Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465450 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:53:50



95. Albatta, Alloh don va urug‘larni yorib-undirguvchidir. U o‘likdan tirikni chiqarur, o‘likni tirikdan chiqarguvchidir. Ana o‘sha zot Allohdir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!

I z o h. Ulamolarning aytishlaricha, bu oyat qayta tirilish — oxirat borligiga dalildir. Ular — ulamolar: «Jonsiz nutfa yoki tuxumdan inson yoki parrandalarni chiqargan, inson, parrandalardan esa o‘sha jonsiz narsalarni chiqaradigan tangri shubhasiz tuproqqa aylangan jasadlarni ham qayta tiriltirishga qodirdir», deydilar.

96. (U zulmatni yorib) tongni chiqarguvchidir. U kechani sukunat — orom qilib qo‘ydi, quyosh va oyni esa hisob o‘lchovi qildi. Bu qudratli va bilguvchi zotning o‘lchovidir.

97. U quruqlik va dengiz zulmatlarida yo‘l topishingiz uchun sizlarga yulduzlarni yaratib qo‘ygan zotdir. Biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qildik.

98. U sizlarni bir jondan (Odam alayhis-salomdan) paydo qilgan zotdir. Bas, (sizlar uchun ona qorni) qarorgoh va (ota pushti) omonat turadigan joydir. Anglaydigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qildik.

99. U osmondan suv tushirgan zotdir. Bas, u suv yordamida har turli nabototni chiqardik. Undan esa giyoxlarni chiqardik. Undan (giyohdan) ustma-ust bo‘lgan donlarni (ya’ni boshoqlarni) chiqarurmiz. Xurmo novdalaridan (yig‘ib-terib olguvchilar uchun) yaqin boshlar-gujumlar (bo‘lur). Yana uzumzor toklarni hamda (barglari) bir-biriga o‘xshagan, (mevalari esa) o‘xshamaydigan zaytun va anorlarni (chiqarurmiz). (Ey insonlar), ularning har birini meva tukkan paytidagi mevasiga va keyin pishgan holiga boqing! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-mo‘‘jizalar mavjuddir.

100. Allohga jinlarni sherik qildilar (ya’ni jinlarni ham xudo deb bildilar). Holbuki, ularni (Allohning) O’zi yaratgan edi. Yana Uning uchun bilmagan hollarida o‘g‘il-qizlar «yasab» oldilar. U zot bular sifatlayotgan narsalardan (sheriklar va bolalardan) pok va yuksakdir.

101. U osmonlar va yerni paydo qilguvchidir. Uning jufti yo‘q-ku, qayoqdan bolasi bo‘lsin! U hamma narsani yaratdi va U hamma narsani bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:54:01



102. Mana shu Alloh Parvardigoringizdir. Hech handay iloh yo‘q, magar Uning o‘zi bordir. U hamma narsani yaratguvchidir. Bas, Unga bandalik qilingiz! U hamma narsaning ustidagi vakil - muhofaza qilguvchidir.

103. Ko‘zlar unga yeta olmas. U ko‘zlarga yetar! U mehribon va (har narsadan) ogoh zotdir.

104. Sizlarga Parvardigoringizdan hujjatlar kelmishdir. Kim (ularni) ko‘rsa, o‘zi uchun ko‘rur. Kim ko‘r bo‘lib olsa, o‘ziga ziyondir. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman.

105. (Kofirlar: «Avvalgi kitoblardan» o‘rganib olgansan), deyishlari uchun va biladigan qavmga ravshan qilib berish uchun — oyatlarimizni mana shunday bayon qilurmiz.

106. (Ey Muhammad), Parvardigoringizdan sizga vahiy qilingan narsalarga ergashing! Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zi bordir. Mushriklardan yuz o‘giring!

107. Agar Alloh xohlaganida, ular mushrik bo‘lmagan bo‘lur edilar. Biz sizni ularning ustida qo‘riqchi qilib qo‘yganimiz yo‘q. Siz ularning ustida vakil ham emassiz!

