Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465498 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:49:43



19. Ayting (so‘rang): «Qay narsa eng ulug‘ guvoh bo‘lur?» Ayting: «Alloh. U men bilan sizlarning o‘rtamizda guvoxdir. Sizlarni va Qur’on-etib borgan kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishim uchun menga — mana shu Qur’on vahiy qilindi. Sizlar haqiqatan xam: «Alloh bilan birga boshqa xudolar ham bor, deb guvoxlik bera olasizmi?» Ayting: «Men bunday guvoxlik bermayman!» Ayting: «Hech shak-shubhasiz Alloh yakkayu yagonadir. Albatta men sizlarning shirkingizdan pokman».

20. Biz kitob ato qilgan kimsalar (ya’ni yahudiy va nasroniylar) uni (Muhammad payg‘ambarni) o‘z bolalarini tanigan kabi taniydilar. O’zlariga ziyon qilgan kimsalargina iymon keltirmaydilar.

21. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta, bunday zolimlar najot topmaslar.

22. Ularning barchalarini to‘plab, so‘ngra mushrik bo‘lgan kimsalarga sizlar: «(Allohning sheriklari deb) gumon qilgan butlaringiz qani?!» — deb so‘raydigan Kunimizni (eslang)!

23. Keyin ularning aldov-yolg‘onlari faqat shu bo‘lur: «Parvardigorimiz Allohga qasamki, bizlar mushrik emas edik».

24. (Ey Muhammad), ular (barcha sirlarni bilguvchi bo‘lgan Alloh taolo huzurida yolg‘on so‘zlash bilan) o‘zlarini qanday aldaganliklarini va to‘qib olgan «xudolari» yo‘q bo‘lib qolganligini ko‘ring!

25. Ulardan sizga quloq tutadiganlari ham bor, (lekin) Biz uni (Qur’onni) anglamasliklari uchun dillarini pardalab, quloqlarini og‘ir qilib qo‘ydik. Ular bor oyatlarni (mo‘‘jizalarni) ko‘rsalar ham, u (oyat)larga iymon keltirmaydilar. Hattoki siz bilan janjallashgani oldingizga kelgan paytlarida ham, kofir bo‘lgan kimsalar: «Bu (Qur’on) faqat avvalgilardan qolgan afsonalar, xolos», deydilar.

26. Ular (o‘zgalarni) undan (Qur’ondan) qaytaradilar va o‘zlari ham undan chetlanadilar. Ular o‘zlari sezmagan hollarida faqat o‘zlarini halok qiladilar, xolos.

27. (Ey Muhammad), ularni do‘zax ustida turg‘azib qo‘yilgan paytlarida: «Orzu edi, (dunyoga) qaytarilsak va Parvardigorimizning oyatlarini yolg‘on demay, mo‘minlardan bo‘lsak», deganlarini ko‘rsangiz edi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:50:01



28-29. Yo‘q, (iymonga kelmaydilar. Faqat hozir) ularga ilgari yashirib yurgan narsalari oshkor bo‘lib qoldi, xolos. Agar (dunyoga) qaytarilsalar, shubhasiz, o‘zlari, man’ qilingan ishlarga qaytadilar — albatta ular yolg‘onchidirlar — va: «Hayot faqat dunyodagi hayotimizdir. Biz hech qayta tirilguvchi emasmiz», deb aytadilar.

30. Ularni Parvardigorlari huzurida turg‘azib qo‘yilgan paytlarida, Alloh: «Mana shu tirilish haq emasmi?!» — deganida, ular: «Parvardigorimizga qasamki, haq ekan», deganlarini, Alloh esa: «Mana endi kofir bo‘lib o‘tganingiz sababli azob chekingiz!» — deb javob qilganini ko‘rsangiz edi.

31. To to‘satdan qiyomat kelib qolganda, ustlariga gunohlarini orqalab olgan hollarida: «U (dunyo)da qilgan sustkashligimizga hasrat-nadomatlar bo‘lg‘ay», deb qoladigan paytlarigacha Allohga ro‘baro‘ bo‘lishni yolg‘on deb yurgan kimsalar o‘zlariga ziyon qiladilar. Ular naqadar yomon narsani orqalab yuradilar-a!

32. Bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgidir, xolos. Albatta, Allohdan qo‘rqadigan kishilar uchun oxirat diyori yaxshiroqdir. Aql yurgazmaysizlarmi?!

