Behzod FAZLIDDIN
***
Tirikmasman, o‘lganga ham o‘xshamayman,
Najot so‘rab kelganga ham o‘xshamayman.
Yuragimni ajin bosdi — qarib ketdim,
Yigirmaga to‘lganga ham o‘xshamayman.
O‘zim uchun qo‘ygan bari shartim og‘ir,
Tushgan joyin quritadi — gardim og‘ir.
Men ertaga qayta tura olamanmi,
Jon olmasa ketmaydigan Dardim og‘ir.
Nurlarimni tunlar uchun zarba qildim,
Ko‘nglim uyin kimlar uchun Ka’ba qildim.
Suyaklarim zirqiradi — lazzatlanib
Tavba qildim, tavba qildim, tavba qildim.
Yana cho‘llab yotganimni bilarmikin,
Daryolarim ko‘kdan qaytib kelarmikin?
She’rlarimni elchi qilsam, dargohida
Eng odil Shoh meni qabul qilarmikin?
Tirikmasman, o‘lganga ham o‘xshamayman...