Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222340 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 36 B


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:58:02

"Payg‘ambarlar afzalmi yoki farishtalar? Qaysilarining darajalari yuqoriroq?" degan savolga sahobalarning ko‘pchiligi: "Payg‘ambarlar afzaldirlar", deyishgan. Va bunga bir necha misol keltirishgan. Birinchisi: "Eslang (ey Muhammad), Biz farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan ular sajdaga egildilar", oyatidir. Farishtalar Odamga (a.s.) sajda qilishga buyurildilar. Agar Odam (a.s.) ulardan afzal bo‘lmaganida, sajda qilishga buyurilmasdilar. Ikkinchisi: Alloh taolo Odamga barcha narsalarning ismini o‘rgatdi. "So‘ngra Alloh ularni farishtalarga ro‘baro‘ qilib dedi: "Agar xalifalikka biz haqliroqdirmiz, degan so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning ismlarini Menga bildiring!" Ular aytdilar: "Ey pok Parvardigor! Biz faqat Sen bildirgan narsalarninggina ismlarini bilurmiz. Albatta, Sen o‘zing ilmu hikmat sohibisan", oyatidir. Bu oyat Odam (a.s.) farishtalar bilmaydigan narsalarni ham bilganlariga dalolat qiladi. Albatta, bilguvchi bilmaydigandan afzalroqdir. Chunki Alloh taolo: "Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!" deb marhamat qilgandir. Uchinchisi: Bashar uchun ibodatdan chalg‘itadigan shahvat, g‘azab, vaqt ketadigan ehtiyojlar bordirki, farishtalarda bu narsalar yo‘q. Mana shu chalg‘ituvchi narsalar bilan ibodat qilish mashaqqatliroq bo‘ladi, shu boisdan insonning ibodati farishtalarnikidan afzalroq bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Amallarning afzalrog‘i mashaqqatlirog‘idir, chunki uning savobi ko‘proq bo‘ladi", deganlar. To‘rtinchisi: Farishtalar shahvatsizdirlar, ularga aql berilgan. Hayvonlar esa aqlsiz bo‘lib, ularga shahvat berilgan. Insonga aql ham, shahvat ham berilgan. Agar insonning shahvati g‘olib kelsa, hayvondan ham tubanlashib ketadi. Agar aqli shahvatiga g‘olib kelsa, u farishtadan ham afzal bo‘ladi.

Payg‘ambarimizdan naql qilinishicha, Alloh taolo Odam (a.s.) va zurriyodlarini yaratgan vaqtda farishtalar: "Ey Parvardigor, ularni yeb-ichadigan, uylanadigan, kiyim kiyadigan, uxlaydigan qilib yaratding. Bizlarda bularning birortasi yo‘qdir. Bas, shunday ekan ular uchun dunyoni, oxiratni esa biz uchun qilgin", dedilar. Shunda Alloh taolo: "O‘zim yaratib, so‘ng unga o‘z tarafimdan bo‘lgan ruhni puflab xalq qilganimni "bo‘l", deyishim bilan yaratgan narsalarimdek qilmayman", dedi. Odamdan (a.s.) boshqa maxluqlar "kun" (bo‘l), degan amrdan yaralgandirlar. Bularga farishtalar ham kiradi. Shu sababli yaqinlikda, afzallikda bashar bilan farishta teng emasdir, balki basharning darajasi ulug‘roqdir. Albatta, Alloh taolo xalqni yaratgach, uni to‘rt sinf qildi: farishtalar, shaytonlar, jinlar, insonlar. So‘ng ularni o‘n qismga bo‘ldi. To‘qqiztasi farishtalar, bittasi shayton va insonlardir. So‘ng bu uchalasini yana o‘n qism qildi: to‘qqiztasi shaytonlar, bittasi ins va jinlar. So‘ng bularni ham o‘n qism qilib bo‘ldi: to‘qqiztasi jinlar, bittasi odamlardir. So‘ngra insonlarni bir yuz yigirma besh qism qildi. Yuztasi hind daryolari bo‘yida bo‘lib, hammasining qaytadigan yeri do‘zaxdir. Rum yerida ikkitasi bo‘lib, ularning qaytadigan yeri do‘zaxdir. O‘n ikkitasi mag‘rib va mashriqda bo‘lib, hammasining qaytadigan yeri do‘zaxdir. Qolgan bittasini yetmish uchtaga bo‘ldi. Yetmish ikkitasi ahli bid’at va zalolatdir. Bittasi firqai nojiya bo‘lib, ular ahli sunnat va jamoatdirlar, ularning qaytadigan joylari jannatdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 06:59:42

O‘ttiz to‘rtinchi majlis
TAHAJJUD NAMOZINING BAYONI


Alloh taolo aytdi:
"Kechaning (bir qismida) uyg‘onib o‘zingiz uchun nafl (ibodat) bo‘lgan namozni o‘qing! Shoyadki, Parvardigoringiz sizni (qiyomat kunida) maqtovli (ya’ni, gunohkor ummatlaringizni shafoat qilib oqlaydigan) maqomda tirilturur" (Al-Isro surasi, 79-oyat).

Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Agar ikki musulmon yo‘liqishganda, bir-biriga salom berib, menga salovot aytishsa, to ajralib ketgunlarigacha Alloh taolo o‘z lutfi-karami va marhamati bilan ularning oldingi va keyingi gunohlarini kechirib yuboradi".

Tahajjudning ma’nosi uyquni tark etishdir. Tahajjud namozi deganda kechasi uxlab turgandan keyin o‘qiladigan namoz tushuniladi. Oyatdan murod ham kechasida qoim bo‘lib namoz o‘qishdir. Islomning avvalida tahajjud namozi:

"Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot! Kechasi (bedor bo‘lib, namozda) ozgina turing!" (Muzammil surasi, 1—2-oyatlar) degan amr bilan Rasulullohga ham, musulmonlarga ham farz bo‘lgan edi. Keyinchalik: "Endi (kechalari namozlaringizda) Qur’ondan sizlarga muyassar bo‘lgan miqdorda o‘qiyveringlar. U zot sizlarga orangizda (kechalari bedor bo‘lishga quvvati yetmaydigan) bemorlar bo‘lishini, boshqalar Allohning fazl-marhamatidan (rizq-ro‘z) istab yer yuzida (ya’ni, uning turli tomonlariga) safar qilishlarini va yana boshqalar esa Alloh yo‘lida jangga chiqib ketishlarini bildi. Bas, (o‘zlaringizni qiynamay Qur’ondan) muyassar bo‘lgan miqdorda o‘qiyveringlar", oyati nozil bo‘lib, tahajjud namozi ummatga nafl namozga aylandi, lekin Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam): "O‘zingiz uchun nafl (ibodat) bo‘lgan namozni o‘qing!" oyati bilan farz bo‘lib qoldi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:00:13

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kechasi turib namoz o‘qigan va xotinini ham namozga uyg‘otgan, uyg‘onmasa yuziga suv sepgan erlarga Alloh taolo rahm qilsin", deganlar.

Hazrati Oyisha (r.a.) onamizdan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Uch narsa borki, ular menga farz, sizlarga sunnatdir: vitr namozi, misvok tutish, tahajjud namozi".

Umar ibn Xattobdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki kechasi namoz o‘qisa va namozni go‘zal qilib ado etsa, Alloh taolo unga to‘qqizta narsa bilan marhamat qiladi. Beshtasi dunyoda, to‘rttasi oxiratda. Dunyodagi beshtasi: Alloh uni ofatlardan saqlaydi, yuzida ibodat asarini zohir qiladi, uni bandalarining qalbida suyukli qiladi, nutqiga hikmat beradi, uni dinda hakim-faqih qiladi. Oxiratdagi to‘rttasi: qabrdan yuzi oppoq bo‘lib turadi, hisobi yengil bo‘ladi, sirotdan chaqmoq kabi tez o‘tadi, namoi a’moli o‘ng tarafidan beriladi", dedilar".

Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan yana bir hadisda u zot bunday deganlar: "Me’roj kechasida Alloh taolo menga besh narsani buyurib aytdiki: "Qalbingni mol-dunyoga bog‘lab qo‘yma, chunki dunyoni sen uchun yaratmaganman. Muhabbatingni Menga qil, chunki hammalaringiz Mening huzurimga qaytasizlar. Jannat talabida sa’yi harakat qil, xalqdan umid qilma, chunki ularning qo‘larida hech narsa yo‘qdir, tahajjud namozida davomli bo‘l, chunki nusrat kechasi qoim bo‘lish bilan birga bo‘ladi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:00:58

Yana bir hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki uyqusidan uyg‘onganda: "La-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ‘ala kulli shay‘in qodir, subhanalloh, valhamdulillah va la-a ilaha illallohu vallohu akbar. Va la-a havla va la-a quvvata illa billahil ‘aliyyil ‘aziym, rabbig‘firliy", desa, uning gunohlari kechiriladi", deganlar.

Ibrohim ibn Adham aytadilarki: "Bir kuni uyimga mehmonlar kelishdi. Bildimki, ular sharafli kimsalar. Shunda men ularga: "Menga va’z-nasihat qilinglar, shoyadki men ham sizlar kabi Allohdan qo‘rqsam", dedim. Ular: "Biz senga yettita narsani vasiyat qilamiz: birinchi, ko‘p gapirishdan saqlan, chunki u qalbning uyg‘oqligini ketkazadi. Ikkinchi, ko‘p yeyishdan saqlan, chunki u hikmatni ketkazadi. Uchinchi, odamlarga ko‘p aralashib yurishdan saqlan, chunki bu ibodatdagi halovatni yo‘qotadi. To‘rtinchi, dunyoga muhabbat qo‘yishdan saqlan, chunki bu husni xotima (xayrli oqibat) bilan vafot etishni ketkazadi. Beshinchi, johil va ilmsiz bo‘lishdan saqlan, chunki bu qalbning tirikligini ketkazadi. Oltinchi, zolimlar bilan hamsuhbat bo‘lishdan saqlan, chunki bu dinda mustaqim turishni ketkazadi. Yettinchi, kimki odamlarning roziligini talab qilsa, Allohning roziligidan bebahra qoladi", deyishdi".

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kechasida qoim bo‘linglar, chunki bu sizlardan avvalgi payg‘ambarlaru avliyolarning odatidir", dedilar.

Rivoyat qilinishicha, Dovudning (a.s.) ahli oilalari har kecha qoim bo‘lisharkan. Bu xabarda bizga ulardan ko‘ra kechalari qoim bo‘lishga haqliroq ekanimizga tanbeh bor, chunki biz barcha ummatlarning yaxshirog‘imiz. Va kimki kechasi turib tahajjud namozi o‘qimasa, haqiqiy solihlardan emasligiga ishora bor.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:01:23

Hadisi qudsiyda Alloh taolo: "Banda nafl ibodatlar qilish bilan Menga yaqinlashadi, hatto Men uni yaxshi ko‘rib qolaman", deydi. Qur’oni karimda: "Yaxshiliklar gunohlarni ketkizadi", deyilgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Sizlardan biringiz uxlagan vaqtda shayton uning boshini tepasiga uchta tugun tugadi. Agar u turib, Allohni zikr qilsa, bitta tugun yechiladi. So‘ng tahorat qilsa, ikkinchi tugun yechiladi. Agar namoz o‘qisa, uchinchi tugun yechiladi va g‘ayratli, quvnoq holatda tong ottiradi. Agar bularni qilmay uxlab qolsa, shayton uning ikki qulog‘iga bavl qilib ketadi", dedilar.

