Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222298 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 36 B


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:27:20

Imom Ahmad aytadilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) uylandilar. Shunda ziyofat qilib, sahobalarini jamladilar. Taom oz, yig‘ilganlar esa ko‘p edi. Taomning ozligi va ham suyuq bo‘lgani sababli sahobalardan har birlari bu xususda bir narsa der edilar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) namoz o‘qirdilar, namozni tugatganlaridan keyin ulardan: "Nima haqida gaplashyapsizlar?" deb so‘radilar. Ular: "Rizq haqida", deb javob berishdi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Men sizlarga Jabroil (a.s.) aytib bergan bir hadisni aytaymi?" dedilar. Sahobalar: "Ha, Allohning Rasuli, ayting", deyishdi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Jabroilning aytishicha, birodarim Sulaymon (a.s.) dengiz qirg‘og‘ida namoz o‘qiyotib, to‘satdan yurib ketayotgan chumolini ko‘rib qolibdi, uning og‘zida esa yashil yaproq bor ekan. Chumoli shu holatda dengiz oldiga kelib qichqiribdi. Bir payt baqa chiqib, chumolinini orqasiga ortib dengizga sho‘ng‘ib ketibdi. So‘ng bir oz muddat o‘tib, chumoli suv yuziga qaytib chiqibdi. Sulaymon (a.s.) undan so‘rabdilar: "Menga o‘z qissangni aytib ber". Chumoli bunday debdi: "Bu dengizning tubida bir tosh bor, o‘rtasida bir qurt bor, Alloh taolo o‘sha qurtning rizqini mening zimmamga yuklagan, shuning uchun har kuni Alloh unga rizq qilib bergan narsasini ikki marta unga oborib beraman. Alloh taolo bu dengizda men uchun baqa suratida bir farishtani yaratdi. U meni ko‘tarib, dengizga sho‘ng‘ib ketadi, meni o‘sha xarsang toshga olib boradi. U tosh yorilib ichidan qurt chiqadi va men unga rizqini yediraman. So‘ngra esa baqa meni qaytib suv ustiga olib chiqadi. Qurt o‘z rizqini yeb bo‘lgach, Allohga hamdu sano aytib deydi: "Meni yaratgan va meni dengiz tubida qilgan, meni unutmagan Zot aybu nuqsonlardan pokdir".

So‘ngra Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ta’kid bilan aytdilar: "Dengiz tubidagi bir qurtni unutmagan Zot Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) ummatini esdan chiqarib qo‘yadimi?" Alloh taolo marhamat qilgan: "Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O‘zi unga yetarlidir" (Taloq surasi, 3-oyatdan).

Yaxshi bilingizki, Alloh taolo avvalgi oyatda insonlar sir tutadigan va oshkor qiladigan narsalarni bilishini, uning ortidan esa, Alloh hamma maxluqlaridan va ularga tegishli xususiyatlardan xabardor ekanini zikr qildi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:27:40

Rivoyatga ko‘ra, Imom Zohidiy rizq to‘g‘risida aniq ishonch hosil qilmoqchi bo‘ldi va toqqa chiqib ketdi. Bir g‘orga kirdi. So‘ng g‘orning burchagida o‘tirib oldi-da, o‘ziga-o‘zi: "Menga Rabbim qanday qilib rizq berishini shu yerda kutib o‘tiraman", dedi. Qattiq bo‘ron bo‘ldi va yomg‘ir yog‘di. Kechga yaqin bir karvon boshpana qidirib, u o‘tirgan joyga kirdi. Imom Zohidiy hikoya qiladi: "Ular meni ko‘rib: "Ey Allohning bandasi", deb chaqirishdi. Men ularga javob bermadim. Shunda karvondagi kishilar, hoynahoy, bu odam sovuq qotgan bo‘lsa kerak, shuning uchun ham gapirmayapti, deb o‘ylashdi va gulxan yoqishdi. Menga yana gapirishdi. Men baribir javob bermadim. Shunda karvondagilar, bu bechora qattiq och qolgan ko‘rinadi, deb oldimga dasturxon yozib, taomga taklif qilishdi. Miq etmadim, dasturxondan hech narsa tanovul qilmadim. Ular, bu odam bu yerda uzoq muddatdan beri hech narsa yemay-ichmay o‘tiribdi, shekilli, deb, sut pishirishdi-da, shakardan qiyom qilib uzatishdi. Men parvo qilmay o‘tiraverdim. Ular bu holimdan battar ajablanib, buning tishlari bir-biriga kirishib ketgan chog‘i, deyishdi-da, ikkitasi turib, og‘zimni ochish uchun pichoqni olishdi. Og‘zimni ochib, haligi taomdan bir parchasini og‘zimga solishdi. Shunda mening kulgim qistadi, hatto kulib yubordim. Haligilar ajablanib: "Sen jinnimasmisan mabodo?" deyishdi. Men: "Yo‘q. Men Rabbimning rizq berishiga qat’iy ishonch qilay deb bu yerga kelganman. Aniq bildimki, albatta, U menga ham, boshqa bandalariga ham qaerda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, rizq berar ekan", dedim. Karvon ahli ko‘p taajjubda qoldi" ("Ravnoqul majolis").

