Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 830963 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:46:55



15. Aniqki Saba’ (qabilasi) uchun o‘z maskanlarida Allohning fazlu-marhamatiga dalolat qiladigan) bir alomat bor edi — o‘ng tomon ham, so‘l tomon ham bog‘-rog‘ bo‘lib, (Biz ularga) «Parvardigoringiz (bergan) rizqu-ro‘zidan bahramand bo‘linglar va U zotga shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahardir, (Parvardigoringiz) mag‘firat kilguvchi Parvardigordir», (degan edik).

16. Bas ular (Bizga shukr qilishdan) yuz o‘girishgach, Biz ularning ustiga to‘g‘on bilan (to‘qib qo‘yilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bog‘larini achchiq-taxir mevali, yulg‘unzor va yakkam-dukkam butazor «bog‘lar»ga almashtirib qo‘ydik.

17. Kofir bo‘lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz faqat kofir bo‘lgan kimsagagina (mana shunday) jazo berurmiz.

18. Biz ular bilan O’zimiz barakotli qilgan (Shom) qishloq-shaharlarining orasida ko‘rinib turadigan (ya’ni bir-biriga yaqin) qishloqlarni barpo qilib (qo‘ygan) va, ular orasida yurish (masofasi)ni ham o‘lchab-belgilab (ularga): «Bu (qishloqlarda) kechalari ham, kunduzlari ham tinch-omon yuraveringlar», (degan edik).

19. Ular esa (bu ne’matlarga noshukurlik qilib): «Parvardigoro, safarlarimiz orasidagi (masofani) yiroq qilgin», deyishib, o‘zlariga zulm qildilar, bas Biz ularni (odamlar gapirib yuradigan) cho‘pchak-hikoyaga aylantirib qo‘ydik va bo‘lak-bo‘lak qilib (har tomonga tirqiratib yubordik). Albatta bunda har bir (balolarga sabr-qanoat qilguvchi, ne’matlarga) shukr qilguvchi uchun oyat-ibratlar bordir.

20. Darhaqiqat Iblis ularning ustidagi («Men ularni yo‘ldan ozdira olurman», degan) gumonini ro‘yobga chiqardi, bas (Saba’ qabilasi Iblisga ergashdilar), faqat bir guruh mo‘minlargina (unga bo‘yinsunmadilar).

21. (Iblisning) ular ustidagi hukmronligi — faqat Biz oxiratga iymon keltiradigan kishilarni, undan (ya’ni oxiratdan) shak-shubhada turgan kimsalardan bilib-ajratib olishimiz uchun bo‘lgandir. (Ya’ni oxirat haqida shubha qilguvchi kimsalar Iblisning ig‘vosiga uchib, unga ergashurlar va Allohning ne’matlariga noshukurlik qilurlar. Oxiratga iymon keltirgan zotlarga esa uning vasvasasi kor qilmas.) Parvardigoringiz barcha narsaning ustida kuzatib turguvchidir.

22. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Sizlar Allohdan o‘zga (ilohlar) deb gumon qilgan butlaringizga duo-iltijo qilaveringlar-chi, (ular sizlarga ijobat qila olarmikanlar)! Ular na osmonlarda va na yerda bir zarra vaznicha (narsa)ga ega emasdirlar va ular uchun (osmonlar va yerda Allohga) sheriklik ham yo‘qdir hamda (Alloh) uchun ulardan biron yordamchi ham yo‘qdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:47:13



23. (Alloh) huzurida faqat Uning O’zi izn bergan kishilargagina shafoat-oqlov foyda berur (ya’ni ana o‘sha zotlargina shafoatga erishurlar, yo o‘zgalarni shafoat qila olurlar). To qachon (Parvardigor ular uchun shafoatga izn berishi bilan) dillaridan qo‘rquv ketkazilgach ular (bir-birlariga): «Parvardigoringiz nima dedi (ya’ni shafoatga haqiqatan izn berdimi?)», deb (savol qilishib), «Haqni (aytdi, ya’ni haqiqatan shafoatga izn berdi), U yuksak va buyuk zotdir», deyishib (javob qilurlar).

24. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Kim sizlarga osmonlar va yerdan rizqu ro‘z berur?» Ayting: «Alloh (rizq berur). Shak shubhasiz yo bizlar yoki sizlar (ya’ni ikki toifadan biri) anik hidoyat ustida yoki ochiq zalolatdadir».

