Behzod Fazliddin she'rlaridan  ( 27724 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:19:51

                                                 
Behzod FAZLIDDIN
                       
                      ***
Tirikmasman, o‘lganga ham o‘xshamayman,
Najot so‘rab kelganga ham o‘xshamayman.
Yuragimni ajin bosdi — qarib ketdim,
Yigirmaga to‘lganga ham o‘xshamayman.

O‘zim uchun qo‘ygan bari shartim og‘ir,
Tushgan joyin quritadi — gardim og‘ir.
Men ertaga qayta tura olamanmi,
Jon olmasa ketmaydigan Dardim og‘ir.

Nurlarimni tunlar uchun zarba qildim,
Ko‘nglim uyin kimlar uchun Ka’ba qildim.
Suyaklarim zirqiradi — lazzatlanib
Tavba qildim, tavba qildim, tavba qildim.

Yana cho‘llab yotganimni bilarmikin,
Daryolarim ko‘kdan qaytib kelarmikin?
She’rlarimni elchi qilsam, dargohida
Eng odil Shoh meni qabul qilarmikin?

Tirikmasman, o‘lganga ham o‘xshamayman...       

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:20:01

              ***       

Havolarga ishonmay qo‘ydim,
Har lahzada ketish xavfi bor.
Men hech kimni tushunmay qo‘ydim,
Yuragimning kimga nafi bor?

Yashay dedim — kunim o‘tmadi,
Charchamadim ro‘shnolik so‘rab.
Ko‘zlarimdan itlar ketmadi,
Yig‘layverdim Quyoshga qarab.

Hali sendan ko‘nglim o‘lmagan,
Ber o‘zimga o‘zimdan najot.
Boradigan joyim qolmagan,
Meni boshqa haydama, Hayot!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:20:26

YASHASHGA JOY BORMI?

Lahzaga tengma-teng o‘chib boraman,
O‘zimdan, so‘zimdan cho‘chib boraman,
Zavol bilmaydigan manzilni ko‘rsat,
Tomirlarim bilan ko‘chib boraman.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:20:39

O‘ZIGA

Chaqirsang, hech qaerga chekinmasdan keldim-ku,
Tog‘larning orqasiga bekinmasdan keldim-ku.
Qarg‘alarning tiliga insof tilab yashadim,
O‘zimdan boshqasiga teginmasdan keldim-ku.
Endi holimni so‘ra.

Qachongacha armonlar kulbasiga qo‘noqman,
Men dunyoning ortidan chopayotgan cho‘loqman.
Yillar aro so‘zlarim manziliga yetmaydi,
Yuragimni tilimga ko‘chirgani no‘noqman.
Endi ko‘nglimga qara.

Sovib qolsam, jonimni qaysi o‘tlarga tutay,
Nurlaringning bag‘rida  kirlarimni yo‘qotay.
Bo‘shab qolgan ko‘zlarim, o‘zim bedor bo‘lmasam,
Ko‘ksimdagi qushchani qanday qilib uyg‘otay?!
Endi holimni so‘ra.

Men bu yerga sen uchun egilgani kelganman,
Lolalarning ko‘ziga tikilgani kelganman.
Ishontirsang, shartingni bajarmasdan ketmayman,
Hammayoqni gullatib, to‘kilgani kelganman.
Endi ko‘nglimga qara,
Endi o‘zimga qara...

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:20:56

MENING UMRIM

Bir lahzada osmon meniki,
Bir lahzada yashab olaman.
Bir lahzada bosar g‘am yuki,
Bir lahzada... bo‘shab qolaman.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:21:12

SO‘Z

Men Undan uyaldim, men Undan qo‘rqdim,
Ko‘nglimni tarjima qilolmadi U.
Oyog‘idan qirqdim, boshidan qirqdim,
Baribir, meniki bo‘lolmadi U.

Undan ketolmayman, Undan qolmayman,
Taqdirim U bilan sherik-ku, Ona.
Unga yetolmayman, lekin tolmayman,
Bu dunyo So‘z bilan tirik-ku, Ona!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:21:26

                  ***

Nahot, she’rlarimga kuningiz qoldi,
Ona, aylanishdan to‘xtamoqda Yer.
Ko‘zingizga boqib, tilim yo‘qoldi,
Axir poyingiz — she’r, qadamingiz— she’r.

Qachon zardoblarim topadi barham,
Men qachon to‘kilib beraman Sizga?
Jonimdan tovonlar to‘lab borsam ham,
Umrim arzimaydi dardlaringizga.

Ilhom parilari cho‘ringizmidi,
Bir nazar solsangiz, qoshingizda jam.
Umrim bu — eng mahzun she’ringizmidi,
Mening shoir Onam, shoira Onam?

Dunyo so‘z so‘raydi mendan, jo‘rttaga,
Shamollar ustimdan kulgan bo‘ladi.
Bugun chidab turay, Ona, ertaga
Meni g‘amlaringiz Shoir qiladi.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:21:41

JONIM

O‘t ichida yashash osonmi, Jonim,
Nechuksiz? Joningiz omonmi, Jonim?
Ayirib qo‘yishdi yo‘llarimizni,
Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim?

Ko‘ngilning yurtidan ketib bo‘lmaydi.
Sinovsiz manzilga yetib bo‘lmaydi.
Axir, muhabbatning ko‘chalaridan
Yurakka tosh solib o‘tib bo‘lmaydi.

Yer, Samo biz bilan, qisinmaydilar,
O‘tkinchi kuchlarga bo‘ysunmaydilar.
Tushunib turibdi Xudoyim bizni,
Nega bandalari tushunmaydilar?!

Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim...

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:21:54

SIZGA SAVOL

Ko‘zingizda turgan dardmi, armonmi,
Sevilish osonmi, sevish osonmi?
Sizsiz yasholmayman, deb charchamaysiz,
Jonim, hayotingiz shuncha arzonmi?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:22:11

KERAKLI ODAMGA

Keragidan ortiq yig‘laysiz —
                                         Keragidan ortiq qiynayman.
Xayolimga arqon bog‘laysiz —
                                         Keragidan ortiq o‘ylayman.
Azoblarim mening bari — sir,
                                         Siz uxlaysiz, Siz bedaraksiz.
Jonim, hozir menga, baribir,
                                          Keragidan ortiq keraksiz.

Qayd etilgan