Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222289 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:25:12

Ayyub alayhissalom asli rumlik bo‘lib, onalari Lut alayhissalomning qizi edi. Aqlli, ozoda, halim, donishmand kishi edilar. Otalari boy­badavlat kishi bo‘lib, tuya, sigir, qo‘y, xachir podalari bor edi. Shom yerida unga teng keladigan kishi bo‘lmagan. Otalari vafot etganidan keyin jamiki mol­dunyolari Ayyub alayhissalomga o‘tdi. Ayyub alayhissalom Yusuf alayhissalomning nevaralari Rahimaga uylandilar. So‘ngra Alloh taolo ul zotni o‘z qavmlariga payg‘ambar qilib yubordi. Alloh u kishiga husni xulq va yumshoqlikni ato etgan ediki, biror kimsa u kishini yolg‘onga chiqara olmasdi va ota­onalarining sharaflari sababli hech kimsa u kishini inkor qilmasdi. Ayyub alayhissalom Allohning hukmlarini joriy qilib, masjidlar bino qildilar, faqir­miskinlar va mehmonlar uchun dasturxon yozdilar. Yetimlarga mehribon ota, bevalarga rahmli er, zaiflarga suyukli birodar kabi muomala qildilar. Biror bir so‘rovchini rad qilmas edilar. U kishining mollari yildan-yilga ko‘payib borsada, bundan shodlanib ketmas edilar. Aksincha: «O’ Parvardigoro, bular dunyo zindonida bandalaringga ato etgan ne’matlaringdir. Jannatdagi bandalaringga ato etgan ne’matlaring qanaqa bo‘larkin», derdilar. Shunchalik mol dunyolari ko‘p bo‘lsa ham, qalblari aslo ne’matlarga shukr qilishdan g‘aflatda qolmasdi. Shu sababli shayton: «Ayyub ikki dunyoda ham ne’matlarga erishmoqda», deya hasad qildi. Bu ne’matning ikkalasini ham, hech bo‘lmasa, birini yo‘qotishni xohladi. Shayton alayhi la’na kunlardan birida yettinchi osmonga chiqdi. Shunda Alloh: «Ey la’in, bandam Ayyub haqida nima deysan! Uni hech chalg‘ita oldingmi?!» dedi. Shunda shayton: «O’ Parvardigor, Ayyub faqatgina unga dunyoda kengchilik va ofiyat berganing uchun senga ibodat qilmoqda. Agar bu ne’matlar unga berilmaganda, senga aslo ibodat qilmasdi. U faqat ofiyatning bandasidir», dedi. Shunda Alloh: «O’lg‘on gapirding, Men bilamanki, agar unda bu kengchiliklar bo‘lmasa ham, menga ibodat qiladi va shukr aytadi», dedi. Shayton: «O’ Parvardigoro, Ayyubning ahvolini menga topshir, shunda men uni Senga ibodat qilish va zikr aytishdan chalg‘itganimni ko‘rasan», dedi. Alloh Ayyub alayhissalomning tili va ruhidan boshqa hammasini shaytonga topshirdi. Shunda shayton dengiz sohiliga kelib, qattiq qichqirdi. Uning tovushini barcha jin va shaytonlar eshitib, huzuriga yig‘ildilar va: «Ey sayyidimiz, senga nima bo‘ldi?» dedilar. U: «Albatta, men Odamni jannatdan chiqarganimdan beri erishmagan bir fursatga erishdim. Menga Ayyubga qarshi yordam beringlar. Sizlar tezda tarqalib, Ayyubning mollarini kuydirib, halok qilinglar», deb buyurdi. So‘ng o‘zi Ayyub alayhissalom huzurlariga keldi. Ayyub alayhissalom masjidda namoz o‘qiyotgan edilar. Shayton unga dedi: «Rabbinggga ibodat qilaverasanmi?! Vaholanki, Alloh osmondan olov yuborib, jamiki mol-qo‘ylaringki kuydirib, yo‘q qildi». Ayyub alayhissalom to namozni tugatgunlaricha hech narsa demadilar. Namozdan forig‘ bo‘lgach: «O’zi berib, O’zi qaytarib olgan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar va yana namoz o‘qiy boshladilar. Iblis muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan nadomat qilib, g‘oyib bo‘ldi. Ayyub alayhissalomning yetti o‘g‘il va yetti qizi bo‘lib, ular har kuni bitta dasturxon atrofida ovqatlanishardi. Shaytonlar kelib, uyni o‘rab olishdi va farzandlarining ustiga ag‘nashdi. Barchalari bitta dasturxon ustida vafot etishdi. So‘ng Iblis Ayyub alayhissalomning oldilariga keldi, u kishi namozda qoim turgan edilar. Iblis: «Allohga ibodat qilaverasanmi?! Uying