Muallif Mavzu: Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 491784 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 8 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

AbdulAziz

  • Forum Administratori
  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 6942
  • -oldi: 12022
  • Xabarlar: 20367
  • Jins: Erkak
  • Sevelim, sevilelim. Yunus Emre
    • Ziyo Uz
« So'nggi tahrir: 19 Yanvar 2012, 14:03:51 muallifi AbdulAziz »
Ilm o'rganish - Allohdan qo'rqish, uni talab qilish - ibodat, izlash - jihod, bilmaganga o'rgatish - sadaqa, uni o'z ahliga o'rgatish - Allohga qurbatdir. Ilm - tanholikda hamroh, hilvatda - do'st, to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi - dalil, begonlar oldida - eng sodiq do'st, Jannat yo'lining minorasidir.
Hazrati Umar ibn Hattob r.a.

Rahmatnoma


Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #1 : 08 Avgust 2006, 07:25:51 »


FOTIHA SURASI

Yetti oyatdan iborat bu sura Makkada nozil bo‘lgan. U «Fotiha», ya’ni «Ochuvchi sura» deb ataladi. Qur’ondagi suralarning joylashish tartibida avvalgi o‘rinda turgani va qisqa bo‘lishiga qaramasdan Qur’onning asosiy ma’no-mohiyatini o‘zida mujassam etgani uchun ham u Qur’on mazmunini «Ochuvchi» deb nomlangan. 

Bu surada yagona Allohga bo‘lgan e’tiqod, Uning o‘zigagina ibodat qilish, oxirat kuni borligiga ishonish, yolgiz Allohniig o‘zidan madad-yordam so‘rash, haq din va to‘g‘ri yo‘lni Uning o‘zigina ko‘rsata olishiga iymon keltirish kabi Islom dinining asosiy talablari o‘z aksini topgan. Shuning uchun bu surani «Ummul-Qur’on» — «Qur’onning onasi — asli» deb ham ataydilar.
 
1. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 

2-3-4. Hamdu sano butun olamlar Xojasi, Mehribon va Rahmli, jazo (qiyomat) kunining Egasi — Podshohi bo‘lmish Alloh uchundir. 

I z o h. Maqtov-olqishga haqdor bo‘lish uchun bashar olamiga podshoh bo‘lishning o‘zigina kifoya qilmaydi. Balki koinotdagi barcha sayyoralar va ulardagi bor jonli-jonsiz mavjudotning hammasi ustidan ilmu hikmat va rahm-shafqat bilan egalik qiladigan, bundan tashqari, oxiratdagi hisob-kitob kunida ham yagona podshoh bo‘lgan Alloh taolonig O’zigina hamdu sanoga loyiq zotdir. 

5. Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina madad so‘raymiz.

I z o h. Ya’ni, Sendan o‘zganing oldida boshimizni egmaymiz va Sendan o‘zgaga yordam so‘rab iltijo ham qilmaymiz. 

6-7. Bizlarni, g‘azabga duchor bo‘lmagan va haq yo‘ldan toymagan zotlarga in’om qilgan yo‘ling bo‘lmish — To‘g‘ri yo‘lga yo‘llagaysan.
 
I z o h. Mazkur zotlar — barcha payg‘ambarlar, haqiqiy iymon-e’tiqod egalari va o‘z aqidalari yo‘lida jonlarini fido qilgan kishilardir.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:34:03 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Rahmatnoma


Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #2 : 08 Avgust 2006, 07:26:38 »


BAQARA SURASI

Bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, ikki yuz sakson olti oyatdan iborat. U Qur’ondagi eng uzun suradir.
Bu surada e’tiqod, ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda va boshqa shariat hukmlari borasida so‘z ketadi. Bu suraning avvalida mo‘minlar, kofirlar, munofiqlar va iymonning haqiqati, kufr va nifoqning mohiyati bayon qilinadi. So‘ngra bashariyat otasi Odam alayhissalom qissasi zikr qilinib, u zot yaratilgan vaqtda bo‘lib o‘tgan ibratli voqea-hodisalardan xabar beriladi.

«Baqara» oyatlarining qariyb uchdan bir qismini «ahli kitoblar» (Tavrot va Injilga iymon keltirganlar), xususan yahudiylar haqidagi ma’lumotlar tashkil qiladi. Keyin sudxo‘rlik jinoyati to‘g‘risida ma’lumot berilib, Alloh va payg‘ambar bu jinoyatga qarshi urush e’lon qilganliklari uqtiriladi.

Suraning xotimasida esa mo‘minlarni Alloh taologa tavba-tazarru qilishga va uning O’zidangina madad tilashga chaqiriladi.

Bu sura nima uchun «Baqara» – «Sigir» surasi deb atalgan? Qadimda Bani Isroil qavmidan bo‘lgan bir kishi o‘ldiriladi. Ammo uning qotilini topa olmaydilar. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga: «Qavmingga aytgin, bir sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursinlar», deb buyuradi. Allohning buyrug‘ini bajo qilganlarida, haligi o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytadi. 