Imom G‘azzoliy aytganlarki: "Kechaning avvalida Arshning ostidan bir nido qiluvchi: "Ibodat qiluvchilar tursin", deb duo qiladi. Obidlar turib Alloh xohlaganicha ibodat qilishadi. Kechaning yarmida: "Sahargacha namozda qoim bo‘lguvchi, Allohdan qo‘rquvchi kimsalar tursin", deb duo qiladi. So‘ng: "Istig‘for aytguvchilar tursin", deb nido qiladi. Ular turib xohlaganlaricha istig‘for aytadilar. Agar tong otsa: "G‘ofillar tursin", deb nido qiladi. Ular o‘liklar qabrdan turgandek, ko‘rpalaridan turadilar". Shuning uchun ham Luqmoni Hakim o‘g‘illariga: "Saharda xo‘roz qichqirayotgan vaqtda uxlab yotma, ya’ni, barvaqt, erta turishda xo‘roz emas, sen chaqqonroq bo‘lgin", deb vasiyat qilganlar.

Hikoya qilinadiki, Muso (a.s.) bir kuni bir kimsaning oldidan o‘tib qoldilar. U huzu’ va xushu’ bilan namoz o‘qirdi. Shunda Muso (a.s.): "Yo Parvardigor, buning namoz o‘qishi qanday go‘zal!" dedilar. Alloh taolo: "Ey Muso, agar u har bir kecha kunduzda ming rak’atdan namoz o‘qisa ham, ming marta haj qilsa ham, ming marta g‘azot qilsa ham, toki molining zakotini bermaguncha bu amallar unga foyda bermaydi", deb vahiy qildi.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kim qaerda bo‘lmasin namozini vaqtida ado etib yursa, u Sirotdan peshqadamlarning avvalgi jamoasi bilan birga chaqmoq kabi o‘tib ketadi. Qiyomat kuni yuzi to‘lin oydek porlab turadi. Har kuni mingta shahidning savobini oladi", dedilar. Yana Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bomdodning ikki rak’ati dunyo va undagi jamiki narsalardan yaxshiroqdir", dedilar. Ya’ni dunyodagi jamiki narsa seniki bo‘lsa, sen uni Alloh yo‘liga infoq qilib yuborsang, ikki rak’at bomdodning farzini o‘qigandek savob ololmaysan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:02:44

O‘ttiz beshinchi majlis
SAHOBALARNING FAZILATLARI BAYONI


Alloh taolo aytadi:
"Siz o‘zingizni erta-yu kech Parvardigorlarining yuzini-roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr etishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang!" (Kahf surasi, 28-oyat)

Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki menga bitta salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta salovot aytadi. Alloh taolo tarafidan bandaga bo‘lgan salovot unga rahm qilishidir. Alloh shunda u bandaning o‘nta gunohini kechiradi, martabasini o‘n daraja ko‘taradi", deganlar.

Kofirlarning boshliqlari Muhammaddan (sollallohu alayhi vasallam) Suhayb, Ammor, Bilol, Salmon kabi faqir musulmonlarni haydab yuborishlarini talab qilib aytishdiki: "Ey Muhammad! Biz sen bilan birga o‘tirishimiz uchun majlisingdan bularni haydab yubor, chunki ular past tabaqadan bo‘lib, ularning hidlari qo‘ylarning hidiga o‘xshaydi. Biz qavmning raislarimiz, ular bilan o‘tirishdan jirkanamiz, agar sen ularni haydab yuborsang, biz senga iymon keltiramiz".

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularning iymonga kelishlariga haris bo‘lib, bu ishga chog‘langan vaqtlarida Jabroil (a.s.) kelib: "Rabbingiz: "Ertayu kech Allohning roziligini istab duo qilayotganlarni haydab yubormang", demoqda", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Makka kofirlariga: "Alloh taolo ularni haydab yuborishdan meni qaytardi", dedilar. Ular: "Bo‘lmasa, bir kunni bizlarga, ikkinchi kunni ularga ajrat", deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Buniyam qilmayman", dedilar. Ular: "Bo‘lmasa, majlisda yuzingni bizga qaratib, orqangni ularga qaratib o‘tir", deyishdi. Shunda "Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorining roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting!" degan oyat nozil bo‘ldi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:03:48

 Qatoda (r.a.) rivoyat qilganlarki: "Bu oyat Ahli sufa haqida nozil bo‘lgandir. Ular Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) masjidlaridagi yetmish faqir kimsa bo‘lib, tijorat ham, chorvachilik ham, dehqonchilik ham qilmasdilar. Bir namozni o‘qishsa, keyingisini kutib turishardi. Bu oyat nozil qilingan vaqtda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ummatim ichida men o‘zimni ular bilan birga tutishga buyurilgan kimsalardan qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin", dedilar".

