KO‘ZINGIZNI BERIB TURING…
Yolg‘izginam, farishtaga tenglikkinam,
Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay.
Ikkimizning dardimiz bir, munglikkinam,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Men boshimni urmagan bir tosh qolmadi,
Rostin aytsam, yuragimda dosh qolmadi.
Qurib qolgan kiprigimda yosh qolmadi,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Uzun-uzun armonlarim chiqib ketsin,
Zardoblarim ko‘z yosh bo‘lib oqib ketsin.
Qalbimga bir qizg‘aldoqlar boqib ketsin,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Men shabnamman, g‘uborlarga qo‘nolmayman,
Yo gul bo‘lib tosh yurakda o‘nolmayman.
Ko‘nolmayman, bu dardlarga ko‘nolmayman,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Quzg‘unlarning qilig‘idan zorim keldi,
Tog‘ qalbimga nafrat degan orim keldi,
O‘zim bo‘lib yig‘lolmayman, orim keldi,
Keling, Sizning ko‘zingizda yig‘lab olay,
Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay.