Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466554 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 61 B


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:29:50



54. Biz bu Qur’onda odamlarga (pand-nasihat olishlari uchun) turli masallar bayon qildik. Darhaqiqat, inson juda ko‘p janjal-bahs qilguvchidir.

55. Odamlarga hidoyat kelgan paytida, ular iymon keltirishlaridan va Parvardigordan mag‘firat so‘rashlaridan faqat ularga o‘tganlarning sunnati — halokatlari kelishi yoki ochiq azob kelishini (kutishlarigina) to‘sdi (ya’ni, ular avvalgi kofir kimsalarga tushgan halokatga yo azobga loyiq ekanliklarigina ularni mo‘min bo‘lishdan man’ qildi).

56. Biz payg‘ambarlarni faqat (mo‘minlarga jannat) xushxabarini eltuvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi bo‘lgan hollaridagina yuborurmiz. Kofir bo‘lgan kimsalar esa botil (hujjatlar) bilan talashib-tortishib, uning yordamida Haqni yengmoqchi bo‘lurlar hamda Mening oyatlarimni va o‘zlari ogoxlantirilgan narsani (ya’ni, oxirat azobini) masxara qilib kulurlar.

57. Parvardigorining oyatlari bilan pand-nasihat qilingach, ulardan yuz o‘girgan, o‘zi qilib o‘tgan gunohlarini unutib qo‘ygan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Darhaqiqat, Biz (Qur’onni) anglamasliklari uchun ularning dillarini pardalab, quloqlarini og‘ir qilib qo‘ydik. Demak, agar siz ularni hidoyat — haq yo‘lga chaqirsangiz ham hargiz hidoyat topmaslar.

58. Parvardigoringiz mag‘firatli, mehr-shafqat sohibidir. Agar ularni (kofirlarni) qilgan gunoxlari bilan ushlaganida, ularga azobni naqd qilgan bo‘lur edi. Yo‘q, ular uchun va’da qilingan bir vaqt (Qiyomat) borki, (u vaqtda Allohdan) o‘zga biron pushtipanoh topa olmaslar.

59. Ana u shaharlarni (ularning aholisini, ular) zulm qilishgach, halokat vaqtlarini aniq belgilab (ya’ni, payg‘ambarlaringizga itoat qilmasangizlar, halok bo‘lursizlar, deb) qo‘ygan holimizda, halok qildik.

60. Muso (o‘zining xizmatkor) yigitiga: «To ikki dengiz qo‘shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq zamonlar kezmaguncha yurishdan to‘xtamayman», degan paytini eslangiz.


I z o h . Mana shu oyat bilan Muso va Xizir payg‘ambarlar haqidagi qissa boshlanadi. Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhis-salom Tangri taologa munojot qilib: «Bandalaring orasida mendan ilmi ziyodaroq bo‘lgan kishi bormi?» deb so‘raganida, Alloh taolo: «Ha, Xizir sendan olimroq», deb javob qilgan ekan. Shunda Muso: «U zotni qandoq izlab topurman?» deganida, «Dengiz sohilidagi qoya oldidan topursan», degan javob bo‘libdi. «U yerga qanday borilur?» deb so‘raganida, Alloh taolo aytgan ekan: «Bir baliqni savatga solib, yo‘lga chiqarsan. Qaerda uni yo‘qotib qo‘ysang, Xizirni o‘sha yerdan topursan!» Shundan keyin Muso xizmatkor yigitiga baliq solingan savatni berib: «Bu baliqni yo‘qotgan joyingda menga aytarsan», deb tayinlab yo‘lga tushibdilar.

61. Endi qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo‘shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliq) dengizga qarab yo‘l oldi.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:31:11



62. Bas, qachonki (u yerdan) o‘tishgach, (Muso) yigitiga: «Nonushtamizni keltir, haqiqatan bu safarimizdan juda charchadik», degan edi.

63. U (xizmatkor) aytdi: «Buni ko‘ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni (unga jon kirib savatdan tushib ketganini) unutibman. (Bu voqeani sizga) aytishni faqat shayton yodimdan chiqardi. U (baliq) dengizga ajoyib (sezdirmagan yo‘sinda) yo‘l olgan edi».