bolalaring ustiga qulab tushdi va hammalari vafot etdi», dedi. Ayyub alayhissalom namozlarini tugatmagunicha hech narsa demadilar. Namozni tugatgach: «Ey la’in, menga ato etgan, so‘ngra mendan qaytarib olgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Mol­dunyo va bolalar fitnadir. Shu sababli, Rabbimning ibodati uchun xoli bo‘lmog‘im uchun ularni mendan oldi», dedilar. Iblis bu safar ham hech narsaga erisha olmay, g‘azablangan holda qaytib ketdi. Boshqa safar namoz o‘qiyotgan vaqtlarida kelib, sajda qilayotgan vaqtlarida og‘iz­burunlariga pufladi. Shundan so‘ng Ayyub alayhissalomning badanlarida sassiq hid tarqaldi, qattiq terlab o‘zlarida bir og‘irlik sezdilar. Shunda ayollari Rahima: «Bu mol­dunyoga qayg‘urish va bolalarning musibati sabablidir. Siz kechalari namozda qoim turasiz, kunduzi ro‘za tutasiz, ozgina rohatlanishni o‘ylamaysiz ham», dedi. So‘ngra Ayyub alayhissalomning butun badanlariga — boshlaridan oyoqlarigacha chechak toshdi va yiring oqa boshladi. Bu holni ko‘rgan do‘stu qarindoshlar Ayyub alayhissalomni tark qilishdi. Ayyub alayhissalomning uchta xotini bo‘lib, ulardan ikkitasi o‘zlarini taloq qilishlarini talab etishdi. Bas, ularni taloq qildilar. Faqatgina Rahima qoldi. U kecha­yu kunduz Ayyub alayhissalomning yonlarida edi. Kunlarning birida qo‘shni ayollar chiqib: «Ey Rahima, Ayyubning balosi farzandlarimizga o‘tib ketishidan qo‘rqyapmiz. Agar uni bu yerdan olib ketmasang, biz uni majburan chiqarib tashlaymiz», deyishdi. Rahima Ayyub alayhissalomni yelkalariga ko‘tarib qishloqdagi bir xarobaga olib keldilar. Shunda hamqishloqlari Ayyub alayhissalomning ahvollarini ko‘rdilar-da: «Ey Rahima, eringni bizdan yiroqqa olib ket, bo‘lmasa itlarimizga talatamiz», deyishdi. Rahima Ayyub alayhissalomni qishloqdan yiroqqa olib ketdi. So‘ng bolta olib kelib, yog‘ochdan chayla yasadi. Kul olib kelib, ostlariga to‘shadi. Bir toshni boshlariga yostiq qildi. So‘ng qishloqqa yo‘l oldi. Shunda Ayyub alayhissalom: «Ey Rahima, agar meni tashlab ketadigan bo‘lsang, senga vasiyat qilib qolay», dedilar. Rahima: «Qo‘rqmang, ey sayyidim, modomiki jonim tanamda ekan, sizni aslo tark etmayman», dedilar va qishloqqa ketdilar. U kun bo‘yi ishlab, bir burda non topar va u bilan Ayyub alayhissalomni taomlantirar edi. Qishloq ahli uning Ayyub alayhissalom xotini ekanini bilishgach, haydab solishdi. «Bizdan uzoqlash, yo‘qol! Biz sendan jirkanamiz», deyishdi ular. Rahima yig‘lab: «O’ Parvardigor, ahvolimni ko‘rib turibsan. Odamlar bu dunyoda bizdan jirkanmoqda, Sen oxiratda bizdan jirkanma. O’ Parvardigor, odamlar bizni hovlimizdan quvib yubordi, qiyomat kuni Sen jannatingdan bizni quvma», dedi. So‘ng nonvoyning xotini oldiga borib: «Habibim Ayyub och qolgan, menga bitta nonni qarzga ber», dedi. Xotin: «Seni erim ko‘rmasdan ko‘zimdan yo‘qol! Ammo menga kokilingni bersang non beraman», dedi. Rahimaning o‘n ikkita kokili bo‘lib, ular yerga tegib turardi. Ayyub alayhissalom bu kokillarni judayam yaxshi ko‘rardilar. Rahima qaychi bilan kokillarini kesib, to‘rtta non evaziga nonvoyning xotiniga berdilar. Ayyub payg‘ambar yangi, yumshoq nonni ko‘rganlarida qattiq siqildilar va: «Xotinim o‘zini sotibdi», deb gumon qildilar. «Agar Alloh menga shifo bersa, yuz darra uraman», deb qasam ichdilar. Shuning uchun ham Alloh buning kafforatiga: «Qo‘lingga bir bog‘ (novdani) olib, u bilan (xotiningni) urgin — qasamingni buzmagin», dedi. Rahima bo‘lgan voqeani aytib berganlaridan keyin Ayyub alayhissalom yig‘ladilar. Rahima: «Yig‘lamang, sochim bundan-da chiroyli bo‘lib o‘sadi», deb, Ayyub alayhissalomni taomlantirdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:25:26

Rivoyatlarga qaraganda, kasallik 18 yil davom etdi. Kunlardan birida Rahima Ayyub alayhissalomga: «Siz Allohning suyakli payg‘ambarisiz. Agar Parvardigoringizga duo qilsangiz, sizga shifo beradi», dedilar. Ayyub alayhissalom: «Ey Rahima, necha yil farovon turmush qurdik?» deganlarida: «80 yil», deb javob berdi. Shunda Ayyub alayhissalom: «Mening balolangan kunlarim farovonlik kunlarimga yetmaguncha, Allohga duo qilishga hayo qilaman», dedilar. Badanlarida go‘sht qolmagach, qurtlar bir­birini yeya boshladi. Oxiri ikkita qurt qoldi. Butun badanni aylanib go‘sht topmadilar. Shunda biri kelib qalblarini, biri kelib tillarini tishladi. Mana shu vaqtda Ayyub alayhissalom Rabbilariga nido qildilar: «Darhaqiqat, meni shayton balo va azob bilan ushladi va Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan», dedilar. Ayyub alayhissalom sabrsizlik tufayli bunday demadilar, balki Allohni zikr qilishdan uzilib qolishdan qo‘rqib, shunday dedilar. Shuning uchun ham Alloh Qur’oni karimda: «Darhaqiqat, biz (Ayyubni) sabr qilguvchi holda topdik. U naqadar yaxshi bandadir. Haqiqatan, u (Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lga) butunlay qaytguvchidir», dedi. «Shunda u zotga aytildi: «Oyog‘ing bilan (ostingdagi yerni) tep!» (U Allohning amrini bajargan edi, o‘sha yerdan bir chashma otilib chiqdi. So‘ng yana aytildi: «Mana shu muzdek cho‘miladigan va ichimlik suvdir» (Qachonki Ayyub u suvda cho‘milib, so‘ng undan ichgach, uning barcha zohiriy va botiniy dardlari darhol davo topdi). Va Biz O’z tomonimizdan mehribonlik ko‘rsatib, aql egalari uchun eslatma­ibrat bo‘lsin deb, (Ayyubga) ahli oilasini va ular bilan qo‘shib, yana o‘shalarning mislicha (bola­chaqa) hadya qildik».

Muqotil raziyallohu anhu aytadilar: «Alloh vafot etganlarni tiriltirdi va yana shunchasini berdi».

