Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466458 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:17:28



61. Endi qachonki ikki jamoat bir-birlarini ko‘rishgach, Musoning hamrohlari: «Bizlar aniq tutildik, (chunki oldimizda hech qanday yo‘l yo‘q, faqat dengiz bor) dedilar.

62. (Muso) aytdi: «Yo‘q, aniqki men bilan birga Parvardigorim bor. Albatta u meni (najot) yo‘liga boshlar».

63. Bas, Biz Musoga: (Asoing bilan) dengizni urgin», deb vahiy yubordik. Bas (dengiz) bo‘linib, har bir bo‘lak (suv) baland tog‘ kabi bo‘ldi. (So‘ng Muso va uning qavmi dengiz o‘rtasidan ochilgan yo‘lga tushdilar.)

64. Va keyingilarni (ya’ni Fir’avn va uning qo‘shinini ham) o‘sha (yo‘lga) yaqin qildik.

65. Va Muso hamda u bilan birga bo‘lgan kishilarning barchalariga najot berdik.

66. So‘ngra keyingilarni (dengizga) g‘arq qilib yubordik.

67. Albatta bunda (Fir’avn va uning qavmi halokatida) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

68. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

69. (Ey Muhammad), ularga Ibrohim xabarini tilovat qiling!

70. O’shanda u otasi va qavmiga: «Nimaga ibodat qilmoqdasizlar?» — deganida.

71. Ular: «But-sanamlarga ibodat qilmoqdamiz. Bas ularga sodiqligimizcha qolurmiz», dedilar.

72-73. (Ibrohim) aytdi: «Iltijo qilgan paytlaringizda (butlaringiz) sizlarni(ng iltijolaringizni) eshitdilarmi yoki sizlarga foyda yo ziyon yetkaza oladilarmi?!»

74. Ular dedilar: «Yo‘q, bizlar ota-bobolarimizning mana shunday (butlarga ibodat) qilishlarini ko‘rganmiz (shuning uchun bizlar ham butlarga ibodat qilamiz).

75-76. (Ibrohim) aytdi: «Sizlar o‘zingiz ham, qadim-qadim ota-bobolaringiz ham ibodat qilguvchi bo‘lgan butlaringiz xaqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?

77. Shak-shubhasiz ular men uchun dushmandir (bas men ularga ibodat qilmayman), magar barcha olamlar Parvardigorigagina (ibodat qilurman).

78. U meni yaratgandir, bas O’zi meni hidoyat qilur.

79. Uning O’zigina meni to‘ydirur va qondirur.

80. Kasal bo‘lgan vaqtimda Uning O’zi menga shifo berur.

81. U meni o‘ldirur, so‘ngra (qiyomat kunida qayta) tiriltirur.

82. U jazo (qiyomat) kunida mening xato-gunoxlarimni mag‘firat etishini umid qilurman.

83. Parvardigorim, menga hikmat-ilm hadya etgin va meni solih (bandalaring) qatoriga qo‘shgin.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:19:04



84. Yana men uchun keyin kelguvchi kishilar o‘rtasida rost maqtovlar qilgin.

85. Yana meni noz-ne’matlar bog‘ining vorislaridan qilgin.

86. Otamni ham mag‘firat qilgin. U shubhasiz adashganlardan bo‘ldi.

87. Va (barcha jonzot) qayta tiriladigan Kunda meni sharmanda qilmagin».

88. U kunda na molu-davlat va na bola-chaqa foyda bermas;

89. Magar Alloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur).

90. (U kunda) jannat taqvodor bo‘lgan zotlarga yaqin qilindi.

91. Do‘zax yo‘ldan ozgan kimsalarga ko‘rsatib qo‘yildi.

92-93. Va ularga: «Sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilib o‘tgan butlaringiz qani?! Ular sizlarga yordam bera olurmi yoki o‘zlari yordam ola bilurmi?!» — deyildi.

94-95. Bas u (butlar) yo‘ldan ozdirgan kimsalar va Iblis lashkarlari (ya’ni kishilarni Haq yo‘lidan ozdirgan dohiylar) barchalari (do‘zaxga) uloqtirildi.

