Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222311 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:51:57

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Ayol erining uyidan ziynatlanib atrlarni sepib ko‘chaga chiqsa va uning bu ishiga eri rozi bo‘lsa, Alloh unday erga uning xotinining har bir qadami barobarida do‘zaxdan bir uy bino qiladi".

Talha ibn Abdulloh (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qaysi bir ayol erining yuziga noxush nazar qilib, qalbiga g‘am-anduh solsa, to u ayol erining yuziga kulib xursandchilik bilan boqib, surur baxsh etmaguncha, Allohning g‘azabida bo‘ladi".

Salmon Forsiy (r.a.) rivoyat qilganlar: "Fotima (r.a.) Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) nazar solib yig‘lab yubordilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Fotima! Nimaga yig‘layapsan?" dedilar. Fotima: "Kecha men bilan kuyovingiz ikkovimizning o‘rtamizda mazaxli so‘zlar bo‘ldi. Natijada erim mendan ranjib qoldi. Shunda men erimning g‘azabnok bo‘lganini ko‘rib, g‘am-anduhga tushdim, afsus-nadomatlar qildim. Erimning atrofida yetmish ikki marotaba aylanib, "Mendan rozi bo‘ling", dedim, axiyri yuzlarida xursandchilik va rozilikni paydo qildim", dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Ey qizim! Allohga qasamki, agar sen eringni rozi qilmay vafot qilganingda, janozangni o‘qimasdim", dedilar. So‘ng: "Ey qizim! Bilki, erning rizosi Xudoning rizosi va erning g‘azabi Allohning g‘azabi turur. Ey qizim! Agarchi ayol Imron qizi Maryamdek Allohga ibodat qilsa ham, lekin undan eri rozi bo‘lmasa, Alloh uning ibodatini qabul qilmaydi. Ey qizim! "Ayolning eng oliy ibodatlari — eriga itoat etish, afzal amallari esa tikish-bichishlaridir. Zero, bir soat to‘qish ishi ayollar uchun yuz yillik ibodatdan afzaldir. Chunki to‘qigan kiyimlari barobarida bir shahidning savobi ularning namoi amoliga bitilgay. Ey qizim! Qaysi bir ayol ip yigirib, undan eriga va bolalariga kiyim qilsa, unday ayolga jannat vojib bo‘ladi", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qaysi bir kishining ikkita xotini bo‘lib, ikkalasining o‘rtasida taomda, nafaqa va yotishda barobarlikni qilmasa, unday er mening shafoatimdan umid qilmasin", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimning xotini ikkita bo‘lib, ammo ularning o‘rtasida odillik bilan ish yuritmasa, birisiga ko‘proq moyil bo‘lsa, qiyomatda u bir yelkasi bir tarafga osilgan holida keladi" ("Murshidul mutfahhilin").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:52:26

O‘n uchinchi majlis
OTA-ONAGA YAXSHILIK QILISH FAZILATLARI


Alloh taolo aytadi:
"Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta Alloh o‘zlari baxillik qiladigan va o‘zgalarni ham baxillikka chaqiradigan hamda Alloh fazlu karamidan bergan ne’matlarni yashiradigan mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi" (Niso surasi, 36—37-oyatlar).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim menga salovot aytsa, unga maloikalar menga aytgan salovotidek salovot aytadi, bas, xohlasa oz aytsin, xohlasa ko‘p" ("Shifoi sharif").

Aytishlaricha, otaning bolasi ustida o‘nta haqqi bordir. Farzand mana shu o‘nta haqni chiroyli ado qilmog‘i lozim:
1. Ota-onasiga taom berish.
2. Xizmatlarini qilish.
3. Chaqirganlarida "labbay" deb javob berish.
4. Gunoh bo‘lmagan bir ishga buyurganida, itoat etish.
5. Otasi bilan yumshoq ohista gaplashish.
6. Unga kiyim olib berish.
7. Yurganda orqasidan yurish.
8. O‘ziga ravo ko‘rgan narsalarni otasiga ham ravo ko‘rish.
9. O‘ziga ravo ko‘rmagan narsalarni otasiga ham ravo ko‘rmasligi.
10. Duo qilganda otasini ham qo‘shib Allohdan mag‘firat tilash.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:52:41

