Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466153 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:50:57



191. Ularni (sizlar bilan urush olib borayotganlarni) topgan joyingizda o‘ldiringiz va sizlarni (quvib) chiqargan joy (ya’ni Makka) dan ularni ham quvib chiqaringiz! (Odamlarni) aldab, fitnaga solish o‘ldirishdan yomonroqdir. O’zlari urush boshlaguncha ular bilan Masjid-al-harom oldida urushmangiz! Bas, agar o‘zlari urush boshlasalar, u holda ularni o‘ldiringlar! Kofirlarning jazosi shunday bo‘ladi.

192. Endi agar to‘xtasalar (kufrdan kechib, Islomga kirsalar), bas, albatta Alloh kechirguvchi rahmlidir.

193. To fitna tugab, butun din Alloh uchun bo‘lgunga qadar ular bilan urushingiz! Endi agar to‘xtasalar, u holda sizlar ham to‘xtangiz! Zero, faqat zolimlarga qarshi dushmanlik qilish mumkin.

194. Urush harom qilingan oy urush harom qilingan oy muqobilida bo‘ladi.


I z o h . Urush harom qilingan oyda kofirlar sizlarga qarshi urushar ekanlar, sizlar ham bu oyda ularga qarshi urushishingiz mumkin. Aslida «shahri harom» — urush harom qilingan oyda hech qanday urush-janjal bo‘lmasligi lozim. Ammo, modomiki qarshi taraf bu qoidaga rioya qilmas ekan, demak, sizlar ham rioya qilishingiz shart emas, chunki:

Hurmatlar (buzilsa, rioya qilinmasa) qasos (olinadi). Bas, kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham ularga tajovuzlari muqobilida tajovuz qiling! Va Allohdan qo‘rqingiz! Bilinglarki, Alloh O’zidan qo‘rquvchilar bilan birgadir.

195. Alloh yo‘lidagi (kurash uchun mollaringizni) sarflanglar! Va (baxillik qilish bilan) o‘zingizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi.

196. Haj va umrani Alloh uchun komil suratda ado qiling! Agar (kasallik yoki yo‘lto‘sarlar sababli) yo‘lingiz to‘silib qolsa, muyassar bo‘lgan biror hadya yuboring va hadyangiz o‘z joyiga yetib bormaguncha boshlaringizni (sochlaringizni) qirmang!


I z o h . Haj yoki umra ibodatini ado etishni niyat qilgan kishi avvalo ihrom (maxsus kiyim) kiyadi. Shundan keyin to haj marosimlarini to‘la ado qilgunicha uning uchun soch-soqolga tig‘ tekkizish, tirnoq olish, jufti bilan yaqinlashish, birovga — hatto eng mayda hasharotga ham ozor berish kabi fe’llar harom bo‘ladi. Haj amallarini ado qilib bo‘lgach, sochni qirish yoki qisqartirish bilan ihromdan chiqiladi. Endi biror hoji qandaydir sabab bilan haj amallarini oxiriga yetkaza olmasa bir tuya, mol yoki qo‘yni o‘z tarafidan Alloh yo‘lida hadya qilib jo‘natishi lozim. Bu hadya joyiga — Makkaga yetib borgach, yo‘lda qolgan hoji sochni qirishi — ya’ni ihromdan chiqishi mumkin bo‘ladi.

Endi agar sizlardan (hojilardan) kimdir kasal yoki boshida biron dardi bo‘lsa (shu uzr bilan ihromda turgan holida sochini qirdirsa), u holda (uch kun) ro‘za tutish yoki (olti miskinga) sadaqa berish yoxud (bir qo‘y) so‘yish bilan evaz to‘lasin! Qachonki (yo‘lto‘sarlar yoki boshqa har qanday mone’dan) xotirjam bo‘lsangiz, (oralaringizdan) kim haj (yo‘lida) umradan foydalangan bo‘lsa (ya’ni haj mavsumida avval umra amallarini bajarib, ihromdan chiqib, so‘ngra hajga ihrom bog‘lagan bo‘lsa), muyassar bo‘lgan biron hadyani yuborsin! Kim (hadya qiladigan narsa) topa olmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganidan keyin ro‘za tutsin! Bu to‘la o‘n kundir. Ushbu hukm ahli — oilasi Masjid-al-haromda bo‘lmagan kishilar uchundir. (U yerning aholisi uchun bunday huquq va burchlar yo‘q). Allohdan qo‘rqingiz! Va bilingki, Alloh — azobi qattiq zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:51:50



