Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 865843 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 61 B


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:40:32



135. Ey mo‘minlar, adolat bilan turguvchi hamda o‘zlaringning yoki ota-ona va qarindosh-urug‘larning zarariga bo‘lsa-da, Alloh uchun to‘g‘ri guvohlik berguvchi bo‘linglar! U (ya’ni guvohlik beriluvchi) boy bo‘ladimi, kambag‘al bo‘ladimi, har ikkisiga ham Allohning O’zi (sizlardan ko‘ra) yaqinroqdir. Bas, adolat qilmasdan nafsi havoga ergashib ketmanglar. Agar tillaringni burib (noto‘g‘ri guvohlik bersanglar) yoki (guvohlik berishdan) bosh tortsanglar, albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lgan zotdir.

136. Ey mo‘minlar, Allohga, uning payg‘ambariga va shu payg‘ambariga nozil qilgan Kitobiga hamda ilgari nozil bo‘lgan Kitoblariga iymoningiz komil bo‘lsin. Kimki Allohga, farishtalarga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga ishonmasa, demak, u juda qattiq adashibdi.

137. Albatta iymon keltirib, so‘ng kufrga qaytgan, keyin yana iymonga kelib, so‘ngra yana kofir bo‘lgan, keyin esa kufrlari yanada zyyoda bo‘lgan kimsalarni Alloh hargiz mag‘firat qilmaydi va ularni zinhor haq yo‘lga hidoyat qilmaydi.

138. Bunday munofiqlarga ular uchun alamli azob borligidan «xushxabar» berib qo‘ying!

139. Ular mo‘minlarni qo‘yib kofirlarni do‘st tutadilar. Ular o‘sha kofirlar oldidan kuch-qudrat izlaydilarmi?! (Ovora bo‘ladilar!) Zero, bor kuch-qudrat Allohnikidir.

140. Axir Alloh sizlarga Kitobda: «Qachonki Allohning oyatlari inkor qilinayotganini va masxara qilinayotganini eshitsangizlar, to boshqa gapga o‘tmagunlaricha unday kimsalar bilan birga o‘tirmanglar», degan so‘zlarni nozil qilgan edi-ku?! (Modomiki, ular bilan o‘tirgan ekansiz), demak, sizlar ham shak-shubhasiz ularning o‘zisiz. Albatta, Alloh barcha munofiq va kofirlarni jahannamga jamlaguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:41:06



141. Ular (ya’ni munofiqlar) sizlarga ko‘z tikib turadilar. Agar sizlarga Alloh tomonidan fathu zafar bo‘lsa: «Biz ham sizlar bilan bir dindamiz-ku», deydilar. Agar g‘alaba kofirlarga nasib bo‘lsa: «Biz sizlardan ustun bo‘lgan va sizlarni mo‘minlardan himoya qilgan emasmidik?» — deyishadi. Endi qiyomat kunida Alloh o‘rtalaringda hakamlik qilur. Va Alloh hargiz kofirlar uchun mo‘minlar ustiga yo‘l bermagay.

142. Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar, holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir. Va qachon namozga tursalar dangasalik bilan, xo‘jako‘rsinga turadilar va Allohni kamdan-kam yodga oladilar.

143. Ular na uyoqlik, na buyoqlik bo‘lmay ikki orada sarson holda qolganlar. Kimniki Alloh yo‘ldan ozdirsa siz unga biron yo‘l topib bera olmaysiz.

144. Ey mo‘minlar, mo‘minlarni qo‘yib, kofirlarni do‘st tutmanglar! Alloh uchun o‘z zararlaringizga ochiq hujjat qilib berishni istaysizmi?

145. Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng tuban joyida bo‘lurlar. Va ular uchun biron madadkor topa olmaysiz!

146. Magar tavba kilib o‘zlarini o‘nglagan va Allohga bog‘lanib, dinlarini Alloh uchun xolis qilgan zotlar — ana o‘shalargina mo‘minlar bilan birga bo‘lurlar. Yaqinda Alloh mo‘minlarga ulug‘ ajr ato etajak!

147. Agar shukr qilib, iymonli bo‘lsangizlar, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Axir Alloh (bandalarining toat-ibodatlariga savob ato etish bilan) shukr qilguchi va bilguvchi bo‘lgan zot-ku?!

