Ka’bul Axbordan rivoyat qilinadi: "Fotima (r.a.) kasal bo‘lib qoldilar. Hazrati Ali (r.a.) kelib aytdilar: "Ey Fotima! Dunyo shirinliklaridan qalbingiz nimani tusaydi?" Fotima aytdilar: "Anorni xohlayman". Hazrati Ali (r.a.) andak o‘ylanib qoldilar, chunki anor olgudek mablag‘lari yo‘q edi. So‘ngra turib, bozorga borib bir dirham qarz olib unga bir dona anor sotib oldilar. Uylariga qaytayotganlarida, yo‘l bo‘yida yerda yotgan kasal bir odamni ko‘rdilar. Hazrati Ali (r.a.) to‘xtab bu odamdan so‘radilarki: "Ey qariya! Ko‘nglingiz nimani istayapti?" Shunda haligi shaxs: "Ey Ali! Mening bu yerda besh kunlik kunim bor, holbuki, men tashlandiq odamman, mening oldimdan odamlar o‘tib ketyapti. Ammo biror kishi menga iltifot qilib qaragani yo‘q. Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Mening qalbim anorni xohlayapti", dedi. Hazrati Ali (r.a.) bir oz o‘ylab qoldilar va o‘zlaricha aytdilarki: "Men bir dona anorni Fotima uchun sotib oldim. Agar uni bu odamga bersam, Fotima mahrum qoladi. Bermasam, Alloh taoloning: "Tilanchini quruq qaytarmang!" degan oyatiga xilof ish qilgan bo‘laman, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ham: "Tilanchini rad qilmanglar, garchi u ot ustida kelsa ham", deganlar. So‘ng, "Alloh rizosi uchun", dedilar-da, anorni bo‘lib, qariyaga yedirdilar. Qariya esa o‘sha zahoti darmonga kirdi, tuzalib o‘rnidan turdi. Hazrati Ali (r.a.) uyalib, Hazrati Fotimaning oldiga keldilar. Fotima (r.a.) Hazrati Alini xursand qarshiladilar. Hazrati Ali bo‘lgan voqeani so‘zlab berdilar. Hazrati Fotima: "Allohning izzati va ulug‘vorligiga qasamki, Siz o‘sha qariyaga anorni yedirganingizdan keyin, mening qalbimda anorga bo‘lgan ishtaha yo‘qoldi", dedilar. Fotimaning so‘zlarini eshitib, Ali (r.a.) xursand bo‘ldilar. Shu payt eshiklari taqilladi, Ali (r.a.): "Kimsiz?" dedilar. "Eshikni oching, men Salmon Forsiyman", degan javob bo‘ldi. Ali (r.a.) turib eshikni ochdilar. Qarasalar, Salmon Forsiyning qo‘llarida ro‘mol yopilgan bir idish bor. Salmon Forsiy idishni Hazrati Alining oldiga qo‘ydilar. Hazrati Ali: "Ey Salmon! Bu kimdan?" deb so‘radilar. Salmon (r.a.) aytdilarki: "Allohdan Rasuliga va Rasulidan sizga". Ali (r.a.) ustini ochib qarasalar, ichida to‘qqizta anor bor. Ali (r.a.) aytdilar: "Ey Salmon! Men uchun bo‘lganida, bu anorlar o‘nta bo‘lishi kerak edi. Chunki Alloh taolo o‘n barobari qilib qaytaraman, deb marhamat qilgan". Salmoni Forsiy kulib yubordilar va yenglaridan bir anorni chiqarib, idishga qo‘yib, aytdilarki: "Ey Ali! Allohga qasamki, bu anorlar o‘nta edi, lekin men bu bilan sizni sinamoqchi bo‘ldim" ("Ravzatil muttaqiyn")