197. Haj (mavsumi) ma’lum oylardir. (Ya’ni Shavvol, Zulqa’ja va Zulhijja oyining o‘n kuni). Bas, kim shu oylarda o‘ziga hajni farz qilsa (haj qilishni niyat qilsa), haj davomida (juftiga) yaqinlashmaydi, gunoh ishlar, janjal-suron qilmaydi. Qanday yaxshi amal qilsangiz, albatta Alloh biladi. Va (haj qilish uchun yo‘lga tushishdan avval zarur ozuqa bilan) ta’minlanib oling! Eng yaxshi ozuqa (ya’ni o‘zingiz bilan birga bo‘lishi lozim bo‘lgan eng yaxshi narsa) Allohdan qo‘rqishdir. Mendan qo‘rqingiz, ey ahli donishlar!

198. (Haj safarida tijorat qilish bilan) Parvardigoringizdan fazlu karam istashingizdan sizlar uchun hech qanday gunoh yo‘qdir. Endi Arafotdan (Makka yaqinidagi tog‘) tushganingizdan keyin Mash’ar-ul-haromda Allohni zikr qiling! U zot sizlarni — garchi ilgari adashganlardan bo‘lgan esangiz-da — haq yo‘lga hidoyat qilgani yanglig‘ sizlar ham u zotni eslang — zikr qiling!


I z o h . Hojilar Zulhijja oyining to‘qqizinchi kunidagi ikkinchi yarmida Arafot tog‘ida to‘planib, Parvardigorga duo va tavbalar qilib turganlaridan keyin tushib Muzdalifa tog‘ining etagida Mash’ar-ul-harom degan joyda tun bo‘yi duo-takbir, tavba-tazarrular bilan Tangriga munojotlar qiladilar, haq yo‘lga hidoyat qilgani uchun shukronalar aytadilar.

199. So‘ngra odamlar tushgan tomondan tushinglar va Allohdan (gunohlaringizni) mag‘firat qilishini so‘ranglar! Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir.

200. Endi, marosimlaringizni ado qilib bo‘lgach, Allohni ajdodlaringizni eslagandek, balki undan-da qattiqroq eslang! Zotan odamlar orasida shunday kimsalar borki, «Ey Parvardigor, bizga mana shu dunyoda bergan», deydi. Holbuki, uning uchun Oxiratda hech qanday nasiba yo‘q.

201. Va ularning orasida shunday zotlar ham borki, «Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato qilgan, oxiratda ham yaxshilik ato etgin va bizni do‘zax azobidan asragin», deydilar,

202. Ana o‘sha zotlar uchun qiyagan ibodatlari (haj, duolari) sharofatidan nasiba bor. Alloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:52:59



203. Sanoqli kunlarda Allohni zikr qilingiz!

I z o h. Zulhijja oyining 11, 12, 13-kunlari nazarda tutiladi. Bu kunlarda hojilar Mino degan joyda turib, Allohni zikr etib duoyu salovotlar aytadilar va shaytonga la’nat toshini otadilar.

Kim ikki kunda shoshilib (zikrni to‘xtatsa) unga gunoh yo‘q, kim keyinda (uchinchi kunga ham) qolsa, unga-da gunoh yo‘qdir. (Mazkur hukmlar) taqvodor kishilar uchundir. Allohdan qo‘rqingiz va bilingizkim, sizlar shubhasiz Uning huzurida to‘planajaksiz.

204. (Ey Muhammad) odamlar orasida shunday kimsalar borki, uning gapirgan gapi, hayoti dunyoda Sizga qiziq tuyuladi. Va o‘zi (islomga) ashaddiy xusumatchi bo‘lgan holida dilidagi «iymoniga» Allohni guvoh keltiradi.