33. (Ey Muhammad), ularning gaplari shak-shubhasiz sizni mahzun qilishini bilurmiz. Zotan, ular sizni yolg‘onchi qilmaydilar, balki bu zolimlar Allohning oyatlarini inkor qiladilar.

34. Ma’lumki, sizdan avvalgi payg‘ambarlar ham yolg‘onchi qilinganlar. Bas, to ularga Bizning yordamimiz kelgunicha yolg‘onchi qilinganlari va ozorlanganlariga sabr qilganlar. Allohning («Payg‘ambarlarimni O’zim qo‘llagayman») degan so‘zlarini o‘zgartira olguvchi biron kimsa yo‘qdir. Axir sizga (ey Muhammad), o‘tgan payg‘ambarlarning ayrim xabarlari kelgan-ku!

35. Agar sizga ularning yuz o‘girishlari og‘ir botib (sabr qila olmasangiz), u holda yerga (kirib ketadigan) biron teshik yoki osmonga (chiqib ketadigan) biron narvon istab, ularga oyat-mo‘‘jiza (topib) keltirishga qodir bo‘lsangiz (shunday qilavering). Agar Alloh xohlaganda albatta ularni hidoyat ustida birlashtirgan bo‘lur edi-ku! Bas, hargiz johillardan bo‘lmang!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:50:17



36. Albatta, eshita oladigan zotlargina (sizning da’vatingizni) qabul qilurlar. O’liklarni (kofirlarni) esa Alloh tiriltirur. So‘ngra O’ziga qaytarilurlar.

37. «Unga (ya’ni Muhammadga) Parvardigoridan biron oyat-mo‘‘jiza tushirilsa edi», dedilar. Ayting: «Albatta, Alloh (ular istagan) oyatni tushirishga qodirdir. Lekin ularning ko‘plari (o‘sha mo‘‘jiza tushganidan keyin ham inkor qilsalar, qanday balo kelishini) bilmaydilar.

38. Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir. Kitobda (ya’ni taqdiri azal kitobida) biron narsani qo‘ymay (yozganmiz). Keyin hammalari Parvardigorlari dargohiga to‘planurlar.

39. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar zulmatlarda qolgan kar-soqovdirlar. Alloh xoxlagan kishisini adashtirur, xoxlagan kishisini To‘g‘ri yo‘lda (barqaror) qilur.

40. Ayting (ey Muhammad,): «Allohdan o‘zga ilohlar bor» degan so‘zingizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar, xabar beringiz-chi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki qiyomat qoyim bo‘lsa, Allohdan o‘zgaga duo-iltijo qilasizlarmi?!

41. Yo‘q, Uning O’zigagina iltijo qilasizlar, bas, U agar xohlasa, sizlar duo-iltijo qilgan narsani (balo-musibatni) aritur. Allohga sherik deb biladigan butlaringizni esa unutib yuborursizlar.

42. (Ey Muhammad), ma’lumki, sizdan avvalgi millatlarga ham elchilar yuborganmiz. (Elchilarimizni ular yolg‘onchi qilishgach), shoyad tavba-tazarru qilsalar, deb ularni balo va ziyonlar bilan ushlaganmiz.

43. Bizning baloyimiz yetganda ham tazarru qilmadilarmi?! (Albatta tavba-tazarru qilishlari lozim edi), lekin ularning dillari qotib qolgan va shayton qilib yurgan ishlarini o‘zlariga chiroyli ko‘rsatib qo‘ygandir.

44. Endi — o‘zlari uchun eslatma qilib berilgan narsani unutgan vaqtlarida, ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. Qachonki o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida, ularni to‘satdan ushladik. Bas, butunlay nomurod bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:50:35



45. Bas, butun olamlarning Parvardigori Allohga xamd bo‘lsinki, zolim qavmning dumlari qirqildi (halok qilindilar).

46. Ayting (ey Muhammad); «Xabar beringiz-chi, agar Alloh quloq va ko‘zlaringizni tortib olsa va dillaringizni muhrlab qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi bir iloh u a’zolarni sizlarga keltirib berur?» Qarang, Biz oyatlarni qanday bayon qilmoqdamiz, so‘ngra ular yuz o‘girmoqdalar.

