Behzod Fazliddin she'rlaridan  ( 21360 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:30:46

MENSIZLIK

Yulduzlari ichikib qoldi,
Mahzun endi Oysiz osmonim.
Sensizlikka ko‘nikib bo‘ldim,
Qanday ekan mensizlik, jonim!

Ana, ko‘zim ko‘zingdan o‘tdi,
Qo‘y, yashirma titroqlaringni,
Xato qilding, o‘zingdan o‘tdi,
Tishlayapsan barmoqlaringni.

Endi nurga begona yuzing,
Quyoshingning ranglari qani?
Sig‘mayapsan o‘zingga o‘zing,
Hayotingning tonglari qani?

Yuragingning yarmi yo‘q endi,
Mening bilan butun ekansan.
Kech tushunding. Dimog‘ing sindi,
Yongan g‘amga o‘tin ekansan.

Kechalaring o‘zingdan g‘arib,
Armonlaring osmondan katta.
Yuragingga termilib turib,
Yig‘layapsan birinchi marta.

Uxlab qolgan tunlarning haqqi,
Mening o‘rnim boshqa — bo‘lakman.
Yig‘lab qolgan tunlarning hag‘g‘i,
Men, bari bir, senga kerakman!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:31:05

"œSEVAMAN"

Men bu so‘zni qanchalar kutdim,
Uni kutib, so‘ldi gullarim.
Shu so‘zni deb o‘zni unutdim,
O‘tib ketdi yoshlik yillarim.

O‘ylamovdim eshitaman deb,
Sochimga oq oralaganda.
O‘ylamovdim eshitaman deb,
Ajal zimdan mo‘ralaganda.

O‘zingmisan? Ishonmayapman,
Jim yashashdan oxir toldingmi?
Sen o‘zingga o‘xshamayapsan,
Yo chindanam sevib qoldingmi?

Nega qarab turibsan osmon,
Boshimdan gul yog‘ib bersan-chi!?
Yuzlarimdan o‘pmaysanmi oy,
Bulutdan baxt sog‘ib bersan-chi!?

Oqaverdi suvdek yillarim,
Hatto o‘ylab ko‘rmabman bir oz.
Shu so‘zni deb o‘tibdi umrim,
Shu so‘zni deb yashabman xolos.
Men bu so‘zni qanchalar kutdim"¦

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:31:20

HAYOT - TUSHUNMAGAN FALSAFAM

Hayot — tushunmagan falsafam mening,
Umr — kundalikka o‘xshagan daftar,
Dunyo - kiprigimda qotib qolgan mung,
Ajal — ruh ko‘kida yovvoyi kaptar.

Osmon — olamlarga sig‘mas vujudim,
Quyosh - yonib turgan yuragim mening.
Imon — olam aro mening bor-budim,
Bardosh — yerga tegmas kuragim mening.

She’rim — nafasimning yuragi - havo,
Qalam — oq qog‘ozda titragan ko‘nglim.
Adolat — suvlari qurimas daryo,
Haqiqat — yuragi qonalgan singlim.

Orzu — osmonlarga sig‘magan oqqush,
Armon — orzularning singan qanoti.
Baxt — men ko‘rolmagan go‘zal-go‘zal tush,
Dard — shoir odamning yana bir oti.

Shodlik — tor kulbamning erka mehmoni,
Alam — yuragimni zabt etgan mezbon.
Poklik — umrimning goh ojiz tomoni,
Shuhrat — tomirimda oqolmagan qon.

Hijron — oramizni buzgan yosuman,
Sevgi — men rangini anglolmagan gul.
Rashk — ishqim ko‘kini qoplagan tuman,
Visol — men boshini topolmagan yo‘l.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:31:37

YOMONI YO‘Q JOYGA KETAMIZ

Bu dunyo - ruhimning azobi,
Ezgulik — umrimning savobi,
Qo‘y, endi yig‘lama ko‘ngiljon,
Bor, axir, barchasin hisobi.
Qo‘lni ber, pok joyga ketamiz,
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.