205. (Oldingizdan) ketganida esa yerda buzg‘unchilik, ekin va nasllarni halok qilish uchun yugurib-elib yuradi. Alloh esa buzg‘unchilik-fasodni sevmaydi.

206. Qachon unga: «Allohdan qo‘rqqin», deyilsa, uni kibru havosi gunohga tortadi-etaklaydi. Unga jahannam bas kelar. Naqadar yomon joy-a!


I z o h. Yuqoridagi uch oyat — Axnas ibn Shariyq ismli bir munofiq haqida nozil bo‘lgandir. U payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib, o‘zining haqiqiy mo‘min ekanligi haqida yolg‘on qasamlar ichish bilan payg‘ambarning ko‘ngillarini o‘ziga xayrixoh qilishga uringanida mazkur oyatlar bilan Tangri taolo o‘z payg‘ambarini ogohlantiradi va u munofiqning mo‘minlarga yetgan ziyonlarini elga oshkor qiladi.

207. Odamlar orasida Alloh rizoligi yo‘lida o‘z jonini beradigan zotlar ham bor. Alloh bandalariga g‘amxo‘r, mehribondir.

208. Ey mo‘minlar, to‘la holdagi islomga kiringiz! (Ya’ni, islomning ba’zi hukmlariga itoat qilib, ba’zilariga itoat qilmaydigan kimsalardan bo‘lmangiz)! Va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir.

209. Agar sizlarga ochiq hujjatlar kelganidan keyin ham toyilsangiz, bilingizki, albatta Alloh qudratli, hikmatli zotdir.

210. Ular (haq yo‘lni inkor etuvchilar qiyomat kunida) boqmaydilar, magar ularga bulutdan bo‘lgan soyabon ostida Alloh va farishtalar (hisob kitob uchun) keladi-da, ish tamom bo‘ladi (ya’ni kufrlari sababli do‘zaxga hukm qilinurlar). Va barcha ishlar yolg‘iz Allohga qaytarilajak.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:54:25



211. Bani Isroildan so‘rang: (ey, Muhammad) ularga qanchalab ochiq mo‘‘jizalar berdik ekan! Kim Allohning ne’mati kelganidan so‘ng, uni o‘zgartirar ekan, bas albatta Alloh jazosi qattiq zotdir.

212. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar uchun bu hayoti dunyo chiroyli qilindi. Ular iymon egalarining ustlaridan kuladilar. Holbuki, qiyomat kunida taqvodor kishilar ulardan balanddir. Alloh o‘zi istagan kishilarga hisobsiz rizq beradi.

213. Odamlar bir millat edilar. So‘ng (oralarida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgach), Alloh (mo‘minlarga) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni jahannam azobidan) qo‘rqituvchi payg‘ambarlarini yubordi, va ularga qo‘shib odamlar orasida chiqqan tortishuvlarga hakam bo‘lsin, deb Haq kitobni (Tavrot, Injilni) nozil qildi. Endi ochiq oyatlar kelganidan keyin, faqat shu kitob berilgan kimsalar hadlaridan oshib, talashib-tortishdilar. So‘ngra Alloh O’z izni bilan mo‘minlarni ular (kitob bergan kimsalar) ixtilof qilgan haq yo‘lga yo‘lladi. Alloh O’zi istagan kishilarni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi.

214. Yoki (ey mo‘minlar), sizlardan ilgari o‘tgan zotlar ibrati sizlarga kelmay turib jannatga kirishni o‘yladingizmi? Ularga balo va musibatlar (ustma-ust) kelib, shunday larzaga tushgan edilarki, hatto payg‘ambar va iymonli kishilar: «Axir qachon Allohning yordami keladi?» deyishgan edi. (Shunda) ularga bunday javob bo‘lgan edi: «Ogoh bo‘lingizkim, Allohning yordami yaqindir».