25. Ayting: «Sizlar bizlar qilgan gunoh to‘g‘risida mas’ul bo‘lmassizlar va bizlar sizlar qilayotgan amallar to‘g‘risida mas’ul bo‘lmasmiz».

26. Ayting: «Parvardigorimiz (qiyomat kunida) o‘rtamizni jamlar, so‘ngra o‘rtamizda haqiqat — adolat bilan hukm qilur. Uning O’zigina (adolat bilan) hukm qilguvchi va (kim haq, kim nohaq ekanini) bilguvchidir».

27. Ayting: «(Ey mushriklar), sizlar menga (o‘zlaringizcha Allohga) qo‘shib olgan butlaringizni (haqiqatan U zotga) sheriklar ekanini ko‘rsatingiz-chi?! Yo‘q, (bu gumonlaringiz xatodir). Balki (yolg‘iz) Allohning O’zigina qudrat va hikmat egasidir.

28. (Ey Muhammad), Biz sizni shak-shubhasiz, barcha odamlarga: (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltguvchi, (kofirlarni esa do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi bo‘lgan holingizda, payg‘ambar qilib yubordik. Lekin ko‘p odamlar bilmaslar.

29. Ular: «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va’da (qilingan qiyomat) qachon bo‘ladi? derlar.

30. Ayting: «Sizlar uchun shunday bir kunning va’dasi bordirki, sizlar undan biron soat ketga ham, ilgariga ham sura olmassizlar».

31. Kofir bo‘lgan kimsalar: «Bizlar bu Qur’onga ham, undan oldingi (kitoblarga) ham hargiz iymon keltirmaymiz», dedilar. (Ey Muhammad), agar siz o‘sha zolim kimsalarni (qiyomat kunida) Parvardigor huzurida turg‘izub qo‘yilib, bir-birlariga gap qaytarayotganlarini ko‘rsangiz edi. (O’shanda) bechora sanalgan (ya’ni ergashuvchi bo‘lgan) kimsalar, mutakabbir kimsalarga (ya’ni o‘z peshvolariga): «Agar sizlar bo‘lmaganingizda, bizlar shak-shubhasiz, mo‘minlar bo‘lur edik», desalar,

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:47:30



32. Mutakabbir kimsalar bechora sanalgan kimsalarga: «Sizlarga hidoyat kelganidan so‘ng sizlarni (undan) biz to‘sdikmi? Yo‘q, o‘zlaringiz jinoyat qilguvchi bo‘ldingizlar», derlar.

33. Bechora sanalgan kimsalar esa mutakabbir kimsalarga: «Yo‘q, kechayu kunduz qilgan makr-hiyla(laringiz bizlarni mo‘min bo‘lishdan to‘sgan edi). O’shanda sizlar (o‘z makr-hiylalaringiz bilan) bizlarni Allohga kofir bo‘lishga va U zotga (o‘zgalarni) teng sherik qilishga zo‘rlar edingizlar», dedilar. Azobni (o‘z ko‘zlari bilan) ko‘rgan vaqtlarida ular (ya’ni peshvolar ham, ergashganlar ham) ichlarida nadomat qildilar va Biz kofir bo‘lgan kimsalarning bo‘yinlariga kishanlar soldik. Ularga faqat o‘zlari (hayoti dunyoda) qilib o‘tgan qilmishlarining jazosi berilur.

34. Biz qaysi bir qishloq-shaharga biron ogoxlantirguvchi (payg‘ambar) yubormaylik, albatta u joyning boyonlari «Aniqki biz sizlar elchi qilib yuborilgan narsaga kofirdirmiz», dedilar.

35. Yana ular: «(Bizlarning mol-dunyo va bolalarimiz — iymon keltirganlardan ko‘ra) ko‘proq, (binobarin bizlar) azoblanguvchi emasdirmiz», dedilar.

36. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Albatta Parvardigorim O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaslar».

37. Na molu dunyolaringiz va na bolalaringiz sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qilguvchi emasdir. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amal qilgan zotlar — ana o‘shalar uchungina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bo‘lur va ular (jannatdagi) yuksak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar.

38. Bizning oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yuradigan kimsalar - ular azobga duchor qilinguvchidirlar.

39. Ayting: «Albatta Parvardigorim bandalaridan O’zi xoxlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, bas (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:47:50



40. (Eslang, Alloh) ularning (ya’ni mushriklarning) barchalarini to‘plab, so‘ngra farishtalarga «Ana u (mushriklar) sizlarga ibodat qilguvchi bo‘lganmidilar?» deyilgan kunda.

