Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222675 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:00:08

O‘n sakkizinchi majlis
HASADNING YOMONLIGI HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad) ularga Odamning ikki o‘g‘li haqidagi xabarni haqqi-rost tilovat qiling. O‘shanda u ikkovi qurbonlik qilganlarida, (qurbonliklari) birovlaridan qabul qilingan, ikkinchisidan qabul qilinmagan edi. Shunda u: "Qasamki, seni o‘ldirurman", deganida, birodari aytdi: "Alloh faqat taqvodorlardangina (qurbonliklarini) qabul qilur" (Moida surasi, 27-oyat).

Abdurahmon ibn Avfdan (r.a.) rivoyat qilindi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Jabroilga (a.s.) yo‘liqdim, u: "Men sizga xushxabar aytay, Alloh taolo aytdiki: "Kimda-kim sizga salom aytsa, Men o‘sha bandamga salom ayturman. Va kimki sizga salovot aytsa, Men ul bandaga salovot ayturman", dedi".

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim: "Ey Allohim! Muhammadga salovotu salomlar bo‘lsin", desa, Alloh taolo uni qiyomat kunida o‘zining huzurida muqarrab bo‘lgan bir manzilga ko‘taradi va qiyomat kuni u bandaga mening shafoatim vojib bo‘ladi".

Oyati karimadagi "Odamning ikki o‘g‘li"dan murod Odamning (a.s.) ikki farzandlaridir. Bunga oyat davomida keladigan "Bas, Alloh... yer titadigan bir qarg‘ani yubordi" (31-oyat), degan so‘zi dalolat qiladi. Chunki Qobil Hobilni o‘ldirgandan keyin nima qilishini bilmay qolgan, shunda qarg‘ani ko‘rib, undan nima qilishni o‘rgangan ("Tafsiri Hozin").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:00:21

Aytilishicha, Alloh Qobil bilan Hobilga qurbonlik qilishlarini buyurdi, Hobil o‘z qo‘ylaridan eng chiroylisini qurbonlikka tanlab, Allohning roziligini niyat qilib, qurbonlik qildi. Qobil esa, o‘zidagi eng yomon bug‘doyni (meva-chevalarni) qurbonlik qildi. Ular so‘ngra o‘z qurbonliklarini toqqa olib chiqishdi. Odam (a.s.) duo qilganlarida osmondan o‘t tushib Hobilning qurbonligini qabul qilganlik ramzi sifatida uni kuydirib yubordi. Qobilning qurbonligini esa kuydirmadi. Buni ko‘rgan Qobil inisi Hobilga hasad qildi va Odam (a.s.) Baytullohni ziyorat qilish uchun Makkaga ketgan fursatdan foydalandi. Hobil qo‘ylarini boqib yurgan chog‘da uning oldiga borib aytdi: "Men seni o‘ldiraman". Hobil: "Nima uchun meni o‘ldirasan?!" dedi, Qobil: "Alloh sening qurbonligingni qabul qildi, mening qurbonligimni esa rad etdi. Va yana sen mening chiroyli singlimga nikohlanmoqchisan, men esa sening xunuk singlingga nikohlanarmishman. Odamlar aytishicha, sen yaxshi ekansanu men yomon ekanman. Buning oldini olmasam, oxir-oqibat sening farzanding mening farzandimdan faxrlanadi", dedi va uni o‘ldirdi ("Tafsiri Hozin").