Faqihlardan ota-onasi norozi bo‘lib o‘tgan farzand haqida, unda ota-onasini rozi qilish imkoni bormi, deb so‘rashdi "Faqat uch yo‘l bilan bo‘ladi, — dedilar. — 1. Solih bo‘lishi darkor. 2. Ota-onasining yaqin qarindoshlari bilan bordi-keldi qilishi zarur. 3. Ularning haqlariga har kun duo-istig‘for aytishi lozim".

Anas ibn Molik (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Bandaning qalbi to‘g‘ri, mustahkam bo‘lmaguncha, iymoni mustahkam bo‘lmagay, tili mustahkam bo‘lmaguncha, qalbi mustahkam bo‘lmagay. Shuning uchun mo‘min to qo‘shnisi uning ozoridan omonda bo‘lmaguncha jannatga kirmaydi", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim qo‘shnisini hurmat qilsa, unga jannatga kirish vojib bo‘ladi. Kimda-kim o‘zining qo‘shnisiga ozor bersa, uni Alloh va maloikalar va barcha insonlar la’natlaydi" ("Hayotul qulub").

Hikoya: Umar ibn Xattob uylariga mehmon kelsa, o‘rinlaridan turib, mehmonga xizmat qilardilar. U kishidan: "Siz nima uchun mehmon kelganda o‘zingiz xizmat qilasiz?" deb so‘rashdi. U kishi: "Men Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam): "Maloikalar mehmonlari bor manzilda tik turadilar, o‘tirmaydilar", degan gaplarini eshitganman. Maloikalar oyoqda tik turishganda men o‘tirishdan hayo qilaman", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:52:52

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kishi birodarinikiga mehmon bo‘lib borganida o‘zi bilan ming baraka olib kiradi. Shu mehmon hurmatiga mezbon xonadonini Alloh taolo mag‘firat qiladi, agar uy egalarining gunohlari dengiz ko‘piklaridan, daraxt barglaridan ko‘p bo‘lsa ham" ("Kanzul axbor").

Abu Hurayra (r.a.), Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Odam bolasi vafot etganida faqatgina uch tarafdan nomai amoliga savob borib turadi: 1. Sadaqai joriyasidan. 2. Qoldirgan ilmidan. 3. O‘zidan keyin uning haqqiga duo qiluvchi solih farzandidan".

Faqih Abu Lays aytadilar: "Alloh Tavrotda, Injilda va Qur’onda barcha payg‘ambarlarga buyurgan: "Ey bandam! Mening roziligim ota-onangning rizosidadir, g‘azabim ularning g‘azabidadir".

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam): "Amallarning eng afzali nima", deb so‘rashganda, ul zot: "Vaqtida o‘qilgan namoz, so‘ngra ota-onaga yaxshilik qilish va Alloh yo‘lida jihod qilish", deb javob berdilar.

Qur’on oyatlarida uch oyat bir-birlari bilan yonma-yon zikr etilgan. Kimda-kim birini qilib, boshqasini bajarmasa, bajargani qabul bo‘lmagay.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:53:03

Birinchi oyat: "Namoz o‘qinglar va zakotni beringlar". Demak, kishi namozini o‘qisa-yu, zakotini bermasa, namozi qabul bo‘lmaydi. Buning aksi ham xuddi shunday.

Ikkinchi oyat: "Allohga itoat etinglar va Uning rasuliga itoat etinglar". Demak, kimda kim Allohga itoat etsa-yu, Payg‘ambarning muborak sunnatlarini qilmasa, uning Xudoga qilgan toat-ibodati xush kelmaydi, uning aksi bo‘lsa ham, xuddi shunday.

Uchinchi oyat: Alloh taolo marhamat qilganki: "Menga shukr qil va ota-onangga shukr qil", ya’ni "Meni va ularni rozi qil". Demak, Allohga shukr qilib, ota-onasiga shukr qilmagan odamning Allohga qilgan shukri o‘tmaydi. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida: "Kim o‘z ota-onasini rozi qilsa, Xoliqini rozi qilibdi. Kimki ota-onasining g‘azabini keltirsa, Xoliqining g‘azabini keltiribdi", deganlar ("Tanbehul g‘ofiliyn").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:53:14

Hikoya: Kunlardan bir kuni Sulaymon (a.s.) yer-osmon o‘rtasida aylanib yurib, bir chuqur dengizga duch kelib qoldilar va dengizda bahaybat to‘lqinni ko‘rdilar. Shunda shamolga to‘xtashni amr qilganlarida shamol to‘xtab, to‘lqin ham to‘xtadi. Sulaymon (a.s.) o‘zlarining qul jinlari bo‘lmish Ifritga dengizning qa’riga sho‘ng‘ishni buyurdilar. U sho‘ng‘ib dengiz qa’riga yetganda, oppoq durdan bo‘lgan qubbani ko‘rdi. Uni Sulaymonning (a.s.) oldilariga olib chiqdi. Sulaymon (a.s.) ajablanib, buning asroridan boxabar qilishni tilab, Allohga duo qildi. Qubba ochildi. Dur qubba ichida bir yigit sajda holida turardi. Sulaymon (a.s.) yigitga: "Sen farishtamisan, jinlardanmisan yoki insonmisan?" dedilar. Yigit: "Insonman", deb javob berdi. Sulaymon (a.s.) yigitga: "Nima sabab bo‘lib sen bunday ulug‘ karomatga erishding?" dedilar. Yigit: "Mening onam bir notavon kampir edi, uni men orqamga opchib yurardim. Onam haqqimga duo qilib: "Ey Parvardigor! O‘g‘limni qanoatli qil va vafotimdan keyin uning o‘rnini bir joy qilginki (u joy) na osmonu na yerda bo‘lsin", derdi. Onam o‘lganlaridan so‘ng shu dengiz sohilida aylanib yurganimda, dengizda bir Qubbani ko‘rdim. Unga yaqinlashganimda ochildi, unga kirdim. Shundan keyin Allohning izni ila bekilib qoldi. O‘sha kundan beri qubbadaman. Bilmaymanki, yerdamanmi yoki osmonda". Sulaymon (a.s.): "Senga Alloh rizqingni qanday yetkazadi", dedilar. Yigit: "Och qolsam, Alloh Qubba ichida bir daraxt o‘stirib, undan mevalar paydo qiladi. Chanqasam, Qubbadan bir buloq paydo bo‘ladiki, uning suvi sutdan oq, asaldan shirin", dedi. Sulaymon (a.s.): "Kunning kech bo‘lganini qaerdan bilasan?" dedilar. Yigit: "Tong otganda Qubba oppoq tusga kiradi, shunda men kunduz bo‘lganini bilaman. Quyosh botib qorong‘u tushsa, Qubba qorayadi, bilamanki kech bo‘libdi". So‘ng yigit duo qildi. Allohning izni bilan Qubbaning eshigi yopildi va avvalgi holiga keldi  ("Majmatul latoif")

