Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466383 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:14:40



21. Parvardigorlari ularga O’z tarafidan rahmat va rizolik hamda ular uchun bo‘ladigan jannatlar xushxabarini berurki, u jannatlarda doimiy ne’matlar  bordir.   

22.   Ular  o‘sha   joylarda  abadiy   qolurlar. Darhaqiqat, faqat Allohning huzuridagina ulug‘ ajr bordir.

23. Ey mo‘minlar, agar iymondan kufrni afzal bilsalar, ota-onalaringiz va aka-ukalaringizni (ham) do‘st tutmangiz! Sizlarning ichingizda kimda-kim ularni do‘st tutsa, (ya’ni, ularni deb iymondan kufrga qaytsa) bas, ular zolimlardir.

24. (Ey Muxammad), ayting: «Agar ota-onalaringiz,  bolalaringiz,  aka-ukalaringiz,  juftlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz va kasb qilib topgan mol-dunyolaringiz, kasod bo‘lib qolishidan qo‘rqadigan tijoratlaringiz hamda yaxshi ko‘radigan uy-joylaringiz sizlarga Allohdan, Uning payg‘ambaridan va Uning yo‘lida   jihod qilishdan suyukliroq bo‘lsa, u holda to Alloh o‘z amrini (ya’ni, azobini) keltirganicha kutib turaveringlar. Alloh itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.

25. Alloh sizlarni ko‘p o‘rinlarda g‘olib qildi. Hunayn (Makka bilan Toif o‘rtasidagi bir vodiy) kunini (eslanglar)! O’shanda sizlarni ko‘p ekanligingiz mag‘rur qilib qo‘ygan edi, ammo u (ya’ni, sanog‘ingizning ko‘pligi) sizlarni hech narsadan behojat qila olmadi (qutqarib olmadi) va sizlarga keng yer torlik qilib qoldi, so‘ng yuz o‘girgan holingizda chekindingiz!

26, Keyin Alloh payg‘ambariga va mo‘minlarga O’z tomonidan xotirjamlik nozil qildi hamda sizlar ko‘rmagan bir lashkarni (ya’ni, farishtalarni) tushirdi va kofir bo‘lgan kimsalarni azobga duchor hildi. Kofirlarning jazosi shudir.


I z o h . Bu oyatlarda Qur’on jangda g‘alabaga erishishning sababi lashkar sanog‘ining ko‘pligi emas, balki Allohning madadi ekanligini ta’kidlaydi. O’sha Hunayn jangida (hijriy sakkizinchi yil) musulmonlarning lashkari o‘n ikki ming bo‘lib, kofirlar faqat to‘rt ming kishi edilar. Shuning uchun ayrim musulmonlar: «Shu bir hovuch odamdan yengilamizmi?» deb g‘ururlandilar va g‘alaba Alloh tomonidan bo‘lishini unutib qo‘ydilar. Natijada kofirlar ulardan ustun kelib, ular chekina boshladilar. Faqat payg‘ambar alayhis-salom Tangriga iltijo qilib duo qilganlaridan keyin mo‘minlarning dillariga bir xotirjamlik inib, jangga qaytdilar va Allohning madadi bilan kofirlardan g‘olib keldilar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:14:52



27. Keyin — o‘sha (jangdan) so‘ng Alloh O’zi xoxlagan kishilarning tavbalarini qabul qilur. Alloh mag‘firatli, mehribondir.

I z o h .    Darhaqiqat,  Hunaynda musulmonlarga qarshi jang qilgan Havozin qabilasidan juda ko‘p kishilar o‘sha jangdan keyin Allohga tavba-tazarru qilib, islomga kirdilar.

28. Ey mo‘minlar, hech shak-shubhasiz, mushriklar nopok kimsalardir, bas, (ular) bu yildan so‘ng Masjid-al-Haromga yaqin kelmasinlar! Agar sizlar (mushriklar haj mavsumida Makkaga keltiradigan oziq-ovqatlar va boshqa narsalar to‘xtab qolishi sababli) kambag‘allikdan qo‘rqsangizlar, (bilingki) yaqinda (Alloh) xohlasa, O’z fazlu karami bilan sizlarni boy-badavlat qilajak. Albatta, Alloh bilim va hikmat sohibidir.

29. Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Uning payg‘ambari harom degan narsani harom deb bilmaydigan, Haq (ya’ni islom) diniga e’tiqod qilmaydigan axli kitoblardan iborat bo‘lgan kimsalarga qarshi to ular xorlangan (mag‘lub) hollarida o‘z qo‘llari bilan (zimmalaridagi) soliqni to‘lamagunlaricha, jang qilingiz!

30. Yahudiylar: «Uzayr Allohning o‘g‘li», dedilar. Nasroniylar: «(Iyso) Masih Allohning o‘g‘li», dedilar. Bu ularning og‘izlaridagi (hujjat-dalilsiz) gaplaridir. Ularning bu gaplari xuddi avvalgi kofir bo‘lgan kimsalarning gapiga o‘xshaydi. Ularni Alloh la’natlagay! Qanday adashmoqdalar-a!

31. Ular Allohni qo‘yib o‘zlarining donishmandlarini va rohiblarini hamda Masih binni Maryamni Parvardigor deb bildilar. Holbuki, faqat yagona Allohga bandalik kilishga ma’mur (buyurilgan) edilar. Hech iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. U zot ularning shirklaridan pokdir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:15:05



32. Ular Allohning nurini (ya’ni, islomni) og‘izlari (ya’ni, behuda gaplari) bilan o‘chirmoqchi bo‘ladilar. Alloh esa, garchi (kofirlar) xoxlamaslar-da, faqat O’z nurini to‘la (ya’ni, har tarafga) yoyishni istaydi.

33. U (Alloh) O’z payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan — garchi mushriklar xoxlamasalar-da — barcha dinlarga g‘olib qilish uchun yuborgan zotdir.

34. Ey mo‘minlar, o‘sha donishmandlar, rohiblardan ko‘pchiligi odamlarning mollarini nohaq (yo‘l) bilan yeydilar va Allohning yo‘lidan to‘sadilar. Oltin-kumushni bosib, uni Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmaydigan kimsalarga alamli azob «xushxabarini» yetkazing!


I z o h . Bu oyatlarda odamlarning pul-mollarini talon-toroj qiladigan yahudiy donishmandlari va nasroniy rohiblari bilan birgalikda musulmonlarning orasidagi ayrim boylikka mukkasidan ketgan va to‘plagan mol-dunyolarining zakotini bermaydigan kimsalar ham ashaddiy azobga duchor bo‘lishlari bayon qilingandir.

35. U kunda (qiyomatda) o‘sha (oltin-kumushni) jahannam o‘tida qizitilib, o‘sha bilan ularning peshonalari, yonlari va ketlariga tamg‘a bosilib: «Mana bu o‘zlaringiz uchun to‘plagan narsalaringizdir.   Endi  to‘plab-bosgan  narsalaringizning  mazasini  totib ko‘ringlar» (deyilur).

36. Albatta, Allohning nazdida, oylarning sanog‘i Alloh osmonlar va yerni yaratgan kunida belgilab qo‘yganidek, o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rti urush harom qilingan (oylar)dir. Mana shu haq dindir (ya’ni, haq hukmdir). Bas, u oylarda (urushni halol deb jangga kirib) o‘zlaringizga zulm qilmangiz! Barcha mushriklar (bu hukmga qaramay) sizlarga qarshi jang qilgani kabi (birinchi bo‘lib jang boshlasalar), sizlar ham barchangiz ularga qarshi jang qilingiz! Va bilingizki, Alloh taqvodorlar bilan birgadir.


