Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222180 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 36 B


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:07:14

Yettinchi majlis
RIBO YEYISHNING CHIRKINLIGI


Alloh taolo aytadi:
"Sudxo‘r kimsalar qiyomat kuni qabrlaridan jin chalgan odam kabi turadilar. Bunga sabab ularning: "Oldi-sotdi ham sudxo‘rlikning o‘zi-ku?!" degan so‘zlaridir. Holbuki, Alloh oldi-sotdini halol, sudxo‘rlikni esa harom qilgandir. Bas, kimga Parvardigoridan chiroyli nasihat yetgach, (sudxo‘rlikdan) to‘xtasa, uning avval qilgan gunohi o‘zigadir va uning ishi Allohga (topshiriladi). (Ya’ni, Alloh xohlasa, uni afv etur.) Va kimki sudxo‘rlikning haromligini bilganidan keyin yana (sudxo‘rlikka) qaytsa, ana o‘shalar jahannam egalaridir va ular do‘zaxda abadiy qolurlar" (Baqara surasi, 275-oyat).

Zayd ibn Habbob (r.a.) rivoyat qilganlarki: "Men Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) mana bunday deganlarini eshitdim: "Kimki: "Ey Alloh! Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) salovot yubor va ul zotni Qiyomatda O‘zingga yaqin bo‘lgan manzilga qo‘y", desa, o‘sha bandaga shafoatim vojib bo‘ladi" ("Shifo").

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bunday dedilar: "To‘rt toifa kishini jannatga kirgizmaslik va ne’matlaridan bahramand etmaslikni Alloh taolo va’da qildi. Birinchisi — doim mast qiluvchi ichimliklarni ichib yuruvchi kishilar. Ikkinchisi — sudxo‘r kimsalar. Uchinchisi — yetimlarning haqqini nohaq yeyuvchilar. To‘rtinchisi — ota-onasiga oq bo‘lgan (ularni norizo qilgan) farzandlar" (Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:07:29

Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilganlar: "Odam bolasining do‘zaxda abadiy qolishiga sabab bo‘luvchi yetti narsadan saqlaninglar. 1. Allohga shirk keltirishdan. 2. Sehrdan. 3. Nohaq odam o‘ldirishdan. 4. Ribo yeyishdan. 5. Yetim molini yeyishdan. 6. Urush maydonidan qochishdan. 7. Pok mo‘mina ayollarni zinokor, deb ayblab so‘kishdan".

Abdulloh ibn Ma’sud (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilib, bunday dedilar: "Ribo yetmish uch xil gunohdir. Uning eng yengili odam o‘z onasi bilan nikohlanishiga tengdir".

Sumra ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilindi: "Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ertalab namozdan so‘ng, bizlarga qarab: "Sizlardan birortangiz (bu kecha) tush ko‘rdimi, u tushga Allox xohlaganicha ta’bir aytilajak", dedilar. Sahobalar: "Yo‘q", deb javob berishdi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Lekin men bu kecha tush ko‘rdim, tushimda ikki shaxs kelib, meni muqaddas joyga chiqarib qo‘yishdi va yurib-yurib bir anhor oldida to‘xtadik. Anhorning suvi qon edi, unda bir kishi tikka turibdi, sohilda yana bir kishi, uning oldida esa toshlar juda ko‘p. Qachon anhordagi kishi chiqishga harakat qilsa, sohildagi kishi tosh otib, uni ortiga qaytaradi, uning og‘ziga tosh otib, uni qayta o‘z joyiga tushirib yuboraveradi. Shu ish doim to‘xtamasdan takror bo‘lib turibdi", dedilar. Sumra ibn Jundub: "Anhordagi kishi kim?" deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ribo yeyuvchidir (sudxo‘r)," deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:07:40

Ulamolar oldi-sotdi bilan riboning o‘rtasidagi farqni bayon qilib bunday deyishgan: Masalan, bir kishi o‘n dirhamlik kiyimni yigirma dirhamga oldi. Bu farq o‘zaro muqobil bo‘la oladi. Chunki bunda ikki taraflama rozichilik bor. Kiyim bilan pul bir-biri uchun moliyatda tenglashdi. Hech bir taraf o‘rinsiz biror narsa olgan bo‘lmadi, balki ikki taraf rozilik bilan foyda ko‘rishdi. Ribo esa o‘n dirhamini yigirma dirhamga sotishga o‘xshaydi, chunki bunda o‘n dirham ortiqcha pul beo‘rin olingan hisoblanadi. Kimdir: "O‘rtadagi muhlat-chi, o‘sha o‘rin bo‘ladi", deyishi mumkin. Yo‘q, muhlat berish hech qanday mol emas, biror bir narsa ham emaski, u ortiqcha o‘n dirhamga pullansa. Farq mana shunda ("Hayotul qulub").

