Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222669 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:17:41

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Agar sizlar o‘lim vaqtida chanqoqlik his qilmay rohatda bo‘lishni, iymon bilan dunyodan ketishni va shaytondan najot topishni istasanglar, bu oylarda ko‘proq ro‘za tutinglar va o‘tgan gunohlarga nadomat chekish bilan bu muborak oyning hurmatini ado qilinglar. Barcha jonlining Yaratguvchisini ko‘p-ko‘p zikr etinglar, shunda Rabbingizning jannatiga salomatlik bilan kirursizlar".

Anas ibn Molik (r.a.) aytdilar: "Muoz ibn Jabalga (r.a.) yo‘liqib so‘radim: "Ey Muoz! Qaerdan kelyapsan?" U: "Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlaridan", deb aytdi. Men undan: "Nimalar eshitding?" deb so‘radim. U: "Nabiyning: "Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q, desa va buni ixlos bilan aytsa, albatta jannatga kiradi. Va yana kimki rajab oyida Alloh taoloning roziligini istab, bir kun ro‘za tutsa, albatta, jannatga kiradi, deganlarini eshitdim", dedi. So‘ng Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga bordim va: "Ey Allohning Rasuli! Muozdan eshitdim, siz shundoq-shundoq debsiz", dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Muoz to‘g‘ri aytibdi", dedilar" ("Zuhratur riyoz").

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) "Hajjatul vado’"da qurbonlik kunida xutbalari orasida aytdilar: "Ogoh bo‘lingiz! Zamon Alloh taolo osmon va yerni yaratgan kundan buyon o‘tyapti. Bir yil o‘n ikki oydan iboratdir, ulardan to‘rttasi harom oylardir, uchtasi — zulqa’da, zulhijja, muharram ketma-ket keladi. Rajab esa, jumadul oxir va sha’bon oyining orasidagi oydir. Oylar o‘z holiga qaytdi va haj qilish zulhijja oyidadir. Yil Alloh osmonlar va yerni yaratgan kunda ixtiyor qilgan hisobning asliga qaytdi va haj qilish ham. Johiliyat ahllari uni o‘zgartirganlaridan keyin, nihoyat, yana o‘z o‘rniga qaytdi. Alloh taolo o‘z Kitobida shunday zikr qilgan: "Shak-shubhasiz (harom oylarni) ortga surish ortiq darajadagi kofirlikdir..." Bu oyatning tafsirida aytilganki, bir oyni harom oy qilish uni boshqa oyning o‘rniga kechiktirishdir. Chunki arablar johiliyatda harom oylarni ulug‘lashar edi. Ular Ibrohim va Ismoildan (a.s.) meros o‘laroq bu oylarda jang qilishni harom deb bilar edilar. Keyinchalik "ortga surishni" paydo qilib olishib, harom oylarning o‘rnini o‘zgartirishdi. Bunga sabab ular jangari odamlar edi. Urushib turganlarida harom oyi kelsa, jangni to‘xtatish qiyin bo‘lar edi. So‘ng harom oyni halol, halol oyni harom qilishardi. Harom oylarni orqaga surish ortiq darajadagi kufrdir, chunki kofir odam ma’siyat qilgan sari kufri ziyoda bo‘laveradi. Xuddi mo‘min bir toat qilsa, iymon jihatdan ziyoda bo‘lgani kabi ("Kashshof").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:18:23

Tovusdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Biror bir oyni, biror bir kunni bayram qilib olmanglar".

Bu gapning asli shuki, musulmonlar biror bir vaqtni bayram qilib olishlari joiz emas. Faqatgina shariat keltirgan kunlarni bayram qilishlari joiz bo‘ladi. Bu bayramlar hafta ichida juma kuni, yil ichida Fitr kuni, Qurbon hayiti va tashriq kunlaridir".

Bu bayramlardan boshqa bir kunni bayram deb nishonlash Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) shariatlarida asli yo‘q, bid’at ishdir. Islom kelib davriy va makoniy bayramlarni botil qildi. Davriy bayramlar o‘rniga ramazon va qurbon hayitlarini hamda undan keyingi tashriq kunlarini belgilab qo‘ydi. Mushriklarning makoniy bayramlari o‘rniga Ka’bani, Arafotni, Mino va Muzdalifani bayram qilishga buyurdi. Bu bayram va bu makonlarning o‘ziga xosligi shundaki, bu kunlarda Allohga yaqinlik hosil qilishga sabab bo‘ladigan toat va ibodatlar bordir. Bu oyda ro‘za tutish haqida bir necha hadislar rivoyat qilingan. Imom Bayhaqiy "Shu’abul iymon" bobida Hazrati Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Jannatda bir daryo bor, uni Rajab deyiladi. Sutdan oppoq, asaldan shirinroqdir. Kim rajab oyida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uni o‘sha daryodan suv ichirur".