I z o h. Urush harom qilingan oylar: Zul-qa’da, Zul-hijja, Muharram va Rajab oylaridir. Ulardan avvalgi uchtasi ketma-ket kelsa, Rajab oyi oradan besh oy o‘tgandan keyin chiqadi. Bu tartib Hazrati Ibrohim payg‘ambar zamonlaridan beri amal qilib kelinayotgan haq hukm edi. Lekin keyinchalik ayrim arablar bu qonunni buzib, o‘zlari jang qilib turgan paytlarida mazkur oylar kelib qolsa, ularda urush qilishni halol qilib olishar va keyin o‘zlari uchun qulay bo‘lgan boshqa oylarni harom oy deb e’lon qilar edilar. Navbatdagi oyatda mana shu odat haqida so‘z yuritilib, uning diyonatsizlik ekani ta’kidlanadi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:15:19



37. Shak-shubhasiz (harom oylarni) ketga surish ortiq darajadagi kofirlikdirki, u sababli kofirlar butunlay yo‘ldan toyilurlar. Ular Alloh harom qilgan oylarning sanog‘ini (to‘rt oyga) to‘g‘rilab, Alloh harom qilgan narsani halol qilib olish uchun uni (ya’ni, urush harom qilingan oylarni) bir yil halol desalar, yana bir yil harom deydilar. Ularga bu xunuk ishlari chiroyli (ma’qul) ko‘rindi. (Chunki) Alloh kofir qavmni hidoyat qilmas.

38. Ey mo‘minlar, sizlarga nima bo‘ldiki, Alloh yo‘lida (jihodga) chiqinglar, deyilsa, o‘z yeringizga (ya’ni, yurtingizga) yopishib oldingiz?! Oxirat (ne’matlari)dan yuz o‘girib, hayoti dunyo (lazzatlari)ga rozi bo‘lurmisiz?! Oxirat oldida bu dunyo matosi juda oz narsa-ku?!

39. Agar (jihodga) chiqmasangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblar va o‘rningizga boshqa bir qavmni keltirur. Sizlar esa U zotga biron ziyon yetkaza olmaysiz. Alloh hamma narsaga qodirdir.

40. Agar sizlar unga (ya’ni, payg‘ambarga) yordam qilmasangiz (Allohning O’zi unga yordam qilur). Uni kofirlar ikki kishining biri bo‘lgan holida (ya’ni, bir hamrohi bilan Makkadan) haydab chiqarganlarida, unga Alloh yordam berdi-ku. O’shanda ikkovlon g‘orda bo‘lgan paytlarida hamrohiga: «G’amgin bo‘lma, shubhasiz, Alloh biz bilan birgadir», der ekan, Alloh uning ustiga xotirjamlik tushirdi va uni sizlar ko‘rmagan lashkarlar (ya’ni, farishtalar) bilan qo‘llab-quvvatladi hamda kofir bo‘lgan kimsalarning so‘zlarini tuban qilib qo‘ydi, Allohning so‘zigina yuksak so‘zdir. Alloh qudratli, hikmatlidir.


I z o h . Ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salomning Makkadan Madinaga hijrat qilishlari haqidadir. Makka mushriklari musulmonlarga nisbatan qilgan zulmu zo‘ravonliklari bilan ularni islomdan qaytarishga ko‘zlari yetmay qolgach, payg‘ambarning jonlariga suiqasd qilish payiga tushadilar. Shunda u zotga Tangri taolo tarafidan Madinaga hijrat qilish — ko‘chish amr etiladi va bir qorong‘u kechada Tangrining yordami bilan o‘ldirmoqchi bo‘lib tayyorlanib turgan kofirlarning yonlaridan sog‘-salomat chiqib ketib hamrohlari Abu Bakr Siddiq bilan birga Makka yaqinidagi bir g‘or ichiga yashirinadilar. Ertalab «ovlari» qo‘ldan ketganini anglagan mushriklar bir izquvar bilan ularning ortidan tushishadi. Lekin haligi g‘orga yetib kelishgach, iz yo‘qoladi va ular... g‘orning og‘zi o‘rgimchak to‘rlari bilan to‘silganini, u to‘rga bir kaptar tuxum ham qo‘yganini ko‘radilar va hafsalalari pir bo‘lib ketadilar.