64. (Muso) dedi: «Mana shu biz istagan narsadir». So‘ng uni (Xizirni) izlab ortlariga qaytdilar.

65. Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga O’z dargohimizdan rahmat (ya’ni, payg‘ambarlik) ato etgan va O’z huzurimizdan ilm bergan edik.

66. Muso unga: «Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta’lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?» dedi.

67. U (Xizir) aytdi: «Aniqki, sen men bilan birga (ilm mashaqqatlariga) sabr qilishga hargiz toqating yetmas.

68. (Zotan) o‘zing egallab olmagan — xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!»

69. (Muso) dedi: «Insha Alloh, sen mening sabr-toqatli ekanimni ko‘rursan. Men biron ishda senga osiylik itoatsizlik qilmasman».

70. U (Xizir) aytdi: «Bas, agar menga ergashsang, to o‘zim senga aytmagunimcha biron narsa haqida mendan so‘ramagin!»

71. Bas, ikkov yo‘lga tushdilar. To borib bir kemaga minishlari bilan (Xizir kemani) teshib qo‘ydi. (Muso) aytdi: «Uni odamlarni g‘arq qilish uchun teshdingmi?!»

72. U (Xizir) dedi: «Aniqki, sen men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating yetmas, demaganmidim?!»

73. (Muso) aytdi: «Unutganim sababli, meni ayblamagin va bu ishim uchun meni mashaqqatga duchor qilmagin».

74. So‘ng yana yo‘lga tushdilar. To borib bir bolaga ro‘baro‘ bo‘lganlarida (Xizir) uni o‘ldirdi. (Buni ko‘rgan Muso) dedi: «Birovni o‘ldirmagan bir begunoh jonni o‘ldirding-a. Darhaqiqat, (sen) buzuq ish qilding!»

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:31:41

O’N OLTINCHI JUZ’
*************************



75. U (Xizir) dedi: «Men senga, sen men bilan birga sabr kilishga hargiz toqating yetmas, demaganmidim?!»

76. (Muso) dedi: «Agar bundan buyon sendan biron narsa haqida so‘rasam, meni o‘zingga hamroh qilmagin. Chunki (u holda) men tomonimdan uzrga yetgan bo‘lursan (ya’ni, u holda meni tashlab ketganing uchun seni ayblay olmasman)».

77. So‘ng (ular) yana yo‘lga tushdilar. To bir shahar ahlining oldiga kelib ulardan taom so‘ragan edilar, ular mehmon qilishdan bosh tortishdi. Keyin o‘sha joyda yiqilay deb turgan bir devorni ko‘rishgach, (Xizir) uni tiklab qo‘ydi. (Muso) dedi: «Agar xohlasang, bu ishing uchun haq olishing mumkin edi».

78. U (Xizir) aytdi: «Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vili (sharhi)dan ogoh qilurman.

79. Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan (yuradigan) miskin-bechoralarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo‘ymoqchi bo‘ldim. (Chunki) ularning (kemadagilarning) ortida (ko‘zlab ketayotgan manzillarida) barcha (butun) kemalarni talon-toroj qilib, tortib olguvchi bir podshoh bor edi.

80. Haligi bolaning esa ota-onalari mo‘min kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tug‘yon va kufr bilan ularni qiynab qo‘yishidan qo‘rqdik.

81. Shu sababdan, ularga Parvardigor (bola)dan ko‘ra pokizaroq, undan ko‘ra mehribonroq (boshqa bir bolani) badal-evaz qilib berishini istadik.

82. Endi devor esa shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otalari juda yaxshi kishi edi. Bas, Parvardigoring ular voyaga yetib, Parvardigoringning rahmat-marhamati bo‘lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarning birontasini) o‘z-o‘zimcha qilganim yo‘q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vilidir».


