Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 857548 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:32:43



62. Albatta, iymon keltirgan zotlar, yahudiy bo‘lganlar, nasroniylar va sobiiylar (farishtalarga sig‘inuvchilar) — (ulardan) qaysilari (avval qaysi dinda bo‘lganlaridan qat’i nazar, iymonga kelib, yolg‘iz) Allohga, oxirat kuniga ishonsa va yaxshi amallar qilsa, o‘shalarga Parvardigorlari huzurida ajr bordir va ular uchun xavfu xatar, g‘am-anduh yo‘qdir.

63. Eslang (ey bani Isroil), biz ahdu paymoningizni olgandik va ustingizda Tur tog‘ini ko‘tarib turib, «Keltirgan narsamizni (Tavrotni) mahkam ushlang va undagi bor narsani yodingizda tuting — shoyad taqvo egalaridan bo‘lsangiz», degandik.

64. Keyin o‘sha ahdu paymondan keyin yuz o‘girdingiz. Agar sizlarga Allohning fazlu karami bo‘lmaganda edi, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolar edingiz.

65. Orangizdan shanba kunida haddan oshgan kimsalarni bildingiz. Bas, Biz ularga: «Badbaxt maymunlarga aylaningiz», dedik.

66. Biz bu uqubatni o‘sha vaqt va keyingi davrlar uchun ibrat, taqvoli kishilar uchun mav’iza (nasihat) qildik.


I z o h . Yahudiylarga shanba kuni baliq ovlash man qilingan edi. Ulardan ba’zilari shanba kunlari baliqlarni qamab, qorong‘i tushishi bilan tutib oladigan bo‘ldilar. Mana shu jinoyatlari — o‘zlari uchun ulug‘ kun hisoblangan shanba kunida haddan oshganlari sababli mazkur jazoga mustahiq bo‘ldilar.
 
67. Eslang! Muso o‘z qavmiga: «Alloh bir sigir so‘yishlaringni buyurdi», deganida, ular: «Ustimizdan kulyapsanmi?» — dedilar. (Muso) dedi: «Unday johillardan bo‘lib qolishdan Alloh panoh berishini so‘rayman».

68. Ular dedilar: «Parvardigoringga duo qil, uning qandayligini bayon qilsin». (Muso) dedi: «U zotning aytishicha, u qari ham, yosh g‘unajin ham bo‘lmagan o‘rta bir sigirdir. Endi farmonni ado etinglar».

69. Ular dedilar: «Parvardigoringga duo qil. Uning rangini bayon qilsin». (Muso) aytdi: «U zotning aytishicha, u ochiq-mallarang sigir bo‘lib, ko‘rganlarning ko‘ngli chog‘ bo‘ladi».

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:38:22



70. Ular aytdilar: «Parvardigoringga duo qil, uning qandayligini bayon qilsin, bu mol bizga ishtibohli bo‘lib holdi. InshoAlloh, endi yo‘limizni topib olamiz». 

71. (Muso) aytdi: «U zotning aytishicha, u shunday sigirki, xor bo‘lib yer haydamaydi, u bilan (suv tashib) ekin sug‘ormaydilar, aybu nuqsonsiz, unda o‘z rangidan boshqa rang-bo‘yoq ham yo‘q». Ular: «Endi haqiqatni aytding», dedilar-da, uzoq mashaqqatlar chekib (o‘sha aytilgan sifatlarga ega bo‘lgan sigirni topib) so‘ydilar.


I z o h . Mazkur oyatlar mazmunidan bir hikmatni anglash mumkin: odam birovga ishonib e’tiqod qo‘yganidan keyin uning amr-farmonini darhol bajarishi lozim. Aks holda uning o‘ziga zarar bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi oyatlarda zikr qilingan kishilar ketma-ket bergan savollari natijasida shunday sifatli sigir so‘yshi lozim bo‘ldiki, ular bunday sigirni izlab topish uchun ozmuncha qiynalmadilar. Oxiri topganlarida uning egasi bo‘lgan kampir sigiri uchun juda qimmat narx — o‘sha sigirning terisi to‘la tilla talab qildi va ular bu narxga ko‘nishga majbur bo‘ldilar. Agar farmon bo‘lishi bilan darhol bir sigirni olib qurbon qilganlarida o‘zlariga oson bo‘lar edi.