Muhammad ibn Ishoq ilm ahllardan rivoyat qilib aytganlarki: "Momo Havo Odam (a.s.) bilan jannatda, xato qilib qo‘ymasdan oldin, o‘zaro yaqinlik qilgan paytlarida Qobil va uning singlisiga homilador bo‘ladi va hech qanday ikkiqatlik alomatlarini ko‘rmay, hatto tug‘ish vaqtida ham qon kelmagan ekan. Yerga tushgach, Odam (a.s.) Momo Havo bilan yana yaqinlik qilishganda, Hobil va uning singlisiga homilador bo‘lib, homiladorlikning hamma alomatlarini, qiyinchiliklarini boshlaridan kechiradilar. O‘sha paytlarda sharoit taqozosiga ko‘ra o‘g‘illarini o‘z singillariga uylantirishar edi. Lekin o‘zi bilan egizak bo‘lib tug‘ilgan singlisiga emas, balki boshqa egizak juftlikka. Qobil va Hobil katta bo‘lganlarida ular orasidagi farq ikki yil edi. Alloh taolo Qobilni Hobilning egizi Yuzaga, Hobilni esa Qobilning egizi Iqlimaga uylanishini buyuradi. Iqlima Yuzadan ko‘ra chiroyliroq edi. Odam (a.s.) Allohning amrini aytganlarida Hobil rozi bo‘ldi, Qobil esa darg‘azab bo‘lib aytdiki: "Iqlima mening singlim, men unga uylanishga haqliroqman hamda biz jannat bolalarimiz, ular esa yerda bo‘lgan bolalardir".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:00:31

Xabarlarda kelganki, Havo onamiz har gal bir o‘g‘il va bir qiz tuqqanlar. Odamga (a.s.) yigirma homilada qirqta farzand tug‘ib berganlar. Ularning birinchisi Qobil va Iqlimadir. Oxirgisi esa Abdumug‘is va singlisi Amatumug‘isdir. Alloh Odam (a.s.) nasllariga baraka berdi. Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Odam (a.s.) o‘layotgan paytlarida o‘zlarining farzandlari, bolalarining farzandlari qirq mingtaga yetgan edi".

Qobil va Hobilning tug‘ilishi haqida mufassirlar ixtilof qilishgan. Ba’zilar: "Odam (a.s.) Havo onamiz bilan yerga tushganlaridan yuz yil keyin qo‘shilishib, Qobil va uning singlisi Iqlima tug‘ilgan, keyin esa Hobil va Yuza tug‘ilgan", deganlar.

Ibn Jurayj aytadilar: "Qobil Hobilni o‘ldirishni qasd qilganida, qanday o‘ldirishni bilmagan edi. Shunda Iblis (alayhi la’na) unga ko‘rinib, bir qushni olib uning boshini bir toshga qo‘yib, keyin esa boshqa tosh bilan urib o‘ldirib ko‘rsatdi. Qobul undan qanday o‘ldirishni o‘rgandi va so‘ng xuddi shunday qildi. Aytishlaricha, Qobil Hobilni uyqudalik paytida o‘ldirgan. Hobil o‘ldirilgan joy haqida ixtilof bor. Ibn Abbos (r.a.) Savr tog‘i ustida deb aytganlar. Yana aytilishicha, Hiro tog‘ining Ahobali (toqqa olib chiqadigan yo‘l) oldida. Basra shahridagi Masjidul A’zam o‘rnida, deb ham aytishgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:00:46

Qobil Hobilni o‘ldirgach, ishiga pushaymon bo‘ldi. Unda qilmishidan hayratlanish, nafratlanish paydo bo‘ldi va u Hobilni yelkasida uzoq muddat ko‘tarib yurdi, nihoyat, nima qilishni qarg‘adan o‘rgandi, shuning uchun uning rangi qora tusga kirdi, deganlar. Bu jinoyati uchun otasi undan voz kechdi. Rivoyat qilinishicha, Qobil Hobilni o‘ldirgach, a’zoyi-badani qorayib qoldi. Odam (a.s.) undan ukasi haqida so‘raganda: "Bilmayman", deb javob berdi. Odam (a.s.): "Sen uni o‘ldirgansan, shuning uchun ham sening tanang qorayib qoldi", deb undan voz kechganlar. Shundan keyin Qobil yuz yil kulmadi va tirnoqlarini shu qilgan ishi sababli yulib tashladi (Qozi Bayzoviy).

Mazkurdirki, Qobil shu ishidan keyin, Yaman o‘lkasidagi Adan shahriga qochib ketdi. Iblis uni topib, yana yomon yo‘lga boshladi: "Ukang Hobilning qurbonligini o‘t tushib kuydirib qabul qilgan edi. U olovga ibodat qilardi. Sen ham huddi shunday qil". Qobil, shaytonning so‘ziga kirib, olovga ibodat qila boshladi. Qobil shuningdek, musiqa asboblarini birinchi bo‘lib chalgan, aroq ichgan, budga ibodat qigan, zino va boshqa fahsh ishlar bilan ma’siyatlarga sho‘ng‘igan ilk odamdir. Shundan so‘ng Alloh taolo uning bolalarini Nuh (a.s.) davrlarida to‘fon bilan g‘arq qildi. Kim shu gunoh ishlarni qilsa, qiyomat kunida Qobil va uning farzandlari bilan tiriltiriladi ("Ravnaqul majolis").

Hadisda kelishicha, hech bir jon-nafs zulman o‘ldirilmaydi, agar o‘ldirilsa, bu jinoyatdan Qobilga nasiba bordir. Chunki, u o‘ldirilishni boshlab bergan ilk kishidir.

Aytishlaricha, osmonda eng avval hasad qilgan maxluq mal’un iblis edi. U shu ishiga o‘z jazosini oldi ­ quvg‘in bo‘ldi. Yerda birinchi hasad qilgan esa Qobil edi, u o‘zining inisi Hobilga hasad qildi. U ham abadiy tavqi la’natga qolib, badnom bo‘ldi. Aqlli kishiga shu ikkisining holati kifoya qilur. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Albatta, Alloh ne’matlarining dushmanlari bor". "Yo Rasululloh! Ular kimlar?" deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ular Alloh o‘z fazlidan insonlarga bergan narsalarga hasad qiladigan kishilardir".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:00:58

Ba’zi hakimlar aytishadi: "Eng katta xatolar uchtadir: hasad, hirs va kibr. Kibrning asli iblisdan. Chunki u takabburlik qildi, sajda qilishdan bosh tortdi va la’natga duchor bo‘ldi. Ilk hirsning asli Odamdan (a.s.) sodir bo‘ldi, "jannatdagi hamma narsa senga muboh, lekin bu daraxt mevasidan yeya ko‘rma!" deyilganda, hirsi shunga undab, jannatdan chiqishiga sabab bo‘ldi. Hasad esa, ilk bor Qobildan sodir bo‘ldi, u hasad qilib, inisi Hobilni o‘ldirdi va kofir bo‘ldi".

Abu Lays Samarqandiy aytganlarki: "Uch kishining duosi ijobat qilinmaydi, harom yeguvchi, g‘iybat qiluvchi, qalbida musulmonlarga nisbatan hasad yoki nafrati bo‘lgan kishi".

Atiyya ibn Avza Sa’diydan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "G‘azab shaytondandir, shayton esa o‘tdan yaratilgan. O‘t suv bilan o‘chiriladi. Sizlardan birortangiz g‘azablansa, tahorat qilsin".

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Albatta, sizlarning ichingizda g‘azabi tez chiqib, tez o‘chadiganlari bor. Yana orangizda g‘azabi tez chiqib, sekin o‘chadiganlari bor. Sizlarning eng yaxshilaringiz g‘azabi sekin chiqib, tez bosiladiganlardir. Sizlarning yomonrog‘ingiz esa g‘azabi tez chiqib, sekin bosiladiganlardir" ("Zubdtul vo’iziyn").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:01:23

Bilingki hasadda sakkizta ofat bordir:

1. Toatning fasodi, chunki Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilishlaricha, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Hasaddan saqlaninglar, chunki hasad yaxshiliklarni yeb yo‘q qiladi, huddi olov o‘tinni yeb yuborganidek. Hasad kufrga olib boradi".

2. Ma’siyat ishlarga undaydi. Chunki hasad qiluvchi, g‘iybat qilish, yolg‘on gapirish, so‘kib so‘zlash odatidan xoli bo‘lmaydi. Zomra ibn Sa’labadan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Insonlar doimo yaxshilikda bo‘ladilar, toki (bir-birlariga) hasad qilmagunlarigacha".