Bu oyning ba’zi kunlarida ro‘za tutish yoki hammasida ro‘za tutish haqida Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) sahih darajasida hadislar kelmagan. Sahobalardan ham naql yo‘q. Umumiy o‘laroq harom oylarda nafl ro‘za tutish haqida ko‘pgina hadislar rivoyat qilingan. Rajab oyi esa mana shu muborak oylarning biri, demak, bu oyda nafl ro‘za tutishdan qaytarmaslik lozim.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:19:14

Abu Qiloba (r.a.) aytadilar: "Jannatda rajab oyida ro‘za tutuvchilarga qasr bor". Bayhaqiy aytganlarki, albatta, Abu Qiloba katta tobe’inlardan biridirlar, bu zot Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) hadis eshitgan zotlardan naql qiladilar.

Ibn Abbos (r.a.), rajab oyining hammasida ro‘zador bo‘lish makruh, deganlar. Imom Ahmad ham makruh deganlar. Imom Movardiy "Al-Iqno’"da "Rajab va sha’bon oylarida ro‘za tutish mustahab", deganlar ("Majolis Rumiy").

Abu Bakr (r.a.) aytadilar: "Rajab oyining avvalgi juma kechasining uchdan biri o‘tganda, osmonu yerda maloikalar qolmaydi, Ka’baga jamlanadilar". Alloh ularga: "Ey farishtalarim! Xohlagan narsalaringizni so‘ranglar", deydi. Ular: "Ey Rabbimiz! Bizning hojatimiz rajab oyida ro‘za tutgan bandalaringni mag‘firat qilmog‘ingdir", deyishadi. Alloh taolo: "Men ularning gunohlarini mag‘firat qildim", deydi".

Hazrati Oyishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qiyomat kunida hamma insonlar och va chanqoq bo‘ladilar, faqatgina anbiyolar va ularning ahllari, rajab, sha’bon va ramazon oyida ro‘za tutguvchilar bundan mustasnodirlar. Ular uchun bu Kunda ochlik ham, chanqoqlik ham bo‘lmaydi" ("Zubdatul vo’izin").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:19:46

Yigirma oltinchi majlis
SAXIYLIKNING FAZILATI HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"Ularning orasida: "Qasamki, agar (Alloh) bizga o‘z fazlu karamidan (mol-davlat) ato qilsa, albatta, biz (kambag‘allarga) sadaqotlar qilurmiz va solih bandalardan bo‘lurmiz", deb Allohga ahd-paymon beradigan kimsalar ham bordir. Endi qachonki (Alloh taolo) ularga o‘z fazlu karamidan (mol-davlat) ato qilsa, unga baxillik qilurlar va yuz o‘girgan hollarida keturlar" (Tavba surasi, 75—76-oyatlar).

Oyisha (r.a.) aytadilar: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) menga aytdilarki: "Ey Oyisha! To‘rt narsani qilmay uxlama: Qur’oni xatm qilmaguningcha, payg‘ambarlarni Qiyomatda o‘zingga shafoatchi qilmaguningcha, musulmonlarni o‘zingdan rozi qilmaguningcha hamda haj va umra qilmaguningcha". Shunday deb Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) namozga kirib ketdilar. Namozni tugatganlaridan keyin: "Ey Allohning Rasuli! Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Meni to‘rt ishga buyurdingiz, men ularni qilishga qodir emasman", dedim. U zot aytdilarki: "Agar Ixlos surasini o‘n marta o‘qisang, Qur’onni xatm qilgandek bo‘lasan, menga va payg‘ambarlarga salovot aytsang, biz senga Qiyomat kunida shafoatchiga aylanurmiz va agar Allohdan mo‘minlarning mag‘firatini tilasang, ularning hammalari sendan rozi bo‘ladilar. Agar "Subhanallohi valhamdu lillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar", desang, haj va umra qilgandek savobga ega bo‘lasan" ("Tafsiri Haqqiy").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:20:18