215. Sizdan (ey Muhammad), nimalarni ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: «Qanday yaxshilik qilsangiz, ota-onaga, qarindosh-urug‘ga, yetim-miskinlarga va yo‘lovchi-musofirlarga qilingiz. Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz Alloh uni bilguvchidir».

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:55:06



216. Sizlarga yoqmasa-da, jang qilishingiz farz qilindi. (Zotan) sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va siz uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, sizlar bilmassiz.

217. Sizdan «shahri harom» — urush harom bo‘lgan oyda jang qilish haqida so‘raydilar. Ayting: «U oyda jang qilish katta gunohdir. Allohning yo‘lidan to‘sish, Unga ishonmaslik va Masjid-al-haromdan (ya’ni Makkadan) to‘sish va undan ahllarini quvib, chiqarish. Alloh nazdida ulug‘roq gunohdir. Fitna (aldash) o‘ldirishdan-da kattaroq gunohdir. Ular (kofirlar) qo‘llaridan kelsa to diningizdan qaytargunlaricha sizlar bilan urishaveradilar. Sizlardan kim o‘z dinidan qaytib, dinsiz holda o‘lsa, unday kimsalarning qilgan amallari dunyoyu oxiratda behuda ketur. Ular do‘zax egalaridir va unda abadiy qolajaklar.

218. Iymon keltirgan, (vatanlaridan) hijrat qilgan, Alloh yo‘lida kurashgan zotlar — ana o‘shalar Allohning rahmatidan umidvordirlar. Alloh mag‘firat va rahm-shafqat qilguvchidir.

219—220. Sizdan araq (ichkilik) va qimor haqida so‘raydilar. Ayting: «Bularda katta gunoh va odamlar uchun foydalar bor. Bularning gunohi foydasidan kattaroqdir».


I z o h. Islom kelgan davrda ichkilik ichish, qimor o‘ynash kabi illatlar jamiyatning hayotiga singib ketgan oddiy ishlar edi. Shuning uchun Qur’on bularni daf’atan harom qilmadi — zotan bunday illatlarni faqat yuqorining buyrug‘i bilan yo‘qotish imkonsizdir — balki avvalo bu ishlardan keladigan foyda-zararlarni ko‘rsatish va odamlarning bularga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirish yo‘lini tutdi. Ya’ni bu harom narsalarni musulmonlarning qo‘llaridan tortib olishdan ilgari ko‘ngillaridan tortib oldi. Shu boisdan keyinroq kelgan «Araq, qimor... shayton amalidan bo‘lgan harom narsalardir» degan oyat nozil bo‘lishi bilan musulmonlar bu illatlardan biryo‘la qutuldilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:56:23



Va Sizdan (ey Muhammad) nimalarni ehson qilishni so‘raydilar. (O’zingizdan) ortganini, deb javob qiling! Shunday qilib, dunyo va oxirat haqida tafakkur qilishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini bayon etadi. Sizdan yetimlarning (mollari) haqida so‘raydilar. Ayting: «Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizni) ularning (mollari) bilan qo‘shib yuborsangiz (zarari yo‘q). Zero, ular birodarlaringizdir: Alloh kim buzg‘unchi, kim o‘nglovchi — isloh qiluvchi ekanini biladi. Agar istasa, sizlarni mashaqqatga solgan bo‘lur edi. Albatta Alloh qudrat va hikmat egasidir.

I z o h . Islom dini yetim-esirlarni otaliqqa olishni buyuradi. Bu oyat ularning ota-onalaridan meros bo‘lib qolgan mollariga qanday munosabatda bo‘lish lozimligi haqidadir. Musulmonlar o‘z otaliqlaridagi yetimlarning mollarini qanday sarf qilayotganlariga ko‘z-quloq bo‘lib turishlarini Qur’on «isloh» deb atab, shunday qilishga buyuradi va ularning mollarini o‘z mollariga qo‘shib ishlatishlariga ham ruxsat beradi. Faqat bu ish bilan yetimlarning manfaatini ko‘zlaganlarni ham, o‘z foydalarini o‘ylaganlarni ham, Alloh albatta bilishi ta’kidlanadi. Shuningdek, Alloh istasa musulmonlarni bunday qulayliklardan mahrum qilgan bo‘lishi mumkin ekanligi uqtiriladi.

