Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 808204 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:26:03



14. (Ey Muhammad), iymon keltirgan zotlarga ayting, ular Alloh (va’da qilgan hisob-kitob) kunlaridan noumid bo‘lgan kimsalar yetkazayotgan ozor-aziyatlar)ni kechirib yuboraversinlar. Toki (Alloh o‘sha ozorlarga sabr-toqat qilgan) qavmni kasb qilgan narsalari (ya’ni kechirib yuborganliklari) sababli mukofotlagay!

15. Kim biron yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchun (ya’ni o‘z foydasiga qilgan) bo‘lur, kim yomonlik qilsa, bas, o‘z ziyoniga (qilgan) bo‘lur. So‘ngra Parvardigoringizga qaytarilursizlar.

16. Darhaqiqat Biz Bani Isroil (qavmi)ga Kitob-Tavrot, hikmat va payg‘ambarlik ato etdik va ularni halol-pok narsalardan rizqlantirdik hamda ularni (o‘z zamonlaridagi) barcha olamdan ustun qildik.

17. Yana Biz ularga (din) ishlari haqida aniq-ravshan hujjatlar ato etdik. Bas, ular ixtilof qilmadilar, magar ularga (Biz tomonimizdan din haqida) ilm-hujjat kelganidan so‘ng o‘zaro hasad-adovat qilishib (talashib-tortishdilar). Albatta Parvardigoringiz Qiyomat kunida ularning o‘rtalarida ixtilof qilib o‘tgan narsalari haqida hukm qilur.


I z o h. Mufassirlarning aytishlaricha, mazkur oyatlarda Bani Isroil qavmi va ularning o‘zlariga Alloh taolo tomonidan ato etilgan shunchalik aniq oyat-mo‘jizalar va noz-ne’matlardan keyin ham o‘zaro hasad-adovat qilishib, din haqida turli ixtiloflarga berilib ketganliklari to‘g‘risida hikoya qilinishidan maqsad Makka mushriklari tomonidan berilayotgan xilma-xil ozor-aziyatlardan iztirobga tushgan Muhammad alayhis-salomga taskin-tasalliy berish va u kishini ham xuddi Muso payg‘ambar Bani Isroilning zulmiga sabr qilganidek sabr toqat qilishga da’vat etishdir.

18. So‘ngra (Ey Muhammad), Biz sizni (din) ishidan bir shariat (aniq-ravshan yo‘l) ustida (barqaror) qildik. Bas, siz (faqat mana shu yo‘lga) ergashing va bilmaydigan kimsalarning havoyi nafslariga ergashmang!

19. Chunki, (agar siz ularning havoyi nafslari ko‘rsatgan zalolat yo‘liga yursangiz,) ular sizdan Alloh tomonidan bo‘lgan biron narsani (azobni) qaytara olmaslar. Albatta zolimlar bir-birlariga do‘stdirlar. Alloh esa taqvodor zotlarning do‘stidir.

20. Ushbu (Qur’on barcha) odamlar uchun (ravshan) ko‘rsatmalardir va aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir.

21. Balki yomonlik-gunohlar kasb etgan kimsalar Biz ularni ham iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar kabi qilishimizni va hayotlari ham, mamotlari ham (ya’ni dunyolari ham, oxiratlari ham mo‘minlar bilan) barobar bo‘lishini o‘ylagandirlar?! Naqadar yomon (noto‘g‘ri) hukm qilurlar-a?!

22. Alloh osmonlar va yerni (O’zining qudrati ilohiyasiga dalolat qilishi uchun) va har bir jon mazlum bo‘lmagan hollarida o‘zlari qilgan amallari sababli jazolanishi uchun haq (qonun va nizom) bilan yaratdi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:26:21



23. (Ey Muhammad), havoyi nafsini o‘ziga «iloh» qilib olgan va Alloh uni bilgan holida yo‘ldan ozdirib, quloq va ko‘nglini muhrlab, ko‘z oldiga parda tortib qo‘ygan kimsani ko‘rganmisiz? Bas, uni Alloh (yo‘ldan ozdirgani)dan so‘ng kim hidoyat qila olur?! Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!

24. Ular (ya’ni qiyomatni inkor qilguvchilar: «Hayot) faqat dunyodagi hayotimizdir. (Ba’zilarimiz) o‘lib, (boshqalarimiz) hayotga kelaveramiz va bizlarni (Alloh o‘ldirmaydi, balki) faqat zamon (o‘tishi)gina o‘ldiradi», dedilar. Ular faqat (shunday) gumon qilurlar, xolos.

25. Qachon ularga (qayta tirilish haqligi to‘g‘risidagi) Bizning aniq-ravshan bo‘lgan oyatlarimiz tilovat qilinsa, ularning (bu oyatlarga qarshi) «hujjatlari» faqat: «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, ota-bobolarimizni (tiriltirib) keltiringlar-chi», deyishlarigina bo‘lur.

