Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 856808 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:43:54



127. Eslang: Ibrohim Ismoil bilan birgalikda Baytullohning poydevorini ko‘tarib (dedilar); «Parvardigoro, bizdan (ushbu qilgan amalimizni) o‘zing qabul ayla. Shubhasiz, sen eshitguvchi, bilguvchisan!

 128. Parvardigoro, bizni o‘zingga bo‘yinsunguvchilardan qilgin va zurriyotimizdan ham o‘zingga itoat qiladigan kishilar chiqargin. Va bizga (qiladigan) iboratlarimizni o‘rgatgin va tavba-tazarrularimizni qabul et! Shubhasiz, sen tavbalarni qabul qilguvchi, rahmlisan.

129. Parvardigoro, ularning orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmatni (Qur’on va Hadisni) o‘rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Shubhasiz, sen qudrat va hikmat sohibisan».

130. Ibrohimning dinidan faqat yengiltaklargina yuz o‘giradilar. Haqiqatan dunyoda uni tanlab oldik va u oxiratda shubhasiz solih (yaqinlarimizdan)dir.

131. Eslang: Parvardigori «Bo‘yinsun!» — deganida: «Butun olamlar egasiga bo‘yinsundim» dedi.

132. Ibrohim, u bilan birga Ya’qub ham bolalariga shu dinni vasiyat qilib dedilar: «O’g‘illarim, albatta Alloh siz uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmon bo‘lgan holingizdagina dunyodan o‘ting!»

133. (Ey yahudiylar) yoki Ya’qubga o‘lim kelgach, u o‘g‘illariga: «Mendan keyin nimaga ibodat qilasizlar?» deganida: «Sening tangring va otalaring Ibrohim, Ismoil va Ishoqlarning tangrisi bo‘lmish yagona Allohga ibodat qilamiz va bizlar faqat Uning o‘zigagina bo‘yinsunuvchilarmiz», deb javob qilganlariga guvoh bo‘lganmisizlar?

134. Ular o‘tib ketgan kishilardir. Ularning qilgan amallari o‘zlari uchun, sizlarning qilgan amallaringiz o‘zlaringiz uchundir. Va sizlar ular qilgan amallar uchun mas’ul bo‘lmaysiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:44:09



135. Yahudiy yoki nasroniy bo‘ling, hidoyat topasiz, dedilar. (Ya’ni, yahudiylar yahudiy bo‘ling, dedi, nasroniylar nasroniy bo‘ling, dedi). (Ayting: Ey Muhammad), balki biz haq yo‘ldan toyilmagan, mushriklardan bo‘lmagan Ibrohim diniga ergashamiz.

136. Aytingiz (ey mo‘minlar), Allohga va bizga nozil qilingan kitobga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qubga va o‘sha urug‘-avlodga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iysoga berilgan narsalarga va barcha payg‘ambarlarga Parvardigor tarafidan berilgan narsalarga ishondik. Biz ulardan birortasini ajratib qo‘ymaymiz va biz u zotga (Alloh taologa) bo‘yinsunuvchilarmiz.

137. Endi agar ular (ya’ni, axli kitoblar) sizlar iymon keltirgan narsalarga iymon keltirsalar, haq yo‘lin topibdilar. Agar yuz o‘girsalar, u holda, shubhasiz, sizlarga nisbatan gina va adovatlari bordir. Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi, bilguvchidir.

138. Allohning rangi-la (ranginmiz).


I z o h . Bu oyatdagi Allohning rangidan murod Allohning dinidir. Zero, xuddi kiyimning ustida rangi ko‘ringani kabi mo‘min-musulmonlarda ham din alomatlari ko‘rinib turadi.
 
Allohdan ham go‘zalroq rang berguvchi bormi? Bizlar ungagina ibodat qilguvchilarmiz.

139. Ayting (ey Muhammad), bizning ham, sizning ham Parvardigoringiz bo‘lgan Alloh xususida biz bilan janjallashasizmi? Holbuki, bizning qilgan amalimiz o‘zimiz uchun, sizning qilgan amalingiz o‘zingiz uchun-ku? Biz faqat ungagina ixlos qo‘yuvchilarmiz.

140. Yoki "œIbrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va o‘sha urug‘-avlod yahudiy yo nasroniy bo‘lgan", deysizmi? Ayting (ey Muhammad): "œUlarning dinlarini sizlar yaxshiroq bilasizmi yoki Allohmi? O’zi biladigan guvohlikni Allohdan yashirgan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Alloh qilayotgan ishlaringdan g‘ofil emas".


I z o h. Tavrot va Injilda yuqorida mazkur bo‘lgan Payg‘ambarlarning yahudiy ham, nasroniy ham bo‘lmaganliklari ochiq-ravshan aytilgan ekan. Yahudiylar ham, nasroniylar ham mana shu haqiqatni bilib turib yashirganlari uchun yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.

141. Ular o‘tib ketgan kishilardir. Ularning qilgan amallari o‘zlari uchun, sizlarning qilgan amalingiz o‘zingiz uchundir va sizlar ular qilgan amallar uchun mas’ul bo‘lmaysiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:44:44

IKKINCHI JUZ’
*************************



142. Odamlardan aqlsizlari: «Ular (musulmonlar)ni ilgari qaragan qiblalaridan qanday narsa yuz o‘girtirdi?» — deydilar. Ayting: «Mashriq ham, Mag‘rib ham Allohnikidir. U O’zi xohlagan kishilarni haq yo‘lga hidoyat qiladi».

I z o h . Musulmonlar Madinaga kelgan dastlabki davrlarda Quddusga qarab namoz o‘qir edilar. Quddus yahudiylarning qiblasi bo‘lgani uchun musulmonlar ham o‘sha tarafga qarab ibodat qilayotganlaridan ular juda g‘ururlanib yurardilar. Qachonki musulmonlarga Makka tarafga yuzlanib sajda qilish buyurilganda yahudiylar yuqoridagi so‘zlarni aytdilar.

143. Shuningdek (ya’ni haq yo‘lga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik.

I z o h . Rivoyatlarga qaraganda, Tangri taolo qiyomat kunida har bir payg‘ambarni o‘z ummatlari bilan ro‘baro‘ qilib, ulardan: «Bu payg‘ambarim sizlarga mening amru farmonlarimni to‘la yetkazdimi?» — deb so‘raganida, ular: «Yo‘q», deb javob qilishar, payg‘ambar esa: «Yetkazganman», der ekan. Undan guvoh so‘ralganida: «Muqammad alayhis-salom va u zotning ummatlari guvohlarimdir»,— deydi. Shunda Muhammad payg‘ambarni ummatlari bilan hozir qilinib; «Mana bu payg‘ambar o‘z vazifasini to‘la ado etganmi?» - deb so‘ralganida, ular: «Ha, o‘tgan barcha payg‘ambarlar o‘z elchilik burchlarini to‘la ado etganlar. Bizga bu haqda payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom xabar keltirganlar»,— deyishadi. Shuning uchun mazkur oyatda musulmonlarga qarata: «Odamlar ustida guvoh bo‘lasiz»,— deyildi.

Siz ilgari qaragan qiblani Biz faqatgina kim payg‘ambarga ergashib, kim orqasiga qaytib ketishini bilish uchun qilganmiz, xolos. Shubhasiz, bu og‘ir ish. Magar Alloh hidoyat qilgan zotlargagina (og‘ir emasdir). Alloh iymonlaringizni (ya’ni, iymon bilan o‘qigan namozlaringizni) zoe qilguvchi emas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir.

I z o h . Arablar uchun Ka’ba Ibrohim payg‘ambar zamonlaridan buyon muqaddas sanalar edi. Muhammad alayhis-salom Madinaga hijrat qilishidan ilgari musulmonlar mana shu Ka’baga yuzlanib ibodat qilardilar. Madinaga ko‘chganidan keyin esa ularning iymonlarini sinash uchun boshqa tarafga — Quddusga qarab namoz o‘qish buyurildi. Hijratning o‘n yettinchi oyida qaytadan Makkaga yuzlanishga amr qilinib quyidagi oyat nozil bo‘ldi.

144. Goho yuzingiz samoda kezganini ko‘ramiz. Bas, albatta Biz sizni o‘zingiz rozi bo‘lgan qiblaga buramiz. Yuzingizni Masjid-al-harom (Makka) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qaerda bo‘lsangizlar, yuzlaringizni uning tarafiga buringiz! Kitob berilgan zotlar albatta buning Parvardigorlari tomonidan (kelgan haq hukm) ekanini biladilar. Alloh ular qilayotgan amallardan g‘ofil emasdir.

145. Qasamki, agar Siz kitob berilgan kimsalarga bor mo‘‘jizalarni keltirsangiz ham ular qiblangizga boqmaydilar. Siz ham ularning qiblasiga boquvchi emassiz. Ular (yahudiy va nasroniylar)ning birovlari birovlarining qiblasiga boquvchi emas. Agar farazan Sizga kelgan bilim (vahiy)dan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsangiz, u holda shubhasiz zolimlardan bo‘lib qolasiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:45:26



146. Biz kitob ato etgan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) Uni (Muhammad payg‘ambarni) o‘z farzandlarini tanigan kabi taniydilar. (Ya’ni o‘zlarining ilohiy kitoblarida u haqda o‘qiganlar.) Va albatta ulardan bir guruhi bilganlari holda haqiqatni berkitadilar.

147. Bu haqiqat (ya’ni qiblaning o‘zgarishi) Parvardigoringiz tomonidandir. Bas, shubha qilguvchilardan bo‘lmang!

148. Har kimning o‘z yuzlanadigan tarafi bor. Bas, yaxshi ishlarga shoshilingiz! Qaerda bo‘lmang, Alloh sizlarni (hisob-kitob) uchun keltiradi. Albatta Alloh har narsaga qodirdir.

149. Qaysi tarafdan chiqsangiz, yuzingizni Masjid-al-harom tomonga buring! U shubhasiz Parvardigoringiz (buyurgan) haq (qibla)dir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir.

150. Qaysi tarafdan chiqsangiz, yuzingizni Masjid-al-harom tomonga buring! Va qaerda bo‘lsangizlar (ey mo‘minlar), yuzlaringizni o‘sha tomonga buring! Toki (ayrim) odamlar uchun sizlarning ustingizda hujjat bo‘lib qolmasin. Lekin ularning ichida zulm qilguvchilar ham borki, sizlar ulardan qo‘rqmangiz. Mendan qo‘rqingiz! Va toki sizlarga ne’matimni komil qilib berishim va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat topishingiz uchun shunday qilingiz.


I z o h . Yahudiylar: «Nega Muhammad dini boshqa bo‘la turib bizning qiblaga — Quddusga qarab ibodat qiladi?», mushrik arablar esa: «Muhammad Ibrohimning dinidaman, deb da’vo qiladi-yu, o‘zi yahudiylarning qiblasiga qarab namoz o‘qiydi», demasinlar uchun musulmonlarga qaerda bo‘lsalar ham faqat Masjid-al-harom tomonga yuzlanib namoz o‘qish buyurildi.

151. Shuningdek, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarga Bizning oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, sizlarga Kitob va Hikmatni (Qur’on va Hadisni) o‘rgatadigan va bilmagan narsalaringizni bildirgan bir payg‘ambar yubordik.

152. Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman va Menga shukr qilingiz va Meni inkor qilmangiz!

153. Ey mo‘minlar, sabr qilish va namoz o‘qish bilan (Mendan) madad so‘ranglar! Albatta Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:46:11



154. Va Alloh yo‘lida halok bo‘lgan shahidlar haqida: «Bular o‘liklar», demangiz! Yo‘q, ular tiriklardir, lekin sizlar sszmaysizlar.

155-156. Va albatta sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz u zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sobirlarga xushxabar bering (ey Muhammad).

157. Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordur. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir.

158. Albatta Safo va Marva Alloh (buyurgan) marosimlardandir.


I z o h. Safo va Marva Ka’ba yaqinidagi ikki tog‘ bo‘lib, Islom kelishidan ilgari ham arablar Ka’bani tavof qilganda ularning oralig‘ida yetti marta borib kelish (sa’y qilish) odatlari bor edi. Shuning uchun Islom kelganidan keyin musulmonlar haj qilish paytlarida u tog‘lar oraligida sa’y qilishdan tortinganlarida shu oyat nozil bo‘ldi.

Bas, kim haj yoki umra qilsa, u ikki tog‘ orasida sa’y qilishining gunohi yo‘qdir.