41. (Farishtalar): «Pok Parvardigor, Sen O’zing bizlarning do‘stimizdirsan, ular emas. Yo‘q, ular jinlarga ibodat-itoat qilar edilar. Ularning ko‘plari (jinlarga) iymon keltirguvchidirlar», derlar.

42. Endi Bu kunda biringiz biringizga na foyda va na ziyon yetkazishga qodir bo‘lmas va Biz, zolim bo‘lgan kimsalarga: «O’zlaringiz yolg‘on degan do‘zax azobini totib ko‘ringiz», dermiz.

43. Qachon ularga Bizning aniq-ravshan bo‘lgan oyatlarimiz tilovat qilinsa: ular: «Bu (ya’ni Muhammad alayhis-salom) faqat sizlarni ota-bobolaringiz ibodat qilib o‘tgan butlardan to‘smoqchi bo‘lgan kimsadir», derlar va «Bu (ya’ni Qur’on) faqat to‘qilgan bir bo‘htondir», derlar. Kofir bo‘lgan kimsalar ularga Haqiqat — Qur’on kelgan vaqtida u haqda «Bu faqat ochiq sehrdir», dedilar.

44. Holbuki (ilgari) Biz ularga o‘qib-o‘rganadigan kitoblar ato etgan emasmiz va ularga sizdan avval biron ogoxlantirguvchi (payg‘ambar) ham yuborgan emasmiz.

45. Ulardan ilgari (o‘tgan) kimsalar ham (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilgan edilar — Holbuki (Makka mushriklari) Biz ularga ato etgan ne’matlarning o‘ndan biriga ham yetganlari yo‘q. Bas o‘shalar Mening payg‘ambarlarimni yolg‘onchi qilishgach, Mening inkorim qanday bo‘lgan edi?!

46. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Men sizlarga faqat birgina narsani — Alloh uchun juft-juft, yolg‘iz-yolg‘iz holingizda turib, so‘ngra (Muhammad va U keltirgan Kitob haqida) tafakkur qilishingizni tavsiya qilurman. Sohibingizda (ya’ni Muhammadda) hech qanday jinnilik yo‘qdir. U faqat qattiq azob oldidan sizlarga (yuborilgan) bir ogohlantirguvchi (payg‘ambardir) xolos».

47. Ayting: «Men sizlardan so‘ragan bor ajru-mukofot o‘zlaringizga bo‘lsin (ya’ni men sizlardan biron ajr-mukofot so‘ramasman). Mening ajr-mukofotim yolg‘iz Allohning zimmasidadir. U barcha narsaga guvohdir».

48. Ayting: «Albatta Parvardigorim Haq — Qur’onni (botil-jaholat ustiga) otur. U g‘ayblarni aniq bilguvchidir».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:48:09



49. Ayting: «Haq — Qur’on keldi (va botil-dinsizlik yo‘q bo‘ldi. Endi (botil) yangi dinsizlikni) boshlay ham olmas, (eski dinsizlikni) qaytara ham olmas.

50. Ayting: «Agar men (Haq yo‘lidan) ozsam, bas faqat o‘z ziyonimga ozurman va agar (Uning yo‘liga) hidoyat topsam, u holda Parvardigorim menga vahiy qilayotgan (Qur’on) sababligina (hidoyat topurman). Shak-shubhasiz U eshitguvchidir, yaqindir».

51. (Ey Muhammad), agar siz (mushrik-kofirlarni) dahshatga tushib, qochgani joy topa olmay qolgan va yaqin bir makondan (do‘zaxga tashlash uchun) tutib ketilgan paytlarida ko‘rsangiz edi!

52. (O’sha kunda) ular: «(Muhammad alayhis-salomga) iymon keltirdik», dedilar. (Ular agar hayoti dunyoda iymon keltirganlarida qabul qilingan bo‘lur edi, ammo endi) yiroq bir makondan (ohirat diyoridan turib iymon va tavba-tazarru’ga) qo‘llari qandoq yetsin?!

53. Holbuki ular ilgari (hayoti dunyoda) unga kofir bo‘lgan edilar! Holbuki ular yiroq bir makondan g‘aybga (oxiratga tosh) otar edilar!

