Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 832558 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:25:08



36. Bas qachonki (Bilqiysning elchilari uning yuborgan hadyasini olib) Sulaymon (huzuriga) kelgach u dedi: «Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda (bilingizki, Alloh menga ato etgan (payg‘ambarlik va mulku-davlat) U zot sizlarga bergan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Balki sizlar hadyalaringiz bilan xursand bo‘larsizlar, (lekin mening unga ehtiyojim yo‘qdir).

37. Sen (qavmingga) qaytib borib (aytginki, agar huzurimga bo‘yinsungan hollarida kelmasalar) albatta biz ularga shunday qo‘shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta biz ularni (qishloqlaridan) mag‘lub hollarida quvib chiqarurmiz».


I z o h. Bilqiysning elchisi uning oldiga hadya bilan qaytib borib Sulaymon alayhis-salomning javoblarini yetkazgach, u «Bu oddiy podshoh emasligini bilgan edim», dedi va Sulaymon payg‘ambarga: «Men sening kimligingni va da’vat qilayotgan dining qanday din ekanligini bilish uchun o‘z a’yonlarim bilan huzuringga bormoqdaman», degan xabar bilan chopar yuborib, o‘zi o‘n ikki ming odam bilan yo‘lga tushdi. Qachonki ular Sulaymon alayhis-salomning qarorgohlariga yetib kelishlariga bir farsax (olti chaqirim atrofida) qolganida u zot bundan xabar topib, ularga o‘zining haq payg‘ambar ekanligini isbotlaydigan bir mo‘‘jiza ko‘rsatish va malika Bilqiysning fahmu-farosatini sinash maqsadida qo‘l ostidagi xaloyiqqa qarab:

38. «Ey odamlar, ular mening huzurimga bo‘ysungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi birlaringiz menga uning (ya’ni Bilqiysning o‘z shahrida qolgan) taxtini keltira olur», dedi.

39. (Shunda) jinlardan bir paxlavoni aytdi: «Men uni sen o‘rningdan turishingdan ilgari senga keltirurman. Albatta men bunga qodir va ishonchlidirman».

40. Kitobdan ogoxligi bor bo‘lgan bir zot esa: «Men uni ko‘zing o‘zingta qaytgunicha (ya’ni ko‘z ochib yumguncha) senga keltirurman», dedi. «Bu Parvardigorimning men shukr qilamanmi yoki kufroni ne’mat qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlu-marhamatidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘z (foydasi) uchun shukr qilur. Kim kufroni ne’mat qilsa, bas, albatta Parvardigorim (uning shukr qilishidan) behojat va fazlu-karam egasidir».

41. (Qachonki malikaning kelishi yaqinlashib qolgach, Sulaymon unin fahmu-farosatini sinash uchun) dedi: «Uning taxtini tanimaydigan qilib — o‘zgartirib qo‘yinglar u (o‘z taxtini tanishga) topurmi yoki yo‘l topa olmaydigan kimsalardan bo‘lurmi, ko‘rurmiz».

42. Endi qachonki u kelgach: «Sening taxting shundaymidi?» — deyildi. U (hayratga tushib): «Xuddi o‘shaning o‘zi-ku» dedi. (Shunda Sulaymon aytdi: «Alhamdulillohki), bizlarga undan ilgari ilm-ma’rifat berilib, musulmon bo‘lganmiz.

43. Uni esa o‘zi Allohni qo‘yib, ibodat qilgan narsasi (Allohga shirk keltirib, musulmon bo‘lishdan) to‘sgandir. Chunki u kofir qavmdan edi».