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, lom, mim.

I z o h. Qur’ondagi bir necha sura mana shunday yolg‘iz-yolg‘iz harflar bilan boshlanadi. Ko‘pchilik Islom ulamolari nazdida mazkur harflar «Xurufi muqattaot», ya’ni ma’nodan uzilgan harflar sanalib, ularning ma’nosi yagona Allohgagina ma’lum. Ulamolarning aytishlaricha, ilohiy mo‘‘jiza bo‘lgan bu Kitob odamlar oson o‘qib-anglab amal qilishlari uchun ular yaxshi taniydigan harflar bilan oson tushuniladigan qilib yuborilgan.
Lekin olimlar orasida «Alif — Alloh, Lom — Jabroil (Alloh bilan payg‘ambar o‘rtasidagi vositachi farishta), Mim – Muhammad alayhissalom», deb bu harflarga ma’no beruvchilar ham bor.


2-3. (Haq ekanligiga) hech qanday shak-shubha bo‘lmagan ushbu Kitob g‘oyibga ishonadigan, namozni to‘kis ado etadigan va biz rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qiladigan taqvoli kishilar uchun rahbar – yo‘lboshchidir.

4. Ular sizga nozil qilingan va sizdan ilgari tushirilgan narsalarga (dinlarga) iymon keltiradilar va oxirat kuniga aniq ishonadilar.

5. Parvardigorlari tarafidan hidoyat topganlar ana o‘shalardir va najot topguvchilar ham ularning o‘zidir.

I z o h. Bu oyatlarda Alloh taolo mo‘minlarniig sifatlarini bayon qildi. Endi o‘rtadagi farq aniq bo‘lishi uchun kofirlarni sifatlashga o‘tiladi.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:34:51 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #3 : 08 Avgust 2006, 07:26:53 »


6. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar esa xoh (Alloh azobidan) qo‘rqiting, xoh qo‘rqitmang, ularga barobardir — iymon keltirmaydilar.

7. Alloh ularning dillarini va quloqlarini muhrlab qo‘ygan. Ko‘zlarini esa parda qoplab olgan. Ular uchun buyuk azob bordir.


I z o h. Bundan bizga Islom dini nazarida mo‘min kim-u, kofir kim ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, g‘oyibga (Alloh, farishtalar... borligiga) ishonadigan, namozni to‘la-to‘kis ado etadigan, Tangri bergan ne’matlardan boshqalarga ehson — yaxshilik qiladigan, Qur’on va undan oldin kelgan boshqa ilohiy kitoblarga iymon keltiradigan va bu dunyodan boshqa yana bir dunyo — oxirat borligiga ishonadigan taqvoli (haromdan parhez qiluvchi) kishilargina mo‘minlar ekan. Kimda mazkur sifatlar topilmas ekan, u kofir bo‘ladi. Shu o‘rinda bizda yoyilgan bir aqida — ilgari mo‘min-musulmonlar yashab o‘tgan vatanda istiqomat qiladiganlarning barcha avlodlari mo‘min-musulmon degan aqida noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘ladi. Demak, har bir kishining mo‘min yo kofirligi uning iymon-e’tiqodi va amalda qiladigan ishiga qarab belgilanishi lozim ekan. Endi munofiqlar qanday kimsalar ekanini quyidagi oyatlardan bilib olamiz.

8. Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, o‘zlari mo‘min bo‘lmaganlari holda «Allohga va oxirat kuniga iymon keltirdik», deydilar.

9. Ular Allohni va iymonli kishilarni aldamoqchi bo‘ladilar va o‘zlari sezmaganlari holda faqat o‘zlarinigina aldaydilar.

10. Ularning dillarida maraz bor edi, bas Alloh marazlarini yanada ziyoda qildi. Ular uchun qilgan yolg‘onlari sabab alamli azob bordir.

11. Ularga: «Yer yuzida buzg‘unchilik qilmanglar», deyilsa, «Biz isloh qiluvchilarmiz», deydilar.

12. Ogoh bo‘lingizkim, ular albatta buzg‘unchilardir, lekin o‘zlari buni sezmaydilar.

13. Ularga: «Mana bu kishilardek iymon keltiringlar», deyilsa, «Shu pastkashlarga o‘xshab mo‘min bo‘lamizmi?» — deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, ularning o‘zlari tuban kimsalardir, lekin buni bilmaydilar.


I z o h . Islomni qabul qilgan zotlarning ko‘pchiligi kambag‘al-faqir kishilar va hatto Suhayb, Bilol kabi qullar edilar. Munofiqlar o‘zlaricha: «Mana shu zoti pastlarga o‘xshab mo‘min bo‘lamizmi?» — deyishar edi.

14. Iymon keltirgan zotlarga yo‘liqqanlarida: «Biz ham iymon keltirdik», deydilar. O’zlarining shaytonlari (boshliqlari) bilan xoli qolganda esa: «Biz albatta sizlar bilan birgamiz, faqat (ularning ustidan) kulmoqdamiz, xolos», deyishadi.

15. Alloh ularning ustidan kuladi va o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurishlarini davomli qiladi.

16. Ular haq yo‘lning o‘rniga zalolatni sotib olgan kimsalar bo‘lib, bu savdolarida foyda qilmadilar va to‘g‘ri yo‘lga yuruvchilardan bo‘lmadilar.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:35:11 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #4 : 08 Avgust 2006, 07:29:29 »


17. Ular misoli bir o‘t (mash’ala) yoquvchiga o‘xshaydilar. Endi olov atrofini yoritganida Alloh yorug‘likni ketkazib, ularni hech narsani ko‘rolmaydigan holda zulmatlarda qoldiradi.

18. (Ular) kar, soqov, ko‘rdurlar, demak (yo‘llaridan) qaytmaydilar.

19. Yoki ular chaqmoq, momoguldurak, qorong‘uliklar bilan osmondan quyayotgan yomg‘ir ostida yashindan qo‘rqqanlaridan panjalarini quloqlariga tiqib olgan hollarida o‘lim — halokatdan qochmoqchi bo‘lib turgan kimsalar kabidirlar. Alloh esa kofirlarni o‘rab olguvchidir.

20. Yashin ko‘zlarini ko‘r qilgudek bo‘ladi. U (atrofini) yoritganida yurib oladilar, o‘chganida turib qoladilar. Agar Alloh xohlasa quloq va ko‘zlarini yo‘q qilgan bo‘lur edi. Shubhasiz, Alloh har narsaga qodirdir.

21. Ey insonlar, sizlarni va sizlardan ilgari o‘tganlarni taqvo egalari bo‘lishingiz uchun yaratgan Parvardigoringizga ibodat qilingiz.

22. U zot sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo‘ydi va osmondan suv tushirib, uning yordamida sizlarga rizq bo‘lsin, deb mevalar chiqardi. Bas, bilib turib o‘zgalarni Allohga tenglashtirmang.

23. Agar biz bandamizga tushirgan narsadan (Qur’ondan) shak-shubhada bo‘lsangiz, u holda shunga o‘xshagan birgina sura keltiring va Allohdan o‘zga guvohlaringizni chaqiring – agar rostgo‘y bo‘lsangiz.

24. Endi agar bunday qilolmasangiz — hargiz qilolmaysiz ham — u holda odamlar va toshlar o‘tin bo‘ladigan, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing.


I z o h. Kufr ahli uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zax zikr qilingandan keyin ahli iymon uchun mukofot qilib beriladigan jannat ta’riflanadi. Zotan Qur’onning uslubi shunday: yomon bilan yaxshi, do‘zax bilan jannat, rohat bilan azob, xitob bilan itob (tanbeh) aksari hollarda yonma-yon zikr etiladi.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:35:34 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #5 : 08 Avgust 2006, 07:30:08 »


25. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor. Qachon o‘sha bog‘larning biror mevasidan bahramand bo‘lsalar, «Ilgari tatib ko‘rgan narsamiz-ku», deyishadi. Zero ularga surati bir-biriga o‘xshash mevalar beriladi. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar.

I z o h. Bu oyatda dunyo baxt-saodati bilan oxiratdagi jannatning farqi ifodalangan: ehtimol, bu dunyoda ham jannatdek bog‘larda turli noz-ne’matlardan bahramand bo‘lib, pokiza umr yo‘ldoshlari bilan baxtiyor umr kechirayotgan kishilar kam emasdir. Lekin bu baxtli hayotning birgina nuqsoni borki, u ham bo‘lsa bir kuni tugab qolishidir. Jannatning fazilatlaridan biri uning boqiyligidir. Faqat bu boqiy hayotga yetish uchun foniy dunyoda iymon-e’tiqod bilan yaxshi amallar qilib yashash shartdir.

26-27. Alloh chivin yoki undan-da haqir narsalar haqida masal aytishdan hech tortinmaydi. Iymonli kishilar uning (masalning) haqiqatan Parvardigorlari tarafidan ekanini biladilar. Kofirlar esa: «Buni misol qilish bilan Alloh nima demoqchi?» — deydilar. Bu masal sabab (Alloh) ko‘plarni adashtiradi va ko‘plarni haq yo‘lga hidoyat qiladi. Bu masal sabab faqat Allohning aniq ko‘rsatmalarini buzadigan, U bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan fosiq kimsalarnigina adashtiradi. Ular, shubhasiz, ziyon ko‘rguvchilardir.

I z o h. Qur’onda asalari, chivin, o‘rgimchak, chumoli kabi mayda jonivorlarning ibratli tomonlarini ko‘rsatib beradigan masallar kelganida, ba’zi birovlar: «Bu kitob ilohiy kitob bo‘lganida bunday mayda-chuyda hasharotlar haqida gapirilmagan bo‘lardi», deyishdi. Shunda Tangri taolo o‘sha hasharotlarni yaratishga uyalmagani, binobarin ularni misol qilishdan ham hech qachon or qilmasligini bayon etib, mazkur oyatlarni nozil qildi.

