Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222278 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:41:57

A’robiy borib, daraxtga shu so‘zni aytdi. Daraxt oldi, orqasi, ikki yoniga egilib, qimirladi. Yer yorilib tomirlarini sudraganicha to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldlariga kelib: «Assalomu alayka, yo Rasululloh», deb salom berdi. A’robiy aytdi: «Daraxtga buyuring, yana o‘z o‘rniga qaytsin». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyurgach, ildizlarini chuvalantirganicha qaytib borib, joyiga o‘rnashdi. Bu ulug‘ mo‘‘jizani ko‘rgach, a’robiy darhol iymon keltirdi. So‘ngra: «Yo Rasululloh, ruxsat bering, sizga sajda qilurman», dedi. Shunda Rasululloh: «Maxluqqa sajda qilmoq joiz emas. Agar mumkin bo‘lganida, xotinlarni erlariga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim», dedilar. «Bo‘lmasa, ruxsat bering, qo‘l­oyoqlaringizni o‘payin», dedi. O’pishga ruxsat qildilar. Pir­ustozlarning oyoq-qo‘llarini o‘pish shundan qolgandir.

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makka ko‘chalarining birida kelayotib Rukona degan bir kishiga yo‘liqib qoldilar. U Quraysh yigitlari ichida eng atoqli bahodirlardan edi. Unga: «Ey Rukona, Allohdan qo‘rq, men Allohning payg‘ambariman, iymon keltirib, musulmon bo‘l», dedilar. U: «Ey Muhammad, payg‘ambarligingga bir alomat ko‘rsatsang, iymon keltirar edim. Dalil­hujjatsiz qanday musulmon bo‘lurman?» dedi. Rasululloh naridagi bir tup daraxtga qarab: «Allohning izni bilan oldimga kel», dedilar. Shu zahoti daraxt teng o‘rtasidan yorilib, ikkiga ajraldi. Yarmi turgan joyida qoldi, qolgan yarmi yerni yorganicha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldlariga kelib, salom berdi. Buni ko‘rib lol qolgach, u: «Ey Muhammad, eng ulug‘ ishni ko‘rsatding, unga buyurgil, yana o‘z joyiga borsin», dedi. «Agar buyursam, o‘z joyiga borib qo‘shilsa, iymon keltirurmisan?» dedilar Nabiy. «Albatta, iymon keltirurman», deb va’da berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyurgach, Allohning qudrati bilan daraxtning yarmi oldingi yarmiga yopishib, asl holiga keldi. Ammo Rukona shundoq ulug‘ qudratni ko‘rib turib, ham iymon keltirmadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:42:08

Imom Buxoriy, Imom Termiziy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xodimlari Anas ibn Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hazrati Abu Bakr Siddiq, Umar va Usmon raziyallohu anhumlar bilan birga Uhud tog‘ining ustiga chiqqanlarida, tog‘ titray boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Uhud, to‘xta. Sening ustingdagi kishilardan biri Allohning payg‘ambari, birisi uning yori siddiq, ikkovi shahiddir», deyishlari bilan tog‘ titrashdan to‘xtadi. Bu voqeada uch mo‘‘jiza bor: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tog‘ tepasiga chiqishlarida uning titrab ketishi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning so‘zlarini eshitib, darhol to‘xtashi. Uchinchi mo‘‘jiza esa keyin bo‘ladigan voqeadan xabar berishlaridir. Haqiqitdan ham, hazrati Umar, hazrati Usmon ikkovlari shahid bo‘lishdi.

Payg‘ambar alayhissalomning yana bir mo‘‘jizalari barmoqlari orasidan suv chiqqani va uning ko‘payganidir. Bu g‘aroyib voqeani Anas, Jobir hamda Ibn Mas’ud kabi ko‘pgina sahobalar rivoyat qilishgan.