I z o h . Mazkur ilohiy qissadan olinadigan ibrat bandalarga berilgan ilmning cheksiz-chegarasiz ekanligidir. Payg‘ambarlar tarixidan ma’lumki, Muso alayhis-salom «Kalimulloh»— «Alloh taolo bilan bevosita so‘zlashguvchi» degan nomga sazovor bo‘lgan zotdirlar. Demak, u kishi, Yaratgan bilan savol-javob qilganlarida, o‘rtada hatto farishta ham vositachilik qilmagan — bor haqiqatni Haq taoloning O’zidan olganlar. Binobarin, o‘zlaricha dunyoda mendan ham ilmliroq odam bormikan, degan fikr ko‘ngillaridan kechgan bo‘lsa kerakki, yuqoridagi oyatlarda zikr qilingan qissada Tangri O’z payg‘ambarini ogohlantirib, go‘yo shunday deydi: «Agar senga bo‘lib o‘tgan barcha narsalar to‘g‘risida bilim bergan bo‘lsam, bandalarim orasida shunday bir kishi ham mavjudki, unga endi bo‘ladigan narsalarning bilimini ato etgandirman - ya’ni, sen o‘z ilm-ma’rifating bilan butun dunyoga ustoz bo‘lishing mumkin, ammo u bandamga shogird bo‘lishga ham ojizlik qilursan». Bu hikoya bilan Alloh O’zining: «Har bir bilim sohibi ustida undan-da bilimdonroq birov bordir», degan oyati karimasini yana bir karra isbot etadi.

Endi quyidagi oyatlarda Zul-qarnayn haqida hikoya qilinadi. Qadimda yashab o‘tgan bu buyuk shohning nima sababdan Zul-qarnayn — ikki shox egasi deb atalishi xususida xilma-xil rivoyatlar bordir. Ba’zilar uning boshida ikkita shoxi bo‘lgan, desalar boshqa rivoyatlarda u ikki kokilli edi, deyiladi. Yana bir mo‘‘tabar manba’da esa, Yerning Sharqu G’arbiga hukmronlik kilgani uchun ham ikki shox egasi degan nom olgan, deyiladi. Quyida Tangri taoloning ana o‘sha iymon va taqvo egasi bo‘lgan bandasining yer yuzida haqni qaror topdirish uchun qilgan sa’y-harakatlari haqida so‘ylanadi.


83. (Ey Muhammad), yana sizdan Zul-qarnayn haqida so‘raydilar. Ayting: «Endi men sizlarga u haqdagi xabarni tilovat qilurman».

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:32:10



84. Darhaqiqat, Biz unga (Zul-qarnaynga) bu Yerda saltanat — hukmronlik berdik va (ko‘zlagan) barcha narsasiga yo‘l-imkoniyat ato etdik.

85. Bas, u (avval G’arbga qarab) yo‘l oldi.

86. To (ketayotib) kun botadigan joyga yetgach u (quyoshning) bir loyqa buloqqa botayotganini ko‘rdi va u (buloq) oldida bir qavmni uchratdi. Biz: «Ey Zul-qarnayn, yo (ularni) azobga duchor qilursan, yoki ularga yaxshi muomalada bo‘lursan», dedik.

87. U aytdi: «Zolim bo‘lgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So‘ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yana dahshatli azob bilan azoblar.

88. Endi iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotga kelsak, uning uchun go‘zal oqibat — jannat mukofot bo‘lur. Biz ham unga ishimizdan oson-engillarini buyururmiz».

89. So‘ngra, u (Sharqqa qarab) yo‘l oldi.

90. To (ketayotib) kun chiqishga yetib borgach, uning (quyoshning) bir qavm ustiga chiqayotganini (ko‘tarilayotganini) ko‘rdiki, Biz u (qavm) uchun quyoshdan (saqlanadigan uy libos kabi) biron parda qilmagan edik.

91. Xuddi ilgarigidek bo‘ldi (ya’ni, Zul-qarnayn bu qavmga ham kun botishdagi qavmga qilgan muomalani qildi). Aniqki, Biz uning barcha ishlaridan xabardormiz - (uni) ihota qilib olgandirmiz.

92. So‘ngra, u yana yo‘l oldi.

93. To (ketayotib) ikki tog‘ o‘rtasiga yetib kelgach, u (tog‘lar ortida) biron gapni anglay olmaydigan qavmni uchratdi.

94. Ular: «Ey Zul-qarnayn, shak-shubhasiz, (shu tog‘lar ortidagi) Ya’juj va Ma’juj (qabilalari) Yer yuzida buzg‘unchilik qilguvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) to‘lov to‘lasak, (bilan ularning o‘rtasiga bir sad chekib (bir to‘g‘on qurib) berurmisan?» dedilar.