54. (Mana endi) xuddi ulardan ilgari o‘tgan hammaslaklariga qilingani kabi, ular bilan o‘zlari istaydigan narsaning (ya’ni iymon keltirib, do‘zax azobidan qutulib qolishning) o‘rtasi to‘sib qo‘yildi, Zero ular (hayoti dunyodalik paytlarida) shak-shubha ostida edilar.

 

FOTIR SURASI

Ushbu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, qirq besh oyatdan iborat.

Sura Alloh taologa hamdu-sano aytish bilan boshlanib, Uning osmonlar va yerni yo‘qdan bor qilgan zot ekani hamda insonlarni haq yo‘lga hidoyat qilish uchun O’zi bilan ular o‘rtasida farishtalarni elchi-vositachi qilib qo‘ygani haqida xabar beriladi.

Bu surada hayoti dunyodan keyin oxirat hayoti kelishi haq ekanligiga osmonu zaminda kishilar ko‘z o‘ngida kechadigan voqea-hodisalar ham aniq dalolat qilib turishi va shu bilan birga koinotdagi har bir maxluqot o‘zining nechog‘li mukammalligi va o‘ta nozik intizomi bilan nihoyat darajada qudrat va hikmat egasi bo‘lgan bir Yaratguvchi mavjud ekaniga ochiq hujjat bo‘la olishi uqtiriladi.

Sura mushriklarning jonsiz butlarga sig‘inishlarini keskin qoralash bilan nihoyalanadi.

Bu sura Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lmish «Fotir» — «Ilk Yaratguvchi» nomi bilan atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Hamdu-sano osmonlar va yerni ilk yaratguvchi hamda (O’zi bilan bandalari o‘rtasida) farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar (vositachilar) qilguvchi Alloh uchundir. U zot (yaratgan) mahluqotida O’zi xohlagan narsani ziyoda qilur. Albatta Alloh barcha narsaga qodirdir.

2. Alloh odamlar uchun ne bir rahmat-marhamatni ochib qo‘ysa, bas uni ushlab-to‘sib qolguvchi bo‘lmas va neni ushlab qolsa, bas U zot (ushlab qolgani)dan so‘ng u (narsani bandalarga) biron yuborguvchi bo‘lmas. U qudrat va hikmat egasidir.

3. Ey insonlar, sizlarga Alloh ato etgan son-sanoqsiz ne’matni eslangiz! Sizlarga osmonu zamindan rizqu-ro‘z beradigan Allohdan o‘zga bironta yaratguvchi bormi?! Hech bir iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:50:25



4. (Ey Muhammad), agar (mushriklar) sizni yolg‘onchi qilsalar, bas (bilingki), sizdan avvalgi payg‘ambarlar ham yolg‘onchi qilingandirlar. (Barcha) ishlar yolg‘iz Allohga qaytarilur.

5. Ey insonlar, albatta Allohning (qayta tiriltirish va bu dunyoda qilib o‘tilgan yaxshi-yomon amallarning mukofot jazosini berish to‘g‘risidagi) va’dasi haq (va’dadir). Bas, hargiz sizlarni hayoti dunyo aldab qo‘ymasin! Va hargiz sizlarni Alloh (barcha gunoxlarni kechib yuboraveradi, deb) aldaguvchi (shayton) aldab qo‘ymasin!

6. Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas uni dushman tutinglar! Shak-shubhasiz u, o‘z firqasini (ya’ni o‘ziga ergashgan kimsalarni) do‘zax egalari bo‘lishlari uchun da’vat qilur.

7. Kofir bo‘lgan kimsalar uchun qattiq azob bordir. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun esa mag‘firat va ulug‘ mukofot bordir.

8. Axir (qilgan) yomon amali o‘ziga chiroyli ko‘rinib, uni go‘zal (amal) deb o‘ylagan kimsa (Alloh haq yo‘lga hidoyat qilgan zot kabi bo‘lurmi)?! Zotan Alloh O’zi xohlagan kimsalarni yo‘ldan ozdirur va O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Bas (Ey Muhammad), joningiz ularning (iymon keltirmaganlari) ustida hasrat-nadomatlar chekib ketmasin. Albatta Alloh ularning qilayotgan hunarlarini bilguvchidir.

9. Allohning O’zi shamollarni yubordi. Bas ular bulutni qo‘zg‘atgach, Biz uni o‘lik shaharga haydab, uning yordamida o‘lgan yerni tiriltirdik. (Qiyomat qoyim bo‘lgan kuni) qayta tirilish ham shuning o‘zidir.