26. Ayting: «Alloh sizlarga hayot berur, so‘ngra (ajallaringiz yetgach) o‘ldirur, so‘ngra sizlarni hech shak-shubhasiz (keladigan) Qiyomat kuniga to‘plar. Lekin odamlarning ko‘plari (buni) bilmaslar»!

27. Osmonlar va yerdagi bor mulk Allohnikidir. (Qiyomat) soati qoyim bo‘ladigan kunda — ana o‘sha kunda buzg‘unchi kimsalar ziyon torturlar!

28. (U Kunda) barcha ummatni (dahshat va iztirob-la) tiz cho‘kkan holda ko‘rarsiz. Har bir ummat o‘z nomai-a’moliga chaqirilur, (so‘ng ularga deyilur): «Bugun qilib o‘tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar.

29. Mana bu kitobimiz (ya’ni Bizning amrimiz bilan yozilgan nomai-a’molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat Biz sizlar qilguvchi bo‘lgan barcha amallaringizni (ushbu nomai-a’molga) ko‘chirib qo‘ygandirmiz».

30. Bas, iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga kelsak, ularni Parvardigor O’z rahmati-jannatiga doxil qilur. Bu ochiq baxtning o‘zidir!

31. Endi kofir bo‘lgan kimsalarga kelsak, (bas ularga aytilur): «Axir sizlarga Mening oyatlarim tilovat qilingan emasmidi?! Bas, sizlar (u oyatlarga iymon keltirmasdan) kibru-havo qildinglar va jinoyatchi qavm bo‘ldinglar!»

32. Qachon (sizlarga) «Darhaqiqat Allohning va’dasi rostdir, (Qiyomat) soati shak-shubhasiz (kelguvchidir)», deyilsa, sizlar «Biz u soat nima ekanini bilmaymiz, faqat gumon qilamiz, xolos. Biz (Qiyomat soati kelishiga) aniq ishonguvchi emasmiz», dedinglar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:26:49

YIGIRMA OLTINCHI JUZ’
*************************



33. (Mana endi) ularga qilib o‘tgan yomonliklar oshkor bo‘ldi va o‘zlari masxara qilib o‘tgan (azob) ularni o‘rab oldi!

34. Va (ularga) deyildi: «Xuddi sizlar mana shu bugungi kuningizdagi uchrashuvni unutganlaringizdek, Biz ham bugun sizlarni «unuturmiz». Sizlarning joyingiz do‘zaxdir va sizlar uchun do‘zax azobidan qutqaruvchi yordamchilar ham yo‘qdir!

35. Bunga sabab — sizlar Allohning oyatlarini masxara qilib olgan edinglar va sizlarni hayoti dunyo aldab qo‘ygan edi. Bas, bugun ular (do‘zaxdan) chiqarilmaslar va ulardan (Alloh rozi bo‘ladigan amallarga) qaytish ham talab qilinmas.

36. Bas, barcha hamdu sano osmonlar Parvardigori, yer Parvardigori, butun olamlar Parvardigori — Alloh uchundir.

37. Osmonlar va yerdagi barcha buyuklik yolg‘iz Unikidir! U qudrat va hikmat sohibidir!



AXQOF SURASI

Ho, Mim» harflari bilan boshlanguvchi suralarning so‘nggi — yettinchisi bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, o‘ttiz besh oyatdir.

U Qur’oni Karimning qudrat va hikmat sohibi bo‘lmish Alloh tomonidap tushirilgan Kitob ekanini ta’kidlash bilan boshlanib, so‘ngra mushriklarning sig‘inayotgan butlari biron narsa yaratishga ham, ularning duo-iltijolarini eshitishga ham qodir bo‘lmagan jonsiz toshlar ekanligini uqtiradi.

Bu surada har bir inson ota-onasiga yaxshilik qilishga amr etilgani xususida xabar beriladi va farzandni tug‘ib, qatorga qo‘shguncha ona chekadigap mehnat-mashaqqatlar ayricha tasvirlanadi.

Bu surada o‘tgan payg‘ambarlardan Hud alayhis-salomning Yaman yurtidagi qumtepalarni maskan tutgan Od qabilasini yolg‘iz Alloh taologagina ibodat qilishga da’vat etganlari, ular esa kuch-quvvatlariga ishonib, payg‘ambar da’vatini inkor qilishlari oqibatida, halokatga duchor bo‘lganlari haqida xabar beriladi. Suraning «Ahqof — Qumtepalar» deb nomlanishining boisi shudir.

Sura payg‘ambar alayhis-salomni kofirlar tomonidan tortayotgan aziyatlarga sabr-toqat qilishga chaqirish bilan xotima topadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. (Bu Qur’on) qudratli va hikmatli Alloh tomonidan nozil qilingan Kitobdir.

3. Biz osmonlar va yerni hamda ularning o‘rtasidagi narsalarni faqat haq (qonun) (Qiyomat kunigacha) belgalangan muddat bilan yaratdik. Kofir bo‘lgan kimsalar esa o‘zlari ogohlantirilgan narsadan (ya’ni Oxiratdagi azobdan) yuz o‘giruvchidirlar (uni inkor qilguvchidirlar).

4. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Sizlar Allohni qo‘yib duo-iltijo qilayotgan (butlaringiz) haqida xabar beringiz — menga ko‘rsatinglar-chi, ular yerdan nimani yaratganlar?! Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, menga ushbu (Qur’on)dan ilgari (nozil bo‘lgan va sizlarning butlarga sig‘inishingizni tasdiqlaydigan) biron kitobni yoki biron ilmiy asarni (ya’ni avvalgi ulamolardan qolgan bironta aniq hujjatni) keltiringlar!»

5. Allohni qo‘yib, Qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydigan butlarga duo-iltijo qiladigan kimsadan ham yo‘ldan ozganroq kim bor?! Holbuki u (jonsiz but)lar o‘sha (mushrik)larning duolaridan g‘ofildirlar!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:27:07



6. (Qiyomat kunida) insonlar (hisob-kitob uchun) to‘plangan vaqtida o‘sha (butlar) ularga (mushriklarga) dushman bo‘lurlar va ularning (Allohni qo‘yib, o‘zlariga) ibodat qilganlarini ham inkor eturlar!

7. Qachon ularga Bizning aniq-ravshan bo‘lgan oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo‘lgan kimsalar Haq (Qur’on) to‘g‘risida u o‘zlariga kelgan vaqtidayoq (tafakkur qilib ko‘rmasdanoq) «Bu ochiq sehrdir», derlar.

8. Yoki ular («Qur’onni Muhammadning) o‘zi to‘qib olgan», deydilarmi?! Ayting: «Agar uni o‘zim to‘qib olgan bo‘lsam, u holda, sizlar men uchun Alloh (azobi)dan biron narsa(ni daf’ qilish)ga ega bo‘la olmassizlar (ya’ni u holda Allohning O’zi Uning sha’niga yolg‘on to‘qiganim uchun meni hech kim qaytara olmaydigan azob bilan jazolagan bo‘lur edi. Bas, men sizlardan emas, balki Alloh taolodan qo‘rqqanim sababli sizlarga Haq vahiyni keltirmoqdaman)! U sizlar kirishayotgan narsani (ya’ni Qur’onni "œbir sehr, bir uydirma" deyayotganlaringizni) juda yaxshi bilguvchidir. Uning O’zi men bilan sizlarning o‘rtangizda yetarli guvohdir. U mag‘firatli, mehribon zotdir».

9. (Ey Muhammad), ayting: «Men payg‘ambarlardan yangi — birinchisi emasman (ya’ni mendan avval ham Allohning payg‘ambarlari o‘tgan-ku, nega sizlar mening payg‘ambarligimga hayron bo‘lib, inkor qilmoqdasizlar?!) Men (kelajakda) na o‘zimga va na sizlarga nima qilinishini bilmasman (ya’ni g‘aybdan xabardor emasman). Men faqat o‘zimga vahiy qilinadigan narsaga ergashurman. Men faqat ochiq ogohlantirguvchidirman».

10. Ayting: («Ey mushriklar), xabar beringiz-chi, agar (ushbu Qur’on) Allohning huzuridan bo‘lsa-yu, sizlar unga kofir bo‘lsangizlar va Bani Isroildan bo‘lgan bir guvoh ham u (Qur’on)ning o‘xshashi (yolg‘iz Alloh tomonidangina nozil bo‘lishi)ga guvohlik berib, iymon keltirsa-yu, sizlar (unga iymon keltirishdan) kibr-havo qilsangizlar (ya’ni sizlar eng zolim odamlar bo‘lib qolmaysizlarmi?!) Albatta Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas!»


I z o h. Mufassirlar aytishlaricha «Bani Isroil qavmidan bo‘lgan guvoh» — yahudiy Abdulloh ibn Salom bo‘lib, u kishi payg‘ambar alayhis-salomning oldilariga kelib, Qur’oni Karim oyatlarini eshitgach va bir necha savollariga rasulullohdan aniq javoblar olgach, darhol Qur’onning ilohiy Kitob ekaniga, Muhammad alayhis-salomning haq payg‘ambar ekanliklariga iymon keltirgan ekan.

11. Kofir bo‘lgan kimsalar iymon keltirgan zotlar xaqida «Agar (bu Qur’on) yaxshi bo‘lganida, (anavi yalangoyoqlar) unga bizlardan ilgari bormagan bo‘lur edilar», dedilar. Ular o‘zlari (Qur’on) bilan hidoyat topishmagach: «Bu eski uydirmadir», derlar.

I z o h. Ma’lumki, avval-boshda Islom dinini Ammor, Bilol Suhayb va Xabbob kabi kambag‘al-bechoralar qabul qilgan edilar. Shuning uchun zodagon mushriklar yuqoridagi so‘zlarni aytdilar.

12. U (Qur’on)dan ilgari Musoning peshvo va rahmat bo‘lgan Kitobi (Tavrot) bor edi. Bu (Qur’on) arabiy lisondagi, (o‘zidan avval nozil bo‘lgan barcha ilohiy kitoblarni) tasdiqlaguvchi bir Kitobdir. U zolim-kofir bo‘lgan kimsalarni (oxirat azobidan) ogohlantirish uchun va chiroyli amal qilguvchilarga (jannat haqida) xushxabar bo‘lish uchun (nozil qilingandir).