Riboning harom qilinishi haqida bir necha fikrlar bor. Avvalo, ribo birovning molini evazsiz, o‘rniga biror narsa bermasdan olishdir. Ikkinchisi, ribo muomalasi insonlarni halol oldi-sotdi bilan shug‘ullanishdan man qilib qo‘yadi. Boisi moli ko‘p odam o‘zini qiyinchilik va mehnatga urmasdan, molining ko‘payishini xohlaydigina emas, balki insofsizlarcha xohlaydi. Bu esa insonlar orasida tijorat manfaatlarining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Uchinchisi, ribo insonlar o‘rtasidagi qarz olish va berish muomalasining yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi. Ribo agar harom bo‘lsa, insonlar ko‘ngillari to‘q holda bir-birlari bilan pul oldi-berdisini, qarz berish va olishni xotirjam yo‘lga qo‘yadigan bo‘ladilar. To‘rtinchisi, riboning harom ekanini Qur’onning oyatlari ochiq-oydin bayon qilib qo‘ydi. Bu harom qilinishda ko‘pdan-ko‘p hikmatlar bordir ("Hayotul qulub").

Uboda ibn Somitdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bunday deganlar: "Oltinni oltinga, kumushni kumushga, bug‘doyni bug‘doyga, arpani arpaga, xurmoni xurmoga, tuzni tuzga sotmanglar".

Chunki har xil narsalarda ribo bo‘lmaydi, jinslari ham bir xil emas. Aziz birodarim, bilgin! G‘ofillardan bo‘lma!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:08:16

Sakkizinchi majlis
JAMOAT BILAN NAMOZ O‘QISHNING FAZILATI


Alloh taolo aytadi:
"Albatta, iymon keltirgan, yaxshi amallar qilgan va namozni to‘kis ado qilib, zakotni bergan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ajr bor. Ular uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar" (Baqara surasi, 277-oyat).

Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) masjidda o‘tirganlarida, bir yigit kelib qoldi. U yigitni hurmatlab yonlariga, Abu Bakrdan (r.a.) ham yuqoriroqqa o‘tkazdilar. So‘ngra Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Abu Bakrga (r.a.) uzr aytib: "Ey Abu Bakr! Nima uchun bu yigitni sizdan yuqoriga o‘tkazganimni bilasizmi? Chunki dunyoda bu yigitchalik biror kishi menga ko‘p salovot aytmagan. U har tongda va kech kirganda ushbu salovotni aytadi: "Allohim! Hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) salovot aytgan va salovot aytmagan kishilarning miqdoricha salovot yuborgin. Va O‘zing yaxshi ko‘rganingdek va bizga buyurganingdek salovot yo‘llagin". Shuning uchun uni sizdan ham yuqoriroqqa o‘tkazdim", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:08:47

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilindi: "Besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qigan kishiga besh narsa beriladi:
1. Dunyoda faqirlik ko‘rmaydi.
2. Qabr azobidan forig‘ bo‘ladi.
3. Nomai a’moli o‘ng qo‘lidan beriladi.
4. Sirot ko‘prigidan chaqmoqday o‘tadi.
5. Hisob-kitobsiz jannatga kiradi" ("Masobih").

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kishining jamoat bilan o‘qigan namozi uyida qirq yil yolg‘iz o‘qigan namozidan afzalroqdir".

Rivoyat qilinadi: "Qiyomat kuni Alloh yuzlari yulduz kabi bo‘lgan bir qavmni tiriltiradi. Maloikalar ulardan: "Nima amal qilgansizlar?" deb so‘raydi. Ular: "Biz azonni eshitgan vaqtimizda hamma ishni tashlab, tahorat olgani turardik", deyishadi. U Kunda yana bir qavmning yuzi oy kabi nurli bo‘lur. Ulardan: "Sizlar nima ish qilgansizlar?" deb so‘raladi. Ular: "Biz azondan oldin tahorat olardik", deydilar. Va yana bir qavm ham bo‘lurki, ularning yuzlari quyosh kabi porloq, nurlik bo‘lur. Ulardan ham buning boisi so‘ralgay. Shunda ular: "Biz azonni har doim masjidda eshitardik", deydilar ("Durratul voiziyn").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:09:06

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Banda namozga takbir aytib kirgan vaqtda, Alloh taolo farishtalariga: "Uning bo‘ynidan gunohlarini olib tashlanglar, toki u Menga pok holida ibodat qilsin", deydi. Namozdan so‘ng farishtalar: "Uning gunohlarini qaytarib qo‘yaylikmi?!" deb so‘rashadi. Shunda Alloh: "Ey maloikalarim! (Bu ish) Mening karamimga loyiq emas. Men afv etdim, bu bandaning gunohlarini kechdim", deydi".