10. Kim kuch-qudratni istaydigan bo‘lsa, bas barcha kuch-qudrat Allohnikidir. (Har bir) xush so‘z Unga yuksalur va yaxshi amalni ham (Alloh O’z dargohiga) ko‘tarur. Yomon makr-hiylalar qiladigan kimsalar uchun esa qattiq azob bordir va ularning makrlari ham halok bo‘lur (ya’ni behuda ketur).

11. Alloh sizlarni (avval) tuproqdan, so‘ngra nutfadan yaratib, keyin sizlarni juft-juft (ya’ni erkak-ayol) qilib qo‘ydi. Har bir ayolning homilador bo‘lishi ham, ko‘zi yorishi ham shak-shubhasiz Uning bilishi — ogohligi bilan bo‘lur. Har bir umr ko‘rguvchining umri uzun qilinmas va (yo) umridan kamaytirilmas, magar (bularning barchasi) Kitobda (ya’ni Lavhul-Mahfuzda bitilgan bo‘lur). Albatta bu Allohga osondir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:50:43



12. Daryo-dengiz teng bo‘lmas — bunisi shirin-totli va ichilishi oson, bunisi esa sho‘r-taxirdir. Sizlar (ularning) har biridan yangi go‘sht (ya’ni baliq tutib) yeysizlar va taqadigan zeb-ziynat chiqarib olursizlar. Va sizlar (Allohning) fazlu-marhamatidan (ya’ni rizqu-ro‘zidan) istashlaringiz uchun (dengiz va daryolarda suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko‘rursizlar. Shoyad shukr qilsangizlar.

13. (Alloh) kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur, U quyosh va oyni ham (sizlarning manfaatingiz uchun) bo‘yinsundirib qo‘ygandir — har biri muayyan muddatgacha (ya’ni qiyomat kunigacha o‘z fazosida) joriy bo‘lur. Ana shu Alloh sizlarning Parvardigoringizdirki, (barcha olamlarga) podshohlik yolg‘iz Unikidir. (Ey mushriklar), sizlar U zotni qo‘yib iltijo qilayotgan butlaringiz esa po‘stloqcha narsaga ham ega emasdirlar.

14. Agar sizlar ularni chorlasangizlar, duolaringizni eshitmaslar. Agar eshitsalar-da, sizlarga javob qila olmaslar va qiyomat kunida ularni (Allohga) sherik qilib olganlaringizni inkor qilurlar. (Ey Muhammad, dunyo-yu, oxirat haqida hech kim) sizga xabardor zot (ya’ni Alloh) kabi xabar bera olmas.

15. Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Allohning O’zigina (barcha odamlardan) behojat va (barcha) maqtovga loyiq zotdir.

16. Agar U xoxlasa sizlarni (er yuzidan) ketkazib, (o‘rningizga) yangi bir xalqni keltirur.

17. Va bu (ish) Allohga qiyin emasdir.

18. (Qiyomat kunida) hech bir ko‘targuvchi (ya’ni gunohkor jon) o‘zga jonning yukini (ya’ni gunohini) ko‘tarmas, Agar og‘ir gunoh egasi bo‘lgan jon (birovni) o‘z yuki-gunohiga (ya’ni gunohining bir qismini ko‘tarishga) chorlasa, (garchi chorlanguvchi) yaqin qarindoshi bo‘lsa-da, u (gunohdan) biron narsa ko‘tarilmas (ya’ni u kunda har kim o‘z amali bilan mashg‘ul bo‘lib, ota bolaga, aka ukaga qarashga imkon topmas). (Ey Muhammad), siz faqat g‘aybdagi (ya’ni ko‘zlariga ko‘rinmaydigan) Parvardigordan qo‘rqadigan va namozni to‘kis ado etgan zotlarnigina ogohlantira olursiz. Kim pokdoman bo‘lsa, u faqat o‘z (foydasi) uchun pokdoman bo‘lur. Yolg‘iz Allohgagina qaytilur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:51:01



19-20-21. Ko‘r kimsa (kofir) bilan ko‘rguvchi zot (mo‘min), zulmatlar (kufr) bilan nur (iymon), soya (jannat) bilan jazirama (do‘zax) barobar emasdir.

22. Tiriklar (mo‘minlar) bilan — o‘liklar (kofirlar) ham barobar emasdir. Albatta Alloh O’zi xohlagan kishilarga (xaq da’vatni) eshittirur. (Ey Muhammad), siz qabrlardagi kimsalarga (ya’ni o‘lik dillariga) eshittira olguvchi emasdirsiz.