13. Albatta «Parvardigorimiz Allohdir», degan, so‘ngra (To‘g‘ri yo‘lda) ustivor bo‘lgan zotlar uchun xavf-xatar yo‘qdir va ular g‘amgin bo‘lmaslar.

14. Ana o‘shalar jannat egalari bo‘lib, u joyda mangu qolurlar. (Bu) ular qilib o‘tgan amallarining mukofotidir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:27:24



15. Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador bo‘lib, qiynalib tuqqandir. Unga homilador bo‘lish va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir. Endi qachon u voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganida: «Parvardigorim, meni Sen menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O’zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga muvaffaq etgin va O’zing men uchun zurriyotimga ham yaxshilik qilgin (ya’ni farzandlarimni ham ahli solih bandalaringdan qilgin). Albatta men Senga (qilgan barcha gunohlarimdan) tavba qildim va albatta men musulmonlardandirman», dedi.

I z o h. Ushbu oyati karimada yana har bir insonni ota-onaga yaxshilik qilishga buyurildi. Tabiiy bir savol tug‘ilishi mumkin: Nega Qur’onda ota-onaga mehr-muruvvat ko‘rsatish vojib ekanligi bot-bot uqtiriladi-yu, farzandlarga mehribonlik qilishga buyurilgan oyatlar deyarli uchramaydi? Kalomullohni sinchiklab o‘qib-o‘rgangan kishi undan yuqoridagi savolga javob topa oladi: Qur’onda biron behuda jumla yoki so‘z yo‘qdir. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni komil inson qilib tarbiyalash uchun qaysi farmonni necha marta takrorlash lozim bo‘lsa, uni shuncha marta nozil qilgan. Negaki, Yaratgan O’z bandalarining jismoniy jihatlaridan ham, ruhoniy xususiyatlaridan ham juda yaxshi ogohdir. Masalan, U zot ota-onaga, xususan onaga o‘z farzandlariga nisbatan shunday mehr ato etganki, ona uchun eng og‘ir, hatto tahlikali davr bo‘lgan homiladorlik va ko‘z yorish davri hamda chaqaloqni emizib, tarbiyalash yillari ota-ona hayotidagi eng baxtli damlardir. Binobarin, ota-onani (albatta ular agar ma’naviyatdan ajrab vahshiylik darajasiga tushib ketgan bo‘lsalar) farzandga yaxshilik qilishga buyuraverishning o‘zi ortiqcha bir ishdir. Ammo farzandlar esa yoshliklariga borib yoki o‘zlarining o‘g‘il-qizlari bilan ovora bo‘lishib, ortlaridagi ota-onalariga beparvo bo‘lib qolishlari mumkin. Shuning uchun Qur’on farzandlarni tez-tez ota-ona oldidagi burchlarini ado etishga da’vat qiladi.

Yuqoridagi oyatning davomida kamolot yoshi bo‘lmish qirq yoshga yetgan musulmoni komil kishi uchun Alloh taolodan qanday tilak-istaklar so‘rash loyiq ekanligi bayon qilindi. Endi quyidagi oyatda ana shunday xislat egalari bo‘lgan mo‘min-musulmonlarning kelajak-oqibatlari haqida xabar beriladi.


16. Ana o‘shalar shunday zotlardirki, Biz ulardan qilgan eng chiroyli amallarni qabul qilurmiz va jannat egalari qatorida ularning yomonlik gunoxlaridan o‘tib yuborurmiz. (Bu) ularga va’da qilinguvchi haqqirost va’dadir.

17. Yana bir kimsa borki, ota-onasiga: «Suf sizlarga! Sizlar menga (o‘lganimdan keyin qayta tirilib, qabrdan) chiqarilishim haqida va’da beryapsizlar-mi?! Holbuki mendan ilgari ham asrlar-avlodlar o‘tgan-ku, (ulardan birontasi qayta tirilib keldimi)?!» der. U ikkisi Allohdan madad tilagan hollarida (o‘g‘illariga qarab): «Halok bo‘lgur, iymon keltirgin! Albatta Allohning (barcha bandalarni qayta tiriltirish haqidagi) va’dasi haqdir», (desalar), u: «Bu faqat avvalgilarning afsonalaridir», der.

18. Ana o‘shalar shunday kimsalardirki, ularning ustiga o‘zlaridan ilgari o‘tgan insu-jinsdan iborat (kofir) ummatlar qatorida (azob) So‘zi haq bo‘lgandir. Albatta ular ziyon ko‘rguvchi bo‘ldilar.

19. (Mo‘minlar va kofirlardan) har biri uchun o‘zlari qilgan amallari sababli daraja-martabalar bordir. Chunki (Alloh) ularga qilgan amallarini(ng mukofot va jazolarini) komil qilib berur va ularga zulm qilinmas.