44. (Malikaga): «Saroyga kirgin», deyildi. Endi qachonki u (saroyni) ko‘rgach, uni suv (to‘lqin) deb o‘ylab oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon): «Bu oynadan yasalgan baland qasrdir», dedi. Shunda malika) aytdi: «Parvardigorim, darhaqiqat men (quyoshga sig‘inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga barcha olamlar hojasi — Allohga bo‘yinsundim».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:25:29



45. Kasamki, Biz Samud (qabilasi)ga birodarlari Solihni payg‘ambar qildik. (U): «Allohga ibodat qilingiz», (dedi). Bas banogoh ular talashib-tortishadigan ikki guruh bo‘lib oldilar.

46. (Samud qabilasidagi kofir bo‘lgan guruh Solihga: «Agar chin payg‘ambar bo‘lsang, bizlarni qo‘rqitayotgan azobingni keltir-chi», deganlarida) u aytdi: «Ey qavmim, nega sizlar yaxshilik-rahmatdan ilgari yomonlik-azobni shoshtirmoqdasiz?! Sizlarga rahm-shafqat qilinishi uchun Allohdan mag‘firat so‘rasangizlar bo‘lmasmi?!»

47. Ular dedilar: «Bizlar (boshimizga tushgan ocharchilik-qahatchilik) sening va sen bilan birga bo‘lgan (mo‘minlarning) shumqadamligidan deb bildik». U aytdi: «Sizlarning (boshingizga tushgan) baxtsizlik Alloh huzuridandir. Balki sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz».

48. U shaharda (o‘zlarini) o‘nglamay yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan to‘qqiz nafar kimsa bor edi.

49. O’shalar Alloh nomiga qasam ichishib (bir-birlariga) aytdilar: «Albatta (Solihni) va uning axli-tobe’larini tunda halok qilurmiz, so‘ngra uning valiy-homiysiga: «Bizlar (na Solihning va na) uning axli-tobe’larining halokatiga guvoh bo‘lgan emasmiz. Albatta bizlar rostgo‘y kishilardirmiz», deymiz».

50. Ular (Solih va uning tobe’lariga qarshi o‘z) makrlarini qildilar. Biz ham ular sezmagan hollarida (ularni halok qilish bilan) bir «makr» qildik.

51. Endi ularning qilgan makrlari oqibati qanday bo‘lganini ko‘ring — Biz ularni va barcha qavmlarini halok qildik.

52. Mana, ular zolim bo‘lganliklari sababli uylari huvillab qoldi! Albatta bunda biladigan qavm uchun oyat-ibrat bordir.

53. Iymon keltirgan va taqvodor bo‘lgan zotlarga esa najot berdik.

54. Lutni (eslang). O’shanda u qavmiga aytgan edi: «Sizlar ko‘rib-bilib turgan holingizda buzuqlik qilurmisizlar?!

55. Sizlar xotinlaringizni qo‘yib, shahvat bilan erkaklarga yaqinlashurmisizlar?! Yo‘q, sizlar johil qavmdirsiz!»

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:25:59

YIGIRMANCHI JUZ’
*************************



56. (Lut) qavmining javobi esa faqat «Lutning axli-tobe’larini qishlog‘ingizdan (quvib) chiqaringiz! Darhahiqat ular juda «pokiza» kishilardir», deyishlari bo‘ldi.

57. So‘ng Biz (Lutga) va uning ahli-tobe’lariga najot berdik. Magar uning xotini (najot topmadi, chunki) Biz uni qolib halok bo‘lguvchilardan bo‘lishini taqdir qilib — belgilab qo‘ydik.

58. Va ularning ustiga bir yomg‘ir (ya’ni tosh yog‘dirdik) Bas (azobdan) ogoxlantirilguvchilar yomg‘iri naqadar yomon bo‘dtsi!

59. (Ey Muhammad,) ayting: «Allohga hamdu-sano bo‘lsin va Uning O’zi (payg‘ambarlik uchun) tanlagan bandalariga duoyu-salom bo‘lsin». Alloh yaxshiroqmi yoki ular (Makka mushriklari Allohga) sherik qilayotgan butlarimi?!

