Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466282 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:23:21



154. So‘ngra bu g‘amning ketidan sizlarga bir orom uyqusini tushirdiki, u sizlardan bo‘lgan bir toifa kishilarni (ya’ni haqiqiy mo‘minlarni) qamrab oldi. Boshqa bir toifa (ya’ni munofiqlar) esa Alloh haqida noto‘g‘ri, dinsizlarcha badgumon qilib, o‘z jonlarining g‘amiga tushib qoldilar. Ular: «Endi biz uchun hech qanday g‘alaba bo‘lmaydi», deyishadi. Ayting (ey Muhammad): «Butun ish Allohning (qo‘lida)!» Ular sizga oshkor qilmaydigan narsani (munofiqliklarini) yashiradilar. Aytadilarki, «Agar ixtiyorimiz o‘zimizda bo‘lganida edi, bu yerlarda o‘lib ketmagan bo‘lar edik». Ayting (ey Muhammad): «Agar uylaringizning ichiga berkinib olganingizda ham o‘ldirilishi Alloh tomonidan hukm qilingan kishilar shubhasiz halokat joyiga kelgan bo‘lar edilar». (Alloh bu mag‘lubiyatni) ko‘ngillaringizdagi narsani (iymon yoki nifoqni) imtihon qilish va dillaringizdagi narsa (iymon)ni poklash uchun qildi. Alloh dillarni egallagan sirlarni bilguvchidir.

155. Ikki jamoat to‘qnashgan kuni sizlarning ichingizdan bo‘lgan (urush maydonidan) qochgan kishilarni faqat shaytonning o‘zi qilgan ayrim gunohlari sababli yo‘ldan ozdirdi. Endi Alloh ularning gunohlarini afv etdi. Albatta Alloh mag‘firatli, haliym zotdir.

156. Ey mo‘minlar, kufr yo‘lini tutgan va boshqa yerlarga safar qilib yoki g‘azotga chiqib ketgan do‘stlari haqida: «Agar biz bilan birga qolganlarida o‘lmagan va o‘ldirilmagan bo‘lar edilar», deydigan kimsalarga o‘xshamangiz! (Bu gaplarini) Alloh ularning dillaridagi hasrat qilib qo‘yadi. Axir tiriltiradigan ham, o‘ldiradigan ham Alloh-ku?! Alloh qilayotgan amalaringizni ko‘rguvchidir.

157. Qasamki, agar Alloh yo‘lida o‘ldirilsangizlar yoki o‘lsangizlar, albatta Alloh tomonidan bo‘lg‘usi mag‘firat va rahmat ular (ya’ni munofiq, kofirlar) to‘plagan dunyodan yaxshiroqdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:23:49



158. Qasamki, agar o‘lsangiz ham, o‘ldirilsangiz ham, albatta Alloh xuzuriga to‘planajaksiz.

159. (Ey Muhammad) Alloh tomonidan bo‘lgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq so‘zli bo‘ldingiz. Agar qo‘pol, qattiq dil bulganingizda edi, albatta atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lar edilar. Bas, ularni afv eting, ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rang va ishlaringizda ularga maslahat soling! Endi (maslahat qilgach, biron ishni) qasd qilsangiz, Allohga suyaning — tavakkal qiling! Albatta Alloh O’ziga suyanib (ish qilguvchilarni) sevadi.

160. Agar sizlarga Alloh yor bo‘lsa, hech kim sizlardan g‘olib bo‘lmas. Va agar sizlarni yordamsiz qo‘ysa, Undan o‘zga hech bir zot yordamchi bo‘lmas. Iymon keltirgan zotlar Allohning o‘zigagina suyansinlar!

161. Hech bir payg‘ambar uchun (urushdan tushgan o‘ljalarga) xiyonat qilish joiz emas. Kim xiyonat qilsa, qiyomat kunida (Allohning huzuriga) qilgan xiyonati bilan birga kelur. So‘ngra har bir jon mazlum bo‘lmagan holida qilgan amaliga komil jazo olgay.

162. Allohning rizoligini istagan kishi, Allohning g‘azabiga duchor bo‘lgan, borar joyi jahannam bo‘lgan kimsa kabi bo‘ladimi?! Naqadar yomon oqibat bu!