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Alloh taolo Jabroilni (a.s.) chiroyli suratda yaratib, unga olti yuz qanot berdi. Har bir qanotning uzunligi mashriq va mag‘ribning oralig‘ichadir. Shunda Jabroil o‘z suratiga nazar qilib: "Ey Alloh! Mendan ham chiroyliroq maxluqni yaratganmisan?" dedi. Alloh unga: "Yo‘q", dedi. Hazrati Jabroil shukr aytib, ikki rak’at namoz o‘qidi. Mana shu ikki rak’at namozni yigirma ming yil o‘qidi. Alloh Jabroilga: "Sen haqiqiy ibodat qilding, hech kim Menga sendek ibodat qilmagan edi. Lekin oxir zamonda mening mahbub payg‘ambarim Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) keladi. Uning gunohkor va zaif ummatlari ikki rak’at namozni oz bir vaqtda va har xil sahvu xatolar ila ado qiladi. Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, ularning o‘sha namozi Mening nazdimda sening qirq ming yillik namozingdan afzaldir. Chunki sening namozing Mening amrim bilan emas, balki shukrona bilan bo‘lur. Ularning namozlari esa, Mening amrim bilandir". Shunda Jabroil (a.s.) Allohga: "Ey Alloh! Ularning ibodatlari evaziga nimani berasan?" deb so‘radi. Alloh: "Ularga Jannatul ma’voni beraman", dedi. O‘sha jannatni ko‘rib chiqishga Jabroil Alloh taolodan izn so‘radi. Izn berilgach, hamma qanotlarini ochib uchdi. Har ikki qanotini ochganda uch ming yillik masofani bosib o‘tdi. Shu tarzda uch yuz yil uchdi va nihoyat charchab jannatdagi bir daraxtning soyasida to‘xtadi va Allohga sajda qildi. Sajdasida: "Ey Ilohim! Jannatul ma’voning yarmiga yetdimmi? Loaqal uchdan bir, to‘rtdan biriga bo‘lsa ham yetdimmi?" deb iltijo qildi. Alloh: "Ey Jabroil, agar yana uch ming yil uchgudek bo‘lsang va oldingidek kuching va yana olti yuz qanotlaring bo‘lganda ham, Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) ummatlariga beradiganim Jannatul ma’voning o‘ndan biriga ham yeta olmaysan", dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:09:19

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki meni ulug‘lab, menga salovot aytsa, Alloh uning uchun bir qanoti mashriqda, ikkinchi qanoti mag‘ribda, oyog‘i yetti qavat yer ostida, bo‘yni Arshga ko‘tarilgan bir farishtaga amr qilib: "Sen bu bandamga Qiyomatgacha salovot aytgin", deydi ("Zubdatul voiziyn").

Hadisi qudsiyda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Allohdan rivoyat qilganlar: "Uch amal bor, kimki uni doim bajarsa, u banda Mening haqiqiy valiy qulimdir va kimki ularni zoe qilsa, u Mening haqiqiy dushmanimdir", dedi Alloh taolo". Shunda: "Yo Rasulalloh, ular qaysi amallar?" deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Namoz o‘qish; ro‘za tutish; har doim pok yurish", dedilar. Keyin aytdilarki: "Bu amallar Alloh va bandasi o‘rtasidagi omonatlardir. Alloh taolo bandalarini shu amallarni muhofaza etishlarini, ularga befarq bo‘lmasliklarini buyurdi".

Yuqoridagi namoz amalidan ko‘zda tutilgan maqsad, namozlarni vaqtida, farzlari, vojiblari va sunnatlarini o‘z o‘rnida bajarishdir. Agar kishi namozlarini vaqtida o‘qimasa, zoe ketgazuvchilar qatoriga kiradi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: "Isro kechasida men bir necha ayolu erkaklarning boshlariga gurzi bilan urilayotganini va ularning dimog‘laridan qon katta anhor bo‘lib oqayotganini ko‘rdim. Shunda men: "Ey Jabroil! Bular kimlar?" deb so‘raganimda, Jabroil (alayhissalom): "Ular namozlarini vaqtida o‘qimaganlar", deb javob berdi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:09:32

Bu qo‘rqituv namozni jamoat bilan o‘qimayotganlarga ham tegishliligiga ushbu hadisda ishora bordir. Bir kishi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kelib: "Men tushumda bir qo‘limda yigirma dinor va boshqasida esa to‘rt dinor ko‘rdim, o‘ng qo‘limdagi yigirma dinor qo‘limdan tushib ketdi, ikkinchi qo‘limdagi to‘rt dinor esa qizil cho‘g‘dek qizarib ketdi", dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Sen xuftonni jamoat bilan o‘qidingmi?", deb so‘radilar. U kishi: "Yo‘q", dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Qo‘lingdagi tushgan yigirma dinor u sen o‘tkazib yuborgan jamoatning fazilati edi. To‘rt dinoring esa uyingda o‘qigan to‘rt rak’at xufton namozing bo‘lib, uning qizarishi sendan namozingni qabul bo‘lmagani belgisidir", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki besh vaqt namozini (vaqtida chiroyli ado qilib) muhofaza etib borsa, shu namozlar Qiyomatda uning uchun nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kim buning aksini qilsa, uning Qiyomat kuni nuri, hujjati, najoti bo‘lmagay" ("Taboyinul mahorim").