Anas raziyallohu anhu aytadilar: «Rasulullohni asr namoziga ozgina vaqt qolganda uchratdim. Odamlar tahorat olish uchun suv topolmay zir yugurib yurishardi. Payg‘ambar alayhissalom tahorat olinadigan bir idishga qo‘llarini tiqqan edilar, barmoqlari orasidan suv otilib chiqa boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu suvdan tahoratga olishga buyurdilar. Odamlar birin­ketin kelib, idishlarini to‘ldira boshlashdi. Idishdan tahorat olgan odamlar soni uch yuztadan oshib ketdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:42:19

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birgina harak’atlari va duolari bilan oziq­ovqatning barokotli bo‘lib ketgani ham u kishining mo‘‘jizalaridandir.

Abu Talhaning raziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Anas raziyallohu anhu qo‘ltig‘iga qisib kelgan bir necha arpa non bilan yetmishdan ortiq kishini to‘ydirganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam nonlarni mayda ushatib, Alloh rozi bo‘ladigan duolarni o‘qib, dam solganlar.

Xandaq g‘azotida Rasululloh uch kiloga yaqin arpa va bitta uloqchaning go‘shti bilan ming odamga yetadigan ovqat tayyorlatganlar. Jobirning aytishicha, o‘sha kuni odamlar to‘yib ketganidan ham ovqat ortib qolgan, hatto ortgan xamirdan non ham yopishgan. Payg‘ambar alayhissalom xamir bilan qozonga dam solishlari tufayli beadad baraka kirgan.

Abu Ayyub rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Abu Bakr ikkalasiga yetgulik ovqat pishirdim. Payg‘ambar alayhissalom ushbu ovqatni 180 kishiga yetkazdilar».

Jobir ibn Abdulloh deydi: «Masjidning xurmo yog‘ochidan qilingan ustuni bor edi. Rasululloh shu ustunga suyanib, xutba o‘qirdilar. Minbar yasalib, xutba o‘shanda o‘qiladigan bo‘lgach, ustunning xuddi jonli hayvondek nola qilganini eshitdik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning oldiga borib, qo‘llarini qo‘yganlaridan keyin jimib qoldi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:42:42

Oltmish to‘rtinchi majlis
Yig‘lash bayoni


Alloh taolo aytadi: «Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va (har bir) jon erta (qiyomat kuni) uchun nimani (ya’ni, qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. Sizlar Allohni unutib qo‘ygan (ya’ni, U zotning amr­farmonlariga itoat etmagan), bas, (shundan keyin Alloh) ularga o‘zlarini ham unuttirib qo‘ygan (ya’ni, o‘zlariga oxiratda foyda beradigan amallar qilishdan yuz o‘girtirib qo‘ygan) kimsalar kabi bo‘lmangiz! Ana o‘shalar fosiq­itoatsiz kimsalardir!» (Hashr surasi, 18—19-oyatlar).

Rivoyat qilinishicha, Umarning raziyallohu anhu sahifalari bo‘lib, unga yaxshi va yomon amallarini yozib yurardilar. Har juma kuni yozganlarini tekshirib ko‘rardilar. Sahifada Alloh rozi bo‘lmaydigan amalni ko‘rganlarida qamchi bilan o‘zlarini urardilar. U kishi vafot etganlarida jasadni yuvmoqchi bo‘lishganida yelkalari kaltak zarbidan qorayib ketganining guvohi bo‘lishdi. Umar raziyallohu anhu azob oyatlarini eshitib qolsalar, xushlaridan ketib yiqilardilar, hatto kasal bo‘lib qolardilar. Ko‘z yoshlari ko‘p oqqanidan yuzlarida ikkita chiziqcha paydo bo‘lgan edi. «Koshki onam meni tug‘maganida edi», deb o‘zlarini koyirdilar.

