Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222707 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 36 B


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:41:33

Yigirma to‘qqizinchi majlis
QIYOMAT KUNIDA INSONLARNING AHVOLLARI BAYONI


Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad alayhissalom) odamlarni ogohlantirib qo‘yingki, ularga azob kelar kunda (qiyomatda) zolim kimsalar: "Parvardigoro, bizlarga ozgina muhlat bergin, (ya’ni, bizlarni dunyoga qaytarib, ozgina hayot bergin, albatta) Sening da’vatingni qabul qilurmiz va payg‘ambarlaringga ergashurmiz" deydilar. Shunda ularga javob qilinur: "Ilgari (hayot paytlaringizda) hech qachon zavolga yuz tutmasligingiz (ya’ni, hech qachon o‘lmasligingiz va oxirat jazosiga duchor bo‘lmasligingiz) haqida qasam ichmagan edinglarmi?! Holbuki sizlar o‘zlaringiz zulm qilgan kimsalarning maskanlariga (ular zavolga yuz tutganlaridan keyin) joylashgan edingizlar. Ularni qanday (halok) qilganimiz ham sizlarga aniq ma’lum edi. Biz sizlar uchun (qanchadan-qancha) misollar keltirgan edik. (Lekin ko‘rgan-bilganlaringizdan ibrat olmadinglar, haq yo‘lga yurmadinglar)" (Ibrohim surasi, 44—45-oyatlar).

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Odamlar qiyomat kunida uch sinf bo‘lgan holatlarida to‘planadilar: piyodalar sinfi, ulovlilar sinfi, yuzi bilan yuruvchilar sinfi". Aytishdiki: "Yo Rasululloh, yuzlari bilan qanday yuradilar?" Aytdilar: "Ularni oyoqlarida yurgizgan Zot yuzlarida yurgizishga ham qodirdir. Ammo ular har bir tosh va tikondan yuzlari bilan o‘tadilar. Piyodalar — gunohkor musulmonlar. Ulovlilar — peshqadam taqvodor musulmonlar bo‘lib, ularga biror xavf yo‘q va ular aslo mahzun bo‘lmaydilar. Yuzlari bilan yuruvchilar esa kofirlardir. Kofirlar ikki guruhdirlar: biri — pandu nasihatni qabul qilmaydigan, mutakabbir zolim kofirlar. Ular yuzlari bilan yuradilar. Ikkinchisi esa ularga ergashganlar".

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: "Ey bandalarim! Albatta, Men o‘zimga va bandalarimga zulmni harom qilganman. Bas, zulm qilmanglar". Hadisning ma’nosi shuki, Alloh zulm qilishdan pok va oliydir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:42:05

Jobirdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Zulmdan saqlaninglar, chunki zulm qiyomat kunida qorong‘ulik bo‘ladi. Baxillikdan saqlaninglar, chunki baxillik sizlardan avvalgi kimsalarning qon to‘kishiga, haromlarni halol deyishiga olib borib halok qilgandir", deganlar.

Qozi Iyyoz aytganlarki: "Zulm qiyomat kunida zulm egasiga yo‘l topolmaydigan bir zulmat bo‘ladi". Ba’zilar zulmatdan murod azob-uqubatli qiyinchiliklardir, deyishgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Kimki o‘z birodariga zulm qilib qo‘ygan bo‘lsa, dirham va dinor bo‘lmaydigan Kun kelmasidan turib, uni rozi qilib qo‘ysin. Chunki qiyomatda zolimning solih amali, yaxshiliklari bo‘lsa, mazlum o‘ziga qilingan zulmning miqdoriga qarab undan oladi. Agar zolimning yaxshiliklari bo‘lmasa, mazlumning gunohlari unga yuklanadi" (Imom Buxoriy va Termiziy rivoyati).

Abu Lays Samarqandiy aytganlar: "Zulmdan kattaroq gunoh yo‘qdir. Gunoh sen bilan Allohning o‘rtasidagi narsada bo‘lsa, Alloh sendan bu gunohni kechib yuborishi mumkin. Agar gunoh sen bilan bandalar o‘rtasida bo‘lsa, o‘sha bandalarni rozi qilishdan boshqa iloj yo‘q. Shunday ekan, u holda zolim kishi zulmdan tavba qilishi va mazlumdan esa rozilik olishi lozim. Agar bu dunyoda mazlumdan rozilik so‘rashning iloji bo‘lmasa, uning haqqiga duo qilib, uning uchun istig‘for so‘raydi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:42:40

Ahli ma’rifatlarning ba’zilari aytadilarki: "Zulm uch xildir: Alloh xohlasa, kechiradigan zulm, Alloh kechirmaydigan zulm, Alloh unda qozilik qiladigan zulm. Alloh kechiradigan zulm Alloh bilan bandalar o‘rtasidagi zulmdir. Namozni, ro‘zani, hajni, zakotni tark etish, harom ishlarni qilish kabi. Alloh kechirmaydigan zulm shirkdir. Oyatda kelganidek: "Albatta, Alloh O‘ziga sherik qilinmoqni kechirmaydi, bundan boshqasini xohlagan bandasi uchun kechiradi". Bu oyatda gunohi kabirani qilgan kimsa tavbasiz o‘lsa, Alloh xohlasa, kechirib, o‘z karami bilan jannatga kirgizishiga, xohlasa, do‘zaxda azoblab, keyin jannatga kirgizishiga dalil bor. Chunki Alloh taolo shirkdan boshqasini kechirishga va’da bergan. Mushrik esa do‘zaxda abadiy qoladi. Alloh taolo qozilik qiladigan zulmga kelsak, u bandalarga zulm qilishdir. G‘iybat, tuhmat, chaqimchilik, nohaq odam o‘ldirish, molini tortib olish, urish, haqorat qilish va boshqalar".

Ey birodar! Sultonlarning huzuriga borishdan saqlangin, chunki bu zaruratsiz bo‘lsa, ma’siyatdir. Va ularga tavoze’ va ularni ikrom qilishga sabab bo‘ladi. Batahqiq, Alloh ulardan yuz o‘girishga buyurgan: "(Ey, Muhammad!) Bizning zikrimizdan yuz o‘girgan va hayoti dunyodan boshqasini xohlamaydigan kimsalardan yuz o‘giring".

Agar ularning oldiga borishdan maqsad ulardan biror bir narsani talab qilish bo‘lsa, bu narsa haromdir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Kimki boyga boyligi uchun tavoze’ qilsa, dinining uchdan biri ketibdi". Bu hadis solih boy haqida, endi zolim boy haqida nima deyish mumkin. Albatta, tavoze’ inson tili, nafsi va qalbidan biri bilan bo‘ladi. Agar tili va nafsi bilan boyga tavoze’ qilsa, dinini uchdan ikkisi ketadi. Agar qalbi bilan e’tiqod qilib, tavoze’ ko‘rsatsa, dinining hammasi ketadi.

Sen: "Alloh taolo g‘afur, rahmli, osiylarning gunohlarini kechiradi", dersan. Bu gap haq, lekin bu gapni aytayotgan kimsa, buning haqiqatini bilmay turib aytsa, ahmoqlardan hisoblanadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Oqil kamtarin bo‘ladi va o‘limdan keyingi hayot uchun amal qiladi. Ahmoq esa nafsi havosiga, shahvatiga ergashadi. Va hech bir solih amalsiz Allohdan mag‘firat umid qiladi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:43:55

O‘ttizinchi majlis
TAVBA QABUL QILINISHINING BAYONI


Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad), bandalarimga yolg‘iz Mening O‘zimgina mag‘firatli, mehribon ekanimni va Mening azobim eng alamli azobligini xabar qiling" (Hijr surasi, 49—50-oyat).