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "O‘n nafar kishi bordirki, ularning namozlarini Alloh qabul qilmaydi:
1) yolg‘iz bir o‘zi qiroatsiz chala-chulpa namoz o‘qigan kishining;
2) namoz o‘qib zakot bermagan kishining (bu boylarga tegishli);
3) muqtadiylari (qavmi) uning imomchiligini suymaydigan kishining;
4) egasidan qochib ketgan qulning;
5) doimiy aroq ichuvchi kishining;
6) erini g‘azablantiradigan ayolning;
7) ro‘molsiz namoz o‘quvchi ayolning;
8) adolatsiz zolim podshohning;
9) ribo yeyuvchi kishining;
10) o‘qigan namozi uni fahsh va yomon ishlardan qaytarmagan kishining".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:09:45

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Kimning namozi uni fahsh va yomon ishlardan qaytarmas ekan, demak, uning namozi unga Allohning nazdida g‘azab va uzoqlikdan boshqa narsani ziyoda qilmayotgani aniqdir".

Hasan Basriy aytdilar: "Namozing seni fahsh so‘zlardan qaytarmasa, bilginki sen haqiqiy namozxon emassan. Qiyomatda o‘sha namozing yuzingga kir-chir bir parcha lattadek qaytarilajak" ("Mukoshafatul qulub").

Muoz ibn Jabal va Jobir ibn Abdulloh (r.a) aytishlaricha: "Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Me’rojga chiqqan kechalarida birinchi osmon yaratilgandan beri Allohga zikr aytib turgan farishtalarni ko‘rdilar, ikkinchi osmon yaratilganidan beri Alloh uchun ruku’da turgan farishtalarni ko‘rdilar, uchinchi osmonda esa, sajdada turgan farishtalarni ko‘rdilar, ular boshlarini sajdadan ko‘tarmaganlar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ularga salom berganlarida, ular boshlarini ko‘tarib alik oldilar va qaytib ikkinchi sajdaga ketdilar. Shuning uchun biz namozda ikki marta sajda qilamiz. To‘rtinchi osmonda "tashahhud"da o‘tirgan farishtalarni ko‘rdilar. Beshinchisida esa, tasbih aytayotganlarni ko‘rdilar va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) shu ibodatlarning savobini o‘zlariga va ummatlariga bo‘lishini juda ham xohladilar. Shunda Alloh Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) ishtiyoqlarini bilib, ul zotga: "Ey Habibim Muhammad (alayhissalom). Kimki besh vaqt namozni bekamu ko‘st ado etib borsa, u yetti osmon farishtalarining ibodatlari savobiga noil bo‘ladi", dedi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Sentyabr 2007, 18:09:57

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: "Namoz — Allohning rizosi, payg‘ambarlarning sunnati, maloikalarning yaxshi ko‘rgani, ma’rifat nuri, iymonning asli, duolarni ijobat etuvchi, amallarni qabul qildiruvchi, mol va kasbga baraka keltiruvchi, dushmanga qarshi qilich, shaytonni g‘azablantiruvchi, sohibi va o‘lim farishtasi o‘rtasida shafoat qiluvchi, Qiyomatgacha qabrda chiroq, Qiyomat kuni boshga soyabon, toj, badanga libos, do‘zaxdan parda, Alloh oldida sohibining (foydasiga) hujjat, tarozining (yaxshilik) pallasini og‘irlashtiruvchi, sirot ko‘prigidan o‘tkazuvchi, jannatning kalitidir".

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qiyomat kuni bo‘lganida, Xorish ismli chayon bolasi chiqadi, u uzunligi osmon va yer oralig‘icha, kengligi mag‘rib va mashriqqacha keladigan bahaybat bir maxluqdir. Jabroil (a.s.) undan: "Qaerga boryapsan va kimlarni izlayapsan", deb so‘raydi. U: "Besh nafar kishini izlayapman, — deydi. — Ular: benamoz, zakot bermaydigan boy, ota-onasiga oq bo‘lgan farzand, aroqxo‘r, masjidda dunyo so‘zidan gapiruvchilar". Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’onda: "Albatta (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas (masjidlarda) Alloh bilan birga yana biron kimsaga duo iltijo qilmanglar!" degan.

Ey birodarim! Ey aql egalari! E’tibor qilaylik, g‘ofil kimsalardan bo‘lmaylik!

Qayd etilgan