Shunday qilib g‘orda ular uch kun berkinib yotishgach, bir yo‘l boshlovchi yetagida Madinaga yetib oladilar. Garchi bu oyat payg‘ambar alayhis-salom va u zotning hamrohlari xususida bo‘lsa-da, qissadan hissa shuki, kimda-kim Alloh yo‘lida, Uning O’zidan madad tilab ezgulikka qadam qo‘ysa, Allohning O’zi uni har qanday ta’qibchi va ayg‘oqchilardan asrab, ko‘zlagan maqsadiga yetkazadi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:15:30



41. (Ey mo‘minlar), xoh yengil, xoh og‘ir holingizda (ya’ni, istasangiz, istamasangiz jihodga) chiqingiz va molu jonlaringiz bilan Alloh yo‘lida kurashingiz! Agar bilsangizlar, mana shu o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir.

42. (Ey Muhammad), agar (siz da’vat qilayotgan jihod) oson foyda va yaqin safar bo‘lgaiida, ular (ya’ni, munofiqlar) albatta sizga ergashgan bo‘lur edilar. Lekin ularga masofa uzoq bo‘lib ko‘rindi (shuning uchun chiqmadilar). Hali ular (yolg‘on qasam bilan) o‘zlarini halok qilib: «Agar qodir bo‘lganimizda sizlar bilan birga chiqqan bo‘lur edik», deb qasam ham ichadilar. Alloh esa ularning hech shak-shubhasiz yolg‘onchi ekanliklarini bilur.

43. (Ey Muhammad), Alloh sizni afv qildi. (Lekin) nima uchun to sizga rostgo‘y kishilar aniq bo‘lib, yolg‘onchilarni ham aniq bilguningizcha, (ya’ni, ularning yolg‘on qasamlariga ishonib) ularga (jihodga chiqmaslik uchun) izn berdingiz?!

44. Allohga va oxirat kuniga ishongan zotlar sizdan molu jonlari bilan jihod qilishdan (qolish uchun) izn so‘ramaydilar. Alloh taqvodorlarni bilguvchidir.

45. Balki faqat Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan va ko‘ngillarida shak-shubha bo‘lgan kimsalargina sizdan (qolish uchun) izn so‘raydilar. Chunki ular o‘z shubhalarida ikkilanib yuradilar.

46. Agar ular (jihodga) chiqishni istaganlarida uning uchun tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan bo‘lur edilar. Lekin Alloh chiqishlarini istamay, ularni dangasa qilib ko‘ydi va ularga  (o‘zlaridan bo‘lgan kimsalar tarafidan): «Qolganlar (ya’ni, ayollar, yosh bolalar va ojiz-notavon kishilar) bilan birga o‘tiraveringlar», deyildi. 

47. Agar ular sizlarning orangizdan chiqqanlarida ham, sizlarga faqat ortiqcha ziyon bo‘lgan va o‘rtalaringizda sizlarni fitnaga solish uchun yugurib-elib yurgan bo‘lur edilar hamda oralaringizda ularga quloq soluvchilar ham (topilgan) bo‘lur edi. Alloh zolim kimsalarni bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:17:22



48. Ular ilgari — hanuz haqiqat ro‘yobga chiqib, Allohning  dini   g‘olib   bo‘lmay   turib   ham   (buni)   yomon   ko‘rgan hollarida fitna qilmoqchi bo‘lgan va sizning ishlaringizni ortga ketkizmoqchi  bo‘lgan  edilar-ku.   

49.   Ularning  orasida:   «Menga (jangdan qolish uchun) izn bergin, meni fitnaga solmagin», deydigan kimsalar ham bordir. Ogoh bo‘lingizkim,  ular  (jangdan qolishlari   sababli)   fitnaning   o‘ziga   tushdilar.   Shak-shubha yo‘qki,  jahannam kofirlarii o‘rab olguvchidir.

50. Agar sizga biron yaxshilik (g‘alaba yoki o‘lja) yetsa, bu ularni xafa qilur. Agar sizga (Uhud jangida bo‘lganidek) biron musibat yetsa: «Ishning oldini olibmiz», deyishib,  xursand bo‘lgan hollarida yuz o‘girib keturlar.

51. Ayting: «Bizga faqat Alloh biz uchun yozib qo‘ygan narsagina yetur. U bizning hojamizdir. Bas, iymonli kishilar   faqat   Allohgagina   suyansinlar!»   

52.    (Ey   Muhammad), ayting: «Sizlar biz uchun faqat ikki yaxshilik (ya’ni, yo shahid bo‘lishimiz yoki g‘alaba qilishimiz)dan birini kutmoqdasiz. Biz esa   sizlar  uchun   Alloh  sizlarga   O’z  dargohidan  yoki  bizning qo‘limiz bilan bir azob yetkazishini kutmoqdamiz. Bas, sizlar ham kutaveringlar, biz ham sizlar bilan birga kutguvchimiz».

53. Ayting: « (Ey munofiqlar), xoh o‘z xohishingiz bilan, xoh majburan infoq-ehson qilinglar, sizlardan hargiz qabul qilinmas. Chunki sizlar itoatsiz qavm bo‘ldingiz».

54. Qilgan infoq-ehsonlari (Alloh dargohida) qabul qilinishidan to‘sgan narsa faqat ularning Alloh va uning payg‘ambariga iymon keltirmaganlari, namozga faqat eringan hollaridagina kelishlari va o‘zlari istamagan hollaridagana infoq-ehson qilganliklaridir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:17:33



55. Bas, sizni ularning molu dunyolari va bola-chaqalari qiziqtirmasin! Chunki Alloh o‘sha narsalar sababli hayoti dunyoda ularni azob-uqubatga solishni va kofir bo‘lgan hollarida, jonlari chiqishini istaydi, xolos.

56. Ular o‘zlarining sizlar bilan birga ekanliklariga Alloh nomiga qasam ichadilar. Holbuki, ular sizlardan emasdirlar. Faqat ular qo‘rqoq qavmdirlar (ya’ni, munofiqliklari ma’lum bo‘lib qolsa, boshlariga boshqa kofirlarning kuni tushib qolishidan qo‘rqadilar).

57. Agar ular biron boshpanami, g‘ormi yoki kiradigan biron teshikmi topsalar edi, chopganlaricha o‘shanga qarab jo‘nab qolgan bo‘lur edilar.

58. Ularning orasida sadaqotlar to‘g‘risida sizga ta’na qilguvchi kimsalar ham bordir. Bas, agar o‘sha sadaqalardan ularga ham berilsa, rozi bo‘ladilar, agar berilmasa, birdan norozi bo‘lib qoladilar.

59. Agar ular Alloh va Uning payg‘ambari ularga bergan narsaga rozi bo‘lishib: «Alloh biz uchun kifoya qilur. Yaqinda Alloh va Uning payg‘ambari bizga O’z fazlu karamidan (mol-dunyo ham, baxt saodat ham) berur, Biz Allohning O’ziga intilguvchi kishilarmiz», desalar edi (o‘zlari uchun yaxshi bo‘lur edi).

60. Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) Alloh tomonidan farz bo‘lgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, jihodga yoki hajga ketayotganlarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir.


I z o h . Zakot Islom dinidagi farz amallaridan biridir. Ma’lum miqdorda boylikka ega bo‘lgan kishi shu puldan qirqdan birini zakot qilib berishi farzdir. Yuqoridagi oyatda mana shu zakotni kimlarga berish lozimligi aniq belgilab berilgan. Demak, mazkur kishilardan boshqa birovga berilgan zakot Islom nazarida maqbul emas.

61. Ularning orasida payg‘ambarga ozor beradigan va «u (ya’ni, payg‘ambar) quloq tutguvchi (ya’ni, eshitgan narsasiga ishonaveradigan kishi)» deydigan kimsalar bordir. Ayting: («Ha, u) sizlar uchun  yaxshilik bo‘lgan  narsaga quloq tutguvchi,  Allohga  iymon keltiruvchi, mo‘minlarga ishonadigan va sizlarning orangizdagi iymon keltirgan zotlar uchun rahmat-marhamati bo‘lgan zotdir. Allohning payg‘ambariga ozor beruvchi kimsalar uchun esa alamli azob bordir».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:17:44



62. (Ey, mo‘minlar), ular sizlarni rozi qilish uchun (payg‘ambarga ozor bermadik, deb) Alloh nomiga qasam ichadilar. Holbuki, agar mo‘min bo‘lganlarida, Alloh va Uning payg‘ambarini rozi qilmoqlari loyiqroq ish edi.