95. U (Zul-qarnayn) aytdi: «Parvardigorim menga ato etgan (saltanat) sizlar beradigan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga (mol-dunyo bilan emas, balki) quvvat bilan yordam beringlar, men sizlar bilan ularning o‘rtasiga bir devor bino qilay.

96. Sizlar menga temir parchalarini keltiringlar». To (temir parchalari) ikkala tog‘ bilan barobar bo‘lgach, (Zul-qarnayn: «(Bosqonlar bilan) dam uringlar», dedi. Bas, qachon u (temir-tersaklarni qizdirib) o‘t qilgach (eritgach), dedi: «Menga eritilgan mis (ham) keltiringlar, uni (temir parchalarining) ustidan quyurman.

97. Endi ular u (to‘siq) ustiga chiqishga ham, uni teshib o‘tishga ham qodir emaslar».

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:32:34



98. «Bu Parvardigorim tomonidan bo‘lgan bir marhamatdir. Endi qachon Parvardigorim (Ya’juj va Ma’juj chiqadi, deb) va’da qilgan vaqt kelganida (ya’ni, Qiyomat qoyim bo‘lishiga yaqin qolganida), O’zi u (to‘siqni) tep-tekis qilib qo‘yur. Parvardigorimning va’dasi haqdir», dedi u.

99. U Kunda (Qiyomatda, odamlarni) bir-birlariga aralash-quralash qilib tashladik. Sur chalingach, ularning barchalarini to‘pladik.

100. U Kunda kofirlar uchun jahannamni ko‘ndalang qilib qo‘ydik.

101. Ularning ko‘zlari (dunyoda) Mening eslatmalarimdan to‘silgan edi. Ular (Mening pand-nasihatlarimni) eshitishga ham qodir emas edilar.

102. Yoki kofir bo‘lgan kimsalar, Meni qo‘yib, bandalarimni do‘st tutishni (O’zim yaratgan farishtalar yoki Iyso kabi payg‘ambarni iloh deb sig‘inishni) o‘yladilarmi?! Shak-shubhasiz, Biz jahannamni kofirlar tushadigan joy qilib qo‘ygandirmiz.

103. (Ey Muhammad), ayting: «Sizlarga qilgan ish-amallaridan eng ko‘p ziyon ko‘rguvchi kimsalarning xabarini beraylikmi?!

104. Ular (kofir bo‘lganlari sababli) qilgan sa’y-harakatlari hayoti dunyodayoq yo‘q bo‘lib ketgan-u, ammo (nodonliklari sababli) o‘zlarini chiroyli — yaxshi amal qilayotgan kishilar, deb hisoblaydigan kimsalardir!»

105. Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zotga ro‘baro‘ bo‘lishni inkor qilishib, butun ish-amallari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat kunida ular (qilib o‘tgan amallar) uchun hech qanday qadr-qiymat bermasmiz!

106. Kofir bo‘lganlari hamda Mening oyatlarimni va payg‘ambarlarimni masxara qilganlari sababli, ularning jazolari o‘sha jahannamdir!

107. Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun Firdavs bog‘lari manzil bo‘lur.

108. Ular, u joylarda mangu qolar ekanlar, (boshqa biron joyga) ko‘chishni istamaslar.

109. Ayting: «Agar barcha dengiz Parvardigorimning so‘zlari (ya’ni, ilmu hikmatlarini bitish) uchun siyoh bo‘lsa va yana shuncha siyoh keltirsak ham, Parvardigorimning so‘zlari bitishidan ilgari, u dengizlar tugab bitar!»

110. (Ey Muhammad, Ularga) ayting: «Hech shak-shubha yo‘qki, men ham sizlar kabi bir odamdirman. Menga Tangringiz yolg‘iz Allohning O’zi ekani vahiy etilmoqda. Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin! (Ya’ni, qiladigan barcha amallarini yolg‘iz Alloh uchun qilsin)».