96. Ular (do‘zaxda) talashib-tortishar ekanlar, dedilar:

97-98. «Alloh nomiga qasamki, albatta bizlar sizlarni (ey but va sanamlar!) barcha olamlarning Parvardigoriga tenglashtirgan paytimizda ochiq zalolatda bo‘lgan ekanmiz.

99. Bizlarni faqat jinoyatchi («dohiy»)lar yo‘ldan ozdirdilar.

100-101. Endi bizlar uchun na oqlovchilar va na biron qadrdon do‘st bordir.

102. Bas qaniydi yana bir marta (yashashning iloji) bo‘lsa-yu, bizlar ham mo‘minlardan bo‘lsak».

103. Albatta bunda (ya’ni Ibrohim va uning qavmi haqidagi qissada) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

104. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

105. Nuh qavmi payg‘ambarlarni yolg‘onchi qildi (ya’ni Nuhni ham, boshqa payg‘ambarlarni ham inkor qildilar).

106. O’shanda ularga birodarlari Nuh aytgan edi: «(Allohdan) qo‘rqmaysizlarmi?!

107. Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman.

108. Bas, Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

109. Men sizlardan bu (da’vatim) uchun ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat barcha olamlarning Parvardigori Allohning zimmasidadir.

110. Bas, Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!»

111. Ular dedilar: «Senga pastkash (yalangoyoq) kimsalar ergashgan bo‘lsa, (bizlar senga (qanday qilib iymon keltirurmiz?»

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:19:26



112. (Nuh) aytdi: «Men ularning ish-amal qilguvchi ekanliklarini bilmasman.

113. Agar payqay olsangizlar ularning hisob-kitobi yolg‘iz Parvardigorimning zimmasidadir.

114. Va men (sizning so‘zingizga kirib) mo‘min bo‘lgan kishilarni (huzurimdan) quvmayman ham.

115. Men faqat ochiq ogoxlantirguvchidirman».

116. Ular dedilar: «Qasamki, agar (bu da’vatingdan) to‘xtamasang ey Nuh, albatta toshbo‘ron qilinguvchilardan bo‘lursan!»

117. (Shunda Nuh) aytdi: «Parvardigorim, qavmim meni yolg‘onchi qildilar.

118. Endi Sen O’zing men bilan ularning orasini ochib qo‘ygin va menga hamda men bilan birga bo‘lgan mo‘min kishilarga najot bergin».

119. Bas Biz unga va u bilan birga bo‘lgan kishilarga (odamlar, hayvonlar va parrandalar bilan) liq to‘la bo‘lgan kemada najot berdik.

120. So‘ngra, (ularga najot berganimizdan keyin) qolganlarni g‘arq qildik.

121. Albatta bunda (ya’ni Nuh va uning qavmi haqidagi qissada) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

122. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

123. Od (qabilasi) payg‘ambarlarni yolg‘onchi qildi.

124. O’shanda ularga birodarlari Hud aytgan edi: (Allohdan) qo‘rqmaysizlarmi?!

125. Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman.

126. Bas Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

127. Men bu (da’vatim) uchun sizlardan ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat barcha olamlarning Parvardigori zimmasidadir.

128. Sizlar har bir tepalikka o‘yin-kulgi uchun bir belgi — baland bino quraverasizlarmi?!


I z o h. Naql qilishlaricha, Od qabilasi hoyu-havasga juda berilgan bo‘lib, o‘z shaharlaridan tashqaridagi yo‘l yoqalariga ham o‘yin-kulgi qiladigan baland-qimmatbaho imoratlar qurishar va o‘zlari yashaydigan uy-joylarni ham go‘yo hech qachon o‘lmaydigandek haddan ortiq mustahkam va naqshu-nigorli qilib qurib, butun umrlarini mana shunday behuda ishlarga sarflashar va bu bilan faxrlanib, maqtanib yurar edilar. Yuqoridagi va quyidagi oyatlarda Hud alayhis-salom ularni bunday behuda ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishdan qaytarib, dunyo va oxirat uchun foydali yumushlar bilan band bo‘lishga da’vat qilganlari haqida xabar beriladi.