Hikoya qilinishicha, Abdulloh ibn Umardan bir kishi kelib: "Biz kambag‘al muhojirlardan emasmizmi?" deb so‘radi. Abdulloh: "Sening yoningda panoh topadigan xotining bormi?" dedilar. U: "Ha", deb javob berdi. Abdulloh: "Yashaydigan maskaning bormi?" deb so‘radilar. U yana: "Ha", deb javob berdi. "Unda sen boylardan ekansan", dedilar Ibn Umar. U: "Mening bitta xodimim ham bor", dedi. Abdulloh aytdilar: "Unda podshohlardan ekansan".

Abu Lays Samarqandiy aytadilar: "Faqirlar uchun beshta fazilat bor. Birinchisi, namoz, sadaqa va boshqa amallarda kambag‘allar boylarga nisbatan ko‘proq savob oladilar. Ikkinchisi, kambag‘al kimsa agar bir narsani topa olmasa, unga savob yoziladi. Uchinchisi, faqirlar jannatga avvalroq kiradilar. To‘rtinchisi, oxiratda ularning hisoblari ozroq bo‘ladi. Beshinchisi, ularning nadomatlari ham ozroq bo‘ladi. Chunki boylar u Kunda: "Qaniydi kambag‘al bo‘lsak", deya nadomat qiladilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:04:32

Hazrati Umardan (r.a.) rivoyat qilinadiki: "Kunlarning birida Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kirdim. U kishi bo‘yraga cho‘zilib yotgan ekanlar. Qarasam, badanlarida bo‘yraning izi qolibdi. Hujralariga boqdim: bor yo‘g‘i bir so’ arpa bor ekan. Shunda yig‘lab yubordim. U kishi: "Ey Umar! Nimaga yig‘layapsan?" deb so‘radilar. Men: "Kisro va qaysarlar ipak ko‘rpalarda yotishibdi. Siz men hech kimda ko‘rmagan faqirlikdasiz", dedim. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Umar! Allohga tavba qil! Dunyo ular uchun, oxirat biz uchun bo‘lishiga rozi emasmisan", dedilar. Men: "Tavba qildim, albatta, roziman", dedim".

Alloh taolo aytadiki:
"Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilar xuddi, har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir donga o‘xshaydi. (Ya’ni qilingan har bir yaxshilikning yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda.) Alloh istagan kishilariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazlu karami) Keng, bilguvchidir. Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, so‘ngra bergan narsalariga minnat va ozorni ergashtirmagan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ulug‘ ajr bordir. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin ham bo‘lmaydilar. Yaxshi gap va kechirish ketidan ozor keladigan sadaqadan yaxshiroqdir. Alloh taolo behojat va halimdir. Ey mo‘minlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!" (Baqara surasi, 261—264-oyatlar).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:05:04

O‘ttiz oltinchi majlis
DUNYONING MAZZAMAT QILINGANI VA UNING ZAVOLGA KETISHI


Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad, odamlarga) hayoti dunyo misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, biz osmondan yog‘dirgach, (avval — kishi hayotining bahorida) u sababli zamin nabototi (bir-biriga) aralashib — chirmashib ketur, so‘ngra (hayot kuzi kelgach) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir bo‘lgan zotdir. Mol-mulk, bola-chaqa shu hayoti dunyo ziynatidir. Parvardigoringiz nazdida esa (abadiy) qoluvchi yaxshi amallar savobliroq va orzuliroq (orzu qilishga arzirliroqdir)" (Kahf surasi, 45—46-oyatlar).

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taolo bir farishta yaratgan. Unga jamiki xalqlarning tovushini eshitishni buyurgan. U qiyomatgacha mening qabrimni ustida turadi. Ummatimdan kimki menga salovot yo‘llasa, u farishta: "Ey Muhammad! Falonchining o‘g‘li falonchi sizga salovot yo‘lladi", deb aytadi.