20. Kofir bo‘lgan kimsalar do‘zaxga ko‘ndalang qilinadigan Kunda (ularga deyilur): «Sizlar o‘z huzur-halovatlaringizni hayoti dunyolaringizdayoq ketkazdingiz va ulardan foydalanib bo‘ldingiz. Endi Bugun yerda nohaq kibru havo qilganlaringiz va itoatsiz bo‘lganlaringiz sababli xorlik azobi bilan jazolanursizlar».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:27:43



21. (Ey Muhammad), Od (qabilasi)ning birodarini (ya’ni Hud payg‘ambarni) eslang! O’shanda u o‘zining qumtepalardagi qavmini: «Sizlar yolg‘iz Allohgagina ibodat qilinglar! Men haqiqatan sizlarning ustingizda ulug‘ Kunning azobidan qo‘rqurman», deb ogoxlantirgan edi, - darhaqiqat undan ilgari ham, undan keyin ham ogohlantirguvchi (payg‘ambar)lar o‘tgandir;

22. Ular: «Sen bizlarni xudolarimizdan burish (yuz o‘girtirish) uchun keldingmi?! U holda agar rostgo‘y kishilardan bo‘lsang, bizlarga va’da qilayotgan narsangni (ya’ni Allohning azobini) keltirgan-chi?» dedilar.

23. U aytdi: «(Azob kelar vaqtning) bilimi yolg‘iz Alloh huzuridadir. Men sizlarga o‘zim elchi qilib yuborilgan dinni yetkazurman. Lekin men sizlarni nodon qavm ekanligingazni ko‘rmoqdaman».

24. Bas, qachonki, ular o‘sha (azob)ni o‘z vodiylariga qarab kelayotgan bir qora bulut holida ko‘rishgach: «Bu bizlarga yomg‘ir keltirguvchi bulutdir», dedilar. «Yo‘q, u o‘zlaringiz shoshtirgan narsa — bir bo‘ronki, unda alamli azob bordir.

25. U Parvardigorining amri bilan barcha narsani vayron (halok) qilur. Bas, (u bo‘ron kelib, Od qabilasidagi kofirlarning o‘zlarini ham, mol-hollarini ham halok qildi. Barchalari qirilib bitib), tong otganida, faqat ularning uy-joylarigina ko‘zga tashlanar edi. Biz jinoyatchi-osiy qavmni mana shunday jazolaymiz.

26. Holbuki (ey Makka ahli), Biz ularni (mol-dunyo va kuch-quvvat jihatidan) sizlarni qodir qilmagan narsalarga qodir qilgan edik va ularga ham quloq, ko‘z va dillar (ato) qilgan edik. (Lekin) ular Allohning oyat-mo‘jizalarini inkor etganlari uchun ularga quloq-ko‘zlari ham, dillari ham biron foyda bermadi (ya’ni Haq yo‘lni ko‘rib-idrok qila olmadilar). Va ularni o‘zlari masxara qilib kulgan narsalari (Allohning azobi) o‘rab oldi.

27. (Ey Makka axli), aniqki, Biz sizlarning atrofingizdagi qishloq-shaharlarni halok qildik. Biz ularga shoyad (kufru isyonlaridan) qaytsalar, deb oyat-mo‘jizalarni batafsil bayon qilgan edik, (lekin ular qaytmay halokatga duchor bo‘ldilar).

28. Axir o‘zlari Allohni qo‘yib, (Allohga) yaqin qiladigan «xudo»lar, deb ushlab olgan — sig‘ingan butlari (halokatdan qutulishlari uchun) ularga yordam bersalar bo‘lmasmidi?! Yo‘q, u (butlar mushriklardan yordamga muhtoj bo‘lgan vaqtlarida) g‘oyib bo‘lib qolishdi. Bu (ya’ni butlar butparastlarni Allohga yaqin qiladi, degan aqida) ularning uydirmalaridir va (Alloh sha’niga) to‘qib olgan bo‘htonlaridir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:28:02



29. (Ey Muhammad), eslang, Biz sizning oldingizda bir guruh jinlarni Qur’on tinglasinlar, deb yuborgan edik. Bas, qachonki ular (Qur’on tilovatiga) hozir bo‘lishgach, (bir-birlariga): «Jim turinglar», dedilar. Endi qachonki (tilovat) tugatilgach, ular o‘z qavmlari oldiga ogohlantirguvchi bo‘lgan hollarida qaytib ketdilar.

I z o h. Rivoyat qilinishicha, payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga bir necha bor jin toifasining vakillari kelib, Qur’onni tinglab ketgan ekanlar. Mazkur oyatdagi voqea shulardan biri bo‘lib, uni keltirishdan murod Makka mushriklarini ogohlantirishdir. Go‘yo ularga: «Inson toifasidan bo‘lmagan jinlar Qur’onni bir bor eshitishlari bilanoq unga iymon keltirib, boshqa jinlarni ham iymonga da’vat qilish uchun ketsalar-u, sizlar o‘zlaringizning tilingizdagi Qur’onga va o‘z toifangizdan bo‘lgan payg‘ambarga iymon keltirmay kofirligingizcha qolsangizlar!» deyilmoqda. Quyidagi oyatlarda jinlarning o‘z qavmlari oldiga borib, Qur’on xabarini yetkazganlari bayon qilinadi.