I z o h. Haj qilish — har yili Zulhijja oyining 10, 11, 12-kunlari ihrom (maxsus kiyim) bilan Ka’bani ziyorat qilish, Arafot tog‘ida turib tavba-tazarru va duo iltijo qilishdir. Umra qilish — yilning xohlagan kunida Ka’bani ziyorat qilishdir. Imkoni bo‘lgan kishi hayotida bir marta haj qilishi islomda farz bo‘lgan amallardan hisoblanadi. Umra esa sunnat amallaridandir.

Va kim o‘z ixtiyori-la yaxshilikni niyat qilsa, bas, albatta Alloh shukr qilguvchi (taqdirlovchi) va bilguvchidir.

I z o h. Ya’ni bir marta haj va umra qilganidan keyin ana shu amallarni ixtiyoriy ravishda qilsa, Alloh uning bu yaxshi amallari uchun munosib mukofotlar ato qiladi.

159. Biz nozil qilgan hujjatlar va hidoyatdan iborat (Muhammadning haq payg‘ambar ekanligi haqidagi) narsalarni odamlarga Kitobda (Tavrotda) ravshan qilib berganimizdan keyin berkitgan kimsalarni shubhasiz Alloh la’natlagay va la’natlovchi zotlar (farishtalar va mo‘minlar) la’natlagaylar.

160. Magar qaysilari tavba qilib, o‘zlarini o‘nglab, (odamlarga haqiqatni) ochiq aytsalar, bas, ularning tavbalarini qabul qilaman. Va faqat Mengina tavbalarni qabul qilguvchi, rahmlidirman.

161-162. Kufr yo‘liga kirib, kofir holida o‘lib ketgan kimsalar shubhasiz Allohning va jamiki farishta va odamlarning la’natiga duchor bo‘lg‘aylar va azoblari yengillatilmagan, rahmat nazaridan bahramand bo‘lmagan hollarida abadiy (jahannamda) qolgaylar.

163. Tangringiz yagona tangridir. U mehribon va rahmli tangridan o‘zga hech qanday tangri yo‘qdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:46:56



164. Albatta osmonlar va yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, dengizda odamlarga kerakli narsalarni olib yurgan kemalarning (suzishida) va Alloh osmondan tushirgan va u sababli o‘lik yerni tiriltirib, bor jonzotni tarqatib-yoyib yuborgan suv degan ne’matda va shamollarning yo‘naltirilishida, osmon va yer orasidagi itoatgo‘y bulutda — (bularning hammasida) aqlli kishilar uchun oyat-alomatlar bordir.

165. Odamlar orasida shunday kimsalar borki, ular o‘zgalarni Allohga teng bilib, ularni Allohni sevgandek sevadilar. Iymonli kishilarning Allohga bo‘lgan muhabbatlari qattiqroqdir. Bunday zolimlar azobga ro‘baro‘ bo‘ladigan zamonlarida (qiyomat kunida) butun kuch-qudrat Allohniki bo‘lishini va Allohning azobi qattiq azob ekanini bilsalar edi.

166. U kunda peshvolar ergashuvchilardan tonadilar va hammalari azobni (ko‘zlari bilan) ko‘radilar. (U kunda ularni bog‘lab turadigan) bahonayu sabablar uziladi.

167. Ergashuvchilar: «Qaniydi, yana bir karra (yashashning) iloji bo‘lsa-yu, ular bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonsak», deydilar. Shunday qilib, Alloh taolo ularning qilgan amallarini o‘zlariga hasrat-nadomat qilib ko‘rsatadi va ular jahannamdan chiquvchi bo‘lmaydilar.

168. Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir.

169. U sizlarni faqat yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha’nida bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi, xolos.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:47:40



170. Qachon (mushriklarga): «Alloh nozil qilgan hukmlarga bo‘ysuningiz», deyilsa, ular: «Yo‘q, biz otalarimizni qanday yo‘lda topgan bo‘lsak, o‘shanga ergashamiz», deyishadi. Agar otalari hech narsaga aqllari yetmaydigan, to‘g‘ri yo‘lni topolmaydigan bo‘lsalar, ham-a?

171. Kufr yo‘lidagi kimsalarni (haq yo‘lga da’vat qiluvchi kishining) misoli xuddi faqat ovozi va chaqiriqni eshitadigan hayvonlarga qichqirayotgan kishining misolidir.


I z o h. Ya’ni ular xuddi jonivorlar kabi chaqiriq va ovozlarni eshitadilar-u, lekin hech narsani anglamaydilar. Binobarin, ularni haq yo‘lga chorlashning hech foydasi yo‘q.

Ular kar, soqov, ko‘rdirlar. Demak, tushunmaydilar.

172. Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz — pokiza narsalardan yenglar va agar Allohning O’zigagana ibodat qilguvchi bo‘lsangizlar U zotga shukr qilingiz!

173. U sizlarga faqatgina o‘laksa, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim va haddan oshmagan holida nochor vaziyatda qolsa gunohkor bo‘lmaydi. Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir.


I z o h. Birov butkul ilojsiz qolganda harom qilingan narsalardan biron narsani salomat qolish uchun o‘lmagudek miqdorda yesa, gunohkor bo‘lmaydi.

174. Alloh nozil qilgan Kitob (Tavrot)dan iborat bo‘lgan narsani (Muhammad alayhis-salomning payg‘ambarligini) berkitadigan va uni ozgina qiymatga sotadigan kimsalar qorinlarini faqat olov bilan to‘ldiradilar — ularga qiyomat kunida Alloh so‘zlamaydi, boqmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ular uchun alamli azob bordir.

175. Ana o‘shalar hidoyat o‘rniga zalolatni, mag‘firat o‘rniga azobni sotib olgan kimsalardir. Jahannam o‘tiga muncha sabr-toqatli ekanlar-a?

176. O’sha (azob) Alloh bu Kitob (Tavrot) ni haq bilan nozil qilgani sabablidir.


I z o h . Alloh taolo Tavrotda Muhammad payg‘ambar haqida haq so‘zlarni nozil qilgan edi. Ular mana shu haqiqatni yashirganlari uchun do‘zax azobiga duchor bo‘ldilar.

Albatta bu kitob xususida talashib-tortishadigan kimsalar hech qachon (haq bilan) kelisha olmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:48:05



177. Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga buraverishingiz yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga iymon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rib turib molini qarindosh-urug‘lariga, yetim-esirlarga, miskin-bechoralarga, yo‘lovchi-musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado qilib, zakotni beradigan kishi va ahdlashganlarida ahdlariga vafo qilguvchilar va xususan og‘ir-engil kunlarda va jangu jadal paytida sabr-toqat qilguvchilar yaxshi kishilardir. Ana o‘shalar chin iymonli kishilardir va ana o‘shalar asl taqvodordirlar.

178. (Ey mo‘minlar) sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan qasos olish farz qilindi. Endi kimga birodari tomonidan bir oz afv qilinsa (ya’ni qotildan qasos olish o‘rniga tovon olishga rozi bo‘linsa), u holda yaxshilik bilan bo‘yinsunish va chiroyli suratda tovon to‘lash lozimdir.


I z o h. Ya’ni, qotilning o‘ldirilmasdan tovon to‘lashiga rozi bo‘lgan taraf qo‘pollik qilmay, qo‘rqitmay kutishi, qotil tarafi esa cho‘zmasdan, xiyonat qilmasdan tovonni to‘lashi lozimdir.

Bu (xukm) Parvardigoringiz tomonidan yengillik va rahm-shafqatdir. Bas, kimki shundan keyin haddan oshsa (masalan, tovon to‘langandan keyin ham qotilni o‘ldirsa), uning uchun alamli azob bordir.

179. Sizlar uchun qasosda hayot bor, ey ahli donishlar! Shoyad (jinoyatlardan) saqlansangizlar.

I z o h . Ya’ni har qanday kishi qasos olinishini o‘ylab o‘zini qotillik qilishdan tiyadi. Demak, qotildan qasos olish hukmi borligi sababli juda ko‘p qotil va maqtul (o‘ldiriluvchi) bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishilarning hayoti saqlanib qoladi.

180. Birovingizga o‘lim kelgan paytida (o‘zidan keyin) mol-dunyo qoldirayotgan bo‘lsa, adolat - to‘g‘rilik bilan ota-onaga, qarindosh-urug‘ga vasiyat qilinishi farz etildi. Bunday vasiyat qilish Allohdan qo‘rquvchilar ustidagi burchdir.

181. Kim uni (vasiyatni) eshitganidan keyin o‘zgartirsa, gunohi faqat o‘zgartirganlarning bo‘ynida. Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:48:27



182. Endi kim vasiyat qilguvchi tomonidan biron toyilish yoki gunoh sodir bo‘lishidan xavf qilib (vasiyat qilguvchi bilan merosxo‘rning) oralarini isloh qilib qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir.