Muhammad ibn Maslama rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Moli qo‘lidan ketmaydigan, tanasiga kasallik yetmaydigan bandaga yaxshilik yo‘qdir. Chunki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, uni bir balo bilan imtihon qiladi. U banda esa balo kelganda sabr qiladi», dedilar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:25:46

Ellik birinchi majlis
Do‘zaxning bayoni


Alloh taolo aytadi: «Va kofir bo‘lgan kimsalar to‘da­to‘da bo‘lib jahannamga haydaldi. Qachon ular (jahannamga) kelib yetganlarida, uning darvozalari ochildi va uning qo‘riqchilari (kofirlarga): «Sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar — Parvardigoringizning oyatlarini sizlarga tilovat qilgan hollarida va sizlarni mana shu kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar», deganlarida ular: «Ha, (kelganlar), lekin azob So‘zi kofirlar ustiga haq bo‘lgandir, (bas, bizlar ham ularni yolg‘onchi qilganimiz sababli mana shu azobga giriftor bo‘ldik), dedilar. (Shunda ularga) aytildi: «Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o‘sha joyda mangu qolursizlar!» Bas, kibr­havo qilguvchi kimsalarning joylari naqadar yomondir!» (Zumar surasi, 71—72-oyatlar).

Rivoyat qilinadiki, ahli jahannam do‘zaxga yuzlari qora, ko‘zlari ko‘kargan, og‘izlari esa muhrlangan holatda haydab kelinadi. Do‘zaxning eshiklari oldiga kelganlarida zaboniyalar (do‘zax posbonlari) ularni kishan va zanjirlar bilan kutib oladilar. Zaboniyalar zanjirlarni ularning og‘izlaridan kiritib, orqalaridan chiqaradilar. O’ng qo‘llarini bo‘yinlariga kishanlaydilar, chap qo‘llarini esa ko‘kraklaridan ikki yelkasini orqasidan chiqaradilar va zanjir bilan qattiq bog‘laydilar. Har bir kofirni o‘zining hamrohi bo‘lgan shayton bilan birga bog‘laydilar. Ular yuzlari bilan yurishga majbur qilinadi. Farishtalar ularni temir gurzilar bilan uradi. Har qachon ular do‘zaxdan chiqishni xohlaganlarida, ularni qaytadan do‘zaxga tashlaydilar. Xuddi Alloh Qur’onda bayon qilganidek: «Qachonki ular do‘zaxdan chiqmoqni xohlaganlarida, ular unga qaytaradilar va «o‘zlaringiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini totib ko‘ringlar» deyiladi».

Hikoya qilinishicha, Abu Yazid to‘xtamasdan ko‘z yosh to‘kib yig‘lar edi. U kishidan buning sababini so‘radilar. Shunda u kishi: «Agar Alloh menga: «Gunoh qilsang, seni abadiy do‘zaxga qamayman», deganida, to‘xtamay ko‘zyosh to‘kishim haqli bo‘lardi. Endi menga: «Agar gunoh qilsang uch ming yil qizdirilgan do‘zaxga tashlayman, deb va’da bergan bo‘lsa, nimaga yig‘lamayin», degan ekan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:26:01

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening oldimga Jabroil alayhissalom keldi. «Ey Jabroil! Menga jahannamni vasflab ber!» dedim. U aytdi: «Alloh jahannamni yaratgandan keyin uni ming yil qizdirdi, so‘ngra yana ming yil qizdirgach, u oqardi, so‘ng yana ming yil qizdirgach, u qoraydi. U hozir qop­qorong‘u kechadek. Uning alangasi aslo o‘chmaydi».

Rivoyat qilinishicha, Alloh Jabroil alayhissalomni zaboniyalar kattasi Molikning oldiga do‘zaxdan bir parchasini olib, taom pishirib, Odam alayhissalomga olib borish uchun yubordi. Molik: «Ey Jabroil, jahannamdan qancha miqdorda olmoqlikni xohlaysiz», deb so‘radi. Jabroil alayhissalom: «Xurmo miqdoricha», dedi. Molik: «Agar sizga xurmo miqdorichasini bersam, yetti qavat osmonu yetti qavat yer uning haroratidan erib ketadi», dedi. Jabroil alayhissalom: «Unday bo‘lsa uning yarmi miqdorini ber», deb aytdi. Shunda Molik: «Agar siz aytayotgan miqdorni bersam, osmondan biror tomchi yomg‘ir yog‘maydi, yerdan birorta o‘simlik o‘smaydi», dedi. So‘ngra Jabroil alayhissalom: «O’ Parvardigor, olovdan qancha miqdorda olayin?» deb nido qildi. Alloh: «Jahannamdan zarracha miqdor ol», deb amr etdi. Jabroil alayhissalom jahannamdan zarracha miqdor olib, yetmishta daryo suviga uni yuvib, so‘ng uni baland tog‘ning cho‘qqisiga qo‘ydi. Bu tog‘ erib ketdi. Olov jahannamga ko‘tarildi. Uning tutuni tosh va temirlarda qoldi. ¥ozirgi olovlar o‘sha zarrachaning tutunidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:26:13