60. Yoki osmonlar va yerni yaratgan hamda sizlar uchun osmondan suv-yomg‘ir yog‘dirib, uning yordamida go‘zal bog‘larni o‘stirgan zotmi?! Sizlar uchun u (bog‘larning) dov-daraxtini o‘stirish imkoni yo‘q edi. Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Yo‘q, ular (Allohga o‘zgalarni) teng biladigan qavmdirlar!

61. Yoki yerni (barcha jonzotlar uchun) qarorgoh qilib, uning o‘rtasida daryolar paydo qilgan va uning uchun tutqi-tog‘lar barpo qilgan hamda ikki (ya’ni sho‘r-chuchuk) dengiz-daryo o‘rtasida to‘siq-to‘g‘on insho qilgan zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Yo‘q, ularning ko‘plari bilmaydilar!

62. Yoki muztar-nochor odam duo-iltijo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (uning) mushkulini oson qiladigan hamda sizlarni yerning xalifa-egalari qiladigan zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar!

63. Yoki sizlarga quruqlik va dengiz zulmatlarida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan va O’z rahmati-yomg‘iri oldidan shamollarni xushxabar qilib jo‘natadigan zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Alloh ularning shirk keltirgan narsalaridan yuksakdir!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:26:17



64. Yoki boshlab O’zi yaratib, so‘ngra (oxiratda) qayta yaratadigan zotmi?! Kim sizlarga osmon va zamindan rizqu-ro‘z berur? Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! (Ey Muhammad, kofirlarga) ayting: «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar hujjatlaringizni keltiringiz!»

65. Ayting: «Osmonlar va yerdagi biron kimsa g‘aybni bilmas, magar Allohgina (bilur)». Ular qachon qayta tirilishlarini ham seza olmaslar.

66. Balki ularning oxirat haqidagi bilimlari pishib yetilgandir (va shu sababdan oxirat haqida so‘rayotgandirlar) Yo‘q, ular (oxiratdan) shak-shubhadadirlar! Yo‘q, ular undan ko‘rdirlar!

67. Kofir bo‘lgan kimsalar dedilar: «O’zimiz ham ota-bobolarimiz ham tuproqqa aylanib ketgan vaqtimizda (qayta tirilib, qabrlarimizdan) chiqarilguvchidirmizmi?! Darhaqiqat bizlarning o‘zimizga ham, ilgari ota-bobolarimizga ham mana shu va’da qilingandir. Bu faqat o‘tganlarning afsonalaridir».

69. Ayting: «Yerni aylanib, jinoyatchi kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘ringlar!»

70. (Ey Muhammad), siz ularning (iymon keltirmaganlari) ustida g‘am chekmang ular qilayotgan makrlardan siqilmang ham!

71. Ular: «Rostgo‘y bo‘lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va’da (qilingan azob) qachon bo‘ladi?» deydilar.

72. Ayting: «Ehtimol sizlar shoshtirayotgan (azobning) ba’zisi sizlarga yaqin kelib qolgandir».

73. Albatta, Parvardigoringiz odamlarga fazlu-marhamat sohibidir. Lekin ularning ko‘plari shukr qilmaydilar.

74. Albatta, Parvardigoringiz ularning dillari yashiradigan narsani ham, ular oshkor qiladigan narsani ham bilur.

75. Osmon va zamindagi har bir sir ochiq Kitobda (ya’ni Lavhul-Mahfuzda) mavjuddir.

76. Albatta, ushbu Qur’on Bani Isroilga ular ixtilof qilayotgan narsalarning ko‘pini so‘ylab — bayon qilib berur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:26:41



77. Albatta, u iymon keltiradigan kishilar uchun hidoyat va rahmatdir.

I z o h. Bani Isroil qavmi, ya’ni yahudiylar o‘zaro ixtilof qilib yuradigan Iyso payg‘ambar haqida va boshqa juda ko‘p muammolar to‘g‘risida Qur’oni Karimda aniq tafsilotlar bayon qilingandir. Ushbu ikki oyatda Qur’onning unga iymon keltiradigan kishilar uchun Allohning rahmatiga hidoyat qilguvchi rahbar-yo‘lboshchi ekanligi uqtiriladi.

78. Albatta, Parvardigoringiz (odamlar) o‘rtasida O’z hukmi (ya’ni adolati) bilan hukm qilur. U g‘olib va bilguvchidir.

79. Bas siz Allohga tavakkul qiling! Albatta, siz ravshan haqiqat ustidadirsiz.

80. Aniqki, siz (o‘z da’vatingizni) "œo‘liklarga" uqtira olmassiz va yuz o‘girib ketayotgan karlarga ham bu da’vatni uqtira olmassiz.

81. Yana siz ko‘rlarni ham zalolatlaridan (chiqarib, haq yo‘lga) hidoyat qila olguvchi emasdirsiz. Siz faqat Bizning oyatlarimizga iymon keltirib, musulmon bo‘ladigan kishilargagina uqtira olursiz.

82. Qachon (kofirlarning) ustiga so‘z-azob tushganida (ya’ni qiyomat yaqinlashib qolganida), Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar Bizning oyatlarimizga ishonmaydigan bo‘lib qolganlari haqida so‘zlar.


I z o h. Hadisi sharifda aytilishicha, oxir zamon bo‘lganda, yer ostidan misli ko‘rilmagan bir hayvon chiqib, Alloh taoloning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalarni la’natlar va shu hodisadan keyin qiyomat qoyim bo‘lishi aniq ekan.

83. Biz har bir millatdan bir guruh Bizning oyatlarimizni yolg‘on deydigan kimsalarni to‘plab, ular tizilib turadigan kunni (eslang).

84. Endi qachon ular (hisob-kitob qilinadigan joyga) kelishgach, (Alloh) aytdi: «Sizlar aniq-puxta bilmagan holingizda Mening oyatlarimni yolg‘on dedingizmi?! Bo‘lmasa nima qilguvchi bo‘ldingizlar?!»

85. Zolim-kofir bo‘lganlari sababli ularning ustiga so‘z — azob tushdi. Bas ular (biron so‘z) so‘zlay olmaslar.

86. Biz ular orom olishlari uchun kechani paydo qilganimizni va kunduzni yorug‘ qilib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?! Albatta bunday iymon keltiradigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

87. Sur chalinib, Alloh O’zi xoxlagan zotlardan boshqa osmonlardagi va yerdagi (barcha) kimsalar dahshatga tushib qolgan va barcha U zot (huzuriga) bo‘yin eggan holda kelgan kunni eslang.

88. Siz tog‘larni ko‘rib tek qotib turibdi, deb o‘ylarsiz. Holbuki ular ham xuddi bulutlar yurgandek yurarlar. (Bu) barcha narsani puxta qilgan zot — Allohning hunaridir. Albatta, U Zot sizlar qilayotgan (barcha) ishlardan ogohdir.


I z o h. Ushbu oyat yerning tinmasdan o‘z o‘qi atrofida aylanib turishiga Tangri taolo tomonidan nozil qilingan dalildir «Albatta bunda aql egalari uchun oyat-ibrat bordir».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:27:00



89. Kim yaxshilik bilan kelsa, bas uning uchun o‘sha (yaxshiligidan) yaxshiroq mukofot bo‘lur. Va ular o‘sha Kunning dahshatidan omondadirlar.

90. Kim yomonlik bilan kelsa, bas yuztuban hollarida do‘zaxga tashlanurlar. (Va ularga aytilur): «Sizlarga faqat qilib o‘tgan amallaringizning jazosi berilur».

