Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222659 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:05:54

Aytganlarki: "Duo yomonliklarning daf bo‘lishiga va maqsadning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan eng quvvatli narsadir. Lekin ko‘pincha duoning natijasi ro‘yobga chiqmaydi, bunga sabab duoning shartlari to‘la ado qilinmaganidadir. Xususan, qalbdagi ishonchning zaif bo‘lishi, harom yeyish, zulm qilish, qalbni gunohlar qoplab, g‘aflat va nafsu havo egallab olgan bo‘lish kabilar duoni to‘suvchi sabablardir".

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Bilinglarki, Alloh taolo g‘ofil qalb bilan qilingan duoni qabul qilmaydi" ("Mavohib").

Aytishlaricha, to‘rt narsa umrni ziyoda qiladi: 1) bokiraga uylanish; 2) oqib turgan zilol suvga yuvinish; 3) sahar chog‘i olma yeyish.

Hikoya qilishlaricha, solihlardan bir kishining holi tor, yeb­ichish va nafaqadan juda qiynalar edi. Uning xotini bir kuni eriga qarab aytdiki: "Allohga duo qiling, bizga mol-dunyoni ko‘proq bersin". U kishi duo qildi. Xotini hovliga chiqib qarasa, burchakda tilla bir g‘isht turibdi. Xotin sevina­sevina uni oldi. Haligi kishi xotiniga dedi: "Ey xotin! Xohlaganingcha o‘zingga ishlat". Haligi kishi o‘sha kuni tush ko‘rdi. Tushida jannatdagi bir qasrga kirdi. Qarasa, uning bir yerida g‘isht yo‘q. Bu qasr kimnikiligini so‘ragan edi, unga bunday deb javob berishdi: "Bu qasr seniki!" "Bu yeridagi g‘isht qaerda?" Aytishdiki: "Bu g‘ishtni senga yubordik". Kishi uyg‘onib, darrov xotiniga: "Tillo g‘ishtni keltir", dedi. Uni olib oldiga qo‘ydi va aytdiki: "Allohim, buni Senga qaytaryapman". Bir muddat o‘tib g‘isht g‘oyib bo‘ldi. Ul zot bildiki, Alloh taolo g‘ishtni o‘z o‘rniga qo‘ydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:06:11

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Biror kishi bu dunyodan bir luqmani olsa, albatta, Alloh taolo shu luqmaning hissasini oxiratda kamaytiradi".

Alloh taolo marhamat qilib aytganki:
"Kim oxirat ekinini istar ekan, Biz uning ekini (hosilini) ziyoda qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan berurmiz va uning uchun oxiratda biror nasiba bo‘lmas" (Sho‘ro surasi, 20-oyat).

Umar (r.a.) aytdilar: "Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) ko‘rdim. Qarasam, ul zot bo‘yra ustida yonboshlab yotgan ekanlar. Yon taraflariga buyra izini qoldiribdi. Aytdimki: "Ey Allohning Rasuli! Allohga duo qiling, sizga dunyolik bersin. Fors va Rum podshohlari Allohga ibodat qilmasalar ham, Alloh ularga dunyoni mo‘l-ko‘l berib, keng qilib qo‘ygan". Shunda aytdilar: "Albatta, bizga oxiratda boylik naqd qilib qo‘yilgandir. Ey Xattobning o‘g‘li! Ularga esa yaxshiliklar bu dunyoda naqd qilib berilgan". Boshqa bir rivoyatda esa: "Ular uchun dunyo, bizga esa oxirat bo‘lishiga rozi bo‘lmaysanmi?!" deb aytganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:06:27

Amr ibn Shu’aybdan rivoyat qilindi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ikki xislat borki, ular kimda bo‘lsa, Alloh uni shukr va sabr qiluvchilar qatoriga qo‘shadi. Kim dinida o‘zidan yuqoriroq kishiga qarab, unga ergashgan bo‘lsa va kim o‘zining dunyosida o‘zidan pastroq kishiga qarab, Allohga unga bergan ne’matlari uchun hamd aytsa".