Muhammad ibn Ka’b dedilar: «Ahli jahannam besh bora duo qiladilar. Alloh ularni to‘rttasiga javob berib, beshinchisiga aslo javob qaytarmaydi. Ular aytadilarki: «O’ Parvardigor, gunohlarimizni e’tirof etamiz, bu yerdan chiqishning iloji bormi?» Alloh ularga: «Sizlarning bu azoblanishlaringiz yagona Allohga chaqirilganingizda kofir bo‘lganlaringiz. Allohga sherik qilinsa ishonganlaringiz sabablidir», deb javob beradi. Ular: «O’ Parvardigor, biz ko‘rdik va eshitdik, endi bizlarni dunyo hayotiga qaytar, biz solih amallar qilamiz», deydilar. Alloh: «Sizlar avval: «Biz aslo yo‘q bo‘lmaymiz», deb qasam ichmaganmidinglar», deb javob beradi. So‘ng ular: «O’ Parvardigor, bizlarni bu yerdan chiqargin, biz senga kofir bo‘lmasdan solih amallar qilamiz», deydilar. Alloh ularga: «Sizlarga eslatma oladigan miqdorda umr bermaganmidik va sizlarga ogohlantiruvchi kelmadimi?!» deydi. So‘ngra ular: «O’ Parvardigor, bizlarning baxtsizligimiz bizga g‘olib keldi va biz adashgan qavmlardan bo‘ldik. O’ Parvardigor, bizlarni bu yerdan hayoti dunyoga qaytar, agar biz yana kofir bo‘lsak, unda biz zolimlardan bo‘lamiz», deydilar. Alloh ularga: «Jahannamga daf bo‘linglar va Menga boshqa so‘zlamanglar», deb javob beradi. Ular bundan so‘ng aslo gapirmaydilar. Bu hol azobning eng shiddatlisidir. «Ular u joyda (jahannam o‘tidan orom beradigan) biron salqinni va biron ichimlikni topmaslar! Faqat qaynoq suv va yiringnigina (topurlar)! (Mana shu ularning qilmishlariga) yarasha jazodir!»

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar do‘zaxdagi yiringlardan bir chelagi bu dunyoga tashlansa, dunyo ahlining barchasini kuydirib yuboradi», deganlar. Qur’oni karimda esa: «Har qachonki ularning terilari kuyib ketgach, azobni totishlari uchun ularning terilarini boshqa (yangi) terilarga almashtiramiz», deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Ularni jahannam har kuni 70 ming marta kuydirib kul qiladi, har qachonki kuyib ketganlarida ularga «qaytinglar» deyiladi, ular avvalgi hollariga qaytadilar va aslo o‘lmaydilar, Alloh aytganidek: «ularga har tomondan o‘lim keladi, holbuki, ular o‘lguvchi emasdir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:26:24

Qiyomat kuni kofirlar deyishadi: «O’ Parvardigor, bizga bizlarni adashtirgan ins­jinslarni ko‘rsatki, ularni oyoqlarimiz ostiga tashlab toptaylik». Iblis uchun do‘zaxga minbar qo‘yiladi. Iblis minbarga ko‘tariladi. Uning oldiga kofirlar va unga ergashganlar jamlanadilar, aytadilarki: «Ey mal’un, sen bizlarni haq yo‘ldan adashtirding». Shunda iblis: «Albatta, Allohning sizlarga qilgan va’dasi haqdir. Men uchun sizlarning ustingizda hukmronlik yo‘qdir. Lekin men sizlarni da’vat qildim, sizlar ijobat etdingiz. Meni malomat qilmanglar, balki o‘zingizni malomat qilinglar. Men sizlarga hujjat keltirdim va sizlar meni ko‘rmadinglar ham. Bas, meni malomat qilmanglar, balki o‘zlaringizni malomat qilinglar», deydi.

