Vahb ibn Munabbah aytadi: «Iso alayhissalom kunlarning birida onalariga: «Bu dunyo foniydir, oxirat esa boqiy. Ey onajon, keling toqqa ketaylik», dedilar. So‘ng toqqa ketishdi. Ular kunduzi ro‘za tutishar, kechasi namozda qoim bo‘lishar edi. O’simliklardan yeb, yomg‘ir suvidan ichishardi. U yerda uzoq turib qolishdi. Bir kuni Iso alayhissalom iftorlikka o‘simlik olib kelish uchun tog‘dan pastga tushdilar. Shu payt o‘lim farishtasi kelib: «Senga salom bo‘lsin, ey Maryam», dedi. Maryam: «Sen kimsan, ovozingdan badanim titrab ketdi, haybatingdan aqldan ozishimga oz qoldi», dedi. «Men kichiklarga kichik bo‘lgani uchun, kattalarga katta bo‘lgani uchun rahm qilmayman, men jon oluvchi farishtaman», dedi u. Maryam: «Ey o‘lim farishtasi, jonimni olish uchun keldingmi?» deb so‘radi. O’lim farishtasi: «O’limga hozirlanaver», dedi. Maryam: «Ko‘zimning quvonchi, qalbimning mevasi bo‘lmish farzandim kelguncha izn bera olmaysanmi?», dedi. Farishta: «Men buyurilganman, orqaga surishga qodir emasman», dedi. Maryam: «Unday bo‘lsa, Allohning amriga buysunib, jonimni ol», dedi va farishta Maryamning jonini oldi. Iso alayhissalom kech keldilar, o‘zlari bilan o‘simliklar ham bor edi. Qarasalar, onalari mehrobda «uxlab» yotibdi. O’simliklarni oldilariga qo‘ydi va namoz o‘qishga kirishdi. Bir muddatdan keyin onalariga qaradilar va g‘amgin ovoz bilan: «Sizga salom bo‘lsin, ey onajon! Kech kirdi, ro‘zadorlar iftor qildi, ibodat qiluvchilar ibodatga kirishdi. Sizga nima bo‘ldi, ibodatga turmayapsiz», dedilar. So‘ng qaytib ibodatni boshladilar, biror narsa yemadilar, hatto kechaning uchdan ikki qismi o‘tdi. Onalari bilan iftor qilishni judayam xohlagan edilar. Keyin yana g‘amgin ovoz bilan: «Sizga salom bo‘lsin, ey onajon!» dedilar. Onalaridan javob bo‘lmadi. Qaytib namoz o‘qidilar, xatto tong otdi. So‘ng yonoqlarini onalarining yonoqlariga qo‘yib yig‘lab aytdilarki: «Sizga salom bo‘lsin, ey onajon, tong otdi, namoz vaqti kirdi». Shunda osmondagi farishtalar, atrofdagi jinlar yig‘lab yubordi, ostilaridagi tog‘ titrab ketdi. Alloh taolo farishtalarga: «Sizlarni nima yig‘latdi», deb so‘radi. Farishtalar: «Ey Parvardigor, o‘zing bilguvchiroqsan», dedilar. So‘ng Iso alayhissalomga: «Ey Iso, boshingni ko‘tar, onang vafot etdi», deb nido qilindi. Iso alayhissalom yig‘lab boshlarini ko‘tardilar-da: «Endi kim menga ibodat qilishimga yordam qiladi», dedilar. So‘ng tog‘dan tushib, Bani Isroil qishloqlaridan biriga borib: «Assalomu alaykum, ey Bani Isroil», dedilar. Ular: «Sen kimsan, ey Xudoning bandasi? Yuzing juda ham nurafshon bo‘lib, atrofimizni yoritib yubordi», deyishdi. «Men Ruhullohman. Onam g‘ariblikda vafot etdi. Menga uni yuvishga, kafanlashga hamda dafn qilishga yordam beringlar», dedilar. Ular: «Ey Ruhulloh, bu tog‘da ilonlar juda ham ko‘p. Ota-bobolarimiz uch yuz yildan buyon unda yurmagan», deya javob berishdi. Iso alayhissalom toqqa qaytib ketdilar. Qarasalar, ikki chiroyli yigit turgan ekan, ularga salom berdilar va: «Onam g‘ariblikda vafot etdi, menga uni dafn qilishga yordam beringlar», dedilar. Ular salomga javob qaytarib, birlari: «Bu Mikoil, men Jabroilman. ¥ozirgina jannatdan hurlar tushib, uni yuvishdi va kafanlashdi», dedi. Jabroil alayhissalom tog‘ning tepasidan qabr kovladilar. Maryamga namoz o‘qishdi, so‘ng ko‘tarishdi. Shunda Iso alayhissalom: «Ey Allohim, Sen meni ko‘rib, eshitib turibsan. Birorta ishim sendan maxfiy emas. Onam vafot etdi, uning vafoti vaqtida men hozir bo‘lolmadim. Bas, onamga izn ber, men bilan gaplashsin», deb iltijo qildilar. Alloh taolo izn berdi. U kishi aytdilar: «Sizga salom bo‘lsin, ey onajon, yotgan joyingiz qanday? Rabbingizga qay holatda yo‘liqdingiz, o‘limning alamiga qanday chidadingiz?» Bibi Maryam shunday javob berdi: «O’tgan joyim eng yaxshi joy, Rabbimga U mendan rozi bo‘lgan holatda yo‘liqdim, o‘limning achchiqligi xalqumimdan, o‘lim farishtasi haybati esa ko‘z o‘ngimdan ketgani yo‘q, qiyomatgacha xayr, ey farzandim!»