63: Ular kimda-kim Alloh va Uning payg‘ambari chizgan chiziqdan chiqsa, uning uchun o‘zi abadiy qoladigan jahannam otashi bo‘lishini va bu ulug‘-katta rasvolik  ekanini  bilmadilarmi?!   

64.   Bu  munofiqlar  o‘zlari haqida     dillaridagi     narsadan     (ya’ni,     munofiqliklaridan) ogohlantiradigan biron sura nozil bo‘lib qolishidan qo‘rqadilar-u (yana   payg‘ambar   va   mo‘minlarni)    masxara   qilib   kuladilar. Ayting: «Kulaveringlar, Alloh sizlar (fosh bo‘lib qolishidan) qo‘rqayotgan narsani albatta (yuzaga) chiqarguvchidir».

65. Qasamki, agar   ulardan   (nega   sizning   ustingizdan   kulganlari   haqida) so‘rasangiz, albatta ular: «Biz faqat bahslashib, hazillashib kelyapmiz, xolos», deydilar. Ayting: «Allohdan, Uning oyatlaridan, Uning payg‘ambaridan kuluvchi bo‘ldingizmi?»


I z o h. Payg‘ambar alayhis-salom sahobalar bilan Tabuk jangiga ketib borayotganlarida askarlar orasidagi bir guruh munofiqlar bir-birlariga: «Mana bu odamni ko‘ringlar. O’zicha Shom qasrlarini va qal’alarini fath qilmoqchi bo‘lib yuribdi-ya» deb masxara qilardilar. Alloh payg‘ambarini ularning so‘zlaridan xabardor qilgach, payg‘ambar ulardan: «Nega kulyapsizlar?» deb so‘raganida, ular: «Ey Allohning payg‘ambari, biz faqat yo‘lni qisqartirish uchun hazil-huzul qilib kelmoqdamiz, xolos», deb aldamoqchi bo‘lgan edilar.

66. Uzr aytmanglar! Sizlar iymon keltirganingizdan so‘ng yana kufrga qaytdingiz. Agar sizlardan bir toifani (chin ixlos bilan tavba qilganlari uchun) afv qilsak, boshqa bir toifani jinoyatchi bo‘lganliklari sababli azoblaymiz.

67. Munofiq erkaklar va munofih ayollar bir-birlaridandirlar (ya’ni, kofirlikda bir-birlariga o‘xshaydilar). Ular yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan to‘xtatadilar va (Alloh yo‘lida infoq-ehson qilishdan) qo‘llarini (o‘zlarini) tiyadilar. Ular Allohni unutishgach, Alloh ham ularni unutdi. Albatta, munofiqlar haqiqiy fosiq-itoatsizdirlar.

68. Alloh munofiq va munofiqalarga hamda kofirlarga   ular   abadiy   qoladigan   jahannam   otashini   va’da qildiki, o‘sha ular uchun yetarlidir. Alloh ularni la’natladi. Ular uchun doimiy azob bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:17:56



69. (Ey munofiqlar), sizlar ham xuddi sizlardan ilgari o‘tgan (munofiqlar)ga o‘xshaysizlar. Ular sizlardan  ko‘ra   quvvatliroq  va   mol-mulk,   bola-chaqalari  ham ko‘proq edi. Bas, (bu dunyodagi) o‘z nasibalarini ko‘rdilar. Sizlar ham, ilgari o‘tganlar nasibalarini ko‘rganlaridek, o‘z nasibangizni ko‘rdingiz va ular sho‘ng‘igan narsaga (ya’ni, nohaq yo‘lga) sho‘ng‘idingiz.  Ularning  (ya’ni,   barcha  munofiqlarning)   qilgan amallari dunyoyu oxiratda behuda ketdi. Ana o‘shalar haqiqiy ziyon o‘rguvchilardir.   