Alloh taolo aytganidek:
"Alloh biron ne’mat bilan biringizni biringizdan ortiq qilib qo‘ygan bo‘lsa, sizlar uni (hasad-adovat bilan) orzu qilmang. Erkaklar uchun ham qilgan mehnatlaridan nasiba bordir, ayollar uchun ham qilgan mehnatlaridan nasiba bordur. Sizlar (birovlarga berilgan ne’matlarga ko‘z olashtirish o‘rniga) Allohning fazlu marhamatidan (fayzu baraka, rizqu ro‘z) so‘ranglar. Albatta, Alloh hamma narsani bilguvchi bo‘lgan zotdir" (Niso surasi, 32-oyat).

Shaqiq Zohid (r.a.) aytgan ekanlar: "Faqirlar ham, boylar ham uch narsani o‘zlari tanlashgan. Faqirlar nafs rohatini, qalbning forig‘ligi va hisobning yengil bo‘lishini. Boylar esa nafsning qiynalishi, qalbning mashg‘ulligi va hisobni qattiq bo‘lishini" ("Zubdatul vo’iziyn").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:06:53

Yigirma ikkinchi majlis
IYMON BAYONI


Alloh taolo aytadi:
"Haqiqiy mo‘minlar faqat Alloh (nomi) zikr qilingan vaqtida, qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganida iymonlari ziyoda bo‘ladigan va yolg‘iz Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilardir. Ular namozni to‘kis ado etadilar va Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar. Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlar bo‘lib, ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni, jannatda yuksak) darajalar, mag‘firat va ulug‘ rizq bordir" (Anfol surasi, 2—4-oyatlar).

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki mening ismimni yozayotib, kitobatda menga salovot aytsa, farishtalar mening ismim o‘sha kitobda turar ekan, u odamga istig‘for aytadilar" ("Shifoi sharif").

Hasan Basriy aytdilar: "Abu Ismani tushimda ko‘rdim va aytdimki: "Alloh seni nima qildi?" Aytdi: "Rabbim meni mag‘firat qildi". "Nima sababdan?" "Men har doim hadis aytgan paytimda, Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) salovot yo‘llardim" ("Zubda").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:07:04

Alloh taolo zikr qilingan paytda Alloh va Rasuliga muxolif bo‘lganlarning emas, balki iymonlarida sodiq bo‘lgan mo‘minlarning qalblari qo‘rqadi ("Tafsirul hozin"). Ahli haq aytibdurlarki: "Qo‘rquv ikki xil bo‘ladi: azobdan qo‘rqish bu osiy bandalarning qo‘rquvidir; haybat va ta’zim qo‘rquvi, bu xos bandalarning qo‘rquvidir. Chunki ular Allohning ulug‘ligini bilib, qattiq qo‘rqadilar. Osiy bandalar esa, Allohning azobidan qo‘rqadilar. Demak, mo‘min Allohni zikr qilganda, Alloh taoloni zikr qilish martabasiga qarab qalbi qo‘rqar ekan ("Tafsirul hozin"). Alloh taoloning: "Iymonlari ziyoda bo‘ladigan..." degan so‘zining ma’nosi shuki, ularga Alloh tarafidan biror narsa kelgan paytda ular unga iymon keltiradilar, shu bilan ularning iymonlari va tasdiqlari ziyoda bo‘ladi. Chunki iymonning ziyoda bo‘lishi iymon keltirishning ziyoda bo‘lishi bilandir. Bu esa ikki qism bo‘ladi: Birinchisi — Imom Vohidiy qavliga ko‘ra, ahli ilmlarning ko‘plari aytgan ushbu so‘zdir: dalillar ko‘p va quvvatli bo‘lgan sari insonning iymoni ziyoda bo‘ladi. Chunki dalillarning ko‘pligi va quvvati hosil bo‘lgan paytda shak ketib, ishonch kuchayadi va Allohni tanish quvvati paydo bo‘ladi. Iymon shu bilan ziyodalashadi. Ikkinchisi — ular Alloh taolo huzuridan ularga tilovat qilingan har bir narsaga ishonadilar va uni tasdiq qiladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) zamonlarida Alloh buyurgan amallar ketma-ket bo‘lgani sababidan har yangi Allohning buyrug‘i tushganda sahobai kiromlar shuni tasdiq qilishar, shu bilan ularning iqrorlari ziyoda bo‘lar edi ("Hozin"). Alloh taoloning: "Ular haqiqiy mo‘minlardir", degan so‘zidan biror kishi o‘zini haqiqiy mo‘min deb sifatlamog‘i joiz emasligiga dalil bor. Chunki Alloh taolo bu sifat bilan maxsus sifatlarga ega bo‘ladigan xos odamlarni sifatladi va har bir kishida bu sifatlarni mavjud ekani aniq emas. Ushbu narsa umumiy masalaga taalluqlidir. Ulamolar "Men mo‘minman", deb aytishning joizligiga ittifoq qilganlar, lekin "men haqiqiy mo‘minman yoki haqiqiy mo‘minaman, agar Alloh xohlasa", deb aytishning joiz yoki joiz bo‘lmasligi haqida ixtilof qilganlar.