72—73. Eslang (ey bani Isroil), bir jonni o‘ldirib qo‘yib, uning qotili kim ekani haqida janjallashib qolganingizda — holbuki, Alloh yashirgan narsalaringizni yuzaga chiqarguvchidir — «uni (maqtulni) so‘yilgan sigirning bir bo‘lagi bilan uringlar», degandik. Alloh o‘liklarni shu tariqa tiriltiradi va sizlarga fikr qilishingiz uchun o‘z oyatlarini ko‘rsatadi.

I z o h . Darhaqiqat, shunday qilishgach, haligi jasadga jon kirib, o‘zining qotili kim ekanligini aytadi.

74. So‘ngra — shunday mo‘‘jizalarni ko‘rgandan keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, u dillar tosh kabidir yoki undan-da qattiqroqdir. Zero, shunday toshlar borki, ulardan daryolar otilib chiqadi, yana shundaylari borki, yorilib, ichidan suv chiqadi, yana shundaylari ham borki, Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringdan g‘ofil emasdir.

75. Ularning iymonga kelishlariga orzumand bo‘lasizmi (ey mo‘minlar)? Holbuki ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshitadilar, so‘ngra, uni anglab yetganlaridan keyin bilib turib o‘zgartiradilar.

76. Ular iymonli kishilarga yo‘liqqanlarida: «Iymon keltirdik», deydilar. Bir-birovlari bilan yolg‘iz qolganlarida esa: «Ularga (musulmonlarga) Alloh sizlarga ochgan narsa haqida gapiryapsizlarmi? O’sha hujjat bilan Parvardigoringizning huzurida hujjatlashishlari uchun-a? Aqlingizni ishlatmaysizmi?» — deyishadi.


I z o h. Ya’ni, musulmonlarga «Tavrot kitobida kelgan Muhammad payg‘ambar haqidagi gaplarni gapiryapsizmi? Bu axir oxiratda o‘zingizning zararingizga hujjat bo‘ladi-ku?» — deyishdi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:38:40



77. Alloh, shubxasiz, ularning yashirgan narsalarini ham, oshkor qilgan narsalarini ham bilguvchi ekanini bilmaydilarmi?

78. Ularning ichida kitobdan bexabar, faqat xom xayollarnigina biladigan omiylari ham borki, ular faqat gumon qiladilar, xolos.

79. O’z qo‘llari bilan kitob yozib, so‘ngra ozgina qiymatga sotish uchun: «Bu kitob Alloh huzuridan keldi», deydigan kimsalarga halokat bo‘lg‘ay, bas, yozgan narsalari ularga xalokat bo‘lg‘ay, topgan foydalari ularga halokat bo‘lg‘ay.

80. Yahudiylar: «Bizlarga do‘zax o‘ti sanoqli kunlardagina tegadi», dedilar. Ularga ayting: «(Ey Muhammad), Allohdan ahdu paymon oldingizmi — zotan, Alloh hargiz ahdiga xilof kilmaydi — yoki Alloh haqida bilmagan narsalaringizni aytyapsizmi?»

81. Yo‘q! Kimda-kim yomonlik kasb qilsa va gunohga o‘ralib qolsa, ana o‘shalar do‘zax egalaridir. Ular o‘sha joyda abadiy qolajaklar.

82. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlar esa jannat egalari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolguvchilardir.

83. «Faqat Allohgagina ibodat qilasizlar, ota-ona, qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasizlar. Kishilarga chiroyli so‘zlar so‘zlangiz va namozni to‘kis ado qiling, zakotni bering», deb bani Isroildan ahdu paymon olganimizni eslanglar. Keyin esa (ey bani Isroil) ozgina kishidan tashqari hammangiz yuz o‘girgan holda ketdingiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:38:59



84. Eslang, «Bir-biringizning qoningizni to‘kmaysiz, bir-birovlaringizni diyorlaringizdan haydamaysiz», deb ahdu paymoningizni olgandik, so‘ngra (Islom kelgan davrda) o‘zingiz guvoh bo‘lganingiz holda bunga iqror bo‘lgandingiz.

85. Keyin esa sizlarning o‘zingiz bir-biringizni o‘ldirmoqdasiz, o‘z toifangizdan bo‘lgan bir guruhni diyorlaridan haydab, ularning ustida gunox va zulm bilan bir-biringizga hamkorlik qilmoqdasiz. Agar ular sizlarga asir holda kelishsa, tovon to‘lab qutqarib ham olasiz. Holbuki, ularni xaydash sizlarga harom qilingan edi. Yo kitobning (Tavrotning) bir qismiga ishonib, bir qismini inkor qilasizmi? Oralaringdan kim bu ishni qilsa, uning jazosi bu dunyoda rasvo bo‘lish, qiyomat kunidan esa qattiq azobga duchor qilinadilar. Alloh qilayotgan ishlaringdan g‘ofil emasdir.

86. Ana o‘shalar oxirat o‘rniga dunyo hayotini sotib olgan kimsalardir. Bas, azoblari yengillatilmaydi va ularga yordam ham berilmaydi.


I z o h . Yahudiy qabilalaridan Banu Qurayza Avs nomli arab qabilasi bilan, Banu Nazr degan yahudiy qabilasi esa Avsning dushmani bo‘lgan Hazraj deb ataladigan arab qabilasi bilan ittifoqdosh edi. Qachon Avs bilan Hazraj o‘rtasida urush bo‘lsa, yahudiylar ham ittifoqdoshlari bilan birga urushga chiqib, o‘z dindoshlarining qonini to‘kib, mol-mulklarini talashar edi. Holbuki, dindoshlar bir-biri bilan urushib, qon to‘kishlari Tavrotda harom qilingandir. Endi, urush to‘xtaganidan keyin esa bir qabilaga ittifoqdosh bo‘lgan yahudiylar ikkinchi qabilaga ittifoqdosh bo‘lgan yahudiylardan asir tushganlar bo‘lsa tovon to‘lab qutqarib ham olardilar. Shuning uchun yuqoridagi oyatda: «Yo kitobning (Tavrotning) bir qismiga ishonib, bir qismini inkor qilasizmi?» — deyildi.

87. Albatta Biz Musoga kitob ato etdik. Undan keyin ham payg‘ambarlar yubordik. Iyso binni Maryamga hujjatlar berdik va uni Ruhul-quds (Jabroil) ila quvvatlantirdik. Har qachon bir Payg‘ambar sizlarga yoqmaydigan narsa (oyatlar) bilan kelsa, birovini yolg‘onchi deb, birovini o‘ldiraverasizlarmi?

88. «Dilimiz berk», dedilar. Yo‘q, aksincha, kufrlari sababli ularni Alloh la’natlagan. Bas, kamdan-kamlari iymon keltiradilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:39:16



89. Qachonki ularga Allohning huzuridan o‘zlarida bor narsani (Tavrotni) tasdiq etuvchi kitob kelganda — holbuki,  ilgari kofirlarga qarshi o‘sha kitobdan yordam kutardilar — bas, qachonki ularga o‘zlari bilgan narsa kelganda unga kofir bo‘ldilar. Kofirlarga Allohning la’nati bo‘lgay.

90. Alloh bandalaridan xoxlagan zotga o‘z fazlu karami bilan (vahiy) yuborishiga qarshi chiqib, Alloh nozil qilgan narsaga kofir bo‘lishlari sababli ular o‘zlarini eng yaramas narsaga sotdilar. Bas, g‘azab ustiga g‘azab bilan qaytdilar. Kofirlar uchun xor qiluvchi azob bordir.

91. Qachon ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga iymon keltiring», deyilsa, «Biz o‘zimizga nozil qilingan narsaga iymon keltiramiz», deydilar. Va undan keyin kelgan o‘zlaridagi narsani (Tavrotni) tasdiq etuvchi haq (kitob)ga kofir bo‘ladilar. Ayting (Ey Muhammad), «Agar mo‘min bo‘lgan bo‘lsangizlar, nima sababdan ilgari Allohning payg‘ambarlarini o‘ldirar edingizlar?»

