Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222262 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:06:36

Yetmish uchinchi majlis
Qurbonlik qilish fazilati


Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad alayhissalom), albatta Biz sizga Kavsarni ato etdik. Bas, siz Parvardigoringiz uchun namoz o‘qing va (jonliq) so‘yib-qurbonlik qiling! Albatta sizni yomon ko‘rguvchi kimsaning dumi qirqilgandir (ya’ni, benomu nishon yo‘q bo‘lib ketguvchidir)!» (Kavsar surasi, 1—3-oyatlar).

Muslim ibn Anasdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yengil uyqudan tabassum bilan uyg‘ondilar. Shunda sahobalar: «Yo Rasululloh, sizni nima kuldirdi?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Menga hozir bir sura nozil bo‘ldi deb, «Kavsar» surasini qiroat qildilar.

Ushbu suraning nozil bo‘lishining sababi haqida Abu Solih raziyallohu anhu Ibn Abbosdan raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Os ibn Voil masjidga kirayotib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rdi va ular eshik oldida suhbatlashib qolishdi. Shu vaqtda masjidda bir guruh mushriklar o‘tirgan edilar. Os ibn Voil ularning oldiga kirgan vaqtda, ular: «Kim bilan suhbatlashding?» deb so‘rashdi. Os ibn Voil: «Ana u abtar bilan» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘g‘il farzandlari yoshligidanoq vafot etavergach, Quraysh mushriklari u kishini abtar, deb nomladilar. Johiliyatda o‘g‘il farzandi yo‘q kishi shunday nomlashardi. Ya’ni, dumi qirqilgan, ishini davom ettirguvchisi yo‘q degan, ma’noda. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Os ibn Voilning so‘zini eshitib, ancha g‘amgin bo‘ldilar. Shunda Alloh o‘z habibiga tasalli berib, bu surani nozil qildi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:06:52

Ulamolar Kavsar haqida turli fikrlar bildirishgan. Ba’zilar u jannatdagi daryo desa, ba’zilar uni jannatdagi havz, deganlar. Ba’zilar, ko‘p yaxshiliklar, degani desa, ba’zilar, maqtovli maqomdir, deganlar. Ba’zilar, Kavsarni husni xulq desalar, ba’zilar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning baland martabaga ko‘tarilishi, deganlar. Ba’zilar ummatning ko‘pligi, desalar, ba’zilar Qur’oni karimdir, deganlar. Ba’zilar kavsardan murod payg‘ambarlik desalar, ba’zilar shafoatul kubro, deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Har kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lsa­yu, qurbonlik
qilmasa, xohlasa yahudiy bo‘lib o‘lsin, xohlasa nasroniy bo‘lib o‘lsin». Yana bir rivoyatda: «Kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lib, qurbonlik qilmasa, bizlarning masjidlarimizga yaqinlashmasin», degan ekanlar.
Hazrati Ali raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Kim qurbonlikka jonliq olish uchun bozorga borsa, Alloh taolo har bir qadamiga o‘nta savob ato etadi va o‘nta gunohini kechiradi va martabasini o‘n daraja ko‘taradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan so‘zlarini tasbeh o‘rnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirhamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan o‘nta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istig‘for aytadilar. Qurbonlik go‘shtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi», dedilar».

Rivoyat qilinishicha, Dovud alayhissalom: «Yo Parvardigoro, Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlaring qilgan qurbonliklari uchun nima ato etgansan?» dedilar. Alloh taolo xitob qildi: «Yo Dovud, Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlaridan qurbonlik qilganlarga qurbonlikning badanidagi har bir tukiga o‘nta savob ato qilib, o‘nta gunohini kechaman. Jannatdagi darajasini yuksaltirib, u yerda bir qasr bino qilaman va hurlarni nasib etaman. Yo Dovud, bu qurbonlik qiyomat kuni markab bo‘lib, turli balolarni egasidan qaytaradi»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:07:05