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:32:58



 MARYAM SURASI

To‘qson sakkiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan. Bu surada ham bir qancha payg‘ambarlar qissalari zikr qilinadi. Boshlab Zakariyo va uning keksalik chog‘ida ko‘rgan farzandi Yahyo haqida so‘zlanib, so‘ngra eng ajib va g‘arib qissa — Maryam va uning beota dunyoga kelgan va beshikda yotgan chog‘idayoq tilga kirib o‘zining kimligini aytgan farzandi Iysoning qissasi hikoya qilinadi va Yaratgan nazdida bu oson ish ekanligi ta’kidlanadi. Suraning Maryam deb nomlanishiga ham sabab shudir.

Yana bu surada Alloh taoloning payg‘ambarlaridan Ibrohim, Ishoq, Ya’qub, Muso, Horun, Ismoil, Idris va Nuhlarning nomlari ham zikr qilinib, ularning barchalari bir zanjirning halqalari ekanliklari, ya’ni Yagona Allohning diniga da’vat etganliklari yana bir bor eslatib o‘tiladi.

Shuningdek, bu surada qiyomatning ayrim manzaralari, u kunning dahshatlari — jahannamga tashlanishlarini kutib, tiz cho‘kib turgan kofirlarning ahvoli ilohiy qalam bilan chizib beriladi. Lekin U zotning yolg‘iz Allohga bandalik qiladigan kishilarga bu dunyoda ham, u dunyoda ham rahm-shafqatli ekanligi ta’kidlanib, suraning bir necha o‘rinlarida Alloh kalimasining o‘rniga Rahmon-Mehribon so‘zi qo‘llanadi.

Sura nihoyasida Alloh taoloning farzand va sherikdan pok — tengi yo‘q zot ekani yana bir karra uqtirib o‘tiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Kof, Ho, Yo, Ayn, Sod.

I z o h.Bu sura ham yuqorida o‘tgan va quyida keladigan ayrim suralar kabi «xurufi muqatta’ot», ya’ni ma’nodan uzilgan yolg‘iz-yolg‘iz harflar bilan boshlandi.

2. (Ey Muhammad, ushbu) Parvardigoringiz O’z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir.

3-4. Eslang, Parvardigoriga xufyona duo-iltijo qilib, degan edi: «Parvardigorim, darhaqiqat mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim — sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo‘lgan emasman.

5-6. Men ortimda qoladigan qarindosh-urug‘larim (mening dinimni zoe qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen (menga) o‘z dargohingdan menga va (bobom) Ya’qub xonadoniga merosxo‘r bo‘ladigan bir do‘st (ya’ni farzand) hadya etgin va uni (O’z nazdingda) rozi bo‘linadigan (solih) kishilardan qilgin».

7. (Alloh aytdi): «Ey Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biron (kimsani) otdosh qilgan emasmiz».

8. (Zakariyo) dedi: «Parvardigorim, xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan, o‘zim esa keksalikning (umrimning) nihoyasiga yetib qolgan bo‘lsam, mendan qanday farzand (bunyod) bo‘lsin?»

9. (Alloh) aytdi: «Shunday, Parvardigoring ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men ilgari hech narsa bo‘lmagan paytingda seni (ham) yaratgan edim-ku (ya’ni yo‘qdan bor qilgan edim-ku)!»

10. «Parvardigorim, men uchun (kampirim homilali bo‘lganiga) biron belgi-alomat qilsang», dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: «Senga belgi shuki, soppa-sog‘ bo‘lgan holingda uch kungacha odamlarga gapira olmaysan».

11. Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech (Allohni) poklab — ibodat etishni ishora qildi.


I z o h. Darhaqiqat, Zakariyo alayhis-salom uch kungacha tasbeh o‘girish va Tavrot tilovat qilishdan boshqa narsaga tillari aylanmay qoladi va ibodatxonaga kelgan kishilarga ham faqat imo-ishora bilan pand-nasihat qiladilar. So‘ng vaqti-soati yetib, Yahyo alayhis-salom dunyoga kelgach, Alloh taolo unga go‘daklik chog‘idayoq vahiy yuboradi. Quyidagi oyatlarda shu haqda hikoya qilinadi.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:33:11



12. (Biz unga): «Ey Yahyo, Kitobni (ya’ni Tavrotni) mahkam ushlagin», (dedik) va unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat-ma’rifat ato etdik.