92. Muso sizlarga ochiq xujjatlar keltirganidan keyin o‘zlaringizga zulm qilgan holingizda uning ketidan buzoqqa sig‘indingiz?

93. Eslang (ey bani Isroil), biz ahdu paymoningizni olgach, ustingizda Tur tog‘ini ko‘tarib turib: «Keltirgan narsamizni (dinimizni) mahkam ushlang va quloq soling», deganimizda, «Eshitdik va bo‘yinsunmadik», dedilar. Kofirliklari sabab ko‘ngillari faqat buzoqqa ibodat qilish bilan to‘ladi. Ayting: «Agar siz mo‘min bo‘lsangiz, iymoningiz sizlarni muncha yaramas narsalarga buyuradi?»

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:41:31



94. Ayting (ey Muhammad): «Agar Alloh huzurida oxirat diyori (jannat) boshqa odamlarsiz faqat sizlarniki bo‘lsa, u holda rostgo‘y bo‘lsangizlar, o‘lishni orzu qilinglar!»

95. Qilgan kirdikorlari sababli hargiz uni (o‘limni) orzu qilolmaydilar. Alloh zolimlarni bilguvchidir.

96. Ularning hatto mushriklardan ham hayotga (yashashga) ochko‘z kishilar ekanini ko‘rasiz, ularning ayrimlari ming yil umr ko‘rishni istaydilar. Holbuki, uzun umr uni azobdan uzoqlashtirmaydi. Axir Alloh qilayotgan amallarini ko‘rib turguvchidir.

97. Ayting (ey Muhammad): «Kim Jabroilga dushmang bo‘lsa, (U Allohga dushmandir). Zero u (Jabroil) Allohning izni bilan qalbingizga o‘zidan avvalgi kitoblarni tasdiq etadigan va mo‘minlarga hidoyat va xushxabar bo‘lgan Qur’onni nozil qildi.

98. Kim Allohga va uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo‘lsa, bas, albatta Alloh (bunday) kofirlarga dushmandir.

99. Haqiqatan Biz sizga ochiq oyatlar nozil qildik. U (oyatlarga) faqat fosiqlargina kofir bo‘ladilar.

100. Har qachon biron ahdga ahdlashsalar ulardan bir guruhi buzaveradimi? Haqiqatan ularning ko‘pi iymonsizlardir.
 
101. Qachon ularga Allohning huzuridan o‘zlaridagi narsani tasdiq etuvchi Payg‘ambar kelsa, kitob (Tavrot) berilgan kimsalardan bir guruhi Allohning kitobini (Qur’oni Karimni) hech narsa bilmagandek orqalariga otadilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:42:07



102. Va Sulaymon davridagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar. Va Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarga ergashadilar.— Holbuki, u farishtalar: «Biz faqatgina fitnamiz (ya’ni odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz), bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir bo‘lib qolma», demasdan turib hech kimga hech narsa o‘rgatmas edilar.— Va o‘shalardan (Horut va Morutdan) er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsalar o‘rganadilar. (Lekin) ular (yahudiylar) Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Va hech foydasiz, bil’aks zararli narsalarni o‘rganadilar. Axir (Allohning kitobi o‘rniga sehrni) almashgan kimsalarga oxiratda hech qanday nasiba yo‘q ekanini bilgan edilar-ku. Jonlarini naqadar yomon narsaga (ya’ni oxiratdagi mahrumlikka) sotganlarini bilsalar edi.

103. Agar ular iymonga kelib Allohdan qo‘rqsalar, Alloh tarafidan bo‘ladigan savob albatta yaxshiroq bo‘lishini bilsalar edi.