221. To iymonga kelmagunlaricha mushrika ayollarga uylanmangiz! Shubhasiz, ozod mushrika ayoldan — garchi u sizga yoqsa-da,— iymonli cho‘ri yaxshiroqdir. To iymonga kelmagunlaricha mushrik erlarni (qizlaringizga) uylamangiz! Shubhasiz, ozod mushrikdan — garchi u sizga yoqsa-da,— iymonli qul yaxshirokdir. Ular (mushriklar) do‘zaxga chaqiradilar. Alloh o‘z izni-irodasi bilan jannatga da’vat qiladi. Va odamlar eslatma olishlari uchun o‘z oyatlarini bayon qiladi.

222. Sizdan hayz haqida so‘raydilar. Ayting: «U ko‘ngilsiz-nopok narsadir. Bas, hayz paytida ayollaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz! Pok bo‘lganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan tarafdan kelingiz! Albatta Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutguvchilarni sevadi».

223. Xotinlaringiz ziroatgohingizdir.


I z o h . Bu so‘zlar bilan Qur’on er-xotinning yaqinlashuvidan birinchi muddao — farzand talab qilish ekaniga ishora qilmoqda.

Bas, ziroatgohingizga xoxlagan holatingizda yaqinlashavering va o‘zingiz uchun yaxshi amallar taqdim qiling! Allohdan qo‘rqingiz va bilingizkim, sizlar Unga ro‘baro‘ bo‘lguvchisiz. (Ey Muhammad) iymonli kishilarga (jannat) xushxabarini yetkazing!

224. Yaxshilik qilish, taqvodor bo‘lish va odamlar orasini isloh qilish (kabi amallardan to‘suvchi bo‘lgan) qasamlaringiz uchun Allohni bahona qilmangiz! Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.


I z o h. Ba’zi kishilarga biror yaxshi amalni qilish haqida gapirilsa: «Bajoni dil qilardim-u, shu ishni qilmaslik to‘g‘risida Alloh nomiga qasam ichgan edim-da», deb bahona ko‘rsatishadi. Yuqoridagi va quyidagi oyatlar shunday kishilarga javobdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:56:46



225. Alloh sizlarni tillaringizdagi behuda qasamlaringiz sababli jazolamaydi. Balki dillaringiz bilan qilgan narsangiz (qasamingiz) bilan jazolaydi. Alloh mag‘firatli, haliym zotdir.

226. Xotinlaridan qasam bilan yuz o‘girgan kishilar uchun to‘rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida xotinlariga) qaytsalar (joizdir). Zero, Alloh shubhasiz mag‘firatli, rahmlidir.

227. Va agar taloq qilishni qasd qilgan bo‘lsalar, bas, albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.


I z o h. Xotinlariga yaqinlashmaslikka qasam ichgan kishilar to‘rt oy ichida ularga yaqinlashishlari mumkin. Bu holda nikoh boqiy hisoblanib, qasamlarini buzganlari uchun muayyan kafforat (evaz, jarima) to‘laydilar. Agar shu muddat ichida xotinlariga yaqinlashmasalar, muddat tugagach nikoh o‘z-o‘zidan buzilib, taloq tushadi.

228. Taloq qilingan ayollar uch hayz muddatida o‘zlarini kuzatadilar. Agar Allohga va Oxirat kuniga ishonsalar, ular uchun Alloh bachadonlarida yaratgan narsani (homilani yoki hayzni) yashirishlari halol bo‘lmaydi. Agar erlari islohni (oilani tiklashni) istasalar, shu muddat ichida ularni qaytarib (nikohlariga) olishga haqlidirlar. Va yaxshi amallarda ular (ayollar) uchun zimmalaridagi erlari oldidagi burchlari barobarida huquqlari ham bor. Va erkaklar uchun (ayollar) ustida bir daraja (imtiyoz) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir.