Bizning hanafiy ulamolarimiz: "Men haqiqiy mo‘minman", deb aytish yaxshiroq, lekin "men mo‘minman, agar Alloh xohlasa", deb aytish esa joiz emas", deganlar. Bu so‘zning ma’qulligiga ikkita sabab bilan dalil keltirganlar: Biri, harakatlanuvchi odam "Men harakatlanuvchiman, agar Alloh xohlasa", deb aytishi joiz emas. Demak, "Men haqiqiy mo‘minman, men mo‘minman, agar Alloh xohlasa", deb aytishi ham joiz bo‘lmaydi. Ikkinchisi esa, Alloh taolo: "Ular haqiqiy mo‘minlardir", deb mo‘minlarga ularning haqiqiy mo‘min ekanliklarini hukm qildi. "Men mo‘minman, agar Alloh xohlasa", degan so‘zida esa shak qilish bor. Chunki Alloh bu so‘zni qat’iy aytgan ("Hozin").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:09:02

Alloh taoloning: "Ular (mo‘minlar)... Biz ularni bahramand etgan narsalardan infoq-ehson qiladilar", degan oyati karimasi haqida Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sadaqa baloning yetmish xilini, daf qiladi. Uning eng yengili pes kasalligidir".

Alloh taoloning "ular uchun darajalar bor", deb aytgan so‘zining ma’nosi, ba’zi mo‘minlarning ba’zilardan a’lo bo‘lgan martabalari bor, degani. Chunki mo‘minlarning holatlari Alloh zikr qilgan sifatlarga munosib bo‘lishdir. Buning natijasida esa ularning jannatdagi martabalari ham har xil bo‘ladi, chunki jannatning darajalari amallarning qadriga qarabdir. Yana aytildiki, jannatning darajalarida mo‘minlar amallariga ko‘ra rizqlanadilar".

Imom Termiziy Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qiladilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Jannatda yuz daraja bordir. Har darajaning orasi yuz yil (lik yo‘l)dir".

Hazrati Saiddan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Albatta, jannatda yuz daraja bordir. Agar butun olam ularga yig‘ilib jam bo‘lsa, albatta, ularni o‘ziga sig‘dirur" ("Hozin").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:09:32

Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sizlarning amallaringizning eng yaxshirog‘i, Parvardigoringiz huzurida eng pokrog‘i va darajalaringizning ko‘targuvchirog‘i, tilla va kumush infoq qilishdan ham ustunrog‘i, sizlar dushmaningizga yo‘liqib, ularni o‘ldirishingizdan ham, ularning qo‘lida o‘lishingizdan ham yuksakroq bo‘lgan martaba xabarini aytaymi?" Aytdilar: "Ha, ey Allohning Rasuli, xabarini bering". Rasululloh: "U Alloh taoloni zikr qilishdir", deb aytdilar ("Masobih").

Alloh taoloning zikri boshqa ibodatlardan ko‘ra yuqoriroq bo‘lishi boshqa ibodatlar Allohni zikr qilishga vasila bo‘lgani sababidandir. Demak, Allohni zikr qilish eng oliy talab va ulug‘ maqsad bo‘lib, u ikki qismga bo‘linadi. Biri til bilan zikr qilish bo‘lsa, ikkinchisi, qalb bilan zikr qilishdir. Qalb zikri til bilan talaffuz qilinmagan, quloq bilan eshitilmagan, balki u qalbning mulohazasi va fikridir. Bu zikrning eng yuqori martabasidir. Xabarlarda keltirilishicha, bir soatlik tafakkur yetmish yil nafl ibodat qilishdan ko‘ra yaxshiroqdir. Bu esa til zikri va qalbning hozir bo‘lishi bilan hosil bo‘ladi. Hattoki, zikr qalbda mahkam o‘rnashib, Allohdan o‘zgasini aslo o‘ylamaydigan bir holga kelib qoladi ("Majolisi Rumiy").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:10:56

Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Agar Abu Bakrning iymoni ummatimning iymoni bilan birga tortilsa, albatta, Abu Bakrning iymoni og‘ir keladi". Abu Hurayra (r.a.), Anas ibn Molik (r.a.) va Abu Said Xudriylardan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qalbida zarracha iymoni bor kishi, albatta, do‘zaxdan chiqadi". Bu gap zohiran iymon ziyoda va noqis bo‘lishiga dalolat qiladi. Bizning bu haqdagi so‘zimiz esa iymon tasdiqdan iborat deyishdir. U ziyodalik va nuqsonni qabul qilmaydi. Alloh taoloning Fath surasidagi: "Iymonlariga iymon qo‘shish uchun..." degan so‘zi esa, bizning fikrimizcha, faqat sahobalarga tegishlidir. Chunki Qur’on oyatlari nozil bo‘lar, ular esa iymon keltirib, ularni qalblari bilan tasdiq qilishar, shu tariqa iymonlari ziyoda bo‘lib borar edi. Ammo bizga kelsak, unday emas, chunki vahiy to‘xtagandir. Alloh taoloning: "Alloh (nomi) zikr qilinganida, qalblariga qo‘rqinch tushadigan..." oyati karimasi mo‘minlarning sifatidir va mo‘minlar toat-ibodatda har xil bo‘ladilar. Ammo iymonda unday emasdir. Fath surasidagi oyati karimadan iroda qilingan ma’no yaqin va ishonchning ziyoda bo‘lishidir, iymonning o‘zi emas. Abu Bakr (r.a.) haqida aytilgan hadisga kelsak, u zotning iymonlari og‘ir kelish, savoblarining ko‘pligidadir. Chunki u kishi iymon keltirishda boshqalardan peshqadamdirlar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Yaxshilikka dalolat qilguvchi xuddi yaxshilik qilguvchiga o‘xshaydi". Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) "Qalbida iymondan bir tola bor odam, albatta, do‘zaxdan chiqadi", ba’zi rivoyatlarda "Qalbida zarracha iymoni bo‘lgan odam, albatta, do‘zaxdan chiqadi", deb aytilgan. Demak, yuqoridagi hadisni biz zikr qilgan dalillar sababli keyingisiga haml qilish vojib bo‘ladi ("Bahrul kalom").

Hasandan (r.a.) bir kishi: "Siz mo‘minmisiz?" deb so‘raganda, u zot aytgan ekanlar: "Iymon ikki xildir. Agar sen mendan Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, jannat va do‘zaxga, oxirat kuniga, qayta tirilishga va hisobga iymon keltirish haqida so‘rayotgan bo‘lsang, men mo‘minman. Lekin Alloh taoloning: "Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir", degan oyati karimasi haqida so‘rayotgan bo‘lsang, Allohga qasam ichib aytamanki, men ulardanmanmi yoki ulardan emasmanmi, bilmayman".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:11:34

Sufyoni Savriydan rivoyat qilinadi: "Kimki men Allohga haqiqiy ishonuvchi mo‘minman deb gumon qilib, so‘ngra u jannat ahllaridan ekaniga guvohlik bermasa, u odam oyatning yarmiga iymon keltiribdi".

Shaqiq Balxiy aytdilar: "Ibrohim ibn Adham (r.a.) Basra bozorida yurar edi, insonlar u kishining atroflarida jamlanib aytdilarki: "Ey Abu Ishoq! Alloh taolo o‘z kitobida: "Menga duo qilinglar, duolaringizni ijobat qilurman", degan. Biz esa ancha zamondan beri duo qilyapmiz, ammo bizning duoimizni ijobat qilmayapti". Ibrohim ibn Adham ularga aytdilar: "Ey Basra ahli! Sizlarning qalblaringiz o‘nta narsa bilan o‘lgan bo‘lsa, qanday qilib duolaringiz ijobat qilinadi?

