Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 830884 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:45:50



14. «Bizlar nasroniylarmiz», degan kimsalardan ham ahd-paymonlarini oldik. So‘ng o‘zlariga eslatma qilib berilgan narsalardan (ko‘p) hissasini unutdilar. Bas, ularning o‘rtalarida to qiyomat kunigacha bug‘zu adovatni avj oldirdik. Yaqinda Alloh ularga qilib o‘tgan «hunar»larining xabarini berajak.

15-16. Ey axli kitob, mana, elchimiz (Muhammad alayhis-salom) sizlar kitobingiz (Tavrot, Injil) orasidan yashirib kelgan (u zotning payg‘ambar bo‘lishlari va yana boshqa zarur masalalar xususidagi) ko‘p narsalarni sizlarga bayon etgan holda, (faqat sizlarning sirlaringizni ochib, sharmanda qilish uchungina ishlaydigan) ko‘p narsalarni tark etgan holda keldi. Sizlarga Alloh tarafidan Nur-Ochiq Kitob keldiki, Alloh u sababli o‘zining rizoligiga ergashgan zotlarni najot yo‘llariga hidoyat qilur va O’zi iznu irodasi bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va ularni To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur.

17. «Alloh — Masih binni Maryamdir», degan kimsalarning kofir bo‘lganliklari aniqdir. (Ey Muhammad), ayting: «Agar Alloh Masih binni Maryamni, uning onasini va yerdagi barcha kishilarni halok etishni istasa, kim Alloh tarafidan bo‘lgan narsani (baloni) qaytarishga ega bo‘la oladi?!» Osmonlar, Yer va ularning orasidagi bor narsalar Allohning mulkidir. U o‘zi istagan narsasini O’zi istagan suratda yaratur. Alloh hamma narsaga qodirdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:46:21



18. Yahudiy va nasroniylar: «Biz Allohning suyukli bolalarimiz», dedilar. Ayting: «U holda nega sizlarni gunoxlaringiz sababli azoblaydi?! Yo‘q! Sizlar ham U yaratgan barcha odamlar kabi odamsizlar. O’zi istagan kishisini mag‘firat qilur, istagan kishisiga azob berur». Osmonlar, Yer va ularning orasidagi bor narsalar Allohning mulkidir. Faqat uning O’ziga qaytilur.

19. Ey ahli kitob, mana, elchimiz (Muhammad alayhis-salom) avvalgi payg‘ambarlardan ancha zamon o‘tib: «Bizga na biron (jannat haqida) xushxabar berguvchi va na biron (do‘zax azobidan) qo‘rqitguvchi kelmagan», demasliklaringiz uchun sizlarga din hukmlarini bayon qilgan holda keldi. Mana, sizlarga xushxabar berguvchi va (do‘zaxdan) qo‘rqitguvchi bo‘lgan zot keldi. Alloh hamma narsaga qodirdir!

20. Eslang (ey Muhammad), Muso qavmiga: «Ey qavmim, Allohning sizlarga bergan ne’matini — orangizdan payg‘ambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlardan biron kishiga bermagan in’omlarini sizlarga ato etganini yodga olingiz. 
21-22. Ey qavmim, Alloh sizlar uchun yozib qo‘ymish bu Muqaddas yerga (shaharga) doxil bo‘lingiz! Ortlaringizga qaytib ketmangiz, aks holda ziyon ko‘rguvchilarga aylanib qolursiz», deganida ular: «Yo Muso, u yerda zo‘ravon odamlar bor. To ular chiqmagunlaricha biz u yerga zinhor kira olmagaymiz. Agar ular chiqib ketsalargina biz doxil bo‘lurmiz», dedilar.

23. (Shunda o‘n ikki boshlik orasidan) Allohdan qo‘rqadigan va uning in’om-marhamatiga muyassar bo‘lgan ikki kishi: «Ularning ustiga darvozadan to‘satdan kiringiz, undan kirib olishingiz bilanoq shubhasiz g‘olib bo‘lursiz. Agar mo‘min bo‘lsangizlar, yolg‘iz Allohgagina suyaninglar!» dedilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:46:59



24. (Qavm) aytdi: «Yo Muso, modomiki ular shu joyda ekan, biz hech qachon kira olmagaymiz. Bas, borgin, sen o‘zing va Parvardigoring ular bilan urishaveringlar. Biz esa mana shu yerda o‘tirib kuturmiz».

25. Muso aytdi: «Parvardigorim, men faqat o‘zimga va birodarim (Xorunga) egaman, xolos. Bas, O’zing biz bilan bu itoatsiz qavmning orasini ajratgin».

26. Alloh dedi: «Endi qirq yil mobaynida bu yer ular uchun haromdir. Ular yerda (sahrolarda) adashib-uloqib yururlar. Sen bu itoatsiz qavm (qilmishi)dan mahzun bo‘lmagin».

27. (Ey Muhammad), ularga Odamning ikki o‘g‘li haqidagi xabarni haqqirost tilovat qiling. O’shanda u ikkovi qurbonlik qilganlarida (qurbonliklari) birovlaridan qabul qilingan, ikkinchilaridan qabul qilinmagan edi. Shunda u «Qasamki, seni o‘ldirurman», deganida, birodari aytdi: «Alloh faqat taqvodorlardangina (qurbonliklarini) qabul qilur».


I z o h . Mufassirlar (Qur’onni tafsir, sharh qiluvchilar) yozishlaricha, voqea bunday bo‘lgan: Odamning ikki o‘g‘li Qobil va Hobil bir qizni talashib qoladilar. Shunda Odam ularga Tangri yo‘lida qurbonlik qilishni buyuradi va kimning qurbonligi Tangri dargohida qabul bo‘lsa, qizni o‘shanga nikohlab berishni aytadi. (Uning qabul bo‘lganining alomati — osmondan o‘t — chaqmoq tushib yondirib ketishi edi). Ular bu shartni qabul qildilar va Qobil o‘zining kasbi dehqonchilikdan eng sifatsiz — bemazasini topib, qurbonlik qiladi. Hobil esa qo‘ylari orasidan (u chorvador edi) eng yaxshi bir qo‘chqorni tanlab qurbonlik qiladi. Shunda Hobilning qurbonligi qabul qilingani ma’lum bo‘ladi. Bundan g‘azabga kelgan Qobil o‘z inisini o‘ldirmoqchi bo‘ladi.

28. Qasamki, agar sen meni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zsang, men seni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zguvchi emasman. Chunki men butun olamlar Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqaman.

29. Men seni mening gunohim hamda o‘zingning gunohing bilan qaytib, do‘zax egalaridan bo‘lib qolishingni istayman. Zolimlarning jazosi shudir.

30. Bas, nafsi unga o‘z birodarini o‘ldirishni chiroyli qilib ko‘rsatib (Qobil) uni o‘ldirdi va ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qoldi.

31. So‘ngra Alloh unga birodarining murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yer titadigan bir qarg‘a yubordi. U: «Menga o‘lim bo‘lsin, mana shu qarg‘achalik bo‘la olmadimmi — birodarimning murdasini o‘zim ko‘ma olmadimmi?!» deb nadomat qilguvchilardan bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:47:32



32. Ana o‘sha (fojea) sababli Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) yozib qo‘ydik: kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, guyo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa), demak; go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi. Ularga (Bani Isroilga) payg‘ambarlarimiz mana shunday hujjatlar keltirdilar. Shundan keyin ham ulardan ko‘plari yer yuzida (qon to‘kish bilan) haddan oshib yurguvchidirlar.

I z o h: Mazkur oyatda Islomning insonparvarligi ko‘zga tashlanadi. Ya’ni bir kishini nohaq o‘ldirish butun jamiyatni o‘ldirish, bir kishini halokatdan saqlab qolish esa butun jamiyatni asrab qolishdir, deb ta’kidlanadi.