129. Va go‘yo mangu yashab qoladigandek qasr-saroylar solasiz-lar?!

130. Qachon (biron kishini jazolash uchun) ushlasangizlar, berahmlarcha ushlaysizlar?!

131. Bas, Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

132. Va sizlarni o‘zlaringiz biladigan ne’matlar bilan qo‘llagan-siylagan zotdan (Allohdan) qo‘rqingiz!

133-134. U sizlarni chorva hayvonlari va o‘g‘illar bilan, bog‘lar va buloqlar bilan qo‘lladi-ku!

135. Albatta men sizlarning ustingizga ulug‘ kunning — Qiyomatning azobi tushishidan qo‘rqurman».

136. Ular dedilar: «Sening va’z-nasihat qilishing yoki qilguvchilardan bo‘lmasliging bizlar uchun barobardir (ya’ni bizlarga pand-nasihat qilib ovora bo‘lma).

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:19:41



137. Albatta bu (aysh-ishratga berilib umr o‘tkazish) avvalgilardan qolgan odatdir.

138. Bizlar azoblanguvchi emasmiz».

139. Bas ular (Hudni) yolg‘onchi qilishgach, Biz ularni halok etdik. Albatta bunda (ya’ni Hud va uning qavmi bo‘lmish Od qabilasi haqidagi qissada) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

140. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

141. Samud (qabilasi) payg‘ambarlarni yolg‘onchi qildi.

142. O’shanda ularga birodarlari Solih aytgan edi: (Allohdan) qo‘rqmaysizlarmi?!

143. Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman.

144. Bas, Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

145. Men bu (da’vatim) uchun sizlardan ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-muofotim faqat barcha olamlarning Parvardigori zimmasidadir.

146-147-148. Sizlar bu yerdagi narsalarda - bog‘laru buloqlarda, ekinlar va novdalari muloyim xurmo daraxtlari ichida qo‘yib qo‘yilurmisiz (ya’ni shunday nozu ne’matlardan foydalanib mangu yashayveramiz deb o‘ylaysizlarmi)?!

149. Yana mohirlik bilan tog‘lardan uylar ham yo‘nmoqdasizlar (yasamoqdasizlar)?!

150. Bas, Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

151-152. Va yer yuzida buzg‘unchilik qiladigan va (hech narsani) o‘nglay olmaydigan haddan oshuvchi kimsalarning amriga itoat etmanglar!»

153. Ular dedilar: «Hech shak-shubhasiz sen sehrlangan — aqldan ozgan kimsalardandirsan.

154. Sen ham xuddi bizlarga o‘xshagan odamdirsan. Bas, agar (payg‘ambarman degan da’voyingda) rostgo‘ylardan bo‘lsang biron oyat-mo‘‘jiza keltir!»

155. U aytdi: «(Mening mo‘‘jizam) mana shu tuyadir. (Ma’lum bir kun suv) ichish navbati unikidir. Ma’lum bir kun esa sizlarning ichish navbatingizdir.

156. Yana unga biron yomonlik yetkazmanglarki, u holda sizlarni ulug‘ Kunning — Qiyomatning azobi ushlar».

157. Bas ular (tuyani) so‘ydilaru, nadomat qilguvchilarga aylandilar.

158. Ularni azob ushladi. Albatta bunda (ya’ni Solih va uning qavmi haqidagi qissada) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

159. Shak-shubhasiz Parvardigoringning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:20:01



160. Lut qavmi payg‘ambarlarni yolg‘onchi qildi.

161. O’shanda Ularga birodarlari Lut aytgan edi: «(Allohdan) qo‘rqmaysizlarmi?

162. Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman. Bas, Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

164. Men bu (da’vatim) uchun sizlardan ajr-mukofot so‘ramayman. Mening mukofotim faqat barcha olamlarning Parvardigori zimmasidadir.

165. Sizlar butun olamlardan (ajrab) hech bir jon-zot qilmagan ishni qilib erkaklarga yaqinlashurmisizlar?! Va Parvardigoringiz sizlar uchun yaratgan jufti halollaringizni tark qilurmisiz?! Yo‘q, sizlar haddan oshuvchi qavmdirsizlar».

167. Ular dedilar: «Qasamki, agar to‘xtamasang, Lut, albatta surgun qilinguvchilardan bo‘lursan».

168. U «Albatta men sizlarning (bu) ishlaringizni yomon ko‘rguvchilardanman.

169. Parvardigorim, menga va ahlimga (ya’ni menga iymon keltirgan kishilarga) ular (kofirlarning) qilayotgan amallari (oqibati) dan najot bergin)».