108. Allohdan o‘zgaga siginadigan kimsalarni (butlarini) so‘kmangiz! U holda ular hadlaridan oshib, johillik bilan Allohni so‘kurlar. Har bir millatga o‘zlari qilgan amalni mana shunday chiroyli ko‘rsatib qo‘yganmiz. So‘ngra Parvardigorlariga qaytmoqlari bor. Bas, U zot ularga qilib o‘tgan amallarining xabarini berur.

109. Ular agar biron oyat - mo‘‘jiza kelsa, albatta iymon keltirishlari haqida jon-jahdlari bilan Alloh nomiga qasam ichdilar. Ayting: «Oyatlar faqat Allohning huzuridadir». Qaerdan bilursizlar (ehtimol) oyat kelgan vaqtda ham iymon keltirmaslar.

110. Va xuddi avval-boshda iymon keltirmaganlari kabi dil va ko‘zlarini aylantirib qo‘yurmiz va o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurgan hollarida tark qilurmiz.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:54:12

SAKKIZINCHI JUZ’
*************************



111. Agar biz ularga farishtalarni tushirsak va o‘liklar (qabrlaridan tirilib kelib) ularga gapirsalar hamda barcha narsani (xaloyiqni) ularning oldida ochiq-ayon to‘plasak ham, iymon keltiruvchi bo‘lmaydilar, magar Alloh xohlasagina (iymon keltirurlar). Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaydilar.

112. Shuningdek, har bir payg‘ambar uchun insu jin(dan bo‘lgan) shaytonlarni dushman qilib qo‘ydik. Ular bir-birlarini aldash uchun go‘zal (yaltiroq) so‘zlar bilan vasvasa qiladilar. Agar Parvardigoringiz xohlasa, unday qilmagan bo‘lur edilar. Bas, ularni tuhmat, bo‘htonlari bilan birga tark qiling!

113. Unday so‘zlarga oxiratga ishonmaydigan kimsalarning dillari moyil bo‘lishi uchun va o‘sha so‘zlarga rozi bo‘lishib, o‘zlari qilmoqchi bo‘lgan gunohlarini qilishlari uchun (u shaytonlar vasvasa qiladilar).


I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomga o‘zining payg‘ambarligini isbotlash uchun yahudiy, nasroniylardan hakam tayinlashni taklif qilganlarida quyidagi oyat nozil bo‘lgan ekan.

114. (Ey Muhammad, ularga ayting): «Allohdan o‘zgani hakam qilib olaymi?! Axir Uning O’zi sizlarga bu Kitob (Qur’onni) mufassal nozil qilgan zot-ku?» Biz Kitob bergan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) uning (Qur’onning) Parvardigoringizdan haqqi rost nozil qilinganini bilurlar. Bas, hargiz shak-shubha qilguvchilardan bo‘lmang!

115. Parvardigoringizning so‘zlari sidqu adolatda komil bo‘ldi. Uning so‘zlarini o‘zgartirguvchi yo‘qdir. U eshitguvchi, bilguvchidir.

116. Yer yuzidagi kimsalarning juda ko‘plariga itoat qiladigan bo‘lsangiz, sizni Allohning yo‘lidan ozdirurlar. (Zotan) ular faqat gumonlarigagina ergashurlar va faqat aldaydilar, xolos.

117. Albatta, Parvardigoringiz Uning yo‘lidan adashgan kimsalarni juda yaxshi bilguvchidir va U haq yo‘lda yurguvchilarni ham juda yaxshi bilguvchidir.

118. Bas, agar Allohning oyatlariga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, Allohning nomi zikr qilingan narsalardan (ya’ni Allohning nomi aytilib so‘yilgan hayvonlarning go‘shtidan) yeyaveringlar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:54:56



119. Allohning nomi zikr qilingan narsalardan nima uchun yemas ekansizlar?! Axir U sizlarga harom qilingan narsalarni mufassal bayon qilgan-ku. Magar muztar bo‘lib qolgan holingizdagana (u narsalardan yeyishingiz mumkin). Shubhasiz, ko‘p (kishilar) o‘z hoyu-havaslari bilan bilmagan hollarida (o‘zlarini) yo‘ldan ozdirurlar. Albatta, Parvardigoringiz bunday tajovuzkor kimsalarni juda yaxshi bilguvchidir.

