Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 821160 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:30:11



15. Xotinlaringizdan qaysi bir ayol fohishalik qilsa, unday ayollarning ustida o‘zlaringizdan bo‘lgan to‘rt kishini guvoh qiling. Agar ular guvohlik bersalar, to bu ayollarga o‘lim kelguncha yoki Alloh biror yo‘lga solguncha ularni uylarida saqlangiz!

I z o h. Bu va quyidagi oyatdagi hukmlar zinokor ayollar va bachchavoz erkaklar uchun buyurilgan muvaqqat jazo edi. Keyinroq nozil bo‘lgan «Nur» surasida bu mavzuga keng o‘rin berilgan va zino qiluvchi erkak va ayolni agar oilasiz bo‘lsa, yuz darra urish, oilali bo‘lsa, toshbo‘ron qilish hukmi qat’iy, doimiy qilib belgilab qo‘yilgan.

16. Sizlardan ikki erkak shunday qilsa (ya’ni bachchavozlik yoki fohishabozlik qilsa) ularni urib-so‘kish bilan ta’zirlarini beringiz. Agar tavba qilib, o‘zlarini tuzatsalar, ularni tinch qo‘yinglar. Albatta Alloh tavbalarni qabul qilguvchi va mehribon bo‘lgan zotdir.

17. Albatta Allohning tavbalarni qabul qilishi faqat bironta gunohni nodonlik bilan qilib qo‘yib, so‘ngra darhol tavba qilgan kishilar uchundir. Alloh ana shunday kishilarning tavbasini qabul qilur. Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

18. Na gunoh ishlarni mudom qilib yurib, qachonki, birovlariga o‘lim kelganida «endi tavba qildim» deydigan va na kofir holda o‘lib ketadigan kimsalarning tavbalari qabul qilinmas. Ular uchun alamli azobni tayyorlab qo‘yganmiz.

19. Ey mo‘minlar, sizlar uchun xotinlarni majburiy xolda meros qilib olish durust emasdir.


I z o h.  Islom kelishidan ilgari biron ayolning eri o‘lsa, marhum egalaridan biri u ayolni majburiy holda xotin qilib olishi lozim edi. Islom bu nomaqbul odatni man’ qildi.

Va (agar birga yashash niyatingiz bo‘lmasa) bergan mahrlaringizning bir qismini qaytarib olish uchun xotinlaringizni (boshqa erga tegishdan) to‘sib turib olmanglar! Magar ular ochiq buzuqlik qilsalar (u holda bergan mahringizni qaytarib olishingiz mumkin). Ular bilan tinch-totuv yashanglar. Agar ularni yomon ko‘rsangizlar ham (sabr qilib inoq holda yashayveringlar). Zero, sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh ko‘p yaxshiliklarni qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

I z o h. Islomdan ilgari biron ayolning eri yomon ko‘rib, ko‘ngilsiz bo‘lib qolsa, u ayolga turli tazyiqlar o‘tkazib, jonidan to‘yg‘izar, lekin talog‘ini bermas edi. Qachonki u eridan olgan mahrini yo hammasini, yoki bir qismini qaytarib bersagina taloq qilar edi. Islom bu odatga ham barham berdi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:31:00



20. Agar bir xotinni qo‘yib, boshqa xotinga uylanmoqchi bo‘lsangizlar, avvalgisiga sanoqsiz molu dunyoni (mahr qilib) bergan bo‘lsangiz-da, undan biron narsani qaytarib olmangizlar! Uni bo‘hton va ochiq gunoh bilan olasizmi?

21. Axir bir-biringiz bilan qo‘shilib, ular (ya’ni xotinlaringiz) sizlardan qat’iy ahd-paymon olganlaridan so‘ng qanday qilib uni (ya’ni maxrni) qaytarib olasiz?!

22. Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir.

23. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari (mana shu sanab o‘tilgan ayollarga uylanish harom qilindi) — agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlarga uylansangiz) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) hamda opa-singil-almashlaringiz (ya’ni birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishlaringiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:32:17

BESHINCHI JUZ’
*************************



24. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir.

I z o h . O’sha davrning odatiga ko‘ra urushda asir tushgan erkaklar qulga, ayollar esa cho‘riga aylantirilar edi. Bu oyatda garchi asira bo‘lgan ayolning o‘z vatanida eri qolgan bo‘lsa-da, ma’lum muddat idda saqlagach, hojasi uchun halol bo‘lib qolishi uqtirilmoqda.

(Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni ular o‘z ixtiyorlari bilan haqqi mahrlaridan kechib yuborishlarida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

25. Sizlardan kimda-kim ozod mo‘mina ayollarga uylanish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qo‘llaringizdagi mo‘mina cho‘rilardan biriga uylanaversin. Alloh iymonlaringizni juda yaxshi bilguvchidir. Birovingiz birovingizdandirsiz (ya’ni hammangizning aslingiz bittadir). Bas, ulardan o‘zlarini saqlagan, fohishalik qilmagan va maxfiy o‘ynashlar tutmaganlariga hojalarining izni bilan uylanaveringlar va mahrlarini to‘kis qilib beringlar! Endi erga tekkach, agar buzuqlik qilsalar, ularga ozod ayollarga beriladigan azobning yarmi berilur. Bu (ya’ni cho‘rilarga uylanish ruxsati) orangizdagi buzilib ketishdan qo‘rqqan kishilar uchundir. Sabr qilib (uylanmay turishlaringiz) o‘zingiz uchun yaxshiroqdir. Alloh mag‘firatli va mehribondir.

26. Alloh sizlarga shariat hukmlarini bayon qilishni, sizlarni ilgari o‘tgan (haq yo‘ldagi) zotlarning yo‘llariga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul qilishni istaydi. Alloh bilim va hikmat egasidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:32:37



27. Alloh tavbalaringizni qabul qilishni istaydi, hoyu havasga berilgan kimsalar esa (haq yo‘ldan) butunlay ogib ketishingizni istaydilar.

28. Alloh sizlardan (yukingizni) yengillatishni istaydi. (Zotan), inson ojiz qilib yaratilgandir.

29. Ey mo‘minlar, mollaringizni o‘rtalaringizda nohaq (ya’ni o‘g‘rilik, qaroqchilik, sudxo‘rlik, poraxo‘rlik, qimor kabi) yo‘llar bilan yemangiz! Balki o‘zaro rizolik bilan bo‘lgan savdo-sotiq orqali mol-dunyo kasb qilingiz. Hamda bir-birlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta Alloh sizlarga mehribon bo‘lgan zotdir.

30. Kim haddan oshib, zo‘ravonlik bilan shunday ishlarni qilsa, biz uni do‘zaxga kiritajakmiz. Bu Alloh uchun oson bo‘lgan ishdir.

31. Agar sizlar man etilgan gunoxlarning kattalaridan saqlansangizlar, qilgan kichik gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil — jannatga kiriturmiz.

32. Alloh biron ne’mat bilan biringizni biringizdan ortiq qilib qo‘ygan bo‘lsa, sizlar uni (hasad-adovat bilan) orzu qilmang! Erkaklar ham o‘z mehnatlaridan nasiba olurlar, ayollar ham o‘z mehnatlaridan nasiba olurlar. Sizlar (birovlarga berilgan ne’matlarga ko‘z olaytirish o‘rniga) Allohning fazlu marhamatini so‘ranglar. Albatta Alloh hamma narsani bilguvchi bo‘lgan zotdir.

33. Har bir inson uchun ota-ona va qarindoshlar qoldirib ketgan merosdan (bahramand bo‘lguvchi) merosxo‘rlar qilib qo‘ydik. Kimlar bilan ahd-paymon qilgan bo‘lsangiz, bas, ularga o‘z hissalarini beringiz! Albatta Alloh hamma narsaga guvoh bo‘lgan zotdir.


I z o h . Islomdan oldin o‘rtalarida qarindosh-urug‘chilik bo‘lmagan odamlar ham o‘zaro ahd-paymon qilishib do‘st bo‘lishgach, bir-birlaridan meros olar edilar. Islomning avvalgi davrlarida bu odat bekor qilinmagan edi. So‘ng boshqa bir oyat bilan u man’ etilgan.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:32:55



34. Erkaklar xotinlari ustida rahbardurlar. Bunga sabab Alloh ularning birovlarini birovlaridan (ya’ni erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va erlari yo‘qligida Allohning hifzu himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va o‘z iffatlarini) saqlovchi xotinlar — yaxshi xotinlardir. Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni nasihatlaring kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark qilingiz (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang), so‘ngra (ya’ni shunda ham sizlarga bo‘yinsunmasalar) uringlar. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir.

