Idris (a.s.): "Ey o‘lim farishtasi! Sen meni ziyorat qilish uchun keldingmi yoki jonimni olish uchun?" deb so‘raganlarida, "Ziyorat qilish uchun keldim", deb javob berdi. Shunda Idris (a.s.): "Ey o‘lim farishtasi, mening senga bitta hojatim bor", dedilar. O‘lim farishtasi: "Qanday hojat?" deb so‘radi. "Jonimni olsangu Alloh taolo meni yana qayta tiriltirsa. O‘limning achchiqligini ta’tib ko‘rganimdan keyin yanayam ko‘proq ibodat qilaman", dedilar. O‘lim farishtasi: "Men Allohning iznisiz birorta jonning jonini olmayman", dedilar. Shunda Alloh taolo Idris (a.s.) jonini olishni farishtaga vahiy qildi. Bas, shu soatdayoq jonlarini oldilar. Idris (a.s.) vafot etdilar. O‘lim farishtasi Alloh taolodan birodari Idrisni (a.s.) tiriltirishni so‘radi. Alloh ijobat qilib, Idrisga (a.s.) qayta hayot berdi. Farishta: "Ey birodar, o‘limning achchiqligi qanaqa ekan?" deb so‘raganida, "Tirik hayvonni terisini shilishdan ming barobar alamliroq ekan", deb javob berdi. O‘lim farishtasi: "Men seni joningni olishdagi yumshoqlikni biror kimsaga qilmagan edim", dedi. Idris (a.s.) aytdiki: "Ey o‘lim farishtasi, mening senga yana boshqa hojatim bor. Albatta men jahannamni ko‘rishni xohlayman. Agar men undagi azoblarni ko‘rsam, yanayam ko‘proq Allohga ibodat qilaman". O‘lim farishtasi: "Allohning iznisiz, seni qanday qilib jahannamga olib boraman", dedi. Alloh taolo unga Idrisni (a.s.) jahannamga olib borishni vahiy qildi. O‘lim farishtasi Idrisni (a.s.) jahannamga olib bordi. Idris (a.s.) jahannamda kofiru zolimlarga tayyorlab qo‘yilgan jamiki azob turlarini ko‘rdilar. So‘ngra qaytishdi. Idris (a.s.) o‘lim farishtasiga: "Mening senga yana bitta hojatim bor. Meni jannatga olib bor, u yerda mo‘minlar uchun tayyorlab qo‘yilgan ne’matlarni ko‘ray va ibodat qilishim yanada ziyoda bo‘lsin", deganlarida, farishta: "Men seni Allohning iznisiz, qanday qilib jannatga olib boraman", deb javob berdilar. Shunda Alloh taolo o‘lim farishtasiga Idrisni (a.s.) jannatga olib borishni vahiy qildi. Farishta Idrisni (a.s.) jannat eshigi oldiga olib keldi. Idris (a.s.) jannatdagi ne’matlarni ko‘rgan vaqtlarida: "Ey birodar! O‘limning achchiqligini ta’tib ko‘rdim, jahannamning dahshatini ham bildim, endi mendan o‘limning achchiqligi, jahannamning qo‘rquvi ketishi uchun jannatga kirib suvlaridan ichib, mevalaridan ta’tib ko‘rishimni Alloh taolodan so‘rab bera olasanmi?" dedilar. O‘lim farishtasi izn so‘ragan edi, Alloh taolo kirib chiqishga izn berdi. Idris (a.s.) jannatga kirib, daraxtning ostida kovushlarini qoldirib chiqdilarda: "Ey o‘lim farishtasi, mening ikki kovushim jannatda qolib ketdi, meni jannatga qaytar", dedilar. Qaytib kirdilar-da chiqmadilar. O‘lim farishtasi: "Ey Idris chiq", dedilar. Idris (a.s.) chiqmayman, chunki Alloh: "Har bir nafs o‘lim sharbatini tatib ko‘rguvchidir", degan, men tatib ko‘rdim. Va: "Sizlardan har biringiz uni (jahannamni) ko‘rguvchidir", degan. Men ko‘rdim, va "ular jannatdan chiqquvchi emaslar", degan. Bas, endi kim meni jannatdan chiqaradi", deb aytdilar. Alloh o‘lim farishtasiga, qo‘yaver, Men azaldan uning ahli jannat bo‘lishini taqdir qilganman", deb vahiy qildi.
Ey birodar! G‘aflat uyqusidan uyg‘on va amalingni xolis Alloh uchun qil, chunki har bir amal xolis Alloh uchun qilinmas ekan, u riyodir. Riyo esa maxfiy shirkdir. Alloh riyokorning amalini qabul qilmaydi.
Ibn Avs aytadilar: "Bir kuni Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) yig‘lab turgan hollarida ko‘rdim va: "Yo Rasulalloh! Nima yig‘layapsiz?" deb so‘radim. "Ummatimning shirk keltirishlaridan qo‘rqyapman. Ular sanamlarga ibodat qilmaydilar, balki amallarida riyo qiladilar", deb javob berdilar.