120. Gunohning ochig‘ini ham, maxfiysini ham tark qilingiz! Albatta, gunoh qilguvchi kimsalar o‘zlari qilib o‘tgan gunohlariga jazo olajaklar.

121. Allohning nomi zikr qilinmagan narsalardan yemangiz! Zotan, bu ish itoatsizlikdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlarini (ya’ni mushriklarny) sizlar bilan janjallashishlari uchun vasvasaga solurlar. Agar ularga bo‘yinsunsangizlar, hech shak-shubhasiz mushriklardan bo‘lib qolursizlar.

122. Avval o‘lik (kofir) bo‘lgan, so‘ngra biz uni (dinga hidoyat qilish bilan) tiriltirib, unga odamlar orasida o‘zi bilan birga olib yuradigan nurni (iymonni) berib qo‘yganimiz bir kishi — zulmatlarda qolib ketgan va undan hech chiquvchi bo‘lmagan kimsaga o‘xshaydimi?! (Mo‘minlarga iymonlari qanday chiroyli ko‘rinsa), kofirlarga ham qilayotgan amallari ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘yildi.

123. (Xuddi Makka zodagonlarini fosiq-itoatsiz kimsalar qilganimiz kabi) har bir qishloqda o‘sha joyning kattalarini hiyla-nayranglar qiladigan jinoyatchilar qilib qo‘ydik. Ular faqat o‘zlarinigina aldaydilar, xolos, lekin o‘zlari sezmaydilar.

124. Qachon ularga (Muhammad alayhis-salomning payg‘ambar ekanligi haqida) biron oyat kelsa: «To bizga ham Allohning payg‘ambarlariga berilgan oyatlarga o‘xshash oyatlar berilmaguncha hargiz iymon keltirmaymiz», deydilar. Alloh payg‘ambarlik vazifasini qaerga qo‘yishni yaxshiroq bilguvchidir. Yaqinda bunday jinoyatkorlarga qilib o‘tgan hiyla-nayranglari sababli Alloh huzurida xorlik va qattiq azob yetajakdir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:55:08



125. Alloh kimni hidoyat qilishni istasa uning ko‘nglini Islom uchun keng qilib qo‘yar. Kimni adashtirishni istasa, uning ko‘nglini xuddi osmonga ko‘tarilib ketayotgandek, tor va tang qilib qo‘yar. Shuningdek, Alloh iymonsiz kimsalarga razolatni (g‘olib) qilur.

I z o h . Mazkur oyat Qur’on osmondan tushganligining dalillaridan biridir. Darvoqe, Makka va uning atroflari cho‘lu sahrolardan iborat bo‘lib, u yerlarda baland tog‘lar yo‘qdir. Bu oyatda esa osmonga ko‘tarilayotganda dilning tor va tang bo‘lishi, ya’ni nafas olish qiyinlashishi aytilmoqda. Osmonga ko‘tarilgan sari havo siyraklashib, nafas olish qiyinlashishini bilish uchun esa yo baland toqqa chiqib ko‘rish, yoki uchoqlarda uchish kerak. Makka sharoitida esa har ikki imkoniyat ham yo‘q edi. Demak, bu oyatlar yerninggina emas, balki osmonlarning ham sir-asroridan xabardor bo‘lgan zot tarafidan kelgan ekan.

126. Mana shu Parvardigoringizning To‘g‘ri Yo‘lidir. Eslatma-ibrat olguvchi qavm uchun oyatlarni batafsil qildik.

127. Ular uchun Parvardigorlari huzurida doru-s-salom — tinchlik diyori (ya’ni jannat) bordir. U zot (Alloh) qilib o‘tgan yaxshi amallari sababli ularning do‘stidir.