70.   Ularga   o‘zlaridan   ilgari  o‘tgan   kishilar bo‘lmish Nuh,  Od, Samud qavmlarining va Ibrohim qavmining, Madyan aholisining (ya’ni, Shuayb qavmining) hamda zeru zabar bo‘lgan qishloqlarning (ya’ni, Lut qavmi qishloqlarining) holi-xabari kelmadimi?! Ularga payg‘ambarlari ochiq dalil-hujjatlar keltirgan edilar (shunda ular payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilishgach, bu qavmlar ustiga Allohning balolari yog‘ilgan edi). Bas, Alloh ularga zulm qilguvchi bo‘lmadi, balki o‘zlari o‘zlariga zulm qilgan  edilar.   

71.  Mo‘min  va  mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan to‘xtatadilar, namozni to‘kis ado etadilar, zakotni (haqdorlarga) ato etadilar, Alloh va Uning payg‘ambariga  itoat qiladilar. Ana o‘shalarga Alloh rahm qilur. Shak-shubhasiz, Alloh qudratli, hikmatlidir.

72.  Alloh  mo‘min,   mo‘minalarga  ostidan daryolar oqib turadigan, ular abadiy qoladigan jannatlar va jannat bog‘laridagi pokiza maskanlarni va’da qildi. Allohning roziligi esa hamma narsadan ulug‘roqdir. Mana shu Haqiqiy buyuk baxtdir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:18:06



73. Ey payg‘ambar, kofir va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga qattiqqo‘l bo‘ling. Ularning joylari jaxannamdir. Naqadar yomon oqibat bu!

74. Ular (ya’ni, munofiqlar sizga yetib kelgan haqorat so‘zlarini) aytmaganliklariga qasam ichadilar. Holbuki, kufr so‘zini aniq aytgan edilar va islomga kirganlaridan so‘ng yana kufrga qaytgan edilar hamda o‘zlari yetolmagan narsa (ya’ni payg‘ambar joniga suiqasd qilishga) qasd qilgan edilar. Alloh ular (munofiqlar) faqat va Uning payg‘ambari ularni O’z fazlu karamidan boy-badavlat qilib qo‘ygani uchungina (Alloh va Uning payg‘ambarini) yomon ko‘rdilar, xolos. Bas, endi agar tavba qilsalar, o‘zlari uchun yaxshi bo‘lur. Agar yuz o‘girsalar, Alloh ularni dunyoyu oxiratda alamli azob bilan azoblar va ular uchun yer yuzida biron do‘st va yordamchi bo‘lmas!

75.Ularning orasida: «Qasamki, agar (Alloh) bizga O’z fazlu karamidan (mol-davlat) ato qilsa, albatta biz kambag‘allarga sadaqotlar qilurmiz va solih bandalardan bo‘lurmiz», deb Allohga ahd-paymon beradigan kimsalar ham bordir.

76. Endi qachonki (Alloh) ularga O’z fazlu karamidan (mol-davlat) ato qilsa, unga baxillik qilurlar va yuz o‘girgan hollarida keturlar.

77. Bas, (sadaqotlar berurmiz), deb Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va (iymon keltirganmiz) deb yolg‘on gapiruvchi bo‘lganlari sababli (Alloh) ularga to Uning O’ziga ro‘baro‘ bo‘ladigan Kungacha dillarida nifoq bo‘lishini oqibat qilib qo‘ydi.

78. Ular Alloh ularning yashirgan sirlarini ham, o‘zaro shivir-shivirlarini ham bilishini va Alloh ko‘rinmas narsalarni ham aniq biluvchi ekanini bilmadilarmi?!

79. Mo‘minlar orasidan o‘z xohishi bilan sadaqotlar qiluvchi kishilarni va (infoq-ehon qilish uchun) kuchlari yetgan narsani topib kelgan kishilarni ayblab, masxara qiladigan kimsalarni Alloh masxara qilur va ular uchun alamli azob bordir.

Qayd etilgan