91-92. (Ey Muhammad, ularga ayting): «Men faqat mana shu shaharning (ya’ni Makkai Mukarramaning) Parvardigorigagina ibodat qilishga buyurilgandirman. U (bu shaharni) xarom qilgan zotdir (ya’ni bu shaharda qon to‘kilishi, biron kishiga zulm qilinishi, ov ovlanishi va hatto o‘t yulinishi ham harom qilingandir). Barcha narsa Unikidir. Men musulmonlardan bo‘lishga va Qur’on tilovat qilishga buyurilgandirman». Bas kim haq yo‘lga yursa faqat o‘z (foydasi) uchun yurar. Kim yo‘ldan ozsa, u holda aytingki: «Men faqat (yo‘ldan ozgan kimsalarni Allohning azobidan) ogohlantirguvchilardandirman».

93. Ayting: «Hamdu-sano Alloh uchundir. Yaqinda U sizlarga O’z oyat-mo‘‘jizalarini ko‘rsatur. Bas sizlar u (mo‘‘jizalarni) tan olursizlar (lekin u kunda tan olishingiz sizlarga foyda bermas)». (Ey Muhammad), Parvardigoringiz sizlarning qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir.



QASAS SURASI

Qur’oni Karim matnida yigirma sakkizinchi tartibda kelgan bu sura Makka suralaridan bo‘lib, sakson sakkiz oyatni tashkil etadi.

Sura o‘z ma’no-mohiyati e’tibori bilan «Shuaro» va «Naml» suralarining davomidir.

Bu surada insonlar ibrat olishlari uchun ikki zolim kimsaning qilgan kirdikorlari va topgan oqibat-halokatlari haqida hikoya qilinadi. Ulardan biri qo‘l ostidagi hukmu-saltanat sababli o‘zidan ketib, hatto o‘zini xudo deb atashgacha borib yetgan zolim va mustabid podshoh Fir’avn bo‘lsa, ikkinchisi topgan molu-davlatiga mast bo‘lib, dinu-diyonatni unutgan Qorundir, Qur’on ulardan birini suv, ikkinchisini esa yer yutgani haqida xabar beradi.

Bu surada Alloh taoloning suyukli payg‘ambarlaridan Muso alayhis-salomning tug‘ilishlaridan tortib, qanday payg‘ambar bo‘lganlari va ko‘rgach-kechirgan ibratli sarguzashtlari boshqa suralarga nisbatan mufassal va mukammal so‘ylangani sababli uni «Qasas-Qissa» deb atalgandir. Sura ikki dunyo saodati bo‘lmish iymon-e’tiqodga da’vat qilish bilan xotimalanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. To, Sin, Mim.

2. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.

3. (Ey Muhammad), iymon keltiradigan qavm (o‘qib, ibrat olishlari) uchun sizga Muso va Fir’avn xabaridan haqqi-rost tilovat qilib (so‘ylab) berurmiz.

4. Darhaqiqat Fir’avn (Misr) yerida tug‘yonga tushib, uning aholisini bo‘lak-bo‘lak qildi. U ulardan bir toifani (ya’ni Bani Isroil qavmini) xorlab o‘g‘illarini so‘yar, ayollarini tirik qoldirar. Albatta u buzg‘unchi kimsalardan bo‘ldi.

5. Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xor-bechoralikdan chiqarib, barchaga peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkining) vorislari qilishni istaymiz.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:27:18



6. Yana ularni o‘sha yerda barqaror qilib, Fir’avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga (Bani Isroil) tomonidan o‘zlari qo‘rquvchi bo‘lgan narsani (ya’ni mulku-davlatlari qo‘llaridan ketib, hukmu-saltanat Bani Isroil qavmining qo‘liga o‘tishini) ko‘rsatib qo‘yishni (istaymiz).