13. Yana unga O’z dargohimizdan mehr va poklik (ato etdik). U taqvoli bo‘ldi.

14. U ota-onasiga mehribon bo‘lib, jabru sitam qiluvchi, quloqsiz emas edi.

15. Unga tug‘ilgan kunida ham, vafot etadigan kunida ham, qayta tiriladigan (qiyomat) kunida ham tinchlik-omonlik bo‘lur (ya’ni u tug‘ilish mashaqqatidan, o‘lim azobidan va qiyomat kunida do‘zaxga tushish xavfidan xolidir).

16-17. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda (ya’ni Qur’onda) Maryamni zikr qiling: U o‘z ahli-oilasidan chetga — kun chiqar tomonga borib, ulardan berkinib olgan paytida, Biz unga o‘z ruhimiz - (ya’ni Jabroil)ni yubordik. Bas u (Maryamga) bus-butun (ro‘y-rost) odam bo‘lib ko‘rindi.

18. (Maryam unga): «Men Rahmonga (ya’ni Allohga) sig‘inib, sendan panoh berishni iltijo qilurman. Agar (Allohdan) qo‘rquvchi bo‘lsang (menga ziyon yetkazmagin),» dedi.

19. (Jabroil) aytdi: «(Qo‘rqmagin), men faqat senga bir pokiza o‘g‘il hadya qilish uchun (kelgan) Parvardigoringning elchisidirman, xolos».

20. (Maryam) dedi: «Menga odamzod tegmagan bo‘lsa, buzuq ayol bo‘lmasam menda qayoqdan farzand bo‘lsin?!»

21. (Jabroil) aytdi: «Shunday. Parvardigoring ayturki, bu (ish) Menga osondir. Biz u (bolani) odamlar uchun oyat-mo‘‘jiza va O’z tomonimizdan bo‘lgan rahmat-marhamat qilurmiz. Bu bitgan ishdir.

22. Bas, (Maryam) unga homilador bo‘lib, u bilan birga yiroq bir joyga ketdi.

23. Bas, to‘lg‘oq azobi uni bir xurmo daraxtining shoxiga olib bordi (va u shoxga osilgan holda ko‘zi yorigach), dedi: «Qani, mana shu (kundan) ilgari o‘lib ketsam-u, butunlay unutilib ketsam edi».


I z o h. Bibi Maryam o‘sha fursat ochiqqan, chanqagan va nihoyatda qiynalgan edilar. Suv yo‘q, yemish yo‘q, ruhlari tushkun edi.

24. Shunda (xurmo daraxtining) ortidan (Jabroil) nido qildi: «G’amgin bo‘lma, Parvardigoring (oyoq) ostingdan bir ariq oqizib qo‘ydi.

25. (Mana shu qurib qolgan) xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini tashlar.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:33:28



26. Endi sen yeb-ichgin, shod-xurram bo‘lgin. Bas, agar odamzoddan birontasini ko‘rib qolsang (va u sendan bu bolaning otasi haqida so‘rasa) u holda: «Men Rahmon yo‘lida ro‘za tutmoqni nazr (ahd) qilganman, bas, bugun biron insonga so‘zlamayman», degin.

27. So‘ng (Maryam bolasini) ko‘targan holda qavmiga kelganida ular: «Ey Maryam, sen hech kim qilmagan ishni qilding-ku!

28. Ey Horunning singlisi, sening otang yomon odam emas, onang ham fohisha emas edi-ku!» dedilar.

29. Shunda (Maryam og‘iz ochmasdan bolasiga) ishora qildi (ya’ni uning o‘zidan so‘ranglar, dedi). Ular aytdilar: «Beshikdagi go‘dak bilan qanday so‘zlashurmiz?!»

30. (Shu payt chaqaloq, ya’ni Iyso tilga kirib) dedi: «Men Allohning bandasidirman. U zot menga Kitob — Injil ato etdi va meni payg‘ambar qildi.