Abu Umoma Boxiliy (r.a.) mazkur oyati karimaning nozil bo‘lishi sababi haqida quyidagilarni rivoyat qilganlar: "Sa’laba ibn Xotib Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) masjidlarida kechayu-kunduz mulozim edi. Uning peshonalari yerga va toshlarga ko‘p sajda qilganlik sababidan xuddi tuyaning tizzalari singari qavargan edi. Bir kuni masjiddan duo qilmay, namoz o‘qimay shoshilib chiqib ketayotganida, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) unga: "Senga nima bo‘ldi? Masjiddan shoshib chiqish bilan munofiqlarning ishini qilyapsan", dedilar. U: "Yo Rasululloh! Chiqib ketishimning sababi, men va ayolimga bittagina kiyim bor, u ham bo‘lsa, mening egnimda. Men unda namoz o‘qib olaman, xotinim esa uyda kiyimsiz o‘tiradi, keyin unga borib kiyimimni beraman. U namozini o‘qib oladi. Duo qiling, Alloh taolo menga mol-dunyo ato qilsin", dedi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Sa’laba! Shukrini ado qila oladigan ozgina mol shukr etishga toqat qilolmaydigan ko‘p mol-dunyodan yaxshiroqdir", dedilar. U yana: "Ey Allohning Rasuli! Allohga duo qiling, menga mol-dunyo ato qilib rizqlantirsin", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sen uchun Rasulullohda yaxshi ibrat yo‘qmi?! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasam, tog‘lar menga tilla va kumush bo‘lib qolishlarini xohlasam, albatta, shu ish bo‘ladi. Ammo men buni aslo xohlamayman" deb javob berdilar. Sa’laba ketdi. Ertasi kun yana keldi. Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam): "Yo Rasululloh! Allohga duo qiling, menga mol-davlat ato qilsin, albatta, har bir haqqi bor odamga haqqini berurman", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) uning uchun duo qilib aytdilar: "Ey Allohim! Sa’lobaga mol-davlat ato qilgin". Shundan so‘ng u bir qo‘y olib boqa boshladi. Qo‘y xuddi qurt o‘sgani kabi o‘sib ko‘paya ketdi. Tez orada ikkita, uchta, to‘rtta bo‘ldi. Nihoyat, qo‘ylari ko‘paydi va unga Madina ham torlik qila boshladi. U Madinadan tashqariga chiqib, bir vodiyga tushib, o‘sha yerda qo‘ylarini boqa boshladi. Sa’laba Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan peshin va asr namozlarini o‘qib, qolgan namozlarni o‘zining qo‘ylari ichida o‘qir edi. Keyin esa qo‘ylari yana ko‘paydi. U endi Madinadan yana uzoqlashdi, endi faqat juma namoziga keladigan bo‘ldi. Bir muddatdan so‘ng juma namoziga ham kelmay qo‘ydi. Juma kuni odamlar namozdan qaytayotganida ularning qarshisidan chiqib qolar, xabarlar haqida so‘rar edi. Kunlardan bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Sa’labani eslab so‘radilar: "Sa’laba nima qilyapti?" Sahobalar: "Ey Allohning Rasuli! U qo‘y boqib yuribdi. Qo‘ylari vodiyga ham sig‘may ketgan", deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sa’labaning holiga voy bo‘lsin", dedilar. Keyin zakot oyati nozil bo‘ldi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ikki kishini uning oldiga zakot olish uchun yubordilar. Ular Sa’labaning oldiga borib, zakot berishi lozim ekanini aytishdi va unga Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) maktublarini topshirib, Alloh buyurgan farzlarni o‘qib berishdi. Sa’laba esa hech narsa bermadi, balki aytdiki: "Bu shak-shubhasiz jizya yoki jizyaning o‘xshashi", dedi. So‘ng ikki elchiga qarab: "Sizlar qaytib ketaveringlar, men bir o‘ylab ko‘rayin", dedi. Ikki elchi Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kelib, hali gapirmay turib, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ikki marta: "Sa’labaning holiga voy bo‘lsin", dedilar. So‘ngra Alloh taolo Tavba surasidagi 75—76-oyatlarni nozil qildi. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilarida Sa’labaning qarindoshlaridan bir kishi bor edi. Buni eshitib Sa’labaning oldiga yugurib bordi va: "Holingga voy sening, ey Sa’laba! Alloh sen haqqingda falon-falon oyatni nozil qildi", dedi. Sa’laba Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga zakotini olib keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh sendan zakot olishimni man qildi", dedilar. Sa’laba bu gapni eshitib, boshiga tuproq socha boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bunga o‘zing sabab bo‘lding, buyurganimda, itoat qilmading", dedilar. Oradan ko‘p o‘tmay, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafot etdilar. Sa’laba Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafotlaridan keyin Abu Bakr oldilariga kelib zakot bermoqchi bo‘ldi. "Sadaqamni qabul qiling", dedi. Abu Bakr (r.a.) qabul qilmadilar. "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) qabul qilmagan sadaqani men ham qabul qilmayman", dedilar