128. (Ey Muhammad, eslang: Alloh) ularning barchalarini to‘playdigan kunda: «Ey jinlar jamoasi, insonlardan juda ko‘pini (adashtirdingiz), der». Shunda u jinlarning insonlardan bo‘lgan do‘stlari: «Parvardigoro, bizlar bir-birimizdan foydalandik va O’zing biz uchun belgilab qo‘ygan ajalimizga yetib keldik», deganlarida, Alloh aytur: «Joyingiz do‘zaxdir! Unda abadiy qolursiz, magar Allohniig xoxishi bilangina (chiqishingiz mumkin)». Albatta, Parvardigoringiz hikmat va bilim sohibidir.

129. Shuningdek, qilib yurgan gunoxlari sababli zolim kimsalarni bir-birlariga do‘st qilib qo‘yurmiz.

130. Ey jin va ins jamoasi, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar Mening oyatlarimni so‘zlagan ia sizlarni mana shu (ya’ni qiyomat) kuningizdagi uchrashuvdan qo‘rqitgan hollarida kelmadilarmi? Ular: «O’zimizning ziyonimizga guvohmiz (ya’ni, o‘sha payg‘ambarlar kelgan edi)», dedilar. Ularni hayoti dunyo aldab qo‘ydi va kofir ekanliklari haqida o‘zlariga qarshi guvohlik berdilar.

131. Bunga (ya’ni, avval payg‘ambarlar yuborib ogohlantirishga) sabab, Parvardigoringizning aholisi g‘ofil bo‘lgan qishloq-shaharlarni zulm bilan halok qilguvchi emasligidir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:55:17



132. Har kim uchun qilgan amallaridan darajot-savoblar bor. Parvardigoringiz ularning qilayotgan amallaridan g‘ofil emasdir.

133. Parvardigoringiz behojat va mehribondir. (Ey zolimlar), agar xoxlasa xuddi sizlarni boshqa qavmning zurriyotidan paydo qilgani kabi sizlarni ketkazib, ortingizdan istagan xalqni xalifa — o‘rinbosar qilur.

134. Albatta, sizlarga va’da qilinayotgan narsa (qayta tirilish, oxirat, qiyomat kuni) hech shak-shubhasiz keluvchidir. Sizlar (Allohni) ojiz qila olguvchi emassiz.

135. Ayting (ey Muhammad): «Ey qavmim, joyingizdan jilmay (ya’ni kufringizdan qaytmay) amalingizni qilavering. Men ham (Parvardigorim buyurgan) amalni qilguvchiman. Bas, yaqinda oxirat diyoridagi oqibat kimning foydasiga bo‘lishini bilajaksiz». Shubhasiz, zolim kimsalar najot topmaslar.

136. (Mushriklar) Alloh uchun Uning O’zi yaratgan ekin va chorvalardan bir ulush ajratib, o‘zlaricha: «Bu Alloh uchun, bu (qolgani) esa butlarimiz uchun», dedilar. Endi butlari uchun bo‘lgan ulush Alloh (ulushiga) qo‘shilmaydi. Alloh uchun bo‘lgan ulush esa butlariga qo‘shilaveradi. Naqadar yomon hukm chiqaradilar-a!

137. Shuningdek, shaytonlari mushriklarni halok etish va dinlarini chalkashtirib yuborish uchun ulardan ko‘plariga bolalarini o‘ldirishni (ya’ni, o‘z butlari uchun qurbon qilishni) chiroyli ko‘rsatib qo‘ydi. Agar Alloh xoxlaganida bu ishni qilmagan bo‘lur edilar. Bas, ularni tuhmat-bo‘htonlari bilan tark qiling!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:55:29



138. Ular o‘zlaricha: «Mana bu hayvon va ekinlar harom, ularni faqat biz xoxlagan kishilargina (ya’ni butxona xizmatchilari va er kishilargina) yeydilar. Bu hayvonlarni esa minish harom qilingan, dedilar. Ular hayvonlarni (so‘yishda) Allohniig nomini zikr qilmaydilar, (balki butlarning nomini aytadilar va mana shu qilmishlarini Alloh amri deb) U zotga tuhmat qiladilar. Yaqinda bu tuhmatlari sababli ularga O’zi jazo berajak.