Hikoya qilinadiki, ahli jahannam ming yil dod­faryod qiladi, so‘ngra: «Agar biz bu dunyoda sabr qilsak, biz uchun rohat bo‘lardi», deb so‘ng yana ming yil sabr qiladi. Lekin ulardan azob yengillatilmaydi. So‘ngra ular: «Sabr qilamizmi, qilmaymizmi, baribir ekan», deydi va Molikka: «Ey Molik, bizlarga va’da qilingan narsa haqiqatan ro‘yobga chiqdi, azob bizlarga og‘ir bo‘ldi, terilarimiz kuyib ketdi, agar bizlarni do‘zaxdan chiqarsang, aslo kufrga qaytmaymiz», deydi. Molik ularga: «Sizlarga ochiq­oydin hujjatlar bilan payg‘ambarlar kelmaganmidi?» desa, ular: «Albatta, kelgan edi», deyishdi. Shunda: «Duo qilaveringlar, baribir duolaringiz foyda bermaydi», deyiladi ularga: «O’ Parvardigor, bizlarning baxtsizligimiz ustimizdan g‘olib keldi va biz adashgan qavmlardan bo‘ldik. O’ Parvardigor, bizlarni bu yerdan chiqar, agar biz yana kufrga qaytsak, zolimlardan bo‘lurmiz», deb yolvorishadi ular. Alloh hatti dunyo muddatining ikki baravar miqdoricha vaqt ularga javob bermaydi, so‘ng: «Daf bo‘linglar va Menga gapirmanglar», deydi. Ular jahannamdan chiqishdan umid uzishib, Allohdan ming yil yomg‘ir tilaydilar. Shunda ularga qizil bulutlar kela boshlaydi. Ular yomg‘ir yog‘adi, deb gumon qiladilar, ammo xachirdek-xachirdek kattalikdagi chayonlar yog‘adi. Agar ulardan biri bir marta chaqsa, ming yil alami ketmaydi. So‘ngra ular Allohdan yana ming yil yomg‘ir talab qiladilar. Ularga qora bulutlar kela boshlaydi. Yo bulut yomg‘ir emas, balki tuyaning bo‘ynidek keladigan ilonlarni yog‘diradi. Agar ulardan biri bir marta chaqsa, alami ming yilda ham ketmaydi. Bu Allohning Qur’oni karimda: «Ular fasod qilganliklari sababli Biz ularga azob ustiga azobni ziyoda qilamiz», degan so‘zining ma’nosidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:26:37

Ahli ilmlardan biri aytadi: «Do‘zax yettita bo‘lib, avvalgisi Sa’irdir. Alloh Qur’oni karimda: «Endi Sa’ir egalariga halokat bo‘lgay!» degan. Unga haqni yolg‘onga chiqarguvchilar kiradi. Ikkinchisi — Lazo. Alloh Qur’oni karimda: «Yo‘q, (hech qanday to‘lov uni azobdan qutqara olmas)! Albatta, (kofirlar tashlanadigan do‘zax o‘z harorati bilan bosh terilarini sidirib olguvchi bo‘lgan) bir olov (ya’ni, Lazo)dir», degan. Unga zakotni haqdorlarga bermaydiganlar kiradi. Uchinchisi — Saqar bo‘lib, Alloh taolo u haqda shunday xabar beradi: «(Ular do‘zax ahliga): «Sizlarni nima Saqarga kiritdi?» (deganlarida), ular ayturlar: «Bizlar namoz o‘qiguvchilardan bo‘lmadik. Miskin­bechoraga taom beruvchi ham bo‘lmadik. Bizlar (botil­behuda so‘zlarga) sho‘ng‘uvchi kimsalar bilan birga sho‘ng‘ir edik (ya’ni, Qur’on va payg‘ambarlar xususida tuhmat­yolg‘onlar to‘qir edik)». To‘rtinchisining nomi — Jahim. Alloh Qur’oni karimda: «Bas, ana o‘shanda kim (hayoti dunyoda kufri isyon bilan) tug‘yonga tushgan va hayoti dunyoni (oxiratdan) ustun qo‘ygan bo‘lsa, u holda faqat jahim do‘zaxigina (uning uchun) joy bo‘lur!» degan. Do‘zaxning ushbu turi havoi xohishga ergashganlar uchun yaratilgandir. Beshinchisi — Jahannam. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Albatta, jahannam ularning barchalariga va’da qilingandir», degan. Oltinchisi — Hoviya. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi: «Endi kimning tortilgan (yaxshi amallari) yengil kelsa, uning joyi Hoviya (ya’ni, jarlik)dir. Uning nima ekanini qaerdan ham bilar eding?! (U) qizigan do‘zaxdir». Yettinchisining nomi — Hutoma. U chaqimchilar uchun yaratilgan bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda u haqda deydi: «Yo‘q, (uning bu hisob­kitobi bekordir)! Qasamki, albatta, u Hutoma (ya’ni chil­parchin qilguvchi do‘zax)ga tashlanur. (Ey inson) Hutoma nima ekanligini qaerdan ham bilar eding?! U Allohning yoqib qo‘yilgan bir olovidirki, (o‘z alangasi bilan badanlarni teshib o‘tib, yuraklarga qadar yetur!)» degan».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. Shunda haybatli va dahshatli bir ovozni eshitdik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu nima ekanini bilasizlarmi?» deb so‘radilar. Biz: «Alloh va Uning rasuli bilguvchiroqdir», dedik. «Bu jahannamga yetmish ming yil avval tashlangan tosh bo‘lib, endi uning tubiga yetdi», dedilar Nabiy alayhissalom.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:26:47