3. Shafoatdan mahrum bo‘lish. Abdulloh ibn Bishrdan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Hasadchi, chaqimchi, kohinlik qiladigan kishi mendan emasdir". So‘ngra Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bu oyati karimani tilovat qildilar:

"Mo‘min va mo‘minalarga ular biror gunoh qilmasliklaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar" (Ahzob surasi, 58-oyat).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:01:35

4. Do‘zaxga kirishga sabab bo‘ladi. Imom Daylamiy Ibn Umar va Anas ibn Moliklardan (r.a.) rivoyat qilganki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Olti nafar kishi hisob-kitobsiz do‘zaxga kiradi. Ular: zolim, takabbur amirlar — jabr qilganliklari sababli, boshliqlar — kibrlari sababli, (millatchi) arablar — millatchilik va qabilachilik qilganlari sababli, tijoratchilar — (tarozi va o‘lchovda) xiyonatlari sababli, qishloq ahllari — johilliklari sababli, olimlar — o‘zaro hasadlashib boshqalarga zarar yetkazgani sababli". Shuning uchun, Alloh bizni shaytonning yomonligidan panoh so‘rashga buyurgani kabi, hasad qiluvchining yomonligidan ham panoh so‘rashga buyurdi. Surai Falaqda marhamat qilinadiki: "Hasad qilayotgan hasadgo‘yning yomonligidan panoh so‘rayman".

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Hojatlarning ravo bo‘lishi uchun sir tutish bilan Allohdan yordam talab qilinglar, chunki har bir ne’mat egasi bo‘lgan kishiga, albatta, hasad qilingaydir".

6. Foydasiz g‘am va qiyinchilik, shu bilan birga gunohkor bo‘lish. Ibn Sammok aytdilar: "Hasad qiluvchidan ham battar odam yo‘q, u mazlumga o‘xshagan zolimki, har doim g‘am unga hamroh, aqli esa uni nuqul adashtiradi".

7. Qalbi ko‘rlik, Allohning hukmlarini tushuna olmaslik. Abu Sufyon (r.a.) aytgan ekanlar: "Hasad qiluvchi bo‘lmagin, shunda tez tushunadigan bo‘lasan".

8. Mahrumlik va xorlik. Hasad qiluvchi odam hech qachon murodiga yetolmaydi, dushmaniga g‘olib ham bo‘lolmaydi. Shuning uchun aytishdiki: "Hasadgo‘y hech qachon saodatli bo‘lolmaydi", deb ("Tariqatul Muhammadiyya").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:02:10

O‘n to‘qqizinchi majlis
ISONING (A.S.) DUOSI BILAN OSMONDAN DASTURXON NOZIL BO‘LGANI HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"Yana havoriylarga (sen orqali): "Menga va payg‘ambarimga iymon keltiringlar", deb vahiy yuborganimda, ular: "Iymon keltirdik, (ey Parvardigor), bizning bo‘ysinguvchilar ekanimizga o‘zing shohid bo‘l!" deganlarini eslagin! Havoriylar: "Ey Iso binni Maryam, Parvardigoring bizga osmondan bir dasturxon nozil qilishga qodirmi?" degan paytlarida (Iso ularga): "Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Allohdan qo‘rqinglar", deb javob qildi. Ular dedilar: "Biz faqatgina u dasturxondan yeyishni va ko‘ngillarimiz taskin topishini hamda sening rost so‘zlaganingni aniq bilib, u dasturxonga guvohlik beruvchilardan bo‘lishni istaymiz". Shunda Iso binni Maryam: "Allohim, Parvardigor, bizga osmondan bir dasturxon nozil qilginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram va Sening oyat-mo‘’jizang bo‘lib qolgay. Bizni shu ne’matdan bahramand qilgil. O‘zing eng yaxshi rizq berguvchisan", deganida Alloh aytdi: "Men uni sizlarga tushirguvchiman, ammo shundan keyin sizlardan kimda-kim kofir bo‘lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki, butun olamlardan biron odamni unday azoblamagayman" (Moida surasi, 111—115-oyatlar).