163. Ular Allohning huzurida har xil daraja — manzilatlarda bo‘lurlar. Alloh ular qilayotgan amallarni ko‘rguvchidir.

164. Albatta Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qiladigan, (gunoxlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va Hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yaxshilik qildi. Zero ular ilgari ochiq xato — zalolatda edilar.

165. (Ey mo‘minlar), agar sizlarga (Uxudda dushman tomonidan) bir musibat yetsa — holbuki, sizlar (Badr jangida) unga ikki barobar musibat yetkazgan edingiz — Bu balo qaydan keldi? — deysizmi?! (Ey Muhammad), ularga: «Bu musibat — mag‘lubiyat o‘z qilmishlaringizdan», deb ayting! Albatta Alloh hamma narsaga qodirdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:24:01



166-167. Ikki jamoat to‘qnashgan kuni sizlarga yetgan musibat Allohning izni-irodasi bilan va haqiqiy mo‘minlarni bilish uchun hamda nifoq yo‘liga kirgan kimsalarni aniqlash uchun bo‘ldi. Ularga: «Kelinglar, Alloh yo‘lida jang qilinglar yoki (hech bo‘lmasa bizning sanog‘imizni ko‘paytirish bilan dushmanni) daf qilinglar», deyilsa, «Agar jang bo‘lishini aniq bilganimizda-ku sizlarning ortingizdan borgan bo‘lar edik», deyishadi. O’sha kuni ular iymondan ko‘ra kufrga yaqinroq edilar. Ular og‘izda ko‘ngillarida bo‘lmagan narsalarni gapirmoqdalar. Alloh esa ularning yashirgan sirlarini juda yaxshi bilguvchidir.

168. (Ey Muhammad), o‘sha o‘zlari o‘tirib olib do‘stlari haqida: «Agar bizning gapimizga kirib (jang qilishdan bosh tortganlarida) o‘ldirilmagan bo‘lar edilar», deydigan kimsalarga: «Agar aytgan gaplaringiz rost bo‘lsa, o‘zlaringdan o‘limni daf qilinglar-chi», deb ayting!

169-170. Alloh yo‘lidagi jangda o‘ldirilgan zotlarni hargiz o‘liklar deb o‘ylamang! Yo‘q, ular tiriklardir! U zotlar Alloh o‘z fazlu karami bilan bergan ne’matlardan xushnud hollarida bahramand bo‘lmoqdalar va hali ortlaridan yetib kelmagan birodarlariga hech qanday xavfu xatar yo‘qligi va g‘amgin bo‘lmasliklari haqida xushxabar bermoqdalar.

171-172. Ular Alloh tomonidan bo‘lgan ne’mat va fazlu karam haqida hamda o‘zlariga jarohat yetganidan keyin ham Alloh va rasuliga bo‘yinsungan mo‘minlarning ajri — mukofotini Alloh zoe qilmasligi haqida xushxabar beradilar. Ularning orasidagi chiroyli itoat qilgan va Allohdan qo‘rqqan zotlar uchun ulug‘ ajr — mukofot bordir.

173. Unday zotlarga ayrim kimsalar: «Quraysh odamlari sizlarga qarshi (sanoqsiz lashkar) to‘plagan, qo‘rqingiz!» deganlarida bu gap ularning iymonlarini ziyoda qildi va: «Bizga yolg‘iz Allohning o‘zi kifoya. U zot eng yaxshi ishonchli vakildir!» — dedilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:24:36



174. Bas, u yurishdan biron noxushlik yetmay Allohning ne’mat va fazli bilan qaytdilar. Ular Allohning rizoligini istadilar. Alloh esa ulug‘ fazlu marhamat sohibidir.

I z o h . Yuqoridagi oyatlarda musulmonlarning Uxud jangidan keyingi ahvoli bayon qilindi. Rivoyat qilishlaricha, mushriklar Uxudda musulmonlar ustidan g‘alaba qilib, uylariga qaytgach, yo‘lda: «Nega ularni butunlay qirib tashlamadik?» — deb nadomat qildilar. Bu gap rasulullohga yetib kelganida u zot mushriklarning diliga qo‘rquv solish va ularga o‘zlarini hali kuch-kuvvatga ega ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yish uchun musulmonlarni ularning ortidan yurishga chaqiradilar. Musulmonlar Uxud jangida ko‘p talofot va jarohatlar olganlariga qaramay, payg‘ambarning da’vatlariga «Labbay!» deb javob berdilar va ba’zi bir «shayton»larning «qurayshlik mushriklarning son-sanoqsiz lashkari bor», degan vasvasalari ham ularni qo‘rqita olmadi, balki iymonlarini ziyoda qildi, xolos. Ular payg‘ambar alayhis-salom bilan birga mushriklarning ortidan borib Hamro al-Asad degan joyda ularga yetib oldilar. Shunda Tangri taolo mushriklarning dillariga bir qo‘rquv soldi va ular musulmonlarga qarshi jang qilishga jur’at qila olmadilar va musulmonlar eson-omon Madinaga qaytib keldilar.