170. Bas Biz unga va uning barcha ahli tobe’lariga najot berdik.

171. Magar (azob ostida) qolguvchilardan bo‘lgan bir kampirga (ya’ni Lutning iymonsiz bo‘lgan xotiniga najot bermadik).

172. So‘ngra boshqalarni ham halok qildik.

173. Va ularning ustiga (tosh) yomg‘ir yog‘dirdik. Bas (azob haqida) ogohlantirilgan (lekin o‘zlarining yaramas qilmishlaridan qaytmagan) kimsalaring yomg‘iri naqadar yomon bo‘ldi.

174. Albatta bunda (Lut va uning qavmi haqidagi qissada) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

175. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

176. Daraxtzor egalari (ya’ni Shu’ayb payg‘ambar qavmi) payg‘ambarlarni yolg‘onchi qildilar.

177. O’shanda ularga Shu’ayb aytgan edi: (Allohdan) qo‘rqmaysizlarmi?!

178. Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman.

179. Bas Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat etinglar!

180. Men bu (da’vatim) uchun sizlardan ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat barcha olamlarning Parvardigori zimmasidadir.

181. O’lchovni to‘la o‘lchanglar va kamaytirib (tortguvchilardan) bo‘lmanglar!

182. Va to‘g‘ri tarozi bilan tortinglar!

183. Odamlarga narsalarini kamaytirib bermanglar va yer yuzida buzg‘unchilik qilib sanqib yurmanglar!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:21:52



184. Hamda sizlarni ham (sizlardan) avval yaralgan ummatlarni ham yaratgan zot — Allohdan qo‘rqinglar!»

185. Ular dedilar: «Hech shak-shubhasiz sen sehrlangan — aqldan ozgan kimsalardandirsan.

186. Sen ham xuddi bizlarga o‘xshagan odamdirsan. Albatta bizlar seni yolg‘onchi kimsalardan deb gumon qilurmiz.

187. Bas agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, ustimizga osmondan bir bo‘lagini tashlab yubor!»

188. U aytdi: «Parvardigorim O’zi sizlarning qilayotgan amallaringizni juda yaxshi bilguvchidir (ya’ni sizlar qanday azobga mustahiq bo‘lsangiz, Alloh o‘zi bilib jazoingizni berguvchidir)».

189. Bas ular (Shu’aybni) yolg‘onchi qilishgach, ularni «soyabon» kunining azobi ushladi. Darhaqiqat u ulug‘-dahshatli kunning azobi edi.


I z o h. Ulamolar aytishlaricha, Tangri taolo Shu’ayb alayhis-salomning qavmini Shu’aybga iymon keltirishdan bosh tortishgach, avvalo qattiq issiq bilan ushlagan ekan, ular nafaslari qaytib uylaridan tashqariga sahroga chiqqanlarida, Alloh taolo ularning ustiga soyabon qilib bir bulut yuborgan va ular o‘sha «soyabon» ostida to‘planib turganlarida osmondan olov yog‘ilib barchalari tiriklay yonib ketgan ekanlar.

190. Albatta, bunda (ya’ni Shu’ayb va uning qavmi haqidagi qissada) oyat-ibrat bordir. (Lekin odamlarning) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

191. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.


I z o h. Ushbu surada o‘tgan payg‘ambarlar va ularning qavmlari haqidagi yetti qissa mazkur bo‘ldi. Alloh taolo O’zining so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis-salomga Makka mushriklarining iymonsizliklaridan behad ozor chekib turgan paytlarida avvalgi payg‘ambarlarning qissalarini so‘ylash bilan u kishiga taskin-tasalli berib, bunday iymonsiz kimsalar ilgari ham bo‘lganini va bundan keyin ham albatta bo‘lishini bildiradi. «Albatta bunda oyat-ibrat bordir».

192. Albatta (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir.

193-194-195. (Ey Muhammad), siz (oxirat azobidan) ogoxlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga uni (ya’ni Qur’onni) Ruhul-Amin — Jabroil ochiq-ravshan arabiy til bilan nozil qildi.

196. Albatta (Qur’on haqidagi xabarlar) o‘tganlarning kitoblarida ham bordir.

197. Axir (Qur’on haqida) Bani Isroil olimlari ham bilishlari (Makka mushriklari) uchun (Qur’on haqiqatan Alloh tomonidan nozil bo‘lganiga) oyat-dalil emasmi?!

198-199. Agar Biz (Qur’onni) ajamlardan (ya’ni arab bo‘lmagan kishilardan) biriga nozil qilsak, bas u (Qur’onni) ularga o‘qib bersa, unga ham iymon keltirguvchi bo‘lmas edilar.

200. (Payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilishni) jinoyatchi kimsalarning dillariga mana shunday yo‘llab-kiritib qo‘yganmiz.

201. Ular to alamli azobni ko‘rmagunlaricha, (Qur’onga) iymon keltirmaydilar.

202. Bas u (azob) ularga o‘zlari sezmagan hollarida to‘satdan kelur,

203. So‘ng ular: «Bizlarga (bir oz) muxlat berilarmikan, (albatta iymon keltirgan bo‘lur edik)», deb qolurlar.

204. Bas ular Bizning azobimizn shoshtirurlarmi?!

205-206-207. (Ey Muhammad), xabar bering-chi, agar Biz ularni (uzoq) yillar (sihat-salomatlik, mol-davlat bilan) foydalantirsak-da, so‘ngra ularga va’da qilingan narsalar (ya’ni azob) kelsa, (o‘sha payt) ularga (hayoti dunyoda) foydalangan narsalari asqoturmi?!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:22:11



208-209. Biz biron qishloq-shaharni halok qilmadik, magar uning uchun (azob-halokatdan) ogoxlantirguvchi (payg‘ambarlar) bo‘lgan holida (u qishloq ahli o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilganlaridan keyingina kelajak avlod uchun) eslatma-ibrat bo‘lsin, deb (halok qildik). Ba Biz zolim bo‘lmadik.

210. (Qur’onni osmondan) jinlar olib tushganlari yo‘q.

211. Ular uchun buning imkoni yo‘q va ular bunga qodir shaxslar emaslar.

212. Chunki ular (vahiyni o‘g‘rincha) eshitib olishdan chetlatilganlari aniqdir.


I z o h. Makka mushriklari avval «Qur’onni Muhammadning o‘zi yozib olgan», deb ko‘rdilar, lekin bu ig‘volari foyda bermadi, chunki payg‘ambar alayhis-salomning Qur’ondek benazir Kitobni yozish emas, balki uni o‘qib berishga ham qodir bo‘lmagan savodsiz kishi ekanliklari makkaliklarga ma’lum edi. Shundan keyin, ular «Muhammadning ham boshqa kohin-folbinlarga o‘xshab o‘z jinlari bor. Qur’onni unga o‘shalar o‘rgatadilar», degan yangi yolg‘onni o‘ylab topdilar. Mazkur oyatlarda Alloh taolo bu ish jinlarning qo‘lidan kelmasligini, ular osmon xabarlarini eshitishdan chetlatilganlarini aytib (bu haqda Hijr surasining 17-18-oyatlarida ham zikr qilingan edi) Qur’oni Karim U zotning O’zi nozil qilgan kitob ekanini ta’kidlaydi. Suraning 221-223-oyatlarida yana shu mavzuga qaytilib, jinlar kimlarning oldiga tushishi aniq aytiladi.

213. Bas (Ey Muhammad), siz Alloh bilan birga boshqa biron «iloh»ga iltijo qilmang! Aks holda azoblanguvchi kimsalardan bo‘lib qolursiz.

214. Va yaqin qarindosh-urug‘laringizni (Allohning azobidan) ogoxlantiring!


I z o h. Ushbu ikki oyatda Tangri taolo O’z payg‘ambariga yolg‘iz Allohdan o‘zga biron kimsa yo narsaga sig‘inmaslikni va boshlab bu Haq dinga o‘z qarindosh-urug‘larini chorlashni buyurdi. Shu oyatlar nozil bo‘lishi bilan payg‘ambar alayhis-salom qarindoshlarini yig‘ib, ularni oxirat azobidan faqat o‘z iymon-amallari bilangina xalos bo‘lishlari mumkin ekanligi haqida ogohlantiradilar va jumladan o‘z qizlariga qarab shunday deydilar: «Ey Fotima, qancha so‘rab-yolvormagin, oxirat kunida men senga asqotmayman (ya’ni oxirat azobidan payg‘ambar qizi ekaning uchun emas, balki o‘z amaling bilangina qutula olursan, deydilar. Bu Muhammad alayhis-salomning barcha ummatlariga saboqdir.