Ko‘zlarim qadalgan samoga,
Tashnaman bir hovuch ziyoga.
Charchadim zaharli so‘zlardan,
Yur, endi g‘iybatu ig‘voning —
Makoni yo‘q joyga ketamiz,
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.

Chopamiz quyoshning izidan,
O‘pamiz gullarning yuzidan.
Qizarib, bir shirin tuyg‘ular,
Topamiz lolaning ko‘zidan.
Armoni yo‘q joyga ketamiz,
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.

Ko‘zimni sevinch ham yoshlasin,
Qo‘limni omad ham ushlasin.
Tishlarning izi bor ko‘ksimda,
Endi baxt labimni tishlasin.
Ziyoni yo‘q joyga ketamiz.
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.

"œYilt" etgan ziyoga zor ko‘nglim,
Biz istar dunyolar bor, ko‘nglim.
Munisa Onamning ko‘ngli u,
U bizni kutyapti, yur, ko‘nglim,
Onamning ko‘ngliga ketamiz,
Onamning ko‘ngliga ketamiz.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:31:52

BARI BIR, VUJUDNING BILGANI - G`IRROM

Bari bir, vujudning bilgani — g‘irrom,
Ko‘ngilga solganing chindir, Xudoyim.
Boshqa dunyolarning otashi — xarom,
Meni bu dunyoda yondir, Xudoyim.

Yonmoq istayapman olovlaringda,
Rabbimo! Ko‘ksimga cho‘g‘ otib yubor.
Toblanib olayin sinovlaringda,
Uyg‘ongim kelyapti, uyg‘otib yubor.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:32:04

***

Mayli, jonim azob so‘rsin,
Qilgin ado, qilgan ado,
O‘lar bo‘lsam, ishq o‘ldirsin,
Ishq ber, Xudo! Ishq ber, Xudo!


***
Men nima ko‘ribman mushtday bosh bilan,
Bilmayman, nechada dunyoning yoshi.
O‘tib ketmasaydim ko‘zda yosh bilan,
Anglaganim, hayot — tegirmon toshi:
Aylanib-aylanib o‘taverarkan.

Axir, hammani ham siylagan Xudo,
Meni suprasidan quruq qo‘ymagan.
Ko‘ngil toza bo‘lsa, baxt unga oshno,
Yuaribir, yaxshining og‘zi kuymagan,
Uloq ham yaxshida ketaverarkan.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:32:16

MENI YONDIR

Meni yondir dedim — olovga tutding,
Zarra-zarramgacha yoniblar ketdim.
Har bir qadamimda sinovga tutding,
Qoqilib yashashga ko‘niblar ketdim.

Boshimni toshlarda yordim necha bor,
Nega uyg‘onmayman, mudrayman doim?!
O‘zing xohlamasang, barchasi bekor.
Odam qiladigan dard ber, Xudoyim!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:32:38

ENG ACHCHIQ BAHONA

Qorin tinch qo‘ymaydi — non topish kerak,
Tashvishlar sudraydi meni har tomon.
O‘zini esidan chiqardi Yurak
Yashashga vaqt qayda endi, Onajon?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:32:52

ODAMXO‘R

Onasini yeb bo‘ldi,
Otasini yeb bo‘ldi"¦
Endi"¦ o‘zini yemoqchi.

***
Nahot, diydam shunchalar qattiq,
Beshafqatsan, Hayot, beshafqat.
Hech kimim yo‘q o‘zimdan ortiq,
Onam uchun topolmayman vaqt.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:33:02

UMR

1

Kunlarimdan zerikib ketdim,
Dil yurtida sokinlik – poytaxt.
Endi qachon manzilga yetdim,
Imillaydi, vaqt o`tmaydi, vaqt.

2

Yillarimni boy berib qo`ydim,
Lahzalarda qolib ketdi Baxt.
Men o`zimni o`ldirib qo`ydim,
Tirilishga vaqt yetmaydi, vaqt!

Qayd etilgan