Kunlarning birida ulovda o‘tib ketayotib: «Albatta, Parvardigoringizning azobi voqe’ bo‘luvchidir? Biror narsa uni daf qila olguvchi emas», oyati qiroat qilinayotganini eshitib qolib, hushlaridan ketib, ulovdan yiqildilar. Odamlar u kishini uylariga olib ketishdi. Shundan so‘ng bir oy uylaridan chiqolmadilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:43:05

Ka’bul Ahbor aytadilar: «Allohdan qo‘rqib, ko‘zlarimdan yosh oqadigan darajada yig‘lamog‘im o‘z og‘irligim miqdoricha oltinni sadaqa qilmog‘imdan yaxshiroqdir. Chunki kim Allohdan qo‘rqib ko‘z yoshidan bir tomchisi yerga oqib tushar ekan, uni do‘zax olovi kuydirmaydi».

Alloh Muso alayhissalomga vahiy qildi: «Zohidlarning zohidligi, qurbat hosil qiluvchilarning qurbati, harom qilingan narsalardan taqvo qiluvchi obidlarning ibodati Mendan qo‘rqib yig‘lagan kimsaning ibodatidan afzal bo‘la olmaydi». Shunda Muso alayhissalom: «Ey rahmlilarning rahmlirog‘i, ularni bu amallari evaziga qanday mukofotlaysan?» deb so‘radilar. Alloh: «Dunyodan yuz o‘giruvchi zohidlarga jannatimning halol qilaman. Ular jannatni xohlagan joylarida qo‘nim topadilar. Men harom qilgan narsalardan taqvo qilguvchilarni esa hisob­kitobsiz jannatga kiritaman. Mendan qo‘rqib yig‘laguvchilar esa jannatda rafiqul a’loda bo‘ladilar», dedi.

Xabarlarda kelishicha, qiyomat kuni bir banda Allohning oldiga keltiriladi. Unga nomai a’moli berilganida gunohlari ko‘pligini biladi. Shunda u: «Parvardigoro, bu gunohlarni men aslo qilgan emasman», deydi. Alloh: «Mening ishonchli guvohlarim bor», deganda, banda o‘ng va chap tomoniga qarab hech kimni ko‘rmaydi. Alloh uning a’zolariga unga qarshi guvohlik berishga amr qiladi. Quloqlari: «Uning bu gunohlarni qilganini eshitdik va bildik», deb guvohlik beradi. Ko‘zlari: «Biz ko‘rdik», tili esa: «Men gapirdim», deb guvohlik beradi. Qo‘llari, oyoqlari va boshqa a’zolari ham guvohlik beradi. Banda hayratlanib qoladi. Alloh uni do‘zaxga tashlashga buyurgan vaqtda uning o‘ng ko‘zidagi bir dona kipirigi so‘zlash uchun Allohdan izn so‘raydi. Alloh unga izn bergach: «Yo Parvardigor, darhaqiqat Sen: «Qaysiki bandamning qovoqlaridagi bir dona kiprigi Mendan qo‘rqib yig‘lagani sababli namlansa, uni do‘zaxdan ozod qilaman», demaganmiding?» deydi. Alloh taolo: «Ha, shunday degan edim», deydi. Kiprik: «Men guvohlik beramanki, bu gunohkor banda Sendan qo‘rqqanidan yig‘lab, meni namlagan edi», deydi. Alloh uni jannatga kiritishlariga buyuradi. Keyin shunday nido qilinadi: «Falonchining o‘g‘li falonchi bir dona kiprik sababli do‘zaxdan najot topdi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:43:14

Ibn Abbosdan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Kimning terisi Allohdan qo‘rqib titrasa, uning gunohlari qurigan daraxtning barglari to‘kilgandek to‘kiladi».