215. O’zingizga ergashgan mo‘min bo‘lgan kishilar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni ularga xush xulq bilan kamtarona muomalada bo‘ling)!

216. Bas agar ular itoatsizlik qilsalar, u holda ayting: «Albatta men sizlarning amalingizdan pokdirman».

217. G’olib va mehribon (Alloh) ga tavakkul qiling!

218-219. U sizni o‘zingiz (namoz uchun) turayotgan vaqtingizda ham, sajda qilguvchilar (namoz o‘quvchilar) orasida (imom bo‘lgan holingizda namoz ruknlarining biridan ikkinchisiga) ko‘chayotgan (vaqtingizda ham) ko‘rib turar.

220. Shak-shubhasiz U eshitguvchi, bilguvchi zotdir.

221. (Ey Muhammad,) ayting: «men sizlarga jinlar kimlarga tushishi haqida xabar beraymi?

222. Ular barcha gunohga botgan tovlamachilarga tushib,

223. Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. Ularning (jinlarning) ko‘plari yolg‘onchilardir»

224. Shoirlarga yo‘ldan ozganlar ergashur.

225-226. Ularning (So‘z vodiylaridan) har vodiyda daydishlarini (ya’ni o‘zlariga yoqib qolgan eng tuban kimsa yo narsalarni ham ko‘kka ko‘tarib, yoqtirmaganlarini tuproqqa qorishlarini) va o‘zlari qilmaydigan narsalarni aytishlarini ko‘rmadingizmi?!


I z o h. Bu oyatlar barcha zamonlardagi Allohdan qo‘rqmaydigan, ustlaridagi hokimiyat — siyosat o‘zgarishi bilan yozayotgan mavzulari, qahramonlari ham o‘zgarib ketaveradigan, o‘zgalarga to‘g‘rilik, ezgulik haqida lof urib, o‘zlari nopok yo‘llardan yuradigan maddoh qalamkashlar va o‘zlarining bor ilhom-iste’dodlarini ma’shuqalarining ta’rif-tavsiflariga sarf qiladigan nazmbozlar haqidadir. Lekin iymonli, ezgu amallar qiladigan va doim Allohni yodda tutadigan shoirlar bundan mustasno ekanligi to‘g‘risida quyidagi oyati karimada aytib o‘tiladi, Yana bu xususda payg‘ambar alayhis-salomdan ham ko‘p hadislar rivoyat qilingan. Shulardan biri mana bu hadisdir. Sahobalardan bo‘lgan bir shoir kelib payg‘ambar alayhis-salomga, Alloh taolo shoirlar haqida aytgan bu so‘zlardan keyin bizlarning holimiz ne kechadi, deganlarida hazrat shunday javob berganlar: «Mo‘min kishi ham tig‘i bilan, ham tili (ya’ni qalami) bilan Alloh yo‘lida jihod qilur. Yaratgan Egamning nomiga qasamki, sizlar otadigan o‘qning tig‘i o‘tkirroqdir».

227. Magar iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan hamda doim Allohni yodda tutgan va (ilgari) mazlum bo‘lganlaridan keyin (Islom zafar topgach) g‘olib bo‘lgan kishilar (ya’ni shoirlar yo‘ldan ozdirguvchi emaslar). Zolim kimsalar esa yaqinida qanday oqibatga qarab ketayotganlarini bilib qolurlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:23:53



NAML SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, to‘qson uch oyatdan iboratdir. Unda payg‘ambarlardan Muso, Solih, Lut alayhis-salomlarning qissalari zikr qilinadi va, xususan, Dovud va Sulaymon payg‘ambarlar haqida bir qadar batafsil to‘xtalib, Sulaymon alayhis-salom Alloh taoloning payg‘ambari bo‘lish bilan birga yana jamiyki insu-jin va parrandayu-darranda olamiga podshoh qilingani to‘g‘risida hikoya qilinadi hamda u zot bilan Saba’ mamlakatining Malikasi Bilqis o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealar ham tasvirlanadi.