Xotamul Asom aytadilar: "Tavakkal qilish to‘rt xil bo‘ladi: maxluqlarga tavakkal qilish, mol davlatga tavakkal qilish, nafsga tavakkal qilish va Rabbul Olaminga tavakkal qilish. Maxluqlarga tavakkal qiluvchi odam aytadi: "Falonchi bo‘lsa, mening g‘amim yo‘q". Mol-davlatga tavakkal qiluvchi: "Molim ko‘p bo‘lsa, menga hech narsa zarar qilmaydi", deydi. Nafsiga tavakkal qiluvchi odam: "Modomiki, mening jasadim sog‘u salomat ekan, mendan hech narsa ketmaydi", deydi. Bunday tavakkal qilish johillarning tavakkalidir. Parvardigorga tavakkal qiluvchi aytadi: "Boy yoki kambag‘al bo‘lib tong ottiramanmi, menga qizig‘i yo‘q, chunki men bilan birga Rabbim bor. Menga qanday xohlasa shunday yordam beradi" ("Arba’in" hadis).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:28:08

Alloh taolo: "Rabbingiz rizq qilib bergan narsalardan yenglar va Unga shukr qilinglar", deb buyurmishdir. Shukr qilishning haqiqati Allohning ne’matini ma’siyatga ishlatmaslik va har bir a’zoni nima uchun yaratilgan bo‘lsa, ana o‘sha yo‘lda toat-ibodatlarga ishlatmoqdir. Shunday qilganda inson o‘zining yetti a’zosini harom va makruhlardan saqlaydi. Bu bilan undan chuqur jahannamning yetti eshigini berkitishadi. Agar inson a’zolarini toat-ibodatlarga ishlatsa hamda qalbni ixlos bilan to‘ldirsa, unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi ("Sharhul Masobih").

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kishi insonlardan doim so‘rayveradi. Hattoki qiyomat kunida yuzida parcha go‘shti yuq holda keladi" (Ibn Umar rivoyati).

Oxiratda ta’magirlarning yuzida go‘sht parchasi bo‘lmasligidan murod o‘sha kunda ularga yetadigan sharmandalik va xorlikdir. Chunki kuch-quvvati bo‘laturib, mehnatdan qochib, boshqalardan so‘rash harom. Tilanchilikning ham aslida harom bo‘lishiga sabab unda quyidagilar mavjudligidir. 1. Go‘yo u Allohdan shikoyat qilayotir. Bandaning bu ishi Allohga aslo xush kelmaydi, xuddi bir qul odamning tilanchilik qilishi o‘zining ho‘jayiniga xunuk botgani kabi. Bu esa faqat zarurat holida kerak bo‘ladi, xuddi o‘laksaning go‘shtini faqatgina majburiy holatda yeyish mumkin bo‘lgani kabi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  23 Sentyabr 2007, 11:28:29

2. Nafsini Allohdan boshqasiga egish mo‘min kishiga halol emas.
3. Ko‘p hollarda sadaqa so‘rash bilan odamlarga aziyat beriladi. Chunki gohida so‘ralingan odam bermaydi. Tilanchi haqida yomon gumonga boradi, bu esa gunohdir. Ulamolar qaysi vaqtda tilanchilik qilish halol bo‘lishi haqida ixtilof qilishgan. Ba’zilar: "Kunduzgi va kechki ovqati bor odamga tilanchilik qilish halol bo‘lmaydi", deyishgan. Ba’zilar esa: "Kim kasb qilishga qodir bo‘lsa, unga tilanchilik qilish halol emas, faqat hamma vaqtlarini ilmga sarflayotgan bo‘lsa, so‘rashi joiz", deb aytishgan. Ba’zilar esa: "Bizga o‘lchov qo‘yib belgilash bu borada joiz emas, balki bu qachon harom va halol bo‘lishini o‘sha odamning ahvolini batafsil bilsakkina ayta olamiz", deyishgan. Hadisda keladi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Allohning boyligi bilan behojat bo‘linglar". Sahobalar: "Ey Allohning Rasuli! U nimadir?" deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kunduzgi va kechki ovqatdir", deb javob berdilar. Boshqa bir hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bunday deganlar: "Kim ellik dirhami yoki tillosi bo‘lsa-yu, tilanchilik qilsa, albatta, u hayosizlarcha, uyalmay yopishib olib so‘rabdi".

Kun kechirishga yetgulik moli bo‘laturib, tilanchilik qilish barchaga bir xilda harom bo‘ladi. Chunki oldida kundalik hayotida kerak bo‘ladigan kunduzgi va kechki ovqatlari bor holida tilansa, muhtoj bo‘lmagan narsasini so‘ragan bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: "Tilanchilik oxirgi kasbdir". Chunki inson g‘oyat nochor, yomon ahvolga tushganida, tilanmasa, albatta, halok bo‘ladi. Halok bo‘lmasligi uchun ham tilanishga majbur. Bu holda ruxsat bor. Ammo tilanchilikni, tama’girlikni odat va kasb qilmagan ma’qul. Tilangan odam, shubhasiz, qadru qiymati, obro‘sini yo‘qotadi ("Majolisi Rumiy").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:36:15

Yigirma sakkizinchi majlis
ZOLIMGA YORDAM BERISHNING MAZAMMAT QILINGANI HAQIDA


Alloh taolo aytadi:
"Zulm yo‘lini tutgan kimsalarga berilib ketmanglar (ergashmanglar). Aks holda sizlarga do‘zax o‘ti yetar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st yo‘qdir. Keyin (ya’ni, zolimlarga ergashsangiz) sizlarga yordam berilmas" (Hud surasi, 113-oyat).

Abu Talha (r.a.) rivoyat qiladilar: "Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) judayam xursand bo‘lib keldilar. Sahobalar aytishdiki: "Yo Rasululloh! Biz yuzingizda xursandchilikni ko‘ryapmiz". Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Mening oldimga bir farishta kelib: "Ey Rasululloh, Rabbingizning: "Ummatingizdan kim sizga bitta salovot aytsa, Men unga o‘nta salovot aytaman. Kimki bitta salom aytsa, Men unga o‘nta salom aytaman", deyishi sizni rozi qilmaydimi?" dedi. Men: "Albatta, rozi qiladi", dedim".

Rivoyat qilinadiki, zolimlardan biri zohid olimning ziyoratiga keldi. Shunda olim yuzini berkitdi. Olimning o‘g‘li uzr aytib: "Otam qattiq kasal bo‘lganlar, yuzlarini shuning uchun berkitdilar", dedi. Olim unga aytdiki: "Yo‘q, men kasal emasman, balki sening yuzingga qaramaslikni xohladim". Shunda zolim tavba qilib, istig‘for aytgan holatda qaytib ketdi. Alloh ikkalasini ham mag‘firat qildi. Olimni zolimning yuziga qaramagani uchun, zolimni zulmdan tavba qilgani uchun".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:38:28

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki zolimning umri uzoq bo‘lishini so‘rab duo qilsa, yerda Allohga osiylik qilinishini yaxshi ko‘ribdi".

Sufyondan: "Cho‘lda chanqoqlikdan o‘lim arafasida turgan zolimga suv bersa bo‘ladimi?" deb so‘rashganida, "Yo‘q", dedilar. "O‘lib qolsa-chi?" deyishganida, "Qo‘yaver, o‘laversin", deb javob qildilar.

Maymun ibn Mihron aytadilarki: "Sultonlar bilan suhbatda bo‘lishda ikkita xatar bor. Agar ularga itoat qilsang, diningni, agar itoat qilmasang, joningni xatarga qo‘yasan. Salomatlik sen ularni tanimasliging va ular seni tanimasliklaridadir".

Hikoya qilinadiki, bir zolim zaiflarga zulm qilar edi. Zulm kuchayib ketgach, bir mazlum zolimga aytdiki, sening menga qilgan zulming to‘rt narsada menga yaxshi bo‘ladi:
1. Bizlarga o‘lim kelganida.
2. Qabr bizlarni o‘ziga olganida.
3. Qiyomat bizni jamlaganida.
4. Alloh taolo oramizda hukm qilganida".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:39:00

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki Islomdagi bir sunnatni tiriltirsa, shu sunnatning savobi va undan keyin bu sunnatga amal qilgan kimsalarning savobi shu kimsaga bo‘ladi. Kimki bir bid’atning paydo qilsa, o‘sha kimsaga o‘sha bid’atni gunohi va undan keyin bu bid’atga amal qilgan kimsalarni gunohi shu kimsaga bo‘ladi".

Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: "Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taologa bandalarning suyuklirog‘i qaysisi?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Odamlarga eng ko‘p foydasi tegadigani". Amallarning afzalrog‘i haqida so‘rashganida, aytdilarki: "Mo‘minning qalbiga qornini to‘yg‘azish yoki g‘amini ketkazish yoki qarzini o‘tashlik bilan xursandchilik kiritishdir. Kimki musulmonning hojatini chiqarish uchun u bilan birga yursa, go‘yo bir oy e’tikofda turib, ro‘za tutgan kabidir. Kimki mazlumga yordam berish uchun u bilan yursa, qadamlar toyiladigan kunda Alloh taolo uning qadamlarini sirotda toyilmaydigan qiladi. Kim g‘azabini yutsa, Alloh taolo uning avratini berkitadi. Yomon xulq sirka asalni buzgandek iymonni buzadi".

Bu hadisni Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qilgan hadis quvvatlaydi. "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki mazlum, g‘amgin musulmonga yordam bersa, Alloh taolo unga yetmish uchta yaxshilik yozadi. Ulardan bittasi bu dunyoda o‘sha kimsaning ishi isloh bo‘lishidir, qolgan yetmish ikkitasi oxiratga tegishli". Yana Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadiki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki biror kimsaga zulm etishni niyat qilmay tong ottirsa, uning gunohlari kechiriladi. Kimki bir mazlumga yordam berish yoki musulmonning hojatini o‘tashni niyat qilib tong ottirsa, mabrur hajning savobini oladi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:39:36

Shuningdek, Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Nabiy aytdilar: "Kimki bu dunyoda bir musulmondan bir g‘amni ketkazsa, modomiki u banda o‘z birodariga yordam berishda davom etar ekan, Alloh taolo o‘sha bandaga yordam berishda davom etadi".

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki bir mazlumga yordam bersa, Alloh taolo qiyomat kuni sirot ko‘prigidan o‘tishda unga yordam beradi va uni jannatga kiritadi. Kimki bir mazlumni ko‘rsa, mazlum undan yordam so‘rasa va u mazlumga yordam bermasa, qabrda olovdan bo‘lgan yuzta qamchi bilan uriladi".

Ayrim kitoblarda yozilishicha, qiyomat kuni, Fir’avnni keltiringlar, deb nido qilinadi, bas, u boshida olovdan qalpoq, egnida qora yog‘ ko‘ylak bo‘lgan holatida cho‘chqaning ustiga mindirib olib kelinadi. So‘ng, mutakabbir zolimlar qani, deb nido qilinadi. Bas, ular ham keltiriladi, so‘ngra do‘zaxga olib boriladi. Ularning oldilarida Fir’avn bo‘ladi. So‘ngra, Qobil qaerda, deb nido qilinadi. U ham Fir’avn kabi keltiriladi. So‘ng, hasadchilar qaerda, ularni bunga qo‘shinglar, deyiladi. Qobil do‘zaxda hasadchilarning imomi bo‘ladi. So‘ngra, yahudiy ulamolarning raisi bo‘lmish Ka’b ibn Ashraf qaerda, deb nido qilinadi. Xabarlarda: "Agar u iymon keltirsa, yahudiylarning hammasi iymon keltirgan bo‘lur edi", deyilgan. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ng nido qilinadiki, qani; haqni va ilmni berkitganlar, deyiladi. Ular u bilan birga do‘zaxga haydaladilar. Ka’b ularning imomidir. So‘ng, Abu Jahl qaerda, deb nido qilinadi, u ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ngra, Alloh va Uning rasulini yolg‘onga chiqarganlar qaerda, deb nido qilinadi. Abu Jahl do‘zaxda ularning imomi bo‘ladi. So‘ng, Valid ibn Mug‘iyra qaerda, deb nido qilinadi. Bas, u ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ng, kambag‘al musulmonlarning ustidan kulganlar qaerda, deb nido qilinadi. Valid ularning do‘zaxda imomi bo‘ladi. Livota amalini boshlab bergan Lut qavmining Ajdasi (peshvosi) qaerda, deb nido qilinadi. Livota amalini qilganlarga do‘zaxda Ajda imom bo‘ladi. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ngra, Imroul Qays qaerda, deb nido qilinadi. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ngra yolg‘onchi shoirlar jamlanadi va u ularning do‘zaxda imomi bo‘ladi. So‘ng, Musaylamatul kazzob qaerda, deb nido qilinadi. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ng, Qur’onni yolg‘onga chiqarganlar qaerda, deb nido qilinadi. Musaylama ularning do‘zaxda imomi bo‘ladi. So‘ng, iblis (alayhi la’na) qaerda, deb nido qilinadi, u aytadiki: "Ey adolatli hokim Zot! Menga lashkarimni, muazzinimni, qorilarimni, vazirlarimni, faqihlarimni, xazinachilarimni, tijoratchilarimni va nog‘orachilarimni bergin". Unga aytiladiki: "Ey mal’un, sening lashkaring kim?" "Mening lashkarim — ochko‘zlar, muazzinim — kuychilar, qorilarim — qo‘shiqchilar, faqihlarim — musulmonlarning ustidan kuluvchilar, xazinachilarim — aroq idishlarni hozirlovchilar, tijoratchilarim — sudxo‘rlar, nog‘orachilarim — nog‘ora chalib yuruvchilar", deydi. Keyin uzunligi yetmish yillik masofaga teng bir ilon chiqadi va ularning barchasini Iblis bilan birga do‘zaxga haydaydi. So‘ngra xaloyiq hisob-kitobga chaqiriladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:40:04