175. Albatta o‘sha (sizlarni vasvasaga solmoqchi bo‘lgan) shaytonning o‘zidir. U sizlarni o‘zining do‘stlaridan (kofirlardan) qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Bas, agar mo‘min bo‘lsangizlar, ulardan qo‘rqmangiz, Mendan qo‘rqingiz!

176. (Ey Muhammad), kufr — dinsizlikka shoshayotgan kimsalar Sizni g‘amgin qilmasin! Albatta ular Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaydilar. (Faqat) Alloh ular uchun oxiratda biron nasiba bo‘lmasligini istaydi. Ular uchun ulug‘ azob bor (xolos).

177. Albatta kufrni iymonga almashtiradigan kimsalar Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaydilar. Ular uchun alamli azob bordir.

178. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar ularga bergan muxlatimizni zinhor o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Balki biz ularga faqat gunoxlarini ziyoda qilishlari uchungina muxlat beramiz. Ular uchun xor qilguvchi azob bordir.

179. Alloh mo‘minlarni sizlar bo‘lgan mana shu holatda (ya’ni kim mo‘min-u, kim munofiqligi ma’lum bo‘lmagan holatda) tashlab qo‘yuvchi emas. Hali u (Uxudda munofiqlarni mo‘minlardan ajratib qo‘ygani kabi) nopokni pokdan ajratadi. Alloh sizlarni g‘ayb ilmidan xabardor qilmadi. Lekin Alloh payg‘ambarlaridan O’zi istagan zotlarni saylab olur (va uni g‘oyibdan xabardor) ogoh qilur. Bas, Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltiringiz! Agar iymon keltirib, Allohdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun ulug‘ ajr — mukofot bordir.

180. Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning (zakotini) berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Yo‘q, bu qilmishlari o‘zlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida bo‘yinlariga o‘ralajak! (Barcha jonli-jonsiz narsalar ketar va) osmonlaru yer meros bo‘lib Allohning o‘ziga qolur. Alloh qila-yotgan amallaringizdan xabardordir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:24:56



181. Albatta Alloh: «Alloh kambag‘al, bizlar boymiz», degan kimsalarning so‘zini eshitdi. Ularning aytgan gaplarini va payg‘ambarlarni nohaq o‘ldirganlarini yozib qo‘yurmiz va (qiyomat kuni) ularga: «Jahannam azobini totib ko‘ringiz!» — deb ayturmiz.

182. Bu (azob) o‘zlaringiz qilgan gunohlaringiz sabablidir. Albatta Alloh bandalariga zulm qilguvchi emasdir.

183. U kimsalar: «Albatta Alloh bizga biron payg‘ambar to bir qurbonlik atab, uni (osmondan tushgan) olov yeb (ya’ni yondirib) ketmaguncha unga iymon keltirmasligimizni buyurgan», dedilar. Ayting (ey Muhammad): «Muhaqqaqki, mendan ilgari sizlarga ko‘p payg‘ambarlar ochiq hujjatlar va sizlar aytgan narsani (ya’ni qurbonliklarni) keltirganlar. Bas, agar shu gaplaringiz rost bo‘lsa, nima uchun ularni o‘ldirgan edingizlar?!»

184. (Ey Muhamamad), agar Sizni yolg‘onchi qilishgan bo‘lsa (aslo g‘amgin bo‘lmang, chunki) Sizdan ilgari ham ochiq hujjatlar, bitiklar va nurli Kitob keltirgan ko‘p payg‘ambarlar yolg‘onchi qilinganlar.

185. Har bir jon o‘limni totguvchidir. Va qiyomat kunida hech shak-shubhasiz ajr-savoblaringizni komil suratda olursiz. Bas, kim do‘zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt-saodatga) erishgay. Bu hayoti dunyo esa aldaguvchi matodir.

