Alidan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot avvalgi qavmlar haqida gapirib berdilar. So‘zlarning oxirida: «Ey Ali, albatta Jabroil alayhissalom menga ummatimning qiyomat kunidagi ahvoli haqida xabar berib: «Ey Muhammad, sizning ummatingiz ichida shunday kimsalar borki, ular qiyomat kuni xusumatchi o‘z xusumatchisi bilan so‘zlashgandek, Alloh bilan so‘zlashadilar», dedi. Men: «Ey Jabroil, biror kishi bunga qodir bo‘ladimi, u haqda menga xabar ber», dedim. Jabroil alayhissalom: «Bilingki, ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam, qiyomat kuni Alloh taolo har bir kishining nomai a’molini beradi. Bandalardan biriga kitob berilganda, u kitobini o‘qib, undagi savobu gunohlarni taniydi. Alloh: «Ey bandam kitobingni o‘qidingmi?» deganida, u: «Ha, yo Parvardigoro, lekin men bularni aslo qilmaganman», deydi. Alloh deydi: «Sendan boshqa kim bu amallarni qilibdi?» deganida u: «Bilmadim, yo Parvardigoro», deydi. «Ey bandam, Sen mening farishtalarim va ularning kitoblari haqida xusumatlashasanmi?» deganida U: «Ha, yo Parvardigoro, men o‘zimdan boshqa kishining guvohligini qabul qilmayman», deb javob beradi. Shunda Alloh: «Agar sening o‘zingdan hujjat keltirsam, qabul qilib, e’tirof etasanmi?» deganda, u: «Ha», deb javob beradi. Keyin Alloh uning tiliga amr qiladi: «Mening qudratim bilan gapir va faqatgina haqni ayt. Chunki bu kunda botil bo‘lmaydi». Shunda til badandagi barcha yaxshi va yomon amallarni aytib beradi. Banda: «O’ Parvardigoro, men tilga hukmron emasligimni O’zing bilasan. Men uning guvohligini qabul qilmayman, chunki dunyoda ham u mening dushmanim bo‘lgan. Gunohlarimning barchasi tilim sabablidir. Darhaqiqat, Sening Rasuling sollallohu alayhi va sallam: «Til insonning dushmanidir», deganlar. Sen odil hakamsan, bas, shunday ekan, dushmanning dushmaniga qarshi guvohligini qabul qilmagin», deb aytadi. Alloh deydi: «Ey bandam, huzurimda undan boshqa ham senga qarshi guvohlar borki, ularga nima deysan?» Banda: «O’ Parvardigoro, hech narsa demayman», deb javob beradi. Shunda Alloh uning ikki qo‘liga buyuradi va ular badani qilgan jamiki amallarni aytib, guvohlik berishadi. Banda: «O’ Parvardigoro, albatta, sen bizlarga payg‘ambar yubording va u bizlarga qonunlar joriy qildi. Biz unga ergashdik. Chunki Sen: «Kim Payg‘ambarga itoat qilsa, batahqiq Allohga itoat qilibdi» degansan», deydi. «Ey bandam! Mening payg‘ambarim nima qonunÂqoidalarni joriy qilgan ekan?» deganda, banda: «Bitta guvoh hujjatlikka kifoya qilmaydi», deganlar. Ikki qo‘l bitta guvohdir, yana bitta guvoh kerak», deb javob beradi. Alloh: «Agar senga qarshi yana bitta guvoh guvohlik bersa, gunohlaringga iqror bo‘lasanmi?» deb so‘raydi. «Ha», deb javob qiladi u. Shunda Alloh uning oyoqlariga amr qilsa, oyoqlari Allohning qudrati bilan tilga kirib, yaxshiyu yomon amallarini gapiradi. Banda hayratlanib a’zolariga qaraydi va: «Ey a’zolarim, men sizlardan boshqa emas, balki men sizman va sizlar esa mensizlar. Men Rabbim bilan sizlar uchun tortishyapman. Sizlarni himoya qilsamu, sizlar o‘zingizni do‘zaxga tashlayapsizlar», deydi. «Sen bizlarni nodonlikda ayblayapsan. Vaholanki, biz sendan nodonroq kimsani ko‘rmaganmiz. Biz esa faqatgina rost so‘zlashga ma’murmiz», deyishadi a’zolar. Shunda Alloh zaboniyalarga uni do‘zaxga olib borishni buyuradi. Banda esa: «O’ Parvardigor, sening rahmating qaerda qoldi? Vaholanki, Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan-ku!?» deb nido qiladi. Alloh aytadi: «Mening rahmatim muslimlar uchundir. Agar avvaldanoq e’tirof etganingda, senga insof qilardik». Banda: «O’ Parvardigor, men e’tirof etaman, lekin do‘zaxdan qo‘rqqanim tufayli shunga majbur bo‘ldim», deydi. Keyin Alloh amr qiladi: «Ey farishtalarim, bandamni jannatga olib boringlar. Men uni mag‘firat qildim va afv etdim». Bas, uni jannatga olib ketishadi».