7. Biz Musoning onasiga (Musoni tug‘ib, uni ham Fir’avn odamlari kelib o‘ldirishlaridan qo‘rqib turgan paytida) vahiy qildikki: «Uni emizavergin. Bas qachon (Fir’avn odamlari o‘g‘il ko‘rganingni bilishib qolib, uni o‘ldirib ketishlaridan) qo‘rqsang, uni daryoga tashlagin va qo‘rqmagin ham, qayg‘urmagin ham. Zero Biz uni senga (ya’ni tirik holida) qaytarguvchidirmiz va uni payg‘ambarlardan qilguvchidirmiz».

8. Bas uni Fir’avn xonadoni (o‘sib-ulg‘aygach) o‘zlariga dushman va g‘am-tashvish bo‘lishi uchun tutib oldilar. Albatta Fir’avn, Homon va ularning lashkarlari xato qilguvchi bo‘ldilar.

9. Fir’avnning xotini (unga): «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni bola qilib olsak», dedi. Ular (o‘zlarining halokatlari shu go‘dak qo‘lida ekanini) sezmagan hollarida (uni bola qilib oldilar).

10. Muso (daryoda oqib ketgach), onasining qalbi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Agar Biz («Musoni o‘zingga qaytarurmiz», degan va’damizga) iymon keltirguvilardan bo‘lishi uchun uning ko‘nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (Muso o‘zining o‘g‘li ekanini) ochib qo‘ygan bo‘lur edi.

11. Va (Musoning) onasiga: «Uning (ortidan) tushgin», dedik. Bas u (Fir’avn xonadonidagilar) sezmagan hollarida (Musoni) uzoqdan kuzatib turdi.

12. Biz avval (Musoga barcha) emizguvchi ayollarni harom kildik (bas u biron ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): «Men sizlarga unga kafil bo‘lib (emizadigan) va unga xolis (tarbiya beradigan) bir oilani ko‘rsataymi?» dedi.

13. Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko‘zlari shodlanishi va g‘am chekmasligi uchun hamda Allohning va’dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin ko‘p (odamlar Allohning va’dasi xaq ekanini) bilmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:27:35



14. Qachonki u voyaga yetib, (aqli) to‘lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz chiroyli amal qilguvchi kishilarni mana shunday mukofotlarmiz.

15. (Kunlardan birida Muso) shaharga uning aholisi g‘aflatda bo‘lgan (peshin) paytida kirgan edi, unda ikki kishi urushayotganini ko‘rdi. (Ulardan) biri o‘z guruhidan (ya’ni Bani Isroil qavmidan) va biri dushmanidan (ya’ni Qibtiylardan) edi. (Bas Musoning) guruhidan bo‘lgan kishi undan dushman tomondan bo‘lgan kimsaga qarshi yordam so‘radi. Shunda Muso bir musht urib uni o‘ldirib ko‘ydi. (So‘ng qilib qo‘ygan ishidan pushaymon bo‘lib), dedi: «Bu shaytonning ishidandir. Albatta u yo‘ldan urguvchi ochiq dushmandir»,

16. (Keyin Allohga iltijo qilib), dedi: «Parvardigorim, darhaqiqat men o‘z jonimga jabr qilib qo‘ydim. Endi O’zing meni mag‘firat qilgin». Bas (Alloh) uni mag‘firat qildi. Albatta Uning O’zigina mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

17. U (yana) dedi: «Parvardigorim, Sen menga qilgan in’oming haqqi-hurmati endi hargiz jinoyatchi kimsalarga yordam qilguvchi bo‘lmasman».

18. Bas u erta tongda shaharda qo‘rquvga tushib, (biron kori holga) ko‘z tutgan holda ketayotgan edi, banogoh kecha undan yordam so‘ragan (Bani Isroil qavmidan bo‘lgan) kimsa yana (bir Qibtiy bilan urushayotganini va yana) uni yordamga chaqirayotganini (ko‘rdi). Muso unga dedi: «Darhaqiqat sen aniq gumrohdirsan».