Bu oyatning nozil bo‘lish sababi quyidagicha: Kunlardan bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarning oldiga chiqdilar. Ular shu vaqtda o‘zaro kulib turishardi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Hali oldinda do‘zax bo‘laturib xotirjam kulasizlarmi?" dedilar. Shunda Jabroil (a.s.) kelib: "Rabbingiz sizga, "Ey Muhammad, bandalarimni noumid qilmang. Albatta, Men ularning gunohlarini kechiruvchi va ularga rahmlidirman", demoqda", dedilar ("Uyun").

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sizlarga baxillarning baxilrog‘i kim ekanini aytaymi? U men zikr qilinsamu, u menga salovot aytmagan kimsadir".

Yana Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Agar mo‘min kimsa Allohning huzuridagi nechog‘lik azob va uqubatlar borligini bilsa, Allohning jannatidan umid qilmas, tinmay o‘sha azob-uqubatlardan panoh tilagan bo‘lardi". Bu yerda mo‘min Allohning rahmatidan ko‘p umid qilib, azobidan xotirjam bo‘lib qolmasligi va Allohning azobi qattiqligi uqtirilmoqda. "Agar kofir kimsa ham oxiratda Allohning rahmati nimaligini bilgani edi, Uning huzuridagi jannatdan umid uzmagan bo‘lardi". Bu yerda umrining aksariyatini kufrda o‘tkazgan kofir, iymondan umid uzmasligi uchun, Allohning rahmati beqiyos, benihoya ekanligi uqtirilmoqda. Banda doimo Allohning azobidan xavfda tursin va rahmatidan umid qilguvchi bo‘lsin. Chunki xavf va umid mo‘min uchun ikki qanot kabidir. Bular bilan u Allohdan umid qilgan narsasiga yetadi. Azobidan esa, omonda bo‘ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:44:51

Luqmoni Hakim farzandlariga aytdilarki: "Ey o‘g‘ilcham, Allohning makridan xotirjam bo‘lmaydigan darajada Allohdan umid qilgin va Allohning rahmatidan noumid bo‘lmaydigan darajada Allohdan qo‘rqqin".

Abu Lays Samarqandiy aytganlarki: "Xavfning, ya’ni Allohdan qo‘rqishning alomati sakkizta narsada namoyon bo‘ladi: Birinchisi tilda, ya’ni, til yolg‘ondan, g‘iybatdan va bekorchi gaplardan tiyiladi va Allohni zikr qilish, Qur’on tilovati va ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ikkinchisi qorinda, ya’ni, qorniga harom kiritmaydi, haloldan ham ozgina, hojati miqdoricha yeydi. Uchinchisi ko‘zda, ya’ni, haromga boqmaydi, dunyoga rag‘bat ko‘zi bilan emas, balki ibrat nuqtai nazari bilan qaraydi. To‘rtinchisi qo‘lda, ya’ni, qo‘lini haromga cho‘zmaydi, faqatgina toat-ibodat yo‘lida cho‘zadi. Beshinchisi oyoqda, ya’ni, oyog‘i Allohga osiy bo‘ladigan joylarga yurmaydi, faqatgina toat-ibodat yo‘lida yuradi. Oltinchisi qalbda, ya’ni, qalbidan gina-adovat, birovni yomon ko‘rish, birodarlariga, tanishu notanishga hasad qilishni chiqarib tashlaydi, musulmonlarga nasihatni, shafqat qilishni kiritadi. Yettinchisi Allohga toat-ibodat qilish yo‘lida ham xavfda bo‘lish. Ya’ni, ibodatni xolis Alloh rizosi uchun qilish, riyodan qo‘rqish. Sakkizinchisi quloqda, ya’ni, haqdan, savobli gap-so‘zlardan o‘zgasini eshitmaslikdadir".