I z o h . Islom taloq qilingan ayolga nasl-nasablar aralashib ketmasligi uchun uch hayz mobaynida o‘zini kuzatib, boshqa turmush qurmay turishni buyuradi. Shu muddat o‘tgach, xomila yo‘qligi ravshan bo‘ladi va u ayol erga tegishi joizdir. Agar homilador ekanligi ma’lum bo‘lsa, bola tug‘ilib, nifos muddati o‘tgandan keyin boshqa turmush qurishi mumkin. Mana shu kutish vaqtini «idda» deb ataladi. Shu idda asnosida er qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, yarashishni istasa, bunga uning haqqi bor. Endi er-xotinning oilaviy hayotdagi burchi va huquqlari teng bo‘lib, faqat erning imtiyozi uning oila boshlig‘i ekanligidadir.

229. (Er xotinini qayta nikohiga olishi mumkin bo‘lgan) taloq ikki martadir. So‘ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajrashish (lozim). Va sizlar uchun ularga (xotinlaringizga) bergan narsalaringizda (ularning mahrlaridan) biron narsani qaytarib olishingiz durust bo‘lmaydi. Faqat er-xotin Alloh buyurgan (oilaviy turmush borasidagi) qonun-qoidalarni ado qila olmasliklaridan qo‘rqsalargina (durustdir). Bas, agar ularning (er-xotinning) Alloh buyurgan qonun-qoidalarni ado qila olmasliklaridan qo‘rqsangizlar, u holda xotin (eridan ajrashish uchun) evaz qilib bergan narsada (ya’ni xotinning evaz berishida, erning shu evazni olishida) ular uchun gunoh yo‘qdir. Bu Allohning qonun-chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilib o‘tmangiz! Kim Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o‘tsa, ana o‘shalar zolimlardir.

I z o h . Shariat hukmiga ko‘ra oila nikoh qilish bilan tuzilib, agar er-xotindan birontasining vafot qilishidan boshqa qandaydir sabab bilan ajralishga to‘g‘ri kelsa, taloq qilish bilan buziladi. Lekin Islomda taloqni — oilani buzishni Tangri suymasligi ta’kidlanadi. Va bu taloq qilish huquqi erkakka berilgan, chunki tabiatan erkaklar ayollarga nisbatan og‘ir-bosiq, har bir ishning oqibatini o‘ylab qiladigan va oilani og‘ir-engil kunlarda sabr-toqat bilan boshqarib boradigan kishilardir. Bundan tashqari ikki martagacha qayta yarashishga ruxsat berilgan, chunki goho achchiq ustida o‘ylanmasdan qilingan taloqdan keyin er ham, xotin ham nadomat qilib qolishlari mumkinki, mazkur ruxsat shunday pushaymon holatida yordamga keladi. Lekin ajrashish aniq bo‘lgan holda ham Islom «chiroyli suratda ajrashish»ga, ya’ni er-xotin bir-birini behurmat qilmay, xususan ayol kishini boshqalar nazarida qora qilmay (unga keyin boshqa er xaridor bo‘lishi mumkinligini nazardan qochirmaslik lozim) va unga nikoh sababli berilgan mahr — o‘zini eriga bag‘ishlagani uchun berilgan evazdan biron narsa olib qolmay ajrashishga buyuradi. Yuqoridagi oyatda shariatdagi yana bir hukm — agar xotin eri bilan yashay olishiga ko‘zi yetmasdan undan taloq qilishni so‘rasa va bu taloq uchun muayyan miqdorda evaz to‘lashini aytsa, er bu evazni qabul qilishi joiz ekani ham bayon qilinadi.

230. Endi agar uni (uchinchi marta) taloq qilsa, u ayol to boshqa er bilan turmush qurmagunicha avvalgi eriga halol bo‘lmaydi. So‘ng agar (keyingi er ham) taloq qilsa, bu holda Alloh buyurgan qonun-qoidalarni ado qilishlariga ishonsalar, (u xotin avvalgi eri bilan) bir-birlariga qaytishlarining, ya’ni qayta turmush qurishlarining gunohi yo‘qdir. Bular Allohning chegaralaridirki, bularni biladigan qavm uchun bayon qiladi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:57:23



231. Qachon xotinlaringizni taloq qilsangizlar va ularning idda muddatlari bitib qolsa, bas, ularni yaxshilik bilan olib qoling yoki yaxshilik bilan kuzating. Ularga zulm qilish bilan zarar yetkazish uchun ushlab turmangiz. Kim shunday qilsa, o‘ziga zulm qilibdi.