139. Ular: «Mana bu hayvonlarning qorinlaridagi narsalar faqat erkaklarimiz uchundir, xotinlarimizga esa haromdir», dedilar. Agar u narsa (ya’ni homila) o‘lik bo‘lsa, u holda hammalari sherikdirlar (ya’ni erkak-xotin hammalari yeyishaveradi). Yaqinda bunday (o‘zlaricha halol-harom deb) sifatlaganlari uchun ularga O’zi jazo berajak. Albatta, U hikmat va bilim sohibidir.

140. O’z bolalarini aqlsizlik qilib johillik bilan o‘ldirgan va Allohga tuhmat qilib Alloh bergan rizqni harom qilib olgan kimsalar muhaqqaqki, (o‘zlariga) ziyon qildilar. Ular aniq adashdilar va To‘g‘ri Yo‘lga yurguvchi bo‘lmadilar.

141. U (so‘ritoklarga) ko‘tariluvchi va ko‘tarilmaydigan bog‘larni, xurmozorlar va mevalarni, xilma-xil bo‘lgan ekinlarni, (barglari) bir-biriga o‘xshagan va (mevalari esa) o‘xshamagan zaytun va anorlarni yaratgan zotdir. Mevalaganda mevasidan yenglar, o‘rim-terim kunida (bechora-miskinlarga) haqqini beringlar va isrof qilmanglar! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmas.

142. Hayvonlardan yuk tashuvchilarni va (so‘yish uchun) yotqiziladigan hayvonlarni (yaratdi). Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan yenglar va (o‘zingizcha halol, harom deb) shaytonning izidan ergashmanglar! Albatta, u (shayton) sizlarga ochiq dushmandir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:55:49



143. Sakkizta juftni (yaratdi). Qo‘ydan ikkini (ya’ni erkak va urg‘ochini), echkidan ikkini (yaratdi). O’zlaricha harom qilib oluvchi mushriklarga ayting: «(Alloh bu hayvonlardan) ikkala erkagini harom qilganmi yo ikkala urg‘ochisinimi, yoki ikkala urg‘ochining bachadonlarida bo‘lgan homilanimi?! Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, biron hujjat bilan menga xabar beringlar-chi?!»

144. Tuyadan ikkini, qora moldan ikkini (yaratdi). Ayting: «Ikkala erkagini harom qilganmi yo ikkala urg‘ochisinimi, yoki ikkala urg‘ochining qorinlarida bo‘lgan homilanimi?! Yoki Alloh sizlarni shunga (ya’ni harom qilishga) buyurgan paytida guvoh bo‘lganmidingizlar?! Bilmagan holda odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta, Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas.

145. Ayting: «Menga vahiy qilingan Qur’onda yeydigan kishi uchun xarom qilingan narsani ko‘rmayapman. Magar o‘laksa yo to‘kilgan qon, yoki to‘ng‘iz go‘shti bo‘lsa - chunki u haromdir,— yoxud Allohdan o‘zga uchun atalgan fosiqlik bo‘lsa (haromdir). Bas, kim zolim va tajovuzkor bo‘lmagan holda muztar bo‘lib qolsa (masalan, ochlikdan o‘lmaslik uchun, u narsalardan yeyish bilan gunohkor bo‘lmas, zero) Parvardigoringiz mag‘firatli, mehribondir.

146. Yahudiy bo‘lgan kimsalarga barcha tuyoqlilarni harom qildik. Mol-qo‘ydan ular uchun yog‘larni harom qildik. Magar biqinlaridagi yo ichlaridagi, yoki suyakka aralashgan yog‘largina (harom emasdir). Zolimliklari sababli ularni shunday jazoladik. Albatta, Biz rost so‘zlaguvchimiz.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:56:00



147. Endi agar sizni yolg‘onchi qilsalar, ayting: «Parvardigoringiz cheksiz mehribondir, ammo Uning azobi biron jinoyatchi qavmdan qaytarilmas».

