Behzod Fazliddin she'rlaridan  ( 27731 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:24:53

                   ***
Nafas olishga ham xohishingiz yo‘q,
Tirikka o‘xshamas tuyg‘ularingiz.
Bilmasdan, ko‘zimga otayapsiz cho‘g‘:
Meni uyg‘otmoqda uyqularingiz.

Uchib ketgan qushlar qaytib kelmaydi,
Yashashga kunlardan shartlar so‘radim.
Mayda dardlar meni Odam qilmaydi,
Umrimga eng buyuk dardlar so‘radim.

O‘tkinchi shamollar qo‘rqitmay qo‘ydi,
Daraxtlar bag‘rida guvillayverdim.
Yuragimga tegib quyoshlar kuydi,
Qishlarga tan bermay lovullayverdim.

Yumuq ko‘zlaringiz ochiq ketmoqda,
Men hozir O‘zimni topib olaman.
Tasodif bo‘lib siz uyg‘ongan chog‘da,
Ko‘zlarimni asta yopib olaman...

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:25:07

JONDAN O‘TSA...

Toqqa chiqay. desak, toshlar qo‘ymasa,
Ko‘zga yoqay, desak. qoshlar qo‘ymasa,
Yashashga mana bu boshlar qo‘ymasa...
Bizga ham atalgan dunyolar bormi?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:25:19

              ***
Xudoyimning hurlaridan farqingiz yo‘q,
Ko‘ksingizga yulduz to‘lib turgan paytda.
Ko‘zingizni ochmaslikka haqqingiz yo‘q,
Yoningizda odam o‘lib turgan paytda.

Bugun yana g‘amlarimni boshlab keldim,
Men abadiy dardlar bilan kelsam kerak.
Yuragimni osmonlarga tashlab keldim,
O‘zim endi tuproq bo‘lib qolsam kerak.

O‘zgalarning baxti deb ham yig‘lab turing,
O‘lmaydigan navo olib keling menga.
Dardlarimning davosini qo‘yavering,
Hozir esa Havo olib keling menga.

Og‘riqlarim Xudoyimning bergani-da,
Ko‘ksim endi ikki dunyo bo‘sh turmaydi.
Peshonamga Quyosh tegib turganida,
Uyg‘onmasam, tonglar meni kechirmaydi,
Gar yonmasam, kunlar meni kechirmaydi...

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:25:27

              ***
Ko‘zingdagi sellaringni quritaman,
G‘amlaringning tishi singay — qaritaman.
Zarraman-u, taftim mingta quyoshga teng,
Sham bo‘lsam ham yo‘llaringni yoritaman.

Hayotingni xayolimga o‘rab turgin,
Sovib qolsang, cho‘g‘larimdan so‘rab turgin.
Faqat o‘zing o‘chishimga qo‘yma meni —
Faqat o‘zing ko‘zlarimga qarab turgin

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:25:54

MENDAN YAXSHI YOMON YO‘Q

Ko‘nglingizning ko‘shkini yopolmaysiz, baribir,
Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir.

Mingta bulbul nag‘masi bitta izhorimcha yo‘q,
Dunyolarning rohati zarra ozorimcha yo‘q.

Ko‘zingizga o‘t yoqar ko‘kka chizib rasmimni —
Inilarim yulduzlar eslatadi ismimni.

Keyin nima qilasiz — havolar ham yoqmaydi,
Ovoralar bo‘libsiz, mensiz Quyosh chiqmaydi.

Izingizga gul otgan dunyolarning ko‘ngli kir,
Umringizning g‘amida kunim o‘tyapti, axir.

Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir...=

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:26:02

                    ***
Meni yondir, dedim — olovga tutding,
Zarra-zarramgacha yoniblar ketdim.
Har bir qadamimda sinovga tutding,
Qoqilib yashashga ko‘niblar ketdim.

Boshimni toshlarda yordim necha bor,
Nega uyg‘onmayman, mudrayman doim?
O‘zing xohlamasang, hammasi bekor,
Odam qiladigan Dard ber, Xudoyim!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:26:12

               ***
Yurolmayman, oyog‘imda loylarim ko‘p,
Kuchukchalar tishlab olgan joylarim ko‘p.
Osmonlarga da’vogarlar bisyor ekan,
Chap ko‘ksimda chiqmay yotgan oylarim ko‘p.

Yuragimni kemiradi ming bitta o‘y,
Nahot endi yalpizlarim sochmaydi bo‘y?!
Men bandangning qo‘llariga ishonmayman,
Tangrim, endi O‘zing meni turg‘izib qo‘y!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:26:35

SUYUNCHI

Ocmonda yig‘lab keldim —
Dardlarim maysa bo‘ldi.
Yerda bitta bo‘lsa ham
Baxtsiz kamaysa bo‘ldi.

Garchi yig‘lab har kecha
Tunlarimni qon qildim,
Tongda toshdan xasgacha(guldan toshgacha)
Tabassum ehson qildim.

Azoblaring — muhtaram,
Men dardingga xaridor.
Tovonimni o‘psa ham,
Tikanlarning haqqi bor.

Yuragimni uyg‘otgan
G‘amlaringga ming shukur.
Gardlarimni yo‘qotgan
Dardlaringga tashakkur!

Endi Senda parvoyim,
Dunyoni yutib ketdim.
Suyunchi ber, Xudoyim,
O‘zimdan o‘tib ketdim.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:28:34

CHIN SEVISH

Ko‘nglimni kimlarga bermadim,
Topganim gard bo‘ldi, dard bo‘ldi.
Men suyib, ro‘shnolik ko‘rmadim,
Sevilib yengganlar mard bo‘ldi.

Baxt va’da ayladi xoblarim,
Tush ko‘rdim oylarning qizini.
Sog‘inib yashadi lablarim,
Turlangan gullarning yuzini.

Vujudim kuygan bir dil bo‘lib,
Izimga xazonlar sochildi.
Baxt emas, eng xunuk gul bo‘lib,
Yuzimga armonlar ochildi.

Gullarga eng go‘zal rang — vafo,
Bas, rangsiz gullarni sevmayman.
Istagim — ilohiy bir ziyo,
O‘zgaga ko‘nglimni bermayman.

Chin sevmoq poklanmoq emasmi?
Men suyib poklanib boraman.
Sevmasa sevmasin bandasi,
Ko‘nglimni Allohga beraman.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:28:53

KO‘ZINGIZNI BERIB TURING…

Yolg‘izginam, farishtaga tenglikkinam,
Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay.
Ikkimizning dardimiz bir, munglikkinam,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.

Men boshimni urmagan bir tosh qolmadi,
Rostin aytsam, yuragimda dosh qolmadi.
Qurib qolgan kiprigimda yosh qolmadi,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.

Uzun-uzun armonlarim chiqib ketsin,
Zardoblarim ko‘z yosh bo‘lib oqib ketsin.
Qalbimga bir qizg‘aldoqlar boqib ketsin,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.

Men shabnamman, g‘uborlarga qo‘nolmayman,
Yo gul bo‘lib tosh yurakda o‘nolmayman.
Ko‘nolmayman, bu dardlarga ko‘nolmayman,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.

Quzg‘unlarning qilig‘idan zorim keldi,
Tog‘ qalbimga nafrat degan orim keldi,
O‘zim bo‘lib yig‘lolmayman, orim keldi,
Keling, Sizning ko‘zingizda yig‘lab olay,
Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay.

Qayd etilgan