33. Albatta, Alloh va payg‘ambariga qarshi urushadigan va yerda buzg‘unchilik qilish harakatida yuradigan kimsalarning jazosi — o‘ldirilish yo dorga osilish,  yoki oyoq-qo‘llari teskarisiga  (ya’ni o‘ng qo‘l va chap oyoq yoki chap qo‘l bilan o‘ng oyoq) kesilishi, yoxud o‘z  yerlaridan  surgun  qilinishlaridir.  Bu  jazo  ular  uchun bu dunyoda rasvolik — sharmandalik bo‘lur. Oxiratda esa ular uchun ulug‘ azob bordir.

34. Magar sizlar qodir bo‘lishingizdan (qo‘lga tushishlaridan) ilgari tavba qilgan kishilar bo‘lsa, bilingizki, Alloh mag‘firatli, mehribon zotdir.

35. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz  va  Unga  yaqin bo‘lish  yo‘lini  izlangiz  hamda  Uning yo‘lida jihod qilingiz, shunda shoyad najot topursiz!

36. Kofir bo‘lgan kimsalar esa yerdagi bor narsa ikki barobar bo‘lib ularning mulkiga aylanib, o‘shani qiyomat kunidagi azobdan  (najot topish uchun) sarf qilmoqchi bo‘lsalar, ulardan qabul qilinmas. Ular  uchun  alamli  azob  bordir.     

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:48:00



37.   Ular  do‘zaxdan   chiqmoqchi bo‘ladilar-u, hech undan chiquvchi bo‘la olmaydilar — ular uchun doimiy azob bordir.

38. O’g‘ri erkakni ham, o‘g‘ri ayolni ham qilmishlariga jazo bo‘lsin uchun, Alloh tomonidan azob bo‘lsin uchun qo‘llarini kesinglar! Alloh qudrat va hikmat egasidir.

39. Ammo kim bunday jabru zulmidan keyin tavba qilib, o‘zini tuzatsa, albatta  Alloh  uning  tavbasini   qabul  qilar.   Albatta,   Alloh mag‘firatli, mehribondur.

40. Axir Osmonlar va Yer Allohning mulki ekanini,  U zot  O’zi istagan  kishisini azoblab,  istagan kishisini mag‘firat qilishini bilmadingizmi? Alloh hamma narsaga qodirdir.

41. Ey payg‘ambar, og‘izlarida: «Iymon keltirdik», degan,   ammo  dillari   iymon   keltirmagan   (munofiqlardan)   va yahudiylardan  bo‘lgan,  kufr tomonga  qarab  chopayotgan  kimsalar sizni mahzun qilmasin. Ular yolg‘onga quloq berguvchi va sizning oldingizga kelmagan, so‘zlarni o‘z o‘rinlariga qo‘yilgandan keyin o‘zgartiradigan boshqa qavmga (ya’ni yahudiylarga) quloq berguvchi kimsalardir. (Yahudiylar): «Agar (Muhammad tarafidan) sizlarga mana shu hukm berilsa, olinglar, bo‘lmasa, (ya’ni boshqa bir hukm aytilsa), ehtiyot bo‘linglar —olmanglar, deyishadi. Kimniki Alloh o‘zi adashtirishni istasa, bas, siz uning uchun Alloh tomonidan   hech   narsa   qila   olmassiz.   Ular   Alloh   ko‘ngillarini poklashni istamagan kimsalardir. Ular uchun dunyoda rasvolik, oxiratda esa ulug‘ azob bordir.