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:41:48

OLTINCHI JUZ’
*************************



148. Alloh yomon so‘zlarning (ya’ni duoibadning) oshkora aytilishini suymaydi. Magar mazlum tomonidan bo‘lsa (joizdir), Alloh eshitguvchi, bilguvchi bo‘lgan zotdir.

149. (Ey mo‘minlar), xoh oshkora, xoh yashirincha biron yaxshilik qilsangiz yoki biron yomonlikni afv qilib yuborsangiz (Alloh suygan bandalardan bo‘lursiz). Zero, Alloh qudrat egasi bo‘lgani holda afv qilishda barqaror bo‘lgan zotdir.

150-151. Albatta, Alloh va payg‘ambariga ishonmaydigan, Alloh bilan payg‘ambarlarining oralarini ajratishni istaydigan (ya’ni Allohta ishonib, payg‘ambarlarini inkor qiladigan) va «ayrim payg‘ambarlarga ishonamiz, ayrimlariga ishonmaymiz», deydigan hamda ora yo‘lni tutishni istaydigan kimsalar — ana o‘shalar haqiqiy kofirdirlar. Bunday kofirlar uchun xor qilguvchi azobni tayyorlab qo‘yganmiz.

152. Alloh va payg‘ambarlariga iymon keltirgan hamda ulardan birontasini ajratib qo‘ymagan zotlarga esa yaqinda (Alloh) munosib mukofotlarini ato etajak. Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.

153. (Ey Muhammad), ahli Kitob sizdan ko‘kdan bir Kitob tushirishingizni so‘raydi. Musodan bundan ham kattaroq narsani so‘ragan edilar: «Bizga Allohni ochiq ko‘rsat», deyishgan edi. Shunda zolimliklari sababli ularni chaqmoq urgan edi. So‘ngra ularga aniq-ravshan hujjatlar kelganidan keyin buzoqni xudo qilib olishdi. Buni ham afv etdik va Musoga ochiq hujjat ato etdik.

154. Ahdni buzganlari sababli ustlariga Tur tog‘ini ko‘tardik va ularga: «Bu darvozadan sajda qilgan holingizda kiringiz», dedik. Yana ularga: «Shanba kunlari (baliq ovlash bilan) haddingizdan oshmang», dedik hamda ulardan qattiq ahd-paymon oldik.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:42:09



155. So‘ngra ahdu paymonlarini buzganliklari, Allohning oyatlarini inkor qilganliklari, payg‘ambarlarni nohak o‘ldirganliklari va: «Dillarimiz qulf», deganliklari sababli (Biz ularni la’natladik). Yo‘q! Balki kufrlari sababli Alloh ularning dillarini muhrlab qo‘ygandir. Bas, kamdan-kamlari iymon keltiradilar.

156-157. Yana kofirliklari va Maryam xususida ulug‘ bo‘hton qilganliklari sababli hamda Allohning payg‘ambari bo‘lgan al-Masih Iyso binni Maryamni «bizlar o‘ldirganmiz», degan so‘zlari sababli (Biz ularni la’natladik). Holbuki, ular uni o‘ldirganlari ham, osganlari ham yo‘q. Faqat ular uchun (boshqa birov Iysoga) o‘xshatib qo‘yildi, xolos. Albatta, Iyso haqida talashib-tortishgan kimsalar uning (o‘ldirilgan-o‘ldirilmagani) haqida shubhada qolganlar. U haqda faqat gumonlarga beriladilar, xolos. Uni o‘ldirmaganlari aniqdir.

158. Balki uni Alloh o‘z huzuriga ko‘targandir. Alloh qudrat va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

159. Har bir axli Kitob o‘limi oldidan unga (ya’ni Iysoga) albatta iymon keltirur. Qiyomat kunida esa u bularning zarariga guvoh bo‘lur.

160—161. Yahudiy bo‘lgan kimsalarning zolimliklari va ko‘p kishilarni Alloh yo‘lidan to‘sganlari sababli, yana man’ etilgan bo‘lsalar-da, sudxo‘rlik qilganlari va odamlarning mollarini nohaq yeganlari sababli ularga oldin halol qilingan narsalarni harom qilib qo‘ydik. Va ulardan kofir bo‘lgan kimsalar uchun alamli azobni tayyorlab qo‘ydik.