I z o h . Ushbu oyatda oiladagi er bilan xotinning o‘rni belgilab berilgan. Shariat hukmicha, er avvalo oilaning barcha moliyaviy va ma’naviy taraflariga javobgar bo‘lgan, uni chetdan bo‘ladigan har qanday xurujlardan himoya qiladigan shaxsdir. Mana shular evaziga va erkak kishi uchun fazilat hisoblanmish og‘ir-bosiqlik, oila tebratishdagi tadbirkorlik kabi sifatlar sababli u oilaning boshlig‘i sanaladi. Yaxshi xotin esa diyonatli, erning uyini obod qiladigan va unga bir umr sadoqatli bo‘lgan ayoldir. Agar xotin tomonidan oilaning yo er-xotinning tinch-totuvligiga rahna soladigan biron fe’l sodir bo‘lsa, erning vazifasi avvalo unga yaxshilik bilan tushuntirish, tushunmasa mehru muhabbatini darig‘ tutish bilan o‘z noroziligini bildirishdir. Bu ishlar foyda bermagan taqdirdagina xotinga (uni urib rohatlanish uchun emas, balki to‘g‘ri yo‘lga solish maqsadida) qo‘l ko‘tarishga ruxsat beriladi. Lekin, tabiiyki, erga itoat qilishni o‘zi uchun burch deb bilgai ayol va o‘zidan qudratliroq bo‘lgan zot — Alloh ko‘rib turganiga iymoni komil bo‘lgan er bu oxirgi choragacha yetib kelmaydilar.

35. Agar er-xotinning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangizlar, er tomonidan bir hakam, xotin tomonidan bir hakam chaqiringiz. Agar ular isloh qilishni istasalar Alloh er-xotin orasiga ittifoqlikni solur. Albatta Alloh bilguvchi va habardor bo‘lgan zotdir.

36-37. Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qo‘llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta Alloh o‘zlari baxillik qiladigan va o‘zga odamlarni ham baxillikka chaqiradigan hamda Alloh fazlu karamidan bergan ne’matlarni yashiradigan mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi. Biz bunday kofirlar uchun xor qilguvchi azobni tayyorlab qo‘yganmiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:33:16



38. Yana mollarini odamlar ko‘rsin, deb ehson qiladigan, o‘zlari esa na Allohga va na oxirat kuniga iymon keltirmaydigan kimsalarni ham (Alloh sevmaydi). Kimga shayton do‘st bo‘lsa, u eng yomon do‘st bo‘lur.

39. Agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirsalar va Alloh rizq qilib bergan narsalaridan ehson qilsalar, ularga qanday zarar bo‘lar edi? Alloh ularning (qilgan amallarini) bilguvchi bo‘lgan zotdir.

40. Shubhasiz, Alloh birovga bir zarra vaznicha zulm qilmas. Agar zarracha yaxshilik bo‘lsa, uni bir necha barobar qilur va o‘z huzuridan ulug‘ ajr ato qilur.

41. (Ey Muhammad), biz har bir ummatdan (o‘sha ummatning payg‘ambarini) guvoh keltirganimizda va Sizni ana ularga qarshi guvoh qilganimizda ularning holi ne kechur?!

42. U kunda kofir bo‘lgan va payg‘ambarga itoatsizlik qilgan kimsalar yer bilan yakson bo‘lib ketishni orzu qiladilar va lekin Allohdan biron gapni yashira olmaydilar.

43. Ey mo‘minlar, toki gapirayotgan gaplaringizni bilishingiz uchun mast holingizda namozga yaqin kelmanglar. Va yana safarda bo‘lmasangiz to cho‘milmaguningizcha junub holingizda (namozga yaqin kelmang). Agar betob yo safarda bo‘lsangizlar, yoki sizlardan biron kishi hojatxonadan chiqqan bo‘lsa, yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlashgan bo‘lsangiz va (mazkur xolatlarda) suv topa olmasangiz pokiza tuproq bilan tayammum qilib, yuz va qo‘llaringizga surtinglar. Albatta Alloh afv etuvchi va mag‘firatli bo‘lgan zotdir.


I z o h. Bu ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir. Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida («Namoz mo‘minning me’rojidir» — hadisi sharifdan) mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda. Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi.

Junub — erkak va ayolning yaqinlashuvi yoki har qanday suratda erkak yo ayoldan shahvat suvi chiqishi natijasida o‘sha erkak yo ayol junub (nopok) bo‘ladi.

Tayammum — suv topa olmagan yoki topsa ham qandaydir sabab bilan uni ishlatishga qodir bo‘lmagan kishining pok tuproqqa qo‘l urib, yuz va qo‘llariga surtish bilan pok bo‘lishidir. Bu amalni qilishda tahoratni yoki g‘usl (cho‘milish)ni ham niyat qilinadi. Har ikkisini qo‘shib niyat qilish ham mumkin.


