SAKKIZINCHI JUZ’
*************************
111. Agar biz ularga farishtalarni tushirsak va o‘liklar (qabrlaridan tirilib kelib) ularga gapirsalar hamda barcha narsani (xaloyiqni) ularning oldida ochiq-ayon to‘plasak ham, iymon keltiruvchi bo‘lmaydilar, magar Alloh xohlasagina (iymon keltirurlar). Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaydilar.
112. Shuningdek, har bir payg‘ambar uchun insu jin(dan bo‘lgan) shaytonlarni dushman qilib qo‘ydik. Ular bir-birlarini aldash uchun go‘zal (yaltiroq) so‘zlar bilan vasvasa qiladilar. Agar Parvardigoringiz xohlasa, unday qilmagan bo‘lur edilar. Bas, ularni tuhmat, bo‘htonlari bilan birga tark qiling!
113. Unday so‘zlarga oxiratga ishonmaydigan kimsalarning dillari moyil bo‘lishi uchun va o‘sha so‘zlarga rozi bo‘lishib, o‘zlari qilmoqchi bo‘lgan gunohlarini qilishlari uchun (u shaytonlar vasvasa qiladilar).I z o h .
Rivoyat qilishlaricha, Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomga o‘zining payg‘ambarligini isbotlash uchun yahudiy, nasroniylardan hakam tayinlashni taklif qilganlarida quyidagi oyat nozil bo‘lgan ekan. 114. (Ey Muhammad, ularga ayting): «Allohdan o‘zgani hakam qilib olaymi?! Axir Uning O’zi sizlarga bu Kitob (Qur’onni) mufassal nozil qilgan zot-ku?» Biz Kitob bergan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) uning (Qur’onning) Parvardigoringizdan haqqi rost nozil qilinganini bilurlar. Bas, hargiz shak-shubha qilguvchilardan bo‘lmang!
115. Parvardigoringizning so‘zlari sidqu adolatda komil bo‘ldi. Uning so‘zlarini o‘zgartirguvchi yo‘qdir. U eshitguvchi, bilguvchidir.
116. Yer yuzidagi kimsalarning juda ko‘plariga itoat qiladigan bo‘lsangiz, sizni Allohning yo‘lidan ozdirurlar. (Zotan) ular faqat gumonlarigagina ergashurlar va faqat aldaydilar, xolos.
117. Albatta, Parvardigoringiz Uning yo‘lidan adashgan kimsalarni juda yaxshi bilguvchidir va U haq yo‘lda yurguvchilarni ham juda yaxshi bilguvchidir.
118. Bas, agar Allohning oyatlariga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, Allohning nomi zikr qilingan narsalardan (ya’ni Allohning nomi aytilib so‘yilgan hayvonlarning go‘shtidan) yeyaveringlar.