HAJ SURASIBu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, yetmish sakkiz oyatdir.
Sura dillar dahshatga tushib, aqllar adashadigan, ona emizayotgan go‘dagini unutib, homilador ayol homilasini tashlab yuboradigan Qiyomat oldi dahshatlarini tasvirlash bilan boshlanadi va o‘z hayotlarini Tangri taolo buyurgan dini Islom ahkomlariga amal qilish bilan o‘tkazgan kishilar uchun o‘sha Kunda ham hech qanday xavf-xatar bo‘lmasligi, dinu iymonsiz tirikchilik qilib o‘tgan kimsalar esa U Kunda xoru rasvo bo‘lishlari ta’kidlanadi.
Ma’lumki, agar Makkada nozil qilingan suralarda so‘z asosan iymon, e’tiqod haqida ketsa, Madinada ingan suralarda g‘oliban shariati Islomiyyadagi qonun-qoidalar zikr qilinadi. Inchunun ushbu sura ham bundan mustasno emas. Bu surada Islom dinining besh asosiy ruknidan biri bo‘lmish Haj ibodati va Odam alayhis-salomdan qolgan «Eski Uy — Baytulloh» xususida ancha batafsil bayon qilinadiki, suraning «Haj» deb nomlanishiga ham sabab shudir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ey insonlar, Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Zero (qiyomat) soati (oldidagi) zilzila ulug‘-dahshatli narsadir.
2. Uni ko‘rar kuningizda emizayotgan (onalar) emizib turgan (bolasini) unutar va barcha homilador (ayollar) o‘z homilasini tashlab yuborar, odamlarni mast-alast holda ko‘rursiz, holbuki ular o‘zlari mast emaslar, lekin Allohning azobi qattiqdir.
3. Odamlar orasida o‘zi bilmagan holida Alloh xususida mujodala qiladigan va har bir itoatsiz shaytonga ergashib ketaveradigan kimsalar ham bordir.
4. U (shaytonga esa) o‘zini do‘st tutgan kimsani albatta yo‘ldan ozdirish va do‘zax azobiga yo‘llash yozib qo‘yilgandir — hukm qilingandir.
5. Ey insonlar, agar sizlar qayta tirilishdan shubhada bo‘lsangizlar, u holda (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlar (ya’ni otangiz Odamni) tuproqdan, so‘ngra (barcha jonzotni avvalo) nutfa-maniydan, so‘ngra laxta qondan, so‘ngra yaralib bitgan-bitmagan (ya’ni inson suratida shakllanib bitgan yoki bitmagan) parcha go‘shtdan yaratdik. Biz (sizlarni) O’zimiz xohlaganimizcha - muayyan muddatgacha (onalaringiz) qornida qoldirib, so‘ngra chaqaloq holingizda (yorug‘ olamga) chiqarurmiz, so‘ngra voyaga yetgunlaringizgacha (ham O’zimiz tarbiya qilurmiz). Sizlardan (go‘daklik, yoshlik yillaridayoq) vafot topadigan kishilar xam bo‘lur, yana sizlardan (ko‘p narsa-bilimlarni o‘rganib) bilganidan so‘ng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (ya’ni qarib munkillab qolishga) qaytariladigan kishilar ham bo‘lur. (Qayta tirilish haq ekanligining yana bir dalili ushbudir) — siz(lar) bu yerni quruq-o‘lik holida ko‘rursiz. Endi qachonki Biz uning ustidan suv-yomg‘ir yog‘dirsak, u harakatga kelib ko‘pchir va turli-tuman go‘zal (nabotot) juftlarini undirur.