Ahmad ibn Ishoq aytadilar: «Kambag‘al va kasalmand akam bor edi. Kambag‘alligiga qaramay har yili Qurbon hayiti kunlari bir qo‘yni qurbonlikka so‘yardi. Akam vafot etganlaridan keyin ikki rak’at namoz o‘qib, Allohdan akamni tushimda ko‘rsatishini iltijo qildim. Uni tushimda ko‘rsam, u bir yaxshi, kulrang otning ustida bo‘lib, yonida yana ko‘pgina zotdor otlar bor edi. Men: «Ey aka, Alloh senga nima ato etdi?» deb so‘radim. «Alloh meni mag‘firat etdi», dedi. Undan buning boisini so‘radim. «Bir kuni qari bir kampirga Alloh yo‘lida bir dirham sadaqa qilganim mag‘firat etilishimga sabab bo‘ldi», deb javob berdi. «Bu otlarni qaerdan olding?» dedim. «Bular dunyoda qilgan qurbonliklarim bo‘lib, minib turganim birinchi qilgan qurbonligimdir», deb javob berdi. «Qaerga ketyapsan?» deb so‘rasam, u: «Jannatga», deya ko‘zimdan g‘oyib bo‘ldi.

Anas ibn Molik Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Hashr (qiyomat) sodir bo‘lgan vaqtda mo‘minlar o‘z qabrlaridan turadilar. Alloh: «Ey farishtalar, mening bandalarimni mahshargohga ulovsiz olib borasizlarmi? Ular dunyoda biror joyga bormoqchi bo‘lishsa, piyoda yurishmas edi. Tug‘ilmasdan oldin ularga ota sulbi, keyin onalarining qorni markab bo‘lardi. Tug‘ilganlaridan keyin ona bag‘rida va sutdan to‘xtaganda esa otalarining yelkasida yurishardi. Ulg‘ayganlarida tuyalar, xachirlarda yurishardi. Agar dengizda safar qilsalar, qayiqlar va kemalarda suzardilar. Vafot etganlarida mo‘min birodarlarining yelkasi ularga ulovlik vazifasini bajarardi. Endi tirilib qabrlaridan turgach, mahsharga piyoda borishmasin. Qurbonliklarini keltiring, minib borishsin», deydi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratdagi ofatlardan ozod etadi. Hayiti namozini o‘qib, qurbonlik so‘ygan mo‘minlar mening ummatimdandir» degan ekanlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:07:15

Fiqh kitoblarida aytilishicha, qurbonlik so‘yishning avvali hayit namozidan keyindir. Uning oxirgi vaqti uchinchi kun asr vaqtigacha. Qurbonlikning eng afzali uni qurbonlik qiluvchining o‘zi so‘yishidir. Agar o‘zi so‘yishni bilmasa, boshqa odamga buyurishi ham mumkin. Lekin so‘yish vaqtida hozir bo‘lish mustahab. Jonliq yuzini qibla tomonga burib: «Albatta, men yuzimni osmonlaru yerni yaratgan Zotga, to‘g‘ri yo‘lga moyil bo‘lgan holimda yuzlantirdim va men mushriklardan emasman». (An’om surasi, 79­oyat) «Allohu akbar. Allohu akbar. La-a ilaha illallohu vallohu akbar, valillahil hamd. Bismillah, Allohu akbar», deb so‘ysin va shundan keyin ikki rak’at namoz o‘qisin.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Qurbonlikni so‘yib bo‘lgach, ikki rak’at namozdan so‘ng ushbu duoni o‘qisin: «Ey bor Xudoyo, mening namozim va nusuklarim (namozdan boshqa ibodatlarim), mamotim olamlar Rabbisi Alloh uchundir va U zotning biron sherigi yo‘qdir. Men mana shunga (ya’ni, yagona Allohga ixlos ila ibodat qilishga) buyurilganman va men bo‘yinsunguvchilarning avvali­peshqadamiman».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:07:34