30. Ular dedilar: «Ey qavmimiz, darhaqiqat bizlar Musodan keyin nozil qilingan, o‘zidan oldingi (ilohiy kitob)larni tasdiq qilguvchi bo‘lgan, Haq (din)ga va To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladigan bir Kitobni — Qur’onni tingladik.

31. Ey qavmimiz, Allohga da’vat qilguvchi (Muhammad alayhis-salomning da’vati)ni qabul qilinglar va unga iymon keltiringlar, (shunda Alloh) sizlarning gunoxlaringizni mag‘firat qilur va sizlarga alamli azobdan panoh berur.

32. Kim Allohga da’vat qilguvchi (da’vati)ni qabul qilmasa, bas, u yer yuzida (biron joyga) qochib qutulguvchi emasdir va uning uchun (Allohdan) o‘zga (Uning azobidan qutqarguvchi) «do‘stlar» ham yo‘qdir. Ana o‘shalar ochiq zalolatdadirlar».

33. Axir ular (oxiratda qayta tirilish haq ekanini inkor qilguvchi kimsalar) osmonlar va yerni yaratgan, ularni yaratishga ojizlik qilib qolmagan zot — Alloh o‘liklarni tiriltirishga ham qodir ekanligini (o‘ylab) ko‘rmadilarmi?! Yo‘q, albatta (Alloh o‘liklarni tiriltirishga ham qodirdir). Zero U zot barcha narsaga qodirdir.

34. Kofir bo‘lgan kimsalar do‘zaxga ko‘ndalang qilinadigan Kunda (ularga): «Ushbu (azob) haq emas ekanmi?!» (deyilganida), ular: «Yo‘q, Parvardigorimizga qasamki, (bizlarga va’da qilingan azob haq ekan)», derlar. (Shunda Alloh) aytar: «Bas, kofir bo‘lganlaringiz sababli mana shu azobni totinglar!»

35. Bas, (ey Muhammad), siz ham (o‘tgan) payg‘ambarlar orasidagi sabot-matonat egalari sabr qilganlaridek, (mushriklarning ozor-aziyatlariga) sabr qiling va ularga (tushadigan azob)ni shoshtirmang. Ular o‘zlariga va’da qilinayotgan azobni ko‘radigan Kunda go‘yo (bu dunyoda) faqat kunduzdan bir soatgina turgandek bo‘lib qolurlar! (Bu Alloh tomonidan nozil qilingan) bir bayonot-xabardir. Bas, faqat itoatsiz qavmgina halok qilinur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:28:22



MUHAMMAD SURASI

Madinada nozil bo‘lgan bu sura o‘ttiz sakkiz oyatdan tashkil topgan.

Unda so‘z asosan Alloh yo‘lida jihod qilish va u jangda rioya qilinishi lozim bo‘lgan tartib-intizom va qonun-qoidalar haqida boradi. Shuning uchun uni «Jang» surasi ham deb ataydilar.

Bu surada mo‘minlarga agar ular Allohning diniga yordam bersalar, Alloh taolo ham ularning yordamida bo‘lishi ta’kidlanadi.

Shuningdek, ro‘baro‘dagi dushmanga qarshi jang qilish bilan birga, oralaridagi munofiqlardan ham ogoh-ehtiyot bo‘lib turish lozimligi uqtiriladi va ularning ayrim sifat-kirdikorlari ancha batafsil bayon qilinadi.

Sura nihoyasida Tangri taolo mo‘min-musulmonlarga O’zi ular bilan birga ekanligini uqtirib, ularni Haq yo‘lida sustlashmay-og‘ishmay sa’y-harakat qilaverishga da’vat etadi.

Bu sura payg‘ambar alayhis-salom nomlari bilan «Muhammad», deb atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Kofir bo‘lgan va (o‘zgalarni ham) Alloh yo‘lidan to‘sgan kimsalarning amallarini (Alloh) zoe ketkazur.

I z o h. Ushbu oyatda o‘zlari iymonsiz bo‘lib, boshqalarni ham din-iymon yo‘lidan to‘sadigan kimsalar agar yaxshi amallarni qilsalar ham, ularga hech qanday ajr-savob berilmasligi bayon etildi.

2. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan hamda Muhammad (alayhis-salom)ga nozil qilingan narsaga (Qur’onga) — holbuki u Parvardigorlari tomonidan kelgan Haqiqatdir — iymon keltirgan zotlarning esa yomonlik-gunoxlarini o‘chirur va ishlarin o‘nglar.

3. Bunga (ya’ni kofirlarning amallari zoe bo‘lish mo‘minlarning gunohlari o‘chirilishiga) sabab — kofir bo‘lgan kimsalarning botil (yo‘l)ga ergashganlari, iymon keltirganlarning esa Parvardigorlari tomonidan bo‘lgan Haq (Qur’on yo‘li)ga ergashganlaridir. Alloh insonlarga ularning misollarini mana shunday bayon qilib berur.