«Allohning aniq ko‘rsatmalari» — Muhammad payg‘ambarning kelishi va unga iymon keltirish lozimligi Tavrot, Injil va boshqa samoviy kitoblarda ham aniq ko‘rsatilgan edi.

«U bog‘lanishiga buyurgan narsalar» — ota-onaga oq bo‘lmasdan ularning rizoligini olish, qarindosh-urug‘chilik rishtalarini mahkam tutish va boshqa mo‘min-musulmonlar bilan mehr-oqibatli bo‘lish kabilardir. «Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurish» - odamlar orasida fitna-fasod qo‘zg‘ash, iymon-e’tiqod yo‘llariga to‘sqinlik qilish va boshqa buzuq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish, degan ma’noni anglatadi.


28. O’lik tanangizga jon bergan, keyin o‘lim beradigan, so‘ngra yana tiriltirganidan keyin O’ziga qaytajagingiz — Allohni qanday inkor qilasiz-a?

29. U shunday zotki, siz uchun Yerdagi barcha narsani yaratdi. So‘ngra samoga yuzlandi-da, ularni yetti osmon qilib tikladi. U hamma narsani bilguvchidir.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:35:59 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #6 : 08 Avgust 2006, 07:30:50 »


30. Eslang, (ey Muhammad), Parvardigoringiz farishtalarga: «Men Yerda (Odamni) xalifa qilmoqchiman», deganida ular aytdilar: «U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsani (xalifa) qilasanmi? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz». (Alloh) aytdi: «Men sizlar bilmagan narsalarni bilaman». 

31. Va U zot Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi. So‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qilib dedi: «Agar xalifalikka biz haqdormiz, degan so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning ismlarini Menga bildiring!»

32. Ular aytdilar: «Ey pok Parvardigor, biz faqat Sen bildirgan narsalarnigina bilamiz. Albatta, Sen o‘zing ilmu hikmat sohibisan».

33. (Alloh); «Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini bildir», dedi. (Odam) ularga barcha narsalarning ismlarini bildirganidan keyin (Alloh) aytdi: «Sizlarga, Men Yeru-osmonlarning sirlarini va sizlar oshkor qilgan va yashirgan narsalarni bilaman, demaganmidim?»

34. Eslang, (ey Muhammad), Biz farishtalarga Odamga ta’zim qiling deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat Iblis kibr va or qilib — kofirlardan bo‘ldi.

35. Va aytdik: «Ey Odam, siz juftingiz bilan jannatni maskan tuting va undan xohlagan joylaringizda bemalol taomlaning. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangki, u holda zolimlardan bo‘lib qolasiz».

36. Bas, ularni shayton yo‘ldan ozdirib, maskanlaridan chiqardi va aytdik: «Tushingiz (jannatdan yerga)! (Sizlar) bir-biringizga dushmansiz. Endi ma’lum vaqtgacha (ajallaringiz yetguncha) Yerda maskan tutib yashaysiz».

37. Keyin, Odam Parvardigor tarafidan bir necha so‘zlar (farmonlar) qabul qilib olganidan so‘ng Alloh uning tavbasini qabul qildi. Albatta U tavbalarni qabul qilguvchi mehribon zotdir.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:36:21 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #7 : 08 Avgust 2006, 07:31:25 »


38. «U joydan (jannatdan) hammangiz tushing», dedik. «Bas, sizlarga Men tarafdan hidoyat kelganida, shu haq yo‘lga ergashgan kishilarga xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar».

39. Oyatlarimizni inkor qilib, yolg‘on degan kimsalar esa do‘zax egalari bo‘lib, unda abadiy qolajaklar.


I z o h . Yuqoridagi oyatlardan bizga Odamzod Tangrining Yerdagi sir-asrorini biladigan xalifasi ekani va hatto begunoh farishtalar ham unga ta’zim qilishlari ma’lum bo‘lgani kabi Shaytonning so‘ziga kirish uni jannatdan mahrum qilgani, endi Yerda tinch, osoyishta yashash uchun shaytoni la’inning vasvasalariga uchmaslik zarurligi uqtiriladi.

Endi, Odamzodning koinotdagi eng aziz va mukarram zot ekani bayon qilinganidan keyin so‘z bani Isroil (Isroil — Ya’qub payg‘ambarning nomlaridan biri, bani Isroil — Isroil bolalari deyilganda yahudiylar tushuniladi) haqida ketadi. Ularning kim ekanliklari, qilmishlari va topajak oqibatlari haqidagi batafsil hikoyada (40-141- oyatlar) aql egalari uchun ibratlar bordir.


40. Ey bani Isroil, sizlarga in’om qilgan ne’matimni eslang va Menga bergan va’da — ahdga vafo qiling. Shunda Men ham ahdga vafo qilaman. Va mendangina qo‘rqinglar.

41. Sizlardagi narsani (Tavrotni) tasdiq etgan holda nozil qilgan narsam (Qur’onga) iymon keltiringiz. Uni birinchi inkor qiluvchilardan bo‘lmangiz. Va oyatlarimni qiymati oz narsalarga almashtirmanglar va Mendangina ehtiyot bo‘linglar.

42. Haqni botilga aralashtirmanglar va bilgan holingizda haqni berkitmanglar.

43. Namozni to‘kis ado qiling, zakotni bering va ruku qilguvchilar bilan birga ruku qiling.

44. Odamlarni yaxshilikka chorlab, o‘zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o‘zlaringiz kitob (Tavrot) tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?

45-46. Sabr va salot (namoz o‘qish) bilan madad so‘ranglar. Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz, unga qaytajaklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir).

47. Ey bani Isroil, sizlarga in’om qilgan ne’matimni va sizlarni butun olamdan afzal qilgan paytimni eslanglar!

48. Birov birov tomonidan hech narsa o‘tay olmaydigan, hech kimdan oqlov qabul qilinmaydigan va (gunohlari uchun) evaz ham olinmaydigan – yordam berilmaydigan Kundan qo‘rqinglar!
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:36:48 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #8 : 08 Avgust 2006, 07:31:44 »


49. Sizlarni og‘ir azoblar bilan qiynagan, o‘g‘illaringizni so‘yib, xotinlaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslanglar. Ana o‘sha ishlarda Parvardigoringiz tomonidan buyuk sinov bordir.

50. Dengizni o‘rtasidan bo‘lib sizlarni qutqarib, ko‘z o‘ngingizda Fir’avn odamlarini g‘arq qilganimizni eslanglar.

51. Muso bilan qirq kechaga va’dalashganimiz, u (bizning huzurimizga) ketganidan keyin sizlar o‘zingizga zulm qilgan holingizda buzoqqa ibodat qilganingizni eslanglar.

52. So‘ngra, o‘sha ishlardan keyin ham shukr qilishingiz uchun sizlarni afv etgandik.

53. Sizlar haq yo‘lni topishingiz uchun Musoga kitob va Furqonni (ya’ni Tavrotni) berganimizni eslanglar.

54. Musoning o‘z qavmiga aytgan gaplarini eslang: «Qavmim, sizlar buzoqqa ibodat qilish bilan o‘zingizga zulm qildingiz. Endi o‘zingizni (bir-biringizni) o‘ldirish bilan sizni bor qilguvchi zotga tavba qilasiz. Bor qilguvchi zot nazdida mana shu (qatl) sizlar uchun xayrliroqdir». Bas, Alloh taolo tavbangizni qabul qildi, albatta U kechirimli, mehribondir.

55. Ey bani Isroil, eslang: «Ey Muso, Allohni ochiq-ravshan ko‘rmagunimizcha hargiz senga ishonmaymiz», deyishingiz bilan qarab turgan holingizda sizlarni chaqmoq urdi.

56. So‘ngra shukr qilishingiz uchun o‘lganingizdan keyin tiriltirdik.

57. Va bulutni ustingizga soyabon qildik va osmondan shirinlik va bedanalar yog‘dirib, «Sizlarga rizq qilib bergan pok narsalardan yenglar», (dedik). (Bani Isroil) Bizga zulm qilmadilar, balki o‘zlariga zulm qilguvchi bo‘ldilar.
« So'nggi tahrir: 08 Avgust 2006, 07:38:02 muallifi Muhammad »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #9 : 08 Avgust 2006, 07:32:10 »


58. «Ushbu qishloqqa (Quddusga) kiringlar-da, undan xohlagan joylaringizda yeb-ichinglar. Darvozadan sajda qilgan holingizda kiringlar va «afv et» denglar, biz xatolaringizni mag‘firat qilamiz va yaxshilik egalariga ziyoda ne’matlar ato qilamiz», deganimiznn eslanglar.

59. Shunda zolim kimsalar ularga aytilgan so‘zdan boshqa so‘zni almashtirib aytdilar. Bas, qilgan isyonlari oqibatida bu zolimlar ustiga Biz osmondan balo yog‘dirdik.

60. Eslang (ey bani Isroil), Muso o‘z qavmi uchun suv tilaganida: «Asoingni toshga urgin», dedik. Bas, undan o‘n ikki chashma otilib chiqdi — har bir qabilaga (ular o‘n ikki urug‘ edilar) o‘z suvi ma’lum bo‘ldi. «Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar, Yer yuzida buzg‘unchilik jinoyatlarini qilmanglar».

61. Eslang: «Ey Muso, bir xil taomga hech qanoat qila olmayapmiz. Parvardigoringga duo qil, bizga yerda unib-o‘sadigan sabzavotlardan, bodring, sarimsoq, mosh, piyozga o‘xshagan o‘simliklardan chiqarib bersin», deganingizda, u: «Yaxshi narsani past narsaga almashtirishni istaysizlarmi? Qaysi shaharga tushsangizlar so‘ragan narsalaringiz turibdi-ku?» — dedi. (Noshukrliklari sabab) ularga xorlik va miskinlik yozib qo‘yildi va Allohning g‘azabiga duchor bo‘ldilar. Bunga sabab ularning Alloh oyatlarini inkor qilganlari va Payg‘ambarlarni nohaq qatl qilganlaridir. Bunga sabab itoat qilmay tajovuzkor bo‘lganlaridir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #10 : 08 Avgust 2006, 07:32:43 »


62. Albatta, iymon keltirgan zotlar, yahudiy bo‘lganlar, nasroniylar va sobiiylar (farishtalarga sig‘inuvchilar) — (ulardan) qaysilari (avval qaysi dinda bo‘lganlaridan qat’i nazar, iymonga kelib, yolg‘iz) Allohga, oxirat kuniga ishonsa va yaxshi amallar qilsa, o‘shalarga Parvardigorlari huzurida ajr bordir va ular uchun xavfu xatar, g‘am-anduh yo‘qdir.

63. Eslang (ey bani Isroil), biz ahdu paymoningizni olgandik va ustingizda Tur tog‘ini ko‘tarib turib, «Keltirgan narsamizni (Tavrotni) mahkam ushlang va undagi bor narsani yodingizda tuting — shoyad taqvo egalaridan bo‘lsangiz», degandik.

64. Keyin o‘sha ahdu paymondan keyin yuz o‘girdingiz. Agar sizlarga Allohning fazlu karami bo‘lmaganda edi, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolar edingiz.

65. Orangizdan shanba kunida haddan oshgan kimsalarni bildingiz. Bas, Biz ularga: «Badbaxt maymunlarga aylaningiz», dedik.

66. Biz bu uqubatni o‘sha vaqt va keyingi davrlar uchun ibrat, taqvoli kishilar uchun mav’iza (nasihat) qildik.


I z o h . Yahudiylarga shanba kuni baliq ovlash man qilingan edi. Ulardan ba’zilari shanba kunlari baliqlarni qamab, qorong‘i tushishi bilan tutib oladigan bo‘ldilar. Mana shu jinoyatlari — o‘zlari uchun ulug‘ kun hisoblangan shanba kunida haddan oshganlari sababli mazkur jazoga mustahiq bo‘ldilar.
 
67. Eslang! Muso o‘z qavmiga: «Alloh bir sigir so‘yishlaringni buyurdi», deganida, ular: «Ustimizdan kulyapsanmi?» — dedilar. (Muso) dedi: «Unday johillardan bo‘lib qolishdan Alloh panoh berishini so‘rayman».

68. Ular dedilar: «Parvardigoringga duo qil, uning qandayligini bayon qilsin». (Muso) dedi: «U zotning aytishicha, u qari ham, yosh g‘unajin ham bo‘lmagan o‘rta bir sigirdir. Endi farmonni ado etinglar».

69. Ular dedilar: «Parvardigoringga duo qil. Uning rangini bayon qilsin». (Muso) aytdi: «U zotning aytishicha, u ochiq-mallarang sigir bo‘lib, ko‘rganlarning ko‘ngli chog‘ bo‘ladi».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #11 : 08 Avgust 2006, 07:38:22 »


70. Ular aytdilar: «Parvardigoringga duo qil, uning qandayligini bayon qilsin, bu mol bizga ishtibohli bo‘lib holdi. InshoAlloh, endi yo‘limizni topib olamiz». 

71. (Muso) aytdi: «U zotning aytishicha, u shunday sigirki, xor bo‘lib yer haydamaydi, u bilan (suv tashib) ekin sug‘ormaydilar, aybu nuqsonsiz, unda o‘z rangidan boshqa rang-bo‘yoq ham yo‘q». Ular: «Endi haqiqatni aytding», dedilar-da, uzoq mashaqqatlar chekib (o‘sha aytilgan sifatlarga ega bo‘lgan sigirni topib) so‘ydilar.


I z o h . Mazkur oyatlar mazmunidan bir hikmatni anglash mumkin: odam birovga ishonib e’tiqod qo‘yganidan keyin uning amr-farmonini darhol bajarishi lozim. Aks holda uning o‘ziga zarar bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi oyatlarda zikr qilingan kishilar ketma-ket bergan savollari natijasida shunday sifatli sigir so‘yshi lozim bo‘ldiki, ular bunday sigirni izlab topish uchun ozmuncha qiynalmadilar. Oxiri topganlarida uning egasi bo‘lgan kampir sigiri uchun juda qimmat narx — o‘sha sigirning terisi to‘la tilla talab qildi va ular bu narxga ko‘nishga majbur bo‘ldilar. Agar farmon bo‘lishi bilan darhol bir sigirni olib qurbon qilganlarida o‘zlariga oson bo‘lar edi.

72—73. Eslang (ey bani Isroil), bir jonni o‘ldirib qo‘yib, uning qotili kim ekani haqida janjallashib qolganingizda — holbuki, Alloh yashirgan narsalaringizni yuzaga chiqarguvchidir — «uni (maqtulni) so‘yilgan sigirning bir bo‘lagi bilan uringlar», degandik. Alloh o‘liklarni shu tariqa tiriltiradi va sizlarga fikr qilishingiz uchun o‘z oyatlarini ko‘rsatadi.

I z o h . Darhaqiqat, shunday qilishgach, haligi jasadga jon kirib, o‘zining qotili kim ekanligini aytadi.

74. So‘ngra — shunday mo‘‘jizalarni ko‘rgandan keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, u dillar tosh kabidir yoki undan-da qattiqroqdir. Zero, shunday toshlar borki, ulardan daryolar otilib chiqadi, yana shundaylari borki, yorilib, ichidan suv chiqadi, yana shundaylari ham borki, Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringdan g‘ofil emasdir.

75. Ularning iymonga kelishlariga orzumand bo‘lasizmi (ey mo‘minlar)? Holbuki ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshitadilar, so‘ngra, uni anglab yetganlaridan keyin bilib turib o‘zgartiradilar.

76. Ular iymonli kishilarga yo‘liqqanlarida: «Iymon keltirdik», deydilar. Bir-birovlari bilan yolg‘iz qolganlarida esa: «Ularga (musulmonlarga) Alloh sizlarga ochgan narsa haqida gapiryapsizlarmi? O’sha hujjat bilan Parvardigoringizning huzurida hujjatlashishlari uchun-a? Aqlingizni ishlatmaysizmi?» — deyishadi.


I z o h. Ya’ni, musulmonlarga «Tavrot kitobida kelgan Muhammad payg‘ambar haqidagi gaplarni gapiryapsizmi? Bu axir oxiratda o‘zingizning zararingizga hujjat bo‘ladi-ku?» — deyishdi.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #12 : 08 Avgust 2006, 07:38:40 »


77. Alloh, shubxasiz, ularning yashirgan narsalarini ham, oshkor qilgan narsalarini ham bilguvchi ekanini bilmaydilarmi?

78. Ularning ichida kitobdan bexabar, faqat xom xayollarnigina biladigan omiylari ham borki, ular faqat gumon qiladilar, xolos.

79. O’z qo‘llari bilan kitob yozib, so‘ngra ozgina qiymatga sotish uchun: «Bu kitob Alloh huzuridan keldi», deydigan kimsalarga halokat bo‘lg‘ay, bas, yozgan narsalari ularga xalokat bo‘lg‘ay, topgan foydalari ularga halokat bo‘lg‘ay.

80. Yahudiylar: «Bizlarga do‘zax o‘ti sanoqli kunlardagina tegadi», dedilar. Ularga ayting: «(Ey Muhammad), Allohdan ahdu paymon oldingizmi — zotan, Alloh hargiz ahdiga xilof kilmaydi — yoki Alloh haqida bilmagan narsalaringizni aytyapsizmi?»

81. Yo‘q! Kimda-kim yomonlik kasb qilsa va gunohga o‘ralib qolsa, ana o‘shalar do‘zax egalaridir. Ular o‘sha joyda abadiy qolajaklar.

82. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlar esa jannat egalari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolguvchilardir.

83. «Faqat Allohgagina ibodat qilasizlar, ota-ona, qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasizlar. Kishilarga chiroyli so‘zlar so‘zlangiz va namozni to‘kis ado qiling, zakotni bering», deb bani Isroildan ahdu paymon olganimizni eslanglar. Keyin esa (ey bani Isroil) ozgina kishidan tashqari hammangiz yuz o‘girgan holda ketdingiz.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #13 : 08 Avgust 2006, 07:38:59 »


84. Eslang, «Bir-biringizning qoningizni to‘kmaysiz, bir-birovlaringizni diyorlaringizdan haydamaysiz», deb ahdu paymoningizni olgandik, so‘ngra (Islom kelgan davrda) o‘zingiz guvoh bo‘lganingiz holda bunga iqror bo‘lgandingiz.

85. Keyin esa sizlarning o‘zingiz bir-biringizni o‘ldirmoqdasiz, o‘z toifangizdan bo‘lgan bir guruhni diyorlaridan haydab, ularning ustida gunox va zulm bilan bir-biringizga hamkorlik qilmoqdasiz. Agar ular sizlarga asir holda kelishsa, tovon to‘lab qutqarib ham olasiz. Holbuki, ularni xaydash sizlarga harom qilingan edi. Yo kitobning (Tavrotning) bir qismiga ishonib, bir qismini inkor qilasizmi? Oralaringdan kim bu ishni qilsa, uning jazosi bu dunyoda rasvo bo‘lish, qiyomat kunidan esa qattiq azobga duchor qilinadilar. Alloh qilayotgan ishlaringdan g‘ofil emasdir.

86. Ana o‘shalar oxirat o‘rniga dunyo hayotini sotib olgan kimsalardir. Bas, azoblari yengillatilmaydi va ularga yordam ham berilmaydi.


I z o h . Yahudiy qabilalaridan Banu Qurayza Avs nomli arab qabilasi bilan, Banu Nazr degan yahudiy qabilasi esa Avsning dushmani bo‘lgan Hazraj deb ataladigan arab qabilasi bilan ittifoqdosh edi. Qachon Avs bilan Hazraj o‘rtasida urush bo‘lsa, yahudiylar ham ittifoqdoshlari bilan birga urushga chiqib, o‘z dindoshlarining qonini to‘kib, mol-mulklarini talashar edi. Holbuki, dindoshlar bir-biri bilan urushib, qon to‘kishlari Tavrotda harom qilingandir. Endi, urush to‘xtaganidan keyin esa bir qabilaga ittifoqdosh bo‘lgan yahudiylar ikkinchi qabilaga ittifoqdosh bo‘lgan yahudiylardan asir tushganlar bo‘lsa tovon to‘lab qutqarib ham olardilar. Shuning uchun yuqoridagi oyatda: «Yo kitobning (Tavrotning) bir qismiga ishonib, bir qismini inkor qilasizmi?» — deyildi.

87. Albatta Biz Musoga kitob ato etdik. Undan keyin ham payg‘ambarlar yubordik. Iyso binni Maryamga hujjatlar berdik va uni Ruhul-quds (Jabroil) ila quvvatlantirdik. Har qachon bir Payg‘ambar sizlarga yoqmaydigan narsa (oyatlar) bilan kelsa, birovini yolg‘onchi deb, birovini o‘ldiraverasizlarmi?

88. «Dilimiz berk», dedilar. Yo‘q, aksincha, kufrlari sababli ularni Alloh la’natlagan. Bas, kamdan-kamlari iymon keltiradilar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #14 : 08 Avgust 2006, 07:39:16 »


89. Qachonki ularga Allohning huzuridan o‘zlarida bor narsani (Tavrotni) tasdiq etuvchi kitob kelganda – holbuki,  ilgari kofirlarga qarshi o‘sha kitobdan yordam kutardilar — bas, qachonki ularga o‘zlari bilgan narsa kelganda unga kofir bo‘ldilar. Kofirlarga Allohning la’nati bo‘lgay.

90. Alloh bandalaridan xoxlagan zotga o‘z fazlu karami bilan (vahiy) yuborishiga qarshi chiqib, Alloh nozil qilgan narsaga kofir bo‘lishlari sababli ular o‘zlarini eng yaramas narsaga sotdilar. Bas, g‘azab ustiga g‘azab bilan qaytdilar. Kofirlar uchun xor qiluvchi azob bordir.

91. Qachon ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga iymon keltiring», deyilsa, «Biz o‘zimizga nozil qilingan narsaga iymon keltiramiz», deydilar. Va undan keyin kelgan o‘zlaridagi narsani (Tavrotni) tasdiq etuvchi haq (kitob)ga kofir bo‘ladilar. Ayting (Ey Muhammad), «Agar mo‘min bo‘lgan bo‘lsangizlar, nima sababdan ilgari Allohning payg‘ambarlarini o‘ldirar edingizlar?»

92. Muso sizlarga ochiq xujjatlar keltirganidan keyin o‘zlaringizga zulm qilgan holingizda uning ketidan buzoqqa sig‘indingiz?

93. Eslang (ey bani Isroil), biz ahdu paymoningizni olgach, ustingizda Tur tog‘ini ko‘tarib turib: «Keltirgan narsamizni (dinimizni) mahkam ushlang va quloq soling», deganimizda, «Eshitdik va bo‘yinsunmadik», dedilar. Kofirliklari sabab ko‘ngillari faqat buzoqqa ibodat qilish bilan to‘ladi. Ayting: «Agar siz mo‘min bo‘lsangiz, iymoningiz sizlarni muncha yaramas narsalarga buyuradi?»
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

 

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

Muallif Muhammad AminBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 621
Ko'rilgan: 378002
So'nggi javob 07 Iyun 2009, 02:24:43
muallifi AbdulAziz
Qur'oni karim tafsir va tarjimalari

Muallif AbdulAzizBo'lim Islom

Javoblar: 6
Ko'rilgan: 22513
So'nggi javob 30 Oktyabr 2009, 18:41:42
muallifi yoqimtoyqiz
Qur'oni karim oyatlari rasmlarda

Muallif MuhammadBo'lim Islomiy media

Javoblar: 36
Ko'rilgan: 24245
So'nggi javob 02 Yanvar 2009, 17:29:09
muallifi zuhrahon
Qur'oni Karim mo'jizalari

Muallif RobiyaBo'lim Islomiy media

Javoblar: 17
Ko'rilgan: 14844
So'nggi javob 13 Aprel 2008, 00:32:30
muallifi lolo
Qur'oni karim nomlari

Muallif Muhammad AminBo'lim Islom

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 3756
So'nggi javob 13 Noyabr 2007, 11:13:48
muallifi Muhammad Amin