Yetmish to‘rtinchi majlis
Ixlos surasining fazilati


Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad), ayting: «U — Alloh Birdir (ya’ni, Uning hech qanday sherigi yo‘qdir. U yakka-yu yolg‘izdir). Alloh (barcha hojatlar bilan) ko‘zlanguvchidir (ya’ni, barcha hojatlar Undan so‘raladi, ammo U hech kimga muhtoj emasdir). U tug‘magan va tug‘ilmagandir (ya’ni, Allohning o‘g‘il­qizi ham, ota­onasi ham yo‘qdir. U azaliy va abadiy Zotdir). Va hech kim U zotga teng emasdir» (Ixlos surasi, 1­4­oyatlar)

Bu suraning nozil bo‘lishi xususida Ubay ibn Ka’b, Jobir ibn Abdulloh va Ikrimalar shunday deyishadi: «Makka mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, Bizga Rabbingni vasflab bergin. U nimadan — oltindanmi, kumush, temirdanmi yoki misdanmi? Bizlarning olihalarimiz mazkur narsalardan yasalgandir», deyishdi. Shunda Alloh O’z payg‘ambariga ushbu surani nozil qildi».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha raziyallohu anhoga dedilar: «To‘rt ishni bajarmaguningcha uxlamagin. Ular quyidagilar: Qur’onni xatm qilish; qiyomat kunida payg‘ambarlarni shafoatchi qilish; musulmonlarni rozi qilish; haj va umra qilish». Oisha raziyallohu anhu: «Yo Rasululloh, ota­onam sizga fido bo‘lsin. Menga bu amallarni qilishga buyuryapsizu, ularni qilishga qodir emasman», dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:07:46

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tabassum qilib aytdilar: «Qul huvallohu ahad» surasini uch marta o‘qisang, Qur’oni karimni xatm qilgandek bo‘lasan. Agar menga va mendan avvalgi payg‘ambarlarga salovot aytsang, ularni o‘zingga shafoatchi qilgan bo‘lasan. Mo‘minlar uchun istig‘for aytib, mag‘firat so‘rasang, ularning hammalari sendan rozi bo‘ladilar. «Subhonallohi valhamdu lillahi va la ilaha illallohi vallohu akbar», desang, haj va umra qilgandek bo‘lasan»

Ali ibn Abu Tolibdan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Kim Ixlos surasini bomdod namozidan keyin o‘n marta o‘qisa, shayton jiddu jahd qilsa ham unga kun bo‘yi biror gunoh yetmaydi».

Bu sura Makkiy suralardan bo‘lib, 4 oyat, 15 kalima va 47 ta harfdan iboratdir. Ubay ibn Ka’b raziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim «Qul huvallohu ahad» surasini bir marta o‘qisa, Alloh unga yuzta shahidning ajrini beradi», dedilar.

Anas ibn Molikdan aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Ixlos surasini bir marta o‘qisa, Qur’onning uchdan birini o‘qigandek savob oladi. Kim ikki marta o‘qisa, Qur’onning uchdan ikkisini o‘qigandek savob oladi. Kim uch marta o‘qisa, Qur’onni to‘liq o‘qiganlik savobini oladi. Kim Qur’onni o‘n marta o‘qisa, jannatda uning uchun qizil yoqutdan qasr bino qilinadi» dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:07:59

Xabarlarda kelishicha, kim Ixlos surasini farz namozlarida o‘qisa, Alloh uni va ota­onasining gunohlarini mag‘firat qiladi va uning ismini baxtsizlar devonidan o‘chirib, baxtlilar devoniga yozib qo‘yadi.
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Men Jabroil alayhissalom «Qul huvallohu ahad» surasini keltirgunlarigacha, kechayu kunduz ummatimning azoblanishidan qo‘rqar edim. Bu sura nozil bo‘lgandan keyin Alloh taolo ummatimni azoblamasligini bildim. Chunki bu surada Allohga nisbat beriladi. Kim bu surani o‘qishga odatlansa, unga yaxshilik va xotirjamlik yog‘ildi va Allohning rahmati uni o‘rab oladi. Allohning O’zi unga nazar qiladi va nimani so‘rasa, albatta, beriladi».

Imom Bayhaqiy Abu Umoma Bahliydan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Tabuk g‘azotida bo‘lgan vaqtlarida Jabroil alayhissalom oldlariga kelib aytdi: «Yo Rasululloh, Muoviyaning janozasiga qatnashing». Jabroil alayhissalom qanotlarini yerga qo‘ygan edi, yer qisqardi, hattoki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Madina ko‘rindi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Muoviyaga janoza namozi o‘qidilar. U kishi bilan birga Jabroil va yetmish ming farishta namoz o‘qidi. So‘ng u zot Jabroildan so‘radilar: «Ey Jabroil, Muoviya bu martabaga nima bilan erishdi?» Jabroil alayhissalom: «Ixlos surasini turganda, o‘tirganda va yurganda ham o‘qishi tufayli erishdi», deb javob berdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uxlashdan avval «Ixlos», «Falaq», «Nos» suralarini o‘qib, ikki qo‘llariga dam solib, ularni butun badanlariga surtar edilar. Agar betob bo‘lsalar, bu ishni boshqalarga aytdirib qildirar edilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 09:08:14

Imom Muslim Abu Dardodan rivoyat qiladilar: «Albatta, Alloh Qur’oni karimni uchga bo‘lib, Ixlos surasini uch qismdan biri qildi. Shu bois Alloh taolo bu surani o‘quvchiga Qur’onning uchdan birini o‘qish savobini beradi. Zero, Qur’oni karim uch xil mavzuda — qissalar, hukmlar va Allohning ismi sifatlari haqida so‘z yuritadi. Bu sura ushbu uch qismdan birini, ya’ni Allohning sifatlarini o‘zida mujassamlashtirgandir».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makka eshigi oldida o‘tirganlarida to‘satdan bir kishining tobutini olib o‘tishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uning buynida qarzi bormi?» deb so‘radilar. Sahobalar: «To‘rt dirham qarzi bor edi, to‘lamasdan vafot etdi», deb javob berishdi. Shunda u kishi: «Qarzini to‘lamasdan o‘lgan kimsaning janozasini o‘qimayman, unga o‘zlaringiz janoza o‘qinglar», dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom kelib aytdi: «Ey Muhammad, Alloh sizga salom aytdi va meni bu kimsaning suratida yubordi. Bas, u borib, qarzini to‘ladi. Siz turib janoza namozini o‘qing. Chunki u mag‘firat qilingandir. Alloh: «Kim uning janozasini o‘qisa, gunohlarini mag‘firat qilaman», dedi». «Ey Jabroil, u bunchalik izzat­ikromga qanday erishdi?» deb so‘raganlarida, Jabroil alayhissalom «U har kuni yuz marta Ixlos surasini o‘qirdi» deb javob berdi.

Yana bir hadisda: «Kim «Qul huvallohu ahad»ni «bismilloh» bilan o‘qisa, Alloh uning ellik yillik gunohini mag‘firat qiladi», deyilgan.

Hikoya qilinishicha, solihlardan biri tushida Makka kabutarlaridan yuztasini boshi yo‘q holatda ko‘ribdi. Uyg‘ongach, ta’bir qiluvchiga tushini aytib beribdi. Ta’birchi: «Ehtimol, sen «Ixlos» surasini yuz marta «Bismillah»siz o‘qigandirsan» desa, «To‘g‘ri aytding», debdi u.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kambag‘allikdan shikoyat qilgan kishiga: «Uyingga kirsang, Ixlos surasini o‘qigin», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Kim Ixlos surasini kasallik chog‘ida o‘qisa va shu kasallik tufayli vafot etsa, uning jasadi chirimaydi, qabri siqishdan omon bo‘ladi va farishtalar Sirot ko‘prigidan o‘tib, jannatga kirgunigacha uni qanotlarida ko‘tarib yuradilar»

Xotima
Barcha hamd Allohnikidir! Biz u zotga hamdlar aytamiz, undan madad tilaymiz, istig‘for so‘raymiz. Uning elchisi butun olamga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimizga salotu salomlar bo‘lsin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 16:48:09


Durratun nosihiyn (Nasihatgo'ylar duri)



Muallif: Usmon ibn Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy
Hajmi: 906 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan