A'ROF SURASIMakkada nozil bo‘lgan bu sura ikki yuz olti oyatdan tashkil topgan.
U payg‘ambarlar haqida batafsil hikoya qilgan birinchi suradir, Unda Nuh, Hud, Solih, Lut, Shuayb va Muso payg‘ambarlarning qissalari so‘zlanadi. Avvalo shayx ul-anbiyo — payg‘ambarlar oqsoqoli Nuh qissasi hikoya qilinib, u zotga o‘z qavmlari tarafidan bo‘lgan qaysarlik va isyonlar natijasida ularning to‘fon balosiga giriftor etilganliklari eslatib o‘tiladi.
Bu surada payg‘ambarlardan, xususan, Muso alayhis-salomning qissalari batafsil zikr qilinib, u zot bilan zolim Fir’avn o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojarolarga to‘xtab o‘tiladi va bani Isroilga berilgan noz-ne’matlar, Allohning amr-farmonlaridan bosh tortganlaridan keyin esa boshlariga tushgan balo-musibatlar hikoya qilinadi.
Bu surada ham boshqa Makka suralarida bo‘lgani kabi so‘z islomning asosi — mohiyati bo‘lmish Allohning birligi, tirilish va jazo haq ekani hamda vahiy va payg‘ambarlik haqiqati ustida boradi. Suraning avvalida Muhammad alayhis-salomga tushgan mo‘‘jiza — Qur’on haqida so‘zlanib, u butun insoniyat unun buyuk ilohiy ne’mat ekanligi, binobarin, dunyo va oxirat saodatiga erishish uchun uning yo‘l-yo‘riq va pand-nasihatlariga amal qilib borish lozimligi uqtiriladi.
Yana bu surada Alloh bergan ilmni mol-dunyo topish uchun birovlarga ziyon yetkazish yo‘lida su’iiste’mol qilgan olimlar qattiq qoralanib, ular tillari osilib, hansirab turadigan itlarga o‘xshatiladi. Va nihoyat, bu surada qiyomat kunidagi holat tasvirlanadi. U kuni kishilar uch toifaga bo‘linadilar: hayotlarini iymon va yaxshi amallar bilan o‘tkazgan kishilar ahli jannat, kofirlik va o‘zlariga ham, o‘zgalarga ham yomonlik qilish bilan o‘tgan kimsalar do‘zax egalari bo‘ladilar; qilgan yaxshiliklari bilan yomonliklari barobar kimsalar esa «A’rof» egalari bo‘ladilar. A’rof — jannat bilan do‘zax o‘rtasini ajratib turadigan devor bo‘lib, uchinchi toifaga mansub odamlar uning ustida Alloh o‘zlarini jannatgami yoki do‘zaxgami hukm qilishini kutib turadilar. Bu surada mana shu holatning tasviri o‘z ifodasini topgani uchun «A’rof» deb atalgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Alif, Lom, Mim, Sod.
2. (Bu Qur’on) sizga uning yordamida kofirlarni (Allohning azobidan) ogohlantirishingiz uchun nozil qilingan Kitobdir — bas, ko‘nglingizda u sababli tanglik (shubhalanish) bo‘lmasin! — va u mo‘minlar uchun bir eslatmadir.
3. (Ey insonlar), sizlarga Parvardigoringizdan nozil qilingan narsaga (Kitobga) ergashingiz, undan o‘zga «do‘stlarga» ergashmangiz! Kamdan-kam pand-nasihat olursizlar.
4. (Bizning amrimizga itoat qilmagan) qanchadan-qancha qishloqni halok qildik — bas, ularga azobimiz tun uyqusida yoki tush uyqusida (ya’ni kunduzi) keldi.
5. Bizning azobimiz kelgan vaqtida ular biron da’vo qila olmadilar, magar «Bizlar o‘zimizga zulm qildik», deya oldilar, xolos.
6. Endi albatta payg‘ambar yuborilgan kishilar bilan ham, yuborilgan payg‘ambarlar bilan ham savol-javob qilurmiz.
7. Endi albatta ularga, bilgan holimizda, (qilib o‘tgan ishlari haqida) so‘ylab berurmiz. (Zotan) Biz g‘oyib — yo‘q emas edik, (balki barcha narsaga guvoh bo‘lib turgan edik).
8. (Amallarni) to‘g‘ri tortishlik o‘sha kuni bo‘lur. Bas, kimning tortilgan (yaxshi amallari) og‘ir kelsa, ana o‘shalar najot topguvchilardir.
9. Kimning tortilgan (yaxshi amallari) yengil bo‘lsa, bas, ular (Bizning oyatlarimizni inkor qilish bilan) zulm qilib o‘tganlari sababli o‘zlariga ziyon qilgan kimsalardir.
10. Aniqki, Biz sizlarni yerda barqaror etib, sizlar uchun unda tirikchilik vositalarini paydo qildik. Kamdan-kam shukr qilursizlar.
11. Aniqki, Biz sizlarni yaratdik, so‘ng sizlarga surat berdik, so‘ngra farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar», deyishimiz bilan ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qilguvchilardan bo‘lmadi.