Abu Dardo raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Ahli jahannamga ochlik yo‘liqadi. Ular shu darajada och qoladilarki, buning alami boshqa azoblardan ham qattiq bo‘ladi. Shunda ular taom so‘raydilar, ularga zaqqumdan beriladi. Alloh Qur’oni karimda aytganidek: «So‘ngra, albatta, sizlar, ey (qayta tirilishni) yolg‘on deguvchi gumrohlar, shak­shubhasiz (jahannamning o‘rtasida o‘sadigan) Zaqqum daraxtidan yeguvchi, undan qorinlaringizni to‘ldiruvchidirsizlar. So‘ng uning ustiga qaynoq suv ichguvchi, (ichganda ham) tashna, to‘ymas tuyalar kabi ichguvchidirsizlar!»

Xabarlarda kelishicha, do‘zax zaboniyalarining har biri bir irg‘itishda jahannamga qirq ming ahli do‘zaxni irg‘itar ekan. Ular rahm qilish va yumshoq muomalada bo‘lishni bilishmaydi.

Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, ahli do‘zaxlarning terilari soatiga yuz marta almashtiriladi. Abu Shayboning rivoyatida esa, ahli do‘zaxlarni do‘zax bir kunda yetmish ming marta kuydirib yuborar ekan, har safar kuyganida, ularga, qaytinglar, deyiladi, ular avvalgi hollariga qaytadilar. Imom Muslim Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kofir kimsaning tishi Uhud tog‘idek, terisining qalinligi esa uch yillik yo‘ldek bo‘ladi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:27:02

Ellik ikkinchi majlis
Jannat bayoni


Alloh taolo aytadi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p­to‘p holda jannatga «haydaladilar». Qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik­omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz», deganlarida (ular behad shodlanurlar) va: «Bizlarga va’dasini rost qilgan va bizlarni bu (jannat) yeriga voris qilgan hamda jannatdan o‘zimiz xohlagan tarafda joy­o‘rin olishimizga (muvaffaq qilgan) Allohga hamdu sano bo‘lsin», derlar. Bas, (chiroyli) amal qilguvchi zotlarning ajri naqadar yaxshidir!» (Zumar surasi, 73—74-oyatlar).

Abu Hurayradan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim menga salovot aytishni unutsa, jannatning yo‘lini unutibdi», dedilar.

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Jannatning sakkizta eshigi bor. U eshiklar tillodan bo‘lib, gavharlar qadalgandir. Avvalgi eshikda «La-a ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh», deb yozilgan bo‘lib, u payg‘ambarlar, shahidlar, saxiylarning eshigidir. Ikkinchisi namozlari va tahoratlarini komil qilguvchi namozxonlarning eshigi, uchinchisi mollari zakotini berguvchilarning eshigidir. To‘rtinchisi ro‘zadorlar, beshinchisi amri ma’ruf va nahiy munkar qilguvchilar kiradigan eshik, oltinchisi haj va umra qilguvchilarning eshigidir. Yettinchisidan mujohidlar, sakkizinchisidan ko‘zlarini haromdan tiyguvchilar hamda silai rahm va ota­onalariga ezgulik qilish kabi solih amallar qilguvchilar kirishadi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:27:15