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:20:49

So‘ngra Umar (r.a.) xalifalik davrida u yana keldi. "Sadaqamni qabul qiling!" dedi. Hazrati Umar: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan Abu Bakr (r.a.) qabul qilmagan sadaqani men qanday qabul qilaman", dedilar va qabul qilmadilar. So‘ng Hazrati Usmonning (r.a.) xalifalik davrlarida ul zotdan sadaqasini qabul qilishlarini so‘radi. Hazrati Usmon: "Ular sening sadaqangni qabul qilishmagan bo‘lsa, men qabul qilamanmi?" dedilar va qabul qilmadilar. Shu bilan Sa’laba Hazrati Usmonning (r.a.) davrlarida o‘ldi. Unga bu uqubatlarning hammasi baxillikdan, dunyoni yaxshi ko‘rishdan va zakot bermaslikdan keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Munofiqning alomati uchtadir: Gapirsa yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa, va’dasiga xilof qiladi, omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi", deganlar.

Rivoyat qilinishicha, sahobai kiromlar Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) so‘radilar: "Ey Allohning Rasuli! Siz bu dunyodan ketsangiz, bizga yerning usti yaxshiroq bo‘ladimi yo tagimi?" Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Agar amirlaringiz sizlarning yaxshilaringiz bo‘lsa, boylaringiz saxiylaringiz bo‘lsa va ishlaringiz o‘zaro maslahat bilan bo‘lsa, sizlar uchun yer usti yaxshiroqdir. Agar amirlaringiz yomonlaringiz bo‘lsa, boylaringiz baxillaringiz bo‘lsa va ishlaringiz xotinlaringiz maslahati bilan bo‘lsa, sizlarga yerning tagi yaxshiroqdir" ("Mav’iza").

Hazrati Oyishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:21:31

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "O‘zlaringiz va o‘liklaringiz uchun bir qultum suv bilan bo‘lsa ham sadaqa qilinglar! Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, Allohning Kitobidan bo‘lgan bir oyat bilan, ya’ni, uni o‘qinglar, unga amal qilinglar, boshqalarga ham yetkazinglar. Bas, agar bunga ham qodir bo‘lmasangiz, rahmat va mag‘firat so‘rab, Allohga duo qilinglar! Chunki U zot duoni ijobat qilishga va’da bergandir".

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim bir qop xurmoni halol yo‘l bilan topib, sadaqa qilsa — Alloh taolo faqatgina pokiza va halol yo‘l bilan topilgan narsasini qabul qilgay — uni uning uchun o‘stirib ziyoda qilgay. Xuddi sizlardan biringiz o‘zining yangi tug‘ilgan toychog‘ini parvarish qilgani kabi. Bu sadaqa hatto tog‘dek bo‘lur". Ya’ni, sadaqa kattalashib, unga baraka beradi va savobini mezonda og‘ir qiladi. Haqiqatan, Alloh sudxo‘rlikning barakasini va ribo kirgan molni halok qiladi, agar o‘sha moldan sadaqa berilsa, qabul qilmaydi. Halol moldan berilgan sadaqalarni esa, ziyoda qiladi.

Savol: nima uchun sadaqaning savobi boshqa amallarnikidan ko‘p?

Javob: Chunki molni berish nafsga boshqa amallardan ko‘ra mashaqqatliroqdir. Qaysi bir amalning mashaqqati ko‘p bo‘lsa, savobi ham ko‘p bo‘ladi. Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan: "Amallarning eng afzali ularning achchiqrog‘idir. Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi: "Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha, hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:22:20

Hazrati Jobir (r.a.), aytadilar: "Bizga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) xutba qilib aytdilar: "Ey insonlar! O‘lishingizdan oldin Allohga tavba qilingiz, mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin yaxshi amallarni qilishga shoshilinglar, sizlarning va Rabbilaringizning orasidagi narsani (ya’ni, mag‘firatni) u zotni ko‘p zikr qilish bilan o‘zlaringizga vasila qilinglar! Oshkor va pinhon sadaqa berishni ko‘paytiringlar, shunda sizlar rizqlanasizlar, muzaffar bo‘lasizlar va quvvatlanasizlar" (Ibn Moja rivoyati).