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Bir kishi do‘zaxga hukm qilindi. Yo‘lning uchdan biriga yetganida, orqasiga bir qaradi. Yo‘lning yarmiga yetganda yana bir qaradi. Yo‘lning uchdan ikkisiga yetganda yana qaradi. Alloh: "Uni qaytaringlar", dedi. So‘ng undan so‘radi: "Nega qarading?" U: "Ey Rabbim! Yo‘lning uchdan biriga yetganimda "Albatta, Parvardigoringiz mag‘firatli, mehribon va rahmlidir", deganingni esladim. Ehtimol, meni mag‘firat qilasan, deb umid qildim. Yo‘lning yarmiga yetganimda, "Allohdan o‘zga kim ham gunohlarni kechiradi", deganingni esladim. Ehtimol, meni mag‘firat qilasan, deya o‘yladim. Yo‘lning uchdan ikkisiga yetganimda esa, "(Ey Muhammad), Mening o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga: "Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz!" deb ayting", deganingni esladim. Umidim yana ham ziyoda bo‘ldi", dedi. Shunda Alloh: "Bor, men seni kechirdim", dedi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:47:34

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytdilarki: "Jannat sizlardan har biringizga oyoq kiyimingizning bog‘ichidan ham yaqinroqdir. Do‘zax ham xuddi shunday" ("Sharhul masobih").

Jannat va do‘zax insonga yaqin ekani aytilmoqda hadisda. Chunki ularga kirish insonning amali sababidandir. Amal esa amali solih yoki gunoh ishlardir. Shuni yaxshi bilmoq lozimki, bu yerdagi sabab zohiriy sababdir. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sizlardan birontangizning amali uni jannatga kirita olmaydi va do‘zaxdan qutqaza olmaydi. Hatto men ham jannatga amalim bilan kirolmayman, lekin Allohning rahmati meni jannatga kirgizadi", deganlar. Bu hadisdan murod amalga e’tiborsizlik qilish emas, balki amal bilan g‘ururlanishdan qaytarishdir. Chunki amal Allohning fazli bilangina tugal bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Jabroil (a.s.) hozirgina mening oldimdan chiqdi. U kishi menga aytdilarki: "Ey Muhammad! Sizni payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasamki, albatta, Allohning bandalaridan biri dengiz bilan o‘ralgan tog‘ning cho‘qqisida besh yuz yil Allohga ibodat qildi. Alloh uning uchun tog‘ning ostidan shirin buloq chiqardi va har kuni bitta anor beradigan anor daraxtini ko‘kartirib qo‘ydi. U kechasi kelib buloqdan tahorat qilardi va anorni olib yerdi, so‘ng kun bo‘yi namoz o‘qirdi. Allohdan jonini sajdaga turganda olishini va qiyomatgacha jasadi shu holatda turishini so‘radi. Tog‘dan tushganda va toqqa ko‘tarilganda uning oldidan o‘tardik va doimo uni sajda holatida ko‘rardik. Bizga bildirildiki, albatta, u qiyomat kuni tiriladi va Allohning huzuriga keltiriladi. Shunda Alloh taolo: "Bandamni rahmatim bilan jannatga kiritinglar", deydi. U esa: "Ey Rabbim! Men o‘z amalim sababli jannatga kirishimni xohlarman", deydi. Shunda Alloh farishtalariga: "Bu bandamning ibodatini Men bergan ne’matlarga qiyoslanglar", deb buyuradi. Bitta ko‘z ne’mati butun besh yuz yillik ibodatga teng keladi. Qolgan ne’matlarning muqobiliga esa uning ibodati qolmaydi. Shunda Alloh taolo: "Bandamni do‘zaxga kiritinglar", deydi. Uni do‘zaxga sudrab olib ketishadi. Shunda banda: "Ey Rabbim! Meni rahmating bilan jannatga kiritgin", deb nido qiladi. Shunda Alloh: "Uni oldimga qaytaringlar", deydi. Uni Allohning huzuriga keltiradilar. Alloh unga aytadi: "Ey bandam! Seni yo‘qdan kim vujudga keltirdi?" Banda: "Sen, Ey Rabbim", deydi. Alloh: "Bu sening amaling bilan bo‘ldimi yoki rahmatim bilanmi?" deydi. Banda: "Albatta, Sening rahmating bilan", deydi. Alloh: "Kim seni besh yuz yil ibodat qilishga qodir qildi?! Kim seni dengiz o‘rtasidagi toqqa tushirdi?! Kim sen uchun sho‘r dengiz o‘rtasidan shirin suvni chiqardi?! Kim sen uchun har kuni bitta anorni chiqardi?! Vaholanki, anor bir yilda bir marta hosil beradi-ku?! Va kim seni sajda qilgan holingda joningni oldi?!" Banda: "Albatta, Sen, ey Rabbim", deydi. Alloh: "Bularning hammasi Mening rahmatim sabablidir. Ey bandam! Mening rahmatim bilan jannatga kirgin", deydi". Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilarki: "Albatta sizlarning oldilaringizda bir dovon bor. Undan yuklari gunohdan iborat bo‘lgan kimsalar mashaqqat bilan o‘tadilar". Bu dovon o‘limdan keyin bo‘ladigan qabrdagi, mashhardagi qiyinchiliklar, hisob-kitob qilinish, sirot ko‘prigidan o‘tishdir. Bu narsalarning voqe’ bo‘lishiga ishongan odam Allohning amrlariga bo‘ysinish, qaytarganlaridan saqlanish va dunyoga muhabbat qo‘ymaslik bilan o‘z yukini yengillatsin. Chunki dunyoga muhabbat qo‘ymaslik Allohning huzurida darajaning ko‘tarilishiga, savobning ziyoda bo‘lishiga sababdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:48:10

