘q. Chunki jamoat bilan o‘qish sunnati muakkada, ya’ni ta’kidlangan sunnatdir. Agar qishloq ahli namozni jamoat bilan o‘qimasa, ularga qarshi qurol bilan urushish vojib bo‘ladi, bu Islom shioridir. Agar jamoatni birorta odam uzrsiz tark qilsa, unga ta’zir berish shartdir. Unday kishining guvohligi o‘tmaydi. Qo‘shnilar, imom va muazzin uni ogohlantirmay, sukut qilganlari uchun gunohkor bo‘ladilar. Ta’zirning eng ozi uch qamchidir. Uning molini olish ham ta’zir berish sanaladi, qolaversa, bu urishdan ko‘ra ta’sirliroqdir. Ba’zi ulamolar fiqh kitoblarini mutolaa qilish jamoatdan qolishga uzr bo‘ladi, lekin buni odat qilib olmagan bo‘lsa, deganlar. Kasallik, yomg‘ir, do‘l, sovuq, qattiq qorong‘ulik, xavf, hibsga olish kabilarning hammasi uzrlidir. Safar uzrga o‘tmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Jamoat bilan namoz o‘qishni tark qiluvchi Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Qur’onda ham la’natlangandir. Jamoatni tark qiluvchi yerda yursa, yer ham uni la’natlaydi», deganlar. Yana bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim besh narsani o‘zidan man qilsa, Alloh taolo undan besh narsani man qiladi. Birinchisi, kim duo qilmasa, Alloh unga ijobat etmaydi. Ikkinchisi, kim sadaqa bermasa, Alloh unga omonlik bermaydi. Uchinchisi, kim zakot bermasa, Alloh taolo uning molini muhofaza qilmaydi. To‘rtinchisi, kim ushr bermasa, Alloh taolo uning kasbiga baraka bermaydi. Beshinchisi, kim jamoat namoziga bormasa, Alloh undan «La-a ilaha illalloh Muhammadur rosululloh» kalimasini man qiladi», deganlar.

Aziz birodar! Agar jamoatni tark qiluvchining ahvoli shunaqa bo‘lsa, namozni tark qiluvchining ahvoli qanday bo‘ladi?! Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Masjidga borgan kimsaning iymoni borligiga guvohlik beringlar», deganlar. Alloh taolo esa Qur’oni karimda: «Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxiratga iymon keltirgan kimsalargina obod qiladilar», deb marhamat qilgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:06:44

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, bir ko‘r kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldlariga kelib: «Yo Rasululloh! Meni masjidga yetaklab keladigan odam yo‘q, menga namozimni uyda o‘qishga ruxsat bering», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga ruxsat berdilar. U qaytib ketayotganida, uni chaqirtirib: «Namozga aytilgan azonni eshitasanmi?» deya so‘radilar. «Ha», deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Unday bo‘lsa, jamoatga kel», dedilar. Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qorong‘u kechalarda masjidga keluvchilarga qiyomat kuni nur berilishi xushxabarini yetkazinglar», deganlar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam yana: «Namoz dinning ustunidir. Kim uni barpo qilsa, dinini barpo qilibdi. Kim uni tark qilsa, dinini tark qilibdi», deganlar.