4. Bas, (ey mo‘minlar), qachon sizlar (jang maydonida) kofir bo‘lgan kimsalar bilan to‘qnashganlaringizda bo‘yinlariga uringiz — o‘ldiringiz! Endi qachon ularni(ng ko‘plarini) qirib (mag‘lub qilganingizdan keyin ularni asir olib) arqonlar bilan bog‘langiz! So‘ng yo (ularni ozod qilib yuborish bilan) marhamat ko‘rsatursizlar yo (ularni qo‘yib yuborish uchun) fidya-tovon olursizlar, Toki urush yuklarini qo‘ygunicha (ya’ni to‘xtagunicha sizlarga buyurilgan ish) mana shudir. Agar Alloh xohlasa ulardan (jang-jadalsiz ham) g‘olib bo‘lur (ya’ni ularni yo‘q qilib yuborur) edi, lekin U zot sizlarning ayrimlaringizni ayrimlaringiz bilan imtihon qilish uchun sizlarni jangga buyurdi). Alloh yo‘lida o‘ldirilgan zotlarning amallarini hargiz zoe ketkizmas.

5. Ularni (jannat yo‘liga) hidoyat qilur va ishlarini o‘nglar.

6. Ularni (Allohning) O’zi ularga tanitgan jannatga kiritur.

7. Ey mo‘minlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (ya’ni Uning yo‘lida jihod qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va jang maydonida kadamlaringizni sobit-barqaror qilur.

8. Kofir bo‘lgan kimsalar uchun esa halokat bo‘lur va (Alloh) ularning amallarini zoe ketkazur.

9. Bunga sabab, ularning Alloh nozil qilgan narsalarni (ya’ni, Qur’on va undagi hukmlarni) yomon ko‘rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning amallarini behuda ketkazdi.

10. Axir ular yer yuzida sayru-sayohat qilishib, o‘zlaridan avvalgi (payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilib iymonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini (ular qanday qismatga yo‘liqishganini) ko‘rsalar bo‘lmaydimi?! Alloh ularning ustiga halokat yuborib (butunlay yo‘q bo‘lib ketdilar-ku)! Bu kofirlar uchun ham xuddi o‘sha (oqibat-halokat) ularning o‘xshashi bo‘lur.

11. Bunga (ya’ni Alloh mo‘minlarga yordam berishiga, kofirlarni esa halok qilishiga) sabab Alloh iymon keltirgan zotlarning do‘sti-homiysi ekanligi, kofirlar uchun esa hech qanday homiy yo‘q ekanligidir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:28:44



12. Albatta Alloh iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritur. Kofir bo‘lgan kimsalar esa (mana shu hayoti dunyoning o‘tkinchi lazzatlaridan) foydalanib, chorva hayvonlari yeganidek yeb-ichurlar va ularning joylari do‘zax bo‘lur!

13. (Ey Muhammad), sizni haydab chiqargan qishloq (ya’ni Makka ahli)dan ko‘ra (aholisi) kuchli-quvvatliroq bo‘lgan qanchadan-qancha qishloqni halok qilganmiz. Bas, ular uchun biron yordamchi bo‘lmagan.

14. Axir Parvardigori tomonidan aniq-ravshan hujjatga (ya’ni Qur’onga) ega bo‘lgan kishi (ya’ni rasullulloh va mo‘minlar), qilgan yomon amali o‘ziga chiroyli ko‘ringan va havoyi nafsiga ergashgan (kofir) kimsalar kabi bo‘lurmi?!

15. Taqvo egalari uchun va’da qilingan jannatning misoli - sifati (budir): «Unda aynimagan suvdan bo‘lgan daryolar ham, ta’mi o‘zgarmagan sutdan bo‘lgan daryolar, ichguvchilar uchun lazzatli (ya’ni badta’m va aqldan ozdirguvchi bo‘lmagan) maydan bo‘lgan daryolar ham, musaffo asaldan bo‘lgan daryolar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (ular uchun u joyda) Parvardigorlari tomonidan mag‘firat bordir. (Ana shunday jannat axli bo‘lgan taqvo egalari) do‘zaxda mangu qoladigan va (u joyda) qaynoq suv bilan sug‘orilib, u (suv) ichaklarini bo‘lak-bo‘lak qilib tashlagan (kofir) kimsalar kabi bo‘lurmi?!


I z o h. Yuqoridagi oyatlarda Alloh taolo mo‘minlar bilan kofirlar hech qachon barobar bo‘lmasliklarini aniq dalillar bilan bayon etdi va taqvodor mo‘minlarning borar joylarini ham, kofirlarning topajak oqibatlarini ham jonli lavhalar bilan tasvirlab berdi. Endi quyidagi oyatlarda so‘z munofiqlar va ularning kirdikorlari haqida boradi.

16. (Ey Muhammad), ularning (munofiqlarning) orasida shunday kimsalar ham borki, ular sizga quloq solib turur-da, huzuringizdan chiqqan vaqtlarida, ilm ato etilgan zotlardan (masxara qilishib): «Hozirgina (Muhammad) nima devdi?» deb so‘rarlar. Ana o‘shalar Alloh dillarini muhrlab qo‘ygan va o‘zlarining havoyi nafslariga ergashgan kimsalardir.

17. Hidoyat topgan — To‘g‘ri yo‘lga yurgan zotlarga esa (Alloh) yana hidoyatni ziyoda va taqvo ato etur, (ya’ni ularga haromdan parhez qilish yo‘llarini ko‘rsatur).

18. Ular (Makka kofirlari o‘tmishdagi o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilgan qavmlar duchor bo‘lgan halokatlardan eslatma-ibrat olmadilar), endi faqat to‘satdan (qiyomat) soati kelib qolishinigina kutmoqdalar. Darvoqe uning alomatlari keldi. Bas, ularga (qiyomat soati) kelgan vaqtida ularning eslatma-ibrat olishlari (uchun) qanday (imkon) bo‘lur?!


I z o h. Ya’ni Alloh taoloning oyat-mo‘jizalaridan pand-nasihat olib To‘g‘ri yo‘lda yurishni istagan kishi Qiyomat soati kelib qolishidan ilgari pand-nasihat olsin. Chunki u soat kelib qolgach, qilingan tavba-tazarru’ning hech qanday foydasi yo‘qdir. Darvoqe Qiyomat yaqinligining alomatlari ko‘rinib qoldi. O’zlar yotga, og‘aynilar yovga aylanishi, ulug‘lar kamayib, pastkash-tuban kimsalar ko‘payishi ana shunday alomatlardandir.

19. Bas, (ey Muhammad), hech qanday iloh yo‘q, magar Allohgina bor ekanligini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min-mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezar joylaringizni ham, (oxiratda) borar joylaringizni ham bilur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:29:06



20-21. Iymon keltirgan zotlar: «(Kofirlarga qarshi jang qilishga buyurilgan) biron sura nozil qilinganida edi», derlar. Endi qachon aniq bir sura nozil qilinib, unda jang zikr etilsa, dillarida maraz bo‘lgan kimsalarni, sizga xuddi (kelib qolgan) o‘limdan (qo‘rqib,) behush bo‘lib qolgan kimsaning qarashi bilan qarashayotganini ko‘rursiz. (Holbuki), ular uchun (sizga) itoat etish va yaxshi so‘z (so‘zlash) loyiqroq edi. Endi qachon ish — jang muqarrar bo‘lsa, u holda agar ular Allohga (iymon keltirish va Uning jang qilish haqidagi amriga itoat etishda) sodiq-rostgo‘y bo‘lganlarida, albatta o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lur edi.

22. Agar (iymondan) yuz o‘girsangizlar, yaqin-ki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilursizlar va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzursizlar!

23. Unday kimsalarni esa Alloh la’natlagandir, bas ularning (quloqlarini pand-nasihat eshitishdan) kar, ko‘zlarini esa (To‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmaydigan) ko‘r qilib qo‘ygandir.

24. Axir ular Qur’on haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarida qulflari bordir, (shuning uchun u dillarga Qur’on nuri yetmayotgandir)?!

25. Albatta o‘zlariga hidoyat (yo‘li) aniq-ravshan bo‘lganidan keyin yana ortlariga (kufrga) qaytib ketgan kimsalarga (bu ishlarini) shayton chiroyli qilib ko‘rsatdi va ular uchun (puch orzu-xayolarni) uzun qilib qo‘ydi.

26. Bunga (ya’ni kufrga qaytib ketishlariga) sabab, ularning Alloh nozil qilgan narsani (Qur’onni) yomon ko‘rgan kimsalarga: «Biz ayrim ishlarda sizlarga itoat etamiz», deganlaridir. Holbuki, Alloh ularning yashirgan (sirlari)ni bilur.


I z o h. Munofiqlar musulmonlarga qarshi yahudiylar bilan ba’zi bir rejalarni xufyona tuzib yurar edilar. Mazkur oyatda Alloh taolo O’z payg‘ambariga ularning sirlarini oshkor qildi.

27. Endi, farishtalar ularning yuzlari va orqalariga urib, jonlarini olar vaqtida, (ularning hollari) qanday bo‘lur?!

28. Bunga (ya’ni o‘lim soatidagi bunday azobga) sabab, ularning Allohni g‘azablantirgan narsaga (ya’ni munofiqlik yo‘liga) ergashib, U zotning rizoligini (ya’ni mo‘minlar bilan birga kofirlarga qarshi jang qilishni) yomon ko‘rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning qilgan yaxshi) amallarini ham behuda ketkazdi.

29. Balki dillarida maraz-nifoq bo‘lgan kimsalar Alloh ularning (dillaridagi mo‘minlarga nisbatan bo‘lgan) adovatlarini oshkor qilmas, deb o‘ylagandirlar?!

Qayd etilgan