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:53:28

Hikoya: Muso (a.s.) duo qilib: "Ey Alloh! Menga jannatda men bilan birga bo‘ladigan do‘stimni ko‘rsat", deb iltijo qildilar. Allohdan vahiy kelib: "Falon shaharning falon bozoriga bor. U yerda bir qassob bor, uning ko‘rinishi shundoq, u jannatda doim sen bilan birga bo‘ladi", dedi. Muso (a.s.) borib, mazkur do‘konni topdilar, kun botguncha qassobni kuzatdilar. Kun botgach, qassob bir parcha go‘shtni savatiga solib do‘konidan chiqdi. Muso (a.s.) uning oldidan chiqib, uyingda bir kecha mehmon bo‘lsam maylimi, dedilar. Qassob rozi bo‘ldi va uyiga olib bordi. Qassob haligi go‘shtdan mazali sho‘rva tayyorladi, so‘ngra kaptar bolasi kabi bir zaifa kampirni savatda ko‘tarib keldi-da, chiqardi. Taomni kampirning og‘ziga solib, qornini to‘yg‘azdi. Keyin kiyimlarini yuvdi, toza kiyim kiydirib, yana savatga qo‘ydi. Shu lahzalarda Muso (a.s.) kampirning labi qimirlayotganini ko‘rib qoldilar. Muso (a.s.) quloq tutdilar. Kampir pichirlab: "Ey Parvardigor! O‘g‘limni jannatda Muso bilan birga qil", deb duo qilardi. Qassob savatni bir qoziqqa ilib qo‘ydi. Muso (a.s.): "Nima uchun bunday qilding?" dedilar. Qassob: "Bu ayol onam, qarib kuchlari ketib, hatto o‘tira olmaydigan bo‘lib qolganlar", dedi. Shunda Muso (a.s.): "Ey birodar! Senga xushxabar bor. Men Muso payg‘ambarman, sen esa mening jannatdagi qo‘shnimsan", dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sadaqada besh xislat bor:
1. Mol-mulkka baraka kirib ziyoda bo‘lishi.
2. Kasalning davosi.
3. Baloning ko‘tarilishi.
4. Sirotdan chaqmoqdek o‘tish.
5. Jannatga hisob-kitobsiz kirish".

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Afzal amallar quyidagilardir: besh vaqt namozni vaqtida o‘qish va chiroyli axloqli, tavoze’li bo‘lish" ("Daqoyiqul axbor").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:54:00

O‘n to‘rtinchi majlis
ALLOH VA UNING RASULIGA BO‘LGAN MUHABBATNING FAZILATLARI


Alloh taolo aytadi:
"Kimda kim Alloh va Rasulga itoat qilsa, ana o‘shalar Allohning in’omlariga sazovor bo‘lgan zotlar — payg‘ambarlar, haq-rost iymon egalari, shahidlar va faqat yaxshi amallar bilan o‘tgan kishilar birga bo‘lurlar. Ular esa, eng yaxshi hamrohdurlar" (Niso surasi, 69-oyat)

Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilindi. Ul zot aytdilar: "Kimda kim menga uyqudan uyg‘onganda va uyquga ketayotganda o‘n marta salovot aytsa, Alloh u bandani qiyomat kunidagi katta qo‘rqinchdan omon qiladi, u banda jannatda payg‘ambarlar va siddiqlar bilan birga bo‘ladi" ("Zubdatul vo’iziyn").

Yuqorigidagi oyatda ham "Ular jannatda payg‘ambarlar va siddiqlar bilan birga bo‘ladilar", deyildi.
Bu oyat Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) ozod qilgan qullari Savbon (r.a.) haqida nozil bo‘lgan. U zotning Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi vasallam) muhabbatlari qattiq bo‘lib, firoqlariga sabr qilolmasdilar. Bir kuni Hazrati Savbon Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga yuzlari qizargan va jismlari titragan holda kirib keldilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) undagi bu holni ko‘rib, sababini so‘radilar. Savbon (r.a.): "Men kasal emasman, lekin sizni ko‘rmay qolganim uchun, qattiq vahshatga tushdim. Shu asnoda oxirat esimga tushib qoldi. Shubhasizki, siz jannatda payg‘ambarlar bilan birga bo‘lasiz. Men agar jannatga kirsam ham, siz bilan birga bo‘lolmayman. Chunki mening manzilim sizning manzilingizdan ancha pastda bo‘ladi. Men jannatga kirolmasam, unda sizni abadiy ko‘ra olmayman. Oxiratda holim qanday bo‘lishini o‘ylab, jismim titramoqda", dedilar. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:54:10

Ummul-mo‘minin Hazrati Oyishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Kim Allohni yaxshi ko‘rsa, Uni ko‘p zikr qiladi. Bu zikrning samari esa, Alloh uni rahmati bilan eslashi, payg‘ambarlari va avliyolari bilan birga jannatga kirgizishi va unga jamolini ko‘rsatishidir. Kimda-kim Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi vasallam) yaxshi ko‘rsa, u zotga ko‘p salovot aytadi. Salovotining samarasi ul zotning shafoatlariga erishishi va jannatda birga bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishidir".