I z o h. Mazkur oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqeani nisbat qiladilar. Tavrotda zinokorni toshbo‘ron qilish buyurilishiga qaramasdan yahudiylar zino qiluvchini darralab, yuziga qora chaplashni odat qilib olgan edilar. Madinada Islom davlati barpo bo‘lganidan keyin ular mana shu soxta hukmni Muhammad alayhis-salomdan ham tasdiqlatib olmoqchi bo‘lishib, madinalik ayrim munofiq kimsalarni, bir zinokor yahudiyni ko‘shib, u zotning huzuriga yuboradilar va ularga: «Agar Muhammad bizning odatimizni tasdiqlasa — qabul qilinglar, ammo toshbo‘ron qilishni buyursa — qabul qilmaysizlar», deb tayinlaydilar. Ular kelib, bu masalani so‘raganlarida Payg‘ambar alayhis-salom: «Bu haqda Tavrotda nima deyilgan?» — deb so‘raydilar. Ular: «Tavrotda ham darralash buyurilgan», deb noto‘g‘ri javob qiladilar. Shunda rasululloh yahudiy ulamolaridan birini toptirib, undan: «Alloh nomini o‘rtaga qo‘yib so‘rayman. Tavrotda zinokorga qanday jazo buyurilgan?» deb so‘raganlarida u: «Modomiki Alloh nomi bilan so‘rar ekansiz, rostini aytishga majburman — toshbo‘ron qilishga buyurilgan»,— deb javob beradi. Bu javobni eshitgach, Rasululloh zinokor yahudiyni toshbo‘ron qilishga buyuradilar. Ammo o‘zlari ularning Tavrotdagi Alloh xukmini o‘zgartirib yuborganlariga qattiq xafa bo‘ladilar. Shunda Alloh payg‘ambariga tasalli berish uchun mazkur oyatlarni nozil qildi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:48:37



42. Ular yolg‘onga quloq beruvchi haromxo‘r kimsalardir. Bas, agar Sizga kelsalar (xohlasangiz), o‘rtalarida hakamlik qiling, (xohlasangiz) ulardan yuz o‘giring. Agar ulardan yuz o‘girsangiz, zinhor Sizga biron zarar yetkaza olmaslar. Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling. Albatta, Alloh adolat qilguvchilarni sevadi.

43. Oldilarida Tavrot, unda Allohning hukmi bo‘lgani holda Sizdan hukm so‘rab, so‘ngra (ya’ni, hukm qilganingizdan keyin qanday) yuz o‘girib ketadilar-a? Ular hech mo‘min emaslar!

44. Albatta, Biz Tavrotni hidoyat va nurni o‘z ichiga olgan holda nozil qilganmiz. Allohga bo‘yinsunuvchi bo‘lgan payg‘ambarlar, ilohiy bilim egalari va donishmandlar o‘zlariga Allohning kitobi omonat qo‘yilgani sababli yahudiylarga u (ya’ni Tavrot hukmlari) bilan hukm qiladilar. Ular bu kitob ustida guvohdirlar. Bas, (ey yahudiy ulamolar), odamlardan qo‘rqmangiz, Mendan qo‘rqingiz va Mening oyatlarimni qiymati oz narsalarga almashtirmangiz! Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir.

45. Unda (ya’ni Tavrotda) yahudiylarga jonga jon, ko‘zga ko‘z, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va (yana boshqa barcha) jarohatlarga ham qasos olinadi, deb yozib qo‘ydik. Endi kim uni (ya’ni qasosni) kechib yuborsa, o‘zi uchun kafforat (ya’ni gunohlarni o‘chirib yuboruvchi) bo‘lur. Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular zolimlardir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:49:24



46-47. Ularning izlaridan o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi bo‘lgan Iyso binni Maryamni ergashtirdik va unga hidoyat va nurni o‘z ichiga olgan, o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va taqvodorlar uchun hidoyat, pand-nasihat bo‘lgan Injilni berdik hamda «Injil ahli unda Alloh nozil qilgan narsalar bilan hukm qilsinlar», dedik. Kimda-kim Alloh nozil etgan din bilan hukm etmas ekan, ular fosiqlardir.

48. Sizga esa (ey Muhammad), o‘zidan oldingi kitob(larni) tasdiqlaguvchi va u (kitoblar) ustida guvoh bo‘lgan bu Kitobni haqqirost nozil qildik. Bas, odamlar o‘rtasida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qiling va Sizga kelgan Haqdan yuz o‘girib, ularning havoyi nafslariga ergashmang! Sizlardan har bir millat (ya’ni din) uchun (alohida) shariat va yo‘l qilib qo‘ydik. Agar Alloh xohlasa edi, hammangizni bir millat qilib qo‘ygan bo‘lur edi. Lekin o‘zi ato etgan narsalarda sizlarni imtihon qilish uchun (har bir millatga alohida shariat yo‘l qilib qo‘ydi). Bas, yaxshi amallarga shoshilingiz! Barchangiz Allohga qaytishingiz bor. So‘ng u zot sizlarga ixtilof qilguvchi bo‘lgan narsalaringizning xabarini berur.