Hazrati Anasdan (r.a.) rivoyat qilingan hadis buning dalilidir: "Bir kuni kambag‘allar Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) elchi yuborishdi. U kelib: "Ey Rasululloh, men sizga yuborilgan faqirlarning elchisiman", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Senga va sen huzuridan kelgan qavmga marhabo. Sen Alloh yaxshi ko‘radigan qavm oldidan kelibsan", dedilar. "Yo Rasululloh, faqirlar: "Boylar yaxshilikda bizdan ancha o‘zib ketishdi", deyishyapti. Chunki ular haj qiladilar, biz bunga qodir emasmiz. Ular sadaqa berishadi, biz bunga ham qodir emasmiz. Ular qul ozod qiladilar, biz bunga qodir emasmiz. Agar kasal bo‘lsalar, mollarining ortiqchasini tarqatadilar". Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Faqirlarga yetkazginki, sizlardan kim savob umid qilib sabr qilsa, u uchun boylarda bo‘lmagan uchta afzallik bo‘ladi. Birinchi afzallik: jannatda qizil yoqutdan bo‘lgan qasrlar bor. Ularga ahli jannat xuddi bu dunyo ahli yulduzlarga qaragandek qaraydilar. Ularga faqat nabiy, shahid yoki faqir mo‘mingina kiradi. Ikkinchi afzallik: faqirlar jannatga boylardan yarim kun avval kiradilar. U yarim kun besh yuz yilga tengdir. Sulaymon (a.s.) payg‘ambarlardan qirq yil keyin jannatga kiradilar. Bunga Alloh u kishiga ato etgan mulk sabab bo‘ldi. Uchinchisi: gar biror bir faqir "Subhanallohi valhamdu lillah va la-a ilaha illalohu vallohu akbar", desa, boy kimsa o‘n ming dirham infoq qilib ham erisholmaydigan savobga erishadi. Boshqa yaxshi amallarning barchasi ham shunday nisbatda bo‘ladi", dedilar. Elchi qaytib borib ularga xabarni yetkazdi. Ular: "Ey Rabbim! Biz rozimiz", dedilar" ("Tanbehul g‘ofiliyn").