47. Ayting: «Xabar beringiz-chi, agar sizlarga Allohning azobi to‘satdan yoki ochiqdan-ochiq (ya’ni kechasi yoki kunduzi) kelsa, zolim qavmdan o‘zga birov halok qilinurmi?! (Yo‘q, faqat zolim qavm, ya’ni sizlar halok qilinursizlar).

48. Biz payg‘ambarlarni faqat (jannat haqida) xushxabar eltguvchi va (do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi bo‘lgan hollardagina yuboramiz. Bas, kimlar iymon keltirib, (o‘zlarini) tuzatsalar, ularga xavfu xatar yo‘qdir va ular g‘amgin bo‘lmaslar.

49. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar esa itoatsiz bo‘lganlari sababli azobga giriftor bo‘lurlar.

50. Ayting (ey Muhammad): «Sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari mavjud», demaymai va g‘aybni ham bilmayman. Yana sizlarga: «Men farishtaman», ham demayman. Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman». Ayting: «Ko‘r bilan ko‘rguvchi (ya’ni yo‘lsiz bilan Allohning yo‘lida yurguvchi) kishi barobar bo‘lurmi?! Tafakkur qilmaysizlarmi?!»

51. (Ey Muhammad), bu (Qur’on) bilan o‘zlari uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir oqlovchi bo‘lmagan holda Parvardigorlari dargohida to‘planishdan qo‘rqadigan zotlarni qo‘rqiting! Shoyad ular (gunoh ishlardan) parhez qilsalar.

52. Ertayu kech Parvardigorlarining yuzini istab, Unga iltijo qiladigan zotlarni (huzuringizdan) haydamang! Sizning zimmangizda ularning hisob-kitoblaridan hech narsa yo‘qdir va sizning hisob-kitobingizdan ularning zimmalarida hech narsa yo‘qdir. Bas, ularni haydab zolimlardan bo‘lib qolmang!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:50:52



53. «Bizlarning oramizdan ana o‘shalarga Alloh in’om qilgan emishmi?» — deyishlari uchun ularning ba’zilarini bazilari bilan ana shunday imtihon qildik. Axir shukr qilguvchilarni Alloh yaxshiroq bilguvchi emas-mi?!

I z o h . Yuqoridagi ikki oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. Ma’lumki, payg‘ambar alayhis-salomga iymon keltirib, itoat etgan kishilarning ko‘pchiligi kambag‘al-bechoralar edi. Ular kechayu kunduz sidqidildan Allohga ibodat qilar edilar. Buni ko‘rgan Makka zodagonlari payg‘ambar alayhis-salomga: «Agar mana shu yalangoyoqlarni huzuringdan xaydaganingda bizlar senga ergashar edik», deyishadi. Shunda payg‘ambarning ko‘ngillari bo‘linmasligi uchun yuqoridagi: «Bas, ularni haydab zolimlardan bo‘lib qolmang!» — degan kalimalar bilan tugallangan oyat nozil bo‘ladi. Keyin esa mushriklar: «Agar Muhammadning yo‘li haq bo‘lganida o‘sha yo‘lga bizlar yurgan bo‘lur edik. Chunki tangri hech qachon bizdek zodagonlarni qo‘yib, u yalangoyoqlarga to‘g‘ri yo‘lni in’om etmaydi», deb da’vo qiladilar. Qur’on bu holni boylarni kambag‘allar bilan imtihon qilish, deb atab: «Axir shukr qilguvchilarni Alloh yaxshiroq bilguvchi emasmi?» deydi.

54. Qachon sizning oddingizga Bizning oyatlarimizga iymon keltiradigan zotlar kelsalar: «Sizlarga tinchlik bo‘lsin, Parvardigoringiz O’z zimmasiga rahmat qilishni yozgandir. Sizlardan kim bilmasdan biron yomonlik (gunoh) qilsa, so‘ngra o‘sha yomonligining ketidan tavba qilib, (o‘zini) tuzatsa, bas, (gunohi kechiriladi), albatta (Alloh) mag‘firatli, mehribondir», deb ayting.

55. (Haqiqiy mo‘minlar kimlar ekani ma’lum bo‘lishi) va jinoyatchi kimsalarning yo‘li oshkor bo‘lishi uchun oyatlarimizni mana shunday mufassal qilurmiz.

56. Ayting: «Men Allohdan o‘zga — sizlar iltijo qilayotgan butlarga bandalik qilishdan qaytarilganman». Ayting: «Sizlarning havoyi-nafslaringizga ergashmayman. Zero u holda yo‘ldan ozurman va hidoyat topguvchilardan bo‘lmay qolurman».