23. Siz faqat ogoxlantirguvchidirsiz.

24. Albatta Biz sizni haq (din) bilan, xushxabar eltguvchi va ogohlantirguvchi qilib yubordik. (Sizning ummatingizdan avvalgi) har bir ummat ichida ham albatta bir ogoxlantirguvchi — payg‘ambar o‘tgandir.

25. Agar (mushriklar) sizni yolg‘onchi qilsalar, bas (bilingki), ulardan avvalgi kimsalar ham (o‘zlariga kelgan payg‘ambarlarni) yolg‘onchi qilgandilar. Holbuki payg‘ambarlari ularga aniq-ravshan mo‘‘jizalar, (ilohiy) sahifalar va (Tavrot, Injil kabi) nurli Kitob keltirgan edilar.

26. So‘ngra kofir bo‘lgan kimsalarni (kufrlari sababli) ushladim — jazoladim. Bas Mening inkorim — azobim qandoq bo‘ddi?!

27. Alloh osmondan suv (yomg‘ir-qor) yog‘dirib, uning yordamida rangu ro‘ylari turli-tuman bo‘lgan mevalarni chiqarganimizni ko‘rmadingizmi?! Yana tog‘lardan ham oq, qizil — rango-rang yo‘l(li tog‘lar) ham, tim qora (tog‘lar) ham bordir.

28. Shuningdek odamlar, jonivorlar va chorva hayvonlari orasida ham rang-baranglari bordir. Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlargina qo‘rqur. Shak-shubhasiz Alloh qudratli, mag‘firatlidir.


I z o h . Bu ikki oyatda olamdagi barcha mavjudotning yaratguvchisi yolg‘iz Alloh taolo ekanligi ta’kidlanmoqda. Darhaqiqat ilm-ma’rifat egasi bo‘lgan har bir inson osmondan yog‘ilgan bir xil rangdagi suv sababli qora yerdan unib chiqadigan rangu ro‘yi turli-tuman bo‘lgan nabotot olamiga, usti ko‘rinishi ham, ostida yashirgan xazina-dafinalari ham rango rang tog‘u-toshlarga — jamodot olamiga va zaminning ostu-ustida tarqalib, o‘zlariga yuklangan vazifalarni bosh tortmasdan bajarib yurgan hayvonot olamining rang-barangligiga va nihoyat mana shu barcha mavjudotdan foydalanib, ularni boshqarishni o‘z zimmasiga olgan insonlarning rangu ro‘ylari ham, fe’li atvor va udum an’analari ham necha turfa ekanligiga tafakkur va ibrat nazari bilan boqsa, Yaratganning qudratu-xunarmandchiligiga tasanno aytmasdan qolmas. Shuning uchun ham mazkur oyatda Allohdan faqat haqiqiy ilm-ma’rifat egalari qo‘rqishlari uqtirib o‘tildi.

29-30. Albatta Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi-sotdidan (ya’ni ulardan yaxshi amal va infoq-ehson Allohdan ajru-mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O’z fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta U mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir (ya’ni ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir).

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:51:22



31. (Ey Muhammad), Biz sizga vahiy qilgan Kitob — Qur’on o‘zidan avvalgi ilohiy kitoblarni tasdiqlaguvchi bo‘lgan Haq (Kitobdir). Albatta Alloh O’z bandalaridan ogoh va (ularning barcha ishlarini) ko‘rib turguvchidir.

32. So‘ngra Biz bu Kitobga bandalarimizdan O’zimiz tanlagan zotlarni (ya’ni sizning ummatingizni) voris qildik. Bas ularning orasida (Qur’onni o‘qisa-da, unga amal qilmaydigan) o‘z joniga jabr qilguvchi ham bor, ularning orasida o‘rtacha amal qilguvchi ham bor va ularning orasida Allohning iznu irodasi bilan mudom yaxshiliklarga shoshilguvchi ham bordir. Ana o‘sha (ya’ni Qur’onga voris bo‘lish Allohning) katta marhamatidir.

33. Ular oltindan bo‘lgan bilakuzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezangan hollarida mangu (turadigan) jannatlarga kirurlar. U joyda ularning liboslari harir-ipak bo‘lur.

