Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465963 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:00:35



74. «Sizlarni Od (qavmi)dan keyin xalifa qilib qo‘yganini va sizlarga yerning tekisliklarida (yozlik) qasrlar qurib olishingiz, tog‘lik joylarida (qishlik) boshpanalar yo‘nib (tiklab) olishingiz uchun maskan berganini eslangiz! Bas, Allohning ne’matlarini eslangiz va yerda buzg‘unchilik qilib sanqib yurmangiz!»

75. (Shunda) uning qavmidan bo‘lgan mutakabbir kimsalar bechoralariga — ularning oralaridagi mo‘min bo‘lgan zotlarga: «Solihni Parvardigori tarafidan yuborilgan payg‘ambar deb bilurmisiz?» deyishdi. Ular aytdilar: «Albatta, biz uning vositasida yuborilgan narsaga (dinga) iymon keltirguvchimiz».

76-77. Mutakabbir kimsalar esa: «Biz sizlar iymon keltirgan dinga kofirmiz», deyishdi-da, tuyani so‘yib yuborishdi va Parvardigorlarining amridan yuz o‘girishdi, keyin: «Ey Solih, agar payg‘ambarlardan bo‘lsang, bizga va’da qilgan narsangni (ya’ni Allohning azobini) keltir-chi?» deyishdi.

78. Bas, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida to‘kildilar (halok bo‘ldilar).

79. Keyin (Solih) ulardan yuz o‘girib (o‘zicha) dedi: «Ey qavmim, mana, men sizlarga Parvardigorimning dinini yetkazdim va sizlarga nasihatlar qildim. Lekin sizlar xolis nasihat qilguvchilarni sevmaysiz».

80-81. Lut (payg‘ambar) o‘z qavmiga: «Shunday buzuqlik qilasizlarmi? Axir sizlardan ilgari butun olamlardan biron kimsa bunday qilmagan edi-ku?! (Nahotki) sizlar xotinlaringizni qo‘yib, nafsingizni qondirish uchun erkaklarga borsangiz?! Yo‘q, sizlar haddan oshuvchi qavmdirsiz», deganini eslang!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:00:47



82. Qavmning javobi esa faqat mana bundan iborat bo‘ldi: «Ularni (ya’ni Lut va tobe’larini) qishlog‘ingizdan chiqarib yuboringiz! Chunki ular haddan ortiq pokiza odamlar ekan».

83. Bas, unga va ahliga (ya’ni Lut va unga tobe’ bo‘lgan zotlarga) najot berdik. Magar uning xotini (najot topmadi, chunki u) qolib halok bo‘lguvchilardan edi.

84. Ularning ustiga dahshatli yomg‘ir — tosh yog‘dirdik. Ana endi jinoyatchi — osiy qavmning oqibati (qismati) qanday bo‘lganini ko‘ring.

85. Madyan qavmiga o‘z birodarlari Shuaybni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Sizlarga Parvardigoringiz tarafidan hujjat (ya’ni din) keldi. Bas, o‘lchov va tarozini komil qilib (tortingiz) va odamlarning haqlaridan urib qolmangiz hamda yer (payg‘ambarlar yuborish bilan) o‘nglab qo‘yilganidan keyin, unda (kofirlik bilan) buzg‘unchilik qilib yurmanglar. Agar mo‘min bo‘lsangizlar, mana shu o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir.

86. Har ko‘chada (kishilarni) qo‘rqitib va Allohga iymon keltirgan zotlarni Uning yo‘lida to‘sib hamda u yo‘lni buzishga harakat qilib o‘tirmangiz! Ozchilik (ya’ni kuch-quvvatsiz, nochor) bo‘lgan paytingizda sizlarni ko‘paytirganini (ya’ni kuch-qudratli, aziz qilganini) eslang va buzg‘unchi kimsalarning oqibati (qismati) qanday bo‘lganini ko‘ring.

87. Agar sizlardan bir toifa men bilan yuborilgan dinga iymon keltiruvchi bo‘lib, boshqa bir toifa esa iymon keltirmasa, u holda to Alloh o‘rtamizda O’z hukmini chiqargunicha (ya’ni kim haq, kim nohaq ekanligi ma’lum bo‘lgunicha) sabr qilingiz. U hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idir».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:01:10

TO'QQIZINCHI JUZ’
*************************



88—89. (Shunda) uning qavmidan bo‘lgan mutakabbir kimsalar: «Ey Shuayb, yo seni va sen bilan birga iymon keltirgan kishilarni qishlog‘imizdan haydab chiqaramiz, yoki sizlar bizning dinimizga qaytasizlar», deyishdi. U aytdi: «Agar (diningizni) yomon ko‘rsak ham-a? Agar Alloh bizga o‘sha diningizdan najot berganidan keyin yana unga qaytsak, Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan bo‘lamiz-ku? (Ya’ni aslida bo‘lmagan narsalarni Allohga sherik qilgan bo‘lamiz-ku?) Biz uchun u dinga qaytish joiz emas, magar Parvardigorimiz — Alloh (bizni yo‘ldan ozdirishni) xoxlasagina (qaytishimiz mumkin). Parvardigorimizning ilmi hamma narsani qamrab olgandir. Allohning O’ziga tavakkul qildik (suyandik). Parvardigoro, biz bilan qavmimiz o‘rtasida haq hukm qilgaysan. O’zing hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan».

90. (Shunda uning) qavmidan kofir bo‘lgan kimsalar: «Qasamki, agar Shuaybga ergashsanglar, albatta ziyon ko‘rguvchi bo‘lursizlar», deyishdi.

91. Bas, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida to‘kildilar (xalok bo‘ldilar).

92 Shuaybni yolg‘onchi qilgan kimsalar go‘yo u yerda yashamagandek bo‘lib qoldilar. Shuaybni yolg‘onchi qilgan kimsalarning o‘zlari ziyon ko‘rguvchi bo‘ldilar.

93. Keyin (Shuayb) ulardan yuz o‘girib, (o‘zicha) dedi: «Ey qavmim, mana, men Parvardigorimning dinini sizlarga yetkazdim va nasihatlar qildim. Endi shuncha va’z-nasihatlardan keyin ham kofir (bo‘lgan) qavmga qanday qayg‘ururman?

94. Biz biron qishloqqa (joyga) payg‘ambar yuborsak (va u yerdagi odamlar biz yuborgan payg‘ambarga iymon keltirishmasa) albatta uning ahlini tavba-tazarru qilishlari uchun qashshoqlik va musibatlar bilan ushlaganmiz.

95. So‘ngra o‘sha yomonlik o‘rniga yaxshilikni (boy-badavlatlik va xotirjamlikni) almashtirib qo‘ydik. Hatto ko‘payishib ketganlarida va: «Bunday qiyinchilik va kengchiliklar ota-bobolarimizga ham yetgay (ya’ni bizning dinsizligimizning bu ishlarga hech qanday aloqasi yo‘q, balki dunyoning tartibi o‘zi shunaqa — bir tanglik kelsa, bir mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi)», deyishgach, ularni o‘zlari sezmagan hollarida to‘satdan (biron balo-halokat bilan) ushladik.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:01:26



96. Agar u qishloqlarning (joyning) axli iymon keltirib, taqvodor bo‘lganlarida edi, albatta Biz ularga osmonu yerdan barakot (darvozalarini) ochib qo‘ygan bo‘lur edik. Lekin ular (payg‘ambarlarimizni) yolg‘onchi qildilar, bas, ularni o‘zlari qilgan gunoxlari sababli ushladik.

97. U qishloqlarning axli balo-qazoyimiz tunda, uxlayotgan hollarida kelib qolishidan xotirjam bo‘lib qoldilarmi? (Kutmaganmidilar?)

98. Yoki u qishloqlarning ahli balo-qazoyimiz choshgoh paytida, o‘yin-kulgi qilayotgan hollarida kelib qolishidan xotirjammilar?

99. Ular Allohning «makri»dan xotirjam bo‘lib qoldilarmi? Bas, Allohning «makri»dan faqat ziyon ko‘rguvchi qavmgina xotirjam bo‘lur.

100. Bu yerga (ilgarigi) egalaridan keyin merosxo‘r bo‘layotgan kimsalarni, agar xohlasak, gunoxlari sababli musibat yetkazib qo‘yishimiz ma’lum emasmi? Biz ularning dillarini (ana shunday) muhrlab qo‘yurmiz. So‘ng ular (hech qanday pand-nasihatga) quloq solmay qo‘yadilar.

101. (Ey Muhammad), sizga o‘sha qishloqlar — ularning xabarlaridan so‘ylayotirmiz. Albatta ularga payg‘ambarlari hujjat-mo‘‘jizalar keltirganlar, ammo ular ilgari (ya’ni mo‘‘jizalar kelmay turib, payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilganlari sababli (mo‘‘jizalar kelgandan keyin ham) iymon keltiruvchi bo‘lmadilar. Alloh kofirlarning ko‘ngillarini ana shunday muhrlab qo‘yur.

102. Ularning aksarida biron ahd (ya’ni ahdga vafodorlikni) topmadik va mudom ularning aksarini itoatsiz holda topdik.

103. So‘ngra — ulardan keyin Musoni O’z oyatlarimiz bilan Fir’avn va uning odamlariga yuborgan edik, ular (u oyatlarga) zolim-kofir bo‘ldilar. Ana endi buzg‘unchilarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘ring.

104. (Muso) dedi: «Ey Fir’avn, albatta men barcha olamlarning Parvardigoridan elchiman.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:01:42



105. Mening zimmamda Alloh sha’niga faqat haqni aytish bordir. Mana, sizlarga parvardigoringizdan hujjat keltirdim. Bas, endi bani Isroilni men bilan birga (o‘z yurtlariga) jo‘natgin».

I z o h . Mufassirlarning yozishlaricha, asli avlodlari Muqaddas Zamin (Shom)dan bo‘lgan bani Isroil qavmining Misrga o‘rnashib qolishlariga sabab — Yusuf alayhis-salomning zamonlarida Ya’qub alayhis-salomning urug‘-avlodlari Misrga kelishib, shu yerda uy-joy, bola-chaqa qilib qolib ketadilar. Qachonki davlat ustiga Fir’avn kelgach, ularni qul qilib, eng og‘ir ishlarda ishlata boshladi. Shunda Muso payg‘ambar bani Isroilni bu asirlikdan qutqarib, ota-bobolarining vatani Muqaddas Zamin (Shom)ga olib ketmoqchi bo‘ladi. Endi quyidagi oyatlarda Muso keltirgan mo‘‘jizalar bayon qilinadi.

106. (Fir’avn): «Agar rostgo‘y kishilardan bo‘lib, oyat-mo‘‘jiza bilan kelgan bo‘lsang, qani, uni keltir», dedi.

107. Shunda (Muso tutib turgan) asosini tashlagan edi, banogoh u aso rostakam ajdarga aylandi.

108. Keyin qo‘lini (cho‘ntagidan) chiqargan edi, banogoh u qarab turganlarga (kundan ham) oq bo‘lib ko‘rindi (holbuki, Muso qoramag‘iz odam edi).

109. Fir’avn qavmidan (ya’ni qibtiylardan) bo‘lgan kimsalar: «Shubhasiz, bu (Muso o‘tkir sehrgardir)», dedilar.

110. Fir’avn aytdi: «U sizlarni o‘z yerlaringizdan chiqarmoqchi, nima deysizlar?»

111-112. Ular dedilar: «Uni va akasi (Horun)ni qo‘yib turgin-da, hamma shaharlarga (sehrgarlarni) yig‘ib keladigan kishilarni yuborgin, ular senga jami o‘tkir sehrgarlarni keltirsinlar».

113. (Shundan keyin) sehrgarlar Fir’avn oldiga kelishib: «Agar biz g‘olib bo‘lsak, albatta (katta) mukofot (berursan)», deyishdi.

114. U: «Ha, (agar g‘olib bo‘lsangizlar), albatta sizlar mening yaqinlarimdan bo‘lursizlar», dedi.

115. Ular aytdilar: «Ey Muso, yo sen (qo‘lingdagi asoni) tashla, yoki biz (o‘zimizning qo‘limizdagi narsalarimizni) tashlaymiz».

116. U (Muso): «Sizlar tashlanglar», dedi. Bas, ular tashlaganlarida, odamlarni ko‘zlarini bo‘yab dahshatga solib qo‘ydilar va zo‘r sehr ko‘rsatdilar.


I z o h . Hikoya qilishlaricha, shahar chetidagi bir vodiyga to‘plangan xaloyiq oldida minglab sehrgarlar qo‘llaridagi tayoqcha va iplarini tashlaganlarida butun vodiy ustma-ust mingashib-qalashib yotgan ilonlarga to‘lib ketgan ekan. Odamlar bu holdan dahshatga tushib qoladilar, hatto Muso payg‘ambarni ham xavotir egallab oladi shunda...

 117. Biz Musoga: «Asoyingni tashlagin», deb vahiy yubordik. Banogoh u (ajdarga aylangan hassa) ularning «uydirma»larini yuta boshladi.

118. Bas, haqiqat qaror topdi, ularning qilgan harakatlari esa botil bo‘ldi.

119. Bas, u yerda (Fir’avn va uning tarafdorlari) mag‘lub bo‘lishib, beobro‘ bo‘lgan hollarida (shaharga) qaytdilar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:02:08



120-121-122. (Shu payt) u sexrgarlar sajda qilgan hollarida yerga tashlanib: «Barcha olamlarning Parvardigoriga — Muso va Horunning Parvardigoriga iymon keltirdik», dedilar.

123-124. Fir’avn aytdi: «Men izn bermay turib unga iymon keltirdingizmi?! Shubhasiz, bu (qilmishingiz) ushbu shahardan uning aholisini chiqarish uchun qilgan makringizdir. Endi yaqinda bilursiz — albatta oyoq-qo‘llaringizni qarama-qarshisiga (o‘ng qo‘l, chap oyog‘ingizni) kesurman, so‘ngra sizlarning barchangizni dorga osurman».

125. Ular dedilar: «Albatta bizlar Parvardigorimizga qaytguvchimiz (bas, sen bizni o‘lim bilan qo‘rqita olmaysan).

126. Sen bizdan faqatgina Parvardigorimizning oyatlari kelganda ularga iymon keltirganimiz uchungina o‘ch olmoqdasan. Parvardigoro, ustimizdan sabru toqatni yog‘dirgaysan va bizlarni faqat musulmon bo‘lgan holimizda o‘ldirgaysan!»


I z o h . Islom ta’limotiga ko‘ra, Odam Atodan tortib to Muhammad alayhis-salomgacha barcha payg‘ambarlar musulmonlikka, ya’ni yagona Allohning O’ziga bandalik qilib bo‘yinsunishga da’vat qilganlar. Ular go‘yo bir zanjir bo‘lib, u zanjirning birinchi halqasi Odam alayhis-salom bo‘lsalar, oxirgi halqasi Muhammad alayhis-salomdir. Shuning uchun Muso payg‘ambarga iymon keltirgan kishilar ham Alloh taolodan faqat uning O’ziga bo‘yinsunuvchi, ya’ni musulmon bo‘lgan hollarida jonlarini olishni iltijo qildilar.

127. (Shunda) Fir’avn qavmidan bo‘lgan odamlar: «Ey Fir’avn), Muso va qavmining yerda buzg‘unchilik qilib yurishiga hamda seni va xudolaringni tark etishiga qo‘yib berasanmi?» deyishganida, u dedi: «Ularning o‘g‘illarini o‘ldirib, ayollarini tirik qoldirajakmiz. Albatta, biz ularning ustida g‘olibdurmiz».

128. (Fir’avnning so‘zlaridan dahshatga tushib ketganlarida,) Muso qavmiga dedi: «Allohdan madad tilab, sabr-toqat qilingiz! Bu yer shak-shubhasiz Allohnikidir. Uni O’zi xohlagan bandalariga meros qilib berur. Oqibat-natija esa taqvodorlarniki (Allohdan qo‘rqqanlarniki) bo‘lur».

129. Ular aytdilar: «Sen bizga (payg‘ambar bo‘lib) kelishingdan ilgari ham (ya’ni o‘shanda ham Fir’avn o‘g‘illarimizni o‘ldirib, ayollarimizni tirik qoldirib, zulm qilgan edi), sen kelganingdan keyin ham ozor ko‘rdik». U (Muso) dedi: «Shoyad Parvardigoringiz dushmanlaringizni halok etib, sizlarni bu yerga xalifa qilsa va qanday amallar qilishingizni ko‘rsa».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:03:43



130-131. Qasamki, Biz Fir’avn odamlarini pand-nasihat olishlari uchun (qahatchilik) yillari bilan va meva-chevalarning hosilini kamaytirish bilan ushladik. Shundan keyin ham qachon ularga yaxshiligimiz (osoyishta hayot, unumdorlik) kelsa: «Bunga o‘zimiz haqdormiz», deyishdi. Agar ularga biron yomonlik yetib qolsa, Muso va u bilan birga (unga iymon keltirgan) kishilardan badgumon bo‘ldilar. Ogoh bo‘lsinlarki, albatta ularning rizqu nasibalari faqat Allohning huzuridadir. Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaydilar.

132-133. Ular (Musoga): «Bizlarni sehrlash uchun qanday oyat-mo‘‘jiza keltirsang ham biz senga hargiz iymon keltirguvchi emasmiz», deganlaridan keyin ustlariga to‘fon (sel), chigirtka, bit, baqa va qon (balolarini) ochiq oyat-mo‘‘jizalar qilib yubordik. (Lekin) ular kibr-havo qildilar va jinoyatchi — osiy qavm bo‘ldilar.

134. Qachonki ularning ustiga bu azob tushgach: «Ey Muso, senga bergan va’dasi haqqi-hurmati, Parvardigoringta duo qil. Qasamki, agar bizlardan shu azobni ko‘tarsang, albatta senga (payg‘ambarligingga) iymon keltirurmiz va bani Isroilni sen bilan birga (o‘z vatanlariga) jo‘naturmiz», dedilar.

135. Endi ulardan bu azobimizni (ular) o‘zlari yetib borguvchi bo‘lgan muddatgacha (ya’ni qiyomat kunigacha) ko‘targanimizda esa, banogoh (ichgan qasamlarini) buzib turibdilar.

136. Bas, Biz ulardan intiqom oldik — oyatlarimizni yolg‘on deganlari va ulardan g‘ofil bo‘lganliklari sababli dengizga g‘arq qildik.

137. (Misr va Shomdagi) yerning O’zimiz barakotli qilgan mashriq va mag‘riblariga bechora qavmni (ya’ni bani Isroilni) voris qilib qo‘ydik. Sabr-toqat qilganlari sababli bani Isroilga Parvardigoringizning («Bu yerdan bechora bo‘lgan zotlarga in’om qilishni va ularni odamlarga yetakchi qilib qo‘yishni istaymiz», degan) go‘zal so‘zlari to‘la-to‘kis bo‘ldi. Fir’avn va qavmi qurib olgan imoratlarni va baland qilib ko‘targan qasrlarni esa vayron qildik.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:04:05



138-139. (Keyin) bani Isroilni dengizdan o‘tkazganimizdan so‘ng, ular butlariga sig‘inib turgan bir qavm oldidan o‘tdilar va: «Ey Muso, bizlarga ham ularning ilohlari kabi xudo qilib (yasab) ber», dedilar. U aytdi: «Albatta, sizlar bilmaydigan qavmdirsizlar. Axir ularning (ibodat qilib) turgan narsalari yo‘q bo‘lguvchi, qilib turgan amallari esa botil-ku?»

140. (Yana) aytdi: «Men, sizlarni butun olamlardan afzal qilib qo‘ygan Allohdan o‘zgani (ya’ni jonsiz butni) sizlarga xudo qilib beramanmi?!»

141. (Ey bani Isroil), sizlarni yomon azob qiynayotgan, o‘g‘illaringizni o‘ldirib, ayollaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslangiz! Bu ishlarda (ya’ni bu azob va najotda) Parvardigoringiz tarafidan ulug‘ imtihon bordir.

142. Muso bilan o‘ttiz kechaga va’dalashgan edik. So‘ngra uni yana o‘n (kecha) bilan to‘ldirdik. Bas, Parvardigorining (uning uchun belgilagan) vaqti komil qirq kecha bo‘ldi. (Alloh Tur tog‘ida Musoga shuncha muddat tanho ibodat qilishni buyurdi. (Alloh taologa munojot qilish uchun ketar ekan), Muso akasi Horunga dedi: «Qavmim ustida mening o‘rinbosarim bo‘lgin va (agar ular yomon amal qilsalar) tuzatgin. Buzg‘unchi kimsalarning yo‘liga ergashmagin».

143. Qachonki Muso (va’dalashgan) vaqtimizda (Tur tog‘iga) kelib, Parvardigori unga (bevosita) so‘zlagach, u: «Parvardigorim, menga (jamolingni) ko‘rsatgin. Senga bir qaray», dedi. (Alloh) aytdi: «Sen Meni (bu dunyoda) hargiz ko‘rolmaysan. Ammo mana bu tog‘ga boq. (Men unga ko‘rinurman.) Bas, agar u (Men ko‘ringanimda) o‘rnashgan joyida tura olsa, sen ham Meni ko‘rajaksan». Qachonki, Parvardigori u tog‘ga ko‘ringan edi, uni mayda-mayda qilib tashladi va (bu holni ko‘rgan) Muso hushsiz holda yiqildi. O’ziga kelganidan keyin esa dedi: «Pok Parvardigor (noo‘rin savol so‘rashdan), O’zingga tavba qildim. Endi men (Sening naqadar buyuk zot ekaningga) iymon keltiruvchilarning avvali — peshqadamiman».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:04:37



144. Alloh aytdi: «Ey Muso, haqiqatan Men seni odamlar ustida payg‘ambarim bo‘lishga va (bevosita) kalomimni eshitishga tanlab oldim. Bas, senga ato etgan narsamni (ya’ni payg‘ambarlikni) olgin va shukr qilguvchilardan bo‘lgin!»

145. Uning uchun lavhlarga (ya’ni Tavrot varaqlariga) hamma narsani — pand-nasihat va barcha narsalarning tafsilotini yozib qo‘ydik va: «Ularni mahkam ushlagan hamda qavmingni u pand-nasihatlarning eng go‘zallarini olishlariga buyurgin» (dedik). Endi sizlarga itoatsiz kimsalarning diyorini ko‘rsaturman.

146. Endi yerda nohaq kibru havo qilib yuradigan, agar barcha oyat-mo‘‘jizalarni ko‘rsalar ham, ularga iymon keltirmaydigan, to‘g‘ri - haq yo‘lni ko‘rsalar uni (o‘zlar uchun) yo‘l qilib olmaydigan, agar zalolat — noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar, uni yo‘l qilib oladigan kimsalarni O’z oyat-mo‘‘jizalarimdan burib yuborurman (ya’ni anglab yetmaydigan qilib qo‘yurman). Bunga sabab ular Bizning oyatlarimizni yolg‘on deganlari va u oyatlardan g‘ofil bo‘lib olganlaridir.

147. Bizning oyatlarimizni va oxiratdagi muloqot (qiyomat)ni yolg‘on degan kimsalarning qilgan amallari behuda ketar. Ular faqat o‘zlarining amallari (ya’ni kufru isyonlari) bilan jazolanurlar.

148. Musoning qavmi undan keyin (ya’ni u Tur tog‘iga Allohga munojot qilish uchun ketganidan keyin) o‘zlarining bezak buyumlaridan bir buzoqni — ma’raydigan bir buzoq jasadi(ning shaklini yasab) oldilar (va unga ibodat qila boshladilar) — u o‘zlariga so‘zlamasligini va hidoyat ham qila olmasligini bilmadilarmi?! — ular o‘shani (ibodat qilish uchun) ushlab, (o‘zlariga) zulm qilguvchi bo‘ldilar.

149. Qachonki qo‘lga tushishgach (ya’ni buzoq xudo emasligini bilishib, hafsalalari sovugach) va o‘zlarining yo‘ldan ozganliklarini bilgach, aytdilar: «Qasamki, agar Parvardigorimiz bizga rahm etmasa va (bu gunohimizni) mag‘firat qilmasa, albatta ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurmiz».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:04:54



150. Qachonki Muso qavmiga (Ularning buzoqqa sig‘inganliklaridan) g‘azablangan va g‘amgin bo‘lgan holda qaytgach: «Mening ortimdan naqadar yomon (ishlar qilib) qoluvchi (xalifa) bo‘ldingiz. Parvardigoringizning amr-farmonidan (u yetib kelgunicha sabr qilmay) shoshib ketdingizmi?» deb (g‘azablanganidan qo‘lidagi) lavxlarni tushirib yubordi va akasining boshidan (sochidan) ushlab o‘ziga torta boshladi. (Horun) dedi: «Ey onamning bolasi — birodarim», bu qavm meni xo‘rlab, o‘ldirishlariga oz qoldi, endi sen ham bu dushmanlarni mening ustimdan kuldirmagin va meni bu zolim qavm bilan birga deb bilmagin.

151. (Muso) dedi: «Parvardigorim, meni va birodarimni O’zing mag‘firat qilgaysan va bizni O’z rahmatingga doxil qilgaysan. O’zing rahm qilguvchilarning rahmlirog‘isan».

152. Shubhasiz, buzoqni («xudo» qilib) ushlab olgan kimsalarga Parvardigorlari tarafidan g‘azab va hayoti dunyoda xor-zorlik yetar. (Alloh sha’niga) yolg‘on to‘quvchi kimsalarni mana shunday jazolaymiz.

153. Gunoh ishlarni qilib, keyin ularning ortidan tavba qilgan va iymon keltirgan kishilar uchun esa albatta Parvardigoringiz o‘shandan keyin ham mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

154. Qachonki Musoning g‘azabi bosilgach, haligi lavhlarni (erdan) oldi — unda Parvardigoridan qo‘rqadigan kishilar uchun hidoyat va rahmat bo‘lur, deb bitilgan edi.

155. Muso Bizning belgilagan vaqtimizga (huzurimizga) olib kelish uchun o‘z qavmidan (buzoqqa sig‘inmagan) yetmish kishini tanlab oldi. Shu payt ularni dahshatli zilzila tutgan edi, aytdi: «Parvardigorim, agar xohlasang ularni ham, meni ham ilgari (ya’ni ular buzoqqa sig‘inayotgan paytlarida) halok qilsang bo‘lur edi. Oramizdagi aqlsiz kimsalarning qilmishlari sababli (endi) bizlarni halok qilasanmi? Axir bu (ya’ni ularning buzoqqa sig‘inishlari) faqatgina O’zing xohlagan kishingni u sababli adashtiradigan, xohlagan kishini hidoyat qiladigan bir imtihoning edi-ku? O’zing hojamizsan, bas, bizni mag‘firat qil, bizlarga rahm ayla. O’zing mag‘firat qilguvchilarning eng yaxshisidirsan.

Qayd etilgan