44. (Ey Muhammad), kitobdan (ya’ni, Tavrotdan) nasibador bo‘lgan kimsalarning gumrohlikni sotib olayotganlarini va sizlar ham haq yo‘ldan toyishingizni istayotganlarini ko‘rmadingizmi?

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:33:49



45. Holbuki, Alloh dushmanlaringizni juda yaxshi bilguvchi, Allohning o‘zi yetarli do‘st, Allohning o‘zi yetarli yordamchidir.

46. Yahudiy bo‘lganlar orasida shundaylari borki, ular (Tavrot kitobida bo‘lgan Muhammad alayhis-salom haqidagi) Allohning so‘zini o‘z o‘rnidan o‘zgartiradilar va tillarini burib, dinga jarohat yetkazish g‘arazida: «Tingladik va bosh tortdik. Quloq sol, eshitmay qolgur! (roino) Bizga boq», deydilar. Agar ular «Tingladik va bo‘yinsundik. Bizni ham tinglab (unzurno), bizga ham nazar qilib tur», deganlarida o‘zlari uchun yaxshiroq va to‘g‘riroq bo‘lur edi. Lekin ular kufrlari sababli Allohning la’natiga duchor bo‘lganlar, Bas, ularning kamdan-kamlari iymon keltiradilar.


I z o h. Bu oyatdagi «roino va «unzurno» so‘zlarining ma’no va sharxlari Baqara surasining 104-oyatida mazkurdir.

47. Ey Kitob berilgan kimsalar, yuzlarini buzib teskarisiga aylantirib yuborishimizdan ilgari yoki ularni «Shanba egalarini» la’natlaganimizdek la’natlashimizdan (ya’ni maymun va to‘ng‘izlarga aylantirib qo‘yishimizdan) ilgari sizlardagi narsa (Tavrot)ni tasdiqlagan holda nozil qilgan Kitobimiz (Qur’on)ga iymon keltiringiz. Allohning amr-farmoni shubhasiz ado qilingusidir.

48. Albatta Alloh O’ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O’zi xohlagan bandalari uchun kechirur. Kim Allohga (biror kimsa yoki narsani) sherik keltirsa, bas, u buyuk gunohni to‘qib chiqaribdi.

49. (Ey Muhammad), o‘zlarini pok qilib ko‘rsatayotganlarni ko‘rmadingizmi? Yo‘q! Faqat Alloh O’zi xohlagan zotlarni poklaguvchidir. Va ularga qilchalik zulm qilinmas.

50. Ularning («Biz Allohning suyukli bolalarimiz») deb Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiyotganlarini ko‘ring. Mana shuning o‘zi yetarli ochiq gunohdir.

51. Kitobdan nasibador bo‘lgan kimsalarning but va sanamlarga sig‘inayotganlarini hamda kofir kimsalar haqida: «O’shalar iymon egalari bo‘lgan musulmonlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldalar», deyayotganlarini ko‘rmadingizmi?

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:34:08



52. Ular Alloh la’natlagan kimsalardir. Kimniki Alloh la’natlar ekan, bas, hech qachon uning uchun biron yordamchini topa olmaysiz.

53. Yoki ularning mol-mulklari bormi? Shunday bo‘lgan taqdirda ham odamlarga zig‘irchalik muruvvat qilmagan bo‘lur edilar!

54. Yoki odamlarga (ya’ni Muhammad alayhis-salomga) Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya’ni payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi? Axir Biz ilgari ham Ibrohim sulolasiga (ya’ni Muso, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob va Hikmat (payg‘ambarlik) berib, ularni ulug‘ mulku davlatga ega qilgan edik-ku?!

55. Bas, ularning ichida unga (ya’ni Muhammadga) iymon keltirganlar ham bor, undan yuz o‘girganlar ham bor. (Bularga) jahannam o‘ti bas kelur.

56. Bizning oyatlarimizni inkor qilgan kimsalarni albatta do‘zaxga kiritajakmiz. Qachonki terilari kuyib bitishi bilan haqiqiy azobni totib ko‘rishlari uchun o‘rniga boshqa terilarni almashtiramiz. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

57. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni esa ular abadiy yashaydigan, ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga doxil qilajakmiz. Ular uchun u joylarda pok juftlar bordir. Ularni quyuq soyali joylarga kiriturmiz.

58. Albatta, Alloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishga buyuradi. Albatta, Alloh sizlarga eng yaxshi pand-nasihatlar qilur. Albatta, Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchi bo‘lgan zotdir.

59. Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz, va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya’ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:34:26



60. (Ey Muhammad), o‘zlarini sizga nozil kilingan narsaga (Qur’onga) va sizdan ilgari nozil qilingan narsalarga iymon keltirgan deb hisoblaydigan (ayrim) kimsalarning shaytonga hukm so‘rab borishni istayotganlarini ko‘rmadingizmi? Holbuki, ularga unga ishonmaslik buyurilgan edi. (Chunki) shayton ularni butunlay yo‘ldan ozdirishni istaydi.

61. Qachon ularga «Alloh nozil qilgan Kitobga va payg‘ambar o‘gitlariga kelinglar», deyilsa, u munofiqlarning sizdan qattiq yuz o‘girganlarini ko‘rasiz.

62. Endi o‘zlarining qilmishlari sababli ularga biron musibat yetsa, shundan keyin sizning huzuringizga kelishib: «Biz faqat yaxshilikni va orani o‘nglashni istagan edik, xolos», deb qasam ichishlari qandoq bo‘ldi?

63. Unday kimsalarning dillaridagi narsani Alloh yaxshi bilur. Bas, siz ularning (kirdikorlariga) boqmang va ularga pand-nasihat qilib, o‘zlari haqida yetuk so‘zlarni ayting!

64. Biz qay bir payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, faqat Allohning izni-irodasi bilan unga itoat qilinsin, deb yuborganmiz. Agar ular (shaytondan hukm so‘rab borishlari bilan) jonlariga jabr qilgan paytlarida darhol sizning oldingizga kelib, Allohdan mag‘firat so‘raganlarida va payg‘ambar ham ular uchun mag‘firat so‘raganida edi, Allohning tavbalarni qabul qilguvchi, mehribon ekanligani topgan bo‘lur edilar.

65. Yo‘q, Parvardigoringizga qasamki, to ular o‘z o‘rtalarida chiqqan kelishmovchiliklarda sizni hakam qilmagunlaricha va keyin siz chiqargan hukmdan dillarida hech qanday tanglik topmay, to‘la taslim bo‘lmagunlaricha-bo‘yinsunmagunlaricha zinhor mo‘min bo‘la olmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:34:43



66. Agar Biz ularga (bani Isroilga buyurganimiz kabi) «bir-biringizni o‘ldiring va o‘z diyorlaringizdan chiqing», deb buyurganimizda edi, ulardan juda oz qismi bu buyruqni bajargan bo‘lur edi. Agar ular qilingan pand-nasihatlarga amal qilganlarida, o‘zlari uchun yaxshiroq va iymonlarini mustahkam qilguvchiroq ish bo‘lur edi.

67. Va u holda Biz ham ularga o‘z huzurimizdan ulug‘ mukofot bergan bo‘lardik.

68. Hamda ularni haq yo‘lga hidoyat qilgan bo‘lardik.

69. Kimda-kim Alloh va payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Alloh in’omlariga sazovor bo‘lgan zotlar — payg‘ambarlar haq-rost iymon egalari, shahidlar va faqat yaxshi amallar bilan o‘tgan kishilar bilan birga bo‘lurlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir.

70. Bu Alloh tomonidan bo‘lgan fazlu-marhamatdir. Allohning o‘zi yetarli bilguvchidir.

71. Ey mo‘minlar, dushmandan ehtiyot choralaringizni ko‘rib, jangta guruhlarga bo‘linib yoki hammangiz to‘planib chiqinglar.

72. Shubhasiz oralaringizda (jangga chiqishdan) ketda qoladigan, agar sizlarga biron musibat yetsa, «Alloh yorlaqab ular bilan birga bo‘lmadim», (aks holda halok bo‘lur edim) deydigan kimsalar ham bor.

73. Bordiyu sizlarga Allohdan fazlu marhamat yetsa (ya’ni g‘alabaga erishsangiz), u go‘yo (ilgari) sizlar bilan o‘zining orasida hech qanday tanishlik bo‘lmagandek «koshkiydi, men ham o‘shalar bilan birga bo‘lib, ulug‘ zafar (va o‘ljalar)ga erishsam edi», deyishi aniqdir.

74. Alloh yo‘lida bu hayoti dunyo evaziga oxiratni sotib oladigan zotlar jang qilsinlar. Kim Alloh yo‘lida jang qilib o‘ldirilsa yoki g‘alaba qilsa, unga ulug‘ mukofot ato etajakmiz.

Qayd etilgan