31. Yana meni qaerda bo‘lsam, xayru-barakotli qildi va modomiki hayot ekanman, namozni (ado etishni) va zakotni (ato etishni) amr qildi.

32. Shuningdek, (Alloh) meni onamga mehribon qildi va meni sitamkor badbaxt qilmadi.

33. Menga tug‘ilgan kunimda ham, vafot bo‘ladigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham tinchlik-omonlik bo‘lur».

34. Ular (ya’ni yahudiy va nasroniylar) shak-shubha qilayotgan Iyso binni Maryam (ya’ni uning haqidagi Allohning) Haq so‘zi mana shudir.


I z o h. Yuqorida mazkur bo‘lgan va quyida zikr qilinadigan oyatlarda Iyso binni Maryam Alloh taoloning «Bo‘l», degan amri bilan otasiz dunyoga kelgan bir banda va payg‘ambar ekanliklari to‘g‘risidagi Haq taoloning so‘zi bayon qilinadi va Iyso haqidagi «U valadi zino» deydigan yahudiylarning so‘zi ham, «U xudoning o‘g‘li» deydigan nasroniylarning so‘zi ham botil — nohaq so‘zlar ekani ta’kidlanadi.

35. Alloh uchun hech qanday bola tutish joiz emas — U zot (bunday nuqsondan) pokdir. U biron ishni qilmoqni istasa faqat unga «Bo‘l», der. Bas (o‘sha ish) bo‘lur.

36. (Iyso aytdi): «Albatta Alloh Parvardigorim va Parvardigoringizdir. Bas, Unga bandalik qilingiz! Mana shu haq yo‘ldir».

37. So‘ng (yahudiy va nasroniy) firqalar (Iyso xususida) o‘zaro ixtilof qildilar. Bas, kofir bo‘lgan kimsalarga ulug‘ Kun — Qiyomatga guvoh-hozir bo‘lganlarida halokat bo‘lgay.

38. Ular Bizga keladigan kunda juda ham (aniq) ko‘radigan va eshitadigan bo‘lib qolurlar. Lekin u zolimlar bugun ochiq zalolatdadirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:33:46



39. (Ey Muhammad), siz ularni (ya’ni Makka mushriklarini) barcha ish bitirilib, (ya’ni jannat axli jannatga, do‘zaxilar do‘zaxga hukm qilinib), ular hasrat-nadomat qilib qoladigan Kundan — Qiyomatdan qo‘rqiting! (Bugun) ular g‘aflatdadirlar, (shu sababdan) ular iymon keltirmaydilar.

40. Shak-shubhasiz Biz O’zimiz bu yerga va undagi bor jonzotga merosxo‘r bo‘lurmiz (ya’ni barcha jonzot o‘tar, yolg‘iz Bizgina qolurmiz). Va faqat Bizgagina qayturlar.

41. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda Ibrohim (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat, u juda rostgo‘y payg‘ambar edi.

42. Eslang, u otasiga: «Ey ota, nega sen eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va senga biron foyda yetkaza olmaydigan butga ibodat qilursan?

43. Ey ota, darhaqiqat senga kelmagan ilm-ma’rifat menga keldi. Bas, sen menga ergashgin, seni haq yo‘lga hidoyat qilurman.

44. Ey ota, sen shaytonga ibodat-qullik qilmagin. Chunki shayton Rahmonga osiy bo‘lgandir.

45. Ey ota, haqiqatan men senga Rahmon tomonidan azob yetib, (do‘zaxda) shaytonga do‘st-yaqin bo‘lib qolishingdan qo‘rqurman», deganida.

46. (Otasi) aytdi: «Sen mening xudolarimdan yuz o‘giruvchimisan, ey Ibrohim?! Qasamki, agar sen (mening xudolarimni so‘kishdan) to‘xtamasang, albatta, seni toshbo‘ron qilurman va (yoki) meni butunlay tark et!»

47. (Ibrohim) dedi: «Omon bo‘l. Endi Parvardigorimdan seni mag‘rifat qilishini so‘rarman. Shak-shubhasiz U menga mehribon bo‘lgan zotdir.