34. Va ular (jannatga kirgan chog‘larida) dedilar: «Bizlardan g‘am-qayguni ketkazgan zot — Allohga hamdu-sano bo‘lsin. Darhaqiqat Parvardigorimiz mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir.

35. U O’z fazlu-marhamati bilan bizlarni mangu turadigan bir diyorga tushirdiki, bu joyda bizlarga na mashaqqat yetar va na charchoq yetar».

36. Kofir bo‘lgan kimsalar uchun esa jahannam o‘ti bordirki, na ularga (ikkinchi bor o‘lish) hukm qilinib, o‘la olurlar va na ulardan (jahannam) azobi yengillatilur. Biz har bir kofirni mana shunday jazolarmiz.

37. Ular u joyda: «Parvardigoro, bizlarni (bu azobdan) chiqargin, bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqa yaxshi (amallarni) qilurmiz», deb dod-voy qilurlar. Axir Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantirgurchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas endi azoblaringizni totaveringlar! Endi zolim kimsalar uchun biron yordamchi bo‘lmas!

38. Albatta Alloh osmonlar va yerning g‘aybini (sirru asrorini) bilguvchidir. Albatta U dillardagi sirlarni ham aniq bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:51:33



39. U sizlarni yer yuzida xalifa qilib qo‘ygan zotdir. Bas kim kofir bo‘lsa, uning kufri faqat o‘zining ziyoniga bo‘lur. Kofir bo‘lgan kimsalarga kufrlari Parvardigor huzurida faqat g‘azabnigina ziyoda qilur. Kofir bo‘lgan kimsalarga kufrlari faqat isyonkorliknigina ziyoda qilur.

40. (Ey Muhammad, mushrmilarga) ayting: «Xabar beringiz-chi, sizlar Allohni qo‘yib iltijo qilayotgan butlaringiz (nimaning sharofati bilan iltijo-ibodat qilinishga sazovor bo‘ldilar?) Sizlar menga ko‘rsatma beringiz-chi, ular yerdagi biron narsani yaratganmilar, yoki ularning osmonlarni (yaratishda Allohga) sherikliklari bormi, yoxud Biz ularga biron kitob ato etdikmi-ki, ular o‘sha (kitobdan o‘zlarining Bizga sherik ekanliklari haqida) biron hujjat ustida bo‘lsalar?! Yo‘q, u zolim kimsalar bir-birlariga («Butlarimiz bizlarni shafoat qiladilar», deb) faqat aldovni va’da qilurlar.

41. Albatta Alloh osmonlar va yerni qulab tushishdan ushlab-asrab turur. Aniqki agar ular qulasalar, U zotdan so‘ng (ya’ni Allohdan o‘zga) biron kimsa ularni tutib tura olmas. Darhaqiqat U halim va mag‘firatli bo‘lgan zotdir.

42. (Makka kofirlari) agar ularga biron ogohlantirguvchi (payg‘ambar) kelsa, albatta har qanday ummatlardan ham hidoyat topguvchiroq bo‘lishlari haqida jon-jahdlari bilan qasam ichgandilar. Bas qachonki ularga ogohlantirguvchi (Muhammad alayhis-salom) kelgach, (bu) ularni yanada (hidoyatdan) uzoqlashtirdi xolos.

43. Ular yerda mutakabbirlik qilgan va (payg‘ambarga qarshi) yomon makr-hiyla qilgan hollarida (hidoyatdan uzoqlashdilar). Yomon makr-hiyla esa faqat o‘z egalarini o‘rab halok qilur. Bas ular faqat avvalgilarning sunnatlariga (ya’ni ko‘rguliklariga) ko‘z tutmoqdalar, xolos (ya’ni ularning ham boshlariga avvalgi dinsizlarning kuni tushar). Bas siz hargiz Alloh sunnati-qonunining o‘zgarganini ko‘rmassiz va hargiz Alloh sunnatining aylanganini (ya’ni azobga mustahiq bo‘lgan kimsalar qolib, o‘zgalar azoblanganini) ko‘rmassiz.

44. Axir ular yer yuzida sayr qilib o‘zlaridan avvalgi (dinsiz kimsalarning) oqibatiqanday bo‘lganini ko‘rmaydilarmi?! Holbuki (avvalgilar) bulardan ko‘ra kuchli-quvvatliroq edilar. Na osmonlardagi va na yerdagi biron narsa Allohdan qochib qutulguvchi emasdir. Zotan U bilim va qudrat egasi bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan