Hikoya qilinishicha, Molik ibn Dinor zamonasida majusiy akaÂukalar bo‘lib, biri olovga 73 yil, ikkinchisi esa 35 yil ibodat qilibdi. Kunlarning birida kichigi kattasiga: «Ey aka, mana falon yildan beri olovga ibodat qilyapmiz, keling, uni bir sinab ko‘ramiz. Agar bizni boshqa odamlarni kuydirgandek kuydirsa, unga ibodat qilmaymiz. Agar kuydirmasa, o‘lgunimizcha unga ibodat qilamiz», dedi. Keyin olov yoqishdi. «Birinchi bo‘lib sen qo‘lingni olovga tiq», dedi kattasi. Kichigi qo‘lini tiqqanida, olov uni kuydirdi. U qo‘lini tortib olib: «Ey olov, falon yildan beri senga ibodat qilyapman. Sen esa menga aziyat berding!» dedi va akasiga: «Ey aka, keling shunga ibodat qilmaylik», desa, akasi: «Men unga ibodat qilishni tark qilmayman», deb javob berdi. Ukasi olovga ibodat qilishni tashlab, Molik ibn Dinorning oldiga keldi. U va’z qilib turgan edi. Molik unga va ahli baytiga Islomni tushuntirgach, hammalari Islomga kirishdi. Molik unga: «Oldimga o‘tirgin, men senga do‘stlarimdan mol yig‘ib beraman», deganida u: «Men dinimni dunyo evaziga sotishni xohlamayman», deb qaytib ketdi. Shahardagi xarobalardan biriga borib, oilasi bilan birga u yerda qo‘nim topdi va Allohga ibodat qila boshladi. Tong otgach, ayoli: «Bozorga borib ishlang va yeyishga taom sotib oling», dedi. U bozorga bordi, ammo biron kimsa uni ishga olmadi. Shunda u o‘ziga: «Alloh uchun amal qilgin», dedi-da, masjidga kirib namoz o‘qiy boshladi. Kech kirgach, uyiga quruq qaytdi. «Biron narsa topmadingizmi?» deb xotini so‘raganida, u: «Bir odamnikida ishladim, u ish haqimni ertaga berishni va’da qildi», deb javob berdi. Ular kechani och holda o‘tkazishdi. Ertasi kuni yana shu holat takrorlandi. Kechasi uyiga hech narsasiz qaytdi. Xotini sababini so‘raganida kechagidek javob qildi. Uchinchi kuni — juma kuni ham bozorga bordi. Yana biror ish topolmadi. Masjidga borib, juma namozini o‘qigach, qo‘lini osmonga ko‘tarib, «Yo Parvardigor, bu dinning hurmati, bu kunning hurmati bilan so‘raymanki, qalbimdan ahli oilam nafaqasining g‘amini ko‘targin. Albatta, men ayolimdan hayo qilyapman va ularga ochlik g‘alaba qilib, akamning diniga qaytib ketishlaridan qo‘rqyapman», deb duo qildi. Shu payt bir kishi ularning eshigini taqillatdi. Ayoli chiqib qarasa, chiroyli yigit usti ro‘molcha bilan yopib qo‘yilgan oltindan yasalgan tovoqni qo‘lida ushlab turibdi. Yigit ayolga: «Buni olgin va eringga aytgin: «Bu eringning juma kuni Alloh uchun qilgan amalining haqqidir. Bu kundagi ozgina amalning ajri Allohning huzurida ko‘pdir», dedi. Ayol tovoqdagi ro‘molni olsa, unda ming dinor bor ekan. Bu dinorni olib zargarning oldiga bordi. Zargar uni o‘lchab ko‘rsa, dunyo oltinidan ikki barobar og‘ir ekan. Dinorning naqshlariga qarab bu dunyo dinorlaridan emasligini angladi. «Qaerdan olding?» deb so‘radi. Ayol bo‘lgan voqeani aytib berdi. Zargar ham Islomga kirdi va ayolga ming dinor berdi. Eri esa namoz o‘qib bo‘lgach, uyiga qaytdi. U ro‘moliga tuproq solib: «Xotinim un olib keldim, deyman», deb xayol qildi. Uyiga kirgach, taomning hidini sezdi. Ro‘molni eshikning oldida qoldirib, xotinidan bu hodisaning sirini so‘radi. Xotini bo‘lgan voqeani aytib berdi. Yigit bu ne’matlar uchun Allohga shukrona sajdasini qildi. Xotini undan: «Nima olib keldingiz?» deb so‘raganida u hijolat bo‘lib: «So‘ramagin», dedi. Xotini ro‘molni ochib qarasa, juma namozining hurmatidan tuproq unga aylanib qolgan edi.