Uqayl ibn Abu Tolib aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan safarda edim, ul zotda uch narsani ko‘rdim. Shu uch narsa sababli qalbimga Islom mahkam o‘rnashdi. Birinchisi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qazoi hojat qilmoqchi bo‘ldilar, shu yerda bir nechta daraxt bor edi. Menga: «Daraxtlarning oldiga borib, «Sizlarni Rasululloh chaqiryaptilar, u kishini to‘sib turar ekansizlar», deb ayt», dedilar. Men borib, gapimni tugatmasimdan, daraxtlar tomirlaridan ajralib kelib, Rasulullohni o‘rab turishdi. Forig‘ bo‘lganlaridan keyin daraxtlar o‘rinlariga qaytib ketishdi. Ikkinchisi, men qattiq chanqadim, lekin suv topa olmadim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu toqqa chiqib mening nomimdan salom ayt va, suving bo‘lsa, menga ber, de», dedilar. Men toqqa chiqib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning gaplarini ayta boshladim. So‘zimni tugatmasimdanoq, tog‘ odamga o‘xshab gapira ketdi: «Sen Rasulullohga borib ayt, men: «Ey iymon keltirgan zotlar! O’zingizni va ahlingizni yoqilgisi odamlaru toshlardan iborat bo‘lgan do‘zaxdan saqlangiz», oyati nozil bo‘lgandan beri o‘sha toshlar men bo‘lib qolishimdan qo‘rqib, yig‘lay-yig‘lay suvim qolmagan». Men hayratlar ichida qaytib keldim. Uchinchisi, ketayotgan vaqtimizda to‘satdan bir tuya Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldlariga yugurib kelib: «Yo Rasululloh! Yordam bering!» dedi. Shu payt uning orqasidan bir a’robiy qilich yalang‘ochlab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu bechoradan nima xohlaysan?» deb so‘radilar. U: «Yo Rasululloh! Men buni ko‘p pulga sotib olganman. Endi u menga itoat qilmayapti. Shuning uchun uni so‘yib go‘shtidan foydalanaman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tuyaga qarab: «Nima uchun unga itoat qilmayapsan?» deb so‘radilar. Tuya: «Men uning qabih amali tufayli unga osiy bo‘lmoqdaman, chunki u yashaydigan qabila xuftonni o‘qimay uxlashadi. Agar u xufton o‘qishga ahd qilsa, men ham unga osiy bo‘lmaslikka ahd qilaman. Chunki men ularning orasida bo‘lgan vaqtimda hammamizga Allohning azobi kelishidan qo‘rqaman», dedi. Rasululloh a’robiydan namozni tark etmaslikka ahd oldilar. Shunda tuya u bilan birga qaytib ketdi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:07:02

O’ttiz to‘qqizinchi majlis
Qur’ondan yuz o‘giruvchining mazammat qilinishi bayoni


Alloh taolo aytadi: «Sizlarga Men tarafimdan hidoyat kelganda, kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas. Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang-baxtsiz hayot bo‘lur va Biz uni qiyomat kuni ko‘r holda tiriltiramiz». U: «Parvardigorim, nega meni ko‘r qilib tiriltirding. Men ko‘rar edim-ku?!» der. Alloh ayturki: «Shunday. (Sen ko‘rar eding, lekin) senga Bizning oyat-mo‘‘jizalarimiz kelganida, ularni unutding. Bugun sen ham ana shunday unutilursan». Haddan oshgan va Parvardigorining oyatlariga iymon keltirmaganlarni mana shunday jazolarmiz. Oxirat azobi esa shak-shubhasiz qattiqroq va uzunroqdir» (Toha surasi, 123—127-oyatlar).

Ali ibn Abu Tolibdan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Qur’oni karimni o‘qisa va yod olsa, Qur’on halol deganni halol desa, harom deganni harom desa, Alloh uni jannatga kiritadi», deb aytdilar. Boshqa bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim namozda turib, Qur’onni o‘qisa, har bir harfi uchun yuzta savob oladi. Namozdan tashqarida tahorat bilan o‘qisa, har bir harfiga yigirma beshta savob oladi. Tahoratsiz o‘qisa, o‘ntadan savob oladi», dedilar. Ammo ulamolar tahoratsiz holda Qur’on o‘qishga odatlansa, odobsizlik qilgan bo‘ladi, deganlar. (Bu yerda Qur’onni yoddan o‘qish nazarda tutilmoqda. Mushafni tahoratsiz holda tutib o‘qish esa gunohdir. — Muharrir.)