186. Albatta molu jonlaringizda imtihon qilinursizlar (ya’ni Tangri taolo mol va jonlaringizga xilma-xil ofatu balolar yuborib, sizlarning iymoningizni tekshirib ko‘rar), va albatta sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalar tomonidan va mushriklar tomonidan ko‘p aziyat-malomatlar eshitajaksizlar. Agar (ozorlariga) sabr-toqat qilsangizlar va Allohdan qo‘rqsangizlar (najot topursiz). Chunki bu ish (ya’ni sabr-toqatli bo‘lib, Allohdan qo‘rqish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:25:53



187. Eslang (ey Muhammad), Alloh Kitob berilgan kimsalardan «Albatta u Kitobni odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar!» — deb ahd-paymon olgan edi. So‘ng ular bu ahd-paymonni ortlariga tashladilar va uni ozgina qiymatga sotdilar. Ularning bu oldi-sotdilari naqadar yomon ish bo‘ldi!

188. (Ey Muhammad), siz hargiz qilgan ishlari (ya’ni odamlarni haq yo‘ldan adashtirishlari) bilan xursand bo‘ladigan va qilmagan ishlari bilan maqtovlar eshitishni yaxshi ko‘radigan kimsalar azobdan yiroq makondalar, deb o‘ylamang! Ular uchun alamli azob bordir.

189. Osmonlar va yerdagi bor mulk Allohnikidir. Va Alloh hamma narsaga qodirdir.

190. Osmonlar va yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun (bir yaratuvchi va boshqarib turguvchi zot mavjud ekanligiga) oyat-alomatlar borligi shubhasizdir.

191. Ular turganda ham, o‘tirganda ham, yotganda ham Allohni eslaydilar hamda osmonlar va yerning yaralishi haqida tafakkur qilib (deydilar): «Parvardigoro, bu (borliq)ni behuda yaratganing yo‘q! Sen (behuda biron ish qilish aybidan) poksan! O’zing bizni jahannam azobidan asragil!

192. Parvardigoro, albatta Sen kimni jahannamga kiritsang, muhaqqaq uni rasvo qilursan. Va bunday zolimlar uchun hech qanday yordamchi yo‘qdir.

193. Parvardigoro, albatta biz: «Parvardigoringizga iymon keltiringiz!» — deb iymonga chorlagan jarchi (Muhammad alayhis-salomning nidolarini) eshitdigu, iymon keltirdik. Parvardigoro, bizning gunoxlarimizni mag‘firat qil, qilgan yomonliklarimizni (sahifayi a’molimizdan) o‘chirgil va bizlarni yaxshilar bilan birga o‘ldir!

194. Parvardigoro, bizlarga payg‘ambarlaring orqali va’da qilgan narsalaringni (jannat, mag‘firat, visolingdan bahramand etish kabi nematlaringni) ato qil va bizlarni qiyomat kunida rasvo qilmagil! Albatta, Sen va’dangta xilof qilmagaysan.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:26:41



195. Bas, Parvardigorlari ularning duolarini ijobat qilib (dedi): «Albatta Men sizlardan biron amal qilguvchi erkak yo ayolning amalini zoe qilmagayman. Zero birovingiz birovingizdandirsiz. (ya’ni erkak ayoldan, ayol erkakdan dunyoga kelgan). Bas, vatanlaridan hijrat qilgan, diyorlaridan quvilgan, mening yo‘limda aziyatlar chekkan va (mening yo‘limda) jang qilib, qatl etilgan zotlarning qilgan gunohlarini o‘chirgayman va ularni Alloh huzuridan savob — mukofot qilib taglaridan daryolar oqib turadigan bog‘larga kiriturman. Va eng go‘zal savob — mukofot Allohning huzuridadir».

196. Sizni kofirlarning shaharlarda kezishlari aldab qo‘ymasin!

197. (Bu yelib-yugurish, g‘olibona kezishlar) ozgina matodir. So‘ngra joylari jahannam bo‘lgay! Naqadar yomon joy u!

198. Ammo Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar uchun Alloh huzuridan ziyofat bo‘lmish — taglaridan daryolar oqib turguvchi bog‘lar bordirki, ular bu bog‘larda abadiy qolajaklar. Yaxshilar uchun Alloh huzuridagi narsa (ya’ni savob-ajr kofirlarning muvaqqat kayf-safolaridan) afzalroqdir.

199. Albatta ahli kitob ichida Allohga hamda sizlarga nozil qilingan va o‘zlariga nozil qilingan narsalarga iymon keltiruvchi, Allohga itoat qilib bosh eguvchi, Allohning oyatlarini ozgina qiymatga sotib yubormaydigan zotlar ham bor ekanligi aniq-ravshandir. Ana o‘shalar uchun Parvardigorlari huzurida ajru savob bordir. Albatta Alloh tez-da hisob-kitob qilguvchi zotdir. 

200. Ey mo‘minlar, sabr qilingiz va sabru toqat qilishda (kofirlardan) ustun bo‘lingiz hamda doimo (kurash — jihod uchun belingiz bog‘liq holda) hozir bo‘lib turingiz! Va Allohdan qo‘rqingizkim, (shunda) shoyad najot topgaysizlar!

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:27:12



NISO SURASI

Bu sura ham Madinada nozil bo‘lgan uzun suralardan bo‘lib, bir yuz yetmish olti oyatdan tashkil topgan. U musulmonlarning ichki va tashqi ish faoliyatlariga doir shariat ahkomlari bilan to‘la bir suradir. Unda ayol, uy, oila, davlat, jamiyatga aloqador bo‘lgan muhim masalalarga javob beriladi hamda birovlarning qaramog‘idagi yetim-esirlar va ularning haq-huquqlari to‘g‘risida so‘z boradi. Bu surada shuningdek, meros hukmlari ham batafsil bayon qilindi.

Bulardan tashqari, er-xotin o‘rtasidagi aloqalar — ularning bir-birlari oldidagi huquq va burchlari hamda er oilada boshliq ekani va bu huquqdan u qanday foydalanishi lozimligi haqida yo‘l-yo‘riqlar beriladi. So‘ngra oila doirasidan jamiyat miqyosiga chiqib, jamiyat mustahkam bo‘lishi uchun kishilar o‘rtasida birdamlik va mehr-shafqat, xolislik va bag‘rikenglik barqaror bo‘lishi zarurligi o‘ziga xos uslubda uqtiriladi. Bu surada boshqalardagiga nisbatan ayollarga oid shariat hukmlari ko‘p va batafsil bayon etilganligi sababli unga «Niso» nomi berilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey insonlar! Sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratgan va undan juftini (Havvoni) vujudga keltirgan hamda u ikkovidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Yana oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz)! Albatta Alloh ustingizda kuzatuvchi bo‘lgan zotdir.

2. (Voyaga yetganlaridan keyin qo‘l ostingizdagi) yetimlarga mollarini beringiz va siz uchun nopok bo‘lgan (etimlarning mollarini o‘zingizning haqqingiz bo‘lgan) pok narsaga almashtirib olmangiz! Va ularning mollarini o‘zingizning molingizga qo‘shib yemangiz! Zero, bu katta gunoh bo‘lgan ishdir.

3. Agar yetim qizlarga adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun nikohi halol bo‘lgan ayollarga ikkita, uchta, to‘rttadan uylanaveringlar. Endi agar (ular orasida) adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bir ayolga (uylaning) yoki qo‘l ostingizdagi cho‘ri bilan (kifoyalaning). Mana shu jabru zulmga o‘tib ketmasligingizga yaqinroq ishdir.


I z o h. Ulamolar mazkur oyatni kuyidagicha tafsir qiladilar: shariat hukmicha, ota-onadan ajrab, yetim bo‘lib qolgan qizni o‘z qaramog‘iga olgan odam u qizga uylanishga haqqi bor. Lekin odatda bunday hollarda ko‘pincha qizning haqqi-mahrini to‘la-to‘kis qilib bermay, arzon-garov uylanib olish payiga tushiladi. Shuning uchun Qur’on: «Yetim qizlarning haqini ado qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun nikohi halol bo‘lgan ayollarga ikkita, uchta, to‘rttadan uylanavering», deb ruxsat beradi va darhol u xotinlar o‘rtasida adolat qilish shart ekanini ta’kidlaydi. Qolaversa, Islomdagi bu qonun Qur’on nozil bo‘lgan davrda keng tarqalgan ko‘pxotinlilikni tartibga solish uchun joriy qilingandir. Chunki Islom kelishidan ilgari bir erkak qo‘l ostida o‘nlab ayollar har qanday haq-huquq, adolat va hurmat-e’tibordan mahrum bo‘lgan holda kun ko‘rar edilar. Islom kelgach, bu sanoq eng ko‘pi bilan to‘rtta bo‘lishi mumkinligi va albatta o‘rtada adolat barqaror bo‘lishi shart ekanligi qonun qilindi. Lekin baribir haqli suratda shunday savol tug‘iladi: modomiki adolat murod ekan, nima sababdan bir erkakka faqat birgina ayol bilan turmush qilish amr etilmadi? Islom ulamolari bu savolga shunday javob qiladilar; ma’lumki, Islom — voqeiy dindir. Ya’ni u insonlarni pokiza hayot kechirishga da’vat qilishda g‘ayrivoqeiy yo‘llarni tutmaydi. Binobarin, bu qonunda ham voqeiy insoniy hayot nazarda tutilgan. Birinchidan, asrlar davomidagi tajribalar ko‘rsatishicha, o‘g‘il boladan ko‘ra qiz bola ko‘proq tug‘iladi. Ikkinchidan, ayol kishi erkak kishidan ko‘ra uzunroq umr ko‘rishi ham voqeiy haqiqatdir. Uchinchidan, turli fojealar, xususan, urush va to‘qnashuvlarda asosan erkaklar halok bo‘ladilar. Mana shu va yana boshqa ko‘p sabablar natijasida insoniyat olamida mudom ayollarning sanog‘i erkaklarnikidan ortiq bo‘ladi. Demak, bir erkak faqat bir ayolga uylanishi mumkin deyilsa, erkaklar sanog‘idan ortib qolgan ayollarga zulm qilingan bo‘lur edi. Ya’ni, bu ayollar o‘zlarining turmush qurish va ona bo‘lish xuquqlaridan mahrum bo‘lib qolar edilar. Natijada jamiyatda nopoklik va maishiy buzuqliklar yuzaga keladi. Shuning uchun Islom moddiy imkoniyatlari bo‘lgan kishilarga agar adolat qila olishning uddasidan chiqsalar birdan ortiq ayol bilan turmush qurishga ruxsat beradi va shu yo‘l bilan birga ayollar o‘rtasida adolat qilmay, faqat shahvoniy nafsini qondirish uchungina ko‘p xotin olishga ruju’ qo‘ygan kimsalar uchun oxiratda ashaddiy azob borligi haqida ogohlantiradi.

4. Xotinlaringizga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan, mamnunlik bilan) beringiz! Agar o‘zlari sizlar uchun u mahrdan biron narsani ixtiyoriy ravishda kechsalar, sizlar uni pok va muborak bilib yeyaveringlar.

5. (Qo‘l ostingizdagi) aqlsiz kimsalarga (ya’ni yosh, nodon yetimlarga) Alloh sizlar uchun turmush vositasi qilib qo‘ygan mollaringizni (ya’ni qo‘llaringizdagi ularning mollarini) berib qo‘ymangiz, balki ularni o‘sha mollardan yedirib-kiydiring va ularga yaxshi so‘zlar bilan muomala qiling!

6. Yetimlarni to balog‘at yoshiga yetgunlaricha imtihon qilib (tekshirib) turinglar. Agar ularning es-hushlari joyida ekanini ko‘rsangiz, mollarini o‘zlariga topshiringlar. U mollarni isrof qilib va (egalari) katta bo‘lib qolmasin, deb shoshilib yeb qo‘ymanglar. (Yetimni otaliqqa olgan kishi) agar boy bo‘lsa, (etimning molidan) parhez qilsin. Bordiyu kambag‘al bo‘lsa, yaxshilik bilan (ya’ni qilgan xizmatiga yarasha) olib yesin. Mol-mulklarini o‘zlariga qaytarganingizda esa guvoh keltiringlar. Allohning o‘zi yetarli hisob-kitob qilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:27:51



7. Erkaklar uchun ota-onalar va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Ayollar uchun ham ota-onalari va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Bu ulushlar ozmi-ko‘pligidan (qat’iy nazar) farz qilingan haqlardandir.

8. Meros taqsimida uzoq qarindoshlar, yetim va miskinlar ham hozir bo‘lsalar, ularni ham shu merosdan bahramand qilib, yaxshi so‘zlar aytinglar.

9. (Birovning o‘limiga hozir bo‘lgan) kishilarning o‘zlari ojiz-notavon farzandlarini qoldirib vafot qilib ketsalar, ulardan xavotir olganlari kabi (o‘zgalarning yetimlari haqidan ham) qo‘rqsinlar. Bas, Allohdan qo‘rqib (o‘lim oldidagi kishiga) haq so‘zni aytsinlar!


I z o h. Bu oyat o‘lim soatlari yaqinlashib qolgan paytida topgan mol-mulkini farzandlariga qoldirmasdan begonalarga xayr-ehson qilib yuborishni yoki shar’an meros olish huquqi bo‘lmagan kimsalarga vasiyat qilib ketishni mo‘ljallagan kishilarning bunday noma’qul niyatlaridan xabardor bo‘lib qolgan odamlar haqida nozil qilingan bo‘lib, ularga yetimlarning haqlaridan qo‘rqish va o‘lim oldidagi kishiga to‘g‘ri so‘zlarni aytib, uni bu adolatsiz ishdan qaytarish buyuriladi!

10. Yetimlarning mollarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar hech shak-shubhasiz qorinlariga olov yegan bo‘lurlar. Va albatta do‘zaxga kirajaklar!

11. Alloh farzandlaringizga (tegishli meros) haqida bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi barobarida meros berishni amr qilur. Agar merosxo‘rlar ikkidan ortiq ayol bo‘lsa, ularga er qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz bo‘lsa, unga (merosning) yarmi tegur. Agar marhumning farzandi bo‘lsa, ota-onasining har biriga qoldirgan merosidan oltidan biri tegur. Endi agar farzand bo‘lmay, faqat ota-onasi (merosxo‘r) bo‘lsa, u holda onasiga uchdan bir tegur (qolgani otasiga qoladi). Agar uning aka-ukalari bo‘lsa, onasiga oltidan bir tegur (qolgan qismi otasiga tegadi, zero, marhumning aka-ukalarini yedirib-kiydirish va uylab-joylash otaning zimmasidadir. Bu taqsimotlar) marhum qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilganidan keyin bo‘lur. Ota-onalaringiz va farzandlaringizning qaysi birlari sizlar uchun foydasi teguvchiroq ekanini bilmaysizlar. (Binobarin o‘zingizga qolsa, meros taqsimotini ham adolat bilan hal qila olmaysiz. Shu boisdan kimga qancha meros tegishi) Alloh tomonidan qatiy farz qilib qo‘yildi. Albatta Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:29:08



12. Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan merosdan — agar ulardan farzand qolmagan bo‘lsa — yarmi tegur. Endi agar ularning farzandlari qolgan bo‘lsa, sizlarga ularning merosidan to‘rtdan bir tegur. (Bu taqsimotlar) marhuma qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilgandan keyin bo‘lur. Ularga (xotinlaringizga) sizlar qoldirgan merosdan — agar sizlardan farzand qolmagan bo‘lsa — to‘rtdan bir tegur. Endi agar sizlarning farzandingiz qolgan bo‘lsa, ularga sizning merosingizdan sakkizdan bir tegur. (Bu taqsimotlar) sizlar qilgan vasiyat va qarzlaringiz ado qilingandan keyin bo‘lur. Agar merosi qolayotgan erkak yoki ayolning na ota va na onasi bo‘lmay, (ona tomonidan) bir aka yoki ukasi yoxud bir opa yoki singlisi qolgan bo‘lsa, ularning ikkovidan har biriga oltidan bir tegur. Endi agar ular birdan ortiq bo‘lsalar, ular merosning uchdan bir hissasiga teng sherik bo‘lurlar. (Bu taqsimotlar) merosxo‘rlarga zarar yetkazmaydigan holda qilingan vasiyat va qarzlar ado qilingandan keyin bo‘lur. (Bu hukmlar) Alloh tomonidan bo‘lgan amr-farmondir. Alloh bilguvchi va haliymdir.

13. Mana shu Allohning (belgilab qo‘ygan) hadlaridir. Kim Alloh va uning payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritib, o‘sha joyda abadiy hayot baxsh etar. Va bu katta zafardir.

14. Kim Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilib Allohning belgilab qo‘ygan hadlaridan tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur. Va uning uchun xor qilguvchi azob bordir.

Qayd etilgan