I z o h . Farishtalar odamlarga sehr o‘rgatishlarining o‘z hikmati bor. Rivoyat qilishlaricha, o‘sha davrda sehrgarlik juda rivojlangan ekan. Sehrgarlar ko‘payib, ularning ayrimlari hatto o‘zlarini payg‘ambar deb e’lon qilishgacha boradi. Shunda Tangri taolo ikki farishtasini yuboradi. Ular odamlarga turli sehrlarni o‘rgatishib, sehrgarlik o‘rganish mumkin bo‘lgan narsa ekani, payg‘ambarlik esa yolg‘iz Tangri tarafidan berilishini anglatadilar.

104. Ey mo‘minlar, «Ro’ino» demang. «Unzurno» denglar.

I z o h. Arab tilida har ikki so‘z «Bizga boqqin, qaragin» degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambar alayhis-salom Qur’on oyatlarini tilovat qilib berayotganlarida, mo‘minlar u kishiga: «Bizlarning holimizni rioya qilgin va oyatlarni shoshmasdan qayta-qayta o‘qigin», degan ma’noda «Ro’ino» der edilar. Lekin yahudiylar «ro’ino» so‘zining rioya qilmoq, boqmoq degan o‘zakdan chiqqanini bilganlari holda ko‘ngillari buzuqligi sababli «ruunat — yengiltak bo‘lmoq» degan o‘zakdan chiqadigan so‘zga o‘xshatib talaffuz qildilar. Shuning uchun Alloh taolo mo‘minlarga bu so‘zni ishlatmaslikni amr qildi.

Va (Allohning amr-nahiy-farmon-ta’qiqlariga) quloq soling! Kofirlar uchun alamli azob bor.

105. Na axli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) dan bo‘lgan kofirlar va na mushriklar sizga Parvardigoringiz tarafidan bir yaxshilik (ya’ni vahiy) tushishini istamaydilar. Alloh esa rahmat-marhamatini o‘zi xohlagan kishilarga xos qilib beradi. Alloh buyuk fazlu karam sohibidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:43:08



106. (Ey Muhammad), biron oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqarsak, undan yaxshirog‘ini yoki o‘shaning mislini keltiramiz. Alloh har narsaga qodir zot ekanini bilmadingizmi?

107. Yeru osmonlar yolg‘iz Allohning mulki ekanini va sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st yo yordam berguvchi yo‘q ekanini bilmadingizmi?

108. Yoki Payg‘ambaringizdan, ilgari Musodan so‘ralgan narsalarni so‘rashni istaysizmi (ey mo‘minlar)? Kim iymonga kufrni almashtirsa, albatta to‘g‘ri yo‘ldan adashadi.

109. Ahli kitoblarning ko‘pchiligi sizlarni, iymonli bo‘lganingizdan keyin (ya’ni hozir), ularning o‘zlariga ham haqiqat ochiq ravshan bo‘lganidan keyin hasad qilganlari sababli kufrga qaytarishni istaydi. Bas, Allohning farmoni kelgunicha ularni afv qiling va kechiring. Albatta, Alloh har narsaga qodirdir.

110. Namozni to‘kis ado qiling va zakotni bering! O’zingiz uchun nima yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, uni Alloh huzurida topajaksiz. Shubhasiz Alloh qilgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.

111. «Jannatga faqat yahudiy yoki nasroniy bo‘lganlar kiradi», deyishdi. (Ya’ni yahudiylar: «Biz kiramiz», deyishsa, nasroniylar: «Biz kiramiz», deyishdi.) Bu ularning xom xayollaridir. Ayting (ey Muhammad): «Agar rostgo‘y bo‘lsangiz, hujjat keltiring!»

112. Yo‘q, kim yaxshilik qilgan holida o‘zini Allohga topshirsa, uning uchun Alloh huzurida ajr bor va ular uchun xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:43:24



113. Yahudiylar: «Nasroniylar haq emaslar», deyishdi. Nasroniylar: «Yahudiylar haq emaslar», deyishdi. Holbuki ular (ya’ni yahudiylar ham, nasroniylar ham) kitob (ya’ni Tavrot, Injil) tilovat qiladilar, shuningdek, bilmaydigan kimsalar ularning gapiga o‘xshash gap aytdilar.

I z o h . Ya’ni Makkadagi mushriklar: «Muhammad haq emas», deyishdi.