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar. Men o‘zim ham bir kunda yuz marta Allohga tavba qilaman", dedilar. Bu hadisda ummatni Allohga tavba qilishga targ‘ib bordir. Chunki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) darajalari buyuk va gunohlardan mas’um bo‘laturib bir kunda yuz marta tavba qilsalar, amallar sahifasi ketma-ket gunohlar bilan to‘lib borayotgan kimsalar qanday qilib tavbasiz kunni o‘tkazadilar. Buning ustiga gunoh va g‘aflatda bardavom bo‘lgan kimsaning iymoni komil emas, balki uning iymoni noqisdir. Albatta, gunohlarni tark etishlik sabr bilan bo‘ladi. Sabrga esa xavf bilan erishiladi. Xavf esa gunohlarning zarari bilishlik bilan ro‘yobga chiqadi. Gunohlarning zararini buyukligini bilish Alloh va Uning Rasulini tasdiqlash bilan hosil bo‘ladi. Gunohlarni tark qilmay, unda davom etgan kimsa Alloh va Uning Rasulini tasdiqlamagan kimsaga o‘xshab qoladi. Natijada o‘lim vaqtida gunohda bardavomlik iymonsiz ketishiga sabab bo‘ladi. Agar dunyodan iymonsiz ketsa, jahannamga kiradi va unda abadul abad qoladi. Agar iymon bilan ham ketsa, Alloh xohlasa do‘zaxda gunohi miqdorida uni azoblaydi, so‘ng jannatga kiritadi. Chunki, bandaning gunohini Allohdan o‘zga bilmas, maxfiy qolgani sabab, u umumiy avfga kirishi ham mumkin.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:48:31

Kim Alloh taologa yaqinroq, mahbubroq bo‘lsa, bu dunyoda unga musibatlar ko‘proq, balolar qattiqroq bo‘ladi. Chunki Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Insonlardan baloning eng qattiq bo‘ladiganlari payg‘ambarlardir, so‘ng avliyolar, so‘ng bularga o‘xshaganlardir", deganlari. Alloh taolo aytadiki:

"Albatta sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. (Ey Muhammad alayhissalom) biror musibat kelganda: "Albatta, biz Allohning bandalarimiz va albatta, biz u Zotga qaytguvchidirmiz", deydigan sobirlarga xushxabar bering. Ana o‘shalarga Parvardigori tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir" (Baqara surasi, 155—157-oyatlar).

Qalbingda dunyo ahli qanchalik ulug‘lansa, banda shunchalik Allohning nazaridan qoladi. Kishi ahli dunyoning dunyosiga yetish uchun dinini sarflashdan saqlansin. Kimki dunyo uchun aziz dinini sarflasa, ularning nazarida xor, haqir bo‘ladi.

Alloh taolo qanoat berganlardan boshqa faqirlar o‘liklar kabidir. Qanoat badanning rohati, qalbning salomatligidir. Kimki o‘ziga berilgan rizqqa qanoat qilsa, oxiratda, albatta, najot topadi va bu dunyoda pokiza hayot kechiradi. Allohga tavakkul qilish — Alloh taolo bilan kifoyalanish, Allohdan o‘zgalardan qo‘rquvni va umidni yo‘qotishdir. Hur inson agar tama’ qilsa, quldir. Qul agar qanoat qilsa, hurdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:49:41

O‘ttiz birinchi majlis
ADOLAT VA EHSONNING BAYONI


Alloh taolo aytadi:
"Albatta, Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshga yaxshilik qilishga buyurur hamda buzuqlik, yomon ishlar va zo‘ravonlikdan qaytarur. U zot shoyad ibrat, eslatma olarsizlar deb, sizlarga pand-nasihat qilur" (Nahl surasi, 90-oyat).

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Haqiqiy baxil — men uning oldida zikr qilinganimda salovot aytmagan kimsadir". Chunki u o‘zining zarariga baxillik qilyapti. Agar Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) bitta salovot aytganida, Alloh unga o‘nta salovot aytgan bo‘lardi. U o‘zini o‘nta salovotdan mahrum qilyapti ("Jomi’us sag‘ir").