Alloh taolo aytadiki: "Ey Jabroil! Jannatimga birinchi kiradigan kimsa Muhammaddir (sollallohu alayhi vasallam)". Ul zotning boshlariga toj va egnilariga yashil ipak kiygiziladi va oldilarida yetmish ming bayroq ko‘tariladi. So‘ngra hamd bayrog‘i ko‘tariladi. So‘ngra "Faqirlarga yordam berganlar, Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) yo‘llarida bo‘lganlar va ul zotning sunnatiga ergashganlar qaerda?" deb nido qilinadi. Ularga: "Nabiylaringiz Hazrati Muhammad (alayhissalom) bilan jannatga kiringlar", deyiladi. So‘ng Odam (a.s.) keltiriladi. U kishining boshlarida nurdan bo‘lgan toj bo‘ladi, oldilarida sakkiz ming bayroq bo‘ladi. Keyin: "Haj va umra qilganlar qaerda?" deb nido qilinadi. Odam (a.s.) ularning jannatda imomi bo‘ladilar. So‘ng Ibrohim (a.s.) keltiriladi. Ul zotning oldilarida yigirma ming bayroq bo‘ladi. So‘ngra, "Mehmonlarni yaxshi ko‘rgan va g‘ariblarga yaxshilik qilganlar qaerda?" deb nido qilinadi. Ibrohim (a.s.) jannatda ularning imomi bo‘ladilar. So‘ngra Yusuf (a.s.) ham oldilarida o‘n ming bayroq bo‘lgan holatda keltiriladi. So‘ng: "Qodir bo‘laturib o‘z havoi nafslarini tark etganlar qaerda?" deyiladi. Yusuf (a.s.) ularning jannatdagi imomidir. So‘ngra Yoqub (a.s.) keltiriladilar. So‘ng: "Qo‘shnilariga yaxshilik qilganlar qaerda?" deb nido qilinadi. Hazrati Yoqub (a.s.) jannatda ularning imomidirlar. So‘ng Hazrati Muso (a.s.) keltiriladi. "Alloh taoloning roziligini istab haqni aytganlar qaerda?" deb nido qilinadi. Hazrati Muso (a.s.) jannatda ularning imomi bo‘ladilar. So‘ng Hazrati Horun (a.s.) keltiriladi. So‘ng: "Xalifaliklarida adolat qilganlar qaerda?" deb nido qilinadi. Jannatda ularga Horun (a.s.) imomlik qiladilar. So‘ng Hazrati Ayyub (a.s.) keltiriladi. "Kasallik va musibatlarga sabr qilganlar qaerda?" deyiladi. Ayyub (a.s.) ularga imom bo‘ldilar. So‘ngra Hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.) keltiriladi va "Siddiqlar qaerda?" deb nido qilinadi. Hazrati Abu Bakr (r.a.) jannatda ularning imomidirlar. So‘ngra Hazrati Umar (r.a.) keltiriladilar. "Yaxshilikka buyuruvchilar, yomonlikdan qaytaruvchilar qaerda?" deb nido qilinadi. Hazrati Umar (r.a.) ularning jannatdagi imomidirlar. So‘ng Hazrati Usmon (r.a.) keltiriladi. U kishining ustilarida hayo libosi bo‘ladi. So‘ngra: "Allohdan hayo qilib, ma’siyatlarni tark etganlar qaerda?" deyiladi. Hazrati Usmon (r.a.) jannatda ularning imomidirlar. So‘ng Hazrati Ali (r.a.) keltiriladi. "Alloh yo‘lida jihod qilganlar qaerda?" deyiladi. Hazrati Ali (r.a.) ularning jannatdagi imomidirlar. So‘ngra Hazrati Hasan va Hazrati Husaynlar (r.a.) keltiriladi, "mazlumlar va Alloh yo‘lida o‘ldirilganlar qaerda?" deyiladi. Ikkalalari jannatda ularning imomlari bo‘ladilar. So‘ngra Hazrati Bilol Habashiy (r.a.) keltiriladi va: "Namoz muazzinlari qaerda?" deyiladi. Hazrati Bilol (r.a.) jannatda ularni imomi bo‘ladilar ("Tafsiri Taysir").