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sadaqa yomonlikning yetmishta eshigini to‘sadi. Sadaqa to‘rt xildir: biriga o‘n baravar, ikkinchisiga yetmish, uchinchisiga yetti yuz, to‘rtinchisiga yetti ming barobar savob berilur. Birinchisi — kambag‘allarga berilgan sadaqa, ikkinchisi — qarindoshlarga, uchinchisi — aka-uka, opa-singillarga, to‘rtinchisi esa tolibi ilmlarga berilgan sadaqadir. Bu gapni Alloh taoloning Baqara surasidagi quyidagi oyat quvvatlaydi: "Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (261-oyat).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:23:42

Anas (r.a.) rivoyat qiladilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Moli bor odam molidan, ilmi bor odam ilmidan, quvvati bor quvvatidan sadaqa qilsin" ("Jome’ul azhor").

Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Alloh taolo yerni yaratgandan keyin zamin tiradi, tinch turmadi. Shunda Alloh taolo tog‘larni yaratdi va ularni zamin ustiga qo‘ydi. So‘ng yer tinchlandi, joyiga o‘rnashib qoldi. Bundan farishtlar ajablanishdi va tog‘larning, haqiqatan, qattiq ekanini aytishdi: "Ey Parvardigor! Sening maxluqlaring ichida tog‘lardan ham qattiqroq narsa bormi?" Alloh: "Ha, u temir", dedi. Farishtalar: "Temirdan ham qattiqroq narsa bormi?" deb so‘rashdi. Alloh: "Ha, u o‘tdir", dedi. Farishtalar yana: "Ey Parvardigor! O‘t-olovdan ham qattiqroq narsa bormi?" deb so‘rashdi. Alloh: "Ha, u suvdir", deb javob berdi. Farishtalar: "Ey Parvardigor! Suvdan ham kuchliroq, qattiqroq narsa bormi?" deyishdi. Alloh: "Ha, u shamoldir", dedi. Farishtalar: "Ey Parvardigor! Shamoldan ham qattiqroq narsa bormi?" deyishdi. Alloh: "Ha, odam bolasi. U chap qo‘lidan yashirib, o‘ng qo‘li bilan sadaqa qiladi, bu shamoldan ham qattiqroqdir", dedi. Maxfiy qilingan sadaqa hech narsa muqobil kelib, bardosh berolmaydigan Allohning g‘azabini so‘ndiradi. Alloh taolo aytganidek: "Agar maxfiy qilib, faqir-kambag‘allarga bersangiz, bu o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir" (Baqara surasi, 271-oyatdan). Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni qidirar edi. Ba’zi uxlab yotganlar faqirning kiyimiga sadaqalarni bog‘lab qo‘yishar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:26:33

Yigirma yettinchi majlis
RIZQ HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"Yerda o‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U zot ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hamma narsa ochiq-ravshan kitobda bordir" (Hud surasi, 6-oyat).

Alloh bizdan katta-yu kichik ochiq va maxfiy balolarini daf qilsin. Hadisda aytiladiki: "Menga salovot aytmagan kishining namozi yo‘qdir". Ibn Qassor: "Buning ma’nosi komil holda namozi durust bo‘lmaydi yoki menga umrida loaqal bir marta ham salovot aytmagan odam uchun namoz yo‘q, deganidir", deb aytganlar.

Ibn Ma’suddan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda: "Kim namoz o‘qisa-yu, menga va ahli baytimga salovot aytmasa, undan namozi qabul qilinmaydi", deyilgan. Doruqutniy aytganlar: "To‘g‘risi, bu hadis Abu Ja’far Sodiq ibn Ali ibn Husaynning (r.a.) so‘zlaridandir. Ul zot bunday deganlar: "Agar namoz o‘qib, Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) va u zotning ahli baytlariga salovot aytmasam, albatta, bu namozim to‘liq bo‘lmadi, deb bilaman".

Qayd etilgan