Jannat sakkiz xil bo‘ladi. Birinchisi Dorul jalol, u oq durdan iborat. Ikkinchisi Dorus-salom bo‘lib, qizil yoqut bilan bezatilgan. Uchinchisi Jannatul ma’vodir, u yashil zabarjad (qimmatbaho shaffof) toshdan qurilgan. Keyingisi Jannatul xuld, u sariq marjondandir. Keyingisi, Jannatun-na’im, u oq kumushdan yasalgan. Oltinchisi qizil tillolar bilan ziynatlangan Dorul qarordir. Yettinchisi Jannatul Firdavs, u kumush, oltin, yoqut va zabarjaddan bino qilingan bo‘lib, qorishmasi mushkdandir. Sakizinchisi Jannatu-adn deb nomlanadi. U oq durdan bo‘lib, jannatlarning barchasidan sharaflidir. Uning tillodan qilingan ikki eshigi bo‘lib, ularning orasi osmonu yerning orasichadir. Binosi tillo va kumush g‘ishtlardan, tuprog‘i anbar, qorishmasi mushkdandir. Unda anhorlar bo‘lib, undan boshqa jannatlarga oqib o‘tadi. Anhorlarning mayda toshlari durdan. Ularning suvi qordan sovuq, asaldan shirinroqdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Isro kechasida barcha jannatlar ko‘rsatildi. Ularda to‘rtta daryoni ko‘rdim. Birida suv, ikkinchisida sut, uchinchisida may, to‘rtinchisida asal oqardi. Men Jabroildan: «Bu daryolar qaerdan kelib, qaerga ketmoqda?» deb so‘radim. Jabroil alayhissalom: «Bular havzi Kavsarga boradi, lekin qaerdan kelishini men bilmayman. Parvardigoringizdan so‘rang, sizga buni bildiradi va ko‘rsatadi», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam duo qildilar. Shunda bir farishta kelib aytdiki: «Ey Muhammad, ko‘zingizni yuming!» Men yumdim. So‘ngra: «Oching», dedi. Ochib qarasam, bir daraxtning oldida turibman. Daraxt oldida oq durdan qilingan gumbazni ko‘rdim. Gumbazning yashil yoqutdan eshigi bo‘lib, unda qizil tillodan qulf turgan ekan. Agar bu dunyoning hammasini jamlab, shu gumbazning ustiga qo‘yilsa, xuddi baland toqqa bir tuxumni qo‘ygandek bo‘ladi. Men uning ostidan to‘rtta daryoning oqib chiqayotganini ko‘rdim. Qaytishni xohlagan paytimda farishta: «Bu gumbazning ichiga kirmaysizmi?» deb so‘radi. Men: «Uning eshigi qulf bo‘lsa, qanday qilib kiraman?» dedim. U menga: «Uning kaliti sizning qo‘lingizdadir», dedi. Men: «Qani u?» deganimda, farishta: «Bu kalit «Bismillahir rohmanir rahiym»dir», dedi. Men: «Bismillahir rohmanir rohiym» degan edim, qulf ochildi. Ichkariga kirganimda bu to‘rt daryo gumbazning to‘rt ustunidan oqib chiqayotganini ko‘rdim. Men chiqishni xohlaganimda farishta: «Ey Muhammad ko‘rdingizmi?» dedi. Men: «Ko‘rdim», dedim. U: «Ikkinchi marta qarang», dedi. Qarasam, gumbazning ustunlariga «Bismillahir rohmanir rohiym», deb yozilgan ekan. Suv daryosi «bismillah»ning «mim»idan, sut daryosi «ho»sidan, may daryosi «rahmon»ning «mim»idan, asal daryosi «rohiym»ning «mim»idan oqib chiqardi. Shundan keyin bu to‘rt daryo «Bismillahir rohmanir rohiym»dan chiqishi bildim. Alloh taolo menga aytdi: «Ey Muhammad, ummatingizdan kim meni bu ismlar bilan zikr qilsa, Men uni bu daryolarda sug‘oraman».

Qayd etilgan