Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466305 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:06:20



OLI IMRON SURASI

Madinada nozil bo‘lgan bu sura ikki yuz oyatdan iborat bo‘lib, Qur’ondagi uzun suralardandir. Unda Madina shahridagi musulmon jamoatning hijratning ikkinchi yilida bo‘lib o‘tgan Badr jangi bilan uchinchi yilidagi Uxud jangi mobaynidagi va undan keyingi davrdagi hayotidan jonli lavhalar tasvirlanadi hamda bu voqealarga munosabat bildirilib, hukmlar bayon qilinadi. 

«Oli Imron»da dinning asoslaridan bo‘lgan ikki narsa batafsil yoritiladi: birinchisi — aqida va Allohning birligiga aloqador dalilu hujjatlar; ikkinchisi — shariat qonunlari va xususan, Alloh yo‘lidagi kurash — jihodga taalluqli amru farmonlar.

Agar «Baqara» surasida ahli kitoblarning yahudiy qavmi va ularning kirdikorlari haqida so‘z ketgan bo‘lsa, "œOli Imron"da ahli kitoblardan bo‘lgan nasroniylar to‘g‘risida so‘z boradi va ularning Iyso alayhis-salomni xudo deb e’tiqod qilishlari xato ekanligi ochiq-ravshan dalillar orqali batafsil yoritiladi. Shuningdek, ularning ichida Qur’on va Muhammad alayhis-salomning payg‘ambarliklarini inkor qiluvchilar ham borligi ayti-lib, bunday munkirlarga aniq xujjatlar bilan javob qilipadi.

Bulardan tashqari, ushbu surada shariatning yana boshqa ko‘pdan-ko‘p ahkomlariga asos bo‘lgan oyatlar x,am bor. Bu surada Maryamning otasi bo‘lmish Imron va uning ahli oilasi haqidagi qissa zikr qilingani uchun «Oli imron» — «Imronning xonadoni» deb nomlangan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman):

1. Alif, Lom, Mim.

2. Alloh (yagona) hech bir tangri yo‘q. Faqat Uning o‘zi bor. U tirik va abadiy turguvchidir.

3-4. Sizga (ey Muhammad), o‘zidan avval tushgan kitoblarni tasdiqlovchi bo‘lgan bu Kitobni (Qur’onni) haq bilan nozil qiddi. Ilgari odamlarni haq yo‘lga hidoyat qilish uchun Tavrot va Injilni tushirgan edi. (Endi esa) haq bilan nohaqni ajratguvchi (Qur’onni) nozil qildi. Allohning oyatlarini inkor qiluvchi kimsalar uchun shubhasiz qattiq azob bordir. Alloh qudrat egasi va intiqom sohibidir.

5. Albatta Allohga na yerdagi va na ko‘kdagi biron narsa maxfiy emasdir.

6. U sizlarga (onalaringizning) qorinlarida bo‘lgan paytingizda O’zi xohlagan suratni berganzotdir.Hechbirtangriyo‘q,faqatUningo‘zibor.U qudratli, hikmatlidir.

7. U Sizga Kitob nozil qilgan zotdirki, u(Kitobdan) shu Kitobning asli mohiyati bo‘lgan muhkam-aniq-ravshan oyatlar ham va boshqa (qiyomat, jannat, do‘zax va hokazolar haqidagi) mutashobih — tushunish qiyin bo‘lgan oyatlar ham (o‘rin olgandir). Endi dillarida haq yo‘ldan og‘ish bo‘lgan kimsalar odamlarni aldab fitnaga solish va o‘z havoyi nafslariga muvofiq ta’vil-tafsir qilish uchun Uning mutashobih oyatlariga ergashadilar.— Holbuki, unday oyatlarning ta’vilini yolg‘iz Allohgina bilur.— Ilmda sobitqadam bo‘lgan bunday kishilar esa: «U Kitobga iymon keltirganmiz. Hamma oyatlari Parvardigorimiz huzuridandir»,— deydilar. Va faqat ahli donishlargina pand-nasihat olurlar.

8. «Parvardigoro, bizni hidoyat qilganingdan keyin endi dillarimizni haq yo‘ldan og‘dirma va bizga O’z huzuringdan rahmat ato et! Albatta Sengina barcha yaxshiliklarni ato etguvchisan!»

9. «Parvardigoro, albatta Sen odamlarni hech shak-shubhasiz keladigan bir KUNga to‘plaguvchisan. Albatta Alloh va’dasiga xilof qilmagay!»

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:06:38



10. Kufr yo‘lini tutgan kimsalarning na mollari va na bolalari ularni Alloh azobidan qutqara olmaydi. Ular do‘zaxning o‘tinlaridir.

11. Ularning holi xuddi Fir’avn odamlarining va ulardan avval o‘tgan kofirlarning holi kabidirki, bizning oyatlarimizni yolg‘on deyishgach, Alloh ularni gunoxlari (kufrlari) bilan ushlab azoblagan. Alloh azobi qattiq zotdir.

12. (Ey Muhammad), kufr yo‘lini tutgan kimsalarga ayting: «Shak-shubhasiz (bu dunyoda) mag‘lub bo‘lasizlar va (oxiratda) jahannamda to‘planajaksiz. Naqadar yomon joy u!»

13. (Ey yahudiylar), sizlar uchun biri Alloh yo‘lida jang qilgan, ikkinchisi kofir bo‘lgan ikki guruh orasidagi to‘qnashuvda ibratli hodisa bo‘lgan edi. Ular (musulmonlar) o‘z ko‘zlari bilan (kofirlarning) ikki barobar ko‘p ekanini ko‘rib turar edilar. Alloh esa O’zi istagan kishilarni g‘olib qilish bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta bu voqeada fikr egalari uchun ibrat bordir.


I z o h. Musulmonlar Badr jangida o‘zlaridan bir necha marta ko‘p bo‘lgan Quraysh kofirlarining ustidan g‘alaba qozonishgach, Madinaga qaytganlaridan keyin payg‘ambar alayhis-salom yaxudiylarni to‘plab: «Ey yaxudiylar, sizlar mening haq payg‘ambar ekanimni Tavrotdan o‘qib bilgansizlar. Bas, shunday bo‘lgach, boshingizga qurayshliklarning kuni tushmasdan avval menga qarshi turishni bas qilinglar!» — dedilar. Shunda ular: «Sen urush ilmidan bexabar bo‘lgan bir guruh johil kurayshlikni yengganing bilan g‘ururlanma! Bizning zo‘rligimizni biz bilan urushganda bilasan», deb javob qilishganda, yuqoridagi oyatlar nozil bo‘ldi.

14. Odamlarga ayollar, bolalar, tuganmas oltin-kumush boyliklar, (qimmat) baholi otlar, chorva va ekin-tikinlar kabi istak-xohishlarga ko‘ngil qo‘yish chiroyli qilindi. Holbuki, bu narsalar hayoti dunyoning (o‘tkinchi) narsalaridir. Allohning huzurida esa eng go‘zal qaytadigan joy — jannat bordir. (Ya’ni o‘tkinchi narsalarga ko‘ngil bermay, haqiqiy go‘zallikni sevmoq lozim).

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:07:57



15-16-17. Ayting (ey Muhammad): «Sizlarga bulardan yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ular abadiy qoladigan, taglaridan daryolar oqib turguvchi bog‘lar, pokiza juftlar va Allohning rizoligi bor. Alloh «Parvardigoro, bizlar senga iymon keltirganmiz, bas, gunohlarimizni mag‘firat ayla va bizni jahannam azobidan asra!» — deydigan sabr-qanoatli, iymonlariga sodiq, ibodat-itoatli, infoq-ehsonli bo‘lgan va saharlarda Allohdan mag‘firat tilaydigan bandalarini ko‘rib turguvchidir.

18. Alloh, farishtalar va ilm ahllari — adolat bilan hukm qilguvchi yolg‘iz Allohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q, faqat Uning o‘zi borligiga guvohlik berdilar. Hech qanday tangri yo‘q, faqat Uning o‘zi bor. U qudratli, hikmat egasidir.

19. Albatta Alloh nazdida maqbul bo‘ladigan din faqat Islom dinidir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) ularga (islom va Muhammadning haq payg‘ambarligi haqida) hujjat kelganidan keyin faqat o‘zaro hasad-adovat qilganlari sababligina talashib-tortishdilar. Kim Allohning oyatlarini inkor qilsa, bas, albatta Alloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir.

20. Agar Siz bilan (din haqida) tortishsalar: «Men va menga tobe’ bo‘lgan kishilar o‘zimizni Allohga topshirdik. Unga bo‘yinsundik», deb ayting! So‘ng ahli kitoblar va (kitob berilmagan) omiy-butparastlardan: «Islomga kirdingizmi?» — deb so‘rang! Agar islomga kirsalar, muhaqqaq to‘g‘ri yo‘lni topibdilar. Endi agar yuz o‘girsalar, u holda Sizning zimmangizdagi narsa faqatgina yetkazishdir. Alloh bandalarini ko‘rib turguvchidir.

21. Allohning oyatlarini inkor qiladigan, payg‘ambarlarni nohaq o‘ldiradigan va odamlar orasidagi adolatga chaqiruvchi zotlarni o‘ldiradigan kimsalarga albatta alamli azob «xushxabar»ini yetkazing!

22. Ularning qilgan amallari dunyoyu oxiratda behuda ketmish va ular uchun biror yordamchi yo‘qdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:09:42



23. (Ey Muhammad), Kitobdan (Tavrotdan) nasibador bo‘lgan kimsalar oralarida hakamlik qilsin uchun Allohning Kitobiga chaqirilganlarni, so‘ngra ulardan bir guruhi yuz o‘girgan hollarida burilib ketganlarini ko‘rmadingizmi?

I z o h. Rivoyat qilishlaricha, yahudiylar o‘zlaridan bo‘lgan ikki zinokorni payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga keltirib, hukm qilishlarini so‘rashganda u zot toshbo‘ron qilishga buyurganlar. Ular esa: «Bizning dinimizda zinokorni yuziga qora chaplab, ko‘cha aylantiriladi», deb turib oladilar. Shunda Tavrot kitobini keltirib ko‘rishsa, unda ham toshbo‘ron qilish buyurilgan bo‘lib chiqadi va jinoyatchilar qilmishlariga yarasha jazo oladilar. Bu hukmdan norozi bo‘lgan yaxudiylar yuz o‘girib chiqib ketganlarida yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.

24. Bunga (ya’ni adolatli hukmdan yuz o‘girishlariga) sabab ularning: «Bizga faqat sanoqli kunlardagana do‘zax o‘ti tegadi», deyishlaridir. Uzlari to‘qigan bu yolg‘onlari ularni dinlaridan adashtirib qo‘ydi.

I z o h. Yahudiylar: «Biz faqat ajdodlarimiz buzoqqa sig‘ingan qirq kun muddatdagina do‘zaxda bo‘lamiz, keyin esa albatta jannatga kiramiz», deb da’vo qiladilar.

25. Endi ularni hech shak-shubhasiz keladigan KUNga to‘plaganimizda va har bir jon mazlum bo‘lmagan holda qilgan amallari uchun to‘la jazo-mukofot berilganda qanday bo‘larkin?!

26. Ayting: «Ey mulku davlat egasi bo‘lgan Allohim, sen istagan kishingga mulk ato qilursan va istagan kishingdan bu mulkni tortib olursan, istagan kishingni aziz qilursan va istagan kishingni xor qilursan. Bor yaxshilik yolg‘iz Sening qo‘lingdadir. Albatta Sen barcha narsaga qodirsan.

27. Kechani kunduzga kiritursan va kunduzni kechaga kiritursan, o‘likdan tirikni chiqarursan va tirikdan o‘likni chiqarursan hamda istagan kishingga behisob rizq berursan».


I z o h . Bu oyatda kecha-kunduzning uzayib-qisqarib turishi va o‘lik danak, tuxum, nutfa (maniy, shahvat suvi) kabi narsalardan daraxt, parranda, inson kabi jonli mavjudotning paydo bo‘lishi yoki aksincha tirik jonzotdan tuxum, nutfa kabi jonsiz narsalar chiqishi — bularning barchasi yolg‘iz Allohning amri bilan bo‘lishi ifodalangan.

28. (Modomiki, barcha ish — butun mulk Allohning qo‘lida ekan, demak) Mo‘minlar mo‘minlarni qo‘yib, kofirlarni do‘st tutmasinlar! Kim shunday qilsa, bas, Allohga hech narsada emas (ya’ni Allohga begonadir). Magar ulardan ehtiyot bo‘lib tursalaringiz (yuzaki muomala qilsangiz joizdir), Alloh sizlarni O’zining (azobidan) ogoh qilur. Va faqat Allohga qaytajaksiz.

29. Ayting (ey Muhammad): «Dillaringizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor qiling, Alloh bilur. Va (shuningdek, U zot) osmonlar va yerdagi bor narsani bilur. Alloh hamma narsaga qodirdir».

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:11:44



30. Har bir jon o‘z qilgan yaxshi amallarini hoziru nozir holda ko‘radigan, yomon amallarining esa olis-olislarda kolib ketishini istaydigan KUNni (eslanglar)! Alloh sizlarni O’zining (azobidan) ogoh qilur. Alloh bandalariga mehribondir.

31. Ayting (ey Muhammad): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunoxlaringizni mag‘firat qiladi. Alloh (gunohlarni) mag‘firat qilguvchi, mehribondir».

32. Ayting: «Alloh va payg‘ambarga itoat qilingiz!» Agar yuz o‘girsalar, bas, albatta Alloh (bunday) dinsizlarni sevmas.

33-34. Albatta Alloh Odam va Nuhni hamda Ibrohim va Imron sulolalarini butun olam ustida (payg‘ambarlik uchun) tanlab oldi. Ularning birovlari birovlariga zurriyot (edilar). Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

35. (Ey Muhammad) Imronning xotini: «Parvardigorim, men qornimdagi narsani (homilani dunyo ishlaridan) ozod etib, Senga nazr qildim. Bas, (bu nazrimni O’z dargohingda) qabul ayla! Albatta Sen eshitguvchi, bilguvchisan», deganini eslang!


36. Ko‘zi yorigach esa bunday dedi: «Parvardigor, men qiz tug‘dim». Holbuki, Alloh uning nima tuqqanini bilguvchiroqdir va har qanday o‘g‘il bu qiz kabi (bu qizning o‘rnini bosguvchi) emasdir.—«Va men unga Maryam deb ism qo‘ydim. Men bu qizga va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni Sendan iltijo qilaman».

37. Bas, Parvardigori uni (Maryamni) xush qabul aylab, chiroyli parvarish etdi va unga Zakariyoni kafil qildi. Har qachon Zakariyo (Maryamning) oldiga hujraga kirganida uning huzurida bir rizq-nasiba ko‘rdi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» — deb so‘raganida (Maryam) javob qildi: «Bular Alloh huzuridandir. Albatta Alloh O’zi istagan kishilarga behisob rizq berur».


I z o h . Maryamning onasi ibodatxonaga olib borib bergach, uni tarbiyalash Zakariyo payg‘ambarning chekiga tushadi. U qachon Maryamning xonasiga kirsa, u yerda qishda yoz meva-chevalari, yozda qishda bo‘ladigan noz-ne’matlarni ko‘radi. Shunda ularning o‘rtasida yuqoridagi oyatda zikr qilingan savol-javoblar bo‘lib o‘tadi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:12:08



38. O’shanda Zakariyo Parvardigoriga duo qilib dedi: «Parvardigorim, menga ham o‘z huzuringdan bir pokiza farzand ato et! Albatta Sen duo-iltijolarimni eshitguvchisan».

39. So‘ng mehrobda namoz o‘qib turgan vaqtida unga farishtalar nido qildilar: «(Ey Zakariyo), Alloh senga Allohning so‘zini tasdiq etadigan, (o‘z qavmiga) xoja bo‘ladigan, (shahvatlardan o‘zini) tiyadigan va solih payg‘ambarlardan bo‘ladigan Yahyo ismli farzand xushxabarini berur».

40. «Parvardigorim, menga keksalik yetgan, xotinim tug‘mas bo‘lsa, mendan qanday farzand bo‘lsin?» — dedi (Zakariyo). (Alloh) aytdi: «Shunday, Alloh istagan ishini qilur».

41. Parvardigor, men uchun (kampirim homilali bo‘lganiga) biron belgi — alomat qilsang», dedi u. Alloh aytdi: «Senga belgi shuki, uch kun odamlarga faqat imo-ishora bilangina gapira olasan. Parvardigoringni mudom yod qil va tunu kun U zotni poklab ibodat qil!»


I z o h. Darhaqiqat, uch kungacha Zakariyoning tili Allohning zikridan o‘zga so‘zga aylanmay qoldi. Odamlarga esa faqat imo-ishora bilan muomala qildi. Mazkur oyatlarda keksayib, farzand ko‘rishdan umidlari, uzilgan kishilarga Tangri o‘z izni-irodasi bilan farzand ato etgani bayon qilingan bo‘lsa, quyidagi oyatlarda yanada ajibroq qissa — Iysoning otasiz dunyoga kelishi haqida hikoya qilinadi. Bu qissadan hissa shuki, Iyso hech qanday xudo emas, balki Allohning amri bilan bibi Maryamdan tug‘ilgan odam farzandidir.

42—43. Farishtalar Maryamga: «Yo Maryam, albatta Alloh seni (ayollar orasidan) tanlab oldi va (barcha gunoxlardan) pokladi hamda seni butun olamlarning ayollaridan afzal qildi. Yo Maryam, Parvardigoringta itoat qil va ruku’ (Allohga ibodat) qilguvchilar bilan birga sajda va ruku’ (ya’ni ibodat qil!») — deganlarini eslang!

44. (Ey Muhammad), g‘ayb (noma’lum) xabarlaridan bo‘lgan bu xabarni Sizga Biz vahiy qilmoqdamiz. Holbuki, Siz ulardan qaysilari Maryamga kafil bo‘lishini bilishlik uchun qalamlarini (qur’a qilib) tashlaganlarida ularning oldida emasdingiz va talashib-tortishganlarida ham ularning oldida emasdingiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:12:27



45-46-47. Eslang (ey Muhammad), farishtalar: «Yo Maryam, albatta Alloh senga O’zining So‘zini xushxabar qilib beradiki, uning ismi al-Masih Iyso binni Maryam bo‘lib, dunyoyu oxiratda obro‘li va (Allohning) yaqinlaridan bo‘lur hamda odamlarga go‘daklik paytida ham voyaga yetgan chog‘idagidek gapirur. Va solih bandalardan bo‘lur», deganlarida, Maryam: «Parvardigorim, menga odamzod tegmagan bo‘lsa, qayoqdan menda farzand bo‘lsin?» - dedi. Alloh aytdi: «Shunday, Alloh O’zi xoxlagan narsasini (O’zi xoxlagan suratda) yaratadi. Qachon biron ishni iroda qilsa, unga: «Bo‘l!» — deydi. Bas, u ish bo‘ladi».

I z o h . Allohning so‘zi — Iyso binni Maryamdir. Chunki u zot Qur’onning xabariga ko‘ra Tangrining: «Bo‘l!» — degan so‘zi — farmoni bilan Maryamdan otasiz tavallud topganlar.

48-49. Va unga (Iysoga) yozish va hikmat ilmini, Tavrot va Injilni ta’lim beradi hamda uni bani Isroil qavmiga payg‘ambar qiladi. (Iyso bani Isroilga deydi): «Men (o‘zimning haq payg‘ambar ekanligim haqida) sizlarga Parvardigoringizdan oyat-dalil keltirdim: Men sizlarga loydan qush timsolini yasab unga puflasam, u Allohning izni-irodasi bilan haqiqiy qush bo‘ladi. Va yana ko‘r, pes kasallarini tuzata olaman va Allohning izni bilan o‘liklarni tiriltiraman hamda sizlarga yeydigan va uylaringizda saqlaydigan narsalaringizni aytib berishga qodirman. Agar mo‘min bo‘lsangizlar, albatta bu ishlarda sizlar uchun aniq oyat-dalillar bordir».

I z o h . Payg‘ambarlar tarixidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, har bir payg‘ambar o‘zining zamonida rivojlanib, taraqqiy qilgan sohada zamondoshlaridan ustun va peshqadam bo‘ladi. Masalan, Muhammad alayhis-salom zamonlarida arab olamida adabiyot nihoyat darajada rivojlangan bo‘lib, adiblar orasida tez-tez musobaqalar o‘tkazilib turar va g‘oliblarning asarlarini Ka’ba devorlariga osib qo‘yishar edi. Kunlardan bir kuni sahobalardan biri Qur’ondagi eng kichik sura bo‘lgan «Kavsar» surasi yozilgan varaqni g‘olib asarlar yoniga ilib qo‘yadi, Shunda mo‘‘jiza yuz beradi: bu surani o‘qigan shoirlar bir ovozdan: «Bu basharning so‘zi emas!» — deb guvohlik beradilar. Iso alayhis-salomning davrida esa tabobat ilmi shunday taraqqiy qilgan ediki, dunyoda bironta davosiz dard yo‘q, deb hisoblanar edi. Shunda Iso alayhis-salom keldilaru hech bir tabibning qo‘lidan kelmaydigan ishni qildilar — o‘likni tiriltirdilar! Shuning uchun ham Qur’onda u zotning nomlariga "œal-Masih" — silovchi laqabi qo‘shildi. Ya’ni, u kishining qo‘llari tekkan — silagan o‘likka jon kirar edi. Bunday mo‘‘jizalar, tabiiyki, odamlar o‘z payg‘ambarlariga iymon keltirishlariga sabab bo‘lar edi.

50. «(Men) sizlarga o‘zimdan oldingi Tavrotning (haq ekanligini) tasdiqlovchi bo‘lgan holda, sizlar uchun harom qilingan ayrim narsalarni halol qilish uchun (keldim). Va sizlarga Parchardigoringizdan oyat-dalil keltirdim. Bas, Allohdan qo‘rqingiz va menga itoat qilingiz!   

51. Albatta Alloh Parvardigorim va Parvardigoringizdir. Bas, Unga bandalik qilingiz! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir!»

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:12:46



52-53. Qachonki Iso ular tomondan kufrni ko‘rgach: «Allohning diniga da’vat qilishimda kim myonga yordamchi bo‘lur?» — dedi. Havoriylar aytdilar: «Biz Allohning (diniga) yordam berguvchilarmiz. Allohga iymon keltirdik. (Ey Iyso), guvoh bo‘lginki, biz Allohga bo‘yinsunguvchilarmiz. Parvardigoro, nozil qilgan narsangga ishondik, payg‘ambaringga ergashdik. Bas, bizni (O’zingning birligingga, payg‘ambaringning haqligiga) guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin!»

54. (Yahuydilar) makr qildilar. Alloh ham «makr» qildi. Alloh «makkorroqdir».


I z o h. Ular Iso alayhis-salomni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Alloh esa unga biror zarar yetkazmay O’z huzuriga — samoga ko‘tardi. Allohning «makri» — tadbiri ustunroq bo‘lib chiqdi.

55. (Ey Muhammad), Alloh aytgan bu so‘zlarni eslang: «Yo Iso, albatta Men seni vafot qildirguvchi va O’z huzurimga ko‘targuvchiman. Va kofirlar yomonligidan xalos qilguvchiman hamda to qiyomat kunigacha senga ergashgan zotlarni kofirlardan yuqori qo‘yurman. So‘ngra Menga qaytajaksiz. Bas, o‘zim sizlar talashib-tortishgan narsalar haqida oralaringizda hakamlik qilurman.

56. Bas, kofir bo‘lgan kimsalarga dunyo va oxiratda qattiq azob-la azob berurman. Va ular uchun hech qanday yordamchi bo‘lmas.

57. (Alloh) iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga esa ajrlarini komil suratda berur. Alloh zulm qilguvchilarni sevmaydi. (Binobarin O’zi ham hech kimga zulm qilmay, har kimga qilgan ishiga loyiq jazo beradi)».

58. (Ey Muhammad), Sizga tilovat qilayotganimiz bu qissa Allohning oyatlari va hikmatli eslatmalaridandir.

59. Albatta Isoning (otasiz tug‘ilishining) misoli Alloh nazdida xuddi Odamning misoli kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra «Bo‘l», dedi. Bas, u (jonli odam) bo‘ldi.


I z o h. Rivoyat qilishlaricha, bir guruh nasroniylar payg‘ambar alayhis-salom huzurlariga kelib: «Nega sen bizning payg‘ambarimiz Isoni: «Odam, Allohning bandasi», deb haqorat qilasan! Agar u xudo bo‘lmaganida otasiz tug‘ilarmidi?» — deyishdi. Shunda Odamning na ota, na onasiz dunyoga kelishi uni bandalik qilishdan to‘smagani yanglig‘, Iysoning otasiz tug‘ilishi ham uning banda bo‘lishiga mone’ bo‘lmaydi, degan mazmunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.

60. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo‘lgan haq so‘zdir. Bas, shubha qilguvchilardan bo‘lmang!

61. Endi Sizga kelgan mana shu haq ma’lumotdan keyin (nasroniylardan) kimda-kim Siz bilan talashib-tortishmoqchi bo‘lsa, (unday kimsalarga) ayting: «Kelinglar, o‘g‘illarimizni va o‘g‘illaringizni, ayollarimiz va ayollaringizni, o‘zlarimizni va o‘zlaringizni chorlab-yig‘aylik, so‘ngra Allohga tazarru’ bilan iltijo qilaylik-da, yolg‘onchilarni Alloh la’nat qilishini so‘raylik».


I z o h . Mazkur oyatda Muhammad payg‘ambarga Isoni xudo deb biluvchi kimsalar agar Qur’on oyatlariga ishonmasalar, yolg‘onchilarga Allohning la’natini so‘rab, qasam ichishlikka taklif qilish buyurildi. Roviylarning aytishlaricha, bironta nasroniy kelib, qasam ichishga jur’at etmagan ekan.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:13:08



62. Albatta bu haq-rost qissadir. (Ya’ni Iso hech qanday xudo emas, balki Allohning boshqa hamma payg‘ambari kabi oddiy odam zotidandir). Va hech qanday tangri yo‘q, faqat Allohning o‘zi bor. Va albatta Allohning o‘zigina qudrat va hikmat egasidir.

63. Endi ham (haqiqatdan) yuz o‘girsalar bas, albatta Alloh buzg‘unchilarni bilguvchidir.

64. Ayting (ey Muhammad): «Ey ahli kitob (ya’ni yahudiy va nasroniylar), bizga ham, sizga ham bab-barobar bo‘lgan bir so‘zga kelingiz — yolg‘iz Allohgagina ibodat qilaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va bir-birovlarimizni Allohdan o‘zga xudo qilib olmaylik».


I z o h . Islom e’tiqodiga ko‘ra butun olamni yaratgan Tangri taolo barcha insonlar baxtli yashasinlar deb O’z tomonidan hayot uchun dasturilamal bo‘lgan qonun-qoidalar, ya’ni dinni yuborgan. Kimda-kim bu qonun-qoidalarni tan olmasdan o‘z-o‘zicha yangi qonun chiqarmoqchi bo‘lsa, u xudolikni da’vo qilgan hisoblanadi va uning izidan ergashganlar esa uni xudo deb bilgan bo‘ladilar.

Agar ular (yani ahli kitoblar) ushbu da’vatdan yuz o‘girsalar, unda sizlar (ey mo‘minlar): «Guvoh bo‘linglar, biz musulmonlar — yagona Allohga itoat qilguvchilarmiz», deb aytingiz!

65. Ey ahli kitob, nima uchun Ibrohim xususida (u bizning dinimizda bo‘lgan, deb) talashasizlar! Axir Tavrot ham, Injil ham undan keyin nozil bo‘lgani aniq-ku?! Aql yurgizmaysizlarmi?!

66. Hoy (yahudiy va nasroniylar) sizlar biladigan narsalaringiz (Muso va Iyso payg‘ambarlar) haqida-ku talashdingiz. Endi nima uchun bilmaydigan narsangiz (Ibrohimning qaysi dinda bo‘lganligi) xususida talashmoqdasiz? Alloh bilur, sizlar bilmassiz.

67. Ibrohim yahudiy ham, nasroniy ham emas, balki haq yo‘ldan toymagan holida (Allohga) itoat qilguvchi kishi bo‘lgan. U mushriklardan ham bo‘lmagan.

68. Odamlarning Ibrohimga yaqinrog‘i uning yo‘liga ergashgan zotlar, mana bu payg‘ambar (Muhammad alayhis-salom) va iymon keltirgan kishilardir. Alloh mo‘minlarning do‘stidir.

69. Ahli kitobdan bir toifasi sizlarni (haq diningizdan) adashtirmoqni xohlaydi. Lekin ular o‘zlari sezmagan hollarida faqat o‘zlarinigina adashtiradilar, xolos.

70. Ey ahli kitob, nima uchun o‘zlaringiz guvoh bo‘lib turib, Allohning (Tavrotdagi Muhammadning haq payg‘ambar ekanligi haqidagi) oyatlarini inkor qilasiz?!

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:13:49



71. Ey ahli kitob,. nima uchun o‘zingiz bilgan holingizda haqni botilga aralashtirasiz va haqni berkitasiz?!

72-73-74. Ahli kitobdan bir toifasi bir-birlariga shunday deyishdi: «Mo‘minlarga nozil qilingan narsaga (Qur’onga) kunning boshida iymon keltirib, kunning oxirida uni inkor qilinglar. Shoyad (ular ham iymonlaridan) qaytsalar. Toki birorta odamga sizlarga berilgan bilim berilmasligi yoki Parvardigoringiz huzurida sizlar bilan hujjatlashmasligi uchun faqat o‘z diningizga bo‘yinsungan kishilarning gaplarinigina tasdiq etib ishoninglar!» Ayting (ey Muhammad): «Albatta haq yo‘l Allohning yulidir». Ayting: «Albatta fazlu karam Allohning qo‘lida, uni O’zi istagan kishilarga berur. Alloh fazli keng, bilguvchi Zotdirki, rahmatini (ya’ni payg‘ambarlikni) O’zi istagan kishiga xos qilib beradi. Alloh ulug‘ fazlu marhamat sohibidir».

75. Ahli kitob orasida shunday kishilar borki, unga behisob molni omonat qo‘ysangiz, xiyonat qilmay sizga qaytaradi. Ularning orasidy yana shundaylari ham borki, unga bir dinorni ishonib bersangiz, to ustida turib olmaguningizcha sizga qaytib bermaydi. Buning boisi — ularning «omiy-kitobsiz kimsalar uchun bizning ustimizga hech qanday yo‘l yo‘q», deyishlaridir. (Ya’ni, ayrim yahudiylar o‘zlaridan boshqalarni past tabaqa hisoblab: «Biz Allohning suygan bandalarimiz, demak, boshqa millatlarning mollari biz uchun halol», der edilar.) Ular bilib turib Alloh haqida yolg‘on so‘zlarni so‘zlaydilar.

76. Yo‘q! (Ularning da’volari botildir.) Balki kim ahdiga vafo qilsa va taqvodor bo‘lsa (ana o‘sha kishi Allohning suygan bandasidir). Zero, Alloh taqvo qilguvchi kishilarni sevadi.

77. Allohga bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar uchun oxiratda hech qanday nasiba yo‘qdir. Qiyomat kunida Alloh ularga so‘z qotmaydi, rahmat nazari bilan boqmaydi va gunohlaridan poklamaydi. Ular uchun alamli azob bordir.

Qayd etilgan