Qiyomat kuni do‘zaxdan tog‘ kabi olov chiqib, ummati Muhammadni qasd qiladi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam uni daf qilishga harak’at qiladilar, ammo qodir bo‘lmaydilar. Shunda: «Ey Jabroil, bu olov ummatimni kuydirmoqchi», deydilar. Jabroil alayhissalom bir qadah suv bilan kelib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga: «Ey Muhammad, mana bu suvni olib, unga seping», deydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u suvni olovga sepganlarida, darrov o‘chib qoladi. Shunda Nabiy alayhissalom: «Ey Jabroil, bu qanaqa suv? Olovni bunchalik tez o‘chiradigan bundan boshqa suvni bilmayman», deydilar. Jabroil alayhissalom shunday javob beradi: «Bu suv xilvatda qolib, Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ummatingizning ko‘z yoshlaridir».

Hikoya qilinadiki, Rabboh Absiy ismli kishi 4 dinorga qora g‘ulom sotib oldi. G’ulom sira uxlamasdi, mavlosini ham uxlagani qo‘ymasdi. Kech kirgach, Rabboh: «Ey g‘ulom, nima uchun uxlamaysan va bizni ham uxlagani qo‘ymaysan?» deb so‘radi. G’ulom: «Ey Mavlom, agar kech kirgan vaqtda qabr zulmatini va jahannam dahshatini eslasam, uyqum qochib ketadi. Rabbimning huzurida turishimni eslasam, g‘amim ziyodalashadi. Jannat va undagi ne’matlarni eslasam, zavqu shavqim ziyoda bo‘ladi. Endi qanday qilib uxlayin?!» deb javob berdi. Buni eshitgan xo‘jasi hushidan ketdi. O’ziga kelgach: «Ey g‘ulom, menga o‘xshaganlar sen kabilarga xo‘jayin bo‘lishga yaramaydi. Bor, ketaver, seni Alloh rizoligi uchun ozod qildim», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:43:26

Rivoyat qilinishicha, bir kishi kichik yoshli o‘g‘li bilan birga uxlayotgan edi. Lekin kechasi bola iztiroblanib uxlay olmadi. Otasi unga: «Ey o‘g‘lim, biron yering og‘riyaptimi?» dedi. Bola: «Yo‘q, ey otajon. Ertaga o‘qituvchimiz bir haftalik darsimizni bizdan so‘raydi. Muallimimiz mendan xato topib, g‘azab qilib, meni urmog‘idan qo‘rqaman», deb javob berdi. Shunda otasi yig‘lay boshladi va: «Men bu qo‘rquvga haqliroqman. Qiyomat kunida Allohning huzurida isyonlarim arz qilinganida holim nima kechadi?!» dedi.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Qiyomat kuni odamlar to‘rt narsa haqida so‘ralmagunigacha bir qadam ham siljiy olmaydi: umrini qanday o‘tkazgani; kuch­quvvatini nimaga sarflagani; ilmiga qanday amal qilgani; molini qaerdan topib, qaerga sarflagani haqida».

Ma’rifat ahli aytadiki, to‘rt narsani to‘rt narsa bilan yuvinglar: yuzlaringizni ko‘z yoshlaringiz, tillaringizni Rabbilaringizni zikr qilish, dillaringizni Allohdan qo‘rqish va gunohlaringizni tavba bilan yuvinglar.

Faqih aytadilar: «Gunoh ikki xil bo‘ladi: sen bilan Allohning o‘rtasidagi gunoh va sen bilan bandalar orasidagi gunoh. Birinchi gunohning tavbasi istig‘for aytish bo‘lib, u gunohga nadomat qilish va uni qaytib qilmaslikka ahd etishdir. Ikkinchi gunohga kelsak, toki bandalarni rozi qilmaguningcha tavbang senga foyda bermaydi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:43:49

Oltmish beshinchi majlis
Jumaning fazilati haqida


Alloh taolo aytadi: «Ey mo‘minlar, qachon juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga (ya’ni, juma namozini ado qilish uchun) shoshib boringlar va oldi­sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga — juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir» (Juma surasi, 9­oyat).

Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam juma kuni minbarda xutba o‘qib turar edilar. Shu vaqtda Dihyatul Kalbiy Shom tijoratidan qaytib keldi va kelganini bildirish uchun nog‘ora chaldi. Masjidda turgan odamlar uning oldiga shoshib chiqdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga masjidda faqat 12 kishi qoldi. Shunda quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «(Ey Muhammad), qachon ular biron tijoratni yoki o‘yin­kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib­tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar».

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Uyi bilan masjidning orasidagi masofa jumadan keyin uyiga yetib olish mumkin bo‘ladigan darajada bo‘lgan har bir kishiga juma namozi vojibdir».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim juma namozini uzrsiz tark etsa, bir dinor sadaqa qilsin. Agar bir dinor topa olmasa, yarim dinor sadaqa qilsin. Kim ketma­ket uch marta juma namozini o‘qimasa, uning guvohligi qabul qilinmaydi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:44:00

Abu Bakrdan raziyallohu anhu rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim juma kuni g‘usl qilsa, gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar jumaga borsa, Alloh uning har bir qadami uchun yigirma yillik ibodat yozadi. Agar juma namozni o‘qisa, yuz yillik amali solih bilan ajrlanadi», dedilar.

Said ibn Musayyab raziyallohu anhu aytadilar: «Juma namozini o‘qimog‘im men uchun nafl haj qilishdan ko‘ra suyukliroqdir».

Xabarda keladiki, Alloh taolo Baytul Ma’murning oldiga oq kumushdan minora yaratgan bo‘lib, uning uzunligi besh yuz yillik yo‘ldir. Juma kuni Jabroil alayhissalom bu minoraga chiqib, azon aytadi. Isrofil alayhissalom minbarga chiqib, xutba o‘qiydi. Mikoil farishtalarga imom bo‘lib namoz o‘qiydi. Namozdan forig‘ bo‘lishgach, Jabroil alayhissalom: «Azon aytishimdan hosil bo‘lgan savobni Muhammad alayhissalom ummatlarining muazzinlarining barchasiga berdim», deydi. Isrofil alayhissalom: «Xutba o‘qishdan hosil bo‘lgan savobni yer yuzidagi Muhammad alayhissalomning ummatlaridan bo‘lgan xutba o‘quvchilarga berdim», deydi. Mikoil alayhissalom: «Men imomlikdan hosil bo‘lgan savobni Muhammad alayhissalomning ummatlarining imomlariga berdim», deydi. Farishtalarning barchalari: «Biz jumani o‘qishdan hosil bo‘lgan savobni imomning ortidan ergashib, jumani o‘qigan jamiki musulmonlarga berdik», deyishadi. Alloh taolo esa: «Ey farishtalarim, sizlar mening huzurimdagi saxovotni zohir qilyapsizlarmi?! Izzatim va buyukligimga qasamki, bandalarim orasidan Mening amrimga bo‘yinsunib, habibim Muhammadga ergashib, juma namozini o‘qiganlarning gunohlarini mag‘firat qildim», deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:44:13