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Uch toifa kishilar borki, ular jannat ahlidirlar. Birinchisi, fuqorolariga yaxshilik qiladigan insofli, adolatli, saxovatli sulton. Ikkinchisi, qarindoshlar va mo‘min musulmonlarning barchasiga mehr-shafqatli, rahmli kimsa. Uchinchisi, oilali, harom-harishdan o‘zini saqlagan, iffatli, solih kimsa, ya’ni oila muhabbati uni haromga yurishdan qaytargan. Shuningdek, Allohga bo‘lgan muhabbatini oilasi muhabbatidan ustun qo‘ygan kimsalar ham borki, ular ahli jannatdirlar. Besh toifa kimsalar borki, ular jahannam ahlidirlar. Birinchisi, shahvatlari haromga undaganda o‘zini to‘xtata olmaydigan zaif kimsalar. Ular uylanishdan voz kechib, zino bilan mashg‘ul bo‘ladilar va halol molni kasb qilishdan yuz o‘giradilar. Aytildiki, bu kimsalar amirlarning atrofida girdikapalak bo‘lib yuradilar. Ularning xizmatini qiladilar. Yeyotgan ovqatlari, kiyayotgan kiyimlari haromdan keladimi, haloldanmi, e’tibor bermaydilar. Uylanishga, halol mol topishga g‘ayrat qilmaydilar. Ular yeb-ichish bilan chegaralanib qolgan badbaxt kimsalardir. Ikkinchisi, xoin kimsa bo‘lib, oz narsaga ham, ko‘p narsaga ham xiyonat qilaveradi. Uchinchisi, erta-yu kech odamlarni aldashga harakat qiluvchi kimsa. To‘rtinchisi, yolg‘onchi va baxil odam. Beshinchisi, fahsh so‘zlar og‘zidan tushmaydigan badxulq kimsa" ("Sharhi Masobih").

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:50:15

Imom Qushayriy aytganlar: "Alloh taolo bandaga banda o‘zi bilan Rabbi o‘rtasida va o‘zi bilan nafsi o‘rtasida adolat qilishga buyurdi. O‘zi bilan Rabbi o‘rtasidagi adolat — nafsining ulushidan Allohning haqqini afzal ko‘rish, havoi nafsidan Allohning roziligini muqaddam qo‘yish, Allohning amrlariga amal qilishdir.

O‘zi bilan nafsi o‘rtasidagi adolat esa, nafsini halokatga olib boradigan narsalardan tiyish. O‘zi bilan xalq o‘rtasidagi adolat — ularga nasihat qilish, hech bir narsada ularga xiyonat qilmaslik, har bir narsada insofu adolatli bo‘lish. Biror kimsaga so‘z bilan ham, fe’l bilan ham yomonlik qilmaslikdir.

Bilginki, Alloh taolo yuqoridagi oyatda uch narsaga buyurdi. Bulardan birinchisi, Alloh taolo Qur’oni karimda buyurilgan narsalarning hammasini o‘z ichiga qamrab olgandir. Xuddi shuningdek, uch narsadan qaytaradiki, bu uch narsa Alloh taolo Qur’oni karimda qaytargan jamiki narsalarni qamrab olgan. Shuning uchun ham xatiblarning aksari xutbalarining oxirida ushbu oyatni tilovat qiladilar.

Usmon ibn Maz’undan rivoyat qilindiki: "Meni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Islomga da’vat etdilar. U kishiga qarshi chiqishdan hayo qilib, Islomga kirdim. Vaholanki, hali Islom qalbimda qaror topmagan edi. Kunlarning birida Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) oldilariga kirdim va u kishi men bilan suhbatlashib o‘tirganlarida to‘satdan ko‘zlari bilan osmonga qaradilar, so‘ng boshlarini tushirdilar. Boshlarini tushirgan vaqtda yuzlari qizargan va terlab ketgan edi. Men nima holat yuz berganini so‘radim. Aytdilarki: "Men sen bilan suhbatlashib o‘tirganimda, osmonga qarasam Jabroil (a.s.) kelib: "Albatta, Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshga yaxshilik qilishga buyurur", oyatini oxirigacha o‘qidilar". Ana shu kundan boshlab iymon qalbimda o‘rnashdi".

Qayd etilgan