Hadisda: "Kimki bir mo‘minga aziyat bersa, batahqiq, menga aziyat beribdi, kimki menga aziyat bersa, batahqiq, Allohga aziyat beribdi. Kimki Allohga aziyat bersa, u o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlayversin", deyilgan ("Zubdatul voizin").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:40:41

Hazrati Bilol (r.a.) aytadilar: "Biz Makkada Abu Bakrning hovlisida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan birga edik. Eshik taqillab qoldi, chiqsam bir nasroniy kishi. U shu yerda Muhammad ibn Abdulloh bormi?" deb so‘radi-da, ichkariga kirdi. "Ey Muhammad, sen Allohning rasuliman deb da’vo qilyapsan, agar sen haqiqatan ham payg‘ambar bo‘lsang, menga zulm qilganga qarshi menga yordam ber", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kim senga zulm qildi", dedilar. "Abu Jahl ibn Hishom mening maoshimni tortib oldi", dedi u. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o‘rinlaridan turdilar. Peshin vaqti edi. Men: "Yo Rasululloh, u hozir qaylula (peshin vaqtidagi uyqu)dadir. Hozir borsangiz, jahli chiqadi, sizga ozor berib qo‘yishidan qo‘rqyapmiz", dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) so‘zimni inobatga olmadilar va Abu Jahlning oldiga ketdilar, biz ham ortlaridan bordik. Abu Jahlning eshigini taqillatgan edilar, u g‘azablangan holda chiqdi. Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) ko‘rib: "Kiring, odam yuborsangiz, o‘zim oldingizga borardim", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bu nasroniyning molini olibsan, qaytarib ber", dedilar. Abu Jahl: "Shuning uchun keldingizmi? Agar birortani yuborsaniz ham, qaytarib berardim", dedi-da, molini qaytarib berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ey kimsa! Molingning hammasini oldingmi?" deb so‘radilar. Nasroniy: "Bitta savatim qoldi, xolos", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Abu Jahlga: "Savatini ham ber", dedilar. Abu Jahl uni uyidan qidirdi, lekin topa olmadi. O‘rniga undan ham yaxshirog‘ini olib chiqib berdi. Xotini Abu Jahlga: "Vallohi, Abu Tolibning yetimiga judayam tavoze’lik qilding", dedi. U: "Agar men ko‘rgan narsani ko‘rganingda, bunday demas eding", dedi. Xotini: "Xo‘sh, nimani ko‘rding?" deb so‘radi. Abu Jahl: "Meni qavmim ichida sharmanda qilmagin, men uning ikki tarafida ikkita sher turganini ko‘rdim. Bermayman, demoqchi bo‘lgan edim, shu sherlar ustimga tashlanishga shaylanishdi. Noiloj, qo‘rqqanimdan unga tavoze’ qildim", dedi. Nasroniy Abu Jahl bilan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o‘rtalaridagi muloqotni ko‘rgan vaqtda: "Ey Muhammad! Albatta, sen Allohning payg‘ambarisan, dining ham haq dindir", dedi-da, iymon keltirdi va musulmon bo‘ldi" ("Zubdatul voiziyn").

Qayd etilgan