Xabarlarda vorid bo‘lganki, uch narsa Allohning huzurida chivinning qanotichalik qadri yo‘qdir va ular tarozida tortilmaydi. 1. Huzu’ va xushu’siz o‘qilgan namoz. 2. G‘aflat bilan qilingan zikr. Chunki, Alloh taolo g‘ofil qalbning ibodati va duosini qabul qilmaydi. 3. Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) hurmat va niyatsiz aytilgan salovot. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) esa: "Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir", deb aytganlar ("Zubda").

Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Iso (a.s.) sahobalariga aytdilar: "O‘ttiz kun ro‘za tutinglar, keyin esa Allohdan xohlagan narsangizni so‘ranglar. Nimaiki so‘rasanglar, Alloh beradi". Ular ro‘za tutdilar, ro‘zadan forig‘ bo‘lganlaridan keyin aytdilarki: "Agar biz biror-bir kishi uchun amal qilganimizda, albatta, u taom bergan bo‘lardi". So‘ng Allohdan dasturxon so‘radilar. Dasturxonni farishtalar ko‘tarib olib kelishdi. Unda yettita kulcha-non va yettita baliq bor edi. Farishtalar dasturxonni ularning oldiga qo‘ydilar. Unga insonlarning kattayu kichigi qo‘l uzatib, non va baliqlardan yedilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:02:26

Hazrati Ka’b (r.a.): "Dasturxonni osmonu Yer orasidagi farishtalar ochiq holatda ko‘tarib kelishgan, uning ustida go‘shtdan boshqa hamma taomlar bor edi", deydilar. Qatoda (r.a.) aytadilarki: "Uning ustida jannat mevalaridan bo‘lgan har xil mevalar bor edi". Atiyatul Avfiyning aytishlaricha: "Osmondan bir baliq tushgan, unda har bir narsaning ta’mi bor edi".

Savol: Iso (a.s.) bu dasturxonni o‘zlari uchun so‘raganlarmi yoki qavmlari uchunmi?