Bas, ularning o‘zaro ixtilof qilib o‘tgan narsalari haqida Alloh qiyomat kunida hukm qiladi.

114. Allohning masjidlarini ularda Alloh ismi zikr qilinishidan to‘sadigan va ularni xarob qilish harakatida yuradigan kimsalardan ham zolimroq kim bor? Axir bu kimsalar uchun unday joylarga faqat qo‘rqqan hollarda kirish joiz edi-ku. Ular uchun bu dunyoda rasvolik, oxiratda esa buyuk azob bordir.

115. Mashriq ham, mag‘rib ham Allohnikidir. Bas, qay tarafga yuz bursangiz, o‘sha joy Allohning tarafidir. Shubhasiz Alloh (hamma tomonni) qamrab olguvchi bilimdondir.

116. «Allohning bolasi bor», dedilar. U zot bularning badgumonidan mutlaqo pokdir. Balki yer va osmonlardagi narsalar u zotga tegishlidirki, hammasi unga bo‘yinsunadi.

117. (U) yeru osmonlarni paydo qilguvchidir. Biror ishni hukm qilsa unga faqatgina «Bo‘l» deydi, xolos. Bas, u ish bo‘ladi.

118. Bilmaydigan kimsalar: «Alloh bizga gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi», deydilar. Ulardan ilgarigilar ham ularniig gaplariga o‘xshash gaplarni aytishgan edi. Dillari bir-biriga o‘xshaydi. Biz aniq ishonadigan qavm uchun oyatlarni aniq bayon qildik.

119. Albatta Biz sizni haq (din) bilan xushxabar eltguvchi va ogoxlantiruvchi qilib yubordik. Do‘zaxilar xususida siz mas’ul emassiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:43:39



120. Yahudiy va nasroniylar ularning diniga kirmaguningizcha hargiz sizdan rozi bo‘lmaydilar. Ayting: «Allohning yo‘ligina haqiqiy yo‘ldir». Qasamki, agar sizga qelgan haqiqiy bilimdan keyin ularning nafs-havolariga ergashsangiz, Alloh tarafidan sizga na bir do‘st va na bir yordam berguvchi bo‘lmaydi.

121. Biz kitob (ya’ni Tavrot, Injil) ato etgan zotlar orasida uni to‘g‘ri tilovat qiladigan kishilar ham bordirki, ana o‘shalar (Qur’onga) iymon keltirurlar. Va kimda-kim unga (Qur’onga) kofir bo‘lsa, o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir.

122. Ey bani Isroil, sizlarga in’om qilgan ne’matimni va sizlarni butun olamga afzal qilgan paytimni eslang.

123. Va birov birov tomonidan hech narsa o‘tay olmaydigan va hech kimdan evaz qabul qilinmaydigan, oqlov foyda bermaydigan va hech kimga yordam ham berilmaydigan kundan qo‘rqing!

124. Eslang: Ibrohimni Parvardigori bir necha so‘zlar bilan imtihon qilganida, ularni benuqson holda ado etdi. Shunda (Alloh taolo): «Albatta Men seni odamlarga imom qilguvchidirman», dedi. «Zurriyotimni ham-a?» - deb so‘radi u. (Alloh taolo) aytdi: «Mening bu ahdim (sening zurriyoting orasidagi) zolim kimsalarga yetmaydi».

125. Eslang: «Baytullohni odamlar uchun ziyoratgoh va tinch joy qildik va Ibrohimning (Ka’batullohni bino qilayotgan vaqtida) turgan o‘rnini namozgoh qilib oling, (dedik) va Ibrohim bilan Ismoilga: «Mening baytimni tavof qilguvchilar, o‘sha yerda ibodat qilib turuvchilar, ruku uchun pok tuting», deb buyurdik.

126. Eslang: Ibrohim: «Ey Parvardigor, bu shaharni tinch shahar qilgin va uning ahllaridan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarini turli mevalar bilan rizqlantirgin», deganida, Alloh taolo: «Kofirlarini ham bir oz foydalantirib, so‘ngra do‘zax azobiga duchor qilamanki, bu eng yomon oqibatdir», dedi.

Qayd etilgan