Yana bu surada Qur’ondagi pand-nasihat, ibrat-eslatmalardan faqat ko‘zi ochiq kishilargina foydalanishlari mumkinligi ayricha ta’kidlab o‘tiladi.

Shuningdek, qiyomat qoyim bo‘lishi oldidan yer yuziga chiqadigan jonivor haqidagi xabar hamda mo‘min va kofirlarning qiyomat kunidagi ahvoli xususidagi ibratli oyatlar ham shu suradan joy olgandir.

Surada Alloh taoloning eng zaif va zahmatkash maxluqlaridan biri bo‘lgan chumoli haqida ham zikr qilingani sababli uni «Naml — Chumoli» surasi deb atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. To, Sin. Ushbu (oyatlar) Qur’on — ochiq Kitob oyatlaridir.

2-3. (Bu oyatlar) namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan va oxiratga aniq ishonuvchi bo‘lgan kishilar — mo‘‘minlar uchun hidoyat va xushxabardir.

4. Albatta oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar uchun Biz (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib qo‘ygandirmiz. Bas ular adashib-uloqib yuraveradilar.

5. Ana o‘sha kimsalar uchun (dunyoda ham) eng yomon azob bordir va ular oxiratda eng ko‘p ziyon ko‘rguvchi kimsalardir.

6. (Ey Muhammad), shak-shubhasiz sizga bu Qur’on dono va bilguvchi Zot dargohidan berilur.

7. Muso axli-oilasiga: «Men olov ko‘rib qoldim. Sizlarga undan biron xabar keltirurman yoki sizlarga isinib olishingiz uchun bir o‘t-cho‘g‘ keltirurman», deganini eslang.

8. Endi qachonki u olov oldiga kelgach, unga nido qilindi: «Olov oldidagi kishiga (ya’ni Musoga) va uning atrofidagi zotlarga (farishtalarga) xayru-barakot bo‘lsin. Barcha olamlarning Parvardigori — Alloh (aybu-nuqsondan) pokdir.

9. Ey Muso, shak-shubhasiz Men g‘olib va hikmat sohibi Allohdirman.

10. Asoingni tashlagin!» Bas qachonki (Muso) uning ilondek qimirlayotganini ko‘rgach, ortiga qaramay qochdi. (Shunda Biz dedik): Ey Muso, qo‘rqmagin. Zero, Mening xuzurimda payg‘ambarlarim qo‘rqmaslar.

11. Lekin kim zulm qilsa-yu, so‘ngra — yomonlikdan keyin, uni chiroyli (amalga) almashtirsa, bas albatta Men mag‘firatli, mehribondirman.

12. Qo‘lingni cho‘ntagingga solgin, u hech qanday dardsiz oppoq bo‘lib chiqur. (Bu mo‘‘jizalar) sen (Fir’an va uning qavmiga) olib boradigan to‘qqiz oyat-mo‘‘jiza ichida bordir. Darxaqiqat ular itoatsiz qavm bo‘ldilar.

13. Bas qachonki ularga Bizning oyat-mo‘‘jizalarimiz ravshan holda yetib kelgach, ular: «Bu ochiq sehrdir», dedilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:24:21



14. Va o‘zlari aniq bilgan hollarida zulm va kibr qilib, u (mo‘‘jizalarni) inkor etdilar. Endi (ey Muhammad), u buzg‘unchi kimsalarning oqibati qanday bo‘lganini ko‘ring.

15. Qasamki, Biz Dovud va Sulaymonga (etuk) bilim ato etdik va ular: «Bizlarni ko‘p mo‘min bandalaridan afzal qilib qo‘ygan zot —Allohga hamdu sano bo‘lsin», dedilar.

16. Sulaymon (payg‘ambarlik va ilmda) Dovudga voris bo‘ldi va aytdi: «Ey odamlar, bizga qushlarning (va barcha jonivorlarning) tili bildirildi hamda (payg‘ambar va podshoxlarga beriladigan) barcha narsalardan berildi. Albatta bu ochiq fazlu-marhamatning o‘zidir.