Iso (a.s.) aytdilarki: "Dunyo uch kundir. Birinchisi — kecha, u o‘tib ketdi. Undan senga biror narsa qolmadi. Ikkinchisi — erta, unga yetasanmi yoki yetmaysanmi, bilmaysan. Uchinchisi — sen yashayotgan shu bugungi kuning, bas, uni g‘animat bil. Dunyo uch soatdir, bir soati o‘tib ketdi. Bir soati borki, sen unga yetasanmi yoki yetmaysanmi, bilmaysan. Uchinchisi — hozir yashayotgan soating, uni g‘animat bil. Dunyo uch nafasdir, birinchisi o‘tib ketdi. Unga amal qilganingni qilib bo‘lding. Ikkinchisi — sen unda yashayotgan nafas, uchinchi nafasga yetib-etmasligingni bilmaysan. Demak, sen bir nafasgagina egalik qilasan. Bas, mana shu bir nafasda bu nafas o‘tib ketishidan oldin ibodatga shoshil va o‘limingdan avval tavba qilib qol. Amallarning eng afzali vaqtni g‘animat deb bilishdir. Kimki vaqtini zoe’ ketkizsa, umri zoe’ ketibdi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  24 Sentyabr 2007, 07:05:30

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir kishiga pand-nasihat qilib aytdilarki: "Besh narsadan avval besh narsani g‘animat deb bil: Qarilikdan oldin yoshligingni, kambag‘al bo‘lishingdan oldin boyligingni, mashg‘ulligingdan oldin bo‘sh vaqtingni, kasal bo‘lishingdan avval sog‘ligingni, o‘lishingdan avval tirikligingni".

Hazrati Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni u kishining o‘g‘li ko‘chadan yig‘lab keldi. Umar undan: "Nega yig‘layapsan, ey o‘g‘lim?" deb so‘radilar. O‘g‘illari: "Ko‘chadagi bolalar kuylagimning yamog‘ini sanashdi va, Amirul mo‘minunning o‘g‘liga qaranglar, kuylagida qancha yamoq bor ekan, deyishdi", deb javob berdi. Uning kuylagida o‘n to‘rtta yamoq bo‘lib, ba’zilari teridan edi. Umar (r.a.): "Menga oyning boshigacha to‘rt dirham qarz bersin", deb o‘g‘lini xazinabonga jo‘natdilar. Xazinabon o‘g‘liga: "Otangiz oyning boshigacha yashashiga kafolat bersa, qarz beraman", dedi. Hazrati Umar yig‘lab yubordilar va: "O‘g‘lim, sabr qil, men bir soat yashashimga ham kafolat berolmayman", dedilar.

Hazrati Oyishadan (r.a.) rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) uch kun ketma-ket to‘yib non yemaganlar. Boshqa rivoyatda kelishicha, ketma-ket ikki kun arpa nonini to‘yib yemaganlar. Agar xohlasalar edi, Alloh taolo u kishiga xayolga kelmagan ne’matlarni ato etardi. Lekin ul zot oxirat yurtini, abadiy ne’matlarni ixtiyor etdilar. Yana Oyisha onamizdan rivoyat qilinishicha, "Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) vafot etganlarida, u kishidan na dinor va na dirham, na qo‘y va na tuya qoldi. Faqatgina bitta qalqonlari va xachirlari qoldi, xolos. Ozgina yerlari bor edi, uni ham sadaqa qilgan edilar. O‘shanda mening uyimda yarimta arpa nondan boshqa narsa qolmagan edi. Vaholanki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) menga aytgan edilar: "Menga Makka vodiylari oltin qilib berilmog‘i arz qilindi va men aytdimki: "Ey Rabbim! Bir kun och qolsam, bir kun to‘q yursam, mana shuning o‘zi menga yetadi. Och qolgan kunim Senga tazarru’, duo qilaman. To‘q yurgan kunim esa Senga hamdu sano aytaman".

Qayd etilgan