Kim Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi vasallam) tushida ko‘rishni xohlasa, ul zotga ko‘proq salovot aytsin va ul zotni chin dildan yaxshi ko‘rsin. Bu muhabbatning alomati Rasuli akramning (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlariga ergashishdir ("Jomi’us sag‘ir").

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga Quzoa’ qabilasidan bir kishi kelib: "Yo Rasulalloh! Agar men Allohning yakkayu yolg‘izligiga va sizning payg‘ambarligingizga guvohlik bersam, besh vaqt namozni o‘qisam, bir oy ro‘za (ya’ni, Ramazon ro‘zasini) tutsam va zakot bersam, ayting-chi, men kimlar bilan birga bo‘laman?" deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Kim shu holatda vafot etsa, u qiyomat kuni payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi", dedilar va barmoqlarini bir-biriga jips qilib ko‘rsatdilar. So‘ng qo‘shib qo‘ydilar: "Modomiki ota-onasiga oq bo‘lmasa". Chunki ota-onasini norizo qilganlar Allohning rahmatidan uzoq kishilar hisoblanadilar ("Mishkotul anvar").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 10:54:21

Ummul mo‘minin Hazrati Oyishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Alloh taolo mo‘minlarni jannatga kirgizishni xohlasa, bir farishtani qo‘lida hadyasi va kiyimlar bilan ularning oldilariga jo‘natadi. Mo‘minlar jannatga kirayotganlarida haligi farishta: "To‘xtab turinglar, men Allohdan sizlarga hadya-sovg‘alar olib kelyapman", deydi. Mo‘minlar: "U nima hadya?" deb so‘raydilar. Farishta: "O‘nta uzuk, birinchisiga: "Sizlarga salomatlik bo‘lsin, jannatga abadiy qolish uchun kiringlar!" degan so‘z yozilgan. Ikkinchisiga: "Jannatga tinch holda kiringlar!" deb, uchinchisiga: "Sizlardan g‘am-g‘ussa va xafachiliklarni ketkazdim", deb, to‘rtinchisiga: "Sizlarga jannat kiyimlaridan kiydirurmiz", deb, beshinchisiga: "Sizlarni huru ‘iynlarga uylantirurmiz", deb, oltinchisiga: "Bugungi kunda men sizlarning sabringizga najot topishingizni mukofot qilmoqdaman", deb, yettinchisiga: "Sizlar yigitga aylanasiz va abadiy qarimaysiz", deb, sakkizinchisiga: "Sizlar abadiy xavf-xatarsiz tinchlikka erishdingiz", deb, to‘qqizinchisiga: "Sizlarning rafiqlaringiz payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlardir", deb, o‘ninchisiga: "Sizlar endi Allohning qo‘shnisiga aylandingiz", deb yozilgan", deydi. Ular ham jannatga kirayotib: "Bizdan g‘am-anduhlarni ketkazgan Allohga hamdu sano bo‘lsin. Rabbimiz shukr qiluvchilarning shukrini qabul qiluvchi va mag‘firat egasi bo‘lgan zotdir", deydilar" ("Safiynatul abror").

Ibn Abbos (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Kimda kim mening sunnatimni ummatlarim fisqu fasodga ketgan chog‘da mahkam tutsa, unga yuzta shahidning ajri beriladi" ("Tariqatul Muhammadiyya").

Zayd ibn Talha otasidan, otasi otasidan, u kishi Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Albatta din g‘arib bo‘lib boshlangan va tezda g‘ariblikka qaytadi. Bas, mendan keyingilar buzgan sunnatlarimni isloh qiluvchi g‘ariblarga jannat bo‘lsin".

Qayd etilgan