183-184. Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biror kishi xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi. (Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim. Bas, kim o‘z ixtiyori bilan ziyoda yaxshilik qilsa (lozim bo‘lganidan ortiqroq evaz to‘lasa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz o‘zingiz uchun (evaz berish yoki hatto uzrli holatda ro‘za tutmaslikka nisbatan) yaxshiroqdir.

185. (U sanoqli kunlar) Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan. Bas, sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin. Va kim xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda (tuzalgach yoki safardan qaytgach) tutadi. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga og‘ir bo‘lishini istamaydi. Bu sanoqni to‘ldirishingiz va hidoyat qilgani sababli Allohni ulug‘lashingiz uchundir. Shoyad shukr qilsangiz.

186. Bandalarim Sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarining duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga yurishlari uchun (ular ham) Mening (da’vatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:48:43



187. Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga qo‘shilish halol qilindi.

I z o h . Ro‘za tutish farz qilingan birinchi davrda musulmonlarga butun Ramazon oyi mobaynida xotinlari bilan yaqinlashmaslik vojib qilingan edi. Lekin ayrim kishilar o‘zlarini tuta olmay ro‘za kechalarida bu udumni buzar edilar. Ushbu oyat nozil bo‘lishi bilan muammo hal bo‘ldi.

Ular sizlarning libosingiz, sizlar ular uchun libossiz (ya’ni er-xotin bir-biriga kishi libosga muhtoj bo‘lgani kabi muhtojdirlar).

Alloh sizlar o‘zlaringga xiyonat qilayotganlaringni bilib, tavbalaringizni qabul qildi va sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida ham bemalol) qovushingiz va Alloh sizlar uchun yozgan narsani (farzandni) talab qilingiz! Va to tongdan oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha yeb-ichaveringlar. So‘ngra kechgacha ro‘zani benuqson qilib tutinglar! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan chog‘ingizda (kechalari ham) ular (xotinlaringiz) bilan qo‘shilmang!


I z o h. E’tikof — ma’lum muddatni niyat qilib masjid yoki uydan chiqmay ro‘za tutib ibodat qilish.

Bular (yuqorida mazkur bo‘lgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar harom ishlardan saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday ochiq-ravshan bayon qiladi.

188. Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq — harom yo‘llar bilan yemangiz! (Ya’ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!) Va (gunoh qilayotganingizni) bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini harom yo‘l bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang!

189. Sizdan oylar haqida so‘rashadi.


I z o h. Ya’ni, «Oy dastlab ipdek nozik holda ko‘rinib, so‘ngra kattalasha boradi. Nihoyat to‘lib, doira shakliga kirgach, yana qaytadan noziklashib, oxiri dastlabki holiga qaytadi. Buning siri nimada?» — deb so‘rashadi.

Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir.

I z o h . Oyning o‘zgarib — yangilanib turishiga qarab odamlar o‘zlarining dehqonchilik, savdo va boshqa dunyoviy ishlari hamda haj, ro‘za, zakot kabi diniy ishlarning vaqtlarini aniqlaydilar.

Uylaringizga orqa tomonidan kirishingiz yaxshilik emas, balki Allohdan qo‘rqqan kishi yaxshilik qilguvchidir.

I z o h . Musulmonlar haj safaridan qaytganlarida uylariga eshikdan kirmay, orqa tomondan kelish odatlari bo‘lib, bu ularga islomdan oldingi davrlardan meros bo‘lib qolgan edi. Ushbu oyat buning befoyda odatligini, haqiqiy yaxshi amal Allohdan qo‘rqish ekanini ifoda qiladi.

Uylarga eshiklaridan kiringiz! Va Allohdan qo‘rqing! Shoyad najot topsangiz.

190. Sizlarga qarshi urushuvchilar bilan Alloh yo‘lida jang qilingiz va tajovuzkor bo‘lmangiz! Shubhasiz, Alloh tajovuzkorlarni sevmaydi.


I z o h . Birinchidan, urushni sizlar avval boshlamang. Ikkinchidan, urush qonun-qoidalariga rioya qiling: quloq-burunni kesish, qurolsiz kishilarni, ayollar, go‘daklar va qarilarni o‘ldirish kabi dinsiz kimsalarning odatlarini qilmang!

Qayd etilgan