148. Hali mushrik bo‘lgan kimsalar: «Agar Alloh xoxlaganida biz ham, ota-bobolarimiz ham na mushrik bo‘lgan va na biron narsani harom qilib olgan bo‘lur edik», dedilar. Ulardan avvalgilari ham to azobimizni totgunlaricha (o‘z payg‘ambarlarini) mana shunday yolg‘onchi qilganlar. Ayting (ey Muhammad): «Huzuringizda bizga ko‘rsatadigan (aytayotgan so‘zlaringizni tasdiqlovchi) biron hujjatingiz bormi? Sizlar faqat gumonga ergashmoqdasiz, sizlar faqat yolg‘on so‘zlamoqdasiz!»

149. Ayting: «Yetuk hujjat faqat Allohning hujjatidir. Bas, agar xoxlaganida barchangizni hidoyat qilgan bo‘lur edi».

150. Ayting: «Alloh mana shu (mazkur narsalarni) harom qilganiga guvoxlik beradigan guvoxlaringizni keltiringiz!» Endi agar ular guvohlik bersalar ham, siz ular bilan guvoxlik bermang (ya’ni ularning bergan guvoxliklariga ishonmang)! Va Bizniig oyatlarimizni yolg‘on deydigan, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning havoyi nafslariga ergashmang! Ular Parvardigorlariga (o‘zgalarni) tenglashtirurlar.

151. Ayting: «Kelinglar, Parvardigoringiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beray. U zotga biron narsani sherik qilmangiz: ota-onaga yaxshilik qilingiz; bolalaringizni kambag‘allikdan (qo‘rqib) o‘ldirmangiz — Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz — buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmangiz; Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonlarni o‘ldirmangiz, magar haq bilan (ya’ni qasos olish uchun yo murtad bo‘lgani, yoki zino qilgani uchun shariat hukmi bilan o‘ldirishingiz mumkin). Shoyad aql yurgizarsiz, deb sizlarni mana shu narsalarga buyurdi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 07:56:12



152. Yetimning moliga to voyaga yetgunicha faqat eng chiroyli yo‘l bilan yaqinlashingiz! O’lchov va tarozini adolat bilan to‘la tortingiz! Biz hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaymiz. So‘zlaganingizda (guvoxlik berganingizda) garchi qarindoshingiz bo‘lsa ham adolat qilingiz! Allohga bergan ahdingizga vafo qilingiz! Shoyad eslatma (nasihat) olursiz, deb sizlarni mana shu narsaga buyurdi.

153. Albatta, mana shu Mening To‘g‘ri Yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar! (Boshqa) yo‘llarga ergashmangizki, ular sizlarni Uning yo‘lidan uzib qo‘yar. Shoyad taqvo qilsangiz, deb sizlarni mana shu narsalarga buyurdi.

154. Yana (bilingizki), chiroyli amal qilgan zotlarga (ne’matimizni) komil qilib berish va barcha narsani aniq bayon qilish uchun hamda hidoyat va rahmat bo‘lsin, deb Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik. Shoyad (bani Isroil) Parvardigorlariga ro‘baru bo‘lishlariga iymon keltirsalar.

155. Mana bu esa Biz nozil qilgan muborak Qur’ondir! Bas, unga ergashingiz va (Allohdan) qo‘rqingiz! Shoyad rahmatga erishsangizlar.

156-157. «Bizdan avvalgi ikki toifaga kitob nozil bo‘lgan, biz esa ularning darslarini o‘rganishdan g‘ofilmiz» demaslaringiz uchun yoki: «Agar bizga kitob nozil qilinganida, ulardan to‘g‘riroq yo‘lda bo‘lur edik», demaslaringiz uchun (sizlarga bu Qur’onni nozil qildik). Endi sizlarga Parvardigoringizdan hujjat, hidoyat va raxmat keldi. Bas, Allohning oyatlarini yolg‘on degan va ulardan yuz o‘girgan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Yaqinda oyatlarimizdan yuz o‘girgan kimsalarni yuz o‘giruvchi bo‘lganlari sababli yomon azob bilan jazolagaymiz.

Qayd etilgan