I z o h . Ma’lumki, taloq qilingan ayol iddasi bitishi bilan boshqa erga tegishga haqqi bor. Shuning uchun xotinlarini taloq qilgan erkaklar ularning iddalari bitmay turib yana qaytadan nikohlariga olishlari mumkin. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Ayrim kishilar xotinlari bilan birga yashash uchun qayta nikohlariga olsalar, ba’zi bir kimsalar ularni boshqa turmush qurishidan to‘sish uchun nikohlariga oladilar va shu yo‘l bilan xotinlarini taloq olish uchun evaz to‘lashga majbur qiladilar. Mazkur oyat bunday kimsalarni o‘zlariga zulm qiluvchilar, deb ataydi.

Allohning oyatlarini hazil deb bilmanglar! Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga va’z-nasihat etib nozil qilgan Kitob va (u kitobdagi Hikmatdan iborat narsani) yodingizda tutingiz! Allohdan qo‘rqingiz va bilingizkim, albatta Alloh hamma narsani bilguvchidir.

232. Qachon xotinlaringizni taloq qilsangizlar va ularning idda muddatlari bitib qolsa, bas, (ey ota-onalar) ularni o‘zaro yaxshilik bilan kelishishgan bo‘lsalar, erlariga qayta nikohlanishdan to‘smang! Bu hukmlardan sizlarning oralaringizdagi Allohga va Oxirat kuniga ishonadigan zotlar va’z-nasihat oladilar. Bu hukm (ya’ni er-xotinni yarashib olishlaridan to‘smaslik) sizlar uchun eng toza va poklovchi hukmdir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz.

233. Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni benuqson qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchundir. Ularni (ya’ni onalarni) yaxshilik bilan yedirib-kiydirish otaning zimmasidadir. Hech kimga toqatidan tashqari narsa taklif qilinmaydi. Bolalari sababli ota ham, ona ham zarar tortmasin.


I z o h. Shariat xukmiga ko‘ra ona agar o‘zi istamasa bolasini emizishga majbur qilinmaydi. Balki er biror emizuvchi enagaga haq to‘lab emizdirishi lozim bo‘ladi. Yuqoridagi bolasi sababli ona zarar tortmasin, degan gapning ma’nosi — onani, o‘zi xohlamasa, emizishga majbur qilinmaydi, deganidir. Endi bola sababli ota zarar ko‘rmasin degani — unga xotin tomonidan toqatdan tashqari talablar qo‘yilmasin, deganidir.

Merosxo‘r — voris zimmasida ham xuddi shunday (burch) bor.

I z o h . Bolaning otasi o‘lsa, merosxo‘r bo‘lgan shaxs zimmasida vafot qilgan otaning zimmasida bo‘lgan bolaning onasini yedirish-kiydirish, bolani emizuvchi enagaga haq to‘lash kabi vazifalar qoladi.

Agar (ota-ona) o‘zaro kelishib, maslahat bilan bolani sutdan ajratmoqchi bo‘lsalar, gunohkor bo‘lmaydilar. Agar bolalaringizni (emizuvchi enagaga) emizdirmoqchi bo‘lsangiz, beradigan haqni yaxshilik bilan to‘la-to‘kis to‘lab tursangiz, gunohkor bo‘lmaysiz. Allohdan qo‘rqingiz va bilingizki, albatta Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:57:51



234. Sizlardan (musulmonlardan) vafot qilgan kishilar xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar, ular to‘rt oyu o‘n kun o‘zlariga qarab (idda saqlab) turadilar. Endi qachon (idda) muddatlari bitsa ular o‘z xususlarida yaxshilik bilan qilgan (boshqa turmush qurish xususidagi) ishlarida sizlar (ya’ni o‘lgan erining urug‘lari) uchun gunoh yo‘qdir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

