UCHINCHI JUZ’
*************************
253. O’sha payg‘ambarlarning ayrimlarini ayrimlaridan afzal qildik. Ularning oralarida Alloh (bevosita) so‘zlagan zotlar bor. Va (ularning) ayrimlarini (Alloh) yuksak darajalarga ko‘tardi. Iyso binni Maryamga hujjatlar berdik va uni Ruhul-quds (Jabroil) bilan quvvatlantirdik. Agar Alloh xohlaganda u payg‘ambarlardan keyin o‘tgan odamlar hujjatlar kelganidan keyin urishishmagan bo‘lardilar. Ammo ular ixtilof qildilar. Bas, ularning orasida mo‘minlar ham bor, kofirlar ham. Agar Alloh xohlaganda urishishmagan bo‘lardilar, lekin Alloh O’zi xoxlagan ishini qiladi.
254. Ey mo‘minlar, na oldi-sotdi, na oshna-og‘aynigarchilik va na oqlov bo‘lmaydigan KUN kelishidan ilgari hayoti dunyoda sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq-ehson qilinglar! Kofir bo‘lgan kimsalargina zulm qilguvchilardir.
255. Allohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q. Faqat Uning o‘zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir. Uni na mudroq, na uyqu olmaydi. Samovot va yerdagi bor narsalar Uningdir. Uning huzurida hech kim (birovni) Uning iznisiz oqlay olmaydi. U ularning (barcha odamlarning) oldilaridagi va orqalaridagi bor narsani biladi. Va ular U zotning ilmidan faqat O’zi istagan narsalarnigina biladilar. Uning arshi-kursisi osmonlar va yerdan kengdir. Va uni osmonlar va yerni hifzu himoyatda saqlab turish qiynamaydi. U eng yuksak va buyukdir.
256. Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi. Bas, kim shaytondan yuz o‘girib, Allohga iymon keltirsa, u hech ajrab ketmaydigan mustahkam halqqani ushlabdi. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.