49. (Ey Muhammad), ular o‘rtasida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qiling, ularning havoyi nafslariga ergashmang va Alloh Sizga nozil qilgan hukmlarning ayrimlaridan Sizni burib fitnaga solib qo‘yishlaridan ehtiyot bo‘ling! Agar (Sizning hukmingizdan) yuz o‘girsalar, bilingki, Alloh ularga ayrim gunohlari sababli musibat yetkazishni istamoqda. Shubhasiz, odamlardan ko‘plari itoatsizdirlar.

50. Dinsizlik hukmron bo‘lishini istaydilarmi?! Iymonlari komil bo‘lgan qavm uchun Allohdan ham go‘zalroq hukm qilguvchi kim bor?!

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:50:03



51. Ey mo‘minlar, yahudiylar va nasroniylarni do‘st tutmangiz! Ularning ba’zilari ba’zilariga do‘stdirlar. Sizlardan kim ularga do‘st bo‘lsa, bas, u o‘shalardandir. Albatta, Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas.

52. Bas, Siz dillarida maraz bo‘lgan kimsalar: «Bizga biron balo yetishidan qo‘rqamiz», degan hollarida ular (kofirlar) tomonga shoshayotganlarini ko‘rasiz. Shoyad Alloh musulmonlarga g‘alaba bersa yoki o‘z huzuridan (bu munofiq kimsalarni sharmanda qiladigan) biron ishni keltirib, ular ichlarida yashirgan narsalariga nadomat qiluvchilarga aylanib qolsalar.

53. (Shunda) mo‘minlar (bir-birlariga): «Jon-jahdlari bilan «Sizlar bilan birgamiz», deb qasam ichganlar shularmi?» deydilar. U munofiqlarning qilgan amallari behuda ketdi va o‘zlari ziyon ko‘rguvchilarga aylanib qolishdi.

54. Ey mo‘minlar, sizlarning ichingizdan kimda-kim dinidan qaytsa, Alloh boshqa bir qavmni keltirurki, Alloh ularni yaxshi ko‘rur, ular Allohni yaxshi ko‘rurlar. Ular mo‘minlarga xoksor, kofirlarga esa qattiqqo‘l, biron malomatgo‘yning malomatidan qo‘rqmay Alloh yo‘lida kurashadigan kishilardir. Bu Allohning fazlu marhamati bo‘lib, O’zi xohlagan kishilarga berur. Alloh fazlu karami keng, bilguvchidir.

55. Sizlarning do‘stingiz faqat Alloh, Uning payg‘ambari va ta’zim-tavoze’ qilgan hollarida namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan mo‘minlardir.

56. Kimki Allohni, uning payg‘ambarini va mo‘minlarni do‘st tutsa, (najot topgay), zero faqat Allohning guruhigina g‘olib bo‘lguvchidir

57. Ey mo‘minlar, sizlardan ilgari kitob berilganlar ichidan diningizni hazil-masxara qilib olgan kimsalarni va kofirlarni do‘st qilib olmangiz! Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Allohdan qo‘rqingiz!

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:50:37



58. Sizlar qachon namozga chaqirsangiz (azon aytsangiz), ular o‘sha (namozni) masxara o‘yin qilib oladilar. Bunga sabab ularning aqlsiz — johil qavm ekanliklaridir.

59. (Ey Muhammad), ayting: «Ey ahli kitob, sizlar bizni Allohga, bizga nozil qilingan Kitob (Qur’on)ga va ilgari nozil qilingan kitoblarga iymon keltirganimiz, sizlarning ko‘pchiligingiz esa itoatsiz bo‘lganingiz sababligina yomon ko‘rasizlar».