Birinchi — Allohni taniganingizni da’vo qilasizlaru, Allohga ibodat qilishda sustkashlik qilasizlar.
Ikkinchi — Qur’on tilovat qilasizlaru, unga amal qilmaysizlar.
Uchinchi — shaytonni dushman deb bilasizlar, ammo unga itoat qilasizlar.
To‘rtinchi — sizlar Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) ummatidanmiz, deb aytasizlar, lekin u zotning muborak sunnatlariga amal qilmaysizlar.
Beshinchi — jannatga kirishni da’vo qilasizlaru, bunga harakat qilmaysizlar.
Oltinchi — do‘zaxdan najotni tilaysizlaru, amallaringiz bilan o‘zlaringizni unga otasizlar.
Yettinchi — o‘lim haq deysizlar, lekin unga tayyorgarlik ko‘rmaysizlar.
Sakkizinchi — bir-birlaringizning ayblaringiz bilan mashg‘ul bo‘lasizlaru, o‘zlaringizning ayblaringizga qaramaysizlar.
To‘qqizinchi — Rabbingizning ne’matini yeysizlaru, Unga shukr qilmaysizlar.
O‘ninchi — o‘liklaringizni dafn qilasizlar, lekin ulardan ibrat olmaysizlar ("Hayotul qulub").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:12:04

Yigirma uchinchi majlis
ALLOHNING BUYRUQLARINI TARK QILISH HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"Ey mo‘minlar, Alloh va Uning payg‘ambariga xiyonat qilmangiz va bilgan holingizda sizlarga ishonib berilgan narsalarga (ya’ni, dinga va boshqa har qanday omonatlariga) xiyonat qilmangiz! Bilingizki, albatta mol-dunyolaringiz va bola-chaqangiz faqat (sizlar shukr qilasizlarmi yoki yo‘qmi ekanini imtihon qilish uchun berilgan) bir fitna — aldovdir, xalos. Yolg‘iz Allohning huzuridagina (ya’ni, Uning amru farmoniga itoat etishdagina) ulug‘ ajr-savob bordir" (Anfol surasi, 27—28-oyatlar).

Bu oyati karimaning nozil bo‘lishi haqida quyidagilar rivoyat qilingan: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Bani Qurayza yahudiylarini yigirma bir kecha qamal qilib turdilar. Shunda ular Bani Nazir qabilasi Shom yerlaridan bo‘lgan cho‘li-biyobonlarga Madinani tashlab chiqib ketishlikka sulh qilgani kabi, Rasulullohdan sulh qilmoqni so‘radilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bu taklifni rad etdilar. Ammo aytdilarki: "Agar sizlar Sa’d ibn Maozning hukmiga rozi bo‘lsangizlar, mayli". Ular Rasulullohning bu takliflaridan bosh tortdilar va aytdilarki: "Bizga Abu Luboba Marvon ibn Munzirni sulh uchun yuborgin". Bu kishi o‘zining ahli-ayoli va moli yahudiylar qo‘lida bo‘lgani sababli, ularga yaxshiliklar qilib yurar edi. Rasululloh bu kishini yahudiylarga yubordilar. Yahudiylar unga: "Nima deb o‘ylaysan, Sa’dning hukmiga rozi bo‘lsak, bizni nima qilishardi?" deyishdi. Abu Luboba halqumiga qo‘lini ishora qildi-da: "Uning hukmi — boshlaringni qilichdan o‘tkazish", dedi. So‘ng Abu Luboba aytdilar: "Men o‘sha holatdan uzoq o‘tmay Alloh va rasuliga xiyonat qilganimni bildim. Shunda bu oyati karima nozil bo‘lgan edi". Abu Luboba o‘zini masjid to‘sinlaridan bir to‘singa bog‘ladi va: "Allohga qasam ichib aytamanki, men taom yemayman, suv ham ichmayman. Yo men shu holatda o‘laman, yoki Alloh mening tavbamni qabul qiladi", dedi. Shu holatda yetti kun turdi. Hatto hushidan ketib yiqildi. So‘ngra Alloh taolo uning tavbasini qabul qildi. Shunda unga aytishdiki: "Alloh tavbangni qabul qildi. Endi o‘zingni yechib yubor!" Ammo Abu Luboba: "Yo‘q, Allohga qasamki, men o‘zimni yechmayman, toki meni Rasululloh yechib yubormagunlaricha", dedi. Shundan so‘ng Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) kelib, muborak qo‘llari bilan uni yechib qo‘ydilar. Abu Luboba ul zotga bunday dedi: "Osiy qavmimga qaytmasligim va molimning hammasini Alloh rizosi uchun sadaqa qilib yuborishim tavbamni mukammal qiladi". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) unga: "Senga molingning uchdan birini sadaqa qilishing kifoya", dedilar.

Qayd etilgan