235. U ayollarga (ya’ni, erlari o‘lib, idda saqlab turgan ayollarga) sovchilikni ishora qilishingizda yoki ichlaringizda (sovchilik haqida) o‘ylashingizda sizlar uchun gunoh yo‘q. Alloh sizlar u ayollarga (sovchilik haqida) zikr qilishingizni bildi. Lekin ular bilan xufyona va’dalashmangiz! Faqat yaxshi gaplar gapirishingiz (joizdir). To idda muddati bitmaguncha nikoh bog‘lashga qasd qilmang! Va bilingizki, albatta Alloh ichlaringizdagi narsani biladi. Bas, Uning (azobidan) ehtiyot bo‘ling! Va bilingizki, albatta Alloh mag‘firatli, haliymdir.

236. Agar xotinlaringizni ularga qo‘l tekizmay turib yoki ular uchun mahr belgilamay turib taloq qilsangiz (ham) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Va (bu xolda) ularni boy boricha, yo‘q holicha yaxshilik qilish bilan foydalantiring! (Bu hukm) yaxshilik qilguvchilar zimmasiga burch bo‘ldi.

237. Agar ularni mahrni belgilab qo‘ygan holingizda qo‘l tegizishdan ilgari taloq qilsangizlar, belgilangan mahrning yarmi (zimmangizdadir). Magar ular (yarim mahrni olishdan) kechib yuborsa yoki nikoh qo‘lida bo‘lgan zot (ya’ni er o‘ziga qaytgan yarim mahrdan) kechsa, (ya’ni butun mahrni to‘lasa joizdir). Kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroq ishdir. O’zaro bir-birlaringizga fazlu karam qilishni unutmangiz! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 07:58:17



238. Barcha namozlarni va xususan o‘rta namozni (asr namozini) saqlanglar — o‘z vaqtlarida ado qilinglar! Va Alloh uchun bo‘yinsungan holda turinglar!

239. Endi agar (dushman hujumidan) xavfda qolsangiz, piyoda yoki otliq holingizda (ibodat qilaveringiz!) Qachon xotirjam bo‘lganingizda, bilmagan vaqtingizda Alloh qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shunday holda (ya’ni namozning barcha arkonlarini o‘rniga qo‘yib) Allohni zikr qilingiz!

240. Sizlardan vafot qilgan kishilar xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar (o‘limlaridan oldin), xotinlariga bir yilgacha (erning uyidan) chiqarilmay foydalanadigan miqdordagi narsani vasiyat qilsinlar. Agar ular (xotinlar) o‘zlari chiqib ketsalar, sizlar (erning urug‘lari) uchun u xotinlar o‘z xususlarida qilgan amallari sababli gunoh yo‘qdir. Alloh qudratli, hikmatli zotdir.

241. Taloq qilingan ayollarni yaxshilik bilan foydalantirish taqvodor erlarning zimmasidagi burchdir.

242. Shunday qilib, aql yurgizishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini bayon qiladi.

243. O’limdan (ya’ni vaboga yo‘liqishdan) qochib, o‘z diyorlaridan chiqqan minglarcha kishining holi-xabarini bilmadingizmi? Bas, Alloh ularga «O’linglar!» — dedi. (Va ular o‘ldilar. Ya’ni o‘limning sababi kasallik emas, balki Allohning amridir). So‘ngra ularga hayot ato qildi. Albatta Alloh odamlarga fazlu karam qilguvchidir. Lekin juda ko‘p odamlar shukr qilmaydilar.

244. Alloh yo‘lida jang qilingiz va bilingizki, albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

245. Allohga qarzi hasana (ixtiyoriy qarz) beradigan kim borki, (Alloh) unga bir necha barobar qilib qaytarsa. Holbuki, (rizqingizni) tor va keng qiladigan Allohdir. Va unga qaytarilajaksiz.

Qayd etilgan