60. Ayting: «Sizlarga Allohning huzurida bundan ko‘ra yomonroq «savob» (jazo oladigan kimsalar) haqida xabar beraymi? Ular Allohning la’natiga duchor bo‘lgan, g‘azabiga giriftor bo‘lgan va maymun, to‘ng‘izlarga aylantirib qo‘yilganlar hamda shaytonga qul bo‘lgan kimsalardir. Ana o‘shalar eng yomon martabada bo‘lgan va butunlay to‘g‘ri yo‘ldan ozgan kimsalardir.

61. Ular sizlarning oldingizga kelganlarida: «Iymon keltirdik», deydilar. Holbuki, ular (ey Muhammad, sizning huzuringizga) kofir holda kirib, kofir holda chiqurlar. Alloh ular yashiruvchi bo‘lgan narsani, (ya’ni dillaridagi kufrni) juda yaxshi bilguvchidir.

62. Ularning ko‘plarini gunoh, zulm tomonga va haromxo‘rlikka chopayotganlarini ko‘rasiz. Qilayotgan ishlari naqadar yomon ish!

63. Olim va donishmandlari ularni gunoh so‘zlardan, haromxo‘rlikdan qaytarmaydilarmi?! Qilayotgan hunarlari naqadar yomon hunar.

64. Yahudiylar: «Allohning qo‘li bog‘liq (ya’ni baxil)», dedilar.— O’zlarining qo‘llari bog‘lanib qolgay va aytgan gaplari bilan la’natga uchragaylar.— Yo‘q! U zotning qo‘llari ochiqdir va O’zi istagandek infoq-ehson qilur. Sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsa (Qur’on) ulardan ko‘plariga tug‘yon va kufrni ziyoda qilishi shubhasizdir. Ularning oralariga to qiyomat kunigacha ketadigan bug‘zu adovatni tashlab qo‘yganmiz. Ular qachon (Sizga qarshi) urush olovini yoqsalar, Alloh uni o‘chirur. Ular yerda buzg‘unchilik qilib yururlar. Alloh esa buzg‘unchi kimsalarni sevmas.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:51:25



65. Agar ahli kitob iymon keltirib, Allohdan qo‘rqsalar edi, Biz albatta yomonliklarini o‘chirgan va jannat ne’matlariga doxil qilgan bo‘lar edik.

66. Agar ular Tavrotga, Injilga va Parvardigorlari tomonidan nozil qilingan barcha narsalarga amal qilganlarida edi, ustlaridan (osmondan) ham, ostlaridan (erdan) ham rizqlangan bo‘lur edilar. Ularning oralarida adolat egalari bo‘lgan kishilar ham bor. Ammo ularning ko‘plari naqadar yomon amallarni qiladilar.

67. Ey payg‘ambar, sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsani yetkazing!, Agar (bu farmonga amal) qilmasangiz, Uning elchiligini (bandalariga) yetkazmagan bo‘lursiz, Alloh Sizni odamlardan (zararidan) saqlagay. Albatta Alloh kofir qavmni hidoyat qilmas.

68. Ayting: «Ey axli kitob, to Tavrotga, Injilga va sizlarga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan barcha narsalarga amal qilmaguningizcha, hech qanday dinda emassizlar. (Ey Muxammad), sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsa ulardan ko‘plariga tug‘yon va kufrni ziyoda qilishi shubhasizdir. Bas, siz bu kofir qavm (qilmishi)dan mahzun bo‘lmang!

69. Albatta iymon keltirgan zotlar yahudiy bo‘lganlar, sobiiylar (farishtalarga sig‘inuvchilar) va nasroniylar — (ulardan) qaysilari (iymonga kelib) Allohga, oxirat kuniga ishonsa va yaxshi amallar qilsa, o‘shalar uchun xavfu xatar, g‘am-anduh yo‘qdur.

70. Biz Bani Isroilning ahd-paymonini oldik va ularga payg‘ambarlar yubordik. Qachon ularga bir payg‘ambar nafslari xohlamagan biron hukmni keltirsa, birovlarini yolg‘onchi qiladilar, birovlarini esa o‘ldiradilar.

Qayd etilgan