19. Endi u o‘zlariga dushman bo‘lgan kimsani (ya’ni Qibtiyni) ushlamoqchi bo‘lgan edi, (Muso endi meni urmoqchi shekilli, deb gumon qilgan Bani Isroildan bo‘lgan kimsa): «Ey Muso, kecha bir jonni o‘ldirganing kabi (bugun) meni ham o‘ldirmoqchimisan?! Sen faqat yer yuzida jabru zulm qilguvchi bo‘lmoqchisan. Sen isloh qilguvchilardan bo‘lishni istamaysan», dedi.


I z o h . Naql qilinishicha, Muso alayhis-salom o‘rtaga tushib Qibtiy bilan Isroiliyni ajratib qo‘ygach, bir kun ilgari o‘ldirilgan qabiladoshining qotili Muso ekanidan xabar topgan Qibtiy borib Fir’avn va uning odamlariga bu haqda so‘zlab beradi. Shunda Fir’avn Muso alayhis-salomni qatl qilishga amr qilib, uni topib kelishi uchun odamlarni yuboradi. Lekin Qibtiylar orasidagi bir diyonatli kishi kelib, Musoni bu haqda ogohlantirib qo‘yadi. Quyidagi oyatda shu to‘g‘risida hikoya qilinadi.

20. Shaharning narigi tarafidan bir kishi shoshgancha kelib: «Ey Muso, (Fir’avn) odamlari seni o‘ldirish uchun til biriktirmoqdalar. Bas sen (bu shahardan) chiqib ketgin. Albatta men senga xolis bo‘lgan kishilardandirman», dedi.

21. Bas u qo‘rquvga tushib, (ortidan yetib kelib qolishlariga) ko‘z tutgan holda u yerdan chiqib, dedi: «Parvardigorim, O’zing menga bu zolim qavmdan najot bergin».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:27:53



22. Va qachonki Madyan (shahri) tomonga yuzlangach, dedi: «Shoyad Parvardigorim meni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilsa».

23. Qachonki Madyanning suvi - qudug‘iga yetib kelgach, u joyda bir to‘p odamlar (chorvalarini) sug‘orayotganlarini ko‘rdi va ulardan quyiroqda ikki ayol (o‘z qo‘ylarini quduqdan) to‘sib turganlarini ko‘rib: «Sizlarga ne bo‘ldi (ya’ni nega qo‘ylaringizni sug‘ormay turibsizlar)?» dedi. Ular: «Biz to podachilar (mollarini) qaytarmaguncha sug‘ora olmaymiz. Otamiz esa qari chol (ya’ni qo‘ylarimizni sug‘organi kela olmas)», dedilar.

24. Shunda (Muso) ularga (qo‘ylarini) sug‘orib berdi. So‘ngra (bir chetdagi daraxt) soyasiga borib (o‘tirib), dedi: «Parvardigorim, men O’zing men uchun nima yaxshilik (ya’ni rizq) tushirsang, o‘shanga muhtojdirman».


I z o h . Mufassirlar yozishlaricha, hazrati Muso alayhis-salom Fir’avn qavmidan yolg‘iz, bechora, och va dahshatga tushgan holda qochib chiqqanlarida aytdilarki: «Parvardigor, yolg‘izman, xastaman, bechoraman!» Shunda u kishiga javob bo‘ldi: «Ey Muso! Mendek do‘sti bo‘lmagan kishi yolg‘izdir, Mendek tabibi bo‘lmagan odam xastadir, Men bilan aloqasini uzgan kimsa bechoradir». Darhaqiqat, Alloh taolo O’z do‘stlarini yolg‘izlatib qo‘ymasligi haqida quyidagi oyatlarda hikoya qilinadi. Muso alayhis-salom qo‘ylarini sug‘orib bergan ikki qiz Shu’ayb payg‘ambarning qizlari edi. Keksayib qolgan Shu’ayb alayhis-salom qizlarining har kungi odatlaridan ertaroq qaytib kelganlaridan hayron bo‘lib, buning sababini so‘raganlarida, ular bir notanish yigit qo‘ylarini sug‘orib berganini aytadilar. Shunda u zot qizlaridan birini Musoni chaqirib kelish uchun yuboradilar.