57. Ayting: «Men Parvardigorim tarafidan (Uning yolg‘iz ma’bud ekanligi xususida) aniq hujjatga egaman. Sizlar esa uni yolg‘on dedingiz. Sizlar shoshtirayotgan narsa (ya’ni Allohning azobi) mening ilgimda emas. Hukm qilish faqat Allohning O’ziga xosdir. U faqat haqni so‘ylar. U (haq bilan nohaqni) ajratguvchilarning eng yaxshisidir.

58. Ayting: «Agar sizlar shoshtirayotgan narsa mening ilgimda bo‘lganida edi, albatta sizlar bilan o‘rtamizdagi ish tugagan bo‘lur edi (ya’ni men sizlarni darhol azoblagan bo‘lur edim). Alloh zolimlarni juda yaxshi bilguvchidir».

59. G’ayb ochqichlari Uning huzuridadirkim, ularni yolg‘iz O’zigina bilur. U quruqlik va dengizdagi bor narsalarni bilur. Biron barg shoxidan uzilib tushmas, magar U bilur. Yer tublaridagi har bir don, bor ho‘lu quruq narsa, albatta, Ochiq Kitobda (ya’ni Allohning ilmi azaliysida) mavjuddir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:51:40



60. U kechasi «joningizni oladigan» (ya’ni uyqu beradigan), kunduzi qilgan ishingizni biladigan zotdir. So‘ngra aytilgan ajal (yashash uchun berilgan muhlat) ado qilinishi uchun unda (ya’ni kunduzi) sizlarni «tiriltirur». Keyin O’ziga qaytishingiz bordir. So‘ngra sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur.

61. U bandalari ustida g‘olib bo‘lgan zotdir. Ustingizga (qilgan amallaringizni) yodlab olguvchi farishtalarni elchi qilib yuborur. Qachonki birovingizga o‘lim kelsa, elchilarimiz, sustkashlik qilmagan hollarida, uning jonini olurlar.

62. So‘ngra (bandalar) haqiqiy hojalari — Allohga qaytarilurlar. Ogoh bo‘lingizkim, hukm qilish Uning O’zigagina xosdir va U juda tez hisob-kitob qilguvchidir.

63. Ayting (ey Muhammad): «Qasamki, agar bizga mana shu (balolardan) najot bersa, albatta shukr etguvchilardan bo‘lurmiz, deb oshkora va xufyona tavba-tazarru qilgan holda, iltijolar qiladigan paytingizda, sizlarga quruqlik va dengiz balolaridan kim najot berur?»

64. Ayting: «Allohning O’zi sizlarga u (balo)lardan va barcha g‘amlardan najot berur. So‘ngra sizlar yana shirk keltirursiz!»

65. Ayting: «U sizlarga ustingizdan yo oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga, yoki sizlarni guruh-guruh qilib aralashtirib yuborib, (jangu jadallarda) ayrimlaringizga ayrimlaringizning zararini totdirib qo‘yishga qodir bo‘lgan zotdir». Qarang, anglab yetarmikanlar, deb oyatlarimizni qanday bayon qilmoqdamiz

66-67. Qavmingiz uni (ya’ni Qur’onni) yolg‘on dedi. Holbuki, u haqdir. Ularga ayting: «Men ustingizda vakil — qo‘riqchi emasman. Har bir xabarning o‘z o‘rni bor. Yaqinda bilajaksiz».

68. Qachon Bizning oyatlarimizni (masxara qilishga) kirishayotgan kimsalarni ko‘rsangiz, to boshqa gapga kirishgunlaricha ulardan yuz o‘giring! Endi agar shayton yodingizdan chiqarsa, eslaganingizdan so‘ng bu zolim qavm bilan birga o‘tirmang!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:52:51



69. Taqvo qilguvchi zotlar zimmasida u (qavm)ning hisob-kitobidan hech narsa yo‘q, lekin ular (oyatlarimizni masxara qilishdan) saqlanishlari uchun eslatib qo‘ymoq (lozimdir).

