Allohning rahmatidan aroq ichish sababli uzoqlashib, la’natga duchor bo‘lgan Barsisoning qissasini eshitganmisiz? U ikki yuz yigirma yil Allohga ibodat qilib, hech osiylik qilmagan edi. Oltmish mingta shogirdi bo‘lib, uning ibodati barakasi bilan havoda yura olishardi. Hatto farishtalar ham uning ibodatidan hayratlanishar edi. Shunda Alloh taolodan bunday xabar keldi: "Nega ajablanyapsizlar!? Men siz bilmagan narsalarni bilurman. Barsisoning taqdirida kofir bo‘lish bordir, u abadul abad do‘zaxda qolgay, bunga aroq ichishi sabab bo‘lgay". Buni eshitgan Iblis: "Uning halok bo‘lishi mening qo‘limda ekan-ku", deb, bir ibodatgo‘y odam suratida Barsisoning ibodatxonasiga bordi va uni chaqirdi. Barsiso chiqib: "Sen kimsan? Mendan nima istaysan?" debdi. Iblis: "Men o‘zini ibodatga bag‘ishlagan bir odamman, Allohga ibodat qilishingga yordam bergani keldim", dedi. Barsiso: "Kim Allohga ibodat qilishni xohlasa, bas, Alloh unga kifoya qiladi. Mayli, kirsang kiraqol", dedi. Shu bilan Iblis Barsisoning uyida uch kun uxlamay, yemay, tinmay ibodat qildi. Barsiso uni ko‘rib, men iftorlik qilaman, uxlayman, yeb-ichaman, sen esa, yemay-ichmay ibodat qilyapsan!? Buning siri nimada? Axir men ikki yuz yigirma yil yil ibodat qilgan bo‘lsam ham, yeyish ichishni tark qila olmadim", dedi. Iblis aytdi: "Men bir gunoh qilganman, agar shu gunohimni eslasam, mendan uyqu va yemak xohishini batamom ketib qoladi". Barsiso: "Sendek bo‘lishim uchun men nima qilishim kerak?" deb so‘radi. Iblis: "Allohga osiylik qil, so‘ngra tavba qil, Alloh rahmli zot, ana o‘shanda toat halovatini topasan" dedi. Barsiso so‘radi: "Nima qilay?" Iblis aytdiki: "Zino qil". Barsiso: "Yo‘q, qilolmayman, bu og‘ir gunoh", dedi. Iblis: "Unday bo‘lsa, mast qilguvchi ichimlik icha qol, bu yengil gunoh. Xudo kechirib yuboradi", dedi. Barsiso aytdi: "Qaerdan topaman uni?" Iblis: "Falon qishloqqa borsang, o‘sha yerda aroq sotadigan bir xotin bor", dedi. Iblisning ko‘rsatmasiga binoan, Barsiso o‘sha qishloqqa bordi, qarasa aroqfurush ayol juda ham chiroyli, xotinni yaxshi ko‘rib qoldi. Undan aroq sotib oldi va ichdi, so‘ng mast bo‘lib, xotin bilan zino qildi. Zino qilayotgan paytda, xotinning eri kirib keldi. Barsiso uni urib o‘ldirdi. Chetdan turib kuzatib turgan iblis bir inson suratiga kirib, hokimga borib ko‘rganlarini arz qildi. Uni hokimning odamlari ushlab kelishdi, aroq ichgani uchun sakson darra, zino qilgani uchun yuz darra urishdi. Inson qonini to‘kgani uchun esa uni osishga qaror qilishdi. Dorga olib borilayotganda Iblis avvalgi suratida Barsisoning oldiga kelib: "Holing qanday?" deb so‘radi. Barsiso mal’unga: "Kim yomon odamning gapiga kirsa, jazosi mana shunday bo‘lar ekan", dedi. Iblis: "Men ikki yuz yigirma yil seni qanday yengsam ekan, deb yurdim. Endi esa seni osyapman. Agar istasang, yordam beraman, xohlagan narsangni bajo qilurman", dedi. Barsiso yig‘lab: "Istayman", dedi. Iblis: "Unday bo‘lsa, menga bir martagina sajda qil", dedi. Barsiso: "Men bu holatda senga sajda qilishga qodir emasman", dedi. Iblis: "Imo-ishora bilan sajda qilaver, shu kifoya qiladi", dedi. Barsiso unga sajda qildi-da Allohga kofir bo‘ldi va bu dunyodan iymonsiz ketdi. Alloh o‘zi bunday sharmandalikdan barchamizni asrasin" ("Hayotul qulub")