Javob: Zohir ko‘rinishda dasturxonni o‘zlariga so‘ragan bo‘lsalar ham, lekin har ikki ma’noning ehtimoli bordir (Nisoburiy). Aytishlaricha, Isoning (a.s) qavmlari Alloh taoloning: "Shundan keyin sizlardan kimda-kim kofir bo‘lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki", oyatini oxirigacha eshitib, ulardan ba’zilari kufr keltirishdan qo‘rqib, o‘zlarini chetga olishdi va: "Biz bu dasturxonni istamaymiz", deb aytishdi. Shunda dasturxon nozil bo‘lmadi. Bu Imom Mujohid va Hasanlarning (r.a.) qavlidir. Lekin jumhur ulamo va mashhur imomlar aytgan sahih gap shuki, bu dasturxon nozil bo‘lgan. Rivoyat qilinishicha, Iso (a.s.) g‘usl qilib, jun liboslarni kiyib, ikki rak’at namoz o‘qidilar. Boshlarini egib, ko‘zlarini pastga tushirdilar-da, keyin tazarru’ bilan duo qildilar. Duolari ijobat bo‘ldi. Qarasalar ikki bulut orasida, qizil dasturxon turibdi. Shunda Iso (a.s.) yig‘lab aytdilarki: "Allohim! Meni shukr etguvchilardan qilgin, bu dasturxonni olamga rahmat aylagin. Uni ibrat azobi va uqubat qilmagin". So‘ng turib yana tahorat qilib, namoz o‘qidilar va yig‘ladilar. Shundan so‘ng qavmlariga qarab: "Sizlarning ichingizdan amali yaxshirog‘ingiz tursin-da, bu dasturxonni ochsin, so‘ng Allohning ismini zikr qilsin va undan yesin", dedilar. Havoriylarning peshqadami bo‘lgan Sham’un: "Siz hammadan ko‘ra bu narsaga loyiqroqsiz", dedi. Iso (a.s.) turib yana tahorat qilib, namoz o‘qidilar, so‘ngra dasturxonni ochdilar va: "Rizq berguvchilarning yaxshirog‘i bo‘lgan Allohning nomi bilan boshlayman", deb aytdilar. Dasturxonni ochib qarashsa, qiltanoqsiz, tangachalarsiz qovurilgan baliq bor ekan. Uning yog‘lari oqib turardi. Bosh tarafida tuz, dumi tarafida sirka, atrofida esa piyozdan boshqa turli-tuman o‘simliklar bor edi, ustida beshta kulcha bo‘lib, ulardan birining ustida zaytun, ikkinchisida asal, uchinchisida yog‘, to‘rtinchisida pishloq va beshinchisida esa quritilgan go‘sht bor edi. Shunda Sham’un hayratlanib: "Ey Ruhulloh! Bu narsalar dunyo taomlaridanmi yoki oxirat?" deb so‘radi. Iso (a.s.) aytdilarki: "Ikkovidan ham emas, bu narsalar Alloh o‘zining qudrati bilan paydo qilgan xos ne’matlardir. So‘ragan narsalaringizni yenglar va Allohga shukr aytinglar. Shunda U zot sizlarga madad berib, o‘z fazlini yanada ziyoda qilgay". Havoriylar aytdilar: "Ey Ruhulloh! Bu oyat-mo‘’jizadan bizga boshqa yana mo‘’jiza ko‘rsatsangiz". Iso (a.s.) aytdilar: "Ey baliq! Allohning izni bilan tiril". Baliqqa shu zahoti jon kirib qimirladi. So‘ngra Iso (a.s.): "Eski holingga qaytgin", dedilar. Baliq yana qovurilgan holatiga qaytdi. So‘ng dasturxon uchib ketdi. Shundan keyin qavm Allohga osiylik qildi va maymun-cho‘chqalarga aylanib qoldi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:02:44

Mazkurdirki, ularga dasturxon qirq kun vaqti-vaqti bilan kelib turgan. Uning atrofiga boy-kambag‘al, katta kichiklar yig‘ilib, ne’matlardan tanovul qilgan, keyin dasturxon ko‘kka ko‘tarilib ketgan. Ular esa, uning soyasida unga nazar solib qarab turishgan. U dasturxondan bir kambag‘al yeydigan bo‘lsa, boyib ketar edi. Agar kasal yeydigan bo‘lsa, batamom tuzalib, boshqa hech qachon kasal bo‘lmasdi. Keyin esa Alloh taolo Isoga (a.s.): "Bu dasturxondagi ne’matlardan faqir va kasallar yesin, boy va sog‘ odamlar yemasin", deb vahiy yuborganida, boylar iztirob chekib, bunga norozi bo‘lishdi. Shu inkor va e’tirozlari bois, ular o‘tlar ichidagi axlatni yeydigan va axlatxonalarda yuradigan cho‘chqalarga aylanib qolishdi. Buni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketib, Isoga (a.s.) murojaat qilishdi. O‘zlarini tutolmay dod-faryod qilishdi. Cho‘chqalar Isoni (a.s.) ko‘rishlari bilan u kishining atroflarida aylanar va yig‘lashar edi. Iso (a.s.) ularni bittama-bitta ismlari bilan chaqirar edilar. Ular esa gapirishga qodir bo‘lolmay yig‘lar, boshlari bilan ishora qilishardi. Shunday holatda ular uch kun yashashdi, so‘ngra halok bo‘lishdi.

Ey birodarlar, Iso (a.s.) qavmi u zotdan taom so‘radi. Sizlar esa ro‘zalaringiz ketidan Allohning marhamati va rahmatini so‘ranglar. Albatta iyd iyd deb nomlanadi, chunki u yilda ikki marta kelgani uchundir.

Qayd etilgan