17. Sulaymon (amri bilan) jin, ins va qushlardan bo‘lgan lashkarlari to‘planib, tizilgan hollarida turdilar.

18. To ular chumolilar vodiysiga yetgan vaqtlarida, bir chumoli: «Ey chumolilar, uyalaringizga kiringlar, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar», degan edi.

19. (Sulaymon) uning so‘zidan kulib-tabassum qildi va dedi: «Parvardigorim, meni Sen menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O’zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga muvaffaq etgin va meni ham O’z fazlu rahmating bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin».

20-21. U qushlarni ko‘zdan kechirib (ularning orasida hudhudga ko‘zi tushmagach): «Nega men hudhudni ko‘rmayapman, balki u (mendan beizn) g‘oyib bo‘lguvchilardandir?! Albatta uni qattiq azob bilan azoblarman yo so‘yib yuborurman yoki u menga (o‘z uzrini bayon qilib) ochiq hujjat keltirur», dedi.

22. So‘ng uzoqqa qolmay (hudhud kelib) dedi: «Men sen ogoh bo‘lmagan narsadan ogoh bo‘ldim va senga Saba’ (shahri) dan aniq bir xabar keltirdim.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:24:44



23. Darhaqiqat men bir ayolni ko‘rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo‘lib, katta taxti ham bordir.

I z o h. Sulaymon alayhis-salom zamonlarida (miloddan ilgari — taxminan o‘ninchi asrda) Yaman mamlakatining Saba’ shahrida Bilqiys ismli ayol hukmronlik qilgan.

24-25. Men u va uning qavmi Allohni qo‘yib, quyoshga sajda-ibodat qilayotganlarini ko‘rdim». Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib, ularni (Haq) yo‘ldan to‘sib qo‘ygandir. Bas ular (to) Allohga sajda qilmagunlaricha (Haq yo‘lga) hidoyat topmaslar. (Alloh) osmonlar va yerdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni ham biladigan zotdir.

I z o h. Ushbu oyat sajda oyati bo‘lib, uni o‘quvchiga ham, eshitguvchiga ham bir marta sajda qilish vojibdir.

26. «Alloh — hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. U ulug‘ arsh egasidir».

27. (Sulaymon) dedi: «Sen rost so‘zladingmi ski yolg‘onchilardan bo‘ldingmi, ko‘rurmiz.

28. Mana bu maktubimni olib borib, ularga tashlagin, so‘ngra ulardan chetlanib kuzatgin-chi, nima (javob) qaytarar ekanlar».

29. (Qachonki hudhud Sulaymonning maktubini olib kelib, malika Bilqiysning oldiga tashlagach) u dedi: «Ey odamlar, haqiqatan menga ulug‘ bir maktub tashlandi.

30-31. Albatta u Sulaymondandir va u (maktubda shunday bitilgandir): «Mehribon va rahmdil Alloh nomi bilan boshlayman. Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo‘yinsungan holingizda kelingiz!»

32. (Malika) aytdi: «Ey odamlar, menga bu ishimda fatvo-maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo‘lmaguningizcha biron ish haqida hukm qilguvchi emasman».

33. Ular dedilar: «Bizlar kuch-quvvat va jur’at-matonat egalaridirmiz. (Qanday ishga) buyurish sening o‘zingga havola. Bas nimaga buyurishni o‘ylab ko‘raver, (bizlar esa senga itoat eturmiz)».

34. U aytdi: «Aniqki podshoxlar qachon biron qishloqqa (bostirib) kirsalar uni vayron eturlar, aholisining obro‘-e’tiborlilarini esa hor-zor qilurlar. Ularning qilmish-odatlari shudir.

35. Men ularga bir hadya yuborib, ko‘ray-chi, elchilarim nima (xabar) bilan qaytar ekanlar».


I z o h. Bilqiys dono malika edi. U hadya yuborish bilan Sulaymon alayhis-salomning haqiqiy payg‘ambarmi yoki oddiy bosqinchi podshohmi ekanligini imtihon qiladi. Malikaning fikri shunday edi: «U agar oddiy podshoh bo‘lsa, hadyani darhol qabul qiladi, demak unga qarshi hujum uyushtirish ham mumkin bo‘ladi. Endi agar u Alloh taoloning payg‘ambari bo‘lsa, hadya qabul qilmaydi, u holda unga bo‘ysunish lozim bo‘ladi».

Qayd etilgan