25. Bas ulardan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam seni bizlarga (qo‘ylarimizni) sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Bas qachonki (Muso Shu’aybning huzuriga) kelib, unga o‘z qissasini so‘ylab bergach, u: «Qo‘rqmagin. Sen u zolim qavmdan najot topding», dedi.

26. (Qizlardan) biri: «Ey ota, uni (ishga) yollagin. Zero, sen yollagan eng yaxshi kishi kuchli, ishonchli kishidir», dedi.

27. (Shu’ayb) aytdi: «(Ey Muso, agar rozi bo‘lsang), menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman. Endi agar o‘n yilni to‘latsang (ya’ni to‘la o‘n yil ishlab bersang), sen tomoningdan (bizga marhamat bo‘lur). Men seni qiynashni istamayman. Insha Alloh, sen mening solih kishilardan ekanligimni ko‘rursan».

28. (Muso) dedi: «Mana shu sen bilan mening o‘rtamizdagi (bitimdir). Ikki muddatdan qay birini ado qilsam bas, menga zo‘rlik qilinmas. Alloh aytayotgan so‘zimizga guvohdir».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:28:11



29. Endi qachonki Muso (kelishilgan) muddatni o‘tab, ahli-oilasi bilan (Misr tomon) yo‘lga tushgach, Tur (tog‘i) tarafdan bir olovni ko‘rib qoldi. U ahli-oilasiga: «Sizlar kutib turinglar. Aniqki men bir olovni ko‘rib qoldim. Shoyad sizlarga biron xabar yoki isinib olishlaringiz uchun u olovdan cho‘g‘ olib kelsam», dedi.

30. Endi qachonki uning oldiga yetib kelgach u muborak joydagi vodiyning o‘ng tarafidan — daraxtdan unga nido qilindi: «Ey Muso, albatta, Men barcha olamlarning Parvardigori Allohdirman.

31. Asoingni (erga) tashlagin!» Bas qachon (Muso) uni ilondek qimirlaganini ko‘rgach, ortiga qaramay qochdi. «Ey Muso, kel, qo‘rqmagin. Zero sen (xavfu-xatardan) omonda bo‘lguvchi kishilardandirsan.

32. Qo‘lingni cho‘ntagingga solgin, biron ziyon-dardsiz oppoq bo‘lib chiqur va qanotingni (ya’ni qo‘lingni) qo‘rquvdan (ya’ni agar bu mo‘‘jizalardan qo‘rqib ketsang qo‘ltig‘ingga) qisib olgin (u yana o‘z holiga qaytur). Bas shu ikkisi (ya’ni aso bilan qo‘l) Parvardigoring tomonidan Fir’avn va uning odamlariga ikki hujjatdir. Darhaqiqat ular fosiq qavm bo‘ldilar».

33. (Muso) dedi: «Parvardigorim, men ulardan bir jonni o‘ldirib qo‘yganman. Va ular meni o‘ldirishlaridan qo‘rqurman.

34. Og‘am Horun mendan ko‘ra tili go‘yoroqdir. Bas uni men bilan birga meni tasdiqlaydigan yordamchi qilib yuborgin. Chunki meni ular yolg‘onchi qilishlaridan qo‘rqurman».

35. (Alloh) aytdi: «Biz seni og‘ang bilan quvvatlantirurmiz va ikkingiz uchun saltanat (ya’ni g‘alaba ato) qilurmiz. Bas ular sizlarga (biron ziyon) yetkaza olmaslar. Bizning oyat-mo‘jizalarimiz bilan sizlar ham, sizlarga ergashgan kishilar xam g‘olib bo‘lguvchidirlar».

Qayd etilgan