70. Dinlarini o‘yin-hazil qilib olgan, hayoti dunyoga aldanib qolgan kimsalarni tark qiling! Va uni (ya’ni Qur’onni, odamlarga) eslatib qo‘ying! Toki biron jon qiyomat kunida) kasb qilgan (gunohlari) sababli o‘zi uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir oqlovchi bo‘lmagan, agar bor narsani bersa ham — undan qabul qilinmaydigan holda, halokatga tashlanmasin. Qilgan amallari sababli (Allohning azobiga) tashlangan ana o‘sha kimsalar uchun qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir bo‘lganlari sababli alamli azob bordir.

71. Ayting: «Allohdan o‘zga, bizga foyda ham, ziyon ham keltirmaydigan narsaga iltijo qilamizmi va Alloh bizni hidoyat qilganidan so‘ng yana ortimizga qaytarilamizmi? Xuddi jinlar chalib, lol-hayron holda (noma’lum) yerga olib ketgan va do‘stlari: «Kel», deb hidoyatga chorlayotgan kimsaga o‘xshab-a?» Ayting: «Allohning hidoyatigina haq hidoyatdir. Biz barcha olamlar Parvardigoriga bo‘yinsunishga ma’murmiz (amr etilganmiz).

72. (Bizlarga) «Namozni to‘kis ado qilingiz va (Allohdan) qo‘rqingiz» (deb buyurilgandir). U (hammangiz qiyomat kunida) huzuriga to‘planadigan zotdir.

73. U osmonlar va yerni haqqi rost yaratgan zotdir. U: «Bo‘l», degan kuni (barcha narsa paydo) bo‘lur. Uning so‘zi haqdir. Sur chalinadigan (ya’ni qiyomat qoyim bo‘ladigan) kunda podshohlik yolg‘iz Unikidir. U g‘ayb va shahodatni (ya’ni yashirin va oshkora narsalarni) bilguvchidir. U hikmat sohibi va (barcha narsadan) xabardor bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:53:05



74. Eslang (ey Muhammad), Ibrohim otasi Ozarga: «Butlarni xudo qilib olyapsanmi? Men seni va qavmingni ochiq zalolatda deb bilaman», degan edi.

75. Shunday qilib Ibrohimga (o‘zi uchun hujjat qilib olishi) va aniq ishonuvchilardan bo‘lib qolishi uchun osmonlar va yer mamlakatlarini ko‘rsaturmiz.

76. Bas, qachonki uni tun o‘rab olganida yulduzni ko‘rib: «Mana shu Parvardigorim», dedi.


I z o h . Ibrohim alayhis-salom bu so‘zlarni e’tiqod qilib emas, balki yulduz, oy va quyoshni iloh deb sig‘inayotgan mushriklarga tanbeh bo‘lsin, deb aytgandirlar.

U botib ketgach: «Botib ketguvchilarni suymayman», dedi.

77. Bas, qachonki chiqayotgan oyni ko‘rgach: «Mana shu Parvardigorim», dedi. U ham botib ketgach: «Qasamki, agar Parvardigorimning o‘zi meni hidoyat qilmasa, yo‘ldan ozgan qavmdan bo‘lib qolurman», dedi.

78. Bas, qachonki chiqayotgan quyoshni ko‘rgach: «Mana shu Parvardigorim. Mana shu kattaroq-ku!» — dedi. U ham botib ketgach: «Ey qavmim, men sizlarning shirkingizdan pokman.

79. Men haq yo‘lga moyil bo‘lgan holimda, yuzimni osmonlar va yerni yaratgan zotga qaratdim va men mushriklardan emasman», dedi.

80. Qavmi u bilan tortishgan edi: «Men bilan Alloh xususida tortishasizmi?! Axir (Uning O’zi) meni hidoyat qildi-ku?! Men sizlar Allohga sherik qilgan butlaringizdan qo‘rqmayman. (Chunki u butlar hech qanday ziyon yetkaza olmas), magar Parvardigorim xoxlagan narsagina (bo‘lur). Parvardigorim barcha narsani O’z ilmi bilan qamrab olgandir. Eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!» dedi.

81. Sizlar (Alloh) biron hujjat tushirmagan butlarni Allohga shirk qilishdan qo‘rqmaysiz-u, men sizlar Allohga sherik qilib olgan butlaringizdan qanday qo‘rqay?! Agar bilsangiz (ayting-chi), qaysi guruh (qo‘rqmay) xotirjam bo‘lishga haqliroq?»

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:53:20



82. Iymon keltirgan, o‘z iymonlarini zulm (shirk) bilan aralashtirmagan zotlar — ana o‘shalar xotirjam bo‘lguvchidirlar va o‘shalar hidoyat topguvchidirlar.

83. Mana shular Ibrohimga qavmi ustida bergan hujjatlarimizdir. Biz O’zimiz xohlagan kishilarni (mana shunday baland) darajalarga ko‘tarurmiz. Albatta, Parvardigoringiz xikmat egasi va bilguvchidir.

84. Unga (Ibrohimga farzandlari) Ishoq va Ya’qubni hadya etdik. Bularning barchalarini hidoyat qildik. Ilgari Nuhni ham hidoyat qilgan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham hidoyat qildik). Chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.

85. Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyosni (ham hidoyat qildik). Barchalari solih bandalardandir.

86. Ismoil, al-Yasa’ (Yusha’ payg‘ambar), Yunus va Lutni (ham hidoyat qildik) va barchalarini butun olamlardan afzal qildik.

87. Ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va birodarlaridan (ko‘plarini ham afzal qildik). Hamda ularni saylab, To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildik.

88. Bu Allohning hidoyati bo‘lib, u bilan bandalaridan O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Agar ular mushrik bo‘lganlarida kilgan amallari behuda ketgan bo‘lur edi.

89. Ana o‘sha zotlarga Kitob, Hikmat va payg‘ambarlik berganmiz. Bas, agar bu oyatlarni ana ular (ya’ni Makka mushriklari) inkor etsalar, Biz bu oyatlarni inkor qilmaydigan qavm (ya’ni mo‘min-musulmonlar) uchun tayyorlab qo‘yganmiz.

90. Ana o‘sha (yuqorida mazkur bo‘lgan zotlar) Alloh hidoyat qilgan kishilardir. Bas, o‘shalarning yo‘llarigagina ergashing! Ayting (ey Muhammad); «Men sizlardan buning uchun (ya’ni Qur’on uchun) haq so‘ramayman. Bu (Kitob) butun olamlar uchun eslatma (hujjat)dir, xolos».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:53:34



91. (Yahudiylar): «Alloh basharga hech narsa nozil qilgan emas», degan paytlarida, Allohni to‘g‘ri taniy olmadilar. Ayting: «Odamlar uchun nur va hidoyat bo‘lgan holida Muso keltirgan, sizlar daftar qilib olib (ayrim oyatlarni) ko‘rsatib, (Muhammad payg‘ambar haqidagi) ko‘p (oyatlarini esa yashirib yuradigan va (undagi oyatlarda) na o‘zlaringiz va na ota-bobolaringiz bilgan narsalar bayon etilgan Kitobni (Tavrotni) kim nozil qilgan edi?! «Alloh!», deb javob qiling. So‘ngra ularni o‘zlari sho‘ng‘igan noto‘g‘ri yo‘llarida adashgan hollarida tark eting!

92. Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlar (va shaharlarning onasi — markazi bo‘lmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun O’zimiz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga iymon keltiradigan kishilar unga ham iymon keltiradilar va ular namozlarini o‘z vaqtida ado qiladilar.

93. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki o‘ziga hech narsa vahiy qilinmagan holda: «Menga vahiy keldi», degan hamda: «Alloh nozil qilgan narsaning mislini (o‘xshashini) men ham nozil qila olaman», deb da’vo etgan kimsalardan ham zolimroq kim bor? (Ey Muhammad), bu zolimlarni o‘lim girdobida qolgan, o‘lim farishtalari qo‘llarini cho‘zib: «Jonlaringizni beringiz! Bu kun — Alloh sha’niga nohaq gaplarni aytganingiz va Uning oyatlaridan yuz o‘girib, kibru havo qilganingiz sababli xorlik azobi bilan jazolanadigan kuningizdir», deb turgan paytda bir ko‘rsangiz edi.

94. Mana, Bizning huzurimizga sizlarni avval-boshda qanday yaratgan bo‘lsak, shunday yolg‘iz holda keldingiz. Sizlarga bergan narsalarimizni ortingizda qoldiribsiz. Sizlar bilan birga o‘zingizcha Allohga sherik deb gumon qilgan — oqlovchilaringizni ham ko‘rmayapmiz. O’rtalaringiz (orangiz) uzilib qolibdi. Ishonib yurgan narsalaringiz — butlaringiz sizlardan yo‘q bo‘libdi!

Qayd etilgan