Hikoya qilinishicha, Molik ibn Dinor zamonasida majusiy aka­ukalar bo‘lib, biri olovga 73 yil, ikkinchisi esa 35 yil ibodat qilibdi. Kunlarning birida kichigi kattasiga: «Ey aka, mana falon yildan beri olovga ibodat qilyapmiz, keling, uni bir sinab ko‘ramiz. Agar bizni boshqa odamlarni kuydirgandek kuydirsa, unga ibodat qilmaymiz. Agar kuydirmasa, o‘lgunimizcha unga ibodat qilamiz», dedi. Keyin olov yoqishdi. «Birinchi bo‘lib sen qo‘lingni olovga tiq», dedi kattasi. Kichigi qo‘lini tiqqanida, olov uni kuydirdi. U qo‘lini tortib olib: «Ey olov, falon yildan beri senga ibodat qilyapman. Sen esa menga aziyat berding!» dedi va akasiga: «Ey aka, keling shunga ibodat qilmaylik», desa, akasi: «Men unga ibodat qilishni tark qilmayman», deb javob berdi. Ukasi olovga ibodat qilishni tashlab, Molik ibn Dinorning oldiga keldi. U va’z qilib turgan edi. Molik unga va ahli baytiga Islomni tushuntirgach, hammalari Islomga kirishdi. Molik unga: «Oldimga o‘tirgin, men senga do‘stlarimdan mol yig‘ib beraman», deganida u: «Men dinimni dunyo evaziga sotishni xohlamayman», deb qaytib ketdi. Shahardagi xarobalardan biriga borib, oilasi bilan birga u yerda qo‘nim topdi va Allohga ibodat qila boshladi. Tong otgach, ayoli: «Bozorga borib ishlang va yeyishga taom sotib oling», dedi. U bozorga bordi, ammo biron kimsa uni ishga olmadi. Shunda u o‘ziga: «Alloh uchun amal qilgin», dedi-da, masjidga kirib namoz o‘qiy boshladi. Kech kirgach, uyiga quruq qaytdi. «Biron narsa topmadingizmi?» deb xotini so‘raganida, u: «Bir odamnikida ishladim, u ish haqimni ertaga berishni va’da qildi», deb javob berdi. Ular kechani och holda o‘tkazishdi. Ertasi kuni yana shu holat takrorlandi. Kechasi uyiga hech narsasiz qaytdi. Xotini sababini so‘raganida kechagidek javob qildi. Uchinchi kuni — juma kuni ham bozorga bordi. Yana biror ish topolmadi. Masjidga borib, juma namozini o‘qigach, qo‘lini osmonga ko‘tarib, «Yo Parvardigor, bu dinning hurmati, bu kunning hurmati bilan so‘raymanki, qalbimdan ahli oilam nafaqasining g‘amini ko‘targin. Albatta, men ayolimdan hayo qilyapman va ularga ochlik g‘alaba qilib, akamning diniga qaytib ketishlaridan qo‘rqyapman», deb duo qildi. Shu payt bir kishi ularning eshigini taqillatdi. Ayoli chiqib qarasa, chiroyli yigit usti ro‘molcha bilan yopib qo‘yilgan oltindan yasalgan tovoqni qo‘lida ushlab turibdi. Yigit ayolga: «Buni olgin va eringga aytgin: «Bu eringning juma kuni Alloh uchun qilgan amalining haqqidir. Bu kundagi ozgina amalning ajri Allohning huzurida ko‘pdir», dedi. Ayol tovoqdagi ro‘molni olsa, unda ming dinor bor ekan. Bu dinorni olib zargarning oldiga bordi. Zargar uni o‘lchab ko‘rsa, dunyo oltinidan ikki barobar og‘ir ekan. Dinorning naqshlariga qarab bu dunyo dinorlaridan emasligini angladi. «Qaerdan olding?» deb so‘radi. Ayol bo‘lgan voqeani aytib berdi. Zargar ham Islomga kirdi va ayolga ming dinor berdi. Eri esa namoz o‘qib bo‘lgach, uyiga qaytdi. U ro‘moliga tuproq solib: «Xotinim un olib keldim, deyman», deb xayol qildi. Uyiga kirgach, taomning hidini sezdi. Ro‘molni eshikning oldida qoldirib, xotinidan bu hodisaning sirini so‘radi. Xotini bo‘lgan voqeani aytib berdi. Yigit bu ne’matlar uchun Allohga shukrona sajdasini qildi. Xotini undan: «Nima olib keldingiz?» deb so‘raganida u hijolat bo‘lib: «So‘ramagin», dedi. Xotini ro‘molni ochib qarasa, juma namozining hurmatidan tuproq unga aylanib qolgan edi.

Qayd etilgan