Behzod Fazliddin she'rlaridan  ( 27734 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:22:25

XULOSA

Hali tong keladi tunlarni otib,
O‘limni kuzatib qo‘yay yurtiga.
Bugunimga nima yozgansan, Kotib,
Kimning yuragiga boray ertaga?

Yillar g‘alvirida qancha elandim,
Bosib ketaverdi qorlar izimni.
Tomirlarimgacha Ishqqa ulandim,
Yuragimga surgun qildim o‘zimni.

Hali yellar bilan chopsa bo‘ladi,
Uzaytirish mumkin Baxtning umrini.
Hayotning ko‘nglini topsa bo‘ladi,
Kutib o‘tirmayman Vaqtning amrini.

Ajal ham zerikdi, shekilli, rosa,
Endi chaqirmasam, qaytib kelmaydi.
Milyonta dardimdan bitta xulosa:
O‘lib ko‘rmay turib yashab bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:22:41

O‘ZIMNI BER!

Xudoyim, o‘zimni o‘zimga bergin,
O‘zimdan boshqani sog‘inganim yo‘q.
Bulut to‘lib qolgan ko‘zimni ko‘rgin,
Yashash tugul hali tug‘ilganim yo‘q.

Yomg‘irlar Hayotdan bergaymi darak,
Hademay chaqmoq ham o‘tib ketadi.
Dunyoga bir Inson ovozi kerak,
Qachon yuragimni to‘lg‘oq tutadi?!                 

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:22:51

                   ***

Tomoqlarim qurib ketdi — cho‘llayapman,
O‘zi dilni qay ko‘lmakda ho‘llayapman.
Men bu galgi bahorni lol etmoqchiydim,
Ona, bugun sochingizda gullayapman.

Ishongandim, ko‘zlar meni sotib ketdi.
Ayamadi — so‘zlar meni otib ketdi.
Dardim bor-ku, nega buncha duduqlandim,
Zabonimni to‘tiqushlar yutib ketdi.

Yuzlarimda muhabbatning so‘qmoqlari,
Dunyolarni yoqmaydimi chaqmoqlarim?
Tuproq edim, tuproqlarga botib ketdim,
Gunohlarim o‘sayapti, gunohlarim.

Tutab-tutab ko‘k bag‘rini tig‘layapman,
Yuragimdan boshqa joyga sig‘mayapman.
Ko‘ksimdagi og‘riqlarim yolg‘onmidi,
Osmonlarni yig‘latolmay yig‘layapman.

Ona, menga nima bo‘ldi?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:23:05

SO‘ROQ

Dilni dilga yo‘llamay,
Yo‘lni yo‘lga ulamay.
Hech yo‘qsa, bir gullamay,
So‘lib ketaveraymi?

Tanda bor cho‘g‘im shu, deb,
Bandalik chog‘im shu, deb.
Mening bor-yo‘g‘im shu, deb,
Nolib ketaveraymi?

Ko‘klamlar nafasida.
Gullash arafasida
Toshlarning orasida
Qolib ketaveraymi?

Qanday kunga ko‘ndim-ay,
Ich-ichimdan sindim-ay.
Yoningizda indamay
O‘lib ketaveraymi,
Nega jimsiz?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:23:17

               ***
So‘zingni manzilga yetkazganim yo‘q,
Qachon ko‘ngillarni she’rga o‘rayman?
Tunlarimni halol o‘tkazganim yo‘q,
Tonglarning yuziga qanday qarayman?

Poklanib olgani Nur kerak menga,
Shaytonning qo‘lida chirmanda qilma.
Xudoyim, eng go‘zal she’r kerak menga,
Tonglarning oldida sharmanda qilma!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:23:43

IKKI DUNYODA HAM...

Xatolarda yana qaytalanmasdan,
Yolg‘on dunyo uchun foydalanmasdan,
Duch kelgan sinovda maydalanmasdan,
Dardlarning qo‘lida katta bo‘lsaydim.

Hayot — ko‘kdan kelgan muborak xat, deb,
Ertangi saodat bugun zahmat, deb,
Balolar yog‘ilsa, obi rahmat, deb,
Azobini suvday yuta bilsaydim.

Ko‘zim xira tortsa, nur berib tursa,
Mening o‘rnimga ham gul terib tursa,
Ko‘nglimning uyini supurib tursa...
Umid qizlariga ota bo‘lsaydim.

Yo, Rab! Shuncha og‘riq bir jonimda jam,
Meni mingga bo‘lib qo‘ymasmi g‘ussam?
Ikki dunyoda ham ikkilanmasam,
Ikki dunyoda ham bitta bo‘lsaydim...

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:23:54

YIGIRMA BIRINCHI BAHOR

Daraxtlar qaytadan uyg‘onib bo‘ldi,
Bu yildan qushlarning umidi katta.
Bugun manov nihol to‘rt yoshga to‘ldi,
Gullash yarashadi unga, albatta.

Ko‘karish payida turibdi xaslar,
Kurtaklar hayotga bo‘y cho‘zayotir.
Toshlar bag‘rida ham bahoriy hislar,
Barchasi mo‘’jiza, mo‘’jiza, axir...

Qara, shundoqqina yoningda bahor,
Osmon gullab bo‘ldi, gulladi Zamin.
Hozir yuragingda qorga nima bor,
Sen qachon gullaysan, Behzod Fazliddin?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:24:15

OYGA TEGMANG

Nima qilsam, Oyni boshqa yig‘latmaysiz.
Nima qilsam, tinch qo‘yasiz osmonlarni?
Nima qilsam, yulduzlarga tosh otmaysiz,
Nima qilsam, o‘ldirmaysiz jayronlarni?

Birga Haqning ayvoniga boradi, deb,
Qaldirg‘ochlar qo‘llarimdan tutib olgan.
Hech bo‘lmasa, panoh so‘rab beradi, deb,
Oyog‘imga kiyikchalar yotib olgan...

Yomonlarga pastlagim yo‘q, asli, lekin,
Giyohlarning nomlaridan qo‘l so‘rayman.
Hali kechmas, hali yana sevish mumkin,
Men gullarning ko‘ngli uchun yo‘l so‘rayman.

Nurga qayting — ro‘yolarni ketkazasiz,
Yeru ko‘kning tinchi uchun boshlandi jang.
Bu ketishda umringizni yutqazasiz,
O‘zingizga shafqat qiling — Oyga tegmang.

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:24:30

QAYGA HAM BORARDIM?

Xayolning otida Oyga boraman,
Qushlar yetolmagan joyga boraman.
Sal o‘tmay, baribir, qulab tushgayman —
Ushoqcha dard bilan qayga boraman?!

Qayd etilgan


shoir  23 Sentyabr 2007, 17:24:44

QACHONLARDIR...

Qachonlardir men ham Odam bo‘lganman,
Qachonlardir men ham farishta edim.
Shu paytgacha havo so‘rab kelganman,
Bugun huzuringga Nur so‘rab keldim.

Nimaga o‘zimga hushyor emasman,
Qara, lahzalarim bormoqda sinib.
Nahot, yorilishga tayyor emasman,
Nahot, yashayverish kerak xo‘rsinib?!

Nurlar tushmaydigan joyda qolganman,
Yana Oyga qarat, Quyoshga qarat.
To‘kilib bo‘lganman, tugab bo‘lganman,
Meni tuproqqa sol — qaytadan yarat.

Qachonlardir men ham Odam bo‘lganman...

Qayd etilgan