48. Men sizlardan ham, sizlar Allohni qo‘yib iltijo qilayotgan butlaringizdan ham chetlanurman va (yolg‘iz) Parvardigorimga iltijo qilurman. Parvardigorimga iltijo qilganim sharofatidan (sizlar kabi) badbaxt bo‘lib qolmasman, deb umid qilurman».

49. Bas, qachonki (Ibrohim) ulardan va Ular Allohni qo‘yib sig‘inayotgan butlaridan chetlangach, Biz unga (farzandlari) Ishoq va Ya’qubni hadya etdik va barchalarini payg‘ambar qildik.

50. Shuningdek, ularga O’z fazlu-marhamatimizdan in’om etdik va ular uchun rost, yuksak - maqtovlarni (barqaror) qildik.

51. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda Muso (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat u tanlab olingan elchi-payg‘ambar edi.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:34:04



52. Biz unga Tur (tog‘ining) tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O’zimizga) yaqin etdik.

I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhis-salom Madyan shahridan Misrga qarab yo‘lga tushib, Alloh taologa munojot qilib ketayotganlarida, o‘ng tomonlaridagi Tur tog‘idagi bir daraxtdan ovoz keladi va o‘sha joyda Alloh taolo bilan bevosita so‘zlashadilar.

53. Biz unga O’z fazlu-marhamatimiz bilan payg‘ambar bo‘lmish og‘asi Horunni hadya etdik.

54. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda Ismoil (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat u va’dasi rost elchi-payg‘ambar edi.

55. U o‘z axli-ummatini namoz va ro‘zaga buyurar edi. U Parvardigori nazdida rozi bo‘lingan kishi edi.

56. Yana ushbu Kitobda Idris (qissasini) zikr qiling! Darhahiqat u juda rostgo‘y payg‘ambar edi.

57. Va Biz uni yuksak martabaga ko‘tardik.

58. Ana o‘sha Odam zurriyotidan bo‘lgan (Idris kabi), Biz Nuh bilan birga (kemada) ko‘tarib (to‘fon balosidan najot bergan) kishilardan (ya’ni ularning farzandlaridan bo‘lgan Ibrohim kabi), Ibrohim zurriyotidan bo‘lgan (Ismoil, Ishoq, Ya’qub kabi), Isroil-Ya’qub (zurriyotidan bo‘lgan Muso, Horun, Zakariyo, Yahyo va Iyso kabi) va Biz hidoyat qilgan va tanlab olgan kishilardan bo‘lgan payg‘ambarlardan iborat Allohning in’omiga sazovor bo‘lgan zotlarga qachon Rahmon oyatlari tilovat qilinsa, sajda qilgan va yig‘lagan hollarida yiqilurlar.


I z o h. Mazkur oyat ham sajda oyati bo‘lib, uni tilovat qiluvchiga ham, tinglaguvchiga ham bir marta sajda qilish vojibdir.

59. So‘ng ularning ortidan namozni zoe qiladigan va shahvatlarga beriladigan kimsalar o‘rinbosar bo‘ldilar. Endi u (o‘rinbosarlar) albatta yomonlikka (ya’ni yomon jazoga) yo‘liqurlar.

60. Magar iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlargina (azobga duchor qilinmaslar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biron zulm qilinmas.

61. Ular Rahmon g‘oyibda (ya’ni bandalar ko‘ziga ko‘rinmay) turgan holida O’z bandalariga va’da qilgan mangu (yashaladigan) jannatlarga (kirurlar). Albatta U zotning va’dasi amalga oshgusidir.

62. U joyda ular biron behuda so‘z eshitmaslar, magar (ahli jannat tomonidan) salom (eshiturlar xolos). U joyda ular uchun ertayu-kech rizqlari hozirdir.

63. U — Biz bandalarimizdan taqvodor bo‘lgan kishilarga meros qilib beradigan jannatdir.

64. «(Ey Muhammad), biz yolg‘iz Pardigoringizning amri farmoni bilangina nozil bo‘lurmiz. Oldimizdagi (oxirat) ham, ortimizdagi (dunyo) ham, (dunyo va oxirat) o‘rtasidagi barcha ish-amallar ham yolg‘iz Uningdir. Parvardigoringiz unutguvchi emasdir.

Qayd etilgan