Muoz ibn Jabal rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga safarda edim. «Yo Rasululloh! Bizga bir hadis ayting, biz undan foydalanaylik», dedim. Aytdilar: «Agar saodatmandlarning hayotini, shahidlarning o‘limini, qiyomat kuni najot topishni, issiq kunda soyani, zalolatdan hidoyatga chiqishni xohlasanglar, Qur’onni qiroat qilishda davom etinglar, chunki u Rahmonning kalomidir, shaytondan saqlanadigan qo‘rg‘ondir, mezonda og‘irlikdir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:07:15

Boshqa rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ummatimga ibodatlarning afzali Qur’onni qiroat qilish», deganlar.

Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Dihya Kalbiy arab podshohlaridan edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning Islomga kirishini judayam xohladilar. Uning haqqiga duo qilib: «Ey Alloh! Dihya Kalbiyning Islomga kirishini nasib qil», der edilar. Chunki uning qo‘l ostida yetti yuzta odam bor edi. U Islomga kirishni xohlagan paytda, Alloh taolo bomdod namozidan keyin Payg‘ambar alayhissalomga: «Ey Muhammad! Men Dihya Kalbiy qalbiga iymon nurini tashladim, u hozir oldinga kiradi», deb vahiy qildi. Dihya Kalbiy masjidga kirgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yelkalaridan ridolarini olib yerga to‘shadilar va uni o‘tirishga taklif qildilar. Dihya Payg‘ambarimizdan bu izzat-ikromni ko‘rgan paytda yig‘lab yubordi va yerdan ridoni olib o‘pdi. So‘ng: «O’ Rasululloh! Islomning shartlari nima?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «La-a ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh, deyishing», dedilar. Shunda u muborak kalimalarni qaytardi-da, yana yig‘lab yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Dihya Kalbiy! Nima uchun yig‘layapsan?» deb so‘radilar. U: «Men katta gunohlarni qilganman. Allohdan ularning kafforatini so‘rab bering. Agar o‘zimni o‘ldirishni buyursa, o‘zimni o‘ldiraman. Agar mollarimdan sadaqa chiqarishni buyursa, sadaqa chiqaraman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Dihya! Qanday gunoh qilgansan?» deb so‘radilar. «Men qabila oqsoqoliman, — dedi u, — qizlarim bo‘lishidan jirkanardim, chunki odamlar, falonchining o‘g‘li Dihya Kalbiyning kuyovi, deyishini xohlamas edim. Shuning uchun oltmishta qizimni o‘z qo‘lim bilan o‘ldirganman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bundan hayratlandilar. Shunda Jabroil tushib: «Ey Muhammad! Alloh: «Dihya Kalbiyga ayt, izzatim va ulug‘ligimga qasamki, sen «La-a ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh», degan vaqtingda oltmish yil kufr keltirganingni, Meni so‘kkaningni kechirdim-u, endi qanday qilib o‘zingniki bo‘lgan qizlaringni o‘ldirganingni kechirmayin» dedi», deb xabar berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yig‘ladilar va: «Ey Rabbim! Dihyani bitta shahodati bilan shuncha gunohini kechirding-u, qanday qilib, mo‘minlarni ko‘plab shahodat aytishlari bilan gunohlarini kechirmaysan», dedilar.

Jabroil alayhissalom, aytishlaricha, ko‘pincha vahiyni Dihya Kalbiyning suratida olib tushar edi. Bu kishining to‘liq ismi Dihya ibn Halif ibn Farva Kalbiydir. Yuzi chiroyligidan Madinaga kelgan vaqtida, u kishiga nazar tashlamagan biror qiz qolmagan ekan. Islom avvalida iymon keltirgan, Badr jangidan boshqa barcha jihodlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan birga qatnashgan. Damashq yaqinidagi bir qishloqda yashagan. Hijratning oltinchi yilida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam maktublarini Rum podshosi Hiraqlga olib borib, elchilik vazifasini o‘tagan. Hazrati Muoviya raziyallohu anhu xalifalik davrida urush maydonida shahid bo‘lgan.

Qayd etilgan