O’N SAKKIZINCHI JUZ’
*************************
MU'MINUN SURASIBir yuz o‘n sakkiz oyatdan iborat bu sura Makkada nozil qilingandir.
Sura Alloh Taoloning borligi va birligiga hamda Muhammad alayhis-salom U zotning so‘nggi payg‘ambari ekanligiga iymon keltirgan mo‘minlar Firdavs bog‘lariga merosxo‘r bo‘lish uchun qaysi amallarni qilib, qaysi amallardan tiyilishlari lozim ekanligini bayon qilish bilan boshlanadi. Shu boisdan u «Mo‘minlar» deb atalgandir.
Bu surada ham o‘tmishdagi ayrim payg‘ambarlar va ularga mushriklar tomonidan yetgan ozorlar zikr qilinishi bilan payg‘ambar alayhis-salomga Makka kofirlarining yetkazayotgan aziyatlarida tasalli beriladi, Suraning mehvari (o‘qi) asosan bu dunyodagi hayot uchun qayta tirilish haq ekani atrofida aylanadi. Yana bu surada hayotlarini kufr bilan o‘tkazgan kimsalarning «sakarotul-mavt — o‘lim mastligi» chog‘ida tortadigan azoblari, ajallari yetib — orzu-xayollari puchga chiqqan paytida chekadigan afsus-nadomatlari ham bayon qilinadi.
Sura odamlar ikki toifaga: baxtli va badbaxtlarga bo‘linadigan, har qanday nasl-nasab, qarindosh-urug‘chilikdan toniladigan, faqat iymon va qilingan yaxshi amalgina foyda beradigan Qiyomat kuni haqida xabar berish bilan nihoya topadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Darhaqiqat mo‘minlar najot topdilar.
2. Ular namozlarida (qo‘rquv va umid bilan) bo‘yin eguvchi kishilardir.
3. Ular behuda — foydasiz (so‘z va amallardan) yuz o‘girguvchi kishilardir.
4. Ular zakotni (ado) qilguvchi kishilardir.
5. Ular avratlarini (haromdan-zinodan) saqlaguvchi kishilardir.
6. Magar o‘z juftu-halollaridan va qo‘llaridagi cho‘rilaridangina (saqlanmaydilar). Bas ular malomat qilinmaslar.
7. Endi kim shundan o‘zgani (zino va shu kabi shariati Islomiyyada harom qilingan narsalarni) istasa, bas ana o‘shalar haddan oshguvchilardir.
8. Ular (ya’ni mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir.
9. Ular (barcha) namozlarini (vaqtida ado etib qazo bo‘lishdan) saqlaguvchi kishilardir.
10—11. Ana o‘shalar Firdavs (jannatiga) merosxo‘r bo‘lguvchi vorislardir. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar. I z o h .
Yuqoridagi oyatlardan ma’lum bo‘lishicha, mo‘minlar najot topib, baxt-saodatga erishishlari uchun, Firdavs jannatiga merosxo‘r bo‘lishlari uchun mazkur fazilatlarga ega bo‘lishlari lozim ekan. 12. (Qasamki), Biz insonni (ya’ni Odam alayhis-salomni) loyning mag‘zidan yaratdik. I z o h .
«Loyning mag‘zi»dan murod — loy-er jinsidagi barcha moddalardir. Darvoqe’, zamonaviy tibbiyot ham inson vujudida yer jinsining barcha moddalari mavjud ekanini isbotlaydi. 13. So‘ngra uni (ya’ni barcha insonlarni) avvalo mustahkam qarorgohdagi (ya’ni bachadondagi) nutfa-maniy qildik.
14. So‘ngra bu nutfadan laxta qonni yaratib, laxta qondan parcha go‘shtni yaratib, parcha go‘shtdan suyaklarni yaratib, bu suyaklarga go‘sht qopladik, so‘ngra (unga jon kirgizib, avval boshdagi bir tomchi suv — nutfadan butunlay) boshqa bir jonzot holida paydo qildik. Bas eng go‘zal yaratguvchi (ya’ni yo‘qdan bor qilguvchi bo‘lmish) Alloh barakotli — buyukdir. I z o h.
Ushbu oyatda insonning ona qornidagi bir tomchi suvdan to tirik, komil insonga aylangunigacha kechgan jarayon Yaratganning O’z ilohiy qalami bilan aniq-ravshan qilib chizib berildi. 15. So‘ngra shak-shubhasiz sizlar (ey insonlar), mana shundan (ya’ni yaralib, hayotga kelganingizdan) keyin (ajallaringiz bitgach) albatta vafot topguvchidirsizlar.
16. So‘ngra shak-shubhasiz sizlar qiyomat kunida qayta tirilursizlar.
17. (Qasamki) Biz sizlarning ustingizda yetti yo‘lni (ya’ni yetti qavat osmonni) yaratdik. Biz O’z xalqimizdan g‘ofil bo‘lmadik. I z o h.
Mufassirlar aytishicha, bu oyatda yetti qavat osmonning "œetti yo‘l" deb atalishini shunday tushunmoq mumkin: Alloh taolo insonni va barcha maxluqotni yaratganidan so‘ng Ularning holidan g‘ofil bo‘lib qolgani yo‘q, balki ularga rizqu ro‘z yog‘ilib turishi uchun ustlarida yetti yo‘l-etti osmonni paydo qildi.