I z o h. Yahudiylar uchun ilgari Isroil, ya’ni Ya’qub payg‘ambar o‘ziga harom qilib olgan tuya go‘shti va sutidan boshqa hamma taomlar halol edi. Keyin o‘z payg‘ambarlariga itoat qilmay zulm-tajovuzkorlik yo‘llariga o‘tishgach, ular uchun Tavrotda ko‘p narsalar, jumladan, qo‘y-mollarning yog‘lari ham harom qilindi. Bu haqda boshqa suralardagi oyatlarda yana tafsilotlar keladi.

162. Lekin ularning orasidan ilmda mustahkam bo‘lgan zotlar hamda sizga nozil qilingan narsaga va sizdan ilgari nozil qilingan narsalarga iymon keltiradigan mo‘minlar, xususan namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado qilguvchilar va Alloh va oxirat kuniga iymon keltiruvchilar — ana o‘shalarga ulug‘ mukofot ato etajakmiz.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:42:31



163. (Ey Muhammad), albatta Biz Nuhga va undan keyingi payg‘ambarlarga vahiy yuborganimiz kabi sizga ham vahiy yubordik. Yana Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va uning urug‘-avlodi, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymon payg‘ambarlarga ham vahiy yuborganmiz. Dovudga Zaburni ato etdik.

164. Ayrim payg‘ambarlar haqida sizga ilgari hikoya qildik, ayrim payg‘ambarlarni esa sizga hikoya qilganimiz yo‘q. Muso bilan Allohning O’zi (bevosita) gaplashdi.

165. Toki bu payg‘ambarlar o‘tganlaridan keyin odamlar uchun Allohga qarshi hujjat bo‘lib qolmasligi uchun payg‘ambarlarni (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltuvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) qo‘rqituvchi qilib yubordik. Alloh qudrat va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

166. Lekin Alloh sizga o‘z bilimi bilan nozil qilgan narsaga guvohlik berur. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Allohning O’zi yetarli guvohdir.

167. Albatta, kofir bo‘lgan va Allohning yo‘lidan to‘sgan kimsalar qattiq adashgandirlar.

168. Albatta, kufr yo‘liga kirib, jabru zulm qilgan kimsalarni Alloh hargiz kechirmaydi va zinhor haq yo‘lga hidoyat qilmaydi.

169. Magar ularni jahannam yo‘liga ravona qilur va ular u joyda abadiy qolajaklar. Bu Allohga osondir.

170. Ey odamlar, bu payg‘ambar sizlarga Parvardigoringizdan haq dinni keltirdi. Bas, iymon keltiringiz, o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Agar inkor qilsanglar (o‘zingizga zarar qilasiz, xolos). Zero, Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:43:05



171. Ey ahli Kitob, (Iysoni xudo deyish bilan) diningizda haddingizdan oshmangiz! Alloh sha’niga esa faqat haq gapni aytingiz! Albatta, al-Masih Iyso binni Maryam faqat Allohning payg‘ambari va Uning Maryamga yetkazgan so‘zi hamda uning tomonidan bo‘lgan ruh (sohibidir), xolos. Bas, Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltiringiz! «(Tangri) uchta (ya’ni, Alloh, Maryam va Iyso uchalalari ham tangrilardir)», demangiz! (Bunday botil e’tiqoddan) to‘xtangiz, shunda o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Hech shak-shubhasiz Alloh yakka-yagonadir. U farzandlik bo‘lishdan pok bo‘lgan zotdir. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Unikidir. Allohning O’zi yetarli vakildir.

172. Masih ham, Allohga yaqin qilingan farishtalar ham Allohga banda bo‘lishdan zinhor or qilmaydilar. Kimki Unga bandalik qilishdan or qilsa va kibru havo qilsa, bas, ularning barchasini O’z huzuriga jam’ qilajak.

173. Ana o‘shanda iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan kishilarning mukofotlarini komil qilib berib, yana O’z fazlu karamidan qo‘shimcha ham qilur. Ammo or qilgan, kibru havo qilgan kimsalarni esa alamli azob bilan azoblaydi va ular o‘zlari uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir madadkor topolmaslar.

174. Ey odamlar, sizlarga Parvardigoringizdan hujjat keldi. Va Biz sizlarga ravshan nurni nozil qildik.

175. Allohga iymon keltirib, Unga bog‘langan zotlarni o‘z tomonidan bo‘lgan rahmat va fazlu marhamatga (ya’ni jannatga) doxil qilur. Va ularni O’zining to‘g‘ri yo‘liga yo‘llagay.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:43:36



176. (Ey Muhammad), Sizdan fatvo so‘raydilar. Ayting: «Alloh sizlarga na ota va na bolasi bo‘lmagan odam to‘g‘risida fatvo berur: agar farzandsiz bo‘lgan yolg‘iz bir erkak o‘lsa, (agar) uning singlisi bo‘lsa (akasi), qo‘yib ketgan merosning yarmini olur. Agar singlisining farzandi bo‘lmasa, aka unga merosxo‘r bo‘lur. Agar singillar ikkita bo‘lsa, ular uchun aka qoldirgan narsadan uchdan ikkisi tegur. Agar merosxo‘rlar aka-singillar bo‘lsa, bir erkak uchun ikki ayol hissasi berilur. Adashib ketmasliklaring uchun Alloh sizlarga (O’z hukmlarini) bayon qilur. Alloh hamma narsani bilguvchidir».


MOIDA SURASI

Qur’onning eng so‘nggi suralaridan sanaluvchi bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, bir yuz yigirma oyatdan iboratdir. Unda shariat ahkomlari batafsil bayon etilishi bilan birgalikda, e’tiqod mavzui va ahli kitob haqida ham so‘z yuritiladi. Ushbu surada kishilar o‘rtasidagi aqd (bitim, kelishuv) muomalalari; go‘shti halol bo‘lgan hayvonlarni so‘yish masalalari; ov haqidagi hukmlar: haj va umra kabi ibodatlar uchun shart bo‘lgan ihrom bayoni; ahli kitoblardan bo‘lgan ayollarga uylanish joizligi xususidagi xukmlar; tahorat qoidalari; o‘g‘rilik, zo‘ravonlik va buzg‘unchilik jinoyatlarining jazolari; ichkilik va qimor to‘g‘risidagi so‘nggi-qat’iy xukm va shariati islomiyyaning yana boshqa ko‘pdan-ko‘p hukm va qonunlari haqida mufassal ma’lumot beriladi.

Bundan tashqari bu surada bizlarga pand-nasihat va ibrat bo‘ladigan qissalar hikoya qilinadi. Shunday qissalardan biri Bani Isroilning o‘z payg‘ambarlari Muso alayhis-salom bilan bo‘lgan mojarolari bo‘lib, unda yahudiylar iymonsiz va qo‘rqoqliklari sababli payg‘ambar so‘ziga kirmay, oqibatda qirq yillab cho‘lu sahrolarda sarson-sargardon bo‘lib yurganlari aytiladi.

Yana bir qissada esa Odamning ikki farzandi — Qobil va Hobil o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mujodala — Qobil o‘z birodari Hobilni nohaq o‘ldirgani to‘g‘risida xabar berilib, bu qissa orqali yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi doimiy kurash tasvirlanadi. Bu fojea yer yuzidagi nohaq qon to‘kilish fojealarining birinchisi edi.

Yana Iyso payg‘ambarga berilgan mo‘‘jizalardan biri — osmondan moida (dasturxon) tushgani voqeasi ham borki, suraning «Moida» deb atalishining boisi shudir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey mo‘minlar, aqdlarga (o‘zaro kelishgan bitimlarga) vafo qilingiz! Sizlar uchun — ihromda turib ov ovlashni halol qilib olmagan holingizda — (quyidagi oyatlarda haromligi) tilovat qilinadigan narsalardan boshqa chorva hayvonlari halol qilindi. Albatta, Alloh O’zi istagandek hukm qilur.

I z o h. Bu oyatni shunday tushunmoq lozim. Mo‘minlar uchun shu suraning uchinchi oyatida tilovat qilinadigan harom o‘lgan hayvon, qon, to‘ng‘iz go‘shti va boshqa narsalardan tashqari tuya, mol, qo‘y kabi chorva hayvonlarini so‘yib iste’mol etish halol etilgandir. Lekin haj ibodatini ado qilish niyatida ihrom bog‘lagan — ya’ni maxsus libos kiygan kishi uchun har qanday jonivorni ovlash yoki so‘yish haromdir.

2. Ey mo‘minlar, Alloh buyurgan udumlarni buzishni, urush harom qilingan oyda jang qilishni, Alloh yo‘lida hadya etilgan hayvonlarni o‘ldirishni va ularga osib qo‘yilgan hadyalik belgilarini uzib tashlashni hamda Parvardigorlaridan fazlu marhamat va rizolik tilab Baytul-haromni (Ka’bani) maqsad qilib ketayotgan kishilarga qarshi (jang qilishni) halol qilib olmangiz! (Ihromdan chiqib) halol bo‘lgach ov qilaveringiz. (Sizlarni Ka’badan to‘sganlari sababli) biron qavmni yomon ko‘rishingiz haddingizdan oshishingizga tortmasin! Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:44:17



3. Sizlarga o‘laksa, qon, to‘ng‘iz go‘shti, Allohdan boshqa birovning yo‘lida so‘yilgan narsa, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, baland joydan qulab o‘lgan, (boshqa biron hayvon bilan) suzishib o‘lgan va yirtqich hayvon tishlab o‘ldirgan jonivorlar harom qilindi. Magar (bu jonivorlarni joni chiqmasdan turib) so‘yib yuborishga ulgurib qolgan bo‘lsangiz, haloldir. Yana butlarga atab so‘yilgan hayvonlar (go‘shtini iste’mol qilish) va (fol) cho‘plardan qismatingizni so‘rashingiz (ham sizlarga harom qilindi). Zotan bu ishlaringiz itoatsizlikdir.

I z o h . Islom kelishidan ilgari arablar har turli fol ochishlarga juda berilgan edilar. Shulardan biri — ularning doimo yonlarida uchta bir xil cho‘pni olib yurishlari edi. U cho‘plarning biriga: «Qilgin», yana biriga «Qilmagin», deb belgi qo‘yilgan, uchinchisiga esa hech narsa yozilmagan bo‘lardi. Qachon biron ishni ado etmoqchi bo‘lsalar, o‘sha cho‘plardan fol so‘rardilar. Islom bunday xurofotlarni man’ qildi.

Bugun endi kofir bo‘lgan kimsalarning sizlarni diningizdan (chiqarishdan) umidlari uzildi. Bas, ulardan qo‘rqmangiz, Mendan qo‘rqingiz! Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne’matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim. Bas, kimki ocharchilikda, gunoh tomonga og‘magan holida (mazkur harom qilingan narsalarni yeyishga) majbur bo‘lsa (Alloh kechirar). Zero, Alloh mag‘firatli, mehribondir.

4. (Ey Muhammad, mo‘minlar) Sizdan o‘zlari uchun nimalar halol qilinganini so‘raydilar. Ayting: «Sizlar uchun barcha pokiza narsalar va yana sizlarning ta’limingizni olgan jonivorlarning — Alloh sizlarga bildirgan narsalardan bildirib qo‘lga o‘rgatgan jonivorlarning (tutib keltirgan ovlari) halol qilindi. Bas, ular sizlar uchun ushlab keltirgan narsalarni yeyaveringlar va (ularni ovga qo‘yib yuborayotganlaringda) Allohning nomini zikr qilinglar! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh juda tez hisob-kitob qilguvchi zotdir.

5. Bugun sizlar uchun barcha pokiza narsalar halol qilindi. Kitob berilgan kimsalarning taomlari sizlar uchun haloldir va sizlarning taomlaringiz ular uchun haloldir. Qachonki zino qilmay va yashirin o‘ynash tutmay mahrlarini berib uylansangiz, sizlar uchun mo‘minalar orasidan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar va sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir. Kimki iymonidan qaytsa, uning qilgan amali behuda ketishi aniqdir va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilar toifasidandir.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:44:46



6. Ey mo‘minlar, namozga turganingizda yuzlaringizni hamda qo‘llaringizni chig‘anoqlarigacha yuvingiz, boshlaringizga masx tortingiz (ya’ni nam qo‘llaringiz bilan silangiz) va oyoqlaringizni oshiqlarigacha yuvingiz! Agar junub bo‘lsalaringiz, cho‘milingiz! Agar bemor yo musofir bo‘lsangiz yoki sizlardan birov hojatxonadan chiqqan bo‘lsa yoxud xotinlaringizga qo‘shilgan bo‘lsalaringiz va (mazkur holatlarda) suv topa olmasangiz, pokiza tuproq bilan tayammum qilingiz (ya’ni yuzingiz va qo‘llaringizni pokiza tuproq bilan silangiz). Alloh sizlarga mashaqqat qilmoqni istamaydi, balki sizlarni poklashni va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga O’z ne’matini komil qilib berishni istaydi.

7. Allohning sizlarga bergan ne’matini va: «Eshitdik va itoat qildik», degan paytingizda sizlar bilan bog‘lagan ahd-paymonini eslangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh dillarni egallagan (sirlarni) bilguvchidir.

8. Ey mo‘minlar, Allohning O’zi uchun haq yo‘lni tutguvchi, adolat bilan shahodat guvohlik berguvchi bo‘lingiz! Biron qavmni yomon ko‘rishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin! Adolat qilingiz! Shu taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

9. Alloh iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun mag‘firat va ulug‘ ajr bo‘lishini va’da qildi.

Qayd etilgan


Muhammad  08 Avgust 2006, 08:45:18



10. Kofir bo‘lgan va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar esa jahannam egalaridir.

11. Ey mo‘minlar, Allohning sizlarga bergan ne’matini — bir qavm sizlarga qo‘l ko‘tarishni (ya’ni halok qilishni) qasd qilganida ularning qo‘llarini sizlardan qaytarganini eslangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Iymonli kishilar yolg‘iz Allohgagina suyansinlar!


I z o h . Ushbu oyat nozil bo‘lishining sababi xususida bir necha rivoyatlar mavjud. Shulardan biri «Sahihul-Buxoriy»da keltirilgan hadisdir: payg‘ambar alayhis-salom sahobalar bilan ketayotib bir daraxtzor manzilga qo‘ndilar. Dam olish uchun har kim har tarafga tarqalib ketdi. Rasululloh yolg‘iz o‘zlari bir daraxt soyasida yonboshlab, endi ko‘zlari ilinganda bir sharpadan uyg‘onib ketdilar. Qarasalar, tepalarida bir a’robiy (tog‘lik dinsiz arablardan) o‘zlarining qilichlarini yalang‘ochlab chopmoqchi bo‘lib turibdi. Rasululloh uyg‘onib ketganlarini ko‘rgach, u: «Endi seni mendan kim saqlay oladi?!» — dedi. Payg‘ambar alayhis-salom esa xotirjamlik bilan: «Alloh», deb javob qildilar. Shunda a’robiy birdan bo‘shashdi va qilichni tashlab, payg‘ambar alayhis-salom yonlariga o‘tirdi. Shovqinni eshitib yetib kelgan ayrim sahobalar esa bu holdan lolu hayron bo‘lib qoldilar. Mazkur oyat Allohning o‘ziga suyangan kishilarni Alloh saqlaydi, deb uqtiradi.

12. Alloh Bani Isroilning ahd-paymonini oldi va o‘zlaridan o‘n ikki boshliqni (Muso bilan birga, Shom zaminini maskan tutgan kofirlarga qarshi jang qilish uchun) jo‘natib, Alloh aytdi: «Albatta Men sizlar bilan birgaman. Qasamki, agar namozni to‘kis ado qilsangiz, zakotni (haqdorlarga) ato qilsangiz, payg‘ambarlarimga iymon keltirib, yordam bersangiz va (beva-bechoralarga yaxshilik — ehson qilish bilan) Allohga qarzi hasana bersangiz (yaxshilik bilan qarzdor qilsangiz), albatta yomonliklaringizni (ya’ni qilgan gunohlaringizni) o‘chirurman va albatta sizlarni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga dohil qilurman. Mana shu ahd-paymondan keyin sizlardan kimki kofir bo‘lsa, uning to‘g‘ri yo‘ldan ozgani aniqdir».

13. So‘ng ahd-paymonlarini buzganlari sababli ularni la’natladik va toshbag‘ir qilib qo‘ydik. Ular (Tavrotdagi Muhammad alayhis-salomning payg‘ambar bo‘lishlari haqidagi) so‘zlarini o‘z o‘rinlaridan o‘zgartiradilar, o‘zlariga eslatma qilib berilgan narsalardan esa (ko‘p) hissasini unutib yuborganlar. (Ey Muhammad), siz mudom ular tarafidan qilingan biron xiyonat ustidan chiqasiz. Magar ulardan (Islomni qabul qilgan) ozchilik kishilargina xiyonat qilmaydilar, xolos. Bas